Jamiyat
“Magic City”da suitsid sahnasi namoyish etildi. Buning uchun javobgarlik bor
Teatrlashtirilgan tomoshada odamlar, jumladan, bolalar ko‘z o‘ngida o‘z joniga qasd qilish sahnasi ko‘rsatilgan. Toshkent shahar hokimligi matbuot kotibi “Magic City” xususiy hudud ekanini, muhokamalarga sabab bo‘layotgan sahna ko‘rinishi hokimlik yoki madaniyat boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etilmaganini bildirdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda “Magic City” bog‘ida namoyish etilgan teatrlashtirilgan tomosha videolavhasi tarqaldi. Tomoshada o‘z joniga qasd qilish sahnasi ko‘rsatilgan.
Videoda ko‘rinishicha, rol ijro etuvchilardan biri baland ustunga bo‘ynidan ip bilan bog‘langan holda osilib turgan. U bu orqali o‘z joniga qasd qilish holatini ko‘rsatib bergan. Tomoshada ko‘plab odamlar, xususan, yosh bolalar ham bo‘lgan.
“Magic City” bog‘i rasmiy saytida bu qanday teatr va tomosha ekani haqida biror ma’lumot yo‘q. Kun.uz holatga izoh olish maqsadida Toshkent shahar hokimligi matbuot kotibi Gulnoza Qosimova bilan bog‘landi.
Gulnoza Qosimova ijtimoiy tarmoqda tarqalgan videodan xabari borligini, “Magic City” xususiy hudud ekanini, muhokamalarga sabab bo‘layotgan sahna ko‘rinishi shahar, Chilonzor tuman hokimligi yoki shahar madaniyat boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etilmaganini hamda ular oldindan xabardor qilinmaganini bildirdi.
“Bu tadbir biz bilan kelishilmagan, holat bo‘lib o‘tgandan so‘nggina biz xabardor bo‘ldik”, deydi matbuot kotibi.
O‘zbekistonda shafqatsizlikni targ‘ib qilganlik uchun javobgarlik bor. Xususan, MJtKning 189-1-moddasida tazyiqni, zo‘ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish taqiqlanishi belgilangan. Bunday huquqbuzarlik fuqarolarga BHMning 50 baravaridan 400 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 100 baravaridan 450 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
MJtKning 248-1-moddasiga ko‘ra, bu kabi huquqbuzarlik ishlarini ko‘rib chiqish O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi organlariga taalluqli. Milliy gvardiya matbuot kotibi Kun.uz’ga tomosha hech kim bilan kelishilmagani uchun holat tegishli tashkilotlar bilan birgalikda o‘rganilayotganini, qo‘shimcha ma’lumot berilishini bildirdi.
Jamiyat
«Andijon polkasi» tadbiriga ketayotgan o‘quvchilar YTHga uchradi
O‘quvchilar mingan Damas yo‘lda yuk mashinasi bilan to‘qnashgan. Oqibatda bir bola vafot etgan, qolganlari shifoxonaga yotqizilgan. Andijon viloyati YHXB o‘quvchilarni o‘zboshimchalikda aybladi.
Andijon viloyatida «Andijon polkasi» tadbiri doirasida maktab o‘quvchilari YTHga uchragan, ulardan biri vafot etgan. Bu haqda viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovning Instagram’dagi posti ostidagi izohlarda foydalanuvchilardan biri xabar qoldirgan.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu hodisa Asaka tumanidagi 14-maktab o‘quvchilari bilan ro‘y bergan. Hodisa oqibatida o‘quvchilardan biri vafot etgan, qolganlari esa jonlantirish bo‘limida qolmoqda.
Holat yuzasidan izoh bergan Andijon viloyati YHXB axborot xizmati maktab o‘quvchilarini o‘zboshimchalikda ayblagan.
Andijon viloyati YHXB axborot xizmati Daryo.uz’ga ma’lum qilishicha, YTH 23 iyun kuni sodir bo‘lgan.
