Sport
Modrich «Real»ni tark etadi
Kevin de Bryuyne, Tomas Myuller va Jyeymi Vardi kabi yulduzlar ortidan xorvatiyalik yarimhimoyachi ham qadrdon klubi bilan xayrlashdi.
Foto: Angel Martinez / Getty Images
Luka Modrich «Real»dan ketishini e’lon qildi. «Madrid» tarixidagi eng sovrindor futbolchi 13 mavsumdan keyin, 40 yosh arafasida klubni tark etadi.
Modrich ketishi haqida ta’sirli maktubida xabar qildi:
«Qadrli madridlik muxlislar,
Vaqt yetib keldi. Bu — men hech qachon bo‘lishini xohlamagan lahza, ammo futbol shunday. Hayotda ham har bir narsaning boshi va oxiri bo‘ladi. Shanba kuni men «Santyago Bernabeu»dagi so‘nggi o‘yinimni o‘tkazaman.
Men 2012 yilda dunyoning eng yaxshi jamoasi libosini kiyish orzusi va katta ishlar qilishga bo‘lgan ishtiyoq bilan bu yerga kelgan edim. Lekin keyin nimalar bo‘lishini tasavvur ham qila olmasdim.
«Real»da o‘ynash mening hayotimni futbolchi sifatida ham, inson sifatida ham o‘zgartirdi. Tarixdagi eng buyuk klubning eng muvaffaqiyatli davrlaridan biriga guvoh va ishtirokchi bo‘lganimdan faxrlanaman.
Yuragimdan, chin ko‘nglimdan klubga, ayniqsa prezident Florentino Peresga, jamoadoshlarimga, murabbiylarga va bu yillar davomida menga yordam bergan barchaga o‘z minnatdorligimni bildiraman.
Bu davr ichida men ajoyib lahzalarni boshdan kechirdim. Imkonsizdek tuyulgan kambeklar, finallar, bayramlar va «Bernabeu»dagi sehrli kechalar… Biz hamma narsani yutdik va men juda xursand bo‘ldim. Juda-juda xursand…
Biroq g‘alabalar va sovrinlardan ham muhimi — men yuragimda barcha «Real»chilarning muhabbatini olib ketyapman. Sizlar bilan mendagi alohida bog‘liqlikni qanday izohlashni ham bilmayman.
O‘zimni qo‘llab-quvvatlangan, hurmat qilingan va sevilgan his qildim va hali ham shunday his qilaman. Menga ko‘rsatgan har bir olqish va mehrni hech qachon unutmayman.
Men ketyapman, yuragim esa faxr, minnatdorlik va unutilmas xotiralar bilan to‘la. Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatidan keyin maydonda bu libosni umuman kiya olmasam ham men doim «Madrid» muxlisi bo‘lib qolaman.
Hala Madrid Y Nada Mas!».
«Real» ham Modrich ketishini tasdiqladi: «„Real Madrid“ futbol klubi va sardorimiz Luka Modrich AQShda bo‘lib o‘tadigan Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatidan keyin uning klubimiz futbolchisi sifatidagi unutilmas davrini yakunlashga kelishib oldi.
„Real Madrid“ klubimiz va jahon futbolining eng buyuk afsonalaridan biri bo‘lgan ushbu insonga o‘z minnatdorchiligini va chuqur mehrini izhor etadi».
Florentino Peresdan iqtibos: «Luka Modrich „Real Madrid“ning barcha muxlislari qalbida doimo klubimiz qadriyatlarini ifoda etgan noyob va namunali futbolchi sifatida abadiy qoladi. Uning futboli „Madrid“ning va butun dunyo bo‘ylab futbol muxlislarini o‘ziga rom etgan. Uning merosi abadiy yashaydi».
«Real» shanba kuni «Real Sosiyedad»ga qarshi o‘yinda Modrich bilan xayrlashuv marosimi o‘tkazilishini anons qilgan.
