Jamiyat
“Ma’lumotlar xavfsizligi — raqamli iqtisodiyot qalqoni”
Suhbatdoshim Behruzbek Botirovning tajribasi nihoyatda salmoqli: u O‘zbekistonda innovatsiyalar va xalqaro reytinglar bilan ishlash jarayonida davlat boshqaruvida ma’lumotlar tahlili bo‘yicha muhim islohotlarning ishtirokchisi bo‘lgan.
Behruzbek dastlab Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetida moliya yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olgan bo‘lsa, keyinchalik Xitoyning Pekin fan va texnologiyalar universitetida (USTB) menejment magistri darajasini qo‘lga kiritdi. Uning akademik izlanishlari AQShning Janubiy Kaliforniya universitetida (USC) biznes boshqaruvi magistri darajasi bilan davom etdi.
— Xitoy va AQSh universitetlarida ikki xil ta’lim — Sharq va G‘arb yondashuvi faoliyatingizga qanday ta’sir qildi?
— Xitoy va AQShda tahsil olishim menda muammolarga ham tizimli muhandis, ham strategik boshqaruvchi nigohi bilan qarash ko‘nikmasini shakllantirdi.
Xitoyda davlat boshqaruvi va ma’lumotlar bilan ishlash jarayoni aniq iyerarxiya hamda yuqori darajadagi tizimli intizomga asoslanadi.
AQShda esa boshqaruv tizimi regulyator nazorati ostidagi erkin xususiy sektor raqobatiga tayanadi. Ushbu ikki xil qutbning uyg‘unligi masalalarga keng qamrovli va universal yondashishimga zamin yaratdi.
— Raqamli tahlil (Data Analytics) yaqin 5-10 yilda davlat boshqaruvi va moliya sektorini qay darajada transformatsiya qiladi?
Keyingi 5-10 yil ichida Raqamli tahlil (Data analytics), AI shunchaki texnik vosita emas, balki davlat boshqaruvi va moliyaviy arxitekturaning markaziga aylanadi.
Davlat boshqaruvida ma’lumotlar tahlili hisobot berish bosqichidan oldindan ko‘rish va boshqarish bosqichiga o‘tadi. Budjet mablag‘lari statik jadvallar asosida emas, balki real vaqtdagi ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlarga qarab aqlli algoritmlar orqali yo‘naltiriladi. Bu resurslarning isrof koeffitsiyentini minimallashtirib, har bir so‘mning ijtimoiy samaradorligini maksimal darajaga ko‘taradi.
Xitoyning “Digital Twin” (raqamli egiz) shaharlar tajribasidagi kabi, transport, energiya va kommunal tizimlarning yagona data-markazga bog‘lanishi shahar boshqaruvi xarajatlarini 30% gacha qisqartiradi.
Ma’lumotlar oqimi davlatga inqirozlar (pandemiya, tabiiy ofat yoki iqtisodiy shok) yuz berganda emas, ularning ilk belgilari paydo bo‘lgandayoq tezkor qaror qabul qilish imkonini beradi. Markaziy banklar pul-kredit siyosatini belgilashda eskirgan statistik ma’lumotlardan voz kechib, Nowcasting (hozirgi vaqtni prognoz qilish) modeliga o‘tadi. Raqamli valyutalar (CBDC) esa iqtisodiyotdagi pul aylanishini 100% shaffof qilib, yashirin iqtisodiyotga barham beradi.
Banklar an’anaviy kredit muassasasidan yuqori texnologik data-kompaniyalarga aylanadi. Kredit xavf-xatarini baholashda nafaqat rasmiy daromad, balki mijozning raqamli izlari (xulq-atvori, to‘lov intizomi) tahlil qilinadi. Sun’iy intellekt firibgarlik (fraud) harakatlarini soniyaning ming ulushida aniqlaydi va moliyaviy jinoyatlarni blokirovka qiladi. Har bir mijoz uchun uning ehtiyojiga mos individual investitsion va jamg‘arib borish portfellari avtomatik tarzda shakllantiriladi.
— Mamlakat miqyosida innovatsion rivojlanish nimani anglatadi?