«Asaka tumani xalq ta’limi bo‘limi tomonidan Andijon shahrida o‘tkaziladigan tadbirga tayyorgarlik ko‘rish uchun borib-keladigan o‘quvchilarga alohida avtobus ajratilgan. Ammo bir guruh o‘quvchi o‘zboshimchalik bilan Damas avtomobilida ketayotgan bo‘lgan. Yo‘lda avtomobil „ZIL“ yuk mashinasi bilan to‘qnashgan. O‘quvchilar shifoxonaga yotqizilgan. Shifokorlarning sa’y-harakatlariga qaramay, ulardan bir nafari vafot etgan. Qolgan o‘quvchilarning holati yaxshi», – deyiladi taqdim etilgan axborotda.
Holat yuzasidan Asaka tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tergovchilari surishtiruv olib borayotgani qo‘shimcha qilingan.
Ma’lumot uchun, 24 iyun kuni Andijon viloyati markazidagi stadionda «Andijon polkasi» raqsiga tushish orqali rekord o‘rnatildi.
Stadionda 20 ming kishi bir vaqtning o‘zida raqs tushgan. Hokimlik matbuot xizmati e’lon qilgan suratlarda tadbirda yosh bolalar ham ishtirok etganini ko‘rish mumkin.
Jamiyat
Elektr ta’minoti korxonalari muhandislari pora olayotganda ushlandi
Farg‘ona viloyati va Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida elektr ta’minoti korxonalarida faoliyat yurituvchi ikki muhandis xizmat mavqeidan foydalanib, turli masalalarni hal qilib berish evaziga pora talab qilgan vaqtida qo‘lga olindi.
Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda elektr ta’minoti korxonalari muhandislarining korrupsiyaviy harakatlari fosh etildi.
Xususan, Farg‘ona tumani elektr ta’minoti korxonasi muhandisi fuqaroning qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish sexiga elektr tarmog‘i tortish, hisoblagich o‘rnatish va elektr ta’minotiga ulash, shuningdek, mansabdor tanishlari orqali ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirib berish evaziga 100 million so‘m talab qilgan.
Tezkor tadbir davomida muqaddam sudlangan muhandis talab qilingan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Yana bir holatda esa Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani elektr ta’minoti korxonasi muhandisi mahalliy fermer xo‘jaligining elektr energiyasidan to‘plangan 122 million so‘m qarzdorligini mansabdor tanishlari orqali bekor qildirib berishni va’da qilib, buning evaziga 50 million so‘m talab qilgan.
U muqaddam 10 million so‘m olgan bo‘lib, qolgan 40 million so‘mni olayotgan vaqtida DXX va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.
Hozirda har ikki holat yuzasidan muhandislarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
1 iyuldan mahallalar boshqaruvida muhim o‘zgarishlar kuchga kiradi
Prezidentning «Mahalla boshqaruvini samarali tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq, 2026 yil 1 iyuldan mahallalar boshqaruvi tizimida qator yangiliklar joriy etiladi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston mahallalari uyushmasiga qo‘shimcha vakolatlar berilib, «mahalla yettiligi» faoliyatini qo‘llab-quvvatlashning yangi tartibi belgilanadi.
Prezidentning 2026 yil 24 iyunda qabul qilingan PF–116-sonli farmoni bilan mahalla boshqaruvini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi.
Farmonga ko‘ra, 1 iyuldan O‘zbekiston mahallalari uyushmasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari hamda tuman (shahar) bo‘limlariga mahallalardagi muammolarni tizimli tahlil qilish, mas’ul idoralar o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, hududiy dasturlarni ishlab chiqish va ularning ijrosini nazorat qilishda ishtirok etish huquqi beriladi.
Shuningdek, mahallada birinchi marta ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatni sodir etgan fuqarolarga nisbatan sud-tergov organlari yengillik qo‘llagan taqdirda, «mahalla yettiligi» ularni qayta tarbiyalash, kasbga o‘rgatish, bandligini ta’minlash va ta’limga yo‘naltirish uchun mas’ul bo‘ladi.
Agar kafillikka olingan shaxs uch yil davomida jinoyat va huquqbuzarlik sodir etmasa, uning ijobiy tarbiyasida faol ishtirok etgan «mahalla yettiligi» a’zolarini qo‘shimcha rag‘batlantirish choralari ko‘riladi.
Farmon bilan, shuningdek, mahallalar uyushmasining tuman (shahar) bo‘limi boshliqlariga «mahalla yettiligi» faoliyatiga noqonuniy aralashuv yoki ularni xizmat vazifasiga kirmaydigan ishlarga jalb qilish holatlari yuzasidan tuman (shahar) hokimlariga taqdimnoma kiritish vakolati ham berildi.