Modrichning «Real»dagi asosiy yutuqlari
● 28 titul — Chempionlar ligasidagi 6 g‘alaba, 6 bor klublar o‘rtasidagi jahon chempionatidagi g‘oliblik, 5 bor Yevropa Superkubogi, La Ligada 4 chempionlik, Ispaniya kubogidagi 2 titul va Ispaniya Superkubogidagi 5 g‘oliblik;
● 590 o‘yin va 43 gol. Ammo bu hali hammasi emas: oldinda «Sosedad»ga qarshi xayrlashuv uchrashuvi hamda klublar o‘rtasidagi jahon chempionati o‘yinlari bor;
● 2018 yilgi «Oltin to‘p»;
● 2028 yilda FIFA tomonidan The Best sovrini bilan taqdirlangan;
● 6 marta Chempionlar ligasi ramziy jamoasiga kirgan;
● 2 bor La Liganing eng yaxshi yarimhimoyachisi deb topilgan;
● 2017 yilda klublar o‘rtasidagi jahon chempionatining eng yaxshi futbolchisi bo‘lgan;
● Va son-sanoqsiz zargarona uzatmalar va uzoq masofalardan urilgan chiroyli gollar bilan 13 mavsum davomida muxlislarni xushnud qilgan.
Sport
«Futbol dunyoni birlashtiradi» – Infantino Eron AQShdagi mundialda qatnashishini ma’lum qildi
Tramp ham bunga qarshi emas.
Futbol bo‘yicha Eron milliy jamoasi AQSh va Isroil bilan harbiy mojaroga qaramay, 2026 yilgi jahon chempionatida ishtirok etadi. Bu haqda Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) prezidenti Janni Infantino tashkilot yig‘ilishida ma’lum qildi.
U o‘z nutqida FIFA «dunyoni birlashtirishi» haqida gapirgan.
«Albatta, Eron milliy jamoasi jahon chempionatida ishtirok etadi. Jamoa AQShda o‘ynaydi. Sababi oddiy: biz birlashishimiz, odamlarni birlashtirishimiz kerak. Bizning mas’uliyatimiz aynan shundan iborat. Dunyoni futbol birlashtiradi», – deya Infantinoning so‘zlarini keltirgan Mundo Deportivo.
Eron futbol olamidagi asosiy turnir hisoblangan mundialni boykot qilishi mumkinligi haqidagi gaplar 28 fevral kuniyoq, Yaqin Sharqda harbiy harakatlar boshlanishi bilan paydo bo‘lgandi. Xususan, Eron sport vaziri Ahmad Dunyomoli «AQShga safar uchun sharoit mavjud emasligi»ni qayd etgandi.
«Bu korrupsiyalashgan hukumat rahbarimizni o‘ldirganidan kelib chiqib, hech qanday holatda bu turnirda ishtirok eta olmaymiz. Bolalarimiz xavf ostida. Mohiyatan jahon chempionatida ishtirok etishimizga imkon beradigan hech qanday sharoit qolmadi. Amerikaliklar to‘qqiz oy ichida bizga qarshi ikki marta urush ochdi va minglab eronliklarni azobli o‘limga mahkum etdi. Biz Shtatlarga bora olmaymiz», – degandi u mahalliy telekanal efirida.
Keyinroq eronliklar jahon chempionatida ishtirok etishning muqobil yo‘llarini qidira boshladi. Qaysidir pallada o‘yinlarni AQShdan Meksikaga ko‘chirish haqida ham gap bordi, ammo bu g‘oya amalga oshmadi.
«FIFA yakunda o‘yinlarni asl joyidan ko‘chirish imkonsiz degan qarorga keldi. Bunday qadam tashkilotdan ulkan logistik sa’y-harakatlarni talab qilardi», – degan Goal nashriga Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum.