— Innovatsion rivojlanish shunchaki texnik yangilanish bo‘lmay, balki jamiyat va iqtisodiyotning murakkab muammolariga topilgan eng samarali hamda yangicha yechimlar yig‘indisi hisoblanadi. Bu jarayon to‘rtta asosiy yo‘nalishda namoyon bo‘ladi.
Birinchi navbatda, institutsional innovatsiyalar davlat boshqaruvining shaffofligi va byurokratiyaning yo‘qligida ko‘rinadi, ya’ni bir muammo inson omilisiz hal bo‘ladigan tizimni ifodalaydi. Inson kapitali yo‘nalishida esa ta’limning eski qoliplardan voz kechishi, mustaqil fikrlaydigan va yechim topa oladigan avlodni yetishtirish muhim o‘rin tutadi. Iqtisodiy erkinlik biznes uchun to‘siqlarning kamligi va startaplarning raqobat muhitida rivojlanishi bilan belgilansa, ijtimoiy madaniyat jamiyatda xato qilishdan qo‘rqmaslik va doimiy izlanish muhiti shakllanishini anglatadi. Innovatsion rivojlanishni o‘lchash uchun bir nechta muhim ko‘rsatkichlardan foydalaniladi. Bularning birinchisi ilmiy-tadqiqot ishlariga ajratilayotgan mablag‘larning yalpi ichki mahsulotdagi ulushidir. Shuningdek, innovatsiya samaradorligi kiritilgan investitsiyalarning yangi ish o‘rinlari yoki eksport hajmi kabi real iqtisodiy foydaga aylanishi bilan baholanadi. Raqamli iqlim darajasi davlat xizmatlarida inson omilining kamaygani bilan o‘lchansa, bilimlar tijoratlashuvi oliygohlardagi ixtirolarning patent holida qolib ketmasdan bozorda real mahsulotga aylanishini ko‘rsatadi.
— O‘zbekistonning Global innovatsion indeksdagi (GII) o‘rnini yaxshilashdagi ulushingiz va jarayondagi to‘siqlar, erishilgan muhim natijalar haqida…
— Global innovatsion indeks (GII) bilan ishlash jarayoni shunchaki raqamlarni o‘zgartirish emas, balki butun tizimni transformatsiya qilish ekanini ko‘rsatdi. Ko‘p hollarda davlat organlarida ma’lumot bor, lekin u xalqaro standart va davriylikka mos emas, eski statistika metodlari zamonaviy indikatorlarni aks ettira olmasdi. Xususiy sektordagi (ilmiy-tadqiqot) xarajatlari, venchur investitsiyalar va startap ekotizimi kabi muhim yo‘nalishlarni o‘lchash mexanizmi umuman mavjud emas edi. Ma’lumotlarning turli idoralarda sochiilib yotganligi, yagona standart va manba yo‘qligi sababli xalqaro tashkilotlarga ziddiyatli raqamlar taqdim etilardi. IT infratuzilmasidan ko‘ra, kadrlarning ma’lumotlarni tozalash va xalqaro metodologiya asosida tahlil qilish ko‘nikmalari yetishmasdi.
Tizimli monitoring natijasida ilk bor ko‘plab indikatorlar bo‘yicha ma’lumot yig‘ishning institutsional mexanizmi yaratildi. Davlat idoralari reytingga shunchaki raqam emas, balki islohotlar samaradorligini o‘lchaydigan diagnostika vositasi sifatida qarashni boshladi. Ma’lumotlar shaffofligi va sifati oshishi natijasida O‘zbekistonning GIIdagi pozitsiyasi sun’iy pasayishlardan qutilib, real dinamikani aks ettirgan holda barqaror yaxshilana boshladi.
— Nima uchun davlat organlari o‘rtasidagi ma’lumotlar almashinuvining sifati xalqaro reytinglardagi o‘rnimizga bevosita ta’sir qiladi?
