Jamiyat
Toza energiya targ‘iboti: Sungrow O‘zbekistonda faoliyatini kengaytirmoqda
Hozirda iste’mol qilayotgan elektr energiyasining katta qismi hanuzgacha ko‘mir, neft va gaz kabi tiklanmaydigan manbalarni yoqish orqali ishlab chiqariladi. Bu jarayonda atmosferaga turli zaharli gazlar chiqariladi, bu esa atrof-muhitga jiddiy zarar yetkazadi. Natijada global isish, muzliklar erishi va quriqchiliklar kuzatilmoqda. Bugungi kunda dunyo jamoatchiligi oldidagi asosiy vazifalardan biri — tabiat va havoga zarar yetkazmaydigan toza energiya ishlab chiqarish hisoblanadi. Bu muammoni barqaror yechimlar bilan hal etayotgan kompaniyalardan biri — Sungrow hisoblanadi.
1997 yilda Xitoyda tashkil etilgan Sungrow kompaniyasi bugungi kunda 180 dan ortiq mamlakatda o‘z faoliyatini amalga oshirmoqda. 2024 yil holatiga ko‘ra, kompaniya tomonidan o‘rnatilgan quyosh invertorlari 740 GVtdan ortiq energiya ishlab chiqargan — bu jahon miqyosida eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri sanaladi.
“Sungrow — qayta tiklanadigan energetika texnologiyalari sohasida jahon yetakchilaridan biri. Biz 28 yildan buyon barqaror energetika yechimlarini ishlab chiqmoqdamiz. Faoliyatimiz beshta yo‘nalishni qamrab oladi: quyosh energetikasi (PV), energiya saqlash tizimlari (ESS), shamol energetikasi, vodorod texnologiyalari va elektromobillar. Hozirda biz dunyo bo‘yicha 520 dan ziyod filiallarimiz orqali mijozlarga xizmat ko‘rsatyapmiz”, — deydi Sungrow’ning Markaziy Osiyodagi rahbari Sofiya Chjan.
Kompaniya tijorat, sanoat, turar joy va kommunal ehtiyojlar uchun mo‘ljallangan invertorlarni taklif qiladi. Sungrow uskunalarining asosiy afzalliklaridan biri — yuqori samaradorlik va murakkab sharoitlarda ham barqaror ishlash qobiliyati, masalan, kam yorug‘lik yoki yorug‘lik cheklangan joylarda ham.
“Bizning mahsulotlar moslashuvchan konfiguratsiyalarga ega. Bizda ikki xil akkumulyator bor — standart va uzoq muddatli. Uskunalarni mamlakatning istalgan hududida qulay foydalanish mumkin. Bizning energiya saqlash tizimimiz 1 soatdan 8 soatgacha ishlaydi va turli xil PCS qurilmalari bilan mos keladi. Biz mijozlarga saqlash shkaflarini yig‘ishda yordam beramiz. Uskunalar barqaror ishlaydi va kam xizmat ko‘rsatishni talab qiladi — har uch oyda boshqaruv bloklarini almashtirish yoki dasturiy ta’minotni qayta yozish talab etilmaydi. Agar tizimning biror qismi ishdan chiqsa, biz DIO Stack texnologiyasi yordamida uni almashtiramiz”, — deb tushuntiradi Sungrow’ning energiya saqlash tizimlari bo‘yicha mutaxassisi Luna Vu.
Sungrow allaqachon O‘zbekiston bozoriga kirgan va mahalliy mijozlarga yuqori samarali quyosh energetika yechimlarini taklif qilmoqda.
“Markaziy Osiyo bozori uchun biz 1+X modulyar invertor va SG320HX-20 string invertorini taklif qilyapmiz. Ikkala qurilma ham energiyani tejamkor ishlab chiqarishga mo‘ljallangan bo‘lib, texnik xizmat ko‘rsatishni osonlashtiradi. Long string va DCMPLC texnologiyalari sarmoyaviy xarajatlarni kamaytirishga yordam beradi. Shuningdek, invertorlar chang va shamoldan himoyalangan bo‘lib, zaif elektr tarmoqlarida ham barqaror ishlaydi”, — deydi Sungrow’ning quyosh invertorlari bo‘yicha mutaxassisi Aleks Lu.
Kompaniyaning mintaqaviy xizmat menejeri Najib Xaddadning aytishicha, Sungrow Markaziy Osiyoda 2018 yildan buyon faoliyat yuritmoqda, 2024 yilda esa O‘zbekistonda umumiy quvvati 2 GVtdan ortiq bo‘lgan quyosh elektrostansiyalarini ishga tushirdi. Shuningdek, mamlakatda 150 MVt / 300 MVt·soat hajmdagi birinchi yirik energiya saqlash tizimi joriy etildi.
