Jamiyat
Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari aniqlandi
Toshkent viloyatida 12 ming, Quvasoy shahrida 11 ming va Paxtaobod tumanida 4945 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro M.A. ikki nafar fuqaroni Koreyaga yuborish evaziga 12 ming AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlangan.
Departamentning Quvasoy shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro D.R. fuqaroni Koreyadagi oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kiritish va viza olib berishni va’da qilib, 11 ming AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlanib, ushbu pullar hisobidan 200 dollarining qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Departamentning Paxtaobod tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro X.M. ikki nafar fuqaroni Kanada va Koreya davlatlariga ketishlari uchun hujjatlarini tayyorlab berish evaziga 4 945 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Jamiyat
gaz tarmoqlari ta’mirlanadi, yoqilg‘i zaxiralari yaratiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 6 iyul kuni neft-gaz tarmog‘ida navbatdagi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarining borishi yuzasidan axborot bilan tanishdi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Yig‘ilishda 2026-2027 yillar kuz-qish mavsumida aholi, ijtimoiy soha obektlari va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan kompleks chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi. Tabiiy va suyultirilgan gaz yetkazib berish, magistral va hududiy gaz tarmoqlarini ta’mirlash, yoqilg‘i zaxiralarini shakllantirish hamda avariya-tiklash brigadalarining shayligini ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar qo‘yildi.
Tabiiy gaz ta’minoti tizimini mavsumga tayyorlash ishlariga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, mavsumgacha magistral gaz quvurlarining 53,7 kilometr nuqsonli qismini almashtirish, kompressor stansiyalaridagi 77 ta gaz haydash agregatini mukammal ta’mirlash rejalashtirilgan.
Shuningdek, 881 ta mahalladagi 220 ming xonadonning gaz ta’minotini yaxshilash va texnologik yo‘qotishlarni qisqartirish maqsadida uch bosqichli taqsimlash tizimidan ikki bosqichli tizimga o‘tkazish ko‘zda tutilgan. 711,9 kilometr gaz tarmog‘i va 400 ta gaz taqsimlash punkti mukammal ta’mirlanadi hamda rekonstruksiya qilinadi.
Aholi va ijtimoiy soha obektlarini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash masalasi ham ko‘rib chiqildi. Kuz-qish mavsumida 325,7 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish, shu jumladan, borish qiyin bo‘lgan 229 ta qishloqdagi 104,7 ming iste’molchiga 8,2 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazish belgilangan.
Qish davri uchun yoqilg‘i zaxiralarini shakllantirish bo‘yicha ham choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, dekabr-yanvar oylari uchun 120 ming tonna avtobenzin zaxirasini yaratish rejalashtirilgan. Issiqlik elektr stansiyalariga mavsum davomida 4 million 161 ming tonna ko‘mir yetkazib berish prognoz qilinmoqda.
“O‘zbekneftgaz” tizimidagi korxonalarda texnologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida 90 ta texnologik qurilmada ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi.
Tayyorgarlik ishlari faqat neft-gaz tizimi bilan cheklanmay, umumiy energetika va kommunal sohalar bilan uzviy bog‘liq holda olib borish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Shu maqsadda respublika va hududiy komissiyalar faoliyatini yo‘lga qo‘yib, mavsumga tayyorgarlik ishlarini muvofiqlashtirish va doimiy nazorat qilib borish topshirildi.
Mutasaddilarga belgilangan chora-tadbirlar ijrosini qat’iy nazorat qilish, mavsumga tayyorgarlik ishlarini muddatida va sifatli yakunlash, aholi hamda ijtimoiy soha obektlariga tabiiy va suyultirilgan gaz, shuningdek, boshqa yoqilg‘i resurslarini barqaror yetkazib berish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
Jamiyat
Andijonda 5 nafar egizak dunyoga keldi
Chaqaloqlarning uch nafari qiz, ikki nafari o‘g‘il.
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi
Bugun, 6 iyul kuni Andijon shahrida joylashgan 2-sonli tug‘uruq majmuasida 5 nafar egizak dunyoga keldi.
SSV matbuot xizmatiga ko‘ra, Andijon shahridagi Qayrag‘ochtosh mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Nargiza Bekjonova shu kuni ko‘p homilalik tashxisi bilan mazkur muassasaga qabul qilindi.
Unda muddatidan ilgari tug‘uruq tashxisi bilan kesarcha kesish amaliyoti bajarildi.
Tug‘uruq jarayoni malakali akusher-ginekolog, neonatolog va reanimatologlar tomonidan muvaffaqiyatli o‘tkazilgan.
