Sport
Madridda derbi, «Arsenal» va «Liverpul»da qiyin safar. Hafta o‘yinlari anonsi
Kelasi hafta Chempionlar Ligasi uchrashuvlari bo‘lishi munosabati bilan bu hafta kuchli beshlikning aksariyat top-klublari o‘z o‘yinlarini bugun, shanba oqshomida o‘tkazishadi. Ertaga ham zerikmaymiz albatta. Bu hafta dam olish kunlarimizda Ispaniyada uzoq kutilgan top uchrashuv, Italiyada peshqadamlar va da’vogarlar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar, Angliyada esa “Arsenal” va “Liverpul”ni qiyin safar kutib turibdi.
ATLeTIKO – ReAL (27 sentabr, 19:15)
“Real” bu yil rostanam shunaqa zo‘rmi? “Atletiko” bu yil rostanam shunaqa yomonmi? Bu uchrashuv har ikki savolga ham javob berishi mumkin.
Xabi Alonso boshchiligida “Real” bu mavsum yuz foizlik natija ko‘rsatib kelmoqda. Jamoaning usluban endi o‘zgargani, pressing yaxshi yo‘lga qo‘yilgani va yana bir qator ijobiy jihatlar ko‘p aytilayotgan bo‘lsa-da, jamoaning kuchaygani haqidagi savol ochiq qolmoqda, zero madridliklar hali jiddiy sinovga duch kelishmadi. Nisbatan kuchliroq bo‘lgan “Marsel”ga qarshi o‘yinda esa hatto mag‘lubiyatga uchrashi ham mumkin edi. Shu jihatdan qarasak, Simeonening “Atletiko”si raqib sifatida juda mos.
Agar “Atletiko”ning o‘zi mavsumni yaxshi boshlamaganini ham e’tiborga olsak, Simeone shogirdlari faqat derbiga tushgandek emas, barcha muvaffaqiyatsizliklarni ortda qoldirish uchun bor imkoniyatini ishga solishga bel bog‘laydi deb bemalol taxmin qilish mumkin. Jamoa shundoq ham kutilmagan, yo‘qotmaslik kerak bo‘lgan ko‘p o‘yinlarni boy berdi, deyarli barcha o‘yinlarda hisobni ochgan bo‘lsa-da, natijani saqlab qolishni uddasidan chiqa olmadi. “Real” va “Barselona” fonida yozgi transferlar oynasini ancha aktiv o‘tkazgan, o‘z safina Raspadori, Xanko, Almada, Kardoso, Bayena, Rudjyeri kabi juda ko‘p futbolchilarni qo‘shib olgan jamoadan har xolda mavsum boshida chempionlik poygasini kutishgandi.
Madrid derbisi, ayniqsa Metropolitanoda o‘tganida, o‘ta murosasiz kechadi. Ushbu stadionda o‘tgan oxirgi 20 derbida har ikki tomon teng – 7 martadan g‘alaba qozongani ham buni tasdiqlab turibdi. O‘tgan mavsumda mezbonlarning so‘nggi daqiqada hisobni tenglashtirgan derbi, ayniqsa, Chempionlar Ligasidagi javob o‘yini hammaning yodidan ko‘tarilmagan bo‘lsa kerak. Penaltilar seriyasi, Alvaresning xatosi, qizig‘i, aynan shu voqeadan so‘ng penalti tepishdagi qoidalar o‘zgardi, futbolchining behosdan ikki marta tekkanda golni bekor qilish o‘rniga qaytadan tepiladigan bo‘ldi.
Jamoalar tarkibiga qaralsa, mezbonlar safida faqat yangi xaridlar bo‘lmish Kardoso va Almada maydonga tusha olishmaydi. Xose Ximenes hali hali yangi mavsumda safga qaytgani yo‘q. Alonso matbuot anjumanida Bellinhem va Kamavinga asosiy tarkibga qaytishi mumkinligiga ishora qildi. Himoya chizig‘ida Ryudiger, Aleksandr-Arnold va Mendi o‘ynay olmaydi xolos. Alonso “Real” uchun odatiy bo‘lib qolgan himoyadagi jarohatlarga yechim qidirayotgani ma’lum. Misol uchun, so‘nggi o‘yinda Karrerasni markazda, Asensioni o‘ng qanotda sinab ko‘rgan holda eksperimentlar o‘tkazdi.
Ayni damda jamoalar o‘rtasida 9 ochkolik farq bor. “Real” g‘alaba qozonib, yuz foizlik seriyani davom ettirishi, mabodo ochko yo‘qotsa, ikkinchi o‘rniga tushib ketishi mumkin. “Atletiko”ning uch ochko egasiga aylanishi uni yetakchilar safiga qaytaradi, aks holda hatto kuchli o‘nlikdan ham pastga shung‘ish mumkin.
YuVeNTUS – ATALANTA (27 sentabr, 21:00)
O‘tgan mavsumni biroz soyada, ko‘pchilikning nazaridan chetda o‘tkazgan “Yuventus” qatorasiga ikki o‘yinda 4:3 va 4:4 hisoblarini qayd etib barchaning e’tiborini o‘ziga qaratdi. Nima bo‘lyapti, jamoa o‘zgardimi, doim himoyaga katta e’tibor qaratadigan klub shunaqa quvnoq jamoaga aylandimi, degan savollar ko‘p aylandi. Aslida holat u qadar radikal emasligini ta’kidlash kerak. Shunchaki, tasodifan ketma-ket ikki o‘yinda “Yuventus” ham, raqibi ham realizatsiya borasida anomal ko‘rsatkichni qayd etdi xolos. Agar turinliklar o‘tkazib yuborgan 7 golga qarasak, ulardan biri penaltidan, yana bir gol standart vaziyatdan yuzaga kelgan bo‘lsa, 5 gol uzoq masofadan berilgan zarbalar edi. Ya’ni “Yuventus” endi himoyani unutgan, ko‘p o‘tkazib, ko‘p gol uradigan jamoaga aylangani haqidagi mulohazalar hozircha o‘rinsiz.
Aslida qanday bo‘lishidan qat’i nazar, ayni damda “Yuventus” yomon emas, chempionatda mag‘lubiyatsiz bormoqda va “Napoli”ning eng yaqin ta’qibchisi bo‘lib turibdi. O‘tgan mavsumni ham jamoa deyarli shunaqa boshlagan, uzoq vaqt deyarli gol o‘tkazmagan, ammo juda ko‘p duranglar yakunda chempionlik poygasida halaqit bergandi. O‘sha xatolar takrorlanmasa, “Yuventus” besh yillik tanaffusdan so‘ng yana chempionlik poygasida favoritlardan biriga aylanishi mumkin.