— Ma’lumotlar almashinuvini mamlakatning “raqamli asab tizimi”ga qiyoslash mumkin. Uning sifati reytinglarga ikkita asosiy kanal orqali ta’sir qiladi: birinchisi ishonch va tasdiqlash orqali. Bu jarayonda xalqaro tashkilotlar faqat davlat bergan raqamga ishonib qolmaydi. Ular ma’lumotlarni mustaqil so‘rovlar va boshqa idoralarning raqamlari bilan solishtiradi. Agar vazirliklar o‘rtasida ma’lumotlar bir-biriga mos kelmasa ishonchsiz deb topiladi va ko‘rsatkich eng past ball bilan baholanadi.
Ikkinchisi, bu qaror qabul qilish samaradorligi. Agar reytinglarni oyna deb tasavvur etsak, undagi tasvir (ma’lumot) xira yoki xato bo‘lsa, davlat noto‘g‘ri qaror qabul qiladi. Ya’ni budjet mablag‘lari ehtiyoj bo‘lmagan sohaga yo‘naltirilishi mumkin.
Yana bir tomoni, sifatsiz statistika investorlar uchun xavf signali hisoblanadi, chunki ular real bozor holatini ko‘ra olmaydilar.
— Credit Suisse kabi dunyoning eng yirik banklaridan biriga ishga qabul qilinish jarayoni qanday kechgan va u yerda orttirilgan eng asosiy tajriba nima?
— Men Credit Suisse jamoasiga 2023-yilda — bank tarixidagi eng keskin burilish nuqtasida, ya’ni UBS bilan birlashish jarayoni boshlangan paytda qo‘shildim. Ushbu bankka ishga qabul qilish jarayonida nomzodning matematik modellashtirish, ma’lumotlar bilan ishlash va moliyaviy tahlil qobiliyati sinovdan o‘tkaziladi. Yuqori bosim ostida qaror qabul qilish va murakkab korporativ vaziyatlarda muvozanatni saqlash ko‘nikmasi tekshiriladi.
Ikki yil davomida men ikkita turli korporativ madaniyat, ikki xil texnologik platformaning qanday qilib yagona tizimga aylanishini ichkaridan kuzatdim va ishtirok etdim. Eng katta tajribam — ma’lumotlarning shaffofligi va tizimlarning mutanosibligi naqadar hayotiy muhimligini anglash bo‘ldi.
Moliyaviy barqarorlik bevosita boshqaruv sifati va xavf-xatarni baholash madaniyatiga bog‘liq. Hisobotlardagi shaffoflikning ta’minlanishi nafaqat texnik talab, balki bozor ishonchini ushlab turishning kafolati. Zamonaviy ma’lumotlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, raqamli asrda mablag‘larning chiqib ketishi an’anaviy boshqaruv mexanizmlariga qaraganda ancha tezroq sodir bo‘ladi. Bu esa menejmentdan tezkor va ma’lumotlarga asoslangan qaror qabul qilishni talab etadi.
Ushbu inqirozdan so‘ng AQSh Federal rezerv tizimi banklarning bardoshliligini tekshirish uchun stress-test amaliyotlarini tubdan kuchaytirdi. Endilikda testlar nafaqat klassik moliyaviy ko‘rsatkichlarni, balki ekstremal bozor sharoitlarida likvidlikning saqlanib qolishini ham qat’iy nazorat qiladi. Bu esa banklardan har qanday kutilmagan shok holatlariga qarshi yetarli kapital zaxirasiga ega bo‘lishni talab etadigan yangi davrni boshlab berdi.
— Shaxsiy ma’lumotlarning chiqib ketishi mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligiga va raqamli iqtisodiyotga bo‘lgan ishonchga qanday ta’sir qiladi?
— Yirik xorijiy investorlar (ayniqsa FinTech va IT sohasida) mamlakatga kirishdan oldin ma’lumotlar himoyasi va huquqiy kafolatlarni tekshiradi. Agar tizim zaif bo‘lsa, investor o‘z kapitali va texnologiyasini xavf ostiga qo‘ymaslik uchun boshqa bozorni tanlaydi. Agar fuqaro o‘z ma’lumotlari xavfsizligiga ishonmasa, u raqamli xizmatlardan (onlayn to‘lovlar, davlat xizmatlari) voz kechadi va an’anaviy “naqd pul va qog‘oz” tizimiga qaytadi. Shaxsiy ma’lumotlarning sizib chiqishi (data breaches) aholining raqamli islohotlarga va davlat tizimiga bo‘lgan ishonchini so‘ndiradi.
