Sport
Madridda derbi, «Arsenal» va «Liverpul»da qiyin safar. Hafta o‘yinlari anonsi
Kelasi hafta Chempionlar Ligasi uchrashuvlari bo‘lishi munosabati bilan bu hafta kuchli beshlikning aksariyat top-klublari o‘z o‘yinlarini bugun, shanba oqshomida o‘tkazishadi. Ertaga ham zerikmaymiz albatta. Bu hafta dam olish kunlarimizda Ispaniyada uzoq kutilgan top uchrashuv, Italiyada peshqadamlar va da’vogarlar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar, Angliyada esa “Arsenal” va “Liverpul”ni qiyin safar kutib turibdi.
ATLeTIKO – ReAL (27 sentabr, 19:15)
“Real” bu yil rostanam shunaqa zo‘rmi? “Atletiko” bu yil rostanam shunaqa yomonmi? Bu uchrashuv har ikki savolga ham javob berishi mumkin.
Xabi Alonso boshchiligida “Real” bu mavsum yuz foizlik natija ko‘rsatib kelmoqda. Jamoaning usluban endi o‘zgargani, pressing yaxshi yo‘lga qo‘yilgani va yana bir qator ijobiy jihatlar ko‘p aytilayotgan bo‘lsa-da, jamoaning kuchaygani haqidagi savol ochiq qolmoqda, zero madridliklar hali jiddiy sinovga duch kelishmadi. Nisbatan kuchliroq bo‘lgan “Marsel”ga qarshi o‘yinda esa hatto mag‘lubiyatga uchrashi ham mumkin edi. Shu jihatdan qarasak, Simeonening “Atletiko”si raqib sifatida juda mos.
Agar “Atletiko”ning o‘zi mavsumni yaxshi boshlamaganini ham e’tiborga olsak, Simeone shogirdlari faqat derbiga tushgandek emas, barcha muvaffaqiyatsizliklarni ortda qoldirish uchun bor imkoniyatini ishga solishga bel bog‘laydi deb bemalol taxmin qilish mumkin. Jamoa shundoq ham kutilmagan, yo‘qotmaslik kerak bo‘lgan ko‘p o‘yinlarni boy berdi, deyarli barcha o‘yinlarda hisobni ochgan bo‘lsa-da, natijani saqlab qolishni uddasidan chiqa olmadi. “Real” va “Barselona” fonida yozgi transferlar oynasini ancha aktiv o‘tkazgan, o‘z safina Raspadori, Xanko, Almada, Kardoso, Bayena, Rudjyeri kabi juda ko‘p futbolchilarni qo‘shib olgan jamoadan har xolda mavsum boshida chempionlik poygasini kutishgandi.
Madrid derbisi, ayniqsa Metropolitanoda o‘tganida, o‘ta murosasiz kechadi. Ushbu stadionda o‘tgan oxirgi 20 derbida har ikki tomon teng – 7 martadan g‘alaba qozongani ham buni tasdiqlab turibdi. O‘tgan mavsumda mezbonlarning so‘nggi daqiqada hisobni tenglashtirgan derbi, ayniqsa, Chempionlar Ligasidagi javob o‘yini hammaning yodidan ko‘tarilmagan bo‘lsa kerak. Penaltilar seriyasi, Alvaresning xatosi, qizig‘i, aynan shu voqeadan so‘ng penalti tepishdagi qoidalar o‘zgardi, futbolchining behosdan ikki marta tekkanda golni bekor qilish o‘rniga qaytadan tepiladigan bo‘ldi.
Jamoalar tarkibiga qaralsa, mezbonlar safida faqat yangi xaridlar bo‘lmish Kardoso va Almada maydonga tusha olishmaydi. Xose Ximenes hali hali yangi mavsumda safga qaytgani yo‘q. Alonso matbuot anjumanida Bellinhem va Kamavinga asosiy tarkibga qaytishi mumkinligiga ishora qildi. Himoya chizig‘ida Ryudiger, Aleksandr-Arnold va Mendi o‘ynay olmaydi xolos. Alonso “Real” uchun odatiy bo‘lib qolgan himoyadagi jarohatlarga yechim qidirayotgani ma’lum. Misol uchun, so‘nggi o‘yinda Karrerasni markazda, Asensioni o‘ng qanotda sinab ko‘rgan holda eksperimentlar o‘tkazdi.
Ayni damda jamoalar o‘rtasida 9 ochkolik farq bor. “Real” g‘alaba qozonib, yuz foizlik seriyani davom ettirishi, mabodo ochko yo‘qotsa, ikkinchi o‘rniga tushib ketishi mumkin. “Atletiko”ning uch ochko egasiga aylanishi uni yetakchilar safiga qaytaradi, aks holda hatto kuchli o‘nlikdan ham pastga shung‘ish mumkin.
YuVeNTUS – ATALANTA (27 sentabr, 21:00)
O‘tgan mavsumni biroz soyada, ko‘pchilikning nazaridan chetda o‘tkazgan “Yuventus” qatorasiga ikki o‘yinda 4:3 va 4:4 hisoblarini qayd etib barchaning e’tiborini o‘ziga qaratdi. Nima bo‘lyapti, jamoa o‘zgardimi, doim himoyaga katta e’tibor qaratadigan klub shunaqa quvnoq jamoaga aylandimi, degan savollar ko‘p aylandi. Aslida holat u qadar radikal emasligini ta’kidlash kerak. Shunchaki, tasodifan ketma-ket ikki o‘yinda “Yuventus” ham, raqibi ham realizatsiya borasida anomal ko‘rsatkichni qayd etdi xolos. Agar turinliklar o‘tkazib yuborgan 7 golga qarasak, ulardan biri penaltidan, yana bir gol standart vaziyatdan yuzaga kelgan bo‘lsa, 5 gol uzoq masofadan berilgan zarbalar edi. Ya’ni “Yuventus” endi himoyani unutgan, ko‘p o‘tkazib, ko‘p gol uradigan jamoaga aylangani haqidagi mulohazalar hozircha o‘rinsiz.
