Jamiyat
Munosabat «shapaloq»qacha bormasligi kerak…
Maktabdan qaytgan qo‘shnimning bolasi eshikdan kirishi bilan shosha-pisha gap boshladi:
– Onajon, sinfimizdagi Sultonbekni o‘qituvchimiz urdi…
Bir qarashda oddiy gapdek. Ammo, shu bir og‘iz jumlaning ortida butun bir sinf, bir o‘qituvchi va tarbiya masalasidagi og‘riqli savollar turibdi.
Qo‘shnim, avvalo, o‘g‘liga “chaqimchilik” qilgani uchun tanbeh berdi. So‘ng vaziyatni so‘radi. Ma’lum bo‘lishicha, dars paytida tartibsizlik qilgan Sultonbekni o‘qituvchisi: “To‘g‘ri o‘tir, tartib buzma, bilim olsang, o‘zingga yaxshi”, deb ogohlantirgan. Bunga javoban o‘quvchi: “Men bilan ishingiz bo‘lmasin, undan ko‘ra, semiz qomatingizni to‘g‘rilab oling”, – deya uni izza qilgan.
Sinfxona jim bo‘lib qolgan. Keyin shapaloq ovozi eshitilgan.
Bu yerda ikki og‘ir holat bor: o‘qituvchining qo‘l ko‘tarishi – qonun va pedagogik me’yorlarga zid. O‘quvchining o‘qituvchini haqorat qilishi esa tarbiya va qadriyatlarga zid. Shapaloqdan keyin esa vaziyat yanada chigallashgan: Sultonbek o‘qituvchini haqoratlab, so‘kkan. O‘qituvchi sinfdan yig‘lab chiqib ketgan.
– Sizlar indamay turaverdingizlarmi?- deb so‘radi qo‘shnim o‘g‘lidan.
– Yo‘q. Ikki-uchtamiz o‘qituvchimizni ovutish uchun zalga chiqdik. Qolganlarimiz esa Sultonbekni yakkalab qo‘yishga kelishib oldik, – dedi bola.
Qo‘shnim bolasining tilidagi bu “ijtimoiy jazo”dan cho‘chib tushib, uning bu qarorini rad qildi:
– Yo‘q, bolam, bu noto‘g‘ri, xato. Yaxshisi, sizlar hammalaringiz birlashib, uni tarbiyalash yo‘lini qilinglar…
Shiddat bilan o‘zgarayotgan zamonda bolalar axborot oqimi, ijtimoiy tarmoqlar, erkin fikr muhitida o‘smoqda. Lekin, erkinlik – o‘z bilganidan qolmaslik, degani emas. Bugun ayrim o‘quvchilarning o‘qituvchini haqoratlashgacha borishi jamiyatdagi umumiy munosabatlarning inqiroziga o‘xshaydi xuddi.
To‘g‘ri, o‘qituvchining o‘quvchiga qo‘l ko‘tarishga haqi yo‘q, bu qonun bilan ta’qiqlangan. Lekin, jamiyatda “qo‘l bekordan-bekorga ko‘tarilmaydi”, degan qarash ham yo‘q emas. Muammo, aynan, shu yerda: zo‘ravonlikni oqlashga urinishda, aslida.
8-sinf o‘quvchisi Erkin Jo‘rayev o‘z tajribasini shunday eslaydi:
– Maktabga borishdan asosiy maqsad bilim olish. Lekin, menga sport qiziqroq. Bilimim pastligini tan olaman. Shuning uchun dakki eshitganman, hatto, tarsaki ham yeganman. Ammo, o‘qituvchimni hech qachon behurmat qilmaganman. Bir safar o‘qituvchim tarsaki tushirib, meni shikoyat qiladi, deb o‘ylabmi, o‘zi qo‘rqib, uzr so‘radi. Men o‘zimda ayb ekanini aytdim. Sportda natija ko‘rsatib, ishonchini oqlamoqchi bo‘lganimni aytdim. Shunda u kishi meni bag‘riga bosib, omad tiladi.
Bu yerda o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasidagi munosabat muhim jihat. Shapaloq emas, keyingi samimiy muloqot xotirada qolgan.
9-sinf o‘quvchisi Madina Komilova esa qat’iy fikrda:
– “Lineyka”larda bilimi past bolalarni hamma oldida mulzam qilishga, o‘qituvchilarning qo‘l ko‘tarishiga qarshiman.
Ko‘pchilik o‘quvchilarning xulosasi esa o‘rtacha nuqtada: “O‘qituvchi majbur bo‘lmasa, qo‘l ko‘tarmaydi. O‘quvchi ham kaltak bilan bilim o‘rganmaydi. Ikki tomon ham munosabatni urishgacha olib bormasligi kerak”
Bir sinfdagi bir shapaloq esa bu ikki inson o‘rtasidagi mojaro emas. Bu ota-ona tarbiyasi, maktab va oila muhiti va boshqa-boshqa o‘ziga xos zanjirli muammo.