Bu esa raqamli iqtisodiyot o‘sishini yillab orqaga surishi mumkin.
— Kiberxavfsizlikni faqat eng qimmat va kuchli dasturlar bilan ta’minlash mumkinmi?
— Dunyo statistikasi shuni ko‘rsatadiki, kiberhujumlarning 80-90% inson omili (Human Error) bilan bog‘liq. Siz dunyodagi eng kuchli himoya tizimini o‘rnatishingiz mumkin, lekin birgina xodim noma’lum fishing havolasini bossa yoki parolini “123456” deb qo‘ysa, tizim ichkaridan qulaydi.
Bu yerda ikki tomonlama yondashuv zarur, ya’ni davlat idoralari va banklarda ma’lumot bilan ishlovchi har bir xodim “raqamli gigiyena” qoidalarini bilishi shart. Ma’lumotlar sizib chiqishi ko‘pincha texnik xatodan emas, balki ichki xodimlarning e’tiborsizligi yoki ijtimoiy injeneriya qurboni bo‘lishi natijasida sodir bo‘ladi.
Aholining raqamli savodxonligi ham juda muhim. Foydalanuvchilar o‘z ma’lumotlarini qayerga kiritayotganini, ikki bosqichli autentifikatsiya (2FA) nima ekanligini va fishing saytlarini farqlay olishi kerak.
Bugungi vaziyatda bizga mudofaa uchligi kerak. Qonuniy javobgarlik, ya’ni ma’lumotlarning sizib chiqishiga yo‘l qo‘ygan tashkilotlarga nisbatan qat’iy iqtisodiy va huquqiy sanksiyalar bo‘lishi lozim (masalan, Yevropaning GDPR standarti kabi). Texnik audit, ya’ni davlat va moliyaviy tizimlar muntazam ravishda buzib kirish sinovidan o‘tkazilishi shart. Kiberxavfsizlik bu shunchaki IT sohasining ishi emas, bu butun jamiyatning madaniyatiga aylanishi kerak.
— Moliyaviy tashkilotlar mijozlarning ma’lumotlarini himoya qilishda eng ko‘p qaysi xatolarga yo‘l qo‘yishadi?
— Ma’lumot — raqamli iqtisodiyotning “qoni”. Agar bu qon sifatsiz bo‘lsa yoki tizimdan sizib chiqsa, butun davlat organizmi falajlanadi.
Davlatning makroiqtisodiy prognozlari, budjet taqsimoti va pul-kredit siyosati bevosita kiruvchi ma’lumotlar sifatiga bog‘liq. Noto‘g‘ri yoki «shovqinli» ma’lumotlar asosida qabul qilingan qarorlar iqtisodiy inqirozga yoki ijtimoiy resurslarning noto‘g‘ri yo‘naltirilishiga sabab bo‘ladi. Shu bois, ma’lumotlarning sofligi va ularning lokalizatsiya qilinishi (O‘zbekiston hududida saqlanishi) mamlakatni tashqi axborot xurujlari hamda kiber-manipulyasiyalardan himoya qiluvchi strategik qalqondir.
Moliyaviy tashkilotlarning ma’lumotlar himoyasidagi eng katta xatolari texnik emas, balki strategik va inson omiliga bog‘liq. Banklar ichki tizimlarni kuchli himoya qilsa-da, ko‘pincha marketing yoki tahlil uchun mo‘ljallangan tashqi skriptlar va uchinchi tomon xizmatlarini nazoratsiz qoldirishadi. Bu “orqa eshik” orqali mijoz ma’lumotlari begona qo‘llarga o‘tib ketadi.
Yana bir muhim jihat: ko‘pchilik banklar yangi tizimlarni sinashda haqiqiy mijoz ma’lumotlaridan foydalanadi. Bu katta xavf! Professional yondashuvda test muhitida faqat sintetik yoki anonimlashtirilgan ma’lumotlar ishlatilishi shart.