Aslida qanday bo‘lishidan qat’i nazar, ayni damda “Yuventus” yomon emas, chempionatda mag‘lubiyatsiz bormoqda va “Napoli”ning eng yaqin ta’qibchisi bo‘lib turibdi. O‘tgan mavsumni ham jamoa deyarli shunaqa boshlagan, uzoq vaqt deyarli gol o‘tkazmagan, ammo juda ko‘p duranglar yakunda chempionlik poygasida halaqit bergandi. O‘sha xatolar takrorlanmasa, “Yuventus” besh yillik tanaffusdan so‘ng yana chempionlik poygasida favoritlardan biriga aylanishi mumkin.
Yurich boshchiligidagi yangi “Atalanta” ham hali mavsumda mag‘lubiyat nimaligini bilgani yo‘q. Chempionatni ikki durang bilan boshlagan bergamoliklar keyingi ikki o‘yinni yirik hisobda o‘z foydasiga hal qildi, “Lechche” va “Torino” darvozasiga hammasi bo‘lib 7 gol urishning uddasidan chiqishdi. Faqat bu o‘yinlar orasida Parijdagi 0:4 hisobidagi mag‘lubiyat biroz soya soladi. Lekin boshqa tarafdan, kimlar “PSJ”ga yirik hisobda yutqazmaganki…
Darvoqe, yirik hisoblar haqida gap ketganda, esingizga tushgan bo‘lsa kerak, o‘tgan mavsumda aynan Turinda o‘tgan o‘yinda mehmonlar 4:0 hisobida g‘alaba qozongandilar. Shu tariqa “Atalanta” “Yuventus”ga qarshi o‘yinlardagi 8 o‘yinlik g‘alabasiz seriyasiga chek qo‘ygan. Yaqinda jamoalar mavsumoldi tayyorgarlik paytida ham o‘rtoqlik uchrashuvida kuch sinashishgan va bu o‘yin “Yuventus”ning 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan tugagandi.
Jamoalar tarkibida yo‘qotishlar deyarli yo‘q. “Atalanta” futbolchilari Bekker va Kolashinats shundog‘am o‘tgan mavsumdan beri maydonga tushgani yo‘q, Skamakka va Skalvinilarning o‘rni uncha bilinmasa kerak. “Yuventuschi”lar Miretti va Milik haqida ham shunday deyish mumkin.
NYuKASL – ARSeNAL (28 sentabr, 20:30)
Angliyada “Manchester Siti”ning “tottenhemi” bo‘lganidek, “Arsenal”ning ham o‘z “nyukasli” bor. Qanday holatda bo‘lishidan, turnir jadvalidan qat’i nazar “Arsenal”ning Eddi Xau jamoasiga qarshi, ayniqsa safar o‘yinlari juda og‘ir kechadi. Londonliklar “Sent Jyeyms Park”dagi oxirgi uch o‘yinda ochko olish tugul, birorta ham gol ura olmaganlar. Bu mag‘lubiyatlar ikki marta “Arsenal”ga chempionlik poygasida pand bergan bo‘lsa, o‘tgan mavsumda Liga kubogi yarimfinalida ham “Nyukasl” ustun kelgan va yakunda ushbu sovrinni qo‘lga kiritgandi. Umuman olganda, uzoqroq davrni e’tiborga olsak, tabiiyki, “Arsenal” ancha ustun – oxirgi 30 o‘yindan 22 tasi “to‘pchilar”ning g‘alabasi bilan tugagan. “Nyukasl”ning 6 g‘alabasi asosan shu so‘nggi mavsumlarga to‘g‘ri keladi. Va albatta, anchadan beri APL ko‘radigan muxlislar bu jamoalar tilga olinganda mashhur 4:4 ni ham eslashadi. Birinchi taymda 4:0 hisobida o‘z foydasiga hal qilgan “Arsenal” yakunda g‘alabani saqlab qolishni uddasidan chiqmagandi. Shu yozda esa jamoalar o‘rtasida o‘rtoqlik o‘yini bo‘lib o‘tdi va “Arsenal” 3:2 hisobida g‘alaba qozongandi.
“Nyukasl” ayni paytda ancha pastki pog‘onalarda borayotgan bo‘lsa-da, bu biroz aldamchi taassurotlarga olib kelmasligi kerak. Jamoa o‘tkazgan 5 o‘yinning 4 tasida o‘z darvozasidan gol o‘tkazib yubormagani ham aslida “Nyukasl”da hammasi joyida ekanini ko‘rsatadi. Faqat “Liverpul”ga qarshi o‘yinda 3 gol o‘tkazib yuborildi. Bu gollarning ham ikkitasi jamoa bir kishi kam bo‘lib o‘ynayotganda yuzaga kelganini ham ta’kidlash lozim. Ochkolarning kamligi esa qiyin taqvim bilan ham bog‘liq. “Nyukasl” uch o‘yinni safarda, “Lids”, “Aston Villa” va “Bornmut”ga qarshi o‘tkazdi. Ha, top emas, lekin har biri o‘ziga yarasha kuchli raqiblar va uchala o‘yin ham 0:0 hisobida yakunlandi. Qizig‘i, ayni shu jihatdan, ya’ni gol o‘tkazib bo‘yicha “Arsenal” ham yomon emas. Arteta shogirdlari 5 o‘yinda atigi 2 gol o‘tkazib yuborishdi va bular ham “Liverpul” va “Manchester Siti” kabi raqiblarga qarshi.
Mezbonlar tarkibida jamoa sardori Fabian Sher jarohatlangan. Shuningdek Yoan Vissaning ham debyuti kechikmoqda – hujumchi Kongo tarkibidagi o‘yinlarda jarohatlangandi va kelasi oy o‘rtalarida safga qaytsa kerak. “Arsenal”da esa Saka qaytgach, endi bu pozitsiyada uning yo‘qligini bildirmay kelgan Noni Madueke jarohat oldi. Jyezus va Xaversning yo‘qligi esa yangilik emas.
