Jamiyat
Buxoro shahar IIB sobiq tergovchisi qidiruvga berildi: Kalavaning uchi qayerda?
Tergovchi Buxoro shahrida ko‘p qavatli turar joy majmuasi qurib sotuvchi qurilish firmasiga nisbatan olib borilgan tergovda dalillarni soxtalashtirgani aytilmoqda. Lochinbek Toshpo‘latov o‘ziga nisbatan nohaqlik bo‘layotgani, bu ishlar ortida viloyat prokurorining o‘rinbosari Aliakbar Po‘latov va viloyat prokuraturasi tergov bo‘limi boshlig‘i Otabek Muzaffarovlar turganini aytadi. Kun.uz surishtiruvida muammo markaziga olib chiqilgan “Best building company” MChJning ilk ta’sischisi Umidjon Nurullayev aynan Lochinbek Toshpo‘latovning g‘ayriqonuniy tergovi natijasida nohaq ayblangani aytilmoqda.
Jinoyat kodeksining 230¹-moddasi 2-qismi “a” bandida (bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib dalillarni soxtalashtirish (qalbakilashtirish) ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganligi uchun ayblangan Toshpo‘lotov Lochinbek Komilovich Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasi tomonidan qidirilmoqda.
Ushbu shaxs Buxoro shahar IIB xuzuridagi tergov bo‘limi sobiq tergovchisi ekani ma’lum. U YouTube sahifalaridan biriga bergan intervyusida o‘ziga nisbatan Buxoro viloyat prokuraturasi O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, shu sabab 2025 yil 29 dekabr kuni lavozimidan ozod qilingani haqida gapirgan.
Lochinbek Toshpo‘lotov o‘z intervyusida Buxoro viloyati prokuraturasi 21-bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan jinoyat ishlari Buxoro shahar IIB tergov bo‘limi ish yurituviga yuborilgani, ular orasida Bobur Raupov va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi ham bo‘lgani, aynan ushbu jinoyat ishi uning yurituviga topshirilgani haqida gapiradi (B.Raupov va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi doirasida Umidjon Nurillayev ham ayblangan – tahr.).
“Ushbu jinoyat ishi viloyat prokuraturasining o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi boshlig‘i Otabek Muzaffarov tomonidan 3 yil davomida tergov qilinib, go‘yoki “jinoyat sodir etgan shaxs noma’lum”ligi sababi bilan to‘xtatib qo‘yilgan bo‘lgan.
Men ish bo‘yicha tergov harakatlari o‘tkazdim. 500ga yaqin jabrlanuvchilar aniqlandi. Jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni qoplash uchun Buxoro viloyat prokurori o‘rinbosari Aliakbar Po‘latovning topshirig‘iga asosan ayblanuvchilarning uylarida tintuvlar o‘tkazildi. Tintuvda olingan ashyolarning ishga doir emaslari bo‘yicha axborot berganimda “qaytarib bermaysan”, ariza yozsa ham bizga keladi, degani uchun men bu ashyolarni qaytarib bermadim. Chunki ishni prokuror tasdiqlaydi, u bilan kelishilmagan har qanday qarorni bekor qilish vakolatiga ega.
Jinoyat ishini tugatib, sudga yubordim. Ayblanuvchilarga hukm bilan jazolar tayinlandi. Ammo oradan 2 yil o‘tgandan so‘ng ayblanuvchilar qarindoshlari tintuv davomida olingan tilla taqinchoqlarni qaytarib berilmaganini vaj qilib ariza yozishdi. Shundan so‘ng menga Buxoro shahar prokuraturasi Jinoyat kodeksining 207-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi” deydi L.Toshpulatov.
Qidiruvdagi tergovchi va Kun.uz surishtiruvidagi figurant: qanday bog‘liqlik bor?
Kun.uz Toshkentning Shota Rustaveli ko‘chasida quruvchi va investorlar o‘rtasidagi mojaroga e’tibor qaratib, fuqarolarga va’da qilingan uylar 7 yil o‘tib ham topshirilmayotgani, nizoli obekt esa sud qarori bilan buzishga tushgani haqida surishtiruv e’lon qilgandi.
https://www.youtube.com/watch?v=HW35jbu1c-w
“Best building company” MChJning ilk ta’sischisi Umidjon Nurullayev hisoblanadi.