Bundan tashqari, ma’lumotlarning turli bo‘limlarda (kredit, marketing) alohida bazalarda (data silos) saqlanishi yagona nazoratni imkonsiz qiladi va ichki firibgarlik xavfini oshiradi.
— O‘zbekistonda ma’lumotlar tahlili (Data Analytics) sohasiga qanday hissa qo‘shmoqchisiz?
— Yirik xalqaro banklardagi Regulatory Reporting (hisobot berish tizimi) va stress-testlar bo‘yicha tajribam mamlakatimiz moliyaviy barqarorligini ta’minlashda asqotadi deb o‘ylayman.
Barno Sultonova suhbatlashdi
Jamiyat
Prezident 7 milliy dastur haqida e’lon qildi
Prezident o‘z nutqida 7 milliy dastur haqida e’lon qildi.
Birinchi milliy dastur bilim va malakani kelgusi taraqqiyotning asosiy kapitaliga aylantirishdan iborat bo‘ladi.
Bolalarning 6 yoshli tayyorlov guruhlariga qamrov qisqa muddatda 100 foizga olib chiqiladi. Xususiy bog‘cha tashkil qilish bo‘yicha mavjud imtiyozlar saqlab qolinadi.
Barcha maktablar xalqaro baholash dasturlari bilan to‘liq qamrab olinadi.
Yurtimizdagi texnikumlarda xalqaro ta’lim standartlarini joriy etiladi. Ularda yoshlarimizni yuqori daromadli kasblarga o‘qitishni yo‘lga qo‘yib, qamrovni 1 millionga yetkaziladi. Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekistonda kasb egallamagan birorta yigit-qiz qolmaydi.
Ikkinchi milliy dastur xalqimizning sog‘lom bo‘lishi va uzoq umr ko‘rishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Shu maqsadda aholi salomatligi bilan bog‘liq davlat xarajatlarini kelgusi besh yilda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5 foizga yetkaziladi.
Tibbiyotda profilaktikani kuchaytirish orqali salomatlikni asrash modeliga o‘tiladi. Davlat tibbiy sug‘urtasi mamlakatning barcha xonadonlariga kirib boradi
Ixtisoslashgan tibbiyotda raqobat muhitini kuchaytirish maqsadida dunyoning eng nufuzli kamida 5 ta klinikasi olib kelinadi.
Uchinchi milliy dastur – iqtisodiyotimizni yuqori texnologiya va mehnat unumdorligi modeliga o‘tkazish.
Buning uchun kelgusi o‘n yilda 450 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilinadi. Iqtisodiyotda yuqori o‘sish sur’atini saqlagan holda, 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmi 300 milliard dollarga yetkaziladi, sanoatda 2 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi.
Yoshlarimizning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishda startap, venchur va sun’iy intellektni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishga aylanadi.
Shuningdek, kichik biznes – o‘rta biznesga, o‘rta korxonalar esa yirik kompaniya va korporatsiyalarga aylanishi uchun yaxlit ekotizimni yo‘lga qo‘yamiz. Bularning hisobiga kelgusi o‘n yilda jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi 10 ming dollarlik marradan oshadi.
Global iqlim o‘zgarishi sharoitida suv va ekologiya masalalari yanada dolzarb bo‘lib bormoqda.
Shu bois, to‘rtinchi milliy dastur suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirishga qaratiladi.
Kelgusi besh yilda ekin maydonlarida suv tejaydigan texnologiyalar qamrovini 100 foizga olib chiqiladi. Bu – umummilliy marraga aylanadi.
Adolat qaror topgan joyda iqtisodiy o‘sish ham, ijtimoiy ishonch ham yuksaladi.
Bu borada beshinchi milliy dastur – sud mustaqilligini kuchaytirish va qonun ustuvorligini ta’minlashni umumiy qadriyatga aylantirishdan iborat.
“Buning uchun huquqiy tarbiyani maktabdan boshlab aniq tizim asosida yo‘lga qo‘yamiz. Fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha islohotlarimizni qat’iy davom ettiramiz. Kiberjinoyatchilik, giyohvandlik va odam savdosining oldini olish bo‘yicha choralarni yanada kuchaytiramiz.
