Sport
Parashaxmatchilarimiz tarixiy natija bilan Toshkentda tantanali kutib olindi
Bugun Toshkent vokzalida O‘zbekiston parashaxmat terma jamoasi a’zolari tantanali kutib olindi. Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan 3-Parashaxmat olimpiadasida yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan sportchilarni keng jamoatchilik, yoshlar va ommaviy axborot vositalari vakillari qarshiladi.
Musobaqada jami 41 ta jamoa ishtirok etdi. O‘zbekiston parashaxmat terma jamoasi 11 ochko jamg‘arib, o‘z tarixida ilk bor shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy oldi.
Hal qiluvchi 7-turda sportchilarimiz Isroil terma jamoasiga qarshi bahs olib bordi. Muhim uchrashuv 2,5:1,5 hisobida O‘zbekiston foydasiga yakunlandi. Ana shu g‘alaba terma jamoamizga bronza medalini qo‘lga kiritish imkonini berdi.
Ushbu natija nafaqat parashaxmatchilarimiz, balki butun o‘zbek sporti uchun muhim tarixiy voqea bo‘ldi. Sportchilarimizning matonati, irodasi va musobaqa davomidagi qat’iyati munosib e’tirofga sazovor.
Toshkent vokzalidagi tantanali kutib olish marosimida ham sportchilarga bildirilgan samimiy ehtirom va qo‘llab-quvvatlov ularning ushbu g‘alabasi yurtimizda katta ahamiyat kasb etayotganini yana bir bor namoyon etdi.
O‘zbekiston parashaxmat terma jamoasini tarixiy bronza medali bilan tabriklaymiz! Sportchilarimizga kelgusi musobaqalarda ham yangi zafarlar tilaymiz.