Yurich boshchiligidagi yangi “Atalanta” ham hali mavsumda mag‘lubiyat nimaligini bilgani yo‘q. Chempionatni ikki durang bilan boshlagan bergamoliklar keyingi ikki o‘yinni yirik hisobda o‘z foydasiga hal qildi, “Lechche” va “Torino” darvozasiga hammasi bo‘lib 7 gol urishning uddasidan chiqishdi. Faqat bu o‘yinlar orasida Parijdagi 0:4 hisobidagi mag‘lubiyat biroz soya soladi. Lekin boshqa tarafdan, kimlar “PSJ”ga yirik hisobda yutqazmaganki…
Darvoqe, yirik hisoblar haqida gap ketganda, esingizga tushgan bo‘lsa kerak, o‘tgan mavsumda aynan Turinda o‘tgan o‘yinda mehmonlar 4:0 hisobida g‘alaba qozongandilar. Shu tariqa “Atalanta” “Yuventus”ga qarshi o‘yinlardagi 8 o‘yinlik g‘alabasiz seriyasiga chek qo‘ygan. Yaqinda jamoalar mavsumoldi tayyorgarlik paytida ham o‘rtoqlik uchrashuvida kuch sinashishgan va bu o‘yin “Yuventus”ning 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan tugagandi.
Jamoalar tarkibida yo‘qotishlar deyarli yo‘q. “Atalanta” futbolchilari Bekker va Kolashinats shundog‘am o‘tgan mavsumdan beri maydonga tushgani yo‘q, Skamakka va Skalvinilarning o‘rni uncha bilinmasa kerak. “Yuventuschi”lar Miretti va Milik haqida ham shunday deyish mumkin.
NYuKASL – ARSeNAL (28 sentabr, 20:30)
Angliyada “Manchester Siti”ning “tottenhemi” bo‘lganidek, “Arsenal”ning ham o‘z “nyukasli” bor. Qanday holatda bo‘lishidan, turnir jadvalidan qat’i nazar “Arsenal”ning Eddi Xau jamoasiga qarshi, ayniqsa safar o‘yinlari juda og‘ir kechadi. Londonliklar “Sent Jyeyms Park”dagi oxirgi uch o‘yinda ochko olish tugul, birorta ham gol ura olmaganlar. Bu mag‘lubiyatlar ikki marta “Arsenal”ga chempionlik poygasida pand bergan bo‘lsa, o‘tgan mavsumda Liga kubogi yarimfinalida ham “Nyukasl” ustun kelgan va yakunda ushbu sovrinni qo‘lga kiritgandi. Umuman olganda, uzoqroq davrni e’tiborga olsak, tabiiyki, “Arsenal” ancha ustun – oxirgi 30 o‘yindan 22 tasi “to‘pchilar”ning g‘alabasi bilan tugagan. “Nyukasl”ning 6 g‘alabasi asosan shu so‘nggi mavsumlarga to‘g‘ri keladi. Va albatta, anchadan beri APL ko‘radigan muxlislar bu jamoalar tilga olinganda mashhur 4:4 ni ham eslashadi. Birinchi taymda 4:0 hisobida o‘z foydasiga hal qilgan “Arsenal” yakunda g‘alabani saqlab qolishni uddasidan chiqmagandi. Shu yozda esa jamoalar o‘rtasida o‘rtoqlik o‘yini bo‘lib o‘tdi va “Arsenal” 3:2 hisobida g‘alaba qozongandi.
“Nyukasl” ayni paytda ancha pastki pog‘onalarda borayotgan bo‘lsa-da, bu biroz aldamchi taassurotlarga olib kelmasligi kerak. Jamoa o‘tkazgan 5 o‘yinning 4 tasida o‘z darvozasidan gol o‘tkazib yubormagani ham aslida “Nyukasl”da hammasi joyida ekanini ko‘rsatadi. Faqat “Liverpul”ga qarshi o‘yinda 3 gol o‘tkazib yuborildi. Bu gollarning ham ikkitasi jamoa bir kishi kam bo‘lib o‘ynayotganda yuzaga kelganini ham ta’kidlash lozim. Ochkolarning kamligi esa qiyin taqvim bilan ham bog‘liq. “Nyukasl” uch o‘yinni safarda, “Lids”, “Aston Villa” va “Bornmut”ga qarshi o‘tkazdi. Ha, top emas, lekin har biri o‘ziga yarasha kuchli raqiblar va uchala o‘yin ham 0:0 hisobida yakunlandi. Qizig‘i, ayni shu jihatdan, ya’ni gol o‘tkazib bo‘yicha “Arsenal” ham yomon emas. Arteta shogirdlari 5 o‘yinda atigi 2 gol o‘tkazib yuborishdi va bular ham “Liverpul” va “Manchester Siti” kabi raqiblarga qarshi.
Mezbonlar tarkibida jamoa sardori Fabian Sher jarohatlangan. Shuningdek Yoan Vissaning ham debyuti kechikmoqda – hujumchi Kongo tarkibidagi o‘yinlarda jarohatlangandi va kelasi oy o‘rtalarida safga qaytsa kerak. “Arsenal”da esa Saka qaytgach, endi bu pozitsiyada uning yo‘qligini bildirmay kelgan Noni Madueke jarohat oldi. Jyezus va Xaversning yo‘qligi esa yangilik emas.
“Liverpul” bilan “Arsenal” o‘rtasidagi farq 5 ochkoni tashkil qilmoqda. Mavsum boshidayoq bu farqning yanada oshishi Arteta jamoasiga keyingi bahslarda katta bosim va negativlarga sabab bo‘lishini e’tiborga olsak, mehmonlarning ochko yo‘qotishga haqqi yo‘q. Ha, mavsumdagi qiyin safarlardan biri, ammo kim aytdi chempionlik oson deb?
BARSeLONA – ReAL SOSIYeDAD (28 sentabr, 21:30)
Ushbu uchrashuv yangilangan “Kamp Nou”ning ochilishiga aylanishi kutilgandi, afsuski ulgurishmadi. Jamoa ushbu va keyingi, “PSJ”ga qarshi o‘yinni o‘tgan mavsum uy uchrashuvlarini o‘tkazgan “Estadi Olimpik Luis Kompanis”da qabul qilishga majbur bo‘lmoqda.
O‘tgan mavsumdagi so‘nggi o‘yin 4:0 hisobida mezbonlar g‘alabasi bilan yakunlangandi. O‘zi umuman “Sosidead” ispan grandlariga qarshi doim munosib qarshilik qilib kelsa-da, ko‘pincha bu o‘z stadionidagi o‘yinlarda kuzatiladi. Masalan, “Barselona” maydonidagi oxirgi 18 o‘yinning 17 tasida kataloniyaliklarning qo‘li baland kelgan. Shunday bo‘lsa-da, deyarli har yili bu raqiblar o‘rtasidagi o‘yinlarga alohida e’tibor qaratamiz, axir qachondir o‘xshab qolishi kerakku? Bundan tashqari, “Sosiyedad” “Barselona” maydonida nuqul mag‘lubiyatga uchrasa-da, aksariyat uchrashuvlarda munosib qarshilik ko‘rsatadi va ko‘pincha minimal hisoblar qayd etilgan.
