Jamiyat
“Menga ishonmasliklaridan qo‘rqaman” zo‘rlangan bolalar taqdiri. Og‘ir jazo, toqatsiz jamiyat va sukut saqlamaslik haqida
Bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik ko‘p hollarda kutilmagan jinoyat emas – mutaxassislar zo‘ravon shaxslarning umumiy psixologik va ijtimoiy belgilari mavjudligini ta’kidlaydi. Ammo O‘zbekistonda bu shaxslarni erta aniqlash, xavfni oldindan ko‘rish va bolani himoya qilishga qaratilgan tizim hali yo‘lga qo‘yilmagan. Kun.uz mutaxassislar xulosalariga tayangan holda zo‘ravonlarni erta aniqlash va buning ahamiyatini tushuntiradi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabariga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekistonda nomusga tegish jinoyatlari ko‘paygan: 2024 yilda 359 ta bo‘lgan bo‘lsa, 2025 yilda 381 ta shunday jinoyat sodir etilgan. Afsuski, bunday jinoyatlar bolalarga nisbatan ham sodir etilmoqda. 2026 yilning dastlabki oyidayoq Farg‘onada 14 yoshli qizning 4 erkak tomonidan zo‘rlanishi, Surxondaryoda 9 sinf o‘quvchisining jinsiy zo‘ravonlikka uchragani muhokamalar markazida bo‘ldi.
Zo‘ravonlikka uchragan bolalar kechinmalari
Jinsiy zo‘ravonlik bolaning faqat tanasida emas, ongida ham chuqur va og‘riqli jarohat qoldiradi. 7 yoshida qarindoshi tomonidan zo‘rlangan qizaloq shunday deydi: “O‘sha kundan keyin men qorong‘ilikni yomon ko‘rib qoldim. Har xil ovozlardan qo‘rqaman. Ayrim kattalar ko‘ziga qarash qiyin. Ba’zida juda baqirishni istayman, lekin ovozim chiqmaydi. Yig‘lagim keladi, hammani yomon ko‘raman, hatto o‘zimniyam”.
14 yoshli qiz esa jinsiy zo‘ravonlikdan keyin orzularidan ayrilganini aytadi: “Menga ishonmasliklaridan qo‘rqaman. Aybni menga ag‘darishlaridan qo‘rqaman. Do‘xtir bo‘lmoqchi edim, lekin hozir bittayam orzuyim yo‘q. O‘zimni majburlasam ham orzularimni miyamga keltirolmayapman. Hamma erkaklardan nafratlanaman, hatto dadamdan, o‘zimni ukamdan ham”.
Jabrdiydaga achinib, zo‘ravonlarni qoralab, jazolanishini kutamiz. Ammo biror tegishli tashkilot yoki tuzilmalar bunday jinoyatchilarni ertaroq aniqlash va jinoyatning oldini olish haqida bosh qotirmaydi.
Zo‘ravonlarni qanday aniqlash mumkin?
Gavhar Darvish (Teshaboyeva) psixoterapevt:
“Zo‘ravonlar shaxsini tahlil qilish yuzasidan tadqiqotlarda bunga qanday sabablar olib kelishini o‘rganishga urinib ko‘rganmiz. Bunda sabab sifatida birinchi omil – psixologik omil. Ya’ni bolaning o‘ziga ishonchi pastligi, agressiyaga moyilligi, uyida stressni boshqarish usullari o‘rgatilmaganligi. Jinsiy zo‘ravonlik eng pastki mayl – insonning hayvoniy hoxishlari hisoblanadi. Shu hayvoniy maylni boshqarish o‘rgatilmaganligi juda muhim. Keyingisi – ijtimoiy omil. Bunda oila ichidagi va oila tashqarisidagi omillar bor. Oila ichida: oilada shunaqa zo‘ravon shaxslar borligi. Masalan, zo‘ravonlik turlari bor – jinsiy, jismoniy, ma’naviy zo‘ravonlik bor, urmasdan turib ham inson zo‘ravonlik qilishi mukin. Oilada zo‘ravon ota-ona, agressor borligi, doimiy baqir-chaqir yoki jazolash borligi. Bu yerda gap ba’zida yuz beradigan shunaqa vaziyatlar haqida ketmayapti, doimiy jazolash, urish aytilyapti. Bobosi, buvisi, ota-onasi, o‘gay otasi tomonidan zo‘rlangan (tahqirlangan, kaltaklangan) bolalar ham kiradi bu guruhga. Bolaligida zo‘ravonlik ko‘rgan bolalar haqida ketyapti gap. Uchinchi omil – jamiyatda zo‘ravonliklarga neytral munosabatda bo‘lish. Ya’ni zo‘ravonlik sodir bo‘ldimi, bunga qurbonning o‘zi aybdor degan qarashning borligi. Bundan tashqari genetik omillar (irsiy moyillik) ham bor. Aynan zo‘ravonlar geni aniqlanmagan bo‘lsa ham, otasi yoki onasi tomonidan shunaqa jinoyat sodir etganlar, alkogoliklar, narkomanlarning borligi ham bu naslda shunday shaxslar tug‘ilishiga sabab bo‘ladi.
