Connect with us

Mahalliy

kesish, sotish, uzr so‘rash va yana kesish

Published

on


Daraxt ekishni bilmaydigan kattalar

Ikki kun avval ijtimoiy tarmoqlarda bir video tarqaldi. Ekopartiya rahbari Abdushukur Hamzayev maktab o‘quvchilari bilan uchrashuvda: «endi kattalar uchun daraxt ekishni ko‘rsatib beramiz» dedi. Shu payt o‘quvchilardan biri beg‘uborlik bilan so‘radi: «kattalar daraxt ekishni bilmaydimi?».
Partiya rahbari kulib, «ha, kattalar bilishmaydi, shuning uchun daraxtlar qurib ketayapti», dedi. Ammo sersavol bolakay yana qiziqdi: «kattalar maktabga bormaganmi?»
Bu gap, go‘yo hazildek eshitilsa-da, juda og‘riqli haqiqatni ochdi: rostda biz daraxt ekishni emas, daraxt kesishni o‘rgangan jamiyat kattalarimiz.

Toshkentda kuni kecha 174 ta daraxt kesilgani bo‘yicha hamon bahs-munozaralar davom etmoqda. Axir kam emas 174 ta daraxtni ulg‘aytirishning o‘zi bo‘lmagandir. Bir daraxt voyaga yetgunicha kamida 30 yil kerak. Endi ekilgan daraxtlar kattarguncha yana qancha qish, qancha yoz va qancha chang-to‘zon va jaziramada jazzillashimizga to‘g‘ri keladi.
Gazeta.uz nashrining yozishicha, poytaxtimizning Bobur ko‘chasida kesilgan daraxt va butalarning 151 tasi sog‘lom bo‘lgan. Har doimgidek bizda «sallani olib kel, desa kalla oladigan»lar, kasalvand daraxtlarga qo‘shib sog‘lom daraxtlarning 150 dan ziyodini kesib tashlagan. Aslida qanday topshiriq bo‘lgani bizga qorong‘u…

Ekologiya vazirligi zararni 1 milliard 460 million 952 ming so‘m deb hisoblagan. Prezidentning 90-son qarori bilan joriy etilgan moratoriy talablari qo‘pol ravishda buzilgan.
Shahar hokimligi mas’ullar jazolanishini aytdi, lekin shu savol havoda osilib turibdi: «Daraxt kesgan fuqarolar javob beradi», ammo daraxt kesishni buyurganlar kimlar, axir kimdir buyruq bergan-ku yoki har doimgidek «fuqarolar A.B va V.Slar…» degan alfavitli krossvord yechish bilan shug‘ullanamizmi?

Kesish topshirig‘ini kim bergan?

Toshkent shahri hokimligi axborot xizmati rahbari Gulnoza Qosimovaning Gazeta.uz nashriga bergan intervyusiga ko‘ra, hokimlik ushbu daraxtlarni kestirish niyatida bo‘lmagan, faqat ko‘chirish rejasi bor edi. Ammo mas’ul xodimlar topshiriqni noto‘g‘ri tushunib, daraxtlarni kesib tashlagan.

Agar rostdan ham bu sohada o‘z ishini puxta bajara olmaydigan, ming bor uzr, ovsarroq odamlar ishlasa, balki ularni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazib ishga olish kerakdir. «Kesish» bilan «ko‘chirish» iborasining farqiga bormaslik uchun topshiriq berilayotganda xodim nima bilan band bo‘lishi kerak?
Qosimova hatto kesish ishlari nega tunda bo‘lganini shunday izohladi: «kechqurun, salqinda ko‘chirilgan daraxtlar yaxshi ildiz oladi».
Xo‘p, maqsad daraxtlarni ko‘chirish (qayerga va nima uchun) ekan, tungi vaqt ko‘chirish uchun tanlangan ekan, nima uchun kesib tashlandi…

Biroq dendrolog, Toshkent davlat agrar universiteti dotsenti Farhod Ubaydullayev buni fojia deb atadi: «Bu archalar virjin turiga mansub bo‘lib, zaharli gazlar, chang va issiqlikka chidamli. Videolarda ular sog‘lom, ko‘m-ko‘k holatda. Kesilgan har bir archa biofabrika edi. Ular shaharning havosini tozalaydi, issiqni qaytaradi».

