Iqtisodiyot
«Lukoyl» xorijdagi aktivlarini sotyapti. Kompaniya O‘zbekistonda ham 13 ta yirik konga egalik qiladi
«Lukoyl» AQShning Carlyle investitsiya kompaniyasi bilan xorijdagi aktivlarini sotish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bitim AQSh Moliya vazirligi tomonidan ma’qullanishi kerak. Qozog‘istondagi loyihalar bu kelishuvdan tashqarida. Rasmiy Astana mamlakatdagi aktivlarni o‘z nazoratiga olishni rejalashtiryapti. «Lukoyl» O‘zbekistonda ham 20 yildan beri qator loyihalarda ishtirok etib keladi. Xususan, 13 ta yirik gaz koniga egalik qiladi
Rossiya kompaniyasining O‘zbekistondagi eng yirik loyihasi yiliga 8,1 milliard metr kub gazni qayta ishlash quvvatiga ega Qandim gazni qayta ishlash majmuasidir. Shuningdek, mamlakatdagi 13 ta yirik konga egalik qiladi.
Rossiyaning «Lukoyl» kompaniyasi AQShning Carlyle investitsiya kompaniyasi bilan o‘zining xorijdagi biznesi —Lukoil International’ni sotish bo‘yicha kelishuv imzolaganini ma’lum qildi. Bitim AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) tomonidan ma’qullanishi kerak bo‘ladi.
Carlyle Group —dunyoning eng yirik va eng ta’sirli global investitsiya va aktivlar boshqaruv kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Tashkilotga 1987 yilda Vashingtonda asos solingan va ayni paytda 474 milliard dollarlik aktivlarni boshqaradi.
Nega «Lukoyl» aktivlarini sotyapti?
2025 yil oktyabrida AQSh hukumati Rossiyaning eng yirik ikki neft kompaniyasi — «Rosneft» va «Lukoyl»ga qarshi sanksiyalar joriy qilgandi. Shundan keyin «Lukoyl» xorijdagi aktivlarini sotish bo‘yicha salohiyatli xaridorlardan tushgan takliflarni ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi.
Kompaniya Qozog‘iston, O‘zbekiston, Ozarboyjon, Moldova, BAA, Iroq, Kamerun, Nigeriya, Gana va boshqa mamlakatlarda faoliyat yuritadi, Yevropada neftni qayta ishlash zavodlari va dunyoning 19 mamlakatida yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘iga ega.
Dastlab rus kompaniyasi aktivlarini Gunvor Groupʼga sotish bo‘yicha kelishuvga erishgandi. Ushbu kompaniya 2000 yilda tashkil etilgan bo‘lib, shved tadbirkori Torbiorn Tornkvist va rossiyalik biznesmen Gennadiy Timchenko tomonidan asos solingan. Timchenko Rossiya prezidenti Vladimir Putinning eng yaqin odamlaridan biri sifatida ko‘riladi. Shu jihatdan AQSh bu kelishuvga qarshi chiqdi.
Bloomberg «Lukoyl»ning xorijdagi aktivlari uchun potensial xaridorlar orasida Amerikaning Exxon va Chevron kompaniyalari ham borligi haqida yozgandi. Ushbu kompaniyalar Iroqdagi «G‘arbiy Qurna-2» konidagi ulushga, Abu Dhabi National Oil esa O‘zbekistondagi gaz operatsiyalariga qiziqish bildirgandi.
Qozog‘iston tomoni «Lukoyl»ning mamlakatdagi loyihalardagi xorijiy aktivlarini o‘zi sotib olish masalasi bo‘yicha AQSh rasmiylariga murojaat yo‘llagan. Bu haqda Qozog‘iston energetika vaziri Erlan Aqqenjyenov ma’lum qildi.
«Lukoyl» va O‘zbekiston
«Lukoyl»ning O‘zbekistondagi faoliyatiga to‘xtaladigan bo‘lsak, kompaniya yigirma yil ichida neft va gaz sanoatiga 10 milliard dollardan ortiq sarmoya kiritib, respublikadagi eng yirik investorlaridan biriga aylangan.
Hukumat 2004 yilda mazkur kompaniya bilan Buxoro viloyatidagi «Qandim-Hauzak-Shodi» va Qashqadaryodagi «Janubi-G‘arbiy Hisor» loyihalari bo‘yicha mahsulot taqsimoti to‘g‘risida bitim imzolagan. «Qandim-Hauzak-Shodi» bo‘yicha kelishuv dastlab 35 yil muddatga tuzilgan va 2014 yilda yana 7 yilga – 2046 yilgacha uzaytirilgan. «Janubi-G‘arbiy Hisor» loyihasi bo‘yicha shartnoma 2007 yilda kuchga kirgan va 36 yilga, 2043 yilgacha amal qiladi.
«Lukoyl»ning O‘zbekistondagi eng yirik loyihasi yiliga 8,1 milliard metr kub gazni qayta ishlash quvvatiga ega Qandim gazni qayta ishlash majmuasi bo‘lib, uning umumiy sarmoyasi 3,5 milliard dollarni tashkil etadi. Kompaniya O‘zbekistonda «O‘zbekneftgaz»dan keyin ikkinchi yirik gaz ishlab chiqaruvchi hisoblanib, 13 ta yirik konga egalik qiladi. Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovga ko‘ra, konlarda qazib olingan gazning 55 foizi O‘zbekiston, 45 foizi esa «Lukoyl»ga tegadi.
Avvalroq Markaziy bank rahbari Timur Ishmetov AQShning «Lukoyl» va «Rosneft»ga qarshi sanksiyalariga izoh berib, bu O‘zbekistonga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi, ammo uzoq muddatli shartnomalar va diplomatik mexanizmlar ehtimoliy oqibatlarni kamaytirishga imkon berishini aytgandi.