Zo‘ravonlar shaxsi tahlil qilinganda ular antisotsial shaxslar ekanligi aniqlanadi. Ya’ni antisotsial – jamiyatga qarshi ijtimoiy harakatlar qiluvchi. Hammasi nimadan boshlanadi? Oddiy yo‘l-transport qoidalariga amal qilmaslik, oddiy oilaning mas’uliyati yoki oiladagi muammolarga nisbatan ijtimoiy qabul qilingan me’yorlarga zid bo‘lishdan ham boshlanadi ko‘pincha. Ular agressor, o‘z manfaatini boshqalarnikidan ustun qo‘yadigan shaxslar va o‘zining hayvoniy istaklarini boshqara olmaydigan shaxslardir. Biz buni ruhiy tarbiya tilida “nafsi ammora qullari” deb ataymiz.
Shunday shaxslar borki, ular “lazzat kishilari” deyiladi. Ular hozir va shu yerda har qanaqa holatdan qat’iy nazar lazzatlanishga harakat qilishadi. Ya’ni lazzatlar birdaniga zo‘ravonlikdan boshlanmaydi, ular o‘sha paytning o‘zida kayfiyatini ko‘tarishni istashadi, masalan alkogol yoki narkotik. Keyinchalik o‘zgarib ketishi mumkin. Agar uning birinchi tajribasi bolaga zo‘ravonlikdan boshlangan bo‘lsa endi u o‘zini tiyib turishi qiyin bo‘ladi”.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlarida dunyo bo‘ylab har 5 qizdan bittasi, har 7 o‘g‘il boladan bittasi zo‘rlanadi. 370 millionga yaqin ayollar bolaligida jinsiy tajovuzga uchraganini aytishgan. UNICEF tahlillariga qaraganda jinsiy zo‘ravonlikka uchragan bolalarning 70%i bu haqda hech qachon kattalarga aytmaydi.
Kimlar ko‘proq qurbon bo‘ladi?
“Zo‘ravonlar qanday qurbonni tanlashadi? 4 xil temperament bor: xolerik, sangvinik, flegmatik, melanxolik. Ular ko‘proq flegmatik bilan melanxolik qizchalarni tanlashadi. Chunki ular hamma muammoni ichiga yutadigan, onasi bilan bo‘lishmaydigan, unga nisbatan qilingan xatti-harakatniyam aytmaydigan qizlar. Faqat qizlar emas, o‘g‘il bolalar ham. Qabulimga 12 yoshli qizni olib kelishdi, o‘z amakisi tomonidan zo‘rlangan. Onasi shu zahoti bu vaziyatni bilib ajrashgan, amakisi qamalgan. Bu voqea qizcha 7 yoshligida yuz bergan, oradan yillar o‘tib amaki qamoqdan chiqyapti. Qiz faqat buvisi bilan aloqasi bor va amakisi qamoqdan chiqsa ko‘ziga qanday qarayman degan aybdorlik hissi bor ichida. Bunday qurbonlar doim o‘zini ayblaydi. “Men noto‘g‘riman, shuning uchun menga nisbatan shunaqa ish sodir bo‘ldi” degan fikrda bo‘ladi. Chunki ular hali atrof-muhitni, voqealarni to‘liq idrok eta olmaydi. Natijada bolada depressiya kelib chiqadi: “yashashga haqli emasman, noto‘liqman, shu vaziyatda o‘zim aybdorman” deb. Afsuski jamiyatimizdayam qurbonni o‘zi ayblanadi. Bu bolalar keyinchalik jamiyatda o‘zlariga juft tanlashda juda qiynalishadi, ular ko‘p holatlarda o‘ziga nisbatan agressiv munosabatda bo‘ladigan yoki undan foydalanadigan zo‘ravonlarni tanlab qo‘yishi mumkin. Nimagadir erishishda qayta-qayta o‘zini ta’kidlash yo‘li bilan, “men shu jamiyatda yashashga loyiqmanmi?” degan og‘riq bilan yashaydi. Bu jarohatlar hayoti davomida ularga yana boshqa og‘riqlarga olib keladi, baxtsiz bo‘lib yashashiga ta’sir qiladi”.