Yangi murabbiy qo‘l ostida juda yomon boshladi va faqat 6-turga kelibgina ilk g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Shundog‘am, Baskoniyadagi futbol markazi to‘lig‘icha Bilbaoga ko‘chayotgan bir pallada bunday start hech kimga yoqmaydi. Vaziyatning o‘nglashning ikki yo‘li bor. Qatorasiga o‘yinlarda g‘alabalar qozonib, sekin-asta yuqoriga ko‘tarilib olish – bu juda qiyin. Ikkinchisi, biror top-o‘yinda o‘zini ko‘rsatib, butun Yevropani o‘ziga qaratish – bu ishni “Sosiyedad” doim qilib kelgan va qiyin bo‘lsa-da, ancha qisqa yo‘l.
Lamin Yamal qaytdi va bu haqida instagramda o‘zi xabar ham qildi. Aslida uning qaytishi kelasi oyga taxmin qilingandi va balkim, Lamin o‘yinga emas, mashg‘ulotlarga qaytganini nazarda tutgan bo‘lishi mumkin. Ya’ni uning asosiy tarkibda tushishga qay darajada tayyorligi noma’lum. Bu quvonchli xabar, lekin klub muxlislari so‘nggi haftalarda aynan jarohatlar borasida bir qator yomon xabarlarni eshitishdi. Ayniqsa, Rafinyaning bir necha o‘yinga safdan chiqqani, darvozabon Joan Garsiyaning mashg‘ulotlarda jarohat olgani o‘z yo‘liga, afsuski Gavi yana eski jarohati bo‘yicha operatsiya qilindi va eng yaxshi ehtimolda fevral oyida maydonga tushishi mumkin. Bu futbolchilardan tashqari, ter Stegen, Balde va Ferminlarning ham yo‘qligini e’tiborga olsak, Flik ancha bosh qotirishiga to‘g‘ri keladi. Buning ustiga jamoani kelasi haftada “PSJ”ga qarshi muhim bahs kutib turibdi. Turnir nuqtai nazaridan Chempionlar Ligasining bir guruh o‘yin ko‘p jihatdan hal qiluvchi bo‘lmasligi mumkin, lekin butun futbol ommasi bu uchrashuvni o‘tgan mavsumning “bo‘lmay qolgan finali” sifatida kutishmoqda. Axir “Oltin to‘p”ga nomzodlarning qariyb yarmi mana shu ikki jamoa a’zolaridan iborat edi.
Serxio Fransisko, “Sosidad” murabbiyi ushbu uchrashuvda himoyachi Elustondo, yarimhimoyachi Yanxel Errera, hamda hujumda Orri Oskarssondan foydalana olmaydi.
MILAN – NAPOLI (28 sentabr, 23:45)
“Milan” mavsumni juda yomon boshlagandi. O‘z maydonida “Kramoneze”ga yutqazib qo‘yish, albatta, chempionlikka da’vogar jamoaning rejasida bo‘lmaydi. Hali u paytda “Kramoneze” yana davom etishi, to‘rt turdan keyin ham mag‘lubiyatsiz borishini bilmasdik ham. Yaxshiyamki, Allegri jamoasi tezda o‘zini o‘nglab oldi va keyingi uchrashuvlarni aynan Allegriyaga xos ravishda o‘tkazmoqda. Jamoa qatorasiga uch g‘alabaga erishdi va birorta ham gol o‘tkazib yubormadi. Shundan so‘ng, Italiya kubogi uchun bahsda “Lechche” ham 3:0 hisobida mag‘lub etildi. Endi esa eng katta sinov ostonada turibdi.
“Napoli” – chempion, lekin tan olish kerak, o‘tgan mavsumdagi g‘alaba ko‘p jihatdan “Inter”ning tortig‘i bo‘lgan, ayniqsa mavsum so‘nggida “Napoli” u qadar ishonchli ko‘rinmagandi. Konte doimgidek hech qanday yevrokuboklarsiz mavsumdan o‘z ustunligi uchun mohirona foydalangandi. Aslida yuqorida “Milan”ni da’vogarlar safiga qo‘shib yuborganimiz ham shundan, bu yil aynan “Milan” yevrokuboklarda qatnashmayapti. Xullas, bu yilgi “Napoli” biroz farqli. Ayniqsa, de Bryuynening kelishi yarimhimoya uchun juda katta plyus bo‘ladi. Romelu Lukaku o‘rnini esa vaqtinchalik Rasmus Xoylund yopadi. Kim biladi, balkim daniyalik hujumchi butunlay asosiyga aylanar?
Bir qaraganda Allegri va Konte o‘rtasidagi bahsdan nimani kutish mumkin? Ikki himoyaviy murabbiy, ehtiyotkorlik va maydonning har qarichi uchun kurashish. Bunday jamoalar o‘yinida odatda ko‘p gol, hujumkor o‘yin kutmaysiz, to‘g‘rimi? Ammo so‘nggi yillarda Italiya bizni ancha hayron qoldirayotgani, eng hujumkor o‘yinlar, eng chiroyli gollar aynan Italiya grandlari o‘rtasidagi bahslarda bo‘lishiga ham o‘rganib qoldik. Statistikaga qarasak ham, xavfli vaziyatlar, zarbalar, to‘p nazorati, raqib jarima maydonidagi harakatlar borasida har ikki jamoa “A Seriya” yetakchilari safida. Shuningdek, odatga ko‘ra, himoyaviy ko‘rsatkichlar bo‘yicha ham bu ikki jamoa faqat “Roma”dan ortda qolyapti xolos. Tarozining qaysi pallasi ustun keladi, jonli guvoh bo‘lish juda qiziq, albatta.
Darvoqe, “Napoli”ni bu o‘yindan uch kun o‘tib “Sporting”ga qarshi Chempionlar Ligasidagi muhim uchrashuv kutib turganini ham yoddan chiqarmaslik kerak. Birinchi turda Manchesterda mag‘lubiyatga uchragan Konte shogirdlari uchu u yerda ham g‘alaba suv va havodek zarur.
BOShQA O‘YINLAR
27 sentabr. Brentford – MANCheSTeR YuNAYTeD (16:30), Mayns – BORUSSIYa D (18:30), Sankt Pauli – BAYYeR (18:30), CheLSI – Brayton (19:00), Kristal Pelas – LIVeRPUL (19:00), MANCheSTeR SITI – Byornli (19:00), Kalyari – INTeR (23:45), TOTTeNHEM – Vulverhempton (23:55), PSJ – Oser (23:55)
28 sentabr. ROMA – Verona (18:00)
Sport
Italiya va Turkiya JChga yaqinlashdi. Kun o‘yinlari
Ukraina, Uels, Irlandiya va yana besh jamoa turnir bilan xayrlashdi.
26 mart oqshomida Yevropa yashil maydonlarida JCh-2026 saralashi o‘tish bosqichida yarimfinal o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. 16 jamoadan sakkiztasi mundial uchun imkoniyat saqlab qolmoqda. 31 mart kuni Italiya, Turkiya, Polsha, Shvetsiya, Chexiya, Daniya, Kosovo va Bosniya jamoalari to‘rt yo‘llanma uchun kurashni davom ettiradi.
