Jamiyat
Maktab hovlisida qolgan umr sadosi yoxud 25-mayning aytilmagan hikoyasi
1990-yil. O‘rta maktabni bitirdik. 29 nafar sinfdosh edik. O‘shanda 24 may kuni edi. Sinfdoshlar 25-may kuniga «So‘nggi qo‘ng‘iroq»ni belgilashgan. Kim yangi kiyimlar sotib olish uchun bozorma-bozor yugurgan, kim bayramda muallimlarni xursand qilish uchun guldastalar tayyorlashga kirishgan, kim bayram dasturxonini to‘ldirish uchun pishir-kuydir bilan ovora…
Maktab hovlisida esa 10-15 sinfdosh ertangi kunga tayyorgarlik ko‘rish: yig‘ishtirish, supir-sidir ishlari uchun qolganmiz. Kim maktabni bitirayotganidan xursand, yana kimdirning ko‘zida yosh. Men esa aynan, o‘sha kuni Toshkentga — o‘qishga kirish uchun poyezdga chipta olganman.
— Sinfdoshlar!!!
Idiboy ismli sinfdoshimiz qarsak chalib, hammamizning e’tiborimizni o‘ziga qaratdi:
— Hammamiz Layloning o‘qish uchun Toshkentga ketishini bilamiz, to‘g‘rimi?
— To‘g‘ri!
— Ha, bilamiz!
— Bu yaxshi-ku!
— Ammo, yomon tomoni: uning poyezdga bileti bugun ekan, — biroz norozinamo so‘z qotdi Idiboy.
To‘rt tarafdan sinfdoshlar sal qolsa, yoqamga yopishishdi:
— Bir kun ming kun emas-ku!
— O‘zi har safar shu: nimadir boshlasak, Laylo o‘zining nimasinidir boshlab qo‘yadi!
— Yaxshi qilmayapsan, ertaga 25 mayni o‘tkazib, keyin ketishing kerak edi!
— E-e, ko‘rding, Laylo, ketmasang, yaxshi bo‘lardi, bu kunni qaytib topib bo‘lmaydi. Kim biladi, keyin kim bor, kim yo‘q! — so‘zladi Idiboy.
Bu gapga Ikrom va Odil ham qo‘shildi.
— E-e, qo‘ysanglar-chi, bunaqa sovuq gaplarni! Xudo xohlasa, yaxshi kunlarda ko‘p-ko‘p ko‘rishaylik. Endi ilojsizman, bilasizlar, Toshkentda o‘qish uchun o‘zi otamni zo‘rg‘a ko‘ndirganman, hozir biletni bekor qilsak, shu bilan tamom… qaytib ruxsat bermaydi! Undan ko‘ra, yaxshi niyatda duo qilinglar! — dedim xuddi iltijo qilgandek.
Sinfdoshlar «O‘qishlarga kir, omadingni bersin, lekin, baribir, bir kunginaga qolsang yaxshi bo‘lardi…», — deyishdi.
Mana bugun 25-may. Maktabni bitirganimizga 36 yil bo‘libdi. Ammo, shu kun meni hali-hanuz azoblaydi. «Nega o‘sha kun «So‘nggi qo‘ng‘iroq»ni tashlab keldim?», — degan o‘y ezadi.
«So‘nggi qo‘ng‘iroq» o‘z nomi bilan bolalikka, yoshlikka qo‘yilgan so‘nggi jarang ekan.
«Jaranglab chalinsa, «So‘nggi qo‘ng‘iroq»,
Eng so‘ngi onlarga qo‘yilur nuqta.
Umrning 10 yili o‘tibdi, biroq,
Nelarga ulgurdi, qiloldik udda… »
Qaysidir shoir qalamiga mansub shu she’r 36 yilki, tilimdan ketmaydi.
Bundan 36 yil ilgari: «Kim biladi, keyin kim bor, kim yo‘q», — degan Idiboy sinfdoshim, «Yaxshi qilmayapsan, ertaga 25 mayni o‘tkazib, keyin ketishing kerak edi!», — degan Barot sinfdoshim bugun oramizda yo‘q.