– birinchi chaqaloq: qiz, vazni 1450 gr,
– ikkinchi chaqaloq: o‘g‘il, vazni 1605 gr,
– uchinchi chaqaloq: qiz, vazni 1495 gr,
– to‘rtinchi chaqaloq: o‘g‘il, vazni 1585 gr,
– beshinchi chaqaloq: qiz, vazni 1205 gr.
Ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida ona va chaqaloqlar Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Andijon viloyati filialiga o‘tkazildi.
«Ayni paytda 5 nafar egizak va ularning onasi malakali tibbiyot xodimlari nazoratida o‘zlarini yaxshi his etmoqda», deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida.
Iyun oyida ham Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Andijon viloyati filialida 4 nafar egizak dunyoga kelgandi.
Jamiyat
O‘zbekistonda uyushgan jinoyatchilik darajasi past, ammo muammolar saqlanib qolmoqda
Global Initiative Against Transnational Organized Crime (GI-TOC) tomonidan tayyorlangan Global Organized Crime Index 2025 yangi hisobotida O‘zbekiston uyushgan jinoyatchilik darajasi bo‘yicha 4,93 ball oldi (193 davlat orasida 108-o‘rin). Bu global o‘rtacha 5,08 balldan past. Ammo, shu bilan birga jinoiy tahdidlarga chidamlilik past darajada ekani qayd etilgan – 3,83 ball (140-o‘rin).
Ekspertlar O‘zbekistonda odam savdosi muammosiga alohida e’tibor qaratgan (taxminan 8,0 ball). Markaziy Osiyoda mehnat migratsiyasi, kontrabanda va transchegaraviy tarmoqlar bilan bog‘liq xatarlar saqlanib qolmoqda. Shu bilan birga, O‘zbekistonda jinoyatchilikning umumiy darajasi ko‘plab qo‘shnilar bilan solishtirganda mo‘’tadilroq ko‘rinadi.
Reyting yetakchilari va autsayderlari
Eng yuqori ko‘rsatkichlar (eng ko‘p kriminallashgan mamlakatlar):
Myanma – 8,08 ball
Kolumbiya – 7,82
Meksika – 7,68
Ekvador – 7,48
Paragvay – 7,48.
Afrika va Lotin Amerikasi davlatlarida ham ballar yuqori.
Eng farovon mamlakatlar (uyushgan jinoyatchilikning past darajasi) an’anaviy ravishda G‘arbiy va Shimoliy Yevropada, shuningdek, kuchli institutlarga ega bo‘lgan Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi ayrim hududlarda joylashgan.
2025 yilgi global tendensiyalar bo‘yicha tahlilda qayd qilinishicha, dunyo «chorrahada» turibdi. Jinoiy tarmoqlar geosiyosiy o‘zgarishlar, texnologiyalar va iqtisodiy inqirozlarga faol moslashmoqda. Asosiy o‘zgarishlar:
Geroinning roli pasaygan holda kokain va sintetik giyohvand moddalarning ko‘payishi.
Moliyaviy va kiberjinoyatlarning keskin o‘sishi («ko‘rinmas» jinoyatchilik).
Xorijiy ishtirokchilar va xususiy sektorning ta’sirining oshishi.
Indeks metodologiyasi: Bu 15 ta jinoiy bozor (giyohvand moddalar, odam savdosi, moliyaviy jinoyatlar va boshqalar) va 12 ta barqarorlik ko‘rsatkichlari (adolat, xalqaro hamkorlik, shaffoflik va boshqalar) bo‘yicha ekspert baholari, ma’lumotlari va tahliliga asoslangan kompozit vositadir.
Indeks 193 mamlakatni qamrab oladi va 2021 yildan beri dinamikani kuzatish imkonini beradi. U rasmiy statistika emas, balki siyosatchilar va ekspertlar uchun tahliliy vosita bo‘lib xizmat qiladi.
Jamiyat
Haydovchi YPX xodimiga pasport yoki ID-kartaning asl nusxasini ko‘rsatishi shart
1 iyuldan boshlab qator hujjatlarni elektron shaklda taqdim etish mumkinligi haqidagi xabarlardan so‘ng Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (YHXX) haydovchilar uchun amal qiladigan tartibga aniqlik kiritdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda 1 iyuldan e’tiboran pasport, ID-karta, haydovchilik guvohnomasi va boshqa 15 dan ortiq hujjatlarning elektron shakli rasman tan olinishi, ularni MyGov ilovasi orqali taqdim etish mumkinligi haqidagi xabar tarqaldi. Bu tartib Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 27 dekabrda qabul qilingan “Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda ijtimoiy karta tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ham belgilangan.
Shundan so‘ng YHXX rasmiy munosabat bildirib, mazkur tartib yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan yo‘lda o‘tkaziladigan tekshiruvlarga to‘liq tatbiq etilmasligini ta’kidladi.
