Jamiyat
Kommunal xo‘jaligi xodimlari uchun faxriy unvon ta’sis etilmoqda
“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan kommunal xo‘jaligi xodimi” faxriy unvonini ta’sis etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi Senatga yuborildi.
Hujjat bilan “O‘zbekiston Respublikasida kommunal, maishiy va savdo sohasida xizmat ko‘rsatgan xodim” faxriy unvoni negizida “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan kommunal xo‘jaligi xodimi” faxriy unvoni ta’sis etilmoqda.
Ta’kidlanishicha, ushbu qonun loyihasining asosiy maqsadi — kommunal xo‘jaligi xodimlarining ko‘p yillik halol va samarali mehnatini e’tirof etish, ularning jamiyatdagi nufuzi va ijtimoiy maqomini oshirish, moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash hamda sohada yuqori kasbiy madaniyat, mas’uliyat va fidoyilikni rag‘batlantirishdan iborat.
Qayd etilishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi sohadagi xodimlarning kasbiy faoliyatini munosib qo‘llab-quvvatlash, yosh va malakali kadrlarni sohaga jalb etish imkoniyatlarini kengaytirish hamda kommunal xo‘jaligi tizimida xizmatlar sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Jamiyat
Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari aniqlandi
Toshkent viloyatida 12 ming, Quvasoy shahrida 11 ming va Paxtaobod tumanida 4945 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro M.A. ikki nafar fuqaroni Koreyaga yuborish evaziga 12 ming AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlangan.
Departamentning Quvasoy shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro D.R. fuqaroni Koreyadagi oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kiritish va viza olib berishni va’da qilib, 11 ming AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlanib, ushbu pullar hisobidan 200 dollarining qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Departamentning Paxtaobod tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro X.M. ikki nafar fuqaroni Kanada va Koreya davlatlariga ketishlari uchun hujjatlarini tayyorlab berish evaziga 4 945 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Jamiyat
Kamida 15 yil ish stajiga ega tibbiyot xodimlariga uy-joy sotib olish uchun subsidiya beriladi
Subsidiya olish uchun Davlat xizmatlari markazi yoki my.gov.uz orqali murojaat qilishi mumkin. Ariza beruvchini baholashda amalda davlat tibbiyot muassasasida faoliyat yuritayotgani hamda davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega ekanligi tasdiqlanishi shart.
Vazirlar Mahkamasining 4 iyul kuni kuchga kirgan qarori bilan “Davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini uy-joy bilan ta’minlash uchun ipoteka krediti asosida sotib olinadigan uy-joyning dastlabki badal to‘lovining bir qismini qoplab berish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, subsidiya fuqaro yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazilgan hudud doirasida ajratiladi. Fuqaro yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazilgan hududdan qat’i nazar, istalgan hududdan subsidiya dasturi doirasida birlamchi uy-joy bozoridan uy-joylarni ipoteka krediti asosida sotib olishi mumkin.
Ariza beruvchi subsidiya olish uchun Davlat xizmatlari markazi yoki my.gov.uz orqali murojaat qilishi mumkin. Ariza beruvchini baholashda amalda davlat tibbiyot muassasasida faoliyat yuritayotgani hamda davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega ekanligi tasdiqlanishi shart.
Subsidiya bir oilaga (eri yoki xotiniga) faqat bir marta beriladi
Sog‘liqni saqlash vazirligi subsidiya.mf.uz axborot dasturiy ta’minot tizimi orqali avtomatik tekshirish, reyestrlarni shakllantirish va qarorlar/xabarnomalarni elektron tarzda yetkazish hamda subsidiya to‘lovlarini amalga oshirishni ta’minlashi lozim.
Quyidagi hollarda ariza beruvchiga subsidiya ajratish rad etiladi:
taqdim etilgan arizada ko‘rsatilgan ma’lumotlar mezonga mos kelmaganda;
taqdim etilgan ma’lumotlar noto‘g‘ri yoki soxta bo‘lganda;
boshqa uy-joy subsidiya dasturlari doirasida ariza beruvchining yoki uning turmush o‘rtog‘ining subsidiyadan foydalangani aniqlanganda (avval olingan subsidiyali ipoteka kreditini so‘ndirgan va uy-joy boshqa shaxsga begonalashtirib yuborilgan taqdirda ham);
ariza beruvchi davlat dasturlari doirasida ajratilgan ipoteka kreditlaridan foydalangani aniqlanganda (qarz oluvchi tomonidan 2024 yil 1 mayga qadar olingan kreditlar hisobga olinmaydi).
