Jamiyat
Latviyaga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari aniqlandi
Latviyada ishlash uchun kerak bo‘ladigan vizani olib berish evaziga fuqarolardan pul talab qilgan shaxslar ushlandi.
Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida Urganch shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda chet elga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holatining oldi olindi.
DXX xabariga ko‘ra, Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanida yashovchi, 1991 yilda tug‘ilgan shaxs xorijda ishlamoqchi bo‘lgan fuqarolarga maslahat va viza olish bo‘yicha zarur hujjatlarni tayyorlashda ko‘maklashish bilan shug‘ullanuvchi korxona tashkil qilib, ijtimoiy tarmoqlar orqali Xorazm viloyatining Hazorasp tumanida istiqomat qiluvchi 4 nafar fuqaroning ishonchiga kirgan. Ularga Latviyada ishlash uchun kerak bo‘ladigan vizani olib berish evaziga 10 ming AQSh dollari talab qilgan. So‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Bunday qonunbuzarlik Toshkent viloyatida ham qayd etilib, Angren shahrida yashovchi, 1997 yilda tug‘ilgan shaxs Andijon viloyatida istiqomat qiluvchi 3 nafar fuqaroga elchixonada ishlovchi tanishlari orqali Latviyada ishlash imkonini beruvchi ishchi viza rasmiylashtirish evaziga 8250 AQSh dollari talab qilgan. So‘ralgan pul mablag‘idan 2100 AQSh dollarini oldindan olgan vaqtida ushlangan.
Ikki qonunbuzarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Jomboyda mast haydovchi YTH sodir etdi
Samarqand viloyati Jomboy tumanida qo‘rqinchli yo‘l-transport hodisasi ro‘y berdi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan kadrlarda qora rangli Gentra yuqori tezlikda harakatlanib, boshqaruvni yo‘qotgani va yo‘l chetida to‘xtab turgan boshqa bir oq rangli Gentra’ga urilgani aks etgan.
Ikkinchi mashina haydovchisi bu vaqtda mashinasidan tashqarida turgandi va mo‘jiza tufayli omon qolgan. Qora Gentra oq Gentra’ni surib borayotganida yo‘l chetida o‘ynab turgan yosh qizcha ham g‘ildirak ostida qolishiga bir baxya qolgan, qizcha qochib darvozadan ichkariga kirishga ulgurgan.
Kuzatuv kamerasiga yozib olingan kadrda ushbu voqea 21 aprel kuni ro‘y bergani ko‘ringan.
Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi aniqlik kiritishicha, holat Jomboy tumanida Samarqand mahallasi hududida ro‘y bergan. Avariya sodir etgan Gentra haydovchisi mast holda rulga o‘tirgani va soatiga 90 km tezlikda harakatlangani ma’lum qilingan. Hodisa oqibatida ikki haydovchi ham shifoxonaga yotqizilgan.
Viloyat IIB YHXB matbuot xizmati holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha Jomboy tuman sudiga yuborilishini ma’lum qilib, shunday harakat sodir etgan haydovchilar haydovchilik guvohnomasidan mahrum etilishi mumkinligidan ogohlantirgan.
Jamiyat
Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida turizm sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik mustahkamlanmoqda
Shu kunlarda Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi uzoq yillik do‘stlik hamda strategik sheriklik doirasida Anqarada diniy va madaniy sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha departamentining boshlig‘i, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov boshchiligidagi delegatsiya Turkiyaga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida delegatsiya vakillarining Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi rasmiylari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda Turkiya Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy va O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari Muzaffar Komilov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin Eshonqulov ishtirok etdi.
Uchrashuv doirasida Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro ishonchga asoslangan do‘stona munosabatlar hamda strategik sheriklik ikki mamlakat rahbarlari Rejep Tayyip Erdog‘an va Shavkat Mirziyoyevning qat’iy siyosiy irodasi tufayli so‘nggi yillarda yangi bosqichga ko‘tarilgani alohida ta’kidlandi.
Muloqot davomida, ayniqsa, vaqf tizimi va uni rivojlantirish masalalari muhokama qilinib, O‘zbekistonda xayriya faoliyati hamda turizm infratuzilmasini mustahkamlashga qaratilgan ishlar haqida ma’lumot almashildi. Shuningdek, “Vaqf” xayriya jamoat fondi va Ijtimoiy himoya agentligining faoliyatiga to‘xtalib, ushbu tashkilotlarning jamiyatda hamjihatlikni mustahkamlash va ehtiyojmandlarni qo‘llab-quvvatlashdagi roli alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, tomonlar ziyorat turizmini rivojlantirish, ushbu sohadagi islohotlar hamda kelgusidagi hamkorlik masalalarini har tomonlama muhokama qildilar. Ziyorat turizmi bilan vaqf mulklari o‘rtasidagi mustahkam bog‘liqlikka alohida e’tibor qaratilib, ushbu ikki yo‘nalishni birgalikda rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasida o‘zaro turizm salohiyatini targ‘ib qilishga qaratilgan bir qator hamkorlik takliflari ilgari surildi.
Jamiyat
Toshkentda uy-joy ijarasi narxlari qariyb 11 foizga qimmatlagan
Mart oyida Toshkent shahrida uy-joy ijarasining o‘rtacha narxi har bir kvadrat metr uchun qariyb 8,9 dollarni tashkil etgan. Bu fevral oyiga nisbatan 2,7 foizga, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan esa 10,8 foizga yuqori.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi bergan ma’lumotga ko‘ra, eng yuqori ijara narxlari asosan poytaxtning markaziy tumanlarida saqlanib qolmoqda. Jumladan, Mirobod, Shayxontohur, Yakkasaroy va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida bir kvadrat metr ijara narxi o‘rtacha 11 dollar atrofida bo‘lgan.