«Ekologiya bo‘limlarini hokimiyatga berish, bu fojea»

Ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev prezident farmoniga ko‘ra, o‘nga yaqin vazirlik qatorida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining ham bo‘linmalari tajriba-sinov tariqasida hokimliklar tuzilmasiga o‘tkazilayotganiga munosabat bildirdi.

«Joylardagi ekologiya bo‘limlari mahalliy hokimiyatlarga berilyapti. Bu «Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot» yilida ekologiyani o‘ldirish degani. Afsuski, joylarda eng ko‘p moratoriy talablarini buzayotgan idoralarni qarasangiz, bu mahalliy hokimiyatlar hissasi to‘g‘ri keladi… Bundan keyin hokimiyatlarni daraxt kesishdan hech narsa to‘xtatib qolmaydi. Shuning uchun mazkur qarorni qayta ko‘rish kerak deb hisoblayman», deydi u.
R.Kusherbayevning so‘zlariga ko‘ra, rivojlangan mamlakatlarda ekologiya idoralari hukumatga emas, parlament yoki prezidentga bo‘ysunadi, chunki bu manfaatlar to‘qnashuvini oldini oladi. Bizda esa aksincha.

Umuman olganda, daraxtlarning kesilishi uchun javobgar, yashillikka mas’ul idoralar talaygina, lekin shunga qaramay daraxtlarning egasi yo‘qdek va yanayam achinarlisi, aynan yashillikka javobgar, tabiatni asrab-avaylashi kerak bo‘lgan vakolatli tashkilotlarning o‘zi buzg‘unchilikka bosh-qosh bo‘lsa dardingni kimga aytasan. Masalan, obodonlashtirish boshqarmalarining ko‘chalarni tozalashdan tashqari ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha vazifalari ham bor. Nahotki, obodlikka mas’ul korxonalar xodimlarining birortasi «o‘zimiz o‘tirgan shoxga o‘zimiz bolta urayapmiz» deya o‘ylamagan, daraxt «jallodlari»ni to‘xtatishga urinmagan bo‘lsa. Ya’ni shahar hokimligi va tuman obodonlashtirish bo‘limlari rekonstruksiya, yo‘l yoki binolar qurilishida «kesish yoki ko‘chirish» loyihasiga javobgar ekanligini bilmasa?

Aslida, 2019-yilda qabul qilingan qarorga ko‘ra, har bir kesilgan daraxt uchun 5 tasi qayta ekilishi kerak. Bu amalda bajarilyaptimi? Va bu ko‘chatlarni qanchasi ko‘karadi, qanchasi quriydi va havoga sovurilgan qancha mablag‘ budjetga zarar keltiradi?

Hozir poytaxtdagi PM 2.5 havo ifloslanish ko‘rsatkichi 3 baravar (RM 10) me’yordan yuqori. Havo daraxtlar kamayishi evaziga ana shunday ifloslanib boraveradi. Bir daraxt yiliga 20-30 kg changni filtrlasa, demak 174 dona daraxt 3-4 tonna changni filtrlagan bo‘lardi, endi esa aholi tonnalab changni yutishga tayyorgarlik ko‘rishi kerak…

Tadqiqotlarda aytilishicha, shaharda daraxtlar kesilgan hududlarda havo harorati 4-8°C ga oshadi, chang zarralari 30 foizga ko‘payadi, issiqlik orollari tez shakllanadi. Bu nafaqat ekotizim, balki inson sog‘lig‘iga ham tahdiddir, allergiya, astma va stress darajasi oshadi.

Daraxtlarning nafaqat havo tozalashi, balki suv aylanishiga ham ta’sir etishini juda yaxshi bilamiz. Ilmiy hisobotlarga ko‘ra, bitta katta daraxt yiliga 400–1000 litr suvni aylanishga qaytaradi. Daraxtlarning kesilishi shahar mikroklimatidagi namlikning yo‘qolishi, yomg‘ir miqdorining pasayishiga ham ta’sir qiluvchi omil. BMTning «UN-Habitat» hisobotiga ko‘ra, million aholili shaharda har bir odamga kamida 9 m² yashil maydon to‘g‘ri kelishi kerak.