Ularning aynan, shu gaplari hamon qulog‘imda jaranglaydi. Ularning ovozi, xafa holda so‘zlagan hazilomuz gaplari, maktab hovlisining changi, may oyining iliq shamoli — hamma-hammasi xotirada tirikday.
Bugun men inson har doim ham «keyin»ni tanlash imkoniga ega emasligini anglab yetdim. Har bir «bugun»ning o‘z bahosi, o‘z taqdiri bo‘lar ekan. Va ba’zan bitta poyezd chiptasi butun bir umrlik xotiralar yo‘lini belgilab qo‘yar ekan.
«So‘nggi qo‘ng‘iroq» o‘sha kuni men uchun bolalik bilan vidolashuv emas, yurakda xotiralarning muhrlanishi ekanini, dard ekanini keyinroq tushundim. Bu dard yurakdan ketmaydi: u faqat shakl almashadi, odam bilan birga kattalashib boraveradi.
Bugun ham 25-may. Maktab hovlisidagi jaranglar yo‘q, o‘sha ovozlar yo‘q.
***
Bugun ijtimoiy tarmoqlarda turli qarashlarda talqin qilinayotgan «So‘nggi qo‘ng‘iroq» — faqatgina maktab hovlisida chalingan temir qo‘ng‘iroq emasligini unutmasligimiz kerak. Yuqorida aytganimizdek, u bolalikning so‘nggi sadosi. Kim uchundir orzularga ochilgan eshik, kim uchun vidolashuv va kim uchundir yangi tashvishlar boshlanishi.
E’tibor qilgan bo‘lsangiz, may oyining oxirlari kelishi bilan mamlakatning har bir maktabida o‘ziga xos ruh paydo bo‘ladi. Odatda, shovqin-suronga to‘la bo‘lgan sinfxonalar sokinlashadi. O‘quvchilar kulgisidayam g‘alati mahzunlik paydo bo‘ladi. Chunki, bu darslar, bu parda, bu derazayu-jovonlar, qo‘ng‘iroqlar… ortda qoladi.
Bir vaqtlar darsga chiqishni istamagan bola ham yillar o‘tib, aynan, o‘sha kunlarni sog‘inib yashaydi. Bir paytlar yoqtirmagan o‘qituvchisining qattiqqo‘lligi ortida mehr borligini keyinroq anglaydi. Har kuni ko‘rib, bir-biridan zerikkan sinfdoshlar ham yillar o‘tib, eng qadrli insonlarga aylanadi.
Ma’lumot o‘rnida: «So‘nggi qo‘ng‘iroq» tarixiga nazar tashlansa, uning sobiq ittifoq davrida shakllangani ma’lum. Tarixchilarning qayd etishicha, ilk bunday tadbir 1948 yilda sobiq Ittifoq hududida o‘tkazilgan ekan. Uni birinchi bo‘lib rus pedagoglaridan biri Fyodor Bryuxovetskiy yo‘lga qo‘ygani haqida ma’lumotlar bor.
Shundan keyin «So‘nggi qo‘ng‘iroq» asta-sekin an’anaga aylangan. Oradan yillar o‘tdi, davlatlar o‘zgardi, tizim o‘zgardi, ta’lim tizimi yangilandi, ammo, bu marosim saqlanib qoldi. Xalqona an’anagayam aylanib ulgurdi.
Har yili 25-may kuni maktab hovlilarida bitiruvchilar saf tortadi. Yelkasida qo‘ng‘iroq ushlagan birinchi sinf o‘quvchisini ko‘tarib chiqqan bitiruvchi davrani aylanadi. Mana shu tasvirning o‘ziyam juda chiroyli taassuroti bilan xotiralarni qayta-qayta tiklaydi.
