Siyosat
“Ko‘proq imkoniyat – ko‘proq mustaqillik degani”. YI hamkorlik qo‘lini cho‘zmoqda
20 oktyabr kuni Lyuksemburgda Yevropa Ittifoqi komissarlari, Qora dengiz, Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyo mamlakatlari vazirlari ishtirokida mintaqalararo xavfsizlik va o‘zaro bog‘liqlik masalalari bo‘yicha mashvarat tashkil etildi. Mazkur uchrashuv Bryusselning Qora dengiz mintaqasiga oid strategik yondashuvi va Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo sammitining mantiqiy davomi hisoblanadi.
Mashvaratda Armaniston, Ozarbayjon, Moldova, Turkiya, Ukraina, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston tashqi ishlari vazirlari hamda vakillari qatnashdi. YeI nomidan Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakil/Yevropa Komissiyasi vitse-prezidenti Kaya Kallas, Kengayish bo‘yicha komissar Marta Kos hamda Xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissar Yozef Sikela ishtirok etdi.
YeI delegatsiyasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, uchrashuv davomida ishtirokchilar manfaatli sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish, o‘zaro bardoshlilikni kuchaytirish va yanada bog‘langan, xavfsiz hamda farovon mintaqalarni targ‘ib etish borasida o‘z majburiyatlarini tasdiqladilar.
Vazirlar sessiyasida Mintaqalararo o‘zaro bog‘liqlik kun tartibi muhokama qilindi. Mazkur tashabbus iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish, uzoq muddatli umumiy farovonlik, hamkorlik va tinchlikni mustahkamlash, YeIni Turkiya va Janubiy Kavkaz orqali Markaziy Osiyo bilan bog‘lashga yo‘naltirilgan.
Asosiy e’tibor transport (mintaqalararo Trans-Kaspiy transport yo‘lagini kuchaytirish va transport aloqalarini kengaytirish), raqamli texnologiyalar (yuqori tezlikdagi internetni rivojlantirish orqali innovatsiyalar, raqamli savdo va muhim infratuzilmaning xavfsizligini ta’minlash), energetika (energiya tarmoqlarini yaxshilash va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etishni jadallashtirish orqali energiya xavfsizligi va diversifikatsiyasini oshirish), savdo (bojxona jarayonlarini uyg‘unlashtirish va raqamlashtirish orqali chegaralardagi savdoni soddalashtirish hamda bozor integratsiyasini chuqurlashtirish) kabi to‘rt ustuvor yo‘nalishga qaratildi.
“Qora dengiz mintaqasi Yevropa Ittifoqi uchun strategik ahamiyatga ega. Rossiyaning Ukrainadagi urushi mintaqa bo‘ylab xavfli oqibatlarga olib kelmoqda. Moskvaning harbiy faoliyati, soya flotlari, suzib yuruvchi minalar va kema navigatsiya tizimlarini to‘sish kabi holatlar – umumiy xavfsizlik muammolari bo‘lib, ularga jamoaviy javob talab etiladi. Qora dengizdan tashqari, urush Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi quruqlikdagi savdoga ham ta’sir ko‘rsatdi. Markaziy Osiyodagi hamkorlarimiz bilan birgalikda biz o‘zaro aloqalarni diversifikatsiya qilamiz va savdo, energiya hamda raqamli imkoniyatlarni kengaytiramiz”, – deydi YeIning Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas.
“Rossiyaning tajovuzkor urushidan oldin Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi aksar quruqlik savdosi Rossiya orqali o‘tardi. Bugun bu yo‘l yopilgan. Bizga muqobil yo‘llar zarur. Shu sababli Yevropadan to Xitoy chegaralarigacha cho‘zilgan barcha mamlakatlar ilk bor Lyuksemburgda yig‘ildi. Barchamiz yagona yetkazib beruvchiga bog‘liqlik bizni zaiflashtirishini bilamiz. Birgalikda yangi infratuzilma qurish orqali biz o‘zimizga ko‘proq harakat erkinligi, savdo imkoniyatlari, energiya manbalari va raqamli ma’lumot almashuvi yo‘llarini yaratamiz. Ko‘proq imkoniyat bu – ko‘proq mustaqillik degani”, – deydi YeIning Kengayish masalalari bo‘yicha komissari Marta Kos.
“Markaziy Osiyo – navqiron aholi qatlamiga ega, Yevropa bilan “Global darvoza” doirasida faol ishlash salohiyatiga ega dinamik mintaqa. Biz birgalikda ushbu salohiyatni real imkoniyatlarga aylantira olamiz. Transport, energetika va raqamli tarmoqlardagi ishonchli o‘zaro bog‘liqlik bunga asos bo‘ladi. Mintaqalar o‘rtasidagi aloqalarni kuchaytirish orqali biz savdoni rivojlantiramiz, ish o‘rinlari yaratamiz va har ikki tomonda barqaror farovonlikni ta’minlaymiz”, – deydi Xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissar Yozef Sikela.
Muhokamalarda barcha ishtirokchilar o‘rtasida muvofiqlashtirish zarurligi ta’kidlandi. Yevropa Komissiyasi amaldagi tajribalarga asoslanib, hamkor mamlakatlar, xalqaro moliya institutlari, xususiy investorlar va manfaatdor uchinchi tomonlarni birlashtiruvchi muvofiqlashtirish mexanizmi taklifini tayyorlaydi. Ushbu mexanizm 2025 yil 27 noyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tadigan TCTC Investorlar va o‘zaro bog‘liqlik forumida taqdim etiladi.