“Liverpul” bilan “Arsenal” o‘rtasidagi farq 5 ochkoni tashkil qilmoqda. Mavsum boshidayoq bu farqning yanada oshishi Arteta jamoasiga keyingi bahslarda katta bosim va negativlarga sabab bo‘lishini e’tiborga olsak, mehmonlarning ochko yo‘qotishga haqqi yo‘q. Ha, mavsumdagi qiyin safarlardan biri, ammo kim aytdi chempionlik oson deb?
BARSeLONA – ReAL SOSIYeDAD (28 sentabr, 21:30)
Ushbu uchrashuv yangilangan “Kamp Nou”ning ochilishiga aylanishi kutilgandi, afsuski ulgurishmadi. Jamoa ushbu va keyingi, “PSJ”ga qarshi o‘yinni o‘tgan mavsum uy uchrashuvlarini o‘tkazgan “Estadi Olimpik Luis Kompanis”da qabul qilishga majbur bo‘lmoqda.
O‘tgan mavsumdagi so‘nggi o‘yin 4:0 hisobida mezbonlar g‘alabasi bilan yakunlangandi. O‘zi umuman “Sosidead” ispan grandlariga qarshi doim munosib qarshilik qilib kelsa-da, ko‘pincha bu o‘z stadionidagi o‘yinlarda kuzatiladi. Masalan, “Barselona” maydonidagi oxirgi 18 o‘yinning 17 tasida kataloniyaliklarning qo‘li baland kelgan. Shunday bo‘lsa-da, deyarli har yili bu raqiblar o‘rtasidagi o‘yinlarga alohida e’tibor qaratamiz, axir qachondir o‘xshab qolishi kerakku? Bundan tashqari, “Sosiyedad” “Barselona” maydonida nuqul mag‘lubiyatga uchrasa-da, aksariyat uchrashuvlarda munosib qarshilik ko‘rsatadi va ko‘pincha minimal hisoblar qayd etilgan.
Yangi murabbiy qo‘l ostida juda yomon boshladi va faqat 6-turga kelibgina ilk g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Shundog‘am, Baskoniyadagi futbol markazi to‘lig‘icha Bilbaoga ko‘chayotgan bir pallada bunday start hech kimga yoqmaydi. Vaziyatning o‘nglashning ikki yo‘li bor. Qatorasiga o‘yinlarda g‘alabalar qozonib, sekin-asta yuqoriga ko‘tarilib olish – bu juda qiyin. Ikkinchisi, biror top-o‘yinda o‘zini ko‘rsatib, butun Yevropani o‘ziga qaratish – bu ishni “Sosiyedad” doim qilib kelgan va qiyin bo‘lsa-da, ancha qisqa yo‘l.
Lamin Yamal qaytdi va bu haqida instagramda o‘zi xabar ham qildi. Aslida uning qaytishi kelasi oyga taxmin qilingandi va balkim, Lamin o‘yinga emas, mashg‘ulotlarga qaytganini nazarda tutgan bo‘lishi mumkin. Ya’ni uning asosiy tarkibda tushishga qay darajada tayyorligi noma’lum. Bu quvonchli xabar, lekin klub muxlislari so‘nggi haftalarda aynan jarohatlar borasida bir qator yomon xabarlarni eshitishdi. Ayniqsa, Rafinyaning bir necha o‘yinga safdan chiqqani, darvozabon Joan Garsiyaning mashg‘ulotlarda jarohat olgani o‘z yo‘liga, afsuski Gavi yana eski jarohati bo‘yicha operatsiya qilindi va eng yaxshi ehtimolda fevral oyida maydonga tushishi mumkin. Bu futbolchilardan tashqari, ter Stegen, Balde va Ferminlarning ham yo‘qligini e’tiborga olsak, Flik ancha bosh qotirishiga to‘g‘ri keladi. Buning ustiga jamoani kelasi haftada “PSJ”ga qarshi muhim bahs kutib turibdi. Turnir nuqtai nazaridan Chempionlar Ligasining bir guruh o‘yin ko‘p jihatdan hal qiluvchi bo‘lmasligi mumkin, lekin butun futbol ommasi bu uchrashuvni o‘tgan mavsumning “bo‘lmay qolgan finali” sifatida kutishmoqda. Axir “Oltin to‘p”ga nomzodlarning qariyb yarmi mana shu ikki jamoa a’zolaridan iborat edi.
Serxio Fransisko, “Sosidad” murabbiyi ushbu uchrashuvda himoyachi Elustondo, yarimhimoyachi Yanxel Errera, hamda hujumda Orri Oskarssondan foydalana olmaydi.
MILAN – NAPOLI (28 sentabr, 23:45)
“Milan” mavsumni juda yomon boshlagandi. O‘z maydonida “Kramoneze”ga yutqazib qo‘yish, albatta, chempionlikka da’vogar jamoaning rejasida bo‘lmaydi. Hali u paytda “Kramoneze” yana davom etishi, to‘rt turdan keyin ham mag‘lubiyatsiz borishini bilmasdik ham. Yaxshiyamki, Allegri jamoasi tezda o‘zini o‘nglab oldi va keyingi uchrashuvlarni aynan Allegriyaga xos ravishda o‘tkazmoqda. Jamoa qatorasiga uch g‘alabaga erishdi va birorta ham gol o‘tkazib yubormadi. Shundan so‘ng, Italiya kubogi uchun bahsda “Lechche” ham 3:0 hisobida mag‘lub etildi. Endi esa eng katta sinov ostonada turibdi.
“Napoli” – chempion, lekin tan olish kerak, o‘tgan mavsumdagi g‘alaba ko‘p jihatdan “Inter”ning tortig‘i bo‘lgan, ayniqsa mavsum so‘nggida “Napoli” u qadar ishonchli ko‘rinmagandi. Konte doimgidek hech qanday yevrokuboklarsiz mavsumdan o‘z ustunligi uchun mohirona foydalangandi. Aslida yuqorida “Milan”ni da’vogarlar safiga qo‘shib yuborganimiz ham shundan, bu yil aynan “Milan” yevrokuboklarda qatnashmayapti. Xullas, bu yilgi “Napoli” biroz farqli. Ayniqsa, de Bryuynening kelishi yarimhimoya uchun juda katta plyus bo‘ladi. Romelu Lukaku o‘rnini esa vaqtinchalik Rasmus Xoylund yopadi. Kim biladi, balkim daniyalik hujumchi butunlay asosiyga aylanar?
