Connect with us

Jamiyat

Mustaqillik bayrami oldidan yurak xuruji

Published

on


1985 yil. «Toshkent haqiqati» gazetasida ishlardim. Avji bahorda uylanadigan bo‘ldim. To‘y kuni belgilangan, biroq hali san’atkorlar aytilmagandi. Baayni o‘sha kezlar Farg‘ona viloyati filarmoniyasi badiiy jamoasi gastrol safari bilan poytaxtga keldi. Uning safida elga ancha tanilib qolgan lirik xonanda Nuriddin Haydarov ham bor edi. Qo‘qqisdan xayolimga «Xizmatga shu yigitni aytsam-chi?» degan fikr keldi. Yaxshi niyatda u qo‘ngan mehmonxonani topib bordim. O‘zimni tanishtirib, muddaoga o‘tdim.

– I-ya, siz Nazarmat aka bilan birga ishlaysizmi? Unda ja-a omadingiz chopgan ekan, – dedi Nuriddin gazetamiz nomini eshitishi bilanoq birdan sergak tortib. Ammo javobimni kutmay, yonidagi yosh yigitlarga izoh berdi. – Nazarmat aka ajoyib shoir! Qo‘shiqlariyam ancha. – So‘ngra yana menga yuzlandi. – Agar to‘yingizda u kishi ham qatnashsa, albatta, boraman. Shu bahonada otaxon bilan tanishib, bir-ikkita she’rini so‘rab olaman…

U lafzida turdi. Salkam 300 chaqirim yo‘l bosib, guruhi bilan Quvadan Bekobodga keldi. Bu xabarni eshitib, hovlimiz nafaqat mehmonlar, balki Nuriddinning ashaddiy muxlislari bilan ham to‘lib ketdi. To‘y juda chiroyli o‘tdi. U to‘rt soatdan ortiq tinmay kuyladi. Bazm tugagandan so‘ng allamahalgacha Nazarmat aka bilan eski qadrdonlardek gurunglashib o‘tirdi.

Shu-shu, men ham Nuriddin bilan do‘stlashib qoldim. Keyinchalik gohida yutuqlaridan behad quvonganiga ham, gohida har xil noo‘rin ta’na-malomatlardan qattiq g‘am-iztirob chekkaniga ham ko‘p bor guvoh bo‘ldim.

U 1957 yil 1 avgustda Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida yashovchi oddiy dehqon oilasida tug‘ilgandi. Mushtdayligidan san’atga qiziqqani bois otasiga «Rubob olib bering», deb ko‘p xarxasha qilardi. To‘rt qizning orasida bittagina arzanda o‘g‘il bo‘lgani uchun Usmon aka uning istagini qondirdi.

Qarabsizki, hademay soz chalishni o‘rganib olgan Nuriddin turli tantana va bayramlarda o‘z davrida katta shuhrat qozongan san’atkorlarning, jumladan, Faxriddin Umarovning qo‘shiqlarini kuylaydigan bo‘ldi. Beshinchi sinfga o‘tgan yili esa oila a’zolari bilan birga ota yurti – Quva tumanidagi Akbarobod qishlog‘iga ko‘chib bordi. O‘sha yerda o‘rta maktabni bitirgach, sobiq Farg‘ona Davlat pedagogika institutining tarix fakulteti musiqa bo‘limiga o‘qishga kirib, Imyaminjon Qirg‘izov va Muxtorjon Teshaboyev kabi ustozlardan saboq ola boshladi. Aynan o‘sha kezlar matematika fakultetida tahsil ko‘rayotgan bo‘lg‘usi turmush o‘rtog‘i Manzuraxon bilan tanishdi.

Nuriddin ilk bor 14 yoshida O‘zbekiston televideniyesi orqali birovning ashulasini kuylagan bo‘lsa, 21 yoshida «Zamondosh» ko‘rsatuvida o‘z qo‘shiqlari bilan chiqdi. Katta sahnaga esa dastlab 1979 yili – ardoqli shoirimiz Abdulla Oripovning ijodiy kechasida qadam qo‘ydi. O‘sha oqshom «Yulduzim»ni jo‘shib kuyladi. Yangi tarona tugashi bilanoq zalda gulduros qarsaklar yangradi.