Kun.uz o‘rgangan sud hukmida aytilishicha, Umidjon Nurullayevga dastlabki tergov organi qo‘ygan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi “a,v” bandlari, 184-moddasi 3-qismi, 228-moddasi 3-qismi, 242-moddasi 1-qismi va 243-moddasi ayblovdan chiqarilgan.
U JKning 168-moddasi 4-qismi “a,v” bandlari, 189-moddasi 1-qismi, 192-11-moddasi 2-qismi “a,b” bandlari va 228-moddasi 2-qismi “a,b” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.
Apellyatsiya instansiyasi ajrimi bilan U.Nurillayevning ayblovidan 192-11-moddasi 2-qismi “a,b” bandlari chiqarib yuborilib, 11 yillik jazo muddati 1 yilga qisqartirilgan.
Taftish instansiyasi Buxoro viloyat sudi taftish instansiyasi apellyatsiya ajrimini o‘zgarishsiz qoldirgan.
Umidjon Nurillayevning advokati sud hukmi va ajrimlar ustidan Oliy sudga taftish tartibida shikoyat tayyorlanayotganini, chunki Nurillayevning B.Raupov va boshqalar sodir etgan jinoyatlarga aloqasi yo‘qligini aytmoqda.
Umid Nurillayev qanday ish bo‘yicha “o‘tiribdi”?
Sud hukmiga ko‘ra Bobur Raupov, Ibrohimjon Murotov, Umidjon Nurullayev va Xurshid Razakov sudlanuvchi sifatida e’tirof etiladi. Ular “Absolute Elite Building” MChJ tomonidan Buxoro shahri Hamza ko‘chasi, 25-uy manzilidagi yer maydonida joylashgan eski tipdagi uy-joyni buzib, o‘rniga zamonaviy turar-joy binosini bir yil muddatda qayta qurib yakunlash va’dasi bilan mijozlar bilan shartnomalar tuzib, pulardan to‘lovlarni qabul qilib olishgan.
Bobur Raupov “Absolute Elite Building” MChJda ta’sischi, Umidjon Nurillayev esa 2018-2019 yilarda direktor vazifasida ishlagan.
Sud hukmi va ajrimlarida Umidjon Nurillayev 2019 yilda ushbu firmadagi faoliyatini yakunlab, Toshkent shahriga ko‘chib ketgani keltiriladi. Jinoyat ishining asosiy figuranti sifatida ko‘rilgan Bobur Raupov ko‘rsatmalarida tergovga tortilgan epizodlarda Umidjon Nurillayevning umuman aloqasi bo‘lmaganini aytgan.
Jamiyat
Ustyurtda sayg‘oqlar uchun beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi «Sayg‘ochiy» kompleks landshaft buyurtma qo‘riqxonasida yovvoyi hayvonlarni suv bilan ta’minlash maqsadida beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi.
Tashabbus Ekologiya qo‘mitasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) va Global ekologik jamg‘arma (GEF) bilan hamkorlikda «Aral Sea Wetlands» loyihasi doirasida amalga oshirildi.
Suv resurslari cheklangan Ustyurt cho‘li sharoitida qo‘shimcha suv manbalarining mavjudligi sayg‘oqlar va mahalliy faunaning boshqa vakillarini saqlab qolishda muhim ahamiyatga ega.
Avtonom tizimlar quyosh energiyasida ishlaydi va to‘liq avtomatlashtirilgan. Ularning har biri 3 kub metr sig‘imga ega suv havzalari, nasoslar, datchiklar va hisoblagichlar bilan jihozlangan. Bu markazlashgan elektr energiyasi va suv ta’minoti manbalariga doimiy ulanish zaruratisiz suvni barqaror yetkazib berish imkonini beradi.
