Jamiyat
Mashhur ichimlik jigar kasalliklaridan himoyada yordam berishi aniqlandi
Muntazam ravishda kofe iste’mol qilish sirroz, jigar saratoni va jigar bilan bog‘liq o‘lim xavfini kamaytirishi mumkin. Bu o‘z tadqiqot natijalarini Clinical Gastroenterology and Hepatology (CGH) jurnalida nashr etgan olimlar tomonidan chiqarilgan xulosadir.
Tadqiqotchilar Buyuk Britaniya Biobank loyihasining o‘rtacha 13 yil davomida kuzatilgan 354 957 ishtirokchisining ma’lumotlarini tahlil qilishdi. Kofe ichmaydiganlarga nisbatan, kuniga besh yoki undan ko‘p stakan ichganlarda sirroz xavfi 32 foizga, jigar saratoni xavfi 47 foizga va jigar kasalligidan o‘lim xavfi 42 foizga pastroq edi. Ijobiy bog‘liqlik kuniga atigi bir-ikki stakan bilan kuzatildi va uch-to‘rt stakan bilan aniq ko‘rindi.
Bundan tashqari, MRT tekshiruvlari kofe ichuvchilarda jigarda yog‘, yallig‘lanish, fibroz va temir to‘planishi kamroq ekanligini ko‘rsatdi. Qon tahlillari shuningdek, sog‘lom jigar faoliyati bilan bog‘liq oqsillarning yuqori darajasini va yallig‘lanish va to‘qima chandiqlarida ishtirok etadigan oqsillarning past darajasini aniqladi.
Bu topilmalar birinchi marta kofening himoya ta’sirining mumkin bo‘lgan biologik mexanizmlarini tushuntirishga yordam beradi.
Mualliflar ushbu tadqiqot sabab-oqibat bog‘liqligini isbotlamasligini va hamma jigarini himoya qilish uchun kofe ichishni boshlashi kerak degani emasligini ta’kidlaydilar. Ularning ta’kidlashicha, kofe ushbu xususiyatini asosiy profilaktika choralari – vaznni saqlash, spirtli ichimliklar iste’molini cheklash, jismoniy faol bo‘lish va qon shakarini, qon bosimini va xolesterinni nazorat qilish bilan to‘ldirishi mumkin, ammo ularning o‘rnini bosa olmaydi.
Jamiyat
Qashqadaryoda davlat mehnat huquq inspektori firibgarlikda ushlandi
Qashqadaryo viloyatida davlat mehnat huquq inspektori fuqaroni ishga joylashtirishni va’da qilib, 800 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan olgani aniqlandi. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Qarshi tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Qashqadaryo viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasining davlat mehnat huquq inspektori A.H. muqaddam sudlangani holda firibgarlik sodir etgani ma’lum bo‘ldi.
Tekshiruv davomida aniqlanishicha, u o‘zining yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali fuqaro N.H.ni Qarshi shahridagi Respublika ixtisoslashtirilgan Ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hududiy filialiga orastabon lavozimiga ishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan.
Buning evaziga inspektor fuqarodan 800 AQSh dollarini olgan. Tergov jarayonida ushbu mablag‘ning 200 AQSh dollari hamda 3,3 million so‘mi qaytarilib, bu holat protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 28, 211-moddalari (pora berish jinoyatiga ishtirokchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda ish bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda.
Jamiyat
Navoiyda salkam 35 mlrd so‘mlik «keshbek» talon-toroj qilindi
Navoiy shahrida 34,8 mlrd so‘mlik mablag‘lar keshbek sifatida hisoblanib o‘zlashtirib yuborilganligi fosh etildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Navoiy shahri bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.
Unda 13 ta MChJ mas’ul shaxslari va boshqalar o‘zaro til biriktirib, 4,5 trln so‘mlik mahsulotlar yetkazib berilganligi haqida soxta elektron hisob-fakturalarni rasmiylashtirib, go‘yoki savdodan tushgan pullarni nazorat kassa mashinalari orqali kirim qilib, fuqarolarga sotganligi haqida xarid cheklarini chiqargan.So‘ngra 105 524 nafar fuqaroga Soliq Mobile ilovasi orqali keshbek sifatida 34,8 mlrd so‘m hisoblanib o‘zlashtirib yuborganliklari aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Jamiyat
Qalbaki xorijiy pasport tayyorlash bilan shug‘ullangan jinoiy guruh ushlandi
Farg‘onada qalbaki xorijiy pasport tayyorlash bilan shug‘ullangan jinoiy guruh fosh etildi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda Farg‘ona shahrida qalbaki xorijiy davlat fuqaroligi pasportlarini tayyorlash va sotish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.