Shirali, jozibador va sohir ovozga ega yosh xonanda tez orada el nazariga tushdi, san’at tom ma’noda uning hayoti mazmuniga aylandi. Shunga ko‘ra, institutni tugatib, Farg‘ona viloyati filarmoniyasiga ishga kirdi. Bu jamoada olti yildan ziyod ishlab mashhur hofiz Tavakkal Qodirov va boshqalardan milliy qo‘shiqchilik sir-asrorlarini, san’atkor odob-axloqini obdon o‘rgandi. 1986–1993 yillarda esa O‘zbek davlat filarmoniyasida yakkaxon xonanda sifatida faoliyat yuritdi. So‘ngra to olamdan o‘tguniga qadar Ichki ishlar vazirligida ishladi. Shuningdek, Toshkent oliy harbiy texnik bilim yurti qoshidagi ansamblga badiiy rahbarlik qildi hamda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining Ma’naviyat va ma’rifat markazi boshlig‘i vazifasini bajardi.

Muhimi, ishi harchand ko‘p bo‘lishiga qaramay, Nuriddin yangi qo‘shiqlar yaratishni va kuylashni hech qachon kanda qilmadi. Natijada o‘zbek estrada san’atining yulduzlaridan va insonlar qalbiga yaqin qo‘shiqlar ijrochilaridan biriga aylandi. Sohadagi samarali xizmatlari evaziga «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist» (1990), «O‘zbekiston xalq artisti» (2001) faxriy unvonlari bilan taqdirlandi. Shuningdek, «Ona zamin yulduzlari» (1997) festivali sovrindori bo‘ldi. Biroq umri qisqa ekan, ijodi ayni gullab-yashnagan, ustoz san’atkorlar qatoridan joy olgan bir pallada – 2004 yilning 3 oktyabrida yurak xastaligi tufayli vafot etdi. Bu paytda u endigina 47 yoshga to‘lgan edi.

Nuriddin san’atning chinakam fidoyisi bo‘lishidan tashqari, yuksak insoniy fazilatlarga ham ega edi. Avvalo, xushxulq, shirinsuxan va kamtar-kamsuqum yigit edi. «Men xalq artistiman», deb katta ketmasdi. Birov xafa qilsa, arazlab yoki kek saqlab yurmas, hech kimga hasad qilmasdi. Yordamga muhtojlardan himmatini ayamasdi. Odamlarga qo‘ldan kelganicha yaxshilik qilishga, hammaning ko‘ngliga yo‘l topishga, muxlislari dilini ranjitmaslikka intilardi. Kimki xizmatga aytib kelsa, uning istagini bajo keltirish payida bo‘lardi. Birovga va’da bersa, albatta, lafzida turardi. Hamkasblari, ijodkor va ziyolilarni behad qadrlab, yosh xonandalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlardi.

Tabiiyki, uning o‘zi erishgan yutuqlardan g‘oyat quvongan damlari ham, gohida noo‘rin gaplaru asossiz ta’na-dashnomlardan asablari qaynab, tushkunlikka berilgan kunlari ham ko‘p bo‘lgan. Bir gal g‘alati voqea ro‘y berdi. Mashhur xonandalardan biri respublika gazetasida «Qo‘shiq taqlidchiligi – illat!» sarlavhali maqola chop ettirdi. Unda haqiqiy taqlidchilar bir chetda qolib, negadir hamyurti bo‘lmish Nuriddin Haydarovni nishonga oldi. «U falonchining naq o‘zi bo‘lib kuylaydi, ashulalari bir chaqaga arzimaydi», degan mazmunda pisanda qildi. Holbuki, bu paytda Nuriddin o‘z ovozi va uslubiga ega san’atkorga aylangan, o‘zi yaratgan qo‘shiqlari ancha ko‘paygan, xalq orasida obro‘si baland edi. Uni otarchiga mengzagan tanqidchi hofiz esa negadir bular haqda to‘xtalmagan, faqat uning avvalroq ustozlari usulida aytgan bir-ikkita qo‘shig‘ini qoralagandi.