“Bizning kompaniya mijozlarni uskunani yetkazib berishdan tortib, uni foydalanishga topshirish (COD) jarayonigacha to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Garantiya davrida va undan so‘ng ham xizmat ko‘rsatishni davom ettiramiz. O‘rnatish ishlarini malakali muhandislar amalga oshiradi”, — deya ta’kidlaydi u.
Kompaniya elektr tarmog‘iga ulangan va gibrid invertorlarni, shuningdek, energiya saqlash yechimlarini ishlab chiqaradi. Gibrid invertorlar Sungrow batareyalari bilan integratsiya qilingan bo‘lib, uy va ishlab chiqarish obektlarida tok o‘chgan holatda zaxira energiyadan foydalanish imkonini beradi.
Kompaniya shuningdek, masofadan turib monitoring qilish imkonini beruvchi onlayn platforma taklif etadi. U orqali foydalanuvchilar va texnik mutaxassislar uskunalarni boshqarishi va nosozliklarni aniqlashi mumkin.
“Maishiy invertorlar uchun biz 10 yillik kafolat va servis xizmati taqdim etamiz. Agar nosozlik yuzaga kelsa, jamoamiz diagnostika o‘tkazadi va yechim taklif qiladi. Zarur bo‘lsa, uskunani almashtiramiz”, — deydi Sungrow’ning texnik yechimlar bo‘yicha menejeri (distribyutor biznesi) Abror Usmonaliyev.
Sofiya Chjan ta’kidlashicha, kompaniyaning mintaqadagi faoliyatini kengaytirish sabablaridan biri — mintaqada quyosh resurslarining boyligi, qayta tiklanadigan energiyaga bo‘lgan talabning ortishi, energetik tizimlarni transformatsiya qilish zarurati va uglerod chiqindilarini qisqartirish maqsadidir.
“O‘zbekiston quyosh energetikasiga katta ahamiyat beradi, investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlaydi va iqlim maqsadlariga erishishga intilmoqda. Bu, o‘z navbatida, fosil yoqilg‘ilariga bo‘lgan bog‘liqlikni kamaytirish orqali amalga oshirilmoqda. 2024 yil holatiga ko‘ra, Sungrow Markaziy Osiyoda 3 GVtdan ortiq quyosh invertorlari o‘rnatgan. 2025 yilda ham biz mintaqani barqaror va yashil energiya bilan ta’minlashga o‘z hissamizni qo‘shishni maqsad qilganmiz”, — deya xulosa qiladi u.
Reklama huquqi asosida
Jamiyat
Qashqadaryoda uchta bankka oid firibgarlik holati aniqlandi
Qashqadaryo viloyatida tijorat banklari faoliyati bilan bog‘liq uchta firibgarlik va mablag‘larni o‘zlashtirish holati fosh etildi. Tergovga qadar tekshiruvlarda bank xodimi va sobiq mahalla agentlari fuqarolarni aldab, omonat va kredit mablag‘larini talon-toroj qilgani aniqlangan.
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Kitob tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda tijorat banklaridan birining hududiy boshqarmasi yetakchi mutaxassisi D.Sh. fuqarolarga bankda yuqori foizli omonat mavjudligini aytib, ularning ishonchiga kirgani ma’lum bo‘ldi.
Tekshiruvlarga ko‘ra, u ikki nafar fuqarodan jami 19 ming AQSh dollari va 300 million so‘mni qabul qilib, mablag‘larni bankka omonat sifatida joylashtirmasdan, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.
Ko‘kdala tumanida aniqlangan holatda esa tijorat banklaridan birining Ko‘kdala bank xizmatlari markazi sobiq mahalla agenti A.B. yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali 60 million so‘m kredit ajratib berishni va’da qilib, fuqarodan 300 AQSh dollari va 1 million so‘m olgan.
Shuningdek, u ajratilgan 60 million so‘m kredit mablag‘ini ham o‘zlashtirgani aniqlangan. Tergov davomida mazkur mablag‘ hisobidan 2 million so‘m protsessual tartibda qaytarilgan.
Muborak tumanidagi holatda esa tijorat banklaridan birining filialida sobiq mahalla agenti bo‘lib ishlagan G.A. fuqaroning ishonchiga kirib, qalbaki hujjatlardan foydalangan holda uning nomiga 47 million so‘m miqdorida kredit rasmiylashtirib, mablag‘ni o‘zlashtirgan.
Tekshiruv jarayonida ushbu kredit mablag‘i bankka to‘liq qaytarilgan.