Buxorolik 68 yoshli Hamid aka 1975 yilda maktabni bitirgan:
— O‘sha paytlarda xuddi bugungidek dabdababozliklar bo‘lmasdi. Maktab hovlisida saf tortardik. Direktor tabriklardi. O‘qituvchilar omad tilardi. Keyin esa sinfdoshlar bilan rasmga tushib, tarqalishardik. Hashamati oz bo‘lsa ham hozirgilaridan ko‘ra, samimiyroq bo‘lardi. Sababi o‘shanda biz qimmat liboslar, restoranlar, ortiqcha dabdaba, ijtimoiy tarmoq uchun sahnalashtirilgan videolar ko‘rsatish uchun emas, xayrlashuvni his qilish uchun to‘planishardik, — dedi.
Bugungi bitiruvchilar esa boshqacharoq fikrlaydi.
— Bu kun biz uchun muhim. Bolalik hayotimizning yakuni. Hamma narsa esda qolardi bo‘lishi kerak: liboslar, rasmlar, vals.., — deydi bitiruvchi qiz.
Ha, har bir avlodning his qilish tarzi boshqacha. Kechagi bitiruuvchi xotirani yurakda saqlagan bo‘lsa, bugungi bitiruvchi uni telefon galareyasida saqlaydi.
Hatto, ota-onalar ham ikki tarafga bo‘linganini yashirmaslik kerak. «Kimning ko‘ylagi qimmat, kimning restorani zo‘r…» musobaqaga aylanyapti. Iqtisodiy jihatdan yetishmovchiligi bor ota-onalar esa qiynalib qolishyapti.
Aslida, bahsning ildizidagi muammo «So‘nggi qo‘ng‘iroq»da emas, uning mazmuni o‘zgarib borayotganida. Shuningdek, maktablarda «vals» ham bahslashuvlarga sabab bo‘lmoqda.
Albatta, maktab rahbarlari va mas’ullar esa bu masalada ehtiyotkor. Vazirlik tomonidan ham ortiqcha dabdaba, restoranlarda bitiruv kechalari, pul yig‘ish, qimmat liboslar va xavfli sayrlarga qarshi qat’iy cheklovlar belgilangan. Bu qarorlar bejiz emas, har yili istamasak-da, «So‘nggi qo‘ng‘iroq»dan keyin turli ko‘ngilsiz hodisalar kuzatiladi. Bayram xuddi qimmat liboslaru, go‘zal chehrali qiz-yigitlar namoyishga aylanib ketadi.
Muhokamayu bahslarda, hatto, «So‘nggi qo‘ng‘iroq» kerakmi?» degan savolni tashlashga ham ulgurishibdi. To‘g‘ri, bu savolga aniq va bir xil javob yo‘q. Ammo, bir haqiqat borki, inson hayoti ramzlarga ham muhtoj. Nikoh, tug‘ilgan kun, harbiy xizmatga kuzatish, nafaqaga chiqish va hokazo… bularning barchasi hayotiy bosqichlarni belgilaydi.
Gap uni bekor qilishda emas, ma’noli va mazmunli o‘tkazishda. Agar bu tadbir orqali ota-onalar bolalar ko‘z o‘ngida «boy-kambag‘al»ga ajratilsa, «So‘nggi qo‘ng‘iroq», shubhasiz, ahamiyatini yo‘qotadi, o‘zidan bezdiradi. Yuqorida 68 yoshli Hamid aka aytganidek, asosiy urg‘u ustozlarga rahmat aytish va sinfdoshlar bilan xayrlashishga qaratilsa, an’ananing umri davomli bo‘ladi.