Turgan gap, panadan nogahon otilgan malomat toshi yosh xonandaga o‘ta salbiy ta’sir qildi. U yuragiga zaharli o‘qdek sanchilgan noxolis tanqiddan qattiq gangib qoldi. Nazarida, ustozlari ishonchini oqlolmaganday, muxlislar mehrini qozonolmaganday, hamma uning ustidan kulayotganday tuyuldi. Alaloqibat, kayfiyati buzilib, ancha vaqt odamlar ko‘ziga ko‘rinmay yurdi. Hatto bir muddat ijoddan ko‘ngli sovidi ham.

Yaxshiyamki, irodasi mustahkam ekan. Vaqt o‘tishi bilan o‘zini o‘nglab oldi. Oldingi qo‘shiqlariga qaytadan sayqal berib, yangi-yangilarini yaratdi. Ijodiy bisotini ayricha ohang, ayricha jozibaga ega o‘nlab rang-barang qo‘shiqlar bilan boyitdi. Men u bemavrid malomatlarga qanday dosh bergani va «bashoratchi» hofizning noo‘rin gumonlarini qay tariqa chippakka chiqargani haqida maqola yozib, o‘zim ishlayotgan «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasida e’lon qildim.

Nuriddinning yana bir ajoyib fazilati shu ediki, u ba’zi «yulduz»larga o‘xshab o‘ziga ortiqcha bino qo‘ymagandi. Ayniqsa, jonajon do‘stlaridan mehr-oqibatini ayamas, har qanday vaziyatda ham ulardan voz kechmas, boshiga g‘am-kulfat tushganlarining koriga yarar edi. Masalan, ancha yillar burun unga badnafs kimsalarning kasofati urib qamalib qolgan sobiq sinfdoshidan xat keladi.

«Nuriddin, meni kechir, – deb boshlanardi maktub. – Tunov kuni zonadagilarga oqibatini o‘ylamay, maqtanib qo‘yibman. «Yaralmish» degan qo‘shig‘ingni radiodan eshitayotib, «Bu yigit mening qadrdonim bo‘ladi», deb yuboribman. Ishonish qayda? Masxaralab ustimdan rosa kulishdi. «Qachonlardir birga o‘qigan bo‘lsa bordir, endi sendan yuz o‘girgani tayin. Axir, u el ko‘zida yurgan odam, sen-chi?.. Sen bor-yo‘g‘i bir jinoyatchisan!» deya kesatishdi. E’tiroz bildirgandim, nozik joyimdan ushlashdi. «Chin do‘sting bo‘lsa, chaqir, shu yerga kelib konsert bersin!» degan shart qo‘yishdi…

Nimayam qilardim, ochig‘ini yozdim. Balki gaplarim nafsoniyatingga tegar, «Endi kunim kelib-kelib, qamoqxonada qo‘shiq aytishga qoluvdimi?» deya or qilarsan. Yana bilmadim, ehtimol, o‘tinchimni inobatga olarsan, jilla qursa, shu tomonlarga yo‘ling tushganda, birrov kirib o‘tarsan…»

Yo‘q, Nuriddin do‘stidan or qilmadi, uning iltimosini rad ham etmadi. Qarshiga bordi. O‘sha yerda «Pravda Vostoka» gazetasining Qashqadaryo viloyati muxbiri bo‘lib ishlayotgan qadrdoni, asli vodiylik taniqli jurnalist Qodirjon Sobirovga uchrashdi. U orqali mutasaddilarga dardini aytdi.