Italyanlar finalda Bosniya bilan o‘ynaydi: Tonali va Jyeko qahramon
Italiya – Shimoliy Irlandiya 2:0
Gollar: Tonali, 56 (1:0). Kin, 80 (2:0)
Italiya: Donnarumma, Bastoni (Gatti, 63), Kalafiori, Manchini, Lokatelli, Tonali (Palestra, 83), Barella, Dimarko, Politano (Pizilli, 83), Retegi (Espozito, 63), Kin (Raspadori, 88)
Shimoliy Irlandiya: P. Charlz, Hyum, Makkonvill, Makneyr, Spenser (Magennis, 79), Devlin (Smit, 68), Gelbreyt, Sh. Charlz, Prays (Marshall, 83), Devenni, Donli (Rid, 79)
Ogohlantirish: Bastoni, 58
Uels – Bosniya va Gersegovina 1:1
Gollar: D. Jyeyms, 51 (1:0). Jyeko, 86 (1:1)
Penaltilar seriyasi: Demirovich – (0:0)(darvozabon). Uilson – (1:0). Tabakovich – (1:1). Harris – (2:1). Bashich – (2:2). Jonson – (2:2)(xato). Hojiahmetovich – (2:3). Uilyams – (2:3)(darvozabon). Alaybegovich – (2:4)
Uels: Darlou, Loulor, Rodon, Dasilva, Uilyams, Ampadu, Uilson, J. Jyeyms (Kallen, 56), Jonson, D. Jyeyms (Tomas, 84), Bruks (Harris, 74)
Bosniya va Gersegovina: Vasil, Muharemovich, Katich, Kolashinats (Bashich, 62), Dedich (Gigovich, 112), Tahirovich (Alaybegovich, 62), Shunich (Tabakovich, 78), Memich (Burnich, 74), Bayraktarevich, Demirovich, Jyeko (Hojiahmetovich, 91)
Ogohlantirishlar: Kallen, 70 – Memich, 5. Demirovich, 37. Kolashinats, 39
Italiya Shimoliy Irlandiya to‘sig‘idan o‘tdi – 2:0. Lekin o‘yin mezbonlar uchun oson kechmadi. Faqat 56-daqiqaga kelib Sandro Tonalining uzoq masofadan to‘pni to‘xtatmasdan yo‘llagan zarbasi amalda o‘yin taqdirini hal qildi. U 80-daqiqada Moyze Kin urgan ikkinchi golda ham asosiy ishni bajardi.
Italyanlar o‘yin davomida jami 19 zarba berishdi (Shimoliy Irlandiyada beshta) va haqli g‘alabaga erishdi. Ikkinchi gol ham vaqtida urildi va muxlislar asabiy yakundan qutulib qolishdi. Italiya bu safargi saralashda yoki g‘alaba qozonmoqda (yetti marta), yoki yutqazmoqda (ikki marta Norvegiyaga).
Bosniya esa Uels maydonidagi o‘yinda kambek amalga oshirib, penaltilar seriyasida final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi – 1:1 (4:2). Uelsliklar butun ikkinchi bo‘lim davomida hisobda oldinda borishdi: Deniel Jyeymsning ikkinchi bo‘lim boshida kutilmaganda 25 metr masofadan yo‘llagan zarbasi mezbonlarga g‘alabani kafolatlashi mumkin edi – bu vaziyatda kiper Nikola Vasil to‘pni yaqin burchagidan o‘tkazib yubordi. Bosniyaliklar deyarli vaziyatlar yaratishmadi, ammo so‘nggi daqiqalarda hisobni tenglashtirishga erishishdi – 40 yosh arafasida ham qarilikni tan olmayotgan Jyeko o‘z uslubida bosh bilan gol urib, jamoalarni qo‘shimcha bo‘limlarga olib o‘tdi.
Jyeko 91-daqiqada almashtirildi – bosniyaliklar usiz ham qo‘shimcha bo‘limlarda durangni saqlab qolishni va penaltilar seriyasida g‘alaba qozonishni uddalashdi. Uels futbolchilari qatorasiga ikki bor xato qilishdi: avvaliga Brennan Jonsonning zarbasidan keyin to‘p to‘sin yuqorisidan o‘tib ketdi, keyin esa Vasil Neko Uilyams yo‘llagan zarba yo‘nalishini topa oldi. Bosniyada esa birinchi zarbani Ermedin Demirovich ura olmagandi, lekin undan keyin nuqtaga yaqinlashgan jamoadoshlari xatosiz harakat qilishdi.
Final: Italiya va Bosniya, Zenitse
Turkiyada kamtarona, Kosovoda – megayorqin g‘alaba
Turkiya – Ruminiya 1:0
Gollar: Ferdi Kadio‘g‘li, 53 (1:0)
Turkiya: Ugurjan Chaqir, Oqoydin, Abdulkarim Bardakchi, Ferdi Kadio‘g‘li, Mert Muldur, Hoqon Chalxono‘g‘li (O‘zan Qoboq, 90), Ismail Yuksek, Arda Guler (Irfan Qahvachi, 90), Kenan Yildiz, Barish Yilmaz (O‘rxun Ko‘kchi, 78), Karim Oqturko‘g‘li
Ruminiya: Radu, Dregushin, Burke, Banku, Ratsyu, Marin (Tenase, 66), Dragomir, Xaji (Stanchu, 71), Mixeyle (Bayaram, 88), Man, Birlidja (Mikulesku, 88)
Ogohlantirishlar: Irfan Qahvachi, 90. Karim Oqturko‘g‘li, 90 – Dragomir, 18
Slovakiya – Kosovo 3:4
Gollar: Valent, 6 (1:0). Xo‘ja, 21 (1:1). Garaslin, 45 (2:1). Asllani, 47 (2:2). Musliya, 60 (2:3). Xayrizi, 72 (2:4). Strelets, 90+4 (3:4)
Slovakiya: Dubravka, Vavro, Obert, Valent, Duda (Benesh, 83), Lobotka, Gansko, Bero (Mraz, 90), Garaslin (Tupta, 83), Sauer (Suslov, 45), Strelets
Kosovo: Murich, Dellova, Xayrizi, Haydari, Gallapeni, Voyvoda, Rejbechay, Musliya (Xadirgonay, 90), Xo‘ja (Emerlahu, 90), Asllani (Zabergya, 73), Murichi (Rrahmani, 90)
Ogohlantirishlar: Vavro, 89. Valent, 90 – Xayrizi, 14. Dellova, 25. Xo‘ja, 51
Turkiya Ruminiya to‘sig‘idan o‘tdi – 1:0. Mezbonlar faqat ikkinchi bo‘limda pozitsion hujum orqali raqib mudofaasini buzib o‘ta olishdi: 53-daqiqada Arda Guler to‘pni jarima maydoniga yetkazib berdi, qanot himoyachisi Ferdi Kadio‘g‘li to‘pni o‘ziga bo‘ysundirdi va uni ruminlar darvozabonining yonidan o‘tkaza oldi.