Ijtimoiy himoya organlari o‘rtasida o‘zaro birdamlik yetarli emas
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga ko‘ra, bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikning 60–80%i yaqin qarindosh yoki tanish shaxslar tomonidan sodir etiladi.
Kamola Aliyeva, huquqshunos:
“Ilmiy va amaliy tajribalar shuni ko‘rsatadiki, bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonliklar aksar holda tanishlar: qarindoshlar, o‘qituvchilar, trenerlar, qo‘shnilar yoki bola ishonib qoldirilgan biror shaxs tomonidan sodir etilgan. Shu sabab faqat begona shaxslardan xavf modeli real manzarani ko‘rsatmaydi.
Haligacha jamiyatimizda oila ichidagi har qanday muammoni yashirish, hattoki u jinoyat bo‘lsa ham uni yashirish, obro‘siga putur yetishidan qo‘rqish bor. Bolalar bevosita boradigan joylar: maktab, poliklinika, mahalla yoki ichki ishlar idoralari, ijtimoiy himoya organlari o‘rtasida o‘zaro birdamlik yetarli emas. Bu mana shu turdagi jinoyatlarni erta aniqlash, ertaroq aralashish va bunday jinoyatlarning oldini olish imkonini bermaydi. Bola bilan ishlaydigan pedagoglar, psixologlar yoki boshqalarda boladagi o‘zgarishlarni. Signallarni erta aniqlab, unga yordam berish ko‘nikmalari hali yetarli emas. Bu esa bolaga bunday narsalarni aytishga xalal beradi. Ya’ni jinsiy zo‘ravonlik haqida aytishga qo‘rquvning borligi, himoya o‘rniga bullingga aylanib ketishi mumkinligi, maxfiylik, ishonchli himoya qilinishga ishonmaslik bor”.
Bu jinoyatni qanday kamaytirish mumkin?
Bu jinoyatni kamaytirish faqat qonunlarga bog‘liq emas, ijtimoiy ong ham rivojlanishi kerak. Agar jamiyatda bunga qarash o‘zgarmasa ahvol yaxshilanmaydi, bu ayrim rivojlangan mamlakatlar misolida ko‘rilgan.
Yaponiyada yashaydigan vatandoshimiz, jamiyatshunos Bahodir Iskandarov bu haqida o‘z fikrlarini bildirdi:
“Voyaga yetmaganlarning jinsiy zo‘ravonlikka uchrashi faqatgina qoloq, rivojlanmagan davlatlarda emas – Yaponiya kabi iqtisodiy rivojlangan, qonun ustuvorligi rivojlangan davlatlarda ham sodir bo‘ladigan jinoyat. Yapon sotsiologlari Yaponiyada bu jinoyatning ommalashishiga, bu jinoyatning oddiyligiga asosan 3ta sababni ko‘rsatishadi. Birinchi sabab: oiladagi uyat. Jinsiy zo‘ravonlikka uchragan bola jamiyatda oilasini, o‘zini sharmanda qilmaslik uchun buni yashirishi jinoyatning oshib ketishiga sabab bo‘lgan. Ikkinchi sabab: mamlakatdagi iyerarxik munosabatlar. Ya’ni o‘zidan kattaning hurmati balandligi. Masalan o‘qituvchi o‘z vakolatidan foydalanib bosim o‘tkazib, yovuz maqsadida jinsiy tajovuz qilishi mumkin. Bola esa qo‘rqqanidan kimgadir ayta olmasligi muammoning urchib ketishiga asosiy sabablardan biri. Uchinchi sabab: yapon animelari va mangalari hisoblanadi. Go‘daklarni seksuallashtirish, manga va animelardagi bosh qahramonlarni judayam intim munosabatlarga mayli bor qilib ko‘rsatish, ularni jinsiy vosita qahramoni sifatida ko‘rsatish mamlakatda bolalarga jinsiy zo‘ravonlikning oddiy qabul qilinishiga sabab bo‘lgan deyishadi.