Ko‘p o‘tmay, hammasi risoladagidek bo‘ldi. Nuriddin sinfdoshi jazo muddatini o‘tayotgan muassasada konsert berdi. Yomg‘ir shivalab turganiga qaramay, ochiq maydonda o‘ttizga yaqin qo‘shiq aytdi. Shu tariqa ham do‘stining yuzini yorug‘ qildi, ham hurlikka intiq qalblarni xushnud etdi. Qolaversa, qo‘shiqlarini berilib tinglayotgan va hazin o‘ylarga tolgan mahbuslarning yuz-ko‘zlariga razm solib, ularning hammasi ham yomon odamlar emasligini, ba’zilari bilib-bilmay yoki adashib, ba’zilari kimlarningdir aldoviga chuv tushib, xato yo‘llarga kirib qolganini, endilikda bundan qattiq pushaymonda ekanliklarini anglab yetdi.

Yana bir gap. Nuriddin Haydarov har qanday she’r-g‘azalning asl ma’nosini teran anglagan holda, har bir so‘zi va harfini o‘rni-o‘rniga qo‘yib, sidqidildan kuylardi. Shu bois uning qo‘shiqlari yosh tanlamas, barchani birdek larzaga solar, o‘ksik dillarga malham bo‘lardi. Qachon shu haqda o‘ylasam, quyidagi voqealar beixtiyor yodimga tushaveradi.

O‘shanda talaba edim. Ijara uyda yashardim. Yakshanba kuni Sobirjon ismli yakkabog‘lik kursdoshim xonamga ma’yus holda kirib keldi. Nima gapligini so‘ragandim, aytmadi. Faqat cho‘ntagidan bitta kasseta chiqardi-da, «Buni hozirgina ko‘chadan sotib oldim, magnitofonga qo‘yib, bir eshitaylik», dedi og‘ir xo‘rsinib.

Zum o‘tmay, xonada mungli kuy yangradi. So‘ngra unga xonandaning g‘amgin-hazin ovozi jo‘r bo‘ldi…

Yo‘q, bu oddiy qo‘shiq emasdi, dard edi, nola edi. Uning ilk satrlariyoq yuragimni zir titratib, xayolimni uzoq-uzoqlarga olib ketdi. Go‘yo Nuriddin emas, o‘zim kuylardim. Dilgir kuz tongida olis yurtlarga chog‘langan turnalar samoda sokin qanot qoqar, men esa keng dala o‘rtasida xavotir aralash qo‘l silkib, ularni safarga kuzatardim. Bo‘ron-dovullar charx urayotgan dengizlar osha, ajal o‘qlari damo-dam vizillayotgan janggohlar uzra betalafot uchib o‘tishlarini, kelgusi bahor yana diyorimizga eson-omon qaytib kelishlarini so‘rardim…

Nola avjiga chiqqanida xonada kuy va qo‘shiq sel bo‘lib oqdi. Keyin butun borliqqa zildek jimlik cho‘kdi. Ro‘paramda esa hamisha kulib, quvnoq-shodon yuradigan do‘stim tosh qotib o‘tirar, tinimsiz oqayotgan ko‘z yoshlarini tiya olmay, unsiz yig‘lardi. Men hammasini tushundim: «Turnalar» uning yaqinda afg‘on urushida shahid ketgan askar jiyanini yodiga solib, dardini yangilagandi.

Oradan sakkiz yil o‘tgach, takroran ayni holatning shohidi bo‘ldim. Faqat bu safar torgina xilvat kulbada yosh yigit emas, muhtasham saroy sahnasida sochlari qordek oppoq keksa ayol yig‘ladi. Ming-minglab odamlarning ko‘z o‘ngida Nuriddinning bo‘yniga osilib, o‘ksib-o‘ksib yig‘ladi. Chunki Nuriddin hozirgina Qurbonali Boybolayev qalamiga mansub «Ona umidi» nomli yangi qo‘shig‘ini maromiga yetkazib ijro etgandi. Uning xonishlari Ikkinchi jahon urushida bedarak yo‘qolgan jigarbandining yo‘llariga salkam yarim asrdan buyon hali-hanuz ko‘z tutayotgan onaizorning yurak-bag‘rini o‘rtab yuborgandi…