Bunday sharoitda Eronning o‘rnini egallashi mumkin bo‘lgan jamoalar haqida ham gapira boshlashgandi. Xususan, ko‘pchilik bu o‘rinni Yevropa saralashi o‘tish bosqichida Bosniya va Hersegovinadan mag‘lub bo‘lgan (1:1, penaltilar seriyasida – 1:4) Italiyaga berishni taklif qildi.
The Athletic esa FIFA bu o‘rin uchun qit’alararo pley-off tashkil etib, unda Osiyo va Yevropadan turnirga yo‘llanma ololmagan ikkitadan jamoa ishtirok etishini nazarda tutuvchi versiyani o‘rtaga tashlagandi.
«Mayli, qatnashaversin»
AQSh prezidenti Donald Tramp ham Eron turnirda ishtirok etishiga qarshi emas.
«Agar Janni shunday degan bo‘lsa, unda men qarshi emasman. Bilasizmi nima, mayli, o‘ynayverishsin. Janni – fantastik yigit, u mening do‘stim. Men unga aytdim: «Istaganingni qil. Xohlasang, ruxsat ber, xohlamasang, ruxsat berma». Ularning jamoasi yaxshimi? To‘g‘risini aytsam, bunga ishonish qiyin», – deya qayd etgan Amerika rahbari jurnalistlar bilan muloqotda.
JM-2026 turniri 11 iyundan 19 iyulga qadar davom etadi. Turnir taqvimiga ko‘ra, Eronning guruh bosqichdagi uchta o‘yini ham Qo‘shma Shtatlarda o‘tkazilishi belgilangan: ikkitasi Los-Anjyelesda va bittasi Sietlda. Ularga guruhd Belgiya, Yangi Zelandiya va Misr jamoalari raqib bo‘lgan.
Sport
jahon shaxmat toji uchun o‘tkaziladigan o‘yin sanasi belgilandi
Jahon shaxmat toji uchun amaldagi chempion Gukesh Dommaraju (Hindiston) va da’vogar Javohir Sindorov (O‘zbekiston) o‘rtasidagi o‘yin 2026 yil 23 noyabrdan 17 dekabrgacha bo‘lib o‘tadi, deb xabar beradi Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) sayti.
Ushbu bahs shaxmat bo‘yicha jahon chempioni unvoni uchun tarixdagi eng «yosh o‘yin» bo‘lishi kutilmoqda – bellashuv boshlanishida ikkala sportchi ham 20 yoshda bo‘ladi.
O‘yinning minimal sovrin jamg‘armasi 2,5 million dollarni tashkil etadi, tadbirning umumiy budjeti esa 8,5 million dollarga baholanmoqda.
Amaldagi jahon chempioni Dommaraju 2024 yil dekabr oyida Singapurda bo‘lib o‘tgan jahon shaxmat toji uchun o‘yinning 14-turida xitoylik Din Lijenni mag‘lub etib, chempionlikni qo‘lga kiritgan edi. U 18 yoshida FIDE tarixidagi eng yosh jahon chempioni bo‘ldi va 1985 yilda 22 yoshida Anatoliy Karpovni mag‘lub etgan Garri Kasparovning rekordini ortda qoldirdi.
Uning raqibi o‘zbekistonlik grossmeyster Sindorov Kiprning Pafos shahrida bo‘lib o‘tgan 2026 yilgi da’vogarlar turnirida muddatidan oldin g‘alabaga erishdi. U turnirda 14 ochkodan 10 ochko bilan g‘alaba qozondi, bir marta ham mag‘lub bo‘lmadi: oltita g‘alaba va sakkizta durang.
O‘yin reglamenti 2026 yil 1 iyulgacha tasdiqlanishi kerak. Odatda o‘yin 14 ta partiyadan iborat bo‘ladi. G‘olib chiqish uchun 7,5 ochko jamg‘arish kifoya – kimdir bu marraga oldinroq erishsa, match muddatidan oldin tugaydi. 7:7 hisobi bo‘lganda – tay-breyk o‘ynaladi.