Faqatgina og‘ir jazoning o‘zi bu jinoyatlar kamayishiga yordam bermaydi. Chunki 2023 yildan keyin bunga juda og‘ir jazolar tayinlangan, ammo kerakli natijaga erisha olishmagan. Yapon sotsiologlari bu illat bilan kurashishda asosiy 3 faktni keltirishadi: og‘ir jazo, jamiyatning toqatsizligi, bolalardagi jinsiy bilimlarning mavjudligi. Bular uchalasi birlashgandagina jamiyatda bu jinoyatni kamaytirish mumkin. Masalan, faqatgina jamiyatning toqatsizligi ham katta yordam bermasligi mumkin. Chunki 2024 yilda jinsiy zo‘ravonlikka uchragan bir qiz haqida ommaviy axborot vositalarida yoritilgandan keyin “Men ham” (Me too) heshtegi ostida juda ko‘p qizlar politsiyaga, OAVga xabarlar berishgan. O‘sha jabrlanuvchilarning o‘zlarini ayblaydiganlar ko‘pgina topilgan va bu uncha katta natija bermagan”.
Jabrlanuvchining o‘zini ayblash bizgayam xos xislat. Bu esa zo‘ravonlikka uchraganlarni sukut saqlashga majbur qiladi. Masalan AQShda nomusga tegish jinoyati yuz berganda jabrlanuvchiga katta ustunlik beriladi va qurbonlar shu tufayli ham jinoyatni oshkor qilishdan uyalishmaydi.
Islandiyada buning oldini olish uchun erta yoshdan jinsiy ta’lim beriladi, ishonchli murojaat kanallari yaxshi ishlaydi va shu sabab bu jinoyatlar nisbatan kamayishi kuzatilgan. Shvetsiyada esa Bolalar huquqlarini Konstitutsiya darajasida himoya qilish, psixolog, ijtimoiy xizmat, politsiya bir joyda ishlaydigan tizim modeli yaxshi natija bergan. Kanadada qonunlar bilan birgalikda ota-onalar bilan majburiy treninglar o‘tkazilgan.
Biz bolalarimiz uchun xavfsiz jamiyat maqsadida qonunlar qabul qilyapmiz, lekin bolamizni eshitmayapmiz. Jazoni kuchaytiryapmiz, lekin zo‘ravonlarni ertaroq tanimayapmiz, ehtiyot bo‘lmayapmiz. Demak hali bolalarimiz uchun xavf va xavotir tugamaydi.
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
Jamiyat
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.
Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.
Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.
Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.
Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.
Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.
Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.
Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.
Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.
-
Siyosat4 days ago
Ўзбекистон ва Озарбайжон раҳбарлари Бухоронинг машҳур обидаларини зиёрат қилдилар (фото)
-
Siyosat3 days ago
«Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas» — Sherzod Asadov
-
Siyosat4 days ago
Shavkat Mirziyoyev AQSh kongressmenlari delegatsiyasini qabul qildi
-
Iqtisodiyot3 days ago
Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?
-
Sport4 days ago
Rossiyalik shaxmatchilar O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Olimpiadada qatnashmaydi
-
Jamiyat5 days ago
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekiston kartoshkani asosan qaysi davlatlardan sotib oldi?
-
Iqtisodiyot3 days agoPrezident ishtirokida umumiy qiymati 50 trln so‘mlik loyihalar ishga tushirildi