Albatta, Nuriddining sho‘x qo‘shiqlari ham ko‘p edi. Bundan tashqari, u milliy va estrada yo‘nalishida ijod qilib, Vatanga muhabbat, el-yurtga sadoqat, sevgiga vafo va o‘zaro mehr-oqibat mavzusida ham talay qo‘shiqlar yaratgandi. Xonanda mahorati oshgani sayin qamrovni kengroq olib, mumtoz she’riyatimizga ham murojaat etdi. Chunonchi, Boburning «Ey, mohitobon», Furqatning «Qachongacha?», Ogahiyning «Senga», Xislatiyning «O‘zing» g‘azallarini qo‘shiqqa aylantirib, el e’tiboriga havola qildi.

Nuriddin Haydarov san’at sohasining haqiqiy jonkuyari, sermahsul va serqirra ijodkor edi. Ta’bir joiz, bir qo‘shig‘ida o‘zi kuylaganidek, ezgu niyatda katta yo‘lga chiqqan karvon, baland parvozga shaylangan qanotlari tolmas qush edi. Shundanmi, bo‘sh vaqti deyarli bo‘lmasdi. Kunda-kunora taklif tushadigan to‘ylarda yoki katta-kichik konsertlarda deysizmi, Mustaqillik va Navro‘z bayrami singari ulug‘ ayyomlar tadbirlarida yoki Yevropa, Osiyo va Amerika mamlakatlaridagi gastrollarda deysizmi, hammasida ishtirok etishga ulgurardi. Har doim sidqidildan xizmat qilib, dilkash qo‘shiqlari, beg‘araz hazil-mutoyibalari bilan davralarga fayz kiritardi.

U kasb-korini nechog‘liq ulug‘lasa, oilasini ham shunchalar qadrlardi. Rafiqasi Manzuraxonni mudom ardoqlar, g‘amxo‘r ota, mehribon bobo sifatida olti nafar farzandi va uch nafar nabirasini yeru ko‘kka ishonmasdi. Hammasining kelajagidan umidi katta edi. Jumladan, «Elga manzur yangi qo‘shiqlar yaratsam, 75 yil yashasam, Hojiakbarim elga xizmat qilganini, kenjatoyim Jasurbek taekvando bo‘yicha jahon chempioni bo‘lganini ko‘rsam», degan gapni bot-bot takrorlardi. Ammo…

Istiqlolimizning 13 yilligiga bag‘ishlangan bayram konserti Nuriddin Haydarovning «Men nechun sevaman O‘zbekistonni?» qo‘shig‘i bilan ochilishi belgilangan edi. U bundan xursand bo‘lib, repetitsiyalarda faol qatnashayotgandi. Tantana boshlanishidan bir kun oldin kechki payt esa to‘satdan yurak xuruji tutib, yotib qoldi. Oqibatda bayram kuni sahnaga uning o‘rniga shogirdi Bekmurod Jo‘rayev chiqdi.

Nuriddin Ichki ishlar vazirligi gospitalida davolanayotganida ham oldinroq o‘zi borishga so‘z bergan to‘ylarga Bekmurodni yubordi. Oxirgi safar uni Surxondaryoga kuzatayotib, «Qaytishingda menga Omonxona suvidan olib kel!» deb tayinladi. Tayinladi-yu, ertasi kuni bandalikni bajo keltirdi.