Suv ichish tizimlari bilan bir qatorda hududga 10 ta kamera va 10 ta fototuzoq ham o‘rnatildi. Ular hayvonlarni sutka davomida kuzatish, harakatlanishi va suv ichish joylaridan foydalanishini qayd etish, shuningdek, populyasiyalar holatini keyingi monitoring qilish uchun ma’lumot to‘plash imkonini beradi.
Ustyurtning og‘ir tabiiy sharoitida yashaydigan sayg‘oqlar uchun qo‘shimcha suv manbalarining yaratilishi yovvoyi hayvonlar populyasiyalarini saqlash va tiklashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Avtonom suv ichish tizimlarining o‘rnatilishi Ustyurtda bioxilma-xillikni asrash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan biri bo‘lib, zamonaviy kuzatuv vositalari orqali hayvonlar holatini monitoring qilish va zarur ma’lumotlarni to‘plash imkonini ham beradi.
Jamiyat
SSV 4 ta MSKT xaridi bo‘yicha bekor qilingan tender xususida tushuntirish berdi
Bir muddat oldin Raqobat qo‘mitasi SSV huzuridagi Xaridlar markazining boshlang‘ich narxi 14 mlrd so‘m bo‘lgan davlat xaridi «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun talablariga nomuvofiq deb topilgani sababli bekor qilingani aytilgan edi.
Markaz ushbu holat yuzasidan bergan rasmiy tushuntirish berib, respublika tibbiyot muassasalari uchun 4 ta MSKT uskunasini xarid qilish bo‘yicha o‘tkazilgan tender natijalari bekor qilinganini tasdiqladi.
Markaz ma’lumotiga ko‘ra, maxsus axborot portalida 497870-sonli lot bo‘yicha o‘tkazilgan tender yakunlaridan so‘ng “SKYMED Technologies” MChJ tomonidan e’tiroz xati kelib tushgan.
Murojaat Xarid komissiyasi tomonidan o‘rganilganda, ishtirokchilarning texnik takliflarini baholash jarayonida tibbiyot muassasalari ekspert guruhi tomonidan ayrim texnik xatolarga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.
Xususan, servis xizmati ko‘rsatish bo‘yicha belgilangan mezon asosida g‘olib ishtirokchiga asossiz ravishda qo‘shimcha 1 ball berilgan.
Shundan so‘ng Xarid komissiyasining 2026-yil 18-sentyabrdagi qarori bilan mazkur lot bo‘yicha tender natijalari bekor qilingan.
Shuningdek, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi 21-sentyabr kuni tender yuzasidan o‘rganish o‘tkazish maqsadida ishtirokchilar taqdim etgan hujjatlarni so‘ragan.
Xaridlar markazi 22-sentyabr kuni qo‘mitaga javob yo‘llab, tender natijalari bekor qilingani va bunga sabab bo‘lgan holatlar haqida ma’lumot bergan.
Markazning ta’kidlashicha, tender natijalarining bekor qilinishi texnik baholash jarayonida aniqlangan xatolar bilan bog‘liq bo‘lib, qaror Xarid komissiyasi tomonidan o‘rganish yakunlariga ko‘ra qabul qilingan.
Jamiyat
O‘zbekistonda Ta’lim va ilm-fan vazirligi tashkil etildi
O‘zbekistonda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi yagona Ta’lim va ilm-fan vazirligi sifatida qayta tashkil etildi.
Bu Prezident farmonida belgilandi.
Yangi vazirlik maktabgacha ta’limdan boshlab oliy ta’lim va ilmiy faoliyatgacha bo‘lgan yo‘nalishlarni yagona boshqaruv tizimiga birlashtiradi.
Islohotdan asosiy maqsad mamlakatda ta’lim, tarbiya va ilm-fanning yaxlit tizimini zamon talablari asosida tashkil etish, ta’lim sifati va samaradorligini oshirish hamda inson kapitalini rivojlantirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqishdan iborat.
Shuningdek, ta’limning barcha bosqichlari o‘rtasida uzviylik va davomiylikni ta’minlash ko‘zda tutilgan. Ya’ni maktabgacha ta’lim, maktab ta’limi, oliy ta’lim va ilmiy faoliyat yagona tizim doirasida muvofiqlashtiriladi.