***
Oradan yillar o‘tar. 30 yil. 50 yil. Bugungi bitiruvchilar xuddi biz kabi sochiga oq tushgan holda maktab hovlisidan o‘tar, ammo, bolalik sog‘inchi o‘zgarmaydi. «Kim biladi, keyin kim bor, kim yo‘q!», — degan og‘riq xotiralar qalblarni bu qadar o‘rtamaydi…
Jamiyat
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan 2026 yilning dastlabki sakkiz oyida o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida 73 nomdagi mahsulot sifat va xavfsizlik talablariga javob bermasligi aniqlandi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, qo‘mita hamkor tashkilotlar bilan birgalikda chakana savdo nuqtalarida sotilayotgan xalq iste’moli tovarlarining sifat va xavfsizlik talablariga muvofiqligini tekshirish uchun muntazam ravishda nazorat xaridlarini o‘tkazib kelmoqda. Xarid qilingan mahsulotlar akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalarda tekshirilib, ularning davlat standartlari hamda normativ-texnik hujjatlar talablariga mosligi baholanadi.
Xususan, 2026 yilning sakkiz oyida 60 turdagi jami 558 nomdagi mahsulot laboratoriya ekspertizasidan o‘tkazilgan. Natijada ulardan 73 nomdagisi belgilangan normativ-texnik talablarga javob bermasligi ma’lum bo‘lgan.
Ushbu mahsulotlarni savdo rastalaridan qaytarib olish va qonunchilikka muvofiq choralar ko‘rish uchun tegishli materiallar O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasiga yuborilgan.
Jamiyat
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
Qonunchilik palatasi deputatlari bugungi majlisida moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibini yengillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini uchinchi o‘qishda qabul qilib, Senatga yubordi.
Hujjatga ko‘ra, tadbirkorlar jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab bir oy ichida jarimaning 50 foizini ixtiyoriy to‘lasa, qolgan qismini to‘lashdan ozod etilishi mumkin.
Shuningdek, jarimani 6 oy davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati nazarda tutilmoqda.
Agar jarima to‘g‘risidagi qaror bekor qilinsa yoki haqiqiy emas deb topilsa, noqonuniy undirilgan mablag‘ qaytariladi. Qaytarish kechiktirilgan taqdirda, Markaziy bank asosiy stavkasining uch yuzdan biri miqdorida foiz to‘lash tartibi joriy etiladi.
Hozircha bu qoidalar qonun loyihasida nazarda tutilgan, kuchga kirmagan.
Jamiyat
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
O‘zbekistonda moda va dizayn sohasi uchun malakali mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan yangi davlat oliy ta’lim muassasasi tashkil etiladi.
Prezidentning 2026-yil 16-oktyabrdagi PQ–378-son qaroriga muvofiq, Toshkent xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi. Akademiya Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tizimida faoliyat yuritadi.
Yangi oliygoh Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti hamda Parij xalqaro moda akademiyasining qo‘shma ta’lim dasturi negizida tashkil etiladi.
Mazkur dasturda tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini yangi akademiyada davom ettiradi. Bitiruvchilarga Toshkent xalqaro moda akademiyasining diplomi beriladi.
O‘quv jarayoni 2026/2027 o‘quv yilidan boshlanadi. Akademiyada xalqaro qo‘shma dasturlar bilan bir qatorda, mustaqil ta’lim dasturlari asosida bakalavr va magistrlar tayyorlashga ham ruxsat etiladi.
2027/2028 o‘quv yilidan boshlab to‘qimachilik, tikuvchilik, trikotaj va charm-poyabzal sohalarida korxonalar buyurtmasi asosida dual ta’lim joriy qilinadi. Bunda talabalar nazariy bilim olish bilan birga ishlab chiqarish jarayonlarida ham ishtirok etadi.
Shuningdek, yengil sanoat yo‘nalishidagi texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan, o‘rtacha bahosi akademiya belgilagan talabga javob beradigan bitiruvchilarga bakalavriatning uchinchi bosqichidan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishni davom ettirish imkoniyati yaratiladi.
Akademiya bazasida davlat buyurtmasi asosida turli tashkilotlar uchun kiyim-bosh dizaynini ishlab chiqish va milliy brendlarni shakllantirish ham yo‘lga qo‘yiladi.