Har uchala holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Jamiyat
Chimyon tog‘ida adashib qolgan 4 nafar fuqaro qutqarildi
Toshkent viloyatidagi Chimyon tog‘ida sayr vaqtida yo‘ldan adashib qolgan to‘rt nafar fuqaro Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari tomonidan qidirib topilib, xavfsiz hududga olib chiqildi. Hodisa oqibatida hech kim tan jarohati olmagan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qilishicha, voqea yuzasidan xabar Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasiga 112 yagona dispetcherlik xizmati orqali kelib tushgan.
Murojaatga ko‘ra, to‘rt nafar fuqaro Chimyon tog‘iga sayrga chiqqan. Ortga qaytayotganda yo‘lni qisqartirish maqsadida asosiy marshrutdan chetga chiqqani sababli adashib qolgan va qutqaruvchilar yordamiga muhtoj bo‘lgan.
Xabar olinishi bilan Chimyon maxsus qutqaruv otryadi xodimlari zudlik bilan voqea joyiga yetib borib, qidiruv-qutqaruv ishlarini boshlagan. Natijada adashib qolgan fuqarolar topilib, xavfsiz hududga olib chiqilgan.
FVV ma’lumotiga ko‘ra, hodisa oqibatida fuqarolarning hech biri tan jarohati olmagan.
Vazirlik tog‘li hududlarga sayohat qiluvchilarga yo‘nalishni oldindan rejalashtirish, ob-havo sharoitini inobatga olish hamda belgilangan marshrutdan chetga chiqmaslikni tavsiya qildi.
Jamiyat
O‘zbekiston bo‘ylab ko‘chalar sovitilmoqda, daraxtlar muntazam sug‘orilmoqda
O‘zbekistonda kuzatilayotgan anomal issiqlar munosabati bilan respublika bo‘ylab yashil hududlarni asrash va aholi uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan chora-tadbirlar kuchaytirildi. Daraxt va butalar tong, kechqurun hamda tungi soatlarda sug‘orilmoqda, maxsus texnikalar yordamida esa ko‘chalar sovitilmoqda.
Foto: Ekologiya vazirligi
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lum qilishicha, respublika hududiga o‘ta issiq havo massalarining kirib kelishi va havo haroratining 44–46 darajagacha ko‘tarilishi munosabati bilan hududiy bosh boshqarmalar mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda kompleks tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Mamlakatning barcha hududlarida daraxtlar, butalar va manzarali o‘simliklar namlikning bug‘lanishi eng kam bo‘ladigan tong, kechqurun va tungi vaqtlarda sug‘orilmoqda. Shuningdek, maxsus texnikalar yordamida shahar ko‘chalari va jamoat joylarini sovitish ishlari ham tashkil etilgan.
Buxoro viloyatida yashil hududlarni parvarishlash ishlari kuchaytirilib, favvoralar ishga tushirilgan. Markaziy ko‘chalar va yashil zonalar muntazam sug‘orilmoqda. Konimex tumanida esa havo haroratini pasaytirish hamda chang miqdorini kamaytirish maqsadida ko‘chalarga suv sepilmoqda.
Qashqadaryo viloyatida ekologiya xodimlari daraxt va butalarning qurib qolishining oldini olish maqsadida tungi sug‘orish ishlarini amalga oshirmoqda.
Xonobod va Andijon shaharlarida maxsus texnikalar yordamida ko‘chalar sovitilmoqda. Bu tadbirlar havo sifatini yaxshilash va chang ko‘tarilishining oldini olishga xizmat qilmoqda.
Surxondaryo viloyatida tasdiqlangan grafik asosida ko‘chalar, daraxtlar va yashil maydonlar sug‘orilmoqda. Termiz shahrida esa kunning eng issiq vaqtlarida aholiga yuqori harorat ta’sirini yumshatish maqsadida ko‘chalarga suv sepilmoqda. Shu bilan birga, viloyatning bir qator hududlarida maysazor va gulzorlarni uzluksiz suv bilan ta’minlaydigan zamonaviy sug‘orish tizimlari joriy etilgan.
Navoiy viloyatida daraxtlar, gulzorlar va boshqa yashil maydonlarni muntazam sug‘orish ishlari davom ettirilmoqda. Namangan viloyatida esa anomal issiq oqibatlarini yumshatish maqsadida shahar ko‘chalariga qo‘shimcha suv sepish va yashil hududlarni sug‘orish ishlari kuchaytirilgan.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi fuqarolarni ham yashillikni asrashga hissa qo‘shishga chaqirib, jazirama kunlarda sug‘orilgan har bir daraxt mamlakat ekologik barqarorligi uchun muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Jamiyat
«Rektorlar maktabi» dasturiga qabul qilish tartibi tasdiqlandi
Adliya vazirligi «Yangi O‘zbekiston» universitetida davlat oliy ta’lim tashkilotlari rektori (direktori) lavozimiga nomzodlarni tayyorlashga qaratilgan «Rektorlar maktabi» dasturiga qabul qilish tartibini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Yangi nizomga ko‘ra, nomzodlar ochiq tanlov asosida to‘rt bosqichli saralashdan o‘tadi.