Tadbir mezbonligi uchun arizalarni qabul qilish 31 mayda yakunlanadi.
Sport
«Atletiko» bosh murabbiyi Diyego Simeone Madridda 180 ta xonadonga egaligi ma’lum bo‘ldi
180 ta xonadondan tashqari, Simeone va uning rafiqasi Karla Pereyra yettita shaxsiy binoga egalik qiladi.
Diyego Simeone Foto: David Ramos/Getty Images
Madridning «Atletiko» klubi bosh murabbiyi Diyego Simeone 2011 yildan beri Ispaniya poytaxtida o‘rnashib olgan va «Roxiblankos»ni uzluksiz boshqaryapti.
Agar «180» raqami aytilsa, uning Simeone bilan qanday aloqasi borligini hamma ham tushuna olmaydi. Bu «Atletiko» murabbiyi hakamlar qaroriga e’tiroz bildirgani uchun olgan sariq kartalar soni emas. Bu Simeonening rafiqasi Karla Pereyra bilan egalik qiladigan kvartiralar soni, deb yozdi Sport.pl.
Simeonning shuncha kvartirasi bor – uning rafiqasi keng ko‘lamli loyihani boshqaradi.
180 ta xonadondan tashqari, Simeone va Pereyra yettita shaxsiy binoga egalik qiladi. Imperiyaning yuragi Carpersim SL kompaniyasi bo‘lib, u mablag‘larning katta qismini uy-joyga sarmoya qiladi va kundalik hayotda «Atletiko» murabbiyi va uning rafiqasi uchun kuchli biznes vositasi bo‘lib xizmat qiladi.
Ekspertlar Savdo reyestriga taqdim etilgan hisobotlarni o‘rganib chiqdi. Carpersim LM deyarli 40 million yevrolik aktivlarga ega bo‘lib, shundan 13,8 million yevro ko‘chmas mulkka investitsiyalardir. Ko‘chmas mulk, zavodlar va uskunalarga 19 milliondan ortiq sarmoya kiritilgan.
Qizig‘i shundaki, 180 ta xonadonning aksariyati Madrid markazida joylashgan bo‘lib, ularni MyLocation platformasi orqali ijaraga olish mumkin. Simeone rafiqasi bilan muhim lokatsiyalarda kvartira sotib oladi, keyin ularni ta’mirlab, bozorga chiqaradi. Maqsadli auditoriya – o‘rta va yuqori daromadli talabalar, menejerlar va sayyohlar.
2024 yilda oilaning ijara daromadlari 330 ming yevrodan oshdi. Oila tomonidan to‘liq kiritilgan aktivlarning sof qiymati esa taxminan 20 million yevroni tashkil etadi. Shunisi e’tiborga loyiqki, loyiha rulida Simeone emas, balki Forbes nashri «biznes-strateg» deb atagan uning rafiqasi turibdi.
«Mening orzum noldan nimadir yaratish edi va men bunga erishdim», deb tushuntirdi Karla Pereyra Madrid shimolidagi Tres-Kantos tumanida yer sotib olish haqida gapirar ekan. Oilaga tegishli ikkita bino va 140 ta xonadon aynan o‘sha yerda joylashgan.
Diyego Simeone «Atletiko» klubida yiliga taxminan 27 million dollar maosh oladi. Soliqlar to‘langanidan keyin qoladigan sof daromadi 14 millionga teng.
Sport
«Arsenal» Madriddan durang bilan qaytdi
«Atletiko» va «Arsenal» o‘yinida gollar faqat penaltidan urildi. Yana bir 11 metrlik jarima zarbasi esa VAR aralashuvi bilan bekor qilindi.
Seshanba oqshomida Parijda «PSJ» va «Bavariya» o‘rtasida bo‘lib o‘tgan yorqin o‘yindan keyin ko‘pchilik Madriddagi juftlik o‘yini juda zerikarli bo‘lishini va har ikki jamoa o‘ta himoyaviy taktika qo‘llashini taxmin qilayotgandi. Amalda esa o‘yinda hujumlar va golli vaziyatlar yetarlicha bo‘ldi, faqat dastlabki yarimfinal o‘yinidan farqli o‘laroq, bu o‘yinda himoyachilar va darvozabonlar yaxshi harakat qilishdi, natijada jamoalar faqat penalti orqali gol ura olishdi.
«Atletiko» – «Arsenal» 1:1
Gollar: Yokeresh, 44 – penalti (0:1). Alvares, 56 – penalti (1:1)
«Atletiko»: Oblak, Gansko, Pubil, Rudjyeri, Liorente, Kardozo (Molina, 88), Koke, Lukman, Simeone (Le Norman, 46), Grizmann, Alvares (Baena, 77)
«Arsenal»: Rayya, Saliba, Gabriel Magalyayns, Inkapiye, Uayt (Moskera, 86), Rays, Subimendi, Edegor (Eze, 57), Martinelli (Saka, 68), Madueke (Gabriel Jyezus, 68), Yokeresh (Trossar, 68)
Ogohlantirish: Gansko, 78
«Arsenal» o‘yindan oldin UYeFAdan «Metropolitano» stadionidagi maysa balandligini o‘lchab ko‘rishni so‘radi. Maysa balandligi esa 26-30 millimetr chiqdi – bu normadan yuqori. O‘yin boshlanganida esa mezbonlar maysani ko‘proq sug‘orib qo‘yishgani ma’lum bo‘ldi – futbolchilar maydonda tez-tez toyib keta boshlashdi.
O‘yinning katta qismi teng kurashlar ostida kechdi: muxlislar ko‘plab zarbalar va paslar bloklanishi, tig‘iz himoya va pozitsion hujumlarga, shuningdek, standart vaziyatlarga guvoh bo‘lishdi.
Birinchi bo‘lim oxirlarida «Arsenal» hisobda oldinga chiqib oldi. 42-daqiqada madridliklar himoyachisi David Gansko jarima maydoni ichida Viktora Yokereshni ortdan turtib yiqitdi, shvetsiyalik forvard gazonga quladi.
O‘yin bosh hakami Danni Makkeli 11 metrlik nuqtani ko‘rsatdi va jabrlanuvchining o‘zi Yan Oblak darvozasi tomon qaytarib bo‘lmas zarba yo‘lladi.
Viktor Yokeresh birinchi bo‘limda to‘pga jami 10 marta tegindi (Opta ma’lumotiga ko‘ra, barchadan kamroq), ammo o‘z maqsadiga erishdi. U YeChL yarimfinalida gol urgan ilk shvetsiyalikka aylandi. Zlatan Ibrahimovich chorakfinaldan keyingi bosqichlarda ura olmagan: 2010 yilda «Barselona» safida «Arsenal» darvozasiga dubl qayd etgan, «PSJ» safida 2013 yilda «Barsa» darvozasiga va 2016 yilda «Siti» darvozasiga gollar urgan.
Tanaffusdan keyin esa madridliklar o‘yinni kuchaytirishdi va vaqti-vaqti bilan «Arsenal»ni jarima maydoniga qamab qo‘ya boshladi. 56-daqiqada esa hisob tenglashdi – yana penaltidan. Markos Liorente jarima maydoni tashqarisidan to‘pni to‘xtatmay zarba berdi, to‘p gazondan avval Ben Uaytning tizzasiga, u yerdan bilagiga bordi.