Ruminlar standart vaziyatlar va qarshi hujumlar orqali javob qaytarishga urindi. Ammo Turkiya haqli ravishda g‘alabaga erishdi – mehmonlarda hisob 0:1 holatida yaqqol vaziyatlar yuzaga kelmadi.
Kosovo esa Slovakiyadan kuchliroq chiqdi – 4:3. Bu kunning eng yorqin o‘yini bo‘ldi. Tomonlar o‘yinni quvlashmachoqqa aylantirishdi. Slovaklar safida 6-daqiqadayoq Martin Valent gol urgandi. Kosovoliklar safida Veldin Xo‘ja javob qaytardi. Va slovaklar baribir tanaffusga hisobda oldinda borgan holda yo‘l olishdi: Lukash Garaslin jarima zarbasidan ikkinchi golni urdi.
Tanaffusdan keyin esa kosovoliklar mezbonlar darvozasini uch bor ishg‘ol etishdi. Florent Musliya ham jarima zarbasini golga aylantirdi. O‘yin taqdiri Fisnik Asslani va Kreshnik Xayrizining gollaridan keyin hal bo‘ldi. 94-daqiqada David Strelets tomonidan urilgan gol slovaklarni qutqarib qololmadi.
Final: Kosovo – Tursiya, Prishtine
Yokeresh shvedlarni, Levandovski Polshani finalga olib chiqdi
Ukraina – Shvetsiya 1:3
Gollar: Yokeresh, 6 (0:1). Yokeresh, 51 (0:2). Yokeresh, 73 – penalti (0:3). Ponomarenko, 90 (1:3)
Ukraina: Trubin, Bondar, Zabarniy, Mikolenko, Timchik, Kalyujniy (Ocheretko, 60), Sudakov (Ponomarenko, 77), Yarmolyuk (Shaparenko, 85), Zubkov (Gutsulyak, 60), Tsigankov, Vanat (Yaremchuk, 60)
Shvetsiya: Nordfeldt, Xin (Starfelt, 37), Lindelyof, Lagerbilke, Chelstrem, Ayyari (Svensson, 77), Gudmundsson (Bergvall, 77), Yuhansson, Nyugren, Elanga (Svanberg, 90+4), Yokeresh
Ogohlantirishlar: Timchik, 56. Trubin, 71 – Nordfeldt, 75
Polsha – Albaniya 2:1
Gollar: Xo‘ja, 42 (0:1). Levandovski, 63 (1:1). Zelinski, 73 (2:1)
Polsha: Grabara, Bednarek, Kivyor, Kendzera (Sviderski, 62), Zelinski (Moder, 82), Shimanski, Skuras, Kesh, Kaminski (Pirka, 90+2), Rozga (Petushevski, 46), Levandovski (Slish, 90+2)
Albaniya: Strakosha, Ayyeti (Ismayli, 18), Jimsiti, Mitay, Hyusay, Aslani, Shehu, Lyachi (Muchi, 82), Xo‘ja (Pilios, 68), Uzuni, Bayrami (Broyya, 68)
Ogohlantirishlar: Levandovski, 87. Sviderski, 90 – Mitay, 34. Hyusay, 79. Aslani, 88
Shvetsiya Ukrainaga qarshi o‘yinda jiddiy muammoga duch kelmadi – 3:1. Nominal mehmonlar o‘yinning atigi 32 foiz qismida to‘pga egalik qilganiga qaramay, Viktor Yokereshning het-trigi evaziga finalga chiqdi.
Shvedlar 6-daqiqadayoq hisobni ochishdi: Yokeresh Benyamin Nyugrenning chap qanotdan bergan uzatmasini darvoza to‘riga to‘g‘rilab yubordi. «Arsenal» hujumchisi shu kuni vaziyatlardan foydalanish bo‘yicha ideal ko‘rsatkich qayd etdi: ikkinchi bo‘limda Yokeresh darvozabon tomonidan berilgan uzatmadan foydalanib ikkinchi golni urdi, keyinroq penaltini aniq ijro etib, hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi. Uchta zarba va uchta gol.
Ukrainlar to‘pga egalik qilishdi, ammo chinakamiga xavfli vaziyatlarga ega bo‘lishmadi. Matvey Ponomarenkoning 90-daqiqada urgan goli esa amalda hech narsaga ta’sir ko‘rsatmadi. Ukrainlar qatorasiga beshinchi jahon chempionatini o‘tkazib yuboradi, jamoa mundialda birinchi va oxirgi bor 2006 yilda qatnashgan va chorakfinalgacha yetib borgandi.
Yokeresh saralashning guruh bosqichini juda kuchsiz o‘tkazib, birorta gol urolmagandi, jamoasi esa atigi ikki ochko bilan oxirgi o‘rinda qolib ketgandi. Ammo Millatlar ligasi turniri reytingi evaziga o‘tish bosqichiga yo‘l olgan skandinavlarda endi yaxshi imkoniyat hosil bo‘ldi.
Polsha Albaniyaga qarshi o‘yinda kambek amalga oshirdi – 2:1. O‘yinda muxlislar ikki xil bo‘limga guvoh bo‘lishdi. Birinchisida polyaklarning ishi yurishmadi, qolaversa, jamoa yetakchilaridan biri Yan Bednarek golga sababchi bo‘ldi: u to‘pni qabul qilishda sustkashlikka yo‘l qo‘ydi va Arber Xo‘ja bundan foydalanib, darvozabonni ham aldab o‘tdi va bo‘sh darvozani ishg‘ol etdi.
Polyaklar ikkinchi bo‘limda o‘ziga kelishdi. 63-daqiqada Robert Levandovski boshda yo‘llagan zarbasi bilan muvozanatni tikladi, o‘n daqiqa o‘tib Petr Zelinski o‘z uslubida jarima maydoni tashqarisidan kuchli zarba berdi – 2:1. Polsha qatorasiga beshinchi o‘yinda yutqazmayapti va finalga chiqmoqda.
Final: Shvetsiya – Polsha, Stokholm.