Adliya vazirligi ma’lum qilishicha, «Yangi O‘zbekiston» universitetida davlat oliy ta’lim tashkilotlari rektori (direktori) lavozimiga nomzodlarni tayyorlash bo‘yicha «Rektorlar maktabi» dasturi doirasida o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom 2026 yil 13 iyul kuni 3897-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Nizomga muvofiq, dasturda ishtirok etish uchun nomzodlar kamida 30 yoshga to‘lgan, magistr akademik darajasiga ega, oliy ta’lim sohasida kamida besh yillik ish tajribasiga, shu jumladan, rahbarlik lavozimlarida kamida ikki yillik ish stajiga ega bo‘lishi lozim.
Qabul jarayoni to‘rt bosqichda tashkil etiladi. Ular hujjatlarni qabul qilish va o‘rganish, test sinovlari, psixologik baholash hamda suhbatdan iborat.
Nomzodlarning test, psixologik baholash va suhbat natijalari bo‘yicha to‘plagan umumiy ballari asosida reyting shakllantiriladi. Qabul kvotasi doirasida eng yuqori natija qayd etgan nomzodlar o‘qishga tavsiya qilinadi.
Shuningdek, nizomda hujjatlarni topshirish tartibi, baholash mezonlari, natijalarni e’lon qilish, apellyatsiya berish hamda qabul jarayonining shaffofligini ta’minlash mexanizmlari ham belgilangan.
Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 16 apreldagi 177-son qaroriga muvofiq, davlat oliy ta’lim tashkilotlari rektori (direktori) lavozimiga nomzodlar faqat «Rektorlar maktabi» dasturini muvaffaqiyatli tamomlagan va rektorlar zaxirasiga kiritilgan shaxslar orasidan tanlab olinadi.
Jamiyat
Voyaga yetmaganlarni emansipatsiya qilish tartibi tasdiqlandi
Hukumat qarori bilan voyaga yetmagan shaxsni to‘la muomalaga layoqatli deb e’lon qilish (emansipatsiya) bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi. Yangi tartibga ko‘ra, belgilangan talablarga javob beradigan voyaga yetmaganlar emansipatsiyadan o‘tish uchun davlat xizmatidan foydalanishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 13 iyuldagi 380-sonli qarori bilan «Voyaga yetmagan shaxsni to‘la muomalaga layoqatli deb e’lon qilish (emansipatsiya) bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish»ning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
Hujjatga muvofiq, davlat xizmatidan Davlat xizmatlari markazlari, «Inson» markazlari yoki ijtimoiy xodim orqali, shuningdek, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali foydalanish mumkin.
Reglamentga ko‘ra, vakolatli organ ariza beruvchini quyidagi shartlar mavjud bo‘lgan taqdirda to‘la muomalaga layoqatli deb e’lon qilish to‘g‘risida qaror qabul qiladi:
ariza beruvchi psixologik jihatdan yetuk bo‘lishi va o‘z xatti-harakatlarining oqibatini anglay olishi;
tadbirkorlik yoki mehnat faoliyati bilan kamida uch oy davomida uzluksiz shug‘ullangan bo‘lishi;
o‘quv fanlarini o‘zlashtirishi va davomati bo‘yicha ijobiy ma’lumotga ega bo‘lishi.
Shuningdek, emansipatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qilinganidan so‘ng mazkur ma’lumotlar avtomatik tarzda Emansipatsiya qilingan shaxslar reyestriga kiritiladi.
-
Sport5 days agoJCh anonsi. Belgiya hayron qoldira oladimi?
-
Sport4 days agoAngliya-Norvegiya bahsi boshlanish vaqti kechiktirilishi mumkin
-
Sport4 days agoIspaniya Belgiyani yengib, yarimfinalga chiqdi
-
Jamiyat4 days agoBektemir tumanida «zakladchik»lar qo‘lga olindi
-
Jamiyat4 days agoDori narxini sun’iy oshirgan yuzlab dorixonalar aniqlandi
-
Jamiyat4 days agoJanubiy Koreya va AQShga noqonuniy migratsiya tashkil etmoqchi bo‘lganlar ushlandi
-
Siyosat5 days agoPrezident Mirziyoyev ICESCO bilan hamkorlikni chuqurlashtirishga chaqirmoqda
-
Iqtisodiyot4 days ago
17 mlrd so‘mdan ortiq davlat xaridlaridagi qonunbuzilishlar aniqlandi