Bir qaraganda Allegri va Konte o‘rtasidagi bahsdan nimani kutish mumkin? Ikki himoyaviy murabbiy, ehtiyotkorlik va maydonning har qarichi uchun kurashish. Bunday jamoalar o‘yinida odatda ko‘p gol, hujumkor o‘yin kutmaysiz, to‘g‘rimi? Ammo so‘nggi yillarda Italiya bizni ancha hayron qoldirayotgani, eng hujumkor o‘yinlar, eng chiroyli gollar aynan Italiya grandlari o‘rtasidagi bahslarda bo‘lishiga ham o‘rganib qoldik. Statistikaga qarasak ham, xavfli vaziyatlar, zarbalar, to‘p nazorati, raqib jarima maydonidagi harakatlar borasida har ikki jamoa “A Seriya” yetakchilari safida. Shuningdek, odatga ko‘ra, himoyaviy ko‘rsatkichlar bo‘yicha ham bu ikki jamoa faqat “Roma”dan ortda qolyapti xolos. Tarozining qaysi pallasi ustun keladi, jonli guvoh bo‘lish juda qiziq, albatta.
Darvoqe, “Napoli”ni bu o‘yindan uch kun o‘tib “Sporting”ga qarshi Chempionlar Ligasidagi muhim uchrashuv kutib turganini ham yoddan chiqarmaslik kerak. Birinchi turda Manchesterda mag‘lubiyatga uchragan Konte shogirdlari uchu u yerda ham g‘alaba suv va havodek zarur.
BOShQA O‘YINLAR
27 sentabr. Brentford – MANCheSTeR YuNAYTeD (16:30), Mayns – BORUSSIYa D (18:30), Sankt Pauli – BAYYeR (18:30), CheLSI – Brayton (19:00), Kristal Pelas – LIVeRPUL (19:00), MANCheSTeR SITI – Byornli (19:00), Kalyari – INTeR (23:45), TOTTeNHEM – Vulverhempton (23:55), PSJ – Oser (23:55)
28 sentabr. ROMA – Verona (18:00)
Sport
JChda 8-kun. Husanov operatordan uzr so‘radi, Shveytsariyada yangi yulduz porladi
Ikkinchi tur start oldi: pley-offning ilk ishtirokchisi ma’lum.
2026 yilgi jahon chempionatida guruh bosqichining ikkinchi tur uchrashuvlari boshlandi: dastlabki o‘yinda Chexiya va JAR ochkolarni bo‘lishib olishdi (1:1), Shveytsariyaning zaxiradan tushirilgan yosh futbolchisi Bosniya va Hersegovinaga qarshi o‘yinni hal qildi (4:1), Kanada Qatar darvozasiga istagancha gol urdi (6:0), Meksika esa Janubiy Koreyani mag‘lub etib (1:0), pley-off masalasini hal qilgan ilk jamoaga aylandi.
Maydondan tashqarida ham shov-shuvli voqealar davom etmoqda – 40 yoshli darvozabon Manuel Noyyer Germaniya milliy jamoasidagi faoliyatini yakunlashi haqida e’lon qildi, Neymar hali Braziliya tarkibiga qayta olmapyati, Angliya milliy jamoasi ustozi Tomas Tuhel esa fotomuxbirlar ustidan shikoyat qildi.
Meksika hal qildi
Meksika – Janubiy Koreya 1:0
Gol: Romo, 50 (1:0)
Meksika: Ranhel, Alvares, Vaskes, Galyardo, Sanches, Lira, Romo (Pineda, 71), Guterres (Vargas, 71), Kiniones (Uerta, 84), Alvarado (Reyyes, 80), R. Himenes (S. Himenes, 80)
Janubiy Koreya: Kim Sin Gyu, Kim Min Je, Li Gi Hek, Li Hang Bem, Hvang In Bom, Pek Sin Ho (Guye Son Cho, 77), Sol Yen U (Yem Ji Sun, 71), Kim Mun Hvang (Hyun Jun Yan, 71), Li Je Son (Hvang Hi Chhang, 57), Li Kan In, Son Heung Min (Hon Gu O, 57)
Ogohlantirishlar: Li Kan In, 4. Pek Sin Ho, 58
Janubiy Koreya va Meksika turnirni g‘alaba bilan boshlagandi, ammo ularning o‘zaro uchrashuvini yorqin kechdi deyish qiyin. Birinchi bo‘lim davomida darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan bittagina zarba bo‘ldi.
Ikkinchi bo‘lim boshida osiyoliklar darvozaboni o‘z jamoasi himoyachisi bilan to‘qnashib ketib, to‘pni qo‘ldan chiqarib yubordi va Romo bo‘sh darvozani osonlik bilan hisobni ochdi.
O‘yinning qolgan qismini janubiy koreyaliklar faolroq o‘tkazishdi va qator vaziyatlarga ega bo‘lishdi, o‘yin oxirlarida meksikaliklar darvozaboni Jo Gu Sonning yaqin masofadan yo‘llagan zarbasini qaytardi.
Yana bir vaziyatda esa Edson Alvares darvoza to‘riga kirib ketayotgan to‘pni to‘xtatib qoldi. Yakunda Romoning goli yagonaligini saqlab qoldi.
Bu natija evaziga turnir mezbonlari 2026 yilgi jahon chempionatining pley-off masalasini hal qilgan ilk jamoasiga aylandi: ikki turdan keyin Meksika A guruhida 6 ochko bilan peshqadam bo‘lib olgan.