Xizmat ma’lumotiga ko‘ra, haydovchilar transport vositasini boshqarayotganda YPX xodimi talabiga binoan biometrik pasport yoki ID-kartaning asl nusxasini taqdim etishi shart.
Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq, 2025 yil 1 iyuldan 17 turdagi hujjatlarning raqamli servislari joriy etilgan. Unga ko‘ra, mazkur raqamli hujjatlarning qog‘oz nusxasi banklar, notarial idoralar, aeroportlar, temir yo‘l obektlari hamda davlat organlarida talab etilmaydi. YHXXning ta’kidlashicha, ushbu tartib ma’muriy amaliyot markazlari, shuningdek, ro‘yxatlash va imtihon olish bo‘limlarida ham to‘liq amal qiladi.
Biroq Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 135-moddasiga asosan, yo‘lda transport vositasini boshqarish vaqtida haydovchi shaxsini tasdiqlovchi hujjat — pasport yoki ID-kartaning asl nusxasini taqdim etishi lozim.
YHXX qayd etishicha, haydovchida pasport yoki ID-karta mavjud bo‘lsa, haydovchilik guvohnomasi, transport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma, transport vositasiga egalik yoki undan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar, sug‘urta polisi hamda oynalarni qoraytirish uchun berilgan ruxsatnomani alohida olib yurish talab etilmaydi.
Jamiyat
Toshkentda uy xizmatchisi 91 yoshli ayolni qiynab kelgani aniqlandi
Uy xizmati va keksa yoshdagi ayolga qarash uchun yollangan qiz yashirin ravishda uy egalarining buvisini qiynab, kaltaklab kelgan. Ojiz ahvoldagi ayol yaqinlariga bu haqda aytib berolmagan. Xizmatchining qilmishi yashirin kamera orqali fosh etilgan.
Toshkent shahrida keksa yoshdagi ayolni qiynab kelgan qiz jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.
Sud hukmiga ko‘ra, 33 yoshli Yu.U. poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi xonadonlardan birida uy xizmatchisi bo‘lib ishlagan. U 3-4 oy davomida xonadonda istiqomat qiluvchi 91 yoshli R.N.ni muntazam ravishda urib, qiynab kelgan.
Uning bu harakati uydagi yashirin kamera orqali fosh etilgan.
Uy xizmatchisi sudda aybiga iqror bo‘lgan.
“Menga xonadonda tozalik ishlarini amalga oshirish va 91 yoshli buviga qarash vazifasi yuklatilgandi. Har oyda bir-ikki marotaba dam olish kunlari berilgandi. Oylik ish haqim 7 mln so‘m bo‘lgan.
2025 yil taxminan dekabr oyida doimiy ishlab charchaganim sababli buvijonni hojatxonaga olib kirgan vaqtimda uni urib, tan jarohati yetkazdim. Bu holat 2026 yil 19 mart kuniga qadar davom etib keldi. Bosh, bo‘yin va qo‘l qismlariga urish orqali unga doimiy ravishda tan jarohati yetkazib kelganman”, degan sudlanuvchi o‘z ko‘rsatmasida.
19 mart kuni ertalab R.N. erta uyg‘onib, hojatxonaga borishini aytgan. Yu.U. doimgidek qo‘li bilan uning bosh va yuz qismiga urib, tan jarohati yetkazgan. Keyin xonaga qaytib kelishgan. Shu payt xonaga buvining nevarasi kirgan hamda hol-ahvol so‘ragan. Buvi esa hech narsa demasdan yig‘lab yuborgan.
Shundan so‘ng uy egalari xonadonga o‘rnatilgan yashirin kameralardagi tasvirlarni ko‘rib chiqishgan hamda uy xizmatchisining qilmishi fosh bo‘lgan.
JIB Mirzo Ulug‘bek tuman sudining 2026 yil 18 iyundagi hukmi bilan Yu.U. Jinoyat kodeksining 110-moddasi (qiynash) 2-qismi “v” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga 4 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
-
Siyosat3 days agoO‘zbekiston va Gruziya strategik sheriklik deklaratsiyasini imzoladi
-
Dunyodan5 days ago
NATO davlatlari Rossiyadan xavotirda…
-
Jamiyat5 days agoToshkentda Malibu qahvaxonaga borib urildi
-
Jamiyat3 days agoO‘zbekistonda ayollar umr ko‘rish bo‘yicha erkaklardan oldinda
-
Siyosat4 days agoShavkat Mirziyoyev Gruziyaning oliy milliy mukofoti bilan taqdirlandi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Iyunda eskrou orqali 34 mingdan ortiq bitim rasmiylashtirildi
-
Iqtisodiyot3 days ago
Dollar kursida keskin pasayish yuz berdi
-
Mahalliy5 days ago
Yosh ixtirochi qizga Prezident sovg‘asi — Volkswagen elektromobili topshirildi