Subsidiya g‘oliblari reyestr asosida tasodifiy tarzda tanlash orqali aniqlanadi
Subsidiya ajratish xabarnomasini olgan g‘olib uy-joyni ipoteka krediti orqali sotib olish bo‘yicha qurilish (pudrat) tashkiloti bilan birlamchi shartnoma tuzadi.
Jamiyat
Afg‘onistondan dronda narkotik olib o‘tishning oldi olindi
O‘zbekistonga Amudaryo orqali dronda narkotik olib o‘tishga bo‘lgan urinish to‘xtatildi. Afg‘onistonlik noma’lum shaxslar uchuvchisiz uchish apparatiga 2 kg 32 gr opiy moddasini mahkamlagan bo‘lgan.
Chegara qo‘shinlari va ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Surxondaryo viloyatida narkotik moddalar kontrabandasiga chek qo‘yildi.
Afg‘onistonlik noma’lum shaxslar Amudaryo orqali giyohvandlik vositalarini dron qurilmasi yordamida O‘zbekiston hududiga o‘tkazishga uringan.
Ko‘rilgan choralar natijasida ushbu noqonuniy harakat fosh etilib, uchuvchisiz uchish apparatiga mahkamlangan 2 kilogramm 32 gramm miqdoridagi opiy moddasi ashyoviy dalil sifatida olingan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
O‘zbekiston prezidenti Sergelining O‘zgarish mahallasiga tashrif buyurdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizning Sergeli tumanidagi O‘zgarish mahallasida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari hamda yer usti metro yo‘nalishi ostida tashkil etilgan savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari faoliyati bilan tanishdi.
Inson qadrini ulug‘lash va aholi farovonligini ta’minlashga qaratilgan izchil islohotlar bugun mahallalar qiyofasida, odamlarning kundalik hayotida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
O‘zgarish mahallasi bu boradagi yangilanishlarning yorqin namunasidir. Ushbu hududda 45 ta ko‘p qavatli uy, 1 ming 620 ta xonadon mavjud. Ularda 6 ming 700 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi.
Mahallada yillar davomida to‘planib qolgan muammolar bosqichma-bosqich hal etilib, zamonaviy infratuzilma va qulay ijtimoiy muhit yaratildi. Xususan, 10 ta bolalar maydonchasi, mini-futbol maydoni, 2 ta salomatlik hududi barpo etildi.
Davlatimiz rahbari mahallada tashkil etilgan zamonaviy kogeneratsiya markazi faoliyati bilan ham tanishdi.
Qayd etilganidek, ushbu markaz kuz-qish mavsumida mahallaning issiqlik va elektr energiyasi ta’minoti barqarorligiga xizmat qiladi. Kogeneratsiya texnologiyasi orqali tabiiy gazdan avval elektr energiyasi olinadi, so‘ng ajralgan issiqlik suv va xonadonlarni isitishga yo‘naltiriladi. Bu energiya samaradorligini oshirib, isrofgarchilikni kamaytiradi.
Loyihaning umumiy qiymati 5,8 million dollarni tashkil etadi. Bu yerga Germaniyada ishlab chiqarilgan zamonaviy gaz-porshenli qurilmalar va qozonlar o‘rnatilgan. Markaz yiliga 18,4 million kilovatt-soat elektr energiyasi va 80 ming gigakaloriya issiqlik energiyasi ishlab chiqarish imkoniga ega.
Loyiha doirasida 2 kilometr uzunlikdagi yuqori kuchlanishli elektr liniyasi qurilib, umumiy tarmoqqa ulandi. Natijada tuman markaziy elektr tarmog‘idagi yuklama 3 foizga kamaydi. Markaz ishga tushishi bilan 10 ta doimiy ish o‘rni yaratildi.