Qarorda xorijiy mutaxassislar va talabalarni jalb qilish uchun ko‘p martalik vizalar rasmiylashtirish tartibi ham nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, 2028-yil yakuniga qadar davlat-xususiy sheriklik asosida 400 o‘rinli talabalar turar joyi quriladi. Ungacha akademiyaga o‘tkazilgan talabalar Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti yotoqxonasidan belgilangan tartibda foydalanishi mumkin.
Jamiyat
Xorijda o‘zbek restorani ochgan tadbirkorga xarajatlari bir qismi qoplab beriladi
Xorijda o‘zbek milliy taomlariga ixtisoslashgan restoran yoki oshxona tashkil etgan mahalliy tadbirkorlar ayrim xarajatlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismini subsidiya sifatida qaytarib olishi mumkin.
Ushbu xizmat Turizm qo‘mitasi tomonidan my.gov.uz Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bepul ko‘rsatiladi.
Subsidiya O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tgan va xorijda milliy restoran tashkil etgan tadbirkorlik subyektlariga ajratiladi.
Ariza topshirishda restoranning xorijiy davlatda ro‘yxatdan o‘tganini va binodan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar, sanitariya va yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqlik bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etilishi kerak.
Shuningdek, restoranni tashkil etish bilan bog‘liq amalga oshirilgan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar, zaruratga qarab O‘zbekistondan mahsulot yetkazib berilganini tasdiqlovchi ma’lumotlar va ularning rasmiy tarjimasi so‘ralishi mumkin.
Restoranning ichki va tashqi ko‘rinishini aks ettiruvchi fotosuratlar ham arizaga ilova qilinadi.
Ariza my.gov.uz portali orqali elektron shaklda yuboriladi va 18 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Ijobiy qaror qabul qilinsa, subsidiya mablag‘lari 7 ish kuni ichida tadbirkorning bank hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
Arizada kamchiliklar aniqlangan taqdirda, tadbirkorga ularni bartaraf etib, hujjatlarni qayta taqdim qilish imkoniyati beriladi.
Jamiyat
Ustyurtda sayg‘oqlar uchun beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi «Sayg‘ochiy» kompleks landshaft buyurtma qo‘riqxonasida yovvoyi hayvonlarni suv bilan ta’minlash maqsadida beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi.
Tashabbus Ekologiya qo‘mitasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) va Global ekologik jamg‘arma (GEF) bilan hamkorlikda «Aral Sea Wetlands» loyihasi doirasida amalga oshirildi.
Suv resurslari cheklangan Ustyurt cho‘li sharoitida qo‘shimcha suv manbalarining mavjudligi sayg‘oqlar va mahalliy faunaning boshqa vakillarini saqlab qolishda muhim ahamiyatga ega.
Avtonom tizimlar quyosh energiyasida ishlaydi va to‘liq avtomatlashtirilgan. Ularning har biri 3 kub metr sig‘imga ega suv havzalari, nasoslar, datchiklar va hisoblagichlar bilan jihozlangan. Bu markazlashgan elektr energiyasi va suv ta’minoti manbalariga doimiy ulanish zaruratisiz suvni barqaror yetkazib berish imkonini beradi.
Suv ichish tizimlari bilan bir qatorda hududga 10 ta kamera va 10 ta fototuzoq ham o‘rnatildi. Ular hayvonlarni sutka davomida kuzatish, harakatlanishi va suv ichish joylaridan foydalanishini qayd etish, shuningdek, populyasiyalar holatini keyingi monitoring qilish uchun ma’lumot to‘plash imkonini beradi.
Ustyurtning og‘ir tabiiy sharoitida yashaydigan sayg‘oqlar uchun qo‘shimcha suv manbalarining yaratilishi yovvoyi hayvonlar populyasiyalarini saqlash va tiklashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Avtonom suv ichish tizimlarining o‘rnatilishi Ustyurtda bioxilma-xillikni asrash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan biri bo‘lib, zamonaviy kuzatuv vositalari orqali hayvonlar holatini monitoring qilish va zarur ma’lumotlarni to‘plash imkonini ham beradi.
