Connect with us

Sport

«Kimdir meni jamoada ko‘rishni istamayapti». Saloh shov-shuvli intervyu berdi

Published

on


U murabbiy bilan munosabatlari buzilganini ochiq aytdi va qishda ketishi mumkinligiga ishora qildi.

«Liverpul» mavsum startidagi g‘alabali seriyadan keyin inqiroz ko‘chasiga kirib qoldi. Va hozircha vaziyatni o‘nglashning imkoni bo‘lmayapti. 6 dekabr kuni APLning navbatdagi turida mersisaydliklar yana ochko yo‘qotishdi: «Lids» bilan o‘yinda avvaliga jamoa 2:0 hisobida oldinga chiqib olgandi, keyin ikkita gol o‘tkazib yubordi, o‘yin oxirida Soboslai yana qizillarni hisobda oldinga olib chiqdi, ammo 90+6-daqiqada uchinchi gol o‘tkazib yuborildi (3:3). So‘nggi 10 o‘yinda atigi ikki bor g‘alabaga erishgan «Liverpul» turnir jadvalida sakkizinchi o‘rinda bormoqda. Muxlislarning katta qismi bosh murabbiy Arne Slot iste’fosini talab qilmoqda. «Lids» bilan o‘yindan keyin esa klubda navbatdagi jiddiy muammo paydo bo‘ldi. Jamoaning uzoq yillik yetakchisi, qatorasiga uch o‘yinda zaxirada qoldirilgan Muhammad Saloh jurnalistlar qarshisiga chiqdi hamda murabbiy bilan o‘rtasidagi oldingi munosabat qolmaganini ochiq aytdi. Shuningdek, qishda ketishi mumkinligiga ishora qildi.

U «Vest Hem» va «Lids»ga qarshi o‘yinda umuman maydonga chiqmadi, «Sanderlend» bilan o‘yinda esa ikkinchi bo‘limda zaxiradan tushgandi.

Qatorasiga uch o‘yinda zaxirada qolishi Salohning «sabr kosasini to‘ldirdi». Uning hisoblashicha, Slot uni «Liverpul» muammolarida asosiy aybdor sifatida ko‘rsatmoqda.

Klubdan hafsalasi pir bo‘lgani haqida

«Men juda-juda xafaman. Bu klub uchun yillar davomida, ayniqsa o‘tgan mavsumda qancha mehnat qilganimni hamma ko‘rib turibdi. Bunga ishona olmayman, yana 90 daqiqa zaxira o‘rindig‘ida qoldirildim. Bu uchinchi martasi. Menimcha, faoliyatimda ilk bor shunaqa bo‘lmoqda. 

Men hozir zaxirada o‘tiribman va nega bunday bo‘lganini bilmayapman. Aftidan, klub aybni menga ag‘darmoqda. Men shuni his qilyapman. Menimcha, bu mutlaqo ravshan: kimdir hamma ayb mening zimmamda bo‘lishini xohlagan.

Klub yozda katta va’dalar bergandi, endi esa uch o‘yinda maydonga tushirilmadim. Ular va’dasida turishdi deya olmayman.

Men bunday vaziyatga ko‘nika olmayman. Men bu klub uchun juda ko‘p ish qilgandim».

Arne Slot haqida

«Men ko‘p marta bosh murabbiy bilan munosabatim yaxshi ekanini aytganman. Hozir esa hech qanday munosabat qolmadi. Menimcha, kimdir meni klubda ko‘rishni xohlamayapti.

Yana bir bor aytaman: endi o‘rtamizda hech qanday munosabat yo‘q. Juda yaxshi munosabat bo‘lgandi, endi esa birdan yo‘q bo‘lib qoldi. Kecha u boshlang‘ich tarkibda tushmasligimni aytdi va men u bilan uchrashdim. U nimalar his qilayotganimni biladi. U bundan xabardor».

Kelajagi haqida

«Men doimo bu klubga muxlislik qilaman. Farzandlarim uni doim qo‘llab-quvvatlaydi. Men bu klubni juda yaxshi ko‘raman va doimo shunday bo‘lib qolaman. Kecha onamga qo‘ng‘iroq qildim – hech kim asosiy tarkibda chiqish yoki chiqmasligimni bilmasdi, lekin men bilardim.