Toshkentda bu ko‘rsatkich oxirgi yillarda 5 m² atrofida. Bu ketishda yanada kamayadi, lekin aynan Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining bosh rejasi loyihasi bilan tanishish (2022-yil) chog‘ida Toshkent shahri va uning atrofidagi yashil hududlar 3 karra ko‘paytirilib, 25 ming gektarga yetkazilishi belgilanishi, bu orqali aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yashil maydon hozirgi 3 kvadrat metrdan 6 kvadrat metrga oshishini alohida urg‘ulagan edi. Bugungi holatni xiyonat yoki sabotaj deb bemalol aytsak bo‘ladi, menimcha.

«Kattalar daraxt ekishni bilmaydimi?» – bolakay haq ekan…

Kesish, sotish, uzr so‘rash… va yana kesish… So‘nggi bir yilda daraxt kesilishi bo‘yicha holatlar tez-tez muhokamalarga va noroziliklarga sabab bo‘lmoqda. Nahotki, mana shunday muhokamalar bo‘lishini bilib turib ham bemalol xatolikka yo‘l qo‘yish mumkin. Yoki daraxt kesilishidan manfaatdor odamlar O‘zbekistonda nima bo‘layotgani, daraxtlarga moratoriy joriy qilingani, aholi g‘azabiga uchrashini bilmasa…. bilmasaya…

Agar bilib turib odamlar gapiraveradi, biz esa bir-ikki odamni jazolab qizarmay, uyalmay yashashda davom etamiz deb o‘ylashgan bo‘lsa-chi? Eng qo‘rqinchlisiyam shuda o‘zi…
Daraxtlar kesilishi bilan bog‘liq xabarlarga ko‘z yugurtiramiz: Qibrayda 30 yillik daraxtlar kesildi: aholi norozilik bildirmoqda, Namanganda 4 tup qimmatbaho daraxtni kesgan fuqarodan 326 mln. so‘m zarar undirildi… Sayxunobodda 21 tup daraxtni sotgan uch kishi 2 yilga qamaldi… (zarar 1 mlrd so‘m). Yunusobodda daraxt qo‘porgan ikki kishi 5 sutkaga qamaldi, 27,8 mln. so‘m undirildi…

So‘nggi savol

Demak, bu raqamlar, bu daraxtga nisbatan zo‘ravonliklar birinchisi va so‘ngisi ham emas.
Shuning uchun bolakayning savoli qayta yangraydi:
«Kattalar daraxt ekishni bilmaydimi?»

Mayli, kattalar daraxt ekishni bilmas, loaqal kesishni to‘xtatishi kerak…
Yana bolakayning savoliga qaytamiz: «kattalar maktabga bormaganmi?»

Biz esa taxmin qilamiz: katta ehtimol bilan ular yo maktabga bormagan yoki «ikkichi» bo‘lgan. Axir maktabga borgan odamda savod bo‘ladi, ong, bilim «kesish» va «ko‘chirish» degan gaplarning farqiga boradi, yo rostanam daraxt kesgan kattalar maktabga bormay vaqtini buzg‘unchilik va talon-tarojlik bilan o‘tkazganmikan, nima dedingiz?

Barno Sultonova



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Mahalliy

Buxorodagi davlat bog‘chalari ham vaqtincha yopiladi

Published

on


Buxoroda ham bog‘chalar vaqtincha yopiladi. 

Buxoro viloyatida kutilgan kuchli issiqlar munosabati bilan 15–17-iyul kunlari barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati vaqtincha to‘xtatiladi.

Bu haqda Buxoro viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Buxoro viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasining xulosasiga asoslanib ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, qaror maktabgacha yoshdagi bolalarning hayoti va salomatligini jazirama issiqning salbiy ta’siridan muhofaza qilish maqsadida qabul qilingan.

Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari 20 iyul kunidan boshlab belgilangan tartibda o‘z faoliyatini qayta tiklaydi.

