Siyosat
Mashhur siyosatshunosga munosib javob – Markaziy Osiyo integratsiyasi qanday kechmoqda?
1997 yilda amerikalik mashhur siyosatshunos, AQSh prezidenti Jimmi Karter ma’muriyatida milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi bo‘lgan Zbignev Bjezinski o‘zining dunyo siyosiy tafakkuriga katta ta’sir ko‘rsatgan «Buyuk shaxmat taxtasi» kitobini yozdi.
Ushbu asarda muallif XXI asrdagi asosiy geosiyosiy raqobat Yevrosiyo hududida kechishini ta’kidlab, Markaziy Osiyoni ham ana shu katta o‘yinning muhim qismi sifatida baholagan edi.
Bjezinskiy Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin paydo bo‘lgan yangi mustaqil davlatlarning kelajagi haqida fikr yuritar ekan, mintaqadagi siyosiy beqarorlik, chegara muammolari, resurslar uchun raqobat va tashqi kuchlarning ta’siri kuchayishi mumkinligidan xavotir bildirgan.
Uning tahlillarida Markaziy Osiyo ikki tomonlama xavf ostida ko‘rilgan: bir tomondan, Rossiya, Xitoy va AQSh kabi yirik kuchlar manfaatlari to‘qnashadigan hudud sifatida; ikkinchi tomondan esa yangi mustaqil davlatlar o‘rtasida ichki ziddiyatlar kelib chiqishi mumkin bo‘lgan mintaqa sifatida.
Ammo oradan 25 yildan ortiq vaqt o‘tib, bugungi voqelik Bjezinskiy tasavvur qilgan ssenariydan ancha farq qilayotganini ko‘rsatmoqda.
Markaziy Osiyo tashqi kuchlar raqobati maydoni bo‘lib qolish o‘rniga, o‘z manfaatlari va umumiy taraqqiyotini belgilay oladigan mustaqil mintaqaviy makonga aylanib bormoqda. Xo‘sh, bunga nima sabab bo‘ldi? Axir darhaqiqat o‘z vaqtida Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida kelishmovchiliklar bo‘lib o‘tgan va hatto chegaralar minalashtirilgan ediku. Qanday qilib mintaqa o‘zaro raqobatchi davlatlardan integratsiya sari dadil ketayotgan hududga aylandi?
Hammasi haqida bir boshdan.
«Shaxmat taxtasi» yozilgan davr: xavotirlar uchun asos bor edi
Bjezinskiy o‘z kitobini yozgan davrda Markaziy Osiyodagi siyosiy vaziyat haqiqatan ham murakkab edi. 1990-yillarda yangi mustaqil davlatlar davlatchilik institutlarini shakllantirayotgan, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirayotgan va tashqi siyosatda o‘z o‘rnini belgilayotgan edi. Ularda sobiq ittifoqdan qolgan bir qator muammolar mavjud bo‘lgan.
Eng avvalo, bu – chegara masalalari edi. Sovet davrida respublikalar o‘rtasidagi ma’muriy chegaralar mustaqillikdan keyin xalqaro davlat chegaralariga aylandi. Aholi aralash yashaydigan hududlar, anklavlar va tarixiy bog‘liqliklar bu masalalarni murakkablashtirdi.
Ikkinchi omil – suv va energetika masalasi edi. Yuqori oqimdagi Tojikiston va Qirg‘iziston bilan quyi oqimdagi O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmaniston o‘rtasida suv resurslaridan foydalanish bo‘yicha turli qarashlar mavjud edi.
Uchinchi omil – xavfsizlik muhiti edi. Afg‘onistondagi beqarorlik, terrorizm va ekstremizm tahdidi mintaqadagi xavflarni oshirardi.
Shu sababli ayrim tahlilchilar Markaziy Osiyoda nafaqat tashqi kuchlar raqobati, balki davlatlar o‘rtasida jiddiy qarama-qarshiliklar ham yuzaga kelishi mumkinligini taxmin qilgan. Ta’kidlash kerakki, Bjezinskiy xavotirlari asossiz emas edi. Haqiqatdan ham mustaqillikning dastlabki yillarida Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida muammolar bo‘ldi.
O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston munosabatlarida chegaralar, transport, suv va xavfsizlik masalalari bo‘yicha jiddiy kelishmovchiliklar kuzatildi. Davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar sovuqlashdi, chegaralar yopildi, aholi harakati cheklandi.
Ammo mintaqada Bjezinskiy yetarlicha baholay olmagan muhim omil mavjud edi – Markaziy Osiyo xalqlarining tarixiy yaqinligi va davlatlarning o‘zaro manfaatdorligidir. Mana shu jihatlar 2016 yildan boshlab bo‘y ko‘rsata boshladi.
O‘zbekiston omili: mintaqada yangi siyosiy muhit
Markaziy Osiyodagi o‘zgarishlar haqida gapirar ekanmiz, unda O‘zbekistonning o‘rnini alohida ta’kidlab o‘tishimiz lozim bo‘ladi. 2016 yilda Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Prezidenti etib saylanganidan so‘ng mamlakat tashqi siyosatida yangi bosqich boshlandi.