Farmonda sohada samarali boshqaruv tizimini joriy qilish, turli ta’lim bosqichlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish va vazirlikning jamoatchilik oldidagi hisobdorligini oshirish ham nazarda tutilgan.
Yangi tuzilma orqali ta’lim va ilm-fan sohasida davlat siyosatini yagona yondashuv asosida amalga oshirish maqsad qilingan.
Jamiyat
Administratsiya huzurida maxsus ishchi guruh tuzildi va unga Zafar Hoshimov rahbar etib tayinlandi
Prezident matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, davlat rahbari Ta’lim va ilm-fan vazirligini tashkil etish to‘g‘risidagi farmonni imzolar ekan, ta’lim sifatini oshirish va sohani yangi bosqichga olib chiqish uchun yangicha yondashuvlarni qo‘llash, bozor talablariga mos ta’limni, raqobatni hamda xususiy sektor ishtirokini rivojlantirish vazifasini qo‘ygan.
Shu maqsadda Prezident Administratsiyasi huzurida Inson kapitalini rivojlantirish va uzluksiz ta’lim strategiyasi bo‘yicha umummilliy konsepsiyani ishlab chiqadigan maxsus ishchi guruh tashkil etilmoqda. Unga jamoatchilik asosida tadbirkor Zafar Hoshimov rahbarlik qiladi.
Guruh tarkibiga ta’lim muassasalarini yo‘lga qo‘yish va samarali tizimlar yaratishda tajribaga ega tadbirkorlar, soha mutaxassislari, olimlar hamda xalqaro ekspertlar jalb qilinadi.
Jamiyat
Sherzod Asadov ta’lim sohasidagi yangilanishlarning asosiy mazmunini tushuntirdi
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ta’lim tizimidagi so‘nggi o‘zgarishlar yuzasidan izoh berdi.
Uning qayd etishicha, ikki vazirlikni birlashtirishdan asosiy maqsad — ta’limning barcha bosqichlarini yagona tizimda boshqarish va sifatni alohida nazorat qilishdan iborat.
Yangi Ta’lim va ilm-fan vazirligi bog‘cha, maktab, professional va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish, ularning operatsion jarayonlari, ta’lim talablari, litsenziyalash va akkreditatsiya uchun mas’ul bo‘ladi.
Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi esa o‘quv dasturlari, qo‘llanmalar va metodik materiallarni ishlab chiqish, ularni amaliyotga joriy etish va natijalarini tahlil qilish bilan shug‘ullanadi. Bu jarayon «O‘zbek maktabi bitiruvchisining portreti» asosida yo‘lga qo‘yiladi. Prezidentning 28 sentyabrdagi taqdimotida ham yangi maktab bitiruvchisi modelida zamonaviy ko‘nikmalar, mustaqil fikrlash va qaror qabul qilish qobiliyatiga urg‘u berilgan edi.
Prezident Administratsiyasi va uning huzuridagi maxsus ishchi guruh yangi vazirlik tuzilmasi, ish jarayonlari hamda islohotning umumiy strategiyasini ishlab chiqadi.
Oliy ta’limda esa davlat aralashuvini kamaytirish, oliygohlar mustaqilligini kengaytirish, nodavlat sektor uchun imkoniyatlarni oshirish va sifatni raqobat hamda bozor talabi orqali shakllantirish ko‘zda tutilgan.
-
Jamiyat2 days ago
O‘zbekistonda Ta’lim va ilm-fan vazirligi tashkil etildi
-
Jamiyat2 days ago
SSV 4 ta MSKT xaridi bo‘yicha bekor qilingan tender xususida tushuntirish berdi
-
Jamiyat1 day ago
Ustyurtda sayg‘oqlar uchun beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi
-
Jamiyat3 days ago
Sherzod Asadov ta’lim sohasidagi yangilanishlarning asosiy mazmunini tushuntirdi
-
Iqtisodiyot2 days ago
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
-
Jamiyat3 days ago
Administratsiya huzurida maxsus ishchi guruh tuzildi va unga Zafar Hoshimov rahbar etib tayinlandi
-
Iqtisodiyot6 hours ago
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