Ota-onalardan ushbu vaqtinchalik cheklovni to‘g‘ri qabul qilish, shu kunlarda farzandlari salomatligi va xavfsizligiga alohida e’tibor qaratish so‘raldi.

Avvalroq Qoraqalpog‘iston, Xorazm va Navoiydagi bog‘chalar vaqtincha yopilishi ma’lum qilingandi. 



Source link

Continue Reading

Mahalliy

Ayrim fransuz tili o‘qituvchilariga umumiy qiymati 1,3 mln yevrolik grant ajratiladi

Published

on


Fransiyaning Nitsa shahrida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi delegatsiyasi hamda Frankofoniya instituti o‘rtasida hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan Anglashuv memorandumi imzolandi.

Hujjatga ko‘ra, 2030 yilgacha O‘zbekistondagi 1 410 nafar fransuz tili o‘qituvchisining malakasi oshiriladi. Ularning 910 nafari uchun umumiy qiymati 1,3 million yevroga teng bo‘lgan bepul pedagogik stipendiya (grant) ajratiladi.

Shuningdek, tomonlar «Allyumer le zetual» («Allumer les étoiles») dasturi doirasida pedagoglar malakasini oshirish, trenerlar tayyorlash hamda xorijiy til mutaxassislarini O‘zbekistonga jalb etish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldi.

Bundan tashqari, A. Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy institutida Frankofoniya instituti byurosini ochish masalasi ham muhokama qilindi. Mazkur byuro kelgusida mintaqaviy markaz sifatida fransuz tili o‘qituvchilarining malakasini oshirishga xizmat qilishi rejalashtirilmoqda.



Source link

Continue Reading

Mahalliy

O‘zbekistondagi 10 mingdan ortiq maktab «Canva»dan bepul foydalanadi

Published

on


Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimov boshchiligidagi delegatsiya Fransiyadagi O‘zbekiston elchixonasida «Canva» kompaniyasi bilan grant kelishuvini imzoladi. Hujjatga muvofiq, mamlakatdagi 10 mingdan ortiq umumta’lim maktabi «Canva for Education» platformasidan uch yil mobaynida mutlaqo bepul foydalanadi.

Kelishuv Parij shahridagi YuNESKO bosh qarorgohida o‘tkazilayotgan «Ta’lim transformatsiyasi sammiti +4» doirasida imzolandi. Grantning umumiy qiymati 20 million AQSh dollariga teng bo‘lib, u maktablarda zamonaviy raqamli ta’lim vositalarini keng joriy etishga xizmat qiladi.

«Canva» — Avstraliyada tashkil etilgan va hozirda dunyoning 190 dan ortiq mamlakatida qo‘llanilayotgan yetakchi vizual dizayn platformasi hisoblanadi. Uning ta’limga mo‘ljallangan «Canva for Education» xizmati o‘qituvchilar va o‘quvchilar uchun maxsus ishlab chiqilgan minglab tayyor shablonlar hamda dizayn vositalarini taklif etadi.

Platforma orqali o‘quvchilar taqdimot va infografikalar tayyorlash, vizual materiallar yaratish, sun’iy intellekt asosida ta’lim kontenti ishlab chiqish, guruh bo‘lib onlayn hamkorlik qilish va raqamli savodxonlik ko‘nikmalarini rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.



Source link

Continue Reading

Mahalliy

OTMlarga kirish uchun test sinovlari 14 iyuldan boshlanadi

Published

on


2026/2027-o‘quv yili uchun davlat oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga kirish uchun test sinovlari 14-23 iyul kunlari bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, test sinovlari 10 kun davomida kuniga ikki smenada tashkil etiladi. Birinchi smena soat 08:00, ikkinchi smena esa 15:00 da boshlanadi. Abituriyentlardan belgilangan hududga test boshlanishidan kamida 1,5 soat oldin yetib kelishlari so‘ralgan.

Ma’lum qilinishicha, test sinovlarida ishtirok etish uchun «Abituriyent ruxsatnomasi» my.uzbmb.uz sayti orqali berilmoqda. Abituriyentlarga ruxsatnomani yuklab olib, chop etish tavsiya etilgan.

Har bir abituriyent ruxsatnomada ko‘rