Connect with us

Jamiyat

Mitti hikoyalar: quyuq tutun qa’ridagi ayol

Published

on


Oqibat

Shaharning eng malakali uqalovchi hamshirasiga iltimos tushdi: yetti yoshga to‘lgan bo‘lsa-da, haliyam yurolmayotgan bolakayni muolaja qilish kerak.

Ma’lum bo‘lishicha, ota-ona bolani tinimsiz davolatgan, bunday muolajalarni juda ko‘p qo‘llashgan, afsuski, natijasi bo‘lmagan ekan.

Hamshira kog‘ozda yozilgan manzilga keldi va u yerda biri vayrona, ikkinchisi koshona uylarga ko‘zi tushdi. Ayol o‘ylanib turib, xarobaga aylanayozgan uy eshigini taqillatdi. Eshikni munkayib qolgan ko‘rimsizgina kampir ochdi. Hamshira undan falonchi akaning xonadoni qaysi ekanini so‘radi. Kampir saroydek koshonani ko‘rsatib, bu uyda o‘zining o‘g‘li yashashini aytdi…

Hamshira biroz turdi-da, indamay ortiga qaytib ketdi.

Chekish

Ayol borki, alam chekdi… Dardu sitamlardan fig‘oni falakkacha yetdi. Lekin ichiga yutdi. Yig‘ladi, siqtadi. Ichidagini chiqarib yubordi. Bunda unga imoni, sabru saboti, ichki ishonchi ko‘makka qo‘l cho‘zdi.

Ayol borki, baxtni quchdi… Iqbolidan sarmast bo‘ldi. Yig‘ladi, kuldi. Ichidagini chiqarib yubordi. Bunda unga kelajakka bo‘lgan umidi, ishonchi va shukronalik hissi ko‘makka keldi.

Ayol borki, dard chekdi… To‘lg‘oq azobidan dunyolar larzaga keldi. Lekin chidadi. Yig‘ladi, siqtadi. Bir kuni ming kundek tuyulib, butun umrini ko‘z o‘ngidan o‘tkazdi. Chaqaloq yig‘isi bilan barcha og‘riqlar bosildi. Bunda unga chidam, bardosh va farzand yordam berdi.

Ayol borki… tamaki chekdi… Chekayotib bor dunyoni unutdi. Ko‘kka o‘rlayotgan tamaki tutunlari o‘zini har yoqqa urmasin, ayolga ayolligini uqtirolmasdi. Oilasining borligi, farzandlari uchun sog‘lom holda kerakligini anglatolmasdi. Ayol berilib chekdi. Gohida pinhona, gohida oshkora chekdi. Uni ko‘rib, dunyo alam chekdi. Axir u homilador edi. Murg‘ak homila avval qorinda tutun yutdi, keyin yorug‘ dunyoda dardlarga ko‘milib ketdi…

Ayol tamaki chekdi. Yillar ham unga hukmini o‘tkaza olmadi. Sog‘liq ketdi, kuch ketdi, o‘pka ketdi. Shuncha zaharni ichiga yutdi. Yig‘ladi, o‘rtandi. O‘zini har joyga urdi. Ammo ichidagini chiqarib yubora olmadi. Endi qanday kuch yordam berar ekan? Kasalmand bolasimi yo tutunlarga qo‘shilib tumanga aylangan imon, ishonchimi?

Ko‘zgu

Bir kitobda qalb oynasi haqida o‘qib qoldim. Halovatim yo‘qoldi. Qalb oynasi! Uni qayerdan axtaray? O‘zimdan izladim va topdim! Ammo…

Unga termilish u yoqda tursin, bir boqishning o‘zi mushkul ekan. Oddiy shisha qarshisida soatlab vaqt o‘tkazish mumkin. Bu bizga cho‘t emas. Ammo qalb oynasiga bir qarash uchun o‘zingda katta kuch topishing kerak ekan. Men qaradim va uning sal xiralashganini ko‘rdim…

Oradan ma’lum vaqt o‘tdi. Men vijdon amriga bo‘ysunib, qalb oynamni yarqiratib yuraverdim. Kunlardan bir kuni volidamning dilini og‘ritib qo‘ydim. Nimadir bo‘ldi-yu, o‘zimga qarshi gapirib yubordim. Onaizorimning ko‘ngli ozorlandi. Men yugura solib, qalb oynamga razm soldim: anchagina xira tortibdi. Qancha jilmayishga urinmay, xo‘mrayib turaverdi. Meni kechirmadi…

Onaizorim bo‘lgan dilxiralikni allaqachon unutib yuborgandir. Ammo mening ko‘nglimdan ketgani yo‘q. Qalb oynamda dog‘ bo‘lib, har gal boqqanimda bot-bot esga tushiraveradi endi…

Hayit bayramida

Laylo xorijiy firmalardan birida ishlaydi. Qo‘lida so‘nggi rusumdagi telefon. Ijtimoiy tarmoqlardan biriga kirib, boshqasidan chiqadi. Zamondan orqada qolmayin, deydi. Aqlli, hushli, harakatchan, serg‘ayrat qiz. Do‘stlari Ledi deb murojaat qilishadi.

Uning yana bir xislati: barchaga e’tiborli. Laylo do‘stlari, yaqinlari va hamkasblaridan birortasining tug‘ilgan kunini esidan chiqarmaydi. Bir og‘iz tabrik bilan bo‘lsa ham, hammadan oldin yo‘qlashga urinadi. Bayramlarni aytmaysizmi, qo‘l telefoningizga birinchi bo‘lib shu qizdan bayram tabrigi yozilgan noma keladi. Naqadar chaqqon va e’tiborli.

Yaqinda hayit bayramini nishonladik. Bu kunni ham qahramonimiz e’tibordan chetda qoldirmadi. Bir kun oldin SMS matnlarini tayyorlab qo‘ydi. Quyosh hali ko‘zini ochmasidan Layloxon ularni jo‘natishga kirishdi. Avval boshliqlardan boshladi. Keyin hamkasblari, undan so‘ng eng yaqin dugonalari… Albatta qishlog‘ida uni sog‘inib o‘tirgan yaqinlarini ham esdan chiqarmaydi. Singlisining qo‘l telefoniga chiroyli qilib tabriknoma jo‘natdi. Noma oxirida, hammani mening nomimdan qutlab qo‘y, dedi. Keyin ijtimoiy tarmoqqa kirib, «druzya»larini ham chiroyli tarzda tabrikladi.

Ishda hamma uni uddaburon va ziyrakligini aytib maqtadi. Kun bo‘yi rahmatlar eshitib, mamnun bo‘lgancha uyiga qaytdi. Ostona hatlab kirayotgandi hamki, qo‘l telefoni jiringlab qoldi: «Qizginam, bayraming bilan!»

Laylo bo‘shashib qoldi. Bugun hammani tabriklabdi-yu, onaizorini bir og‘iz qutlab qo‘yish esidan chiqibdi…

Aldamchi taskin

Ikki norasidasini qaynonasiga tashlab, begona yurtda xorlik-zorliklarga chidab ishlayotganiga yetti yil bo‘libdi. Shu haqda o‘ylar ekan, ayol chuqur xo‘rsindi, bolalariga ichikdi. So‘ng yana o‘sha – «nimadandir kechmasang, nimagadir erisholmaysan», degan so‘zlar bilan o‘ziga taskin berdi-yu, hashamatli uy qurish orzusida hojatxonani tozalashga astoydil kirishib ketdi.

Chorasizlik

O‘g‘il otasini yo‘qlagani bugun har kungidan erta keldi. Salomlashdi, yuz-qo‘llarini nam sochiq bilan artdi. Keyin xotini tayyorlab berib yuborgan nonushtani og‘ziga tutdi. Ota yemadi, u tomonga hatto qayrilib ham qaramadi. Uch oydirki, ich-etini tirnayotgan o‘g‘il otasining jonsarak qo‘llarini ushlab ikki jumlani yig‘i aralash takrorlay boshladi: «Nima qilay, ota, nima?»

Uning alamli nolasini shifokorning bo‘g‘iq ovozi buzdi: «Apparatni o‘chirish haqidagi tilxatga imzo chekasizmi?»

Sohiba Mullayeva.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Jaziramada ochiq havodagi ishlar cheklanishi mumkin

Published

on


O‘zbekistonda anomal issiq va jazirama kuchayishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan Davlat mehnat inspeksiyasi ish beruvchilarni ochiq havoda mehnat qilayotgan xodimlarning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan choralarni ko‘rishga chaqirdi.

Inspeksiya tavsiyasiga ko‘ra, kunning eng issiq vaqti — soat 11:00dan 16:00gacha tashqi ishlar qisqartirilishi yoki vaqtincha to‘xtatilishi lozim. Shuningdek, ushbu vaqtda og‘ir jismoniy mehnatni cheklash ham tavsiya etilmoqda.

Qayd etilishicha, yuqori harorat sharoitida ishlayotgan xodimlar issiq urishi, suvsizlanish, hushdan ketish hamda yurak-qon tomir kasalliklari xavfiga ko‘proq duch keladi.

Davlat mehnat inspeksiyasi ish beruvchilarga xodimlarni doimiy ravishda toza va salqin ichimlik suvi bilan ta’minlash, soya yoki sovutiladigan dam olish joylarini tashkil etish, yengil va issiqdan himoya qiluvchi maxsus kiyimlar berish, issiq urishi va suvsizlanish alomatlari bo‘yicha yo‘riqnoma o‘tkazish hamda sog‘lig‘i yomonlashgan xodimlarga zudlik bilan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishni tavsiya qildi.

Bundan tashqari, issiq sharoitida ishlaydigan xodimlar belgilangan tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tgan bo‘lishi shartligi eslatildi.

Inspeksiya mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etish faqat tavsiya emas, balki ish beruvchining qonunchilikda belgilangan majburiyati ekanini ta’kidladi. Ogohlantirilishicha, jazirama sharoitida zarur choralarni ko‘rmaslik xodimlar hayoti va sog‘lig‘iga jiddiy xavf tug‘dirishi, ish joyida baxtsiz hodisalarga sabab bo‘lishi mumkin.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Mehnat inspeksiyasi barcha hokimliklarga ko‘rsatma yubordi

Published

on


Ko‘rsatmada anomal issiqda ochiq havoda mehnat qilayotgan obodonlashtirish xodimlarining hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish bo‘yicha talablar belgilangan.

Anomal issiq ob-havo sharoitida ochiq havoda mehnat qilayotgan obodonlashtirish xodimlarining hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish maqsadida barcha hokimliklarga tegishli ko‘rsatma yuborildi, deb xabar berdi Davlat mehnat inspeksiyasi.

Xabarda aytilishicha, ko‘rsatmada soat 10:00–17:00 oralig‘ida yuqori harorat ta’sirida xodimlar hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan ishlarni vaqtincha to‘xtatish hamda moslashuvchan ish rejimini belgilash, xodimlarni yetarli miqdorda sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash kabi talablar belgilangan.

Bundan tashqari, quyosh nurlari va yuqori harorat ta’siridan himoyalangan dam olish joylarini tashkil etish, majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan yoki tibbiy xulosaga ko‘ra ishga yaroqsiz deb topilgan shaxslarni ishga qo‘ymaslik, shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlash va mehnat hamda dam olish rejimini qayta ko‘rib chiqish lozimligi aytilgan.

“Ko‘rsatma talablarining bajarilishi Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan nazorat qilinadi”, deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, mehnatni muhofaza qilish talablarini buzgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holati fosh etildi

Published

on


Kogon shahrida fuqaroning ishonchiga kirib, uni 8 000 dollar evaziga Koreya davlatiga ishga yuborishini aytib, kelishilgan puldan 1 000 dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan shaxs ushlandi.

Foto: EPA / YONHAP / TASS

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Kogon shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holati aniqlandi.

Ma’lum qilinishicha, fuqaro Z.I. fuqaro Sh.I.ning ishonchiga kirib, uni 8 000 AQSh dollari evaziga go‘yoki yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali Koreya davlatiga ishga yuborishini aytib, kelishilgan puldan 1 000 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Tergovga qadar tekshiruv jarayonida ushbu pullar hisobidan 200 AQSh dollarining qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirildi.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq Toshkent viloyatida Koreyaga ishga jo‘natishni va’da qilib, ikki nafar fuqarodan 15 ming AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan olgan shaxsning noqonuniy harakatlari fosh etilgani xabar qilingandi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt yo‘nalishlari uchun davlat grantlari ko‘paytirildi

Published

on


Ma’lum qilinishicha, mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari 35 foizga oshirilib, jami 2 930 ta davlat granti ajratilgan.

2026/2027-o‘quv yili uchun axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt sohasiga oid ta’lim yo‘nalishlari hamda mutaxassisliklari bo‘yicha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari 35 foizga oshirildi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining ma’lum qilishicha, mazkur yo‘nalishlar uchun jami 2 930 ta davlat granti ajratildi.

Qayd etilishicha, bunda bakalavriat uchun 2 309 ta, magistratura uchun 621 ta davlat granti ajratilgan.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Samarqandda daryoda cho‘kayotgan fuqaro qutqarib qolindi

Published

on


Ma’lum bo‘lishicha, cho‘milish vaqtida birdan uning sog‘lig‘i yomonlashib, mustaqil ravishda harakat qila olmay qolgan va sheriklari darhol FVBga xabar berishgan.

17 iyul kuni soat 17:53 da Samarqand viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga Samarqand tumanidagi Qoradaryo daryosida fuqaro cho‘kayotgani haqida xabar kelib tushgan.

Ma’lum bo‘lishicha, cho‘milish vaqtida birdan uning sog‘lig‘i yomonlashib, mustaqil ravishda harakat qila olmay qolgan va sheriklari darhol FVBga xabar berishgan.

Qutqaruvchilar voqea joyiga tezkorlik bilan yetib borib, fuqaroni maxsus narvon yordamida daryo qirg‘og‘idan xavfsiz hududga olib chiqishgan hamda u tibbiyot xodimlariga topshirilgan.

Xabarda aytilishicha, hozirda fuqaroning ahvoli yaxshi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.