Agar bola uyida kattalarning o‘qituvchi haqida past baholarini eshitsa, uning qalbida hurmat tug‘iladimi? Agar o‘qituvchi o‘zining ijtimoiy maqomi va iqtisodiy ahvolidan norozi bo‘lib, asabiy holatda darsga kirsa, sabr qanchaga yetadi?
Ta’lim faqatgina bilim berish, darsliklaru baholar emas, balki, ikki o‘rtadagi iliq madaniy munosabatlardir.
Yuqoridagi holatga qaytadigan bo‘lsak, bola so‘nggi oylarda darslarga befarqlashgan, oilasidagi muammolar sabab ruhiy bosimda yurgan ekan. Bu uning tajovuzkor muomalasida namoyon bo‘ladi.
O‘qituvchi esa: “Har qancha og‘ir bo‘lmasin, qo‘l ko‘tarmasligim kerak edi”, – dedi yig‘ilishda. Sultonbek ham sinfdoshlari ta’sirida sinf oldida o‘qituvchisidan uzr so‘ragan. O‘zlari avval kelishib olishganidek, uni yakkalab qo‘yishmagan, aksincha, uning yonida qolishib, o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasida “ko‘prik” bo‘lishgan.
– O‘g‘lim o‘qiydigan o‘sha sinfda muhit ancha o‘zgargan. Sultonbek ham sport to‘garagiga qatnashayotgan ekan. O‘qituvchisi ham: “Bir-birimizni eshitaylik”, deb dars boshlaydigan bo‘lgan ekan,-deydi miyig‘ida kulib qo‘shnim.
Bir shapaloq katta mojaroga aylanishi mumkin edi. Ammo, vaqtidagi muloqot uni saboqqa aylantirdi.
Jamiyat
Yaponlar o‘z uyida qanday qilib mukammal ozodalikni saqlaydi?
Bu mamlakatda uyni tozalash og‘ir mehnat hisoblanmaydi.
Yaponiyada biz tushunadigan ma’nodagi «uyni katta tozalash» tushunchasi deyarli noma’lum, ammo uylar hech qanday qiyinchiliksiz ozoda bo‘lib qoladi.
Buning siri qimmat vositalar yoki murakkab texnikalarda emas, balki odamlarning kundalik hayotiga kirib borgan oddiy odatlarda.
Ta’kidlanishicha, yaponlar an’anaviy tozalash ishlariga soatlab vaqt sarflash o‘rniga har kuni 5-10 daqiqa tozalash qoidasiga amal qiladi.
Kichik, ammo muntazam harakatlar, masalan, narsalarni tartibga keltirish, foydalanilgandan so‘ng darhol yuzalarni artish yoki xonalarni har kuni shamollatish uyni iflos bo‘lishiga imkon bermaydi.
Shuningdek, bu mamlakatda ta’lim muhim rol o‘ynaydi, maktablarda bolalar ozodalikka o‘rgatiladi, gigiyena odatga aylanadi. Shuning uchun uyni parvarish qilish og‘ir mehnat sifatida emas, balki bo‘shashtiruvchi va samarali faoliyat sifatida qabul qilinadi.
Yaponiyadagi uylarda tartib va gigiyenani saqlaydigan to‘rtta asosiy odat:
– Ko‘chada kiyiladigan poyabzal uyga kirmaydi;
– Kundalik «soudzi» – har bir buyumning o‘z o‘rni bor, keraksiz narsalar tashlab yuboriladi;
– Darhol tozalash – yuzalar artiladi va idishlar ishlatilgan zahoti darhol yuviladi;
– Tez-tez shamollatish – toza havo changning cho‘kishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Natijada, minimal, ammo doimiy sa’y-harakatlar bilan saqlanadigan ozoda, keng va yoqimli makon paydo bo‘ladi.
Jamiyat
O‘zbekistonda taksichilarni aldashning yangi firibgarlik usuli fosh etildi
Qarshi shahrida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan taksi haydovchilarini aldash bilan shug‘ullangan firibgarlar fosh etildi. Ular o‘zlarini yo‘lovchi sifatida ko‘rsatib, turli bahonalar orqali haydovchilardan pul va bank ma’lumotlarini qo‘lga kiritgan.
Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, jinoyatchilar maxsus mobil ilovalar orqali taksi buyurtma qilgan. Manzilga yetib kelgan haydovchilardan esa “naqd pul yo‘qligi”ni bahona qilib, mablag‘ni karta orqali o‘tkazishni so‘ragan. Shu orqali ular haydovchilarning bank kartasi ma’lumotlari hamda SMS orqali keladigan tasdiq kodlarini qo‘lga kiritgan.
Operativ tadbirlar davomida mazkur jinoyatlarga aloqador bo‘lgan Farg‘ona shahrida yashovchi 22 yoshli shaxs aniqlanib, u qilgan jinoyatlarini tan olgan. Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda mashhur kompaniyalar nomidan tarqatilayotgan soxta aksiyalar ham aniqlangani xabar qilingan edi. Bunday holatlarda fuqarolarga kvartira, vaucher yoki bepul internet trafigi va’da qilinib, aslida ularning shaxsiy va bank ma’lumotlarini qo‘lga kiritish maqsad qilingan.