Daniyada oson g‘alaba, chexlar ham o‘yin oxirida qutulib qoldi
Daniya – Shimoliy Makedoniya 4:0
Gollar: Damsgor, 49 (1:0). Isaksen, 58 (2:0). Isaksen, 59 (3:0). Norgar, 75 (4:0)
Daniya: Hermansen, Nelsson, Norgar (Provstgor, 86), Mele, Ba (Hoysberg, 81), Yulmann, Heyberg, Froholdt, Damsgor (Narti, 86), Isaksen (Eriksen, 73), Hoylund (Heg, 81)
Shimoliy Makedoniya: Dimitriyevski, Zaykov, Musliu, Errera, Stoychevski, Elmas, Atanasov (Alimi, 64), Bardi, Churlinov (Doriyev, 64), Kamili (Miovski, 64), Rastoder (Musovski, 77)
Ogohlantirishlar: Elmas, 72. Bardi, 86
Chexiya – Irlandiya 2:2
Gollar: Perrott, 19 – penalti (0:1). Kovarj, 23 – avtogol (0:2). Shik, 27 – penalti (1:2). Kreychi, 86 (2:2)
Penaltilar seriyasi: Perrott – (0:1). Kreychi – (1:1). Ida – (1:2). Souchek – (2:2). Breydi – (2:3). Xitil – (2:3) (darvozabon). Azaz – (2:3)(darvozabon). Shik – (3:3). Braun – (3:3) (darvozabon). Kliment – (4:3)
Chexiya: Kovarj, Granach, Kreychi, Xolesh (Xaloupek, 46), Darida (Souchek, 46), Provod, Yurasek (Karabets, 82), Tsoufal (Sadilek, 82), Shuls (Kliment, 103), Shik, Xori (Xitil, 73)
Irlandiya: Kelleher, Kollinz, O`Shi, O`Brayyen, Molumbi (Smodich, 115, Veyl, 120+1), Teylor (Breydi, 68), Menning (Braun, 68), Koulman (Dann, 96), Finn Azaz, Ogbene (Ida, 96), Perrott
Ogohlantirishlar: Granach, 90 – Teylor, 21. Menning, 26
Daniya Shimoliy Makedoniyani taslim qilishi uchun 10 daqiqa yetarli bo‘ldi. Mezbonlar ikkinchi bo‘limni shiddatli bosim bilan boshlashdi va 49-daqiqada Mikkel Damsgor hisobni ochdi. 58-daqiqada aynan uning uzatmasidan Gustavo Isaksen ikkinchi golni urdi, 59-daqiqada esa «Latsio» hujumchisi dublni rasmiylashtirdi. Biroz o‘tib Kristian Norgar yakuniy hisobni o‘rnatdi – 4:0.
Daniyaliklar uchun bu so‘nggi uch o‘yindagi ilk g‘alaba bo‘ldi. Jamoa guruh bosqichining so‘nggi turlarida qoqilgandi: avvaliga Belarus bilan kutilmaganda durang qayd etilgan (2:2), so‘nggi turda esa hal qiluvchi o‘yinda Shotlandiyaga mag‘lub bo‘lgandi (2:4).
Chexiya esa Irlandiya bilan o‘yinda burilish yasadi va penaltilar seriyasida g‘alabaga erishdi – 2:2 (4:3). Holbuki jamoa birinchi bo‘lim o‘rtalarida 0:2 hisobida ortda borayotgandi.
Jamoalar birinchi bo‘limda yetti daqiqa ichida uchta gol urishdi. 19-daqiqada Troy Perrott o‘zi ishlagan penaltini aniq ijro etdi, 24-daqiqada avvaliga chexlar himoyachisi Vladimir Tsoufal orqali to‘p to‘singa bordi, keyin esa darvozabon Matey Kovarjga tekkan holda darvoza to‘riga kirib ketdi.
Chexlar tezda hisobni qisqartirishdi – Patrik Shik ham penaltini benuqson ijro etdi, so‘nggi daqiqalarda esa o‘yin overtaymlarga olib o‘tildi: Ladislav Kreychi burchak zarbasidan keyin gol urdi. Bu gol ham Edin Jyekoniki kabi 86-daqiqada urildi va bu o‘yinda ham qo‘shimcha bo‘limlarda hisob o‘zgarmasdan, g‘olib penaltilar seriyasi orqali aniqlandi. Seriyada esa Kovarj Finn Azaz va Alan Braunning markazga yo‘llagan zarbalarini qaytardi.
Final: Chexiya – Daniya, Praga.
O‘tish bosqichi finalidagi juftliklar:
Shvetsiya — Polsha
Chexiya — Daniya
Kosovo — Turkiya
Bosniya — Italiya
31 mart kuni bo‘lib o‘tadigan bu o‘yinlardan keyin g‘oliblar to‘g‘ridan to‘g‘ri jahon chempionatiga yo‘l olishadi.
Sport
Futbol klublarini ishonchli boshqaruvga berish amaliyoti joriy etiladi
Prezidentning yangi qaroriga ko‘ra, O‘zbekistonda sport sohasini moliyalashtirish tizimi takomillashtirilib, unga tadbirkorlik sub’yektlarini keng jalb qilish mexanizmlari yo‘lga qo‘yiladi.
Qayd etilishicha, “Sport sohasini moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish va sohaga tadbirkorlik sub’yektlarini jalb qilishni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror (PQ–107-son, 2026 yil 24 mart) bilan sohada zamonaviy moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etish, muqobil manbalarni kengaytirish hamda ajratilayotgan mablag‘lar samaradorligini oshirish asosiy vazifalardan etib belgilandi.
Hujjatga muvofiq, Sport vazirligi huzurida Sport sohasida tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi. Mazkur jamg‘arma orqali sohada yangi loyihalarni moliyalashtirish va qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilgan.
2026 yil 1 apreldan boshlab qator yangi tartiblar kuchga kiradi. Jumladan, sport federatsiyalari (uyushmalari) faoliyati bilan bog‘liq yillik xarajatlarning kamida 20 foizi miqdorida homiylik mablag‘i kiritgan tadbirkorlar ularning ijro organlariga kiritilishi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, professional futbol klublari faoliyati bilan bog‘liq yillik xarajatlarning kamida 20 foizi miqdorida homiylik mablag‘ini ta’minlagan tadbirkor yoki tadbirkorlar guruhiga mazkur klubni ishonchli boshqaruvga berish amaliyoti joriy etiladi. Bu esa klublarning moliyaviy barqarorligini ta’minlash va boshqaruv samaradorligini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, 2026 yil 1 apreldan 2029 yil 1 aprelga qadar Superliga va Proligada ishtirok etuvchi futbol klublari futbolchilari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lashdan ozod qilinadi. Ular uchun ijtimoiy soliq stavkasi esa 1 foiz miqdorida belgilanadi.
Mazkur o‘zgarishlar sport sohasiga xususiy sektorni keng jalb qilish, investitsiyalarni oshirish hamda futbol klublarining raqobatbardoshligini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Sport
Transgender sportchilarga Olimpiada ayollar musobaqalarida ishtirok etish taqiqlandi
Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) «Olimpiya sport turlarida ayollar toifasini himoya qilish bo‘yicha yangi siyosat» doirasida transgenderlarni ayollar musobaqalariga qo‘ymaydi. XOQ biologik jinsni SRY geni uchun bir martalik test yordamida aniqlashni rejalashtirmoqda. Yangi qoidalar 2028 yilda Los-Anjyeles Olimpiadasidan boshlab amal qiladi.
Jinsiy toifasini o‘zgartirgan og‘ir atletikachi Lorel Xabbard
«Olimpiya o‘yinlari va XOQ tomonidan tashkil etiladigan boshqa har qanday musobaqalarda ayollar toifasidagi tadbirlarga, shu jumladan individual va jamoaviy sport turlariga endi faqat SRY (Sex-determining Region Y) geni bo‘yicha bir martalik test asosida aniqlangan biologik ayollar qo‘yiladi», deyiladi XOQ bayonotida. Bu haqda BBC xabar berdi.