Shu bilan birga, yillik hisobda ijara narxlarining eng katta o‘sishi Yashnobod tumanida kuzatilib, 18,9 foizni tashkil etgan. Mirzo Ulug‘bek tumanida bu ko‘rsatkich 14,3 foiz, Yakkasaroy tumanida esa 12,5 foiz bo‘lgan.
Jamiyat
Dam olish kunlari harorat sezilarli ravishda ko‘tariladi
Dam olish kunlari kutilayotgan ob-havo ma’lumoti taqdim etildi.
Bugun kunduzi O‘zbekiston bo‘yicha quruq va iliq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Havo harorati 24-27 daraja atrofida, respublika janubida va cho‘l hududlarida 29-32 darajagacha bo‘ladi.
Dam olish kunlari respublika hududi bo‘yicha asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Faqat 25-aprel — shanba kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi shimolida va Farg‘ona vodiysida ba’zi joylarda, shuningdek, 26-aprel — yakshanba kuni Toshkent viloyatida ayrim joylarda biroz qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Shanba kuni kunduzi havo 28-31 darajagacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda 32-35 darajagacha isiydi.
Yakshanba kuni ko‘pchilik viloyatlar bo‘yicha havo harorati ushbu darajalar atrofida bo‘ladi. Faqat Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatida kunduzgi harorat 20-23 darajagacha, Buxoro va Navoiy viloyatlarida esa 25-28 darajagacha pasayadi.
24-25-aprel kunlari shimolda va cho‘l hududlarida, 26 aprelda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 15-20 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.
Toshkentda bugun kunduzi yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati 25-27 daraja bo‘ladi.
Shanba kuni yog‘ingarchilik kutilmaydi. Yakshanba kuni kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin, shamol tezligi 10-12 m/s gacha kuchayadi. Dam olish kunlari havo harorati 27-30 daraja atrofida bo‘ladi. Harorat asosan kechalari 14-17 daraja bo‘ladi.
Jamiyat
O‘zbekistonda dala hovlilar ro‘yxatga, xizmat narxlari esa nazoratga olinadi
O‘zbekistonda turizm sohasida yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va xizmatlar bozorida shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan yangi tartib ishlab chiqilmoqda. Hujjat hozircha loyiha bosqichida bo‘lib, u amalga oshirilsa, ayniqsa dala hovlilar orqali ijara bozorida jiddiy o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda.
Yangi tartibga ko‘ra, aholi tomonidan turistlarga vaqtincha ijaraga berilayotgan dala hovlilar rasman joylashtirish vositasi sifatida tan olinadi. Bu esa ularni yagona elektron bazaga kiritish va faoliyatini tizimli hisobga olish imkonini beradi.
Eng muhim o‘zgarishlardan biri — barcha joylashtirish vositalari, jumladan dala hovlilar ham o‘z xizmatlari narxini maxsus milliy turizm platformasiga kiritib borishi majburiy qilib belgilanmoqda. Bu talab 2027-yil 1-yanvardan joriy etilishi rejalashtirilgan.
Mazkur yondashuv orqali bozordagi yashirin narxlar siyosatiga barham berish, turistlar uchun ochiq va tushunarli narxlar muhitini shakllantirish ko‘zda tutilmoqda. Shu bilan birga, bu raqobatni sog‘lomlashtirib, barcha ishtirokchilar uchun teng sharoit yaratishi kutilmoqda.
Loyihaga muvofiq, turistik dala hovlilarda faoliyat yuritish uchun alohida litsenziya talab etilmaydi. Shuningdek, bunday hovlilarda joylashgan mijozlardan turistik yig‘im undirilmaydi. Bu esa sohani ortiqcha byurokratik to‘siqlarsiz tartibga solishga qaratilgan.
Davlat organlari esa sohani raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratadi. Turizm qo‘mitasi dala hovlilarning elektron reyestrini shakllantirishi, Soliq qo‘mitasi esa ularni to‘liq xatlovdan o‘tkazib, ma’lumotlarni yagona tizimga kiritishni ta’minlashi rejalashtirilgan.
Shuningdek, yangi tizim doirasida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish ham ko‘zda tutilgan. Agar fuqarolar ro‘yxatdan o‘tmagan yoki noqonuniy faoliyat yuritayotgan ijara ob’yektlari haqida xabar bersa va bu holat tasdiqlansa, ularga undirilgan jarimaning bir qismi mukofot sifatida berilishi mumkin.
-
Siyosat5 days agoSaida Mirziyoyeva xalqaro forumda Prezident murojaatini o‘qib eshittirdi
-
Siyosat4 days agoPrezident Mirziyoyev mintaqaviy sammitda yashil savdo yoʻlaklari va yagona iqlim investitsiya strategiyasini taklif qildi
-
Siyosat5 days agoHukumat mehnat muhojirlariga til oʻrgatish va malaka olish xarajatlari uchun kompensatsiya toʻlashi kerak
-
Siyosat4 days agoPrezident Shavkat Mirziyoyev JSST bosh direktorini qabul qildi
-
Jamiyat4 days ago
Giyohvand moddalar aylanmasini nazorat qilishning milliy tizimi takomillashtiriladi
-
Iqtisodiyot3 days ago
Markaziy bank: 24-aprelda dollar pasayadi
-
Siyosat5 days agoPrezident Mirziyoyev Ostonaga Orol dengiziga yordam berish jamg‘armasi yig‘ilishiga keldi
-
Jamiyat4 days agoShavkat Mirziyoyev Ostonaga yetib bordi