Kecha [ota-onamga] aytdim: ««Brayton» bilan o‘yinga kelaveringlar. O‘ynaymanmi, yo‘qmi, buni bilmayman, ammo baribir zavq olaman. Tasavvur qilyapman, chunki bundan keyin nima bo‘lishini bilmayman. Men «Enfild»da bo‘lib, muxlislar bilan xayrlashaman va Afrika Kubogiga yo‘l olaman. U yerdaligimda nima bo‘lishini bilmayman».

Saudiya Arabistoniga ketishi ehtimoli haqida

«Men bu savolga javob berishni istamayman».

Shartnomasi haqida

«Uni imzolaganimdan afsusdamanmi? Bu savolga vijdonan javob berish men uchun juda og‘ir. Bu og‘riqli, hatto savolning o‘zi ham og‘riqli. Bu klub bilan shartnoma imzolaganim uchun men hech qachon afsuslanmayman. Shartnomani uzaytirib, faoliyatimni shu yerda yakunlayman deb o‘ylagandim.

Hammasi qachondir, qandaydir tarzda tugaydi, lekin miyamda bir fikr aylanadi: «Nega hammasi aynan shunday tugashi kerak?» Chunki men juda yaxshi holatdaman, atigi besh oy oldin men barcha individual mukofotlarni qo‘lga kiritgandim, nega endi hammasi shunday ketishi kerak? Kechirasiz, jamoadagilarning barchasi ham yaxshi formada emas, ammo hozir aynan men himoyalanishimga to‘g‘ri kelmoqda».

Futbolchilar bilan munosabatlari haqida

«Yo‘q, yo‘q, yo‘q (unga jamoadoshlari pand bermadimi degan savolga javoban), bu yigitlar men ularni qanchalik yoqtirishimni bilishadi. Ular o‘yindan oldin ham, o‘yindan keyin ham ularni qanchalik qo‘llab-quvvatlashimni bilishadi. Men tajribali futbolchiman. Men ularni doim qo‘llab-quvvatlayman, doim tajriba ulashaman. Yo‘q, yo‘q, o‘yinchilarning bunga daxli yo‘q. Ular ham meni juda qo‘llab-quvvatlashadi, shuning uchun o‘rtamizda faqat ulkan muhabbat va hurmat bor».

Yana bir bor klub oldidagi xizmatlari haqida

«Klub uchun qilgan ishlarimdan keyin bunaqa bo‘lishi chindan og‘riqli. O‘zingiz uchun tasavvur qilib ko‘rishingiz mumkin. Uydan chiqayotganingda bugun boshlang‘ich tarkibda bo‘lish-bo‘lmasligingni bilmaysan. Men klubni juda yaxshi bilaman, men ko‘p yillardan buyon shu yerdaman. Bilaman, ertaga [Jyeymi] Karrager yana va yana menga hujum qiladi – tanqid qilaversin, bu normal holat.

Men APLga kelganimdan keyingi davrda klub uchun barchadan ko‘p gol urdim. Bu davrda butun APLda mendan ko‘proq gol urgan va golli uzatma bergan boshqa kimdir bor deb o‘ylamayman. Menimcha, boshqa kimdir bilan bu ish sodir bo‘lganda, klub yonini olgan bo‘lardi. Men esa bunaqa vaziyatdagi yagona futbolchiman. Barcha aytyapti: «Mo — muammo, demak uni chetga surib qo‘yish kerak». Men esa muammo o‘zimda deb o‘ylamayman.

Men klub uchun borimni berdim. O‘z o‘rnim uchun har kuni kurashishim shart emas, chunki u meniki, unga haqliman. Men klubdan kattaroq emasman, lekin men o‘ynashga haqliman».

Noto‘g‘ri munosabat haqida

«Misol keltirish kerakmi? Bu ahmoqlik, ammo afsusdaman. Yodimda, qaysidir pallada Harri Keyn o‘n o‘yinda gol urmagandi va mediadagilarning barchasi shunday degandi: «Harri gol uradi hali». Ish Salohga kelganda esa barcha shunday demoqda: «U zaxirada o‘tirishi kerak». Uzr, Harri!»