Yangi rahbariyatning asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri – qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarni yaxshilash, ishonchni tiklash va yaxshi qo‘shnichilik muhitini yaratish bo‘ldi.
Bu yondashuvning asosiy g‘oyasi shundan iborat ediki – Markaziy Osiyodagi barqarorlik har bir davlatning alohida muvaffaqiyati emas, balki barcha mamlakatlarning umumiy manfaatidir. O‘zbekiston mintaqa markazida joylashgani va iqtisodiy hamda demografik salohiyati yuqori bo‘lgani sababli uning tashqi siyosati butun mintaqadagi muhitga katta ta’sir ko‘rsatdi.
Tojikiston va Qirg‘iziston bilan munosabatlarda burilish
Shavkat Mirziyoyev siyosati natijasida O‘zbekistonning Tojikiston va Qirg‘iziston bilan munosabatlarida sezilarli o‘zgarishlar yuz berdi. Ilgari murakkab bo‘lgan masalalar muzokara va o‘zaro manfaat asosida hal etila boshladi.
Chegara punktlari ochildi, savdo-iqtisodiy aloqalar kengaydi, xalqlar o‘rtasidagi munosabatlar tiklandi. Bu jarayon nafaqat ikki tomonlama aloqalarni yaxshiladi, balki butun Markaziy Osiyoda yangi siyosiy ishonch muhitini shakllantirdi.
Eng muhimi – davlatlar bir-birini xavf yoki raqib sifatida emas, balki taraqqiyot sherigi sifatida ko‘ra boshladi.
Hamkorlik – tashqi kuchlar o‘yiniga qarshi eng muhim kafolat
Bjezinskiyning asosiy tahlilida Markaziy Osiyo ko‘p jihatdan tashqi kuchlar manfaatlari kesishadigan hudud sifatida ko‘rilgan edi. Darhaqiqat, mintaqa Rossiya, Xitoy, AQSh, Yevropa Ittifoqi va boshqa kuchlar uchun strategik ahamiyatga ega.
Ammo bugungi tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, tashqi kuchlar raqobatiga qarshi turishda eng muhim omil – mintaqaning ichki birligi va davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikdir. Agar Markaziy Osiyo davlatlari o‘zaro kelisha olmasa, tashqi kuchlarga mintaqadagi ta’sir uchun raqobat qilish osonlashadi.
Aksincha, davlatlar umumiy manfaatlar asosida harakat qilsa, mintaqa tashqi raqobat obyekti emas, mustaqil siyosiy subyektga aylanadi. Shu ma’noda, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlik nafaqat iqtisodiy taraqqiyot, balki geosiyosiy mustaqillikning ham muhim omilidir.
Yangi Markaziy Osiyo modeli
So‘nggi yillarda shakllangan yangi mintaqaviy model aynan shu tamoyilga asoslanmoqda.
Uning asosiy xususiyatlari:
– yaxshi qo‘shnichilik;
– o‘zaro ishonch;
– umumiy muammolarni birgalikda hal qilish;
– tashqi kuchlar o‘rtasidagi raqobatda mustaqil pozitsiyani saqlash.
Bu jarayon Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari shakllanishiga olib keldi. Ushbu format davlatlarga o‘z muammolarini o‘zlari muhokama qilish va umumiy qarorlar ishlab chiqish imkonini berdi. Keyinchalik bu hamkorlik Ozarbayjon bilan munosabatlar orqali yanada kengaydi. Markaziy Osiyo va Ozarbayjon o‘rtasidagi yaqinlashuv transport, savdo, energetika va strategik hamkorlik sohalarida yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
Xulosa: Bjezinskiyning shaxmat taxtasi o‘zgardi
Bjezinskiy o‘z davri uchun muhim va chuqur tahlil bergan edi. U Markaziy Osiyoning strategik ahamiyatini to‘g‘ri baholadi. Ammo u mintaqaning eng muhim kuchini – davlatlarning o‘zaro yaqinlashish va hamkorlik qilish salohiyatini to‘liq hisobga olmadi.
Bugun Markaziy Osiyo urush va raqobat ehtimoli yuqori bo‘lgan hudud emas, balki hamkorlik va umumiy taraqqiyot g‘oyasi kuchayib borayotgan mintaqadir. Bu o‘zgarishda O‘zbekistonning yangi tashqi siyosati, ayniqsa Shavkat Mirziyoyevning yaxshi qo‘shnichilik va ochiq muloqotga asoslangan yondashuvi ham muhim o‘rin tutdi. Shuningdek, Mirziyoyevning tashabbusini qo‘llab quvvatlagan qo‘shni davlatlar yetakchilarini ham alohida e’tirof etish lozim.
Bjezinskiyning «shaxmat taxtasi»dagi Markaziy Osiyo katta kuchlar o‘yinining maydoni edi. Bugun esa u tobora ko‘proq o‘z taqdirini o‘zi belgilayotgan, hamkorlikka asoslangan mustaqil mintaqaviy markazga aylanmoqda.
Zafar QOSIMOV