“Yashirin iqtisodiyot”, uyushgan jinoyatchilik, ayollar va bolalar huquqini kamsitishga qarshi kurashni yangi bosqichga ko‘taramiz.
Odamlarimizning kayfiyati, oilalarning farovonligi, yoshlarning orzu-istagi, tadbirkorlarning tashabbuskorligi, eng avvalo, mahallada namoyon bo‘ladi.
Shuning uchun oltinchi milliy dastur mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirishga yo‘naltiriladi.
Endi davlat dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha yondashuv butkul o‘zgaradi. Tuman budjeti, investitsiya dasturi hamda infratuzilma loyihalari mahalla buyurtmasi asosida ishlab chiqiladi. Bunda fuqarolarning talab va ehtiyoji, mahallaning farovonligi – eng asosiy mezon sifatida belgilanadi”, dedi Prezident.
Yettinchi milliy dastur – O‘zbekistonning tinchlik va do‘stlik diyori, bag‘rikeng o‘lka sifatidagi nufuzini har tomonlama yuksaltirishdan iborat.
Bizning ochiq, pragmatik va tinchlikparvar siyosatimiz uzoq muddatli taraqqiyotimizni ta’minlashga qaratilgan.
Jamiyat
Bu yilgi Mustaqillik bayrami ijtimoiy tarmoqlarda chin ma’noda portladi!
Bu yilgi Mustaqillik bayrami ijtimoiy tarmoqlarda chin ma’noda portladi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning nutqi, bayram ssenariysi va sahnadagi chiqishlarga foydalanuvchilardan juda katta, samimiy va kuchli reaksiya bo‘ldi.
Izohlarni o‘qib, bir narsa yaqqol ko‘rinadi: odamlar bayramni shunchaki tomosha qilmagan — his qilgan.
“Juda zo‘r!”, “Boshqacha bo‘ldi!”, “Ta’sirli!”, “Gap yo‘q!”, “Sahnadagi energiya va jonli ijro odamni lol qoldirdi, haqiqiy bayram kayfiyati!”, “Harbiylarning safdagi kelishgan va qat’iy qadamlari qalbimizni g‘ururga to‘ldiradi”, “Juda go‘zal bayram, betakror bayram”… — ijtimoiy tarmoqlardagi minglab fikrlarda bir xil kayfiyat.
Ayniqsa, Prezident nutqidagi fikrlar alohida muhokama qilindi. Vatan tarixi, bugungi islohotlar va kelajakka ishonch uyg‘unlashgan nutq ko‘pchilikda kuchli taassurot qoldirdi.
Bu yilgi Mustaqillik bayrami sahnada o‘zgacha bo‘ldi — ijtimoiy tarmoqlardagi reaksiya esa bundan ham kuchli!
Bu shunchaki izohlar emas. Bu — xalqning bayramga bo‘lgan kayfiyati.
Jamiyat
BYD CHAZOR UzPride – O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan maxsus taklif
BYD Central Asia mahalliy ishlab chiqarilayotgan BYD CHAZOR UzPride modelining rasmiy sotuvi boshlanganini e’lon qiladi. Mahalliylashtirish darajasi yuqori bo‘lgani tufayli 55 KM Luxe jamlanmasi 255 900 000 so‘m narxda taklif etilmoqda.
Modelning nomi uning mazmun-mohiyatini aks ettiradi: brend mahalliy bozorda izchil rivojlanib, texnik mutaxassislarni tayyorlash va mamlakat avtomobilsozlik sanoatini zamonaviylashtirishga ko‘maklashmoqda. Shu bilan birga, zamonaviy texnologiyalarni aholining tobora keng qatlamlari uchun qulay va hamyonbop qilmoqda. Shu sababli yangi talqin O‘zbekiston va uning xalqiga chuqur hurmat ramzi sifatida UzPride nomini oldi.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan xaridorlar uchun maxsus moliyalashtirish dasturi tayyorlandi:
– boshlang‘ich to‘lov – 35%;
– bo‘lib to‘lash muddati – 35 oy;
– foiz stavkasi – 0%;
– moliyalashtirishni rasmiylashtirish – faqat OFB hamkor banki orqali.
Mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan moliyalashtirish dasturi shartlari 2026 yil 29 avgustdan 1 sentyabrgacha amal qiladi.
Dastur shartlari qutlug‘ sana bilan ramziy tarzda uyg‘unlashtirilgan bo‘lib, yangi supergibrid sedanni O‘zbekiston bo‘ylab xaridorlar uchun yanada qulayroq shartlarda sotib olish imkonini beradi.
BYD CHAZOR UzPride haqida
BYD CHAZOR UzPride DM-i supergibrid tizimi bilan jihozlangan. Unda elektr yuritmaning afzalliklari 1,5 litr hajmli yuqori samarali benzin dvigatelining imkoniyatlari bilan uyg‘unlashtirilgan.
132 kVt quvvatga ega elektr dvigatelining eng yuqori burovchi kuchi 316 N·m ni tashkil etadi. Avtomobil 0 dan 100 km/soat tezlikka 7,9 soniyada chiqadi. NEDC o‘lchov tartibi bo‘yicha faqat elektr quvvatida yurish masofasi 55 kilometrgacha yetadi. Akkumulyator quvvati past bo‘lganda yoqilg‘i sarfining eng kam ko‘rsatkichi 100 kilometrga 3,8 litrni tashkil etadi.
55 KM Luxe jamlanmasiga aylantiriladigan 12,8 dyuymli multimedia ekrani, 8,8 dyuymli displeyga ega raqamli ko‘rsatkichlar paneli, o‘zbek tilidagi aqlli ovozli boshqaruv tizimi, 4G va Bluetooth ulanishi, shuningdek, OTA orqali masofadan yangilash imkoniyati kiradi.
Haydovchiga yanada ko‘proq qulaylik yaratish maqsadida avtomobil kalitsiz kirish tizimi, NFC-karta, masofadan ishga tushirish, o‘rindiqni elektr yordamida sozlash, elektr yuritmali tom tuynugi hamda orqa o‘rindiq yo‘lovchilari uchun havo yo‘naltirgichlarga ega iqlim tizimi bilan jihozlangan.
360° atrofni ko‘rsatuvchi panoramali HD-kamera hamda old va orqa to‘xtash datchiklari avtomobilni boshqarish va tor joylarda harakatlanishni osonlashtiradi.
Xavfsizlik tizimlari qatoriga tezlikni bir maromda saqlash tizimi, yo‘nalish barqarorligini nazorat qilish, g‘ildiraklarning sirpanishiga qarshi tizim, shinalardagi bosimni kuzatish, qiyalikda harakatni boshlashga ko‘maklashish, avtomobilni avtomatik ushlab turish, old va yon xavfsizlik yostiqchalari, shuningdek, parda turidagi xavfsizlik yostiqchalari kiradi.
BYD CHAZOR UzPride modelining mahalliy ishlab chiqarilishi yangi energiya manbalarida harakatlanuvchi zamonaviy avtomobillar tanlovini kengaytiradi hamda mamlakat avtomobilsozlik sanoatining rivojlanishiga hissa qo‘shadi.
BYD Central Asia kompaniyasining mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan dasturi – O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligini mamlakatimizda ishlab chiqarilgan yangi avtomobil boshqaruvida kutib olish uchun ajoyib imkoniyatdir.
*Mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan moliyalashtirish dasturi 2026 yil 29 avgustdan 1 sentyabrgacha, 1 sentyabr kuni ham, amal qiladi. Dastur doirasidagi moliyalashtirish faqat OFB hamkor banki orqali rasmiylashtiriladi. Dastur bo‘yicha taklif etiladigan avtomobillar soni cheklangan. Texnik ko‘rsatkichlar ma’lumot berish maqsadida keltirilgan bo‘lib, yo‘l va ob-havo sharoiti, avtomobilning yuklanish darajasi hamda haydash uslubiga qarab farq qilishi mumkin. Avtomobilni sotib olish shartlari va jamlanmasi haqidagi batafsil ma’lumotni BYD kompaniyasining rasmiy dilerlaridan olishingiz mumkin.
BYD kompaniyasining O‘zbekistondagi aloqa ma’lumotlari
Rasmiy ishonch telefoni: 1811
Rasmiy veb-sayt: bydauto.uz
Instagram: @bydauto.uz
Telegram: t.me/bydautouz
Jamiyat
Yangi o‘quv yilida 806 mingdan ziyod 6 yoshli bola maktabga tayyorlov guruhlariga qamrab olinadi
E-qaror tizimida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining maktabgacha ta’lim tashkilotlarini 2026/2027 o‘quv yiliga tayyorlash va bolalarni qabul qilish jarayonini samarali tashkil etishga oid buyrug‘i e’lon qilindi. Hujjatning ilovalari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2026-yil 18-avgustdagi 299-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan.
Hujjatga ko‘ra, 2026/2027 o‘quv yilida respublika bo‘yicha 811 ming 586 nafar 6 yoshli bola hisobga olingan. Ularning 806 ming 290 nafarini maktabga tayyorlov guruhlariga qamrab olish rejalashtirilgan. Natijada qamrov darajasi 99,3 foizga yetkazilishi ko‘zda tutilmoqda.
Maktabga tayyorlov guruhlari bilan qamrab olinmagan 6 yoshli bolalar uchun 485 ta bir yillik bepul majburiy tayyorlov guruhi tashkil etiladi. Ularda jami 13 ming 104 nafar bolani qamrab olish rejalashtirilgan.
Shundan:
— umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 413 ta guruh tashkil etilib, 11 ming 163 nafar bola;
— davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 65 ta guruh ochilib, 1 ming 766 nafar bola;
— boshqa mos binolarda 7 ta guruh tashkil qilinib, 175 nafar bola qamrab olinadi.
Chora-tadbirlar rejasiga muvofiq, avval hududlardagi 6 yoshli bolalar xatlovdan o‘tkaziladi. Xatlov natijasida tayyorlov bilan qamrab olinmagan bolalar mavjud bo‘sh guruh va o‘rinlarga joylashtiriladi.
Shundan keyin ham qamrovdan tashqarida qolgan bolalar uchun umumta’lim maktablari, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari, «Kelajak markazlari» va boshqa obyektlarning bo‘sh xonalarida yangi tayyorlov guruhlari tashkil etiladi. Ularni sentyabr–oktyabr oylarida ishga tushirish belgilangan.
Jamiyat
Qonunchilikdagi noaniqliklar tadbirkor foydasiga talqin qilinadi
Prezident farmonida tadbirkorlik subyektlarining huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan «tadbirkorlik subyektining haqlilik prezumpsiyasi» belgilandi.
Unga ko‘ra, davlat organi tomonidan aksi isbotlanmaguncha tadbirkorlik subyekti va uning mansabdor shaxsi qonunchilikka muvofiq harakat qilgan hamda o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajargan deb hisoblanadi.
Sudda tadbirkorga nisbatan huquqiy ta’sir chorasi qo‘llash uchun uning asosli, qonuniy va mutanosib ekanini, shuningdek, huquqbuzarlik faktini isbotlash majburiyati davlat organiga yuklanadi.
Qonunchilikdagi bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyatlar, noaniqlik va tushunmovchiliklar, shuningdek, dalillar yetarli emasligi tufayli yuzaga keladigan shubhalar tadbirkorlik subyekti foydasiga talqin qilinadi.
-
Sport5 days ago
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
-
Siyosat2 days ago
Шавкат Мирзиёев Бишкекда кутиб олинди
-
Jamiyat4 days ago
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
-
Sport4 days ago
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
-
Jamiyat3 days ago
Qonunchilikdagi noaniqliklar tadbirkor foydasiga talqin qilinadi
-
Siyosat3 days ago
Pokiston bosh vaziri bilan uchrashuv o‘tkazildi
-
Mahalliy1 day ago
«Enamdan qolgan dalalar» (Esse)
-
Siyosat4 days ago
Saida Mirziyoyeva Pekinda Va I bilan muloqot o‘tkazdi