Buyog‘iga nima bo‘ladi?

Bu vaziyatda murabbiyning qarorini ham to‘g‘ri tushunish mumkin: joriy mavsumda misrlik futbolchining o‘yinida jiddiy pasayish yuzaga keldi. U mavsum startidagi 12 o‘yinda atigi to‘rt gol urib, ikki assist amalga oshirgandi, bu esa o‘tgan mavsumdagi fenomenal ko‘rsatkich (29 gol + 18 assist) bilan solishtirganda juda kamtarona ko‘rinadi. 

«Liverpul» muammolari fonida ko‘plab muxlislar va ekspertlar Muhammad Salohning o‘yinidagi pasayishni alohida ko‘rsata boshlagandi.

33 yoshli futbolchi o‘tgan mavsumda shartnomasini 2027 yilgacha uzaytirgan.

13 dekabr kuni «Brayton»ga qarshi kechadigan o‘yin esa Saloh uchun klubdagi oxirgi o‘yin bo‘lib qolishi mumkin. Shu bilan birga, ayrimlar u allaqachon muxlislar bilan xayrlashdi deb hisoblamoqda: «Lids» bilan o‘yindan keyin Mo maydonga chiqib, uzoq vaqt qoldi va tribunaga yig‘ilganlarni olqishlab turdi.

U dekabr oyining ikkinchi yarmida Afrika kubogi o‘yinlariga jo‘nab ketadi, birinchi o‘yin – 22 dekabr kuni bo‘lib o‘tadi. Agar Misr turnirda finalgacha yetib boradigan bo‘lsa, u «Liverpul»ga 20 yanvardan oldin qaytmaydi.

Shuningdek, 2026 yilgi jahon chempionatigacha yarim yil qolmoqda, futbolchi turnirga borishi uchun sport formasini yuqori holatda saqlab turishi kerak bo‘ladi. U bu yarim yilni qayerda va qanday o‘tkazishi hozircha katta savol ostida.

Salohning oxirgi bayonoti Krishtianu Ronalduning «MYu»dan ketish oldidan Pirs Morganga bergan mashhur intervyusini yodga solib yubormoqda. Ushbu jurnalist allaqachon misrlik futbolchini ham o‘zi bilan suhbat qurishga chorladi. Futbolchi bu taklifga rozi bo‘ladigan bo‘lsa, portugaliyalik yulduznikidan ko‘ra shov-shuvliroq intervyu chiqishi mumkin.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Sport

Prezident shaxmatchilar haqida kitob va filmlar yaratilishiga ishonch bildirdi

Published

on


Shavkat Mirziyoyev shaxmatchilar bilan uchrashuvda Javohir Sindorov, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidovning Olimpiadadagi o‘yinlarini alohida e’tirof etdi.

Prezident Javohir Sindorovga murojaat qilib, bir necha oy avval uning Nomzodlar turniridagi tarixiy g‘alabasi nishonlanganini esladi. Olimpiadada ham Javohir Sindorov sovuqqonlik va barqarorlik ko‘rsatib, kuchli raqiblar oldida ortga chekinmagani ta’kidlandi.

«Endi oldingda yana bir ulkan marra — jahon toji uchun bellashuv turibdi. Bugun ortingda nafaqat jamoadoshlaring va ustozlaring, balki qirq millionga yaqin O‘zbekiston xalqi turibdi. Biz senga ishonamiz!» — dedi davlat rahbari.

Yirik musobaqada ilk bor ishtirok etgan Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dextyarovni qora donalarda mag‘lub etdi.

Uning g‘alabasi jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni olib keldi. Prezident uning g‘ayrati va g‘alabalari muxlislar ko‘nglidan joy olganini ta’kidladi.

Shamsiddin Vohidov ham umumiy natijaga munosib hissa qo‘shdi. U amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi qora donalarda tengma-teng kurashib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.

Prezident oltin medal jamoaning har bir a’zosi mehnati va hissasi natijasi ekanini ta’kidladi.