Xususan, tezkor tadbir davomida Marg‘ilon shahrida yashovchi 1995 y.t. shaxs Farg‘ona shahrida istiqomat qiluvchi 1990, 1997, 1999 va 2003 yillarda tug‘ilgan 4 nafar tanishi bilan til biriktirib, qalbaki Turkiya Respublikasi fuqaroligi pasporti va haydovchilik guvohnomasini mijozga 4 mln so‘mga sotgan vaqtida ushlandi.
Ulardan jami 11 dona mobil telefonlar va 2 dona noutbuk ashyoviy dalil sifatida olindi.
Hozirda qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Buxoroda hindistonlik talaba yurtdoshini o‘ldirdi
Buxoroda 22 yoshli hindistonlik talaba o‘z kursdoshi (yurtdoshi) bilan yuzaga kelgan janjal oqibatida vafot etdi. Bu haqda Hindiston nashrlaridan biri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Hindistonning Kerala shtatidan bo‘lgan Savariya ismli qizni o‘ldirishda gumonlanib, uning 23 yoshli kursdoshi Sadharul Anam qo‘lga olingan.
Ta’kidlanishicha, hodisa 3 iyul kuni ikki talaba o‘rtasida kelib chiqqan nizo ortidan sodir bo‘lgan. Janjal paytida yigit qizning boshiga noutbuk bilan urgan. Jabrlanuvchi og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan. Ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay, u ichki qon ketishi oqibatida yuzaga kelgan asoratlar tufayli vafot etgan.
Har ikkalasi ham Buxoro davlat tibbiyot instituti talabasi ekani aytilmoqda. Yigit O‘zbekiston huquq-tartibot organlari tomonidan hibsga olingan. Savariyaning jasadi Hindistonga yetkazilgan.
Jamiyat
Bo‘stonliqda quduqqa tushib ketgan fuqaro qutqarib qolindi
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida dalahovlisida dam olayotgan fuqaro quduqqa tushib ketdi. Hodisa joyiga tezkor yetib borgan Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari uni quduqdan olib chiqib, tibbiyot xodimlariga topshirdi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qilishicha, hodisa kuni kecha soat 12:27 da sodir bo‘lgan. Toshkent viloyati FVBBga Bo‘stonliq tumani Novobod mahallasi hududida joylashgan dalahovlilaridan birida fuqaroning quduqqa tushib ketgani haqida xabar kelib tushgan.
Xabar asosida FVV qutqaruvchilari zudlik bilan voqea joyiga yetib borib, maxsus qutqaruv ishlarini amalga oshirgan. Natijada quduqqa tushib ketgan fuqaro sog‘-omon olib chiqilib, shifokorlar nazoratiga topshirilgan.
Ma’lum qilinishicha, hozirda fuqaroning ahvoli yaxshi.
-
Siyosat5 days agoO‘zbekiston va Gruziya strategik sheriklik deklaratsiyasini imzoladi
-
Siyosat5 days agoShavkat Mirziyoyev Gruziyaning oliy milliy mukofoti bilan taqdirlandi
-
Jamiyat5 days agoO‘zbekistonda ayollar umr ko‘rish bo‘yicha erkaklardan oldinda
-
Iqtisodiyot4 days ago
Dollar kursida keskin pasayish yuz berdi
-
Jamiyat4 days agoOliy sud Plenumida inson huquqlari va sud amaliyotiga oid muhim qarorlar qabul qilindi
-
Jamiyat5 days agoToshkentda qurilish tashkiloti markaziy kanalizatsiya quvurini uzib yubordi
-
Sport5 days agoJahon chempionatida bir nechta futbolchi doping bilan qo‘lga tushdi
-
Jamiyat5 days agoPxuketda ikki o‘zbekistonlik ushlandi