XOQ ilmiy tadqiqotlarga asoslanib, SRY geni mavjudligini sportchining erkak jinsiy rivojlanishini boshdan kechirganligi dalili deb hisoblaydi. Ushbu genni so‘lak yoki qon namunasi yordamida tekshirish mumkin, deyiladi qo‘mita bayonotida.
Agar test salbiy natija ko‘rsatsa, sportchi ayollar musobaqalarida qatnashish huquqini umrbod qo‘lga kiritadi. XOQ bir nechta istisnolarga yo‘l qo‘yadi, masalan, agar sportchida androgenlarga to‘liq sezuvchanlik sindromi tashxisi qo‘yilgan bo‘lsa.
Testdan ijobiy natija olgan sportchilar boshqa toifalarga kiritiladi: erkaklar, aralash (lekin ular faqat erkaklar sifatida chiqishi mumkin) va jinsi bo‘yicha tasniflanmaydigan sportchilar.
Yangi qoidalar 2028 yilda Los-Anjyelesda (AQSh) bo‘lib o‘tadigan Olimpiadadan boshlab amal qiladi. Ko‘ngilochar va ommaviy tadbirlarga tatbiq etilmaydi.
AQShda 2025 yil fevral oyidan boshlab transgender sportchilarning ayollar musobaqalarida ishtirok etishi taqiqlandi. Bu Donald Trampning XOQ darajasida ham taqiqqa erishishga va’da bergan birinchi farmonlaridan biri edi.
XOQ fikricha, transgender sportchilarning ayollar musobaqalarida ishtirok etishini taqiqlash «ayollar toifasida adolat, xavfsizlik va halollikni himoya qiladi».
XOQ ichidagi maxsus ishchi guruh ilmiy tadqiqotlarni o‘rganib chiqib, «erkak jinsi kuch, quvvat yoki chidamlilik muhim bo‘lgan barcha musobaqalar va tadbirlarda ustunlik beradi», degan «yakdil xulosaga» keldi. Bundan tashqari, guruh qaror qabul qilishda sportchilarning o‘zi bilan ham onlayn, ham kengaytirilgan intervyular doirasida so‘rov o‘tkazdi.
Endi yangi qoidalarni alohida sport federatsiyalari va milliy olimpiya qo‘mitalari qabul qilishi kerak.
Olimpiadada transgenderlar ko‘pmi?
Associated Press nashriga ko‘ra, qancha transgender ayol Olimpiada darajasidagi sport musobaqalarida ishtirok etgani aniq emas. Parij-2024 Olimpiadasida tug‘ilganida jinsi erkak deb belgilangan birorta transgender sportchi yo‘q edi.
2021 yilda Tokioda bo‘lib o‘tgan musobaqada 35 yoshida jinsiy toifasini o‘zgartirgan yangi zelandiyalik og‘ir atletikachi Lorel Xabbard ishtirok etdi. U medal qo‘lga kirita olmadi.
Olimpiya darajasidagi sportchilar soni kam bo‘lishiga qaramay, ularni ayollar musobaqalariga qo‘yish masalasi bir necha yillardan beri qizg‘in bahslarga sabab bo‘lmoqda.
XOQ yondashuvi tarafdorlarining fikricha, genetik test eng adolatli yechimdir (ba’zi federatsiyalarda qabul qilingan testosteron testidan farqli o‘laroq). Muxoliflarning fikricha, hatto bunday sinov ham noto‘g‘ri natijalar xavfi yuqori bo‘lgan invaziv protseduradir.
Yaqinda British Journal of Spors Medicine jurnalida bir guruh olimlar jinsiy mansublikni tekshirishni «orqaga qadam tashlash va zararli anaxronizm» deb atadi. Ularning fikricha, majburiy test o‘tkazish inson huquqlarini buzadi va sportchilarni stigmatizatsiya qilishi, shuningdek, psixologik muammolarga olib kelishi mumkin.
XOQ 1980-yillarda allaqachon SRY geni testini qo‘llagan, ammo noto‘g‘ri ijobiy natijalar tufayli 1990-yillarda undan voz kechgan edi.
Sport
Futbolchilarning jismoniy holatidan xavotirdaman – Fabio Kannavaro
O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Toshkentda bo‘lib o‘tadigan FIFA Series xalqaro turniridan oldin o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
27-30 mart kunlari O‘zbekiston ushbu o‘rtoqlik turniriga mezbonlik qiladi va milliy jamoa Gabon (27 mart) va Venesuelaga (30 mart) qarshi maydonga tushadi.
Milliy jamoa bosh murabbiyi Fabio Kannavaro 26 mart kuni jurnalistlarning savollariga javob berdi.
– Biz har doim kuchli jamoalarga qarshi o‘ynashga harakat qilamiz. FIFA bizga bu imkoniyatni berdi va biz har qanday raqibga qarshi o‘ynashdan mamnunmiz.
– Ko‘proq o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazishni rejalashtirmoqdamiz, biri Kanada, ikkinchisi AQSh hududida bo‘ladi. Biz turli mamlakatlarning turli darajadagi jamoalari bilan o‘ynashni xohlaymiz. Chunki Jahon chempionati butunlay boshqacha darajada bo‘ladi. Portugaliya va Kolumbiya turnirning eng kuchli jamoalari qatorida. Shuning uchun biz tayyor bo‘lishimiz kerak. Agar kimdir Jahon chempionati oson bo‘ladi, deb o‘ylasa adashadi.
– Gabonning yorqin yulduzlari (Obameyang, Lemina) Toshkentga kelmadi? Men jamoamni tayyorlayman va raqib haqida o‘ylamayman. Biz ularning qanday o‘ynashini o‘rganib chiqdik va so‘nggi o‘yinlarini tomosha qildik.
– Kelgusi ikki o‘yinda barchaga o‘ynash imkoniyatini berishga harakat qilaman. Bunday o‘yinlarda futbolchilarni kuzatish va ularni tushunish muhim va umid qilamanki, vaziyat bunga imkon beradi.
– O‘rtoqlik o‘yinlari bo‘lsa ham, biz bor kuchimizni sarflashga va g‘alaba qozonishga harakat qilamiz. Biz futbolchilarni sinab ko‘rishni va yaxshiroq tushunishni xohlaymiz.
– Jarohat olgan Abbos Fayzullayev va Jaloliddin Masharipov ahvoli? Abbosni [Fayzullayevni] yo‘qotdik, men kelganimdan beri u ko‘p jarohat olyapti. Shunga o‘xshash muammolarga duch kelgan yana ikki yoki uch futbolchi bor va biz yechim topish uchun ko‘proq ishlashimiz kerak. Rostini aytsam, ular Jahon chempionatida o‘ynay oladimi yoki yo‘qmi, bilmayman. Biz ularning turnirning bir qismi bo‘lishi uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilyapmiz.