Shu bilan birga, mahallaning umumiy infratuzilmasi ham tubdan yangilandi. 1,4 kilometr piyodalar yo‘laklari barpo etildi, 12 ta ko‘p qavatli uyning fasad qismi ta’mirlandi, ichki yo‘llarga asfalt yotqizildi. Hududni ko‘kalamzorlashtirish maqsadida 2 ming 720 tup manzarali daraxt va buta ko‘chatlari ekildi.
Prezidentimiz “mahalla yettiligi” va hudud faollari bilan samimiy suhbatlashdi. Bu yerdagi o‘zgarishlar aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish, mahallani obod va xavfsiz maskanga aylantirishga qaratilgan ishlar natijasi ekani ta’kidlandi.
«Keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarimiz aynan mana shu Sergeli tumanidan boshlangan edi. O‘z vaqtida bu hududga zamonaviy metro liniyasini olib kelish tashabbusini ilgari surganimizda, ushbu yirik loyihaning istiqboliga shubha bilan qaraganlar ham bo‘lgani sir emas.
Biroq bugun mana shunday ko‘rkam va obod maskanlarni, eng muhimi, siz kabi aziz yurtdoshlarimizning mamnun chehralarini ko‘rib, tanlagan yo‘limiz qanchalik to‘g‘ri bo‘lganiga yana bir bor ishonch hosil qilamiz.
Bugungi tashrifimizdan maqsad ham sizlar bilan bevosita muloqot qilish, taklif va tashabbuslaringizni tinglashdir», — dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari yo‘l-yo‘lakay Sergeli tumanidan o‘tuvchi yer usti metro yo‘nalishi ostida tashkil etilgan savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari faoliyati bilan ham tanishdi.
Zamonaviy shaharsozlikda mavjud infratuzilmadan oqilona foydalanish, bo‘sh maydonlarni aholi uchun qulay, iqtisodiyot uchun samarali maskanlarga aylantirish muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda yer usti metro yo‘li ostidagi 5,7 gektar maydon tubdan yangilandi.
Bu yerda 137 ta tadbirkorlik subyekti tashkil etilib, 250 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Metro ostida 4 kilometr piyodalar va velosiped yo‘lagi, 2 ta bolalar maydonchasi va sport zonalari tashkil qilindi. Aholi hordiq chiqarishi uchun 100 ta o‘rindiq va 40 ta zamonaviy manzarali chiroq o‘rnatildi.
Jamiyat
Mehnat kodeksiga shahvoniy shilqimlikka oid yangi norma kiritish taklif etilmoqda
Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan “Mehnat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Foto: Qonunchilik palatasi matbuot xizmati
Qayd etilishicha, qonun loyihasi O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan Xalqaro mehnat tashkilotining 111-sonli konvensiyasi normalarini milliy qonunchilikka izchil joriy etishga qaratilgan.
Unga ko‘ra, Mehnat kodeksida mehnat va mashg‘ulotlar sohasida kamsitish belgilari qatori “terisining rangi” va “siyosiy qarashlar” tushunchalari bilan to‘ldirilmoqda.
Shuningdek, mehnat munosabatlarida inson sha’ni va qadr-qimmatini ta’minlash, ish joylarida shahvoniy shilqimlikning oldini olishga qaratilgan huquqiy mexanizmlarni joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Jumladan, Mehnat kodeksini mehnat va mashg‘ulotlar sohasida shahvoniy shilqimlikka yo‘l qo‘ymaslikka oid yangi norma bilan to‘ldirish taklif etilmoqda.
-
Siyosat2 days agoO‘zbekiston va Gruziya strategik sheriklik deklaratsiyasini imzoladi
-
Dunyodan4 days ago
NATO davlatlari Rossiyadan xavotirda…
-
Jamiyat5 days agoSog‘liqni saqlash vaziri korrupsiyaga qarshi murojaat bilan chiqdi
-
Iqtisodiyot3 days ago
Iyunda eskrou orqali 34 mingdan ortiq bitim rasmiylashtirildi
-
Jamiyat4 days agoToshkentda Malibu qahvaxonaga borib urildi
-
Sport5 days agoJCh kundaligi. Mbappe Messini ta’qib qilmoqda
-
Jamiyat2 days agoO‘zbekistonda ayollar umr ko‘rish bo‘yicha erkaklardan oldinda
-
Jamiyat5 days agoGaz ta’minoti va kadastr tizimida korrupsion jinoyatlar aniqlandi