«Bu oltin medalda jamoaning har bir a’zosining mashaqqatli mehnati va ulkan hissasi bor», — dedi Prezident.

Davlat rahbari shaxmatchilar haqida hali kitoblar yozilishi, filmlar yaratilishi va ularning o‘yin uslubi darsliklarga kirishiga ishonch bildirdi.



Source link

Continue Reading

Sport

Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining uchta mintaqaviy filiali ochiladi

Published

on


Yosh shaxmatchilarni tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish uchun Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Farg‘onada uchta mintaqaviy filiali tashkil etiladi. Akademiyada oliy toifali murabbiylarni tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.

FIDE reytingida 1 ming 500 dan yuqori ball to‘plagan shaxmatchilarning xususiy klublarda o‘qish xarajatlarining yarmi davlat tomonidan qoplanadi. Bu yosh iste’dodlarning tayyorgarligini davom ettirishiga qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.

Mamlakatimizda “O‘zbekiston Grand Chess” milliy brendi ostida xalqaro turnirlar muntazam o‘tkazib boriladi. Bu shaxmatchilarimizga kuchli raqiblar bilan o‘z yurtimizda bellashish imkonini beradi.

Prezidentimiz Yangi Toshkentda 500 kishilik o‘yin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etishni taklif qildi.



Source link

Continue Reading

Sport

O‘zbekiston Osiyo o‘yinlari turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarildi

Published

on


O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyadagi Osiyo o‘yinlarining bugungi kunini oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritish bilan boshladi.

Shahriyor Mahkamov baydarkachilar o‘rtasida 500 metr masofaga kechgan yakkalik poygalarida marrani birinchi bo‘lib zabt etib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.

Terma jamoamizning yana bir a’zosi Arina Tanatmisheva esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. U 500 metr masofaga kechgan yakkalik dasturida marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi.

Shuningdek, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zolari Vladlen Denisov hamda Nilufar Zokirova juftligi kumush medalni qo‘lga kiritdi.

Hozirgacha o‘tkazilgan musobaqalardan so‘ng, O‘zbekiston delegatsiyasi turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Jami 34 ta medal qo‘lga kiritildi: 8 ta — oltin, 17 ta — kumush, 9 ta — bronza.

Aichi-Nagoya-2026 musobaqalarida medallar jamg‘arish bo‘yicha Xitoy peshqadamlik qilmoqda, Yaponiya — ikkinchi, Janubiy Koreya — uchinchi o‘rinda.



Source link

Continue Reading

Sport

O‘zbekiston U-23 yarim finalda Yaponiyaga qarshi o‘ynaydi

Published

on


O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Osiyo o‘yinlari yarim finalidagi raqibi ma’lum bo‘ldi.

Chorak finalda Yaponiya terma jamoasi KXDRni 1:0 hisobida mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi.

Shu tariqa, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi final yo‘llanmasi uchun musobaqa mezboni Yaponiyaga qarshi maydonga tushadi.

Uchrashuv 30-sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:30 da “Nagai” stadionida boshlanadi.



Source link

Continue Reading

Sport

O‘zbekiston shaxmatchilari Armanistonni mag‘lub etib, yetakchilikni saqlab qoldi

Published

on


Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 10-turi O‘zbekistonning birinchi jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.

Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev va Muhiddin Madaminov ishtirok etgan O‘zbekiston-1 jamoasi Armanistonni mag‘lub etdi.

Abdusattorov, Sindarov va Madaminov o‘z raqiblaridan ustun keldi. Shu tariqa, O‘zbekiston-1 jamoasi 18 ochko bilan musobaqada yetakchilikni saqlab qoldi.

O‘zbekiston-2 jamoasi Hindistonga imkoniyatni boy berdi. O‘zbekiston-3 esa Isroilga qarshi keskin bahsda kichik hisobda mag‘lub bo‘ldi.

Xotin-qizlar o‘rtasidagi 10-turda O‘zbekiston-1 jamoasi Peru vakillarini yirik hisobda mag‘lub etdi.

27-sentyabr kuni Olimpiadaning so‘nggi — 11-tur bahslari o‘tkaziladi. Uning yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindor jamoalar aniqlanadi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.