Bosh hakam avvaliga penalti belgilamagandi, ammo VAR uning qarorini o‘zgartirdi. Xulian Alvares nuqtada adashmadi – 1:1. Bu argentinalik hujumchining Chempionlar ligasidagi 14 o‘yinda urgan 10-goli bo‘ldi – bunaqa sermahsullik «Atletiko» tarixida ilk bor kuzatilmoqda. Bu mavsumda faqat Harri Keyn (13) va Kiliana Mbappeda (15) ko‘proq. Ammo Alvares o‘yin davomida Eberechi Eze bilan to‘qnashuv vaqtida jarohat oldi va o‘yinni davom ettira olmadi. U javob o‘yinida qatnashishi ham so‘roq ostida.
O‘yin oxirlariga yaqin «Arsenal»da ikkinchi penalti uchun imkoniyat yuzaga keldi. Gansko bu safar jarima maydoni ichida Ezening oyog‘ini bosib oldi, ingliz hujumchisi to‘pga birinchi bo‘lib ulgurgandi va hakam darhol 11 metrlik nuqtani ko‘rsatdi.
Ammo videoassistentlar bilan uzoq maslahatlashuvdan keyin qarorini o‘zgartirdi.
O‘yinning qolgan qismida darvozalar daxlsizligi saqlanib qoldi.
«Arsenal» hamon YeChLda mag‘lubiyatga uchramayapti. Va juda kam gol o‘tkazmoqda
Londonliklar bu mavsumda ishonchli o‘ynashga urg‘u qaratmoqda.
● «Arsenal» YeChLda hali yutqazmadi. Umumiy guruh bosqichida sakkiz o‘yinda sakkiz g‘alaba qayd etilgandi. Pley-offda duranglar qayd etilishi boshlandi, ammo bu sovrin sari yurishni davom ettirishga xalal bermayapti. Safardagi durang ham navbatdagi qadamga aylandi.
● «Arsenal» YeChL pley-offida atigi ikkinchi bor gol o‘tkazib yubordi. 1/8 finalning birinchi o‘yinida «Bayyer» maydonida ham 1:1 hisobi qayd etilgandi, javob o‘yini mezbonlarning 2:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. «Sporting» esa londonliklar jamoasiga ikki o‘yinda ham gol urolmadi.
● «Arsenal» YeChLda «Atletiko»dan ilk bor gol o‘tkazdi. Londonliklar joriy mavsumda guruh bosqichida o‘z maydonida kechgan o‘yinda 4:0 hisobidagi g‘alabaga erishgandi. Undan oldin jamoalar faqat 2017/18 yillar mavsumida Yevropa ligasida to‘qnashgandi.
● Aprel oyi «Atletiko» uchun og‘ir kechdi: jamoa so‘nggi o‘n o‘yinda 6 bor yutqazdi. YeChLda «Tottenhem» va «Barsa»ga qarshi javob o‘yinlarida mag‘lubiyat qayd etildi, ammo ikki holatda ham ikki o‘yin natijasiga ko‘ra keyingi bosqichga o‘tdi.
● «Arsenal»ning vaziyati ham madridliklarnikidan yaxshiroq emas: jamoa so‘nggi sakkiz o‘yinidan to‘rttasida mag‘lub bo‘lgan. Ammo shundan ikkitasi Angliya ligasi kubogi va Angliya kubogi kabi ikkinchi darajali turnirlarda qayd etilgan, yana ikki mag‘lubiyat tufayli jamoa APLdagi peshqadamlikni xavf ostida qoldirgan.
Sport
PSJ va «Bavariya» futbol sha’ni uchun jang qilib, birgalikda g‘olib bo‘lishdi
Orangizda futbol muxlislari bo‘lsa, 28 aprelni kalendaringizda futbol tantana qilgan kun deb belgilab qo‘yavering, kecha tunda Parijda tarixiy o‘yin bo‘ldi. Dunyoning eng kuchli ikki jamoasi pragmatizm, natija, taktika degan narsalarni bir chekkaga yig‘ishtirib, shunchaki futbol o‘ynashdi.
