Sport
«Kimdir meni jamoada ko‘rishni istamayapti». Saloh shov-shuvli intervyu berdi
U murabbiy bilan munosabatlari buzilganini ochiq aytdi va qishda ketishi mumkinligiga ishora qildi.
«Liverpul» mavsum startidagi g‘alabali seriyadan keyin inqiroz ko‘chasiga kirib qoldi. Va hozircha vaziyatni o‘nglashning imkoni bo‘lmayapti. 6 dekabr kuni APLning navbatdagi turida mersisaydliklar yana ochko yo‘qotishdi: «Lids» bilan o‘yinda avvaliga jamoa 2:0 hisobida oldinga chiqib olgandi, keyin ikkita gol o‘tkazib yubordi, o‘yin oxirida Soboslai yana qizillarni hisobda oldinga olib chiqdi, ammo 90+6-daqiqada uchinchi gol o‘tkazib yuborildi (3:3). So‘nggi 10 o‘yinda atigi ikki bor g‘alabaga erishgan «Liverpul» turnir jadvalida sakkizinchi o‘rinda bormoqda. Muxlislarning katta qismi bosh murabbiy Arne Slot iste’fosini talab qilmoqda. «Lids» bilan o‘yindan keyin esa klubda navbatdagi jiddiy muammo paydo bo‘ldi. Jamoaning uzoq yillik yetakchisi, qatorasiga uch o‘yinda zaxirada qoldirilgan Muhammad Saloh jurnalistlar qarshisiga chiqdi hamda murabbiy bilan o‘rtasidagi oldingi munosabat qolmaganini ochiq aytdi. Shuningdek, qishda ketishi mumkinligiga ishora qildi.
U «Vest Hem» va «Lids»ga qarshi o‘yinda umuman maydonga chiqmadi, «Sanderlend» bilan o‘yinda esa ikkinchi bo‘limda zaxiradan tushgandi.
Qatorasiga uch o‘yinda zaxirada qolishi Salohning «sabr kosasini to‘ldirdi». Uning hisoblashicha, Slot uni «Liverpul» muammolarida asosiy aybdor sifatida ko‘rsatmoqda.
Klubdan hafsalasi pir bo‘lgani haqida
«Men juda-juda xafaman. Bu klub uchun yillar davomida, ayniqsa o‘tgan mavsumda qancha mehnat qilganimni hamma ko‘rib turibdi. Bunga ishona olmayman, yana 90 daqiqa zaxira o‘rindig‘ida qoldirildim. Bu uchinchi martasi. Menimcha, faoliyatimda ilk bor shunaqa bo‘lmoqda.
Men hozir zaxirada o‘tiribman va nega bunday bo‘lganini bilmayapman. Aftidan, klub aybni menga ag‘darmoqda. Men shuni his qilyapman. Menimcha, bu mutlaqo ravshan: kimdir hamma ayb mening zimmamda bo‘lishini xohlagan.
Klub yozda katta va’dalar bergandi, endi esa uch o‘yinda maydonga tushirilmadim. Ular va’dasida turishdi deya olmayman.
Men bunday vaziyatga ko‘nika olmayman. Men bu klub uchun juda ko‘p ish qilgandim».
Arne Slot haqida
«Men ko‘p marta bosh murabbiy bilan munosabatim yaxshi ekanini aytganman. Hozir esa hech qanday munosabat qolmadi. Menimcha, kimdir meni klubda ko‘rishni xohlamayapti.
Yana bir bor aytaman: endi o‘rtamizda hech qanday munosabat yo‘q. Juda yaxshi munosabat bo‘lgandi, endi esa birdan yo‘q bo‘lib qoldi. Kecha u boshlang‘ich tarkibda tushmasligimni aytdi va men u bilan uchrashdim. U nimalar his qilayotganimni biladi. U bundan xabardor».
Kelajagi haqida
«Men doimo bu klubga muxlislik qilaman. Farzandlarim uni doim qo‘llab-quvvatlaydi. Men bu klubni juda yaxshi ko‘raman va doimo shunday bo‘lib qolaman. Kecha onamga qo‘ng‘iroq qildim – hech kim asosiy tarkibda chiqish yoki chiqmasligimni bilmasdi, lekin men bilardim.
Kecha [ota-onamga] aytdim: ««Brayton» bilan o‘yinga kelaveringlar. O‘ynaymanmi, yo‘qmi, buni bilmayman, ammo baribir zavq olaman. Tasavvur qilyapman, chunki bundan keyin nima bo‘lishini bilmayman. Men «Enfild»da bo‘lib, muxlislar bilan xayrlashaman va Afrika Kubogiga yo‘l olaman. U yerdaligimda nima bo‘lishini bilmayman».
Saudiya Arabistoniga ketishi ehtimoli haqida
«Men bu savolga javob berishni istamayman».
Shartnomasi haqida
«Uni imzolaganimdan afsusdamanmi? Bu savolga vijdonan javob berish men uchun juda og‘ir. Bu og‘riqli, hatto savolning o‘zi ham og‘riqli. Bu klub bilan shartnoma imzolaganim uchun men hech qachon afsuslanmayman. Shartnomani uzaytirib, faoliyatimni shu yerda yakunlayman deb o‘ylagandim.