Jamiyat
Afg‘onistondan kartoshka ko‘rinishida olib o‘tilayotgan 72 kg gashish fosh qilindi
Termiz tumanida yashovchi fuqaro boshqaruvidagi yuk mashina chegarada ko‘rikdan o‘tkazilgan. Uning yukxonasidagi kartoshkalar orasidan kartoshka ko‘rinishida yasalgan 72 kg gashish topilgan. Ushbu narkotik modda Rossiyaga olib ketilayotgan bo‘lgan.
Surxondaryoda Afg‘onistondan Rossiyaga olib ketilayotgan katta miqdordagi narkotik modda fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Termiz tumanida yashovchi 25 yoshli haydovchi boshqaruvidagi MAN yuk mashinasi Afg‘onistondan “Termiz-avtomobil yo‘li” xalqaro o‘tkazish punktiga kirib kelgan vaqtda DXX Chegara qo‘shinlari va Bojxona idoralari xodimlari hamkorligida ko‘rikdan o‘tkazilgan. Jarayonda mashina yukxonasida kartoshka mahsulotlari borligi ma’lum bo‘lgan.
Qishloq xo‘jaligi mahsuloti sinchkovlik bilan tekshirilganda ularning orasiga kartoshka ko‘rinishida yasalgan 222 dona bo‘lakdan iborat 72 kg 300 gr gashish yashirilganligi aniqlangan. Narkotik modda protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, katta miqdordagi ushbu narkotik modda Rossiyaga olib ketilayotgan bo‘lgan.
Hozirda holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Avvalroq Samarqandda 38 kilogrammga yaqin narkotik modda aniqlangandi.
Jamiyat
Ayrim ko‘chalarda avtoulovlar harakatiga vaqtincha o‘zgarish kiritiladi
Elektr ta’minotini yaxshilash hamda iste’molchilarga sifatli elektr xizmatlarini ko‘rsatish maqsadida 2026 yil 24 martdan 31 martga qadar Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Mingbuloq va Shukur Burhonov ko‘chalarida yerosti kabel tarmoqlarini tortish ishlari olib boriladi.
Shu munosabat bilan mazkur hududda avtoulovlar harakatiga vaqtincha o‘zgarishlar kiritiladi. Xususan, Mingbuloq ko‘chasining Hamroyeva ko‘chasidan kirish qismida harakat vaqtincha cheklanadi. Avtoulovlar yo‘lning ikkinchi bo‘lagidan qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanadi. Shuningdek, Do‘rmon yo‘li ko‘chasidan Mingbuloq ko‘chasiga harakatlanish imkoniyati saqlab qolinadi.
Bundan tashqari, Mingbuloq ko‘chasidan Shukur Burhonov ko‘chasiga harakatlanish ham vaqtincha cheklanadi.
Mas’ullar haydovchilardan belgilangan tartib va tezlik me’yorlariga qat’iy amal qilgan holda harakatlanishni so‘ramoqda. Yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noqulayliklar uchun uzr so‘raldi.
Jamiyat
Shahrisabz tumanida qor ko‘chkisi kuzatildi
Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumani hududida joylashgan Hisor tog‘ tizmasida yirik qor ko‘chkisi qayd etildi. Hodisa 2026 yil 23 mart kuni taxminan soat 16:25 larda sodir bo‘lgan.
Ma’lum qilinishicha, qor ko‘chkisi dengiz sathidan 3000 metr balandlikda boshlanib, umumiy hajmi taxminan 700 ming kub metrni tashkil etgan. Ko‘chki aholi yashash hududidan taxminan 5 kilometr uzoqlikda yuz bergan.
Hodisa oqibatida hech qanday qurbonlar yoki jarohatlanganlar qayd etilmagan. Shuningdek, infratuzilma va aholi turar joylariga zarar yetmagan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bahor mavsumida tog‘li hududlarda qor ko‘chkilari xavfi saqlanib qoladi. Shu munosabat bilan fuqarolarga ehtiyotkorlik choralariga rioya qilish tavsiya etilmoqda.
-
Siyosat4 days ago
O‘zbekiston va Turkmaniston yetakchilari bir-birlarini tabrikladilar
-
Dunyodan5 days ago
Isroil Livan janubida quruqlikdan operatsiya boshladi
-
Jamiyat4 days agoChilonzorda Al-Xorazmiy ko‘chasining bir qismi yopiladi
-
Jamiyat4 days agoCoca-Cola O‘zbekistonda Ramazon oyida bir qator xayriya tashabbuslarini amalga oshirdi
-
Jamiyat4 days agoToshkentda bayram kunlari jamoat transporti uchun maxsus jadval joriy etildi
-
Mahalliy5 days agoRo‘zadan keyin 90 foiz odamlar yo‘l qo‘yadigan xato
-
Jamiyat3 days agoImom Buxoriy masjid-majmuasida ilk hayit namozi o‘qildi (foto)
-
Iqtisodiyot5 days ago
Xizmatlar bozorining qariyb 40 foizi Toshkentda — statistika