Og‘ir jarohat kanadaliklar shousini buzib qo‘ydi
Kanada – Qatar 6:0
Gollar: Larin, 16 (1:0). Devid, 29 (2:0). Devid, 45+3 (3:0). Saliba, 64 (4:0). Al-Mannai, 75 – avtogol (5:0). Devid, 90+2 (6:0)
Kanada: Krepo, De Fujyerol (Oluvaseyi, 71), Kornelius (Bombito, 46), Lareya, Jonston, Eushtakiu, Kone (Saliba, 56), A. Ahmad (Shaffelberg, 71), Byukenen (Sigur, 83), Larin, Devid
Qatar: Abunada, Pedru Migel, Huhi, X. Ahmad, Al-Oui, Madibo, Layye, Abdulsalom (Fati, 46, Mendes, 87), Afif (Al-Husayn, 59), Edmilson Junior (Al-Mannai, 46), Abdurisoq (Al-Brake, 40)
Ogohlantirishlar: Kornelius, 9 – Fati, 62
Chetlatish: X. Ahmad, 33. Madibo, 51
Birinchi turda Shveytsariya bilan o‘yinda durangga erishgan (1:1) Qatar darvozasiga bu safar tepilgan to‘pning barchasi kirib ketaverdi. Dastlab Kayl Larin va Jonatan Devid 29-daqiqaga kelib hisobni qulay ko‘rinishga keltirdi, ko‘p o‘tmay Hulen Lopetegi shogirdlari Homam Ahmadning jarima maydoni yaqinidagi qo‘polligi tufayli o‘n kishi bo‘lib qolishdi, birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda Devid yana bir goli bilan hisobni yiriklashtirdi – 3:0.
Lekin kanadaliklarga jahon chempionatidagi ilk g‘alaba (shimoliy amerikaliklar oldingi ikki turnirdagi olti o‘yinda ham yutqazgandi) unchalik tatimadi: ikkinchi bo‘lim boshlarida Qatar himoyachisi Assim Madibo to‘pni olib qo‘yishga urinib, Ismoil Konening oyog‘iga ortdan zarba berdi va unga ham qizil kartochka ko‘rsatildi. O‘yin olti daqiqadan vaqt mobaynida to‘xtab qoldi, bu vaqtda tibbiyot xodimlari jabrlangan futbolchiga yordam ko‘rsatishdi, ikki jamoa futbolchilari va murabbiylar shtabi vakillari esa dahanaki jangga kirishishdi.
O‘yindan keyin jurnalist Fabritsio Romano ma’lumot berishicha, Konega «chap oyog‘ning kichik va katta boldir suyaklarining sinishi» tashxisi qo‘yilgan.
Mezbonlar bu epizoddan keyin raqibga umuman shafqat qilishmadi va yana uchta gol urishdi – 6:0. Devid het-trik rasmiylashtirdi, Natan Saliba jarima zarbasini golga aylantirdi va bu golini Konening familiyasi yozilgan futbolkani ko‘tarib nishonladi.
Shveytsarlar kutilmaganda yirik g‘alabaga erishdi
Shveytsariya – Bosniya va Hersegovina 4:1
Gollar: Manzambi, 74 (1:0). Vargas, 84 (2:0). Manzambi, 90 (3:0). Mahmich, 90+3 (3:1). Jaka, 90+7 – penalti (4:1)
Shveytsariya: Kobel, Elvedi, Akanji, Rodriges, Vidmer (Hakes, 86), Jaka, Froyler, Ebisher (Manzambi, 72), Ndoy (Sou, 72), Embolo (Itten, 89), Rider (Vargas, 72)
Bosniya va Hersegovina: Vasil, Muharemovich, Katich, Kolashinats, Dedich, Tahirovich (Bashich, 63), Shunich (Hojiahmetovich, 85), Alaybegovich (Mahmich, 90+1), Memich, Demirovich (Lukich, 85), Jyeko (Bayraktarevich, 63)
Ogohlantirishlar: Elvedi, 65 – Dedich, 59. Jyeko, 61
Chetlatish: Muharemovich, 80
Birinchi turda shveysarlar barcha jabhalarda katta ustunlikka erishgan (Xg bo‘yicha 3,25), ammo vaziyatlardan foydalana olmagan va so‘nggi daqiqalarda gol o‘tkazib yuborib, ochko yo‘qotgandi (1:1). Ikkinchi turda esa bu omadsizlik uchun jamoa o‘ziga xos tarzda kompensatsiya oldi.
Bosniya va Hersegovina bilan o‘yin maksimal darajada zerikarli kechdi. 74-daqiqagacha tabloda nollar yonib turdi. Keyin esa barchasi tezlashib ketdi: «Frayburg»ning 20 yoshli yarimhimoyachisi Joan Manzambi zaxiradan o‘yinga qo‘shilganidan ikki daqiqa o‘tib hisobni ochdi, bosniyaliklar esa biroz o‘tib son jihatdan ozchilik bo‘lib qolishdi va o‘yin oxirigacha yana uchta gol o‘tkazib yuborishdi. Jumladan, jamoa sardori, 33 yoshli Granit Jaka qo‘shimcha daqiqalarda penaltidan yakuniy hisobni o‘rnatdi va goldan keyin tribunalar qarshisiga borib, jamoani tanqid qilganlarga qarata jim bo‘lish ishorasini ko‘rsatdi.
Bosniya va Hersegovina esa bu oraliqda to‘rtta golga bittagina gol bilan javob qaytardi. Lekin bu o‘yindagi eng chiroyli gol bo‘ldi – zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Ermin Mahmich havodagi to‘pni to‘xtatmasdan zarba yo‘lladi. Faqat bu golning chiroyidan naf yo‘q: bolqonliklar yirik mag‘lubiyatdan keyin amalda guruhdan chiqish imkoniyatini yo‘qotdi.
Chexiya va JAR o‘yinida g‘olib aniqlanmadi
Chexiya – JAR 1:1
Gollar: Sadilek, 6 (1:0). Mokoena, 83 – penalti (1:1)
Chexiya: Kovarj, Granach, Kreychi, Xolesh, Darida (Zeleni, 55), Cherv (Zima, 78), Sadilek (Provod, 67), Soyka (Shuls, 55), Tsoufal, Glojyek (Souchek, 67), Shik
JAR: Uilyams, Mbokazi, Okon, Modiba, Mudau, Mokoena, Adams (Mofokeng, 46), Mbata, Appollis, Maseko (Sebelebele, 84), Rayners (Makgopa, 66)
Ogohlantirishlar: Kreychi, 75 – Mokoena, 33. Mbata, 40
Chexlar va janubiy afrikaliklar o‘yini qaysidir ma’noda «omadsizlar dueli»ga aylandi – ikki jamoa ham birinchi turda yutqazgandi va amalda bu ikki jamoa o‘yinida turnirni birinchi bo‘lib tark etadigan jamoa aniqlanishi kerak edi.
Shu bilan birga, Chexiyada imkoniyat yaxshiroq edi – bu jamoa Janubiy Koreyaga qarshi o‘yinda (1:2) yaxshiroq ko‘ringan va ancha vaqt hisobda oldinda borgan edi. Afrikaliklar esa, yumshoq qilib aytganda, Meksikaga qarshi o‘yinda (0:2) juda ojiz ko‘rinishgan, shu tufayli ular Yevropa jamoasiga qarshi yaxshiroq o‘ynashini tasavvur qilish qiyin edi.
Avvaliga bunday prognoz amalga oshayotgandi: chexiyaliklar safida Mixal Sadilek 6-daqiqadayoq aut tashlash orqali boshlangan hujum yakunida hisobni ochdi. Ular turnir oldidan bunday ishlanmani juda ko‘p mashq qilishgani tayin – koreyaliklar darvozasi ham shunday uslubda ishg‘ol etilgandi.
Ammo shundan keyin Miroslav Koubek shogirdlari o‘yinni tashlab yuborishdi va qolgan vaqtni himoyada o‘tkazishdi. Afrikaliklar esa barcha pozitsiyalardan hujum uyushtirib, o‘yin oxiriga kelib penalti ishlashdi. Jamoa yetakchisi Teboxo Mokoena 11 metrdan aniq zarba berib, shundan keyin muxlislar boshqa gol ko‘rishmadi. Demak, A guruhida qolib ketadigan jamoa(lar) nomi faqat so‘nggi turda aniq bo‘ladi.
Husanov uzr so‘radi
O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov Kolumbiyaga qarshi Jahon chempionati o‘yinida jarohat olgan operatorga dastxati va «I am sorry» («Kechirasiz») degan yozuvi tushirilgan futbolkasini yubordi.
Hodisa payshanba kuni bo‘lib o‘tgan «K» guruhi o‘yinining birinchi bo‘limida sodir bo‘lgan. «Manchester Siti»ning 22 yoshli futbolchisi maydon chetida Kolumbiya terma jamoasi hujumchisi Luis Dias bilan to‘p uchun kurashishga urinayotib, translatsiya kamerasi operatori bilan to‘qnashib ketgan edi. Operatorga tibbiy yordam ko‘rsatilib, shifoxonaga olib borilgan.
🚨🇺🇿 Khusanov’s tackle obliterates Luis Diaz and the cameraman. 😱⚽ Camera worth thousands of dollars destroy with the operator needing medical attention🚑💥 pic.twitter.com/LxftcZkBIy
— City Exclusives (@city_exclusives) June 18, 2026
Keyinroq O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi vakillari jabrlanuvchini borib ko‘rdi va unga Husanovning dastxati tushirilgan futbolkani topshirdi. Futbolchi ham operatorga tezroq sog‘ayib ketishini tilagan.
Neymar davolanishda davom etmoqda
Neymarning muxlislari hali yana kutishiga to‘g‘ri keladi – Braziliya milliy jamoasi 34 yoshli forvard jarohatidan tiklanish jarayonini davom ettirayotgani tufayli Haitiga qarshi o‘yinda qatnasha olmasligini ma’lum qildi. Futbolchi jamoa bilan Filadelfiyaga yo‘l olmagan va Nyu Jyersidagi bazada qolgan.
Neymarning JCh uchun yakuniy tarkibga kiritilgani ko‘pchilikning e’tiroziga sabab bo‘lgandi – futbolchi so‘nggi oylarni ko‘proq maydonda emas, lazaretda o‘tkazgandi. U JCh birinchi turida Marokashga qarshi o‘yinni (1:1) ham o‘tkazib yuborgandi, shu tufayli uning o‘rniga boshqa futbolchini mundialga olib ketmagan Karlo Anchelottiga savollar ko‘paygandan ko‘paymoqda.
Noyyer milliy jamoadan ketadi
2026 yilgi jahon chempionati eng qayg‘uli mundiallardan biri sifatida tarixda qoladi: turnir ko‘pchilik buyuk futbolchilar uchun oxirgisi bo‘lib qolmoqda. Kimdir hozircha o‘z qarorini sir tutmoqda, kimdir esa bu haqda rasman e’lon qilmoqda – masalan, Germaniya milliy jamoasi posboni Manuel Noyyer.
«Bu mening Germaniya milliy jamoasidagi so‘nggi turnirim bo‘ladi, ikki yildan keyin Yevropa chempionatida ishtirok etishni rejalashtirmayapman. Xayrlashish va bu so‘nggi o‘yinim bo‘lishi haqida o‘ylamasdan, har bir o‘yinni intiqlik bilan kutishni xohlayman», – deya ma’lum qildi 40 yoshli darvozabon.
Tuhel fotograflardan norozi
Tomas Tuhel jahon chempionatini o‘ta kuchli boshladi – inglizlar Xorvatiyani 4:2 hisobida mag‘lub etishdi. Germaniyalik mutaxassis o‘yindan keyin o‘z futbolchilarini maqtovlarga ko‘mib tashladi. FIFAga esa e’tiroz bildirdi – o‘yindan oldin milliy madhiya ijro etilayotganida fotomuxbirlar uning qarshisida turib olib, ko‘rinishni to‘sib qo‘ygani unga umuman yoqmadi.