Hammasi qachondir, qandaydir tarzda tugaydi, lekin miyamda bir fikr aylanadi: «Nega hammasi aynan shunday tugashi kerak?» Chunki men juda yaxshi holatdaman, atigi besh oy oldin men barcha individual mukofotlarni qo‘lga kiritgandim, nega endi hammasi shunday ketishi kerak? Kechirasiz, jamoadagilarning barchasi ham yaxshi formada emas, ammo hozir aynan men himoyalanishimga to‘g‘ri kelmoqda».
Futbolchilar bilan munosabatlari haqida
«Yo‘q, yo‘q, yo‘q (unga jamoadoshlari pand bermadimi degan savolga javoban), bu yigitlar men ularni qanchalik yoqtirishimni bilishadi. Ular o‘yindan oldin ham, o‘yindan keyin ham ularni qanchalik qo‘llab-quvvatlashimni bilishadi. Men tajribali futbolchiman. Men ularni doim qo‘llab-quvvatlayman, doim tajriba ulashaman. Yo‘q, yo‘q, o‘yinchilarning bunga daxli yo‘q. Ular ham meni juda qo‘llab-quvvatlashadi, shuning uchun o‘rtamizda faqat ulkan muhabbat va hurmat bor».
Yana bir bor klub oldidagi xizmatlari haqida
«Klub uchun qilgan ishlarimdan keyin bunaqa bo‘lishi chindan og‘riqli. O‘zingiz uchun tasavvur qilib ko‘rishingiz mumkin. Uydan chiqayotganingda bugun boshlang‘ich tarkibda bo‘lish-bo‘lmasligingni bilmaysan. Men klubni juda yaxshi bilaman, men ko‘p yillardan buyon shu yerdaman. Bilaman, ertaga [Jyeymi] Karrager yana va yana menga hujum qiladi – tanqid qilaversin, bu normal holat.
Men APLga kelganimdan keyingi davrda klub uchun barchadan ko‘p gol urdim. Bu davrda butun APLda mendan ko‘proq gol urgan va golli uzatma bergan boshqa kimdir bor deb o‘ylamayman. Menimcha, boshqa kimdir bilan bu ish sodir bo‘lganda, klub yonini olgan bo‘lardi. Men esa bunaqa vaziyatdagi yagona futbolchiman. Barcha aytyapti: «Mo — muammo, demak uni chetga surib qo‘yish kerak». Men esa muammo o‘zimda deb o‘ylamayman.
Men klub uchun borimni berdim. O‘z o‘rnim uchun har kuni kurashishim shart emas, chunki u meniki, unga haqliman. Men klubdan kattaroq emasman, lekin men o‘ynashga haqliman».
Noto‘g‘ri munosabat haqida
«Misol keltirish kerakmi? Bu ahmoqlik, ammo afsusdaman. Yodimda, qaysidir pallada Harri Keyn o‘n o‘yinda gol urmagandi va mediadagilarning barchasi shunday degandi: «Harri gol uradi hali». Ish Salohga kelganda esa barcha shunday demoqda: «U zaxirada o‘tirishi kerak». Uzr, Harri!»
Buyog‘iga nima bo‘ladi?
Bu vaziyatda murabbiyning qarorini ham to‘g‘ri tushunish mumkin: joriy mavsumda misrlik futbolchining o‘yinida jiddiy pasayish yuzaga keldi. U mavsum startidagi 12 o‘yinda atigi to‘rt gol urib, ikki assist amalga oshirgandi, bu esa o‘tgan mavsumdagi fenomenal ko‘rsatkich (29 gol + 18 assist) bilan solishtirganda juda kamtarona ko‘rinadi.
«Liverpul» muammolari fonida ko‘plab muxlislar va ekspertlar Muhammad Salohning o‘yinidagi pasayishni alohida ko‘rsata boshlagandi.
33 yoshli futbolchi o‘tgan mavsumda shartnomasini 2027 yilgacha uzaytirgan.
13 dekabr kuni «Brayton»ga qarshi kechadigan o‘yin esa Saloh uchun klubdagi oxirgi o‘yin bo‘lib qolishi mumkin. Shu bilan birga, ayrimlar u allaqachon muxlislar bilan xayrlashdi deb hisoblamoqda: «Lids» bilan o‘yindan keyin Mo maydonga chiqib, uzoq vaqt qoldi va tribunaga yig‘ilganlarni olqishlab turdi.
U dekabr oyining ikkinchi yarmida Afrika kubogi o‘yinlariga jo‘nab ketadi, birinchi o‘yin – 22 dekabr kuni bo‘lib o‘tadi. Agar Misr turnirda finalgacha yetib boradigan bo‘lsa, u «Liverpul»ga 20 yanvardan oldin qaytmaydi.
Shuningdek, 2026 yilgi jahon chempionatigacha yarim yil qolmoqda, futbolchi turnirga borishi uchun sport formasini yuqori holatda saqlab turishi kerak bo‘ladi. U bu yarim yilni qayerda va qanday o‘tkazishi hozircha katta savol ostida.
Salohning oxirgi bayonoti Krishtianu Ronalduning «MYu»dan ketish oldidan Pirs Morganga bergan mashhur intervyusini yodga solib yubormoqda. Ushbu jurnalist allaqachon misrlik futbolchini ham o‘zi bilan suhbat qurishga chorladi. Futbolchi bu taklifga rozi bo‘ladigan bo‘lsa, portugaliyalik yulduznikidan ko‘ra shov-shuvliroq intervyu chiqishi mumkin.