Jamiyat
O‘zbekistonda aholisi eng ko‘p hududlar qaysilar?
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil 1 aprel holatiga O‘zbekistonning doimiy aholisi qariyb 38,4 million nafarga yetgan. Shu bilan birga, mamlakatda aholi soni eng ko‘p bo‘lgan tuman va shaharlar reytingi ham ma’lum qilindi.
Milliy statistika qo‘mitasi 2026 yil 1 aprel holatiga aholi soni eng ko‘p bo‘lgan tuman va shaharlar ro‘yxatini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, Namangan shahri 731,3 ming aholi bilan birinchi o‘rinni egallagan. Ikkinchi o‘rinda 607,6 ming aholiga ega Samarqand shahri, uchinchi o‘rinda esa 588,6 ming kishi yashaydigan Urgut tumani qayd etilgan.
Reytingning keyingi o‘rinlaridan Andijon shahri (506 ming kishi), Denov tumani (442,7 ming kishi), Olmazor tumani (419,6 ming kishi), Pastdarg‘om tumani (401,5 ming kishi), Yunusobod tumani (395 ming kishi), Shayxontohur tumani (374,6 ming kishi) hamda Asaka tumani (369,6 ming kishi) joy olgan.
Qayd etilishicha, 2026 yil 1 aprel holatiga mamlakatning doimiy aholisi soni qariyb 38,4 million nafarni tashkil etgan.
Jamiyat
5 kilogrammdan ortiq gashish, marixuana va minglab dori vositalari aniqlandi
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari ichki ishlar va bojxona organlari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirlarda 5 kilogrammdan ortiq gashish, 7 kilogrammdan ziyod marixuana hamda minglab kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari noqonuniy muomaladan olib qo‘yildi.
Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan giyohvandlik vositalari va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi qaratilgan bir qator tezkor tadbirlar o‘tkazildi.
Xususan, Qarshi – Toshkent yo‘nalishida harakatlanayotgan «Kobalt» rusumli avtomashina YPX maskanida tekshirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan Andijon viloyati Buloqboshi tumanida yashovchi 1966 yilda tug‘ilgan fuqaroning qo‘l sumkasidan jami 5 kilogramm 32 gramm «gashish» giyohvandlik vositasi aniqlandi.
Yana bir holatda Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida yashovchi 1974 yilda tug‘ilgan shaxs o‘z tomorqasida 33 tup kannabis o‘simligini yetishtirib kelayotgani fosh etildi. Shuningdek, uning xonadondan 7 kilogramm 79 gramm «marixuana» giyohvandlik vositasi ham olindi.
Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Andijon – Qo‘qon yo‘nalishida harakatlanayotgan «Lasetti» rusumli avtomashina to‘xtatilib, undagi ikki yo‘lovchiga tegishli qoplardan 1200 dona «Tropikamid» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi topildi.
Tadbir davomida ular bilan bog‘liq bo‘lgan yana uch nafar shaxs ushlanib, ulardan jami 345 dona «Tropikamid» hamda 15 dona «Regapen» dori vositalari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Tergov davomida mazkur shaxslar kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini Qirg‘izistondan aylanma yo‘llar orqali olib kelib, sotish bilan shug‘ullangani aniqlangan.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
-
Dunyodan5 days agoEron Hormuz boʻgʻozi yopilganini eʼlon qildi
-
Jamiyat4 days ago
Bugun ayrim hududlarda havo harorati 44 darajaga yetishi mumkin
-
Siyosat3 days ago
«Endigi vazifa erishilgan kelishuvlarni real loyihalarga aylantirish»
-
Jamiyat4 days ago
Uy qurmoqchimisiz? Hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi bilan tanishing
-
Iqtisodiyot3 days agoO‘zbekiston qaysi mamlakatlarga ko‘proq mahsulot sotmoqda?
-
Siyosat3 days agoPrezident Mirziyoyev Ozarbayjon elchisini oʻz nihoyasiga yetgan “Mehnat Shufrati” ordeni bilan taqdirladi
-
Sport5 days agoNodirbek Abdusattorov jahon shaxmat reytingida eng yuqori uchtalikka kirdi
-
Dunyodan4 days agoAQSh va Eron o’rtasidagi urushning iqtisodiy oqibatlari hisoblanmoqda