«FIFAdan ularni qayergadir ko‘chirishni iltimos qilaman. Madhiya ijro etilayotgan paytda futbolchilarni ko‘ra olmasdim… Garchi bu lahzani kutgan bo‘lsam-da. Bu o‘zgacha oqshom bo‘ldi, lekin men 50 nafar fotosuratchi tufayli yigitlarimni ko‘ra olmadim», – degan Tuhel.
Xalqaro futbol federatsiyasi hozircha uning so‘rovi bo‘yicha munosabat bildirmadi.
Superkompyuter taxmini
Opta tahlil portali versiyasiga ko‘ra, birinchi turdan keyin fransuzlar – 2026 yilgi jahon chempionligi uchun asosiy favoritlar bo‘lib turibdi. Superkompyuter Dide Desham jamoasi imkoniyatlarini 15,7 foizga baholagan – bu ikkinchi o‘rinni bo‘lishib turgan Angliya va Argentina (12,3 foiz)nikidan biroz yuqoriroq. Uchinchi o‘rinda Ispaniya (12,1 foiz) joylashgan.
E’tiborli tomoni, turnir startidan oldin Opta aynan ispanlarni asosiy favorit sifatida ko‘rayotgandi. Ammo ispanlar uchun birinchi tur muvaffaqiyatsiz kechdi va jamoa Kabo-Verdeni mag‘lub etolmadi (0:0). Fransiya, Angliya va Argentina esa turnirni muvaffaqiyatli boshlashdi.
19-20 iyun kungi o‘yinlar
20 iyunga o‘tar kechasi va tongda quyidagi qiziqarli uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi:
00.00. D guruhi. AQSh — Avstraliya
03.00. C guruhi. Shotlandiya — Marokash
05.30. C guruhi. Braziliya — Haiti
08.00. D guruhi. Turkiya — Paragvay
Sport
Qatarliklar chiday olmadi va raqibni «chopish»ga o‘ynadi
Kanadaliklar futbolchisining oyog‘i sinib ketdi. Arablar jamoasi o‘yinni 9 kishi bo‘lib yakunladi va javobsiz 6 ta gol o‘tkazdi.
Foto: Alex Grimm/Getty Images
Dahshatli jarohat kanadaliklarning yorqin g‘alabasini xiralashtirdi
Kanada – Qatar 6:0
Gollar: Larin, 16 (1:0). Devid, 29 (2:0). Devid, 45+3 (3:0). Saliba, 64 (4:0). Al-Mannai, 75 – avtogol (5:0). Devid, 90+2 (6:0)
Kanada: Krepo, De Fujyerol (Oluvaseyi, 71), Kornelius (Bombito, 46), Lareya, Jonston, Eushtakiu, Kone (Saliba, 56), A. Ahmad (Shaffelberg, 71), Byukenen (Sigur, 83), Larin, Devid
Qatar: Abunada, Pedru Migel, Huhi, X. Ahmad, Al-Oui, Madibo, Layye, Abdulsalom (Fati, 46, Mendes, 87), Afif (Al-Husayn, 59), Edmilson Junior (Al-Mannai, 46), Abdurisoq (Al-Brake, 40)
Ogohlantirishlar: Kornelius, 9 – Fati, 62
Chetlatish: X. Ahmad, 33. Madibo, 51
Kanadaliklar jahon chempionati guruh bosqichining ikkinchi turida Qatarni osonlik bilan mag‘lub etdi – 6:0. O‘yin taqdiri birinchi bo‘limdayoq hal bo‘ldi: o‘tgan turda ham bosniyaliklar darvozasiga yagona golni urgan Kayl Larin gollari sonini oshirib oldi, Jonatan Devid dublni rasmiylashtirdi. Bundan tashqari, 33-daqiqada Qatar ozchilik bo‘lib qoldi: Homam Ahmad darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib borayotgan Byukenenga so‘nggi umid folini ishlatgan deb topildi va maydonan chetlatildi.
Birinchi bo‘limdayoq hisob yirik ko‘rinish oldi, ammo kanadaliklar to‘plar nisbatini yaxshilab olish uchun faollik bilan hujum qilishda davom etishdi. 51-daqiqada esa o‘yinda dahshatli voqea ro‘y berdi: qatarliklar himoyachisi Assim Madibo to‘pni olib qo‘yishga urinib, Ismoil Konega og‘ir jarohat yetkazdi.
Kanadaliklar yarimhimoyachisi gazonda yotgan holda oyog‘iga qaradi va dahshatga tushib, qo‘llari bilan yuzini yopdi – uning chap oyog‘i sinib ketgan va notabiiy ko‘rinishga kelgandi.
O‘yin shu zahoti to‘xtatildi. Konening jamoadoshlari darhol Madiboni o‘rab olishdi va keskin ohangda e’tiroz bildira boshlashdi. Ammo himoyachining o‘zi qilib qo‘ygan ishidan karaxt holatga tushgandi. Uni tinchlantirish uchun jamoa darvozaboni Mahmud Abunada yetib keldi.
O‘yin bosh hakami Kristian Garay avvaliga qoidabuzarga sariq kartochka ko‘rsatgandi, ammo fol oqibatlarini ko‘rganidan keyin qarorini o‘zgartirib, futbolchini maydondan chetlatdi.
Maydonda ikki jamoa vakillari, jumladan, murabbiylar shtabi a’zolari o‘rtasida kichik to‘qnashuvlar ham bo‘lib o‘tdi.
O‘yinda olti daqiqadan ko‘proq to‘xtalish yuzaga keldi. Maydonga jonlantirish brigadasi tushib keldi. Tibbiy yordam ko‘rsatish chog‘ida kanalik futbolchilar Kone va shifokorlarni har tomondan o‘rab turishdi.
Kone hushini yo‘qotmagandi. U zambilda maydonni tark etish chog‘ida tribunadagilarga qo‘l silkitishga ham o‘zida kuch topa oldi.
Futbolchilar o‘ziga kelishi uchun ham vaqt talab etildi. Kanadaning ayrim futbolchilari ko‘z yoshlarini tiya olishmayotgandi.