“O‘zbekiston xalqaro transport-logistika aloqalarini kengaytirish, innovatsiyalar va texnologiyalar almashinuvi platformalarini rivojlantirish, mintaqalar o‘rtasida xavfsizlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlaydigan sheriklikni chuqurlashtirishga ustuvor ahamiyat qaratishda davom etadi. Muloqotlarimiz mintaqalararo bog‘liqlik nafaqat infratuzilma, balki ishonchni mustahkamlash, innovatsiyalarni rag‘batlantirish va xalqlarimiz uchun umumiy farovonlik yaratish ekanini yana bir bor tasdiqladi”, – deydi Lyuksemburg mashvaratida qatnashgan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov.
Ma’lumot o‘rnida: 21 oktyabr kuni Lyuksemburgda O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi hamkorlik kengashining 18-yig‘ilishi ham o‘tkazildi.
“Mazkur yig‘ilish natijalari hamkorligimizni kengaytirish va umumiy qadriyatlarga asoslangan yanada mustahkam, istiqbolga yo‘naltirilgan sheriklikni shakllantirishda yangi turtki berishiga ishonchimiz komil”, – deb hisoblaydi O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Xitoy delegatsiyasini qabul qildi
Bugun, 25-sentyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalqaro madaniy kommunikatsiya markazi raisi Long Yuysyan va Gonkongning «JDB Group» kompaniyasi asoschisi Chan Xuntoni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Markaz O‘zbekistonning Xitoy bilan ko‘p qirrali hamkorligini mustahkamlashga katta hissa qo‘shib kelayotgani qayd etildi. Birgalikda infratuzilmani rivojlantirish, investitsiyalar va «yashil» sanoat sohalarida qator loyihalar amalga oshirildi.
«JDB Group» kompaniyasining O‘zbekistondagi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida zamonaviy shahar, transport va sanoat infratuzilmasini rivojlantirish hamda geologiya sohasi belgilandi.
Uchrashuv yakunida mazkur kompaniya ishtirokida amalga oshirilayotgan va yangi loyihalarni jadallashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Siyosat
Saida Mirziyoyeva Diyene Keyta bilan demografik barqarorlik va inson kapitali bo‘yicha hamkorlikni muhokama qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) ijrochi direktori Diyene Keyta bilan uchrashdi.
Muloqotda demografik barqarorlik, inson kapitali va aholi farovonligini ta’minlash bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Saida Mirziyoyeva O‘zbekistonning asosiy kapitali yosh avlod ekanini ta’kidladi. U demografik salohiyatni kelgusida dividend manbaiga aylantirish uchun inson, ayniqsa, ayollar va bolalarning salomatligi, ta’limi hamda xavfsizligiga investitsiya kiritish zarurligini bildirdi.
Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram kanalida demografik prognozlash tizimini yo‘lga qo‘yilayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, «Demografik dividend — 2050» strategiyasini ishlab chiqish rejalashtirilayotganini aytdi.
Tomonlar demografik barqarorlikni faqat aholi soni bilan bog‘liq masala sifatida emas, balki ta’lim, sog‘liqni saqlash, bandlik, ijtimoiy himoya va oilalarni qo‘llab-quvvatlashni qamrab oladigan uzoq muddatli taraqqiyot masalasi sifatida ko‘rish zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, demografik ma’lumotlar va tahliliy prognozlar asosida qarorlar qabul qilish hamda inson kapitali va ijtimoiy xizmatlarga investitsiyalarni kuchaytirish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqotda aholining farovonligini oshirish va demografik jarayonlarni samarali boshqarishda ma’lumotlar hamda prognozlarning ahamiyatiga e’tibor qaratildi.
Siyosat
Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda «BlackRock» rahbariyati bilan uchrashdi
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda «BlackRock» rahbariyati bilan uchrashdi.
Unda kompaniya prezidenti Robert Kapito, vitse-rais Tomas Donilon, «Global Infrastructure Partners» raisi va bosh ijrochi direktori Adebayo Ogunlesi, Moliyaviy va strategik investorlar guruhi global rahbari hamda kompaniyaning Yaqin Sharq mintaqasi bo‘yicha rahbari Charlz Hatami qatnashdi.
Muloqot davomida 2027-yilda Toshkent xalqaro moliya markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qilindi. «BlackRock» ushbu Markaz konsepsiyasi va tuzilmasini ishlab chiqishda ko‘maklashmoqda.
AQSh ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokidagi qo‘shma davra suhbatida O‘zbekiston hamda mintaqamizning yaqin o‘n yilliklarga mo‘ljallangan rivojlanish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston yirik, samarali, sifatli sarmoyalar uchun yangi imkoniyatlar maydoniga aylanmoqda, dedi Saida Mirziyoyeva.
Siyosat
Mudofaa vaziriga ikki o‘rinbosar tayinlandi
Mudofaa vaziriga ikki o‘rinbosar tayinlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Jumladan, Prezidentning tegishli qaroriga muvofiq, polkovnik Zoidov Qahramonjon Obidjonovich O‘zbekiston mudofaa vazirining qurollanish va qurollantirish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Adliya polkovnigi Muratov Jahongir Dilshatovich vazirning komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Andijonga tashrif buyuradi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrif buyuradi.
Ikki kunlik safar dasturidan hududning sanoat va investitsiya salohiyati, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport, turizm va boshqa sohalardagi loyihalar bilan tanishish o‘rin olgan. Davlatimiz rahbari mahallalardagi bunyodkorlik ishlarini ham ko‘zdan kechiradi. Qator yangi quvvatlarni ishga tushirish va istiqbolli loyihalar qurilishini boshlash ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Andijon viloyatini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tadi.
-
Jamiyat4 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
-
Iqtisodiyot2 days ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Iqtisodiyot9 hours ago
Shavkat Mirziyoyev Shinjon usulida yetishtirilgan paxta dalasini ko‘zdan kechirdi
-
Jamiyat2 days ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat2 days ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