– Hozir milliy jamoaga chaqiruv olish huquqiga ega bo‘lgan futbolchilarning kengaytirilgan ro‘yxati 55 nafar o‘yinchidan iborat. Lekin agar mavsum davomida kimdir yaxshi o‘yin ko‘rsatayotganini ko‘rsam, biz ro‘yxatni kengaytirishimiz mumkin.
– Hammani kuzatib borishga va ular bilan muloqot qilishga harakat qilaman, hatto birga bo‘lmaganimizda ham. Biz ularga qo‘ng‘iroq qilamiz, aloqada bo‘lamiz, chunki biz ularni kuzatib turganimizni his qilishi muhim.
– Eron chempionatida o‘ynagan futbolchilar bilan bog‘liq vaziyat? Bu yana bir muammo – juda jiddiy muammo. Futbolchilar shoshilinch ravishda ketishga majbur bo‘ldi. Biz ularga yordam berishga harakat qilmoqdamiz: ularni o‘z markazimizda fitnes murabbiyi bilan mashq qildiryapmiz va FIFA bilan ularga milliy ligamizda o‘ynashga ruxsat berish imkoniyatini muhokama qildik. Umid qilamanki, FIFA ushbu turnirdan keyin qaror qabul qiladi, chunki shunchaki mashq qilib, o‘ynamay yurish yaxshi emas.
– Jahon chempionatidagi qarorgoh sifatida Atlanta shahrini tanladik, chunki FIFA bizga ma’lum shartlarni — mehmonxonalar va infratuzilmani taklif qildi. Bunga sabab – birinchi o‘yinni Mexiko shahrida, ikkinchisini Hyustonda va uchinchisini Atlantada o‘tkazamiz va umid qilamanki, biz keyingi bosqichga chiqsak, yana Atlanta shahrida o‘ynash imkoniyati bor. Bundan tashqari, Atlantadagi mashg‘ulot markazi men ko‘rgan eng yaxshilaridan biri. Mehmonxona ham yaxshi — unda futbolchilarning tiklanishi uchun barcha zarur sharoitlar mavjud.
– Milliy chempionat futbolchilarining jismoniy tayyorgarligi? Agar futbolchilar Yevropada o‘ynasa, bu ularning yaxshi darajada ekanini anglatadi. Bizning ligamizdagi muammo shundaki, o‘yinlarning tempi har doim ham yuqori darajada emas. Mahalliy futbolchilarning jismoniy holati ba’zan juda yaxshi bo‘lmaydi.
– Ramazon oyi bo‘lgani, o‘yinlar ko‘p bo‘lgani va ularning darajasi yuqori bo‘lmaganini bilaman. Men futbolchilarni doim olg‘a undayman, chunki agar ular boshqalar bilan teng darajada bo‘lishni istasa, 100 foiz bunga harakat qilishi kerak. Rostini aytsam, bu meni juda tashvishga solmoqda. Jismoniy tayyorgarlik biz uchun eng muhimi. Musobaqadan oldin bizda atigi ikki yoki uch hafta vaqt bo‘ladi va jiddiy tayyorgarlik uchun deyarli vaqt yo‘q. Shuning uchun men yanvar oyida bu holatni yaxshilashimiz kerakligini aytgan edim. Men futbolchilarning jismoniy holatidan xavotirdaman.
Sport
Superliga klublariga markazlashgan tarzda 35 milliard so‘mdan ajratilishi kutilmoqda
Yil boshida «Bunyodkor», «Nasaf», «Buxoro» va boshqa bir qancha klublar davlat kompaniyalari homiyligidan ajralgan edi. Endi Superliga klublari markazlashgan tarzda moliyalashtirilishi mumkin.
2026 yilgi futbol mavsumidan boshlab, Superliga klublari markazlashtirilgan tarzda moliyalashtirilishi mumkin. Bu haqda Kun.uz manbasi ma’lumot berdi.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA), Milliy olimpiya qo‘mitasi (MOQ) va Sport vazirligi tomonidan professional futbol klublarining moliyalashtirilishini takomillashtirish borasida loyiha ishlab chiqilgan bo‘lib, unga ko‘ra 2026 yilda Superliga klublariga davlat tomonidan bir xil – 35 milliard so‘mdan yillik smetasi tasdiqlanishi belgilangan. Shuningdek, xususiy kompaniya va homiylarga professional futbol klublariga homiylik qilish bo‘yicha imtiyoz berilishi kutilmoqda. Hozircha ushbu tizim mexanizmi va qarorning qachon qabul qilinishi noma’lum.
Avvalroq, bir qator yirik davlat kompaniyalari futbol klublarini moliyalashtirishni to‘xtatgan edi. Masalan, «O‘zbekneftgaz» davlat kompaniyasi yil boshida «Bunyodkor», «Nasaf» va «Buxoro» klublariga homiylik qilishdan voz kechdi. Shuningdek, bir qator boshqa klublar ham davlat kompaniyalari homiyligidan ajraldi. Oqibatda, «Bunyodkor», «Dinamo» va «Surxon» kabi klublarda moliyaviy muammolar kuzatilayotgani haqida xabarlar tarqaldi.
Futbol klublarini markazlashgan tarzda moliyalashtirish mexanizmi dunyo futbolida bor gap. Masalan, Saudiya Arabistoni professional ligasida futbol klublarini boshqarish va moliyalashtirish qisman markazlashgan tarzda amalga oshiriladi. 2023 yilda sport islohotlari doirasida Davlat investitsiya jamg‘armasi (PIF) to‘rtta yetakchi klub – «Al-Nasr», «Al-Hilol», «Al-Ahliy» va «Al-Ittihod» nazorat ulushlarini (taxminan 75%) qo‘lga kiritdi. Parallel ravishda, liganing boshqa jamoalari yirik davlat va yarim davlat kompaniyalariga (masalan, neft-gaz, transport va sanoat) biriktirildi, bu esa ko‘pchilik klublar davlat bilan bog‘liq tuzilmalardan mablag‘ oladigan tizimni shakllantirdi.
-
Siyosat4 days agoIslom bank ishi anʼanaviy foizlarga asoslangan modellardan nimasi bilan farq qiladi?
-
Jamiyat3 days agoO‘zbekistonda taksichilarni aldashning yangi firibgarlik usuli fosh etildi
-
Turk dunyosi3 days agoBuyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi Gretsiya, Turkiya, Kipr va Dubayga sayohatlar haqidagi soʻnggi maʼlumotlarni eʼlon qildi
-
Dunyodan3 days ago
Prezident Tramp Eronga Hormuz boʻgʻozini ochish uchun 48 soat vaqt berdi
-
Dunyodan2 days ago
Eron tarixidagi eng katta banknotalar muomalaga chiqariladi
-
Jamiyat2 days ago
O‘zbekistonliklar qaysi mamlakatlarga eng ko‘p safar qilmoqda (top-10)
-
Jamiyat4 days ago
Namanganda yirik turistik majmua qurilishi boshlandi
-
Dunyodan4 days ago
Hormuzdan tashqaridagi yirik neft yo‘llari ham xavf ostida.