Maydonda xuddi million-million dollar maosh oladigan, gardanida millionlab muxlislar oldida mas’uliyati bor professional futbolchilar emas, qo‘shni qishloq jamoasiga yutqazib qo‘ysa, qishloqqa qaysi yuz bilan qaytish haqida o‘ylayotgan bo‘zyigitlar o‘ynayotgandek bo‘ldi. Parijda natija asosiga qurilgan zamonaviy futbol 90 daqiqa davomida ikki buyuk jamoaning takrorlanmas o‘yiniga ta’zim qildi. Shunchalik zo‘r o‘yin bo‘ldiki, ikki jamoa murabbiylari bir-birlarini tabriklashdi, chunki maydondagi yigitlar, biri maydon chetida, bir tribunada o‘tirgan ikki daho murabbiy Parijda futbolning sha’ni uchun jang qilib, ikkovi ham g‘olib bo‘ldi.
Hamma narsa bo‘ldi
Men o‘yin xronologiyasiga to‘xtalmoqchi emasman, futbol muxlislari uni allaqachon bir necha martalab ko‘rib olishgandir. So‘zimiz avvalida Parijdagi o‘yinni futbol uchun jang deb atadik. Chunki oxirgi vaqtlarda futbol an’analari buzilib ketdi, natija hamma narsadan ustun bo‘lib qoldi, jamoalar natija bosimi sabab juda pragmatik, hisobni ushlashga asoslangan o‘yinlar qila boshlashdi. Kap-katta jamoalar uyalmay burchak zarbalaridan urilgan gollarni asosiy qiroliga aylantirib oldi. Nega desangiz, «natija!», deb javob berishadi. Axir natija futbolchining hayotini belgilab beradigan omilga aylanib qoldi.
Kiyishga butsasi ham yo‘q oddiy braziliyalik yigit Yevropaga kelib sinov o‘yinida hammani aldab o‘tsa, to‘pni boshida 500 marta janglyor o‘ynatsa ham, murabbiylar undan «Yana nechtasini aldab o‘ta olasan?», deb emas, «Taktikani qanday tushunasan?», deb so‘raydigan bo‘lishdi. Braziliyada butun qishlog‘ini aldab gol urib yurgan boladan Yevropada Peledan me’ros jinga uslubida futbol o‘ynashni so‘rashmayapti, tayanch zonasi va markaziy himoyachilar o‘rtasidagi bo‘shliqdan foydalanishni, raqib hujum qilayotganda uni qanday qilib sun’iy ofsaydda qoldirishni, 4-2-3-1 taktikasida qaysi chiziqlardagina o‘ynashi mumkinligini o‘rgatishmoqda. Pelening me’rosxo‘rlaridan biri Vini Junior ham ana shu taktika domiga tushib futbolchilarni aldamay qo‘ydi. Futbolda Neymarlar chiqmayapti, bu ajoyib o‘yinning jozibasi yo‘qoldi, taktika atalmish qobiq uni borgan sari zerikarli o‘yinga aylantirib qo‘ydi.
To‘g‘rida, taktika natija keltirish ehtimoli yuqori, taktika yordamida o‘sha jinga usulida o‘ynaydigan braziliyalikni oson to‘xtatish mumkin. Natija hamma narsadan muhim, natija bo‘lmasa pul yo‘q, pul bo‘lmasa, kun o‘tmaydi. Chempionatlarda mukofot jamg‘armalari ham natijaga qarab taqsimlanadi – yashasin taktika, yashasin natija!