Nachora, u keyingi orzu-umidlari ro‘yobini ko‘rolmadi, loaqal so‘nggi nafasi oldidan yurtimizning shifobaxsh suvini to‘yib-to‘yib icholmadi. Biri kam armonli dunyo deganlari, ehtimol, shudir. Ammo bir taskin shulki, u behuda yashamadi. O‘zidan zuvalasi yaxshilik, ezgulik va mehr-muhabbat urug‘i ila yo‘g‘rilgan talay qo‘shiqlar, ya’ni bebaho xazina qoldirib ketdi. Uning xalqqa xizmat qilishdek savobli ishini endilikda o‘g‘li – o‘ziga xos iste’dod sohibi Hojiakbar hamda mehr-oqibatli shogirdlari izchil davom ettirishmoqda.

Abdunabi Haydarov,

jurnalist.

 

 



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Prezident ijtimoiy yordam so‘rayotgan odamlarning arizasi asossiz rad etilayotganini tanqid qildi

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy reyestrga muhtoj oilalarni asossiz kiritmaslik holatlarini keskin tanqid qildi. Yig‘ilishda yil yakunigacha 25 turdagi ijtimoiy xizmatni mahallalarga tushirish va reyestr yuritilishi ustidan nazoratni kuchaytirish topshirildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 16 iyul kuni “mahalla yettiligi” faoliyatini yangicha tashkil qilish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Mahallalarda ijtimoiy yordamlar ko‘lamini kengaytirish masalasi muhokama qilindi. Joylarda ijtimoiy reyestrga kiritishni asossiz rad etish yoki sun’iy ravishda reyestrdan chiqarish holatlari uchrayotgani tanqid qilindi.

Oqibatda ehtiyojmand oilalar ijtimoiy yordam olish, farzandini bog‘cha va to‘garakka berish kabi kafolatlangan xizmatlardan foydalana olmayapti. 184 ta mahallada bir oy ichida kelgan 2 ming arizaning barchasi asossiz rad qilingan.

Bunday holatlar Bo‘ston, Oltinko‘l, Xovos, Toshloq, Sharof Rashidov, Uchquduq va Dehqonobod tumanlarida ko‘pligi qayd etildi. Shu sababli reyestrga kirish masalasida prezidentga murojaatlar yil boshidan 1,5 barobar oshib, 30 mingdan 46 mingga ko‘paygan.

Bosh prokuraturaga ijtimoiy reyestr to‘g‘ri yuritilishini qat’iy nazorat qilish, Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyevaga reyestr haqqoniyligi yuzasidan prezidentga muntazam axborot berib borish topshirildi.

Mutasaddilar oldiga yil yakunigacha nogironlikni erta aniqlash, xonadonlarni moslashtirish, ijtimoiy uyga joylashtirish kabi 25 turdagi xizmatni mahallaga tushirish vazifasi qo‘yildi.

Uch oyda demensiya va aqliy zaifligi bo‘lgan shaxslar uchun 250 ta mahallada kunduzgi va uyda parvarish xizmati hamda “Madad” uylari, 75 ta mahallada o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar uchun “Faol hayot” dasturi, shuningdek, qarovsiz qolgan va zo‘ravonlikka uchragan bolalar uchun “Qo‘llab-quvvatlash markaz”lari tashkil etiladi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Prezident mahallalarda jinoyatchilikni kamaytirish bo‘yicha yangi vazifalarni belgiladi

Published

on


Prezident huzurida o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qilinishicha, so‘nggi uch yilda kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan 1 162 ta mahallaning 571 tasida joriy yilda birorta ham jinoyat sodir etilmagan. Endi ushbu tajriba asosida yangi metodika ishlab chiqilib, u avvalo kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarda joriy etiladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 16 iyul kuni “mahalla yettiligi” faoliyatini yangicha tashkil qilish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash bo‘yicha yaratilgan tizim o‘z natijasini berayotgani qayd etildi. So‘nggi uch yilda kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan 1 ming 162 ta mahallaning 571 tasida bu yil birorta jinoyat sodir etilmadi.

Ta’kidlanishicha, bunga videokameralar o‘rnatilib, xavfsiz ko‘cha va yo‘laklar tashkil qilingani, aholi muammolari ilmiy asosda hal etilgani, oilalarga psixologik yordam ko‘rsatilgani natijasida erishildi.

Endi jinoyatchilikni jilovlashga mas’ul ilmiy tashkilotlar bilan birga namunali mahallalar tajribasi asosida metodika ishlab chiqiladi. Yil davomida “qizil” va “sariq” toifadagi mahallalar profilaktika inspektorlari ushbu metodika bo‘yicha joyiga borib o‘qitiladi.

Namangan viloyatida profilaktika inspektorlariga yonkameralar berilib, planshetlariga integratsiya qilingan tajriba ham ijobiy natija bergan. Bu orqali fuqarolar shaxsini aniqlash, ma’muriy bayonnoma to‘ldirish va sudga material yuborish avtomatlashgan.

Natijada profilaktika inspektorlarining ish yuklamasi qisqarib, ayrim mahallalarda jinoyatlar 10 tadan 5 taga kamaygan. Mazkur tajribani yil yakunigacha Namangan viloyatida to‘liq, qolgan hududlarda esa kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan 448 ta mahallada yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilandi.4



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Toshkent atrofida yangi «yashil belbog‘»lar barpo etiladi

Published

on


Toshkent shahri va unga tutash hududlarda «Yashil belbog‘» loyihasining navbatdagi bosqichi amalga oshiriladi. Unga muvofiq, yangi yashil hududlar barpo etilib, iqlimga mos, qurg‘oqchilikka chidamli daraxt va buta ko‘chatlari ekiladi.

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lum qilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri atrofida «yashil belbog‘»lar tashkil etish hamda yo‘l yoqalarida tabiiy o‘sib chiqqan daraxt va buta nihollarini saqlab qolish yuzasidan bildirilgan fikrlar o‘rganilgan.

Qayd etilishicha, prezidentning farmon va qarorlariga muvofiq, 2022–2026 yillarda Toshkent shahrida 1 million 350 ming tupdan ortiq daraxt va buta ko‘chatlari o‘tqazilgan. 2025–2026 yillarda esa poytaxt va unga tutash hududlarda Bektemir tumanida 38 ming, Toshkent tumanida 20 ming, Yangihayot tumanida 2,1 ming va Qibray tumanida 100 ming tup daraxt ekilgan. Shuningdek, 4R–21 avtomobil yo‘li yoqasida ham 2 mingdan ziyod manzarali daraxt va buta ko‘chatlari o‘tqazilgan.

2026–2027 yillarda Yangihayot tumanida 21,21 gektar, Sergeli tumanida 6,81 gektar, Bektemir tumanida 40,1 gektar hamda Chirchiq daryosining Mirzo Ulug‘bek, Yashnobod va Bektemir tumanlari hududidan o‘tuvchi qismi bo‘ylab 100 gektar maydonda yangi «yashil belbog‘»lar tashkil etish rejalashtirilgan.

Shuningdek, prezidentning 2026 yil 25 martdagi farmoniga muvofiq, Toshkent shahri va viloyatida botanika hamda dendrologiya bog‘larini tashkil etish uchun jami 385,3 gektar yer maydoni ajratiladi. Vazirlar Mahkamasining qarori asosida esa poytaxtda umumiy maydoni 139,6 gektar bo‘lgan to‘qqizta yangi jamoat bog‘ini barpo etish belgilangan.

Ekologiya qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, «Yashil belbog‘» loyihasi doirasida 2045 yilga qadar Toshkent shahri va unga tutash hududlarda kamida 58 ming gektar maydonda intensiv himoyaviy o‘rmonzorlar tashkil etish rejalashtirilgan. Buning uchun 50 million tupdan kam bo‘lmagan iqlimga mos, qurg‘oqchilikka chidamli va changni yaxshi ushlab qoluvchi daraxt hamda buta ko‘chatlari ekilib, ularning yashovchanligini 85 foizga yetkazish maqsad qilingan.

Mas’ullar ta’kidlashicha, «yashil belbog‘» loyihasi faqat ko‘chat ekish bilan cheklanmaydi. Uning doirasida yashil hududlarning huquqiy muhofazasini kuchaytirish, suv tejovchi sug‘orish tizimlarini joriy etish, havo sifati va yashillik qoplamini muntazam monitoring qilish, shuningdek, yo‘l yoqalarida tabiiy o‘sib chiqqan daraxt va buta nihollarini saqlab qolish choralari ham amalga oshiriladi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Mustaqillik shohko‘chasida harakat sxemasi vaqtincha o‘zgaradi

Published

on


Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Mustaqillik shohko‘chasida rekonstruksiya ishlarining navbatdagi bosqichi boshlanishi munosabati bilan transport harakati sxemasi vaqtincha o‘zgartiradi. Ta’mirlangan yo‘l qismi harakat uchun ochilsa, ko‘chaning qarshi yo‘nalishida qurilish-ta’mirlash ishlari olib boriladi.

Toshkent shahar hokimligi ma’lum qilishicha, Mustaqillik shohko‘chasida yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, transport oqimini tartibga solish va jamoat transporti harakati uchun qulay sharoit yaratish maqsadida qurilish-ta’mirlash ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Avvalgi bosqichda ko‘chaning bir tomonidagi qatnov qismi to‘liq ta’mirlanib, yo‘l qoplamasi yangilandi. Shuningdek, ko‘cha bo‘ylab muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va boshqa infratuzilma obektlarini takomillashtirish ishlari ham davom etmoqda.

Endi esa ko‘chaning ikkinchi tomonida ta’mirlash ishlarini boshlash uchun harakat tartibi o‘zgartiradi.

Shu munosabat bilan 2026 yil 16 iyul soat 01:00 dan 31 iyul soat 22:00 gacha Mustaqillik shohko‘chasining Parkent ko‘chasi kesishmasidan Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi chorrahasigacha bo‘lgan qatnov qismi transport vositalari harakati uchun vaqtincha yopiladi.

Ayni paytda 16 iyul soat 02:00 dan qurilish-ta’mirlash ishlari yakunlangan Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi kesishmasidan Oqqo‘rg‘on ko‘chasigacha bo‘lgan yo‘nalish barcha transport vositalari harakati uchun qayta ochiladi.

Ma’lum qilinishicha, vaqtinchalik cheklovlar Mustaqillik shohko‘chasini to‘liq va sifatli rekonstruksiya qilish, harakat xavfsizligini oshirish hamda haydovchilar, yo‘lovchilar va piyodalar uchun zamonaviy va qulay yo‘l infratuzilmasini yaratish maqsadida joriy etilmoqda.

Mas’ullar haydovchilardan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noqulayliklar uchun uzr so‘rab, yo‘nalishlarini oldindan rejalashtirishni tavsiya qildi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Bo‘stonliqda ko‘knori plantatsiyasi fosh etildi

Published

on


Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 17,6 ming tup ko‘knori va 9 tup kannabis yetishtirilgan yashirin plantatsiya aniqlandi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Foto: Videodan kadr / DXX

Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan «Xavfsiz va sog‘lom yurt» keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi navbatdagi tezkor tadbir o‘tkazildi.

Tadbir davomida Bo‘stonliq tumanida yashovchi 1971 yilda tug‘ilgan fuqaro taqiqlangan ko‘knori o‘simligini ekib, parvarishlab kelayotgani aniqlangan.

Gilavasoy qishlog‘i tog‘ yonbag‘irlarida joylashgan yer maydoni ko‘zdan kechirilganda, jami 17 600 tup ko‘knori va 9 tup kannabis o‘simligi mavjudligi ma’lum bo‘lgan.

Shuningdek, gumonlanuvchining yashash xonadoni tintuv qilinganda, quritilgan ko‘knori boshoqlari hamda quritib, maydalangan holda saqlanayotgan ko‘knori ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holat yuzasidan fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 270-moddasi 2-qismi «v» bandi hamda 25, 273-moddasi 6-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.