Ammo pauzadan keyin o‘yin davom ettirildi va gol urishda davom etishdi.
Konening o‘rnini egallagan Saliba 64-daqiqada to‘rtinchi golni urdi va Konening futbolkasini ko‘targan holda golni unga bag‘ishladi.
Kanadaliklar bu bilan to‘xtashmadi va Shveytsariyaga qarshi hal qiluvchi o‘yin oldidan gollar nisbatini yaxshilash bo‘yicha ishni davom ettirishdi. To‘qqiz kishi bo‘lib qolgan osiyoliklarda esa qarshilik ko‘rsatish imkoniyati yo‘q edi. 75-daqiqada Muhammad Al-Mannai to‘pni darvoza chizig‘i ustidan qaytarib yuborishga urinib, o‘z jamoasi darvozasini ishg‘ol etib qo‘ydi, o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Devid het-trik amalga oshirib, turnir to‘purari Lionel Messiga yetib oldi.
6:0 – Kanada jahon chempionatlaridagi ilk g‘alabasini shunday hisobda qo‘lga kiritdi va amalda pley-off masalasini hal qildi: endi mezbonlarda ham Shveytsariyadagi kabi 4 ta ochko bor.
Endi ushbu jamoalar 24 iyun kuni 3-tur doirasida o‘zaro kuch sinashadi – amalda ikki jamoani ham durang hisob qoniqtiradi. Qatar hamda Bosniya va Hersegovinada bittadan ochko bor.
Sport
21:53 Debyutda mag‘lubiyat. Qayerda xato qildik?
21:53
Debyutda mag‘lubiyat. Qayerda xato qildik?
Source link
Sport
O‘zbekiston jamoasi Jahon tezkor va blits shaxmat chempionatida kuchli oltilikdan joy oldi
17–21 iyun kunlari Xitoyning Gonkong shahrida FIDE World Rapid & Blitz Team Chess Championships 2026 xalqaro musobaqasi bo‘lib o‘tmoqda.
Dunyoning eng kuchli shaxmatchilari ishtirok etayotgan nufuzli turnirda 53 ta jamoa g‘oliblik uchun bahs olib bormoqda. O‘zbekiston terma jamoasi ham musobaqada 8 nafar yetakchi shaxmatchi bilan qatnashmoqda.
17-iyun kuni o‘tkazilgan dastlabki to‘rt tur natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston jamoasi:
«Blue Bulldogs»ni 5:1
Indoneziya terma jamoasini 3,5:2,5
«Chess Thulir» jamoasini 4,5:1,5 hisobida mag‘lub etdi.
Shu bilan birga, jamoa Qozog‘istonning «KazChess» klubiga qarshi bahsda 2,5:3,5 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.
To‘rt tur yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi musobaqa jadvalida 6-o‘rinni egallab turibdi.
Turnir bahslari 21-iyunga qadar davom etadi. O‘zbekistonlik shaxmatchilar yuqori o‘rinlar uchun kurashni davom ettirmoqda.
Sport
Futbolchilarimdan g‘ururlanaman, ular Kolumbiyaga qarshi yaxshi o‘ynadi
Milliy jamoa bosh murabbiyi Kolumbiyaga qarshi mag‘lubiyatli o‘yinga izoh berdi.
O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro JCh-2026 guruh bosqichidan o‘rin olgan Kolumbiyaga (1:3) qarshi o‘yindan keyin o‘z fikrlarini aytdi.
— O‘yin qiziqarli o‘tdi. Ikkinchi bo‘limda biz o‘yinni o‘zgartirishga erishdik. Chap qanotdan imkoniyatlar yaratdik. O‘yin nazoratini o‘z qo‘limizga olishga harakat qildik.
Avvalambor biz O‘zbekistonni butun dunyoga ijobiy namoyish etish uchun bu yerga keldik. Men doim jamoamga o‘yin davomida faol harakat qilish kerakligini aytib kelaman. Kolumbiya singari jamoalarga qarshi o‘ynash, to‘psiz harakat qilish osonmas. Umuman olganda, ikkinchi bo‘limda yaxshi harakat qildik, biroq afsuski gol o‘tkazib yubordik.
Biz bu stadionda o‘tgan ushbu o‘yinni eslab qolamiz. Chunki bu tarixiy o‘yin. Biz Jahon chempionatidamiz. Bugungi o‘yin biz uchun yaxshi bo‘ldi, deb ayta olaman. Xatolar bo‘ldi, ular ustida ishlaymiz.
— Futbolchilarimdan g‘ururlanaman. Ular yaxshi o‘ynadi. Bugun qiyin o‘yin bo‘ldi. Bunday stadionda, muxlislar qarshisida o‘ynash oson emas. Lekin bu sizga ko‘proq motivatsiya berishi ham mumkin.
O‘zbekiston milliy jamoasi navbatdagi o‘yinni 23 iyun kuni Portugaliyaga qarshi o‘tkazadi.
-
Siyosat4 days ago
«Ushbu masalani shaxsan nazoratimga oldim» — Saida Mirziyoyeva giyohvandlikka qarshi kurash haqida
-
Jamiyat5 days agoFarg‘onada 1 kilogrammdan ortiq gashish olib ketayotgan shaxs qo‘lga olindi
-
Mahalliy5 days ago
my.gov.uz — 35 yilda odamlarning vaqtini qaytarib berdi!
-
Jamiyat5 days agoFarg‘onada “Lasetti” qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketishi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi
-
Sport4 days agoEron Amerikaga bordi, Osiyo Yevropaning ta’zirini berayotir – JCh kundaligi
-
Mahalliy5 days ago
Quyoshda turgan suvning ta’mi emas, tarkibi o‘zgaradi… bu esa juda xavfli
-
Jamiyat4 days agoToshkentda renovatsiyaning birinchi bosqichi boshlandi
-
Dunyodan3 days ago
Dunyo bo’ylab qochqinlar soni 10 yil ichida birinchi marta kamaydi.