Kecha PSJ va «Bavariya» xuddi zamonaviy futbol an’analariga isyon qilgandek maydonga tushib, butun dunyoni lol qoldirdi. O‘yinda hamma narsa bo‘ldi: qanotdan yorib kirib urilgan gol kerakmi? Marhamat, Xvicha ikki martalab urdi. Bo‘yi «ikki qarich» Nevesh bosh bilan gol urdi, Xarri Keyn inglizcha sovuqqonlik bilan portlay deb turgan stadion hayqirig‘ini eshitmagandek penaltidan gol urdi, bonusiga maydon markazidan golli uzatma amalga oshirdi. Olise brazilchasiga hammani aldab gol urdi. Hammasi to‘kis bo‘lishi uchun Upamekano standartdan keyin bosh bilan gol ham urib berdi, mayli, Yevropacha goldan ham bo‘lsin degandek. Xullas, Manu Noyyerning seyvlaridan boshqa hamma narsa bo‘ldi kechagi o‘yinda. «Bavariya»ning to‘rtinchi golini hisoblarkan bosh hakam ham beixtiyor kulib qo‘ydi, «Qanday o‘yinnib boshqaryapman-a!», degani edi bu.
Bugun dunyo futbol oilasi shu o‘yinni muhokama qildi, hamma undan zavqlanganini aytdi. Qizig‘i, hech kim PSJ g‘olib bo‘lganiga e’tibor bermadi, chunki Bavariya mag‘lub nomiga munosib emasdi. Kimsan Erling Holand chidolmay o‘z sahifasida «Qanday ajoyib o‘yin», deb yozib yubordi. Kecha ikki katta kuchlanishli tok ulangan simlar tutashib ketdi, portlash ovozini butun dunyo eshitdi. Vensan Kompanining «Bavariya»si «Real»ni bejizga chiqarib yubormaganini isbotladi, PSJ esa Luis Enrike bilan ko‘z o‘ngimizda buyuk jamoaga aylanib borayotganini ko‘rsatdi. Parijliklar nihoyat to‘g‘ri murabbiy topib, futbolchilarni Instagram’dagi o‘quvchilar soniga qarab emas, mahoratiga qarab tanlay boshladi. Natija shunchaki fantastik.
Bu gapni yana takrorlashdan charchamayman, PSJ va «Bavariya» taktika domiga tortib borayotgan zamonaviy futbol sha’ni uchun jang qilib, birgalikda g‘olib bo‘lishdi. Yomoni – o‘yin atigi 90 daqiqada tugab qoldi, lekin yupanch uchun juda zo‘r fakt bor, shubhasiz, dunyoning ayni damdagi eng kuchli ikki jamoasi ekanini isbotlagan PSJ va «Bavariya» keyingi hafta Myunhenda yana bir o‘yinda maydonga tushadi.
Aytgancha, YeChLda hali yarimfinal, bu daholardan biri tushib ketadi. Yarimfinalning narigi juftligida butkul boshqacha jamoalar uchrashadi: biri «burchak zarbalari qiroli», biri maydonni «avtobus parkiga» aylantira olishidan faxrlanadigan janubiy amerikalik «bezorilar jamoasi»…
-
Siyosat4 days agoFransiya va Oʻzbekiston taʼlim va madaniyat yoʻli bilan aloqalarni chuqurlashtirmoqda – Elchi Valid Xouk
-
Jamiyat5 days agoJomboyda mast haydovchi YTH sodir etdi
-
Dunyodan5 days agoPrezident Tramp delegatsiya parvozini bekor qildi
-
Siyosat4 days agoToshkentda yirik hududlarda issiq suv taʼminoti 5 kunga toʻxtatilganini maʼlum qildi
-
Siyosat2 days agoOʻzbekistonda yashirin forumda davlat xizmatchilariga oid maʼlumotlarning sizib chiqib ketishini tekshirmoqda
-
Siyosat2 days agoOʻzbekiston Davlat investitsiya jamgʻarmasi Toshkent va Londonda ikki tomonlama IPO oʻtkazdi
-
Dunyodan4 days ago
Ruminiyalik erkak ayolni o‘ldirgani uchun umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi
-
Mahalliy3 days ago
Gulga shaydo onaxon, kitob “ovchisi” va chemodansiz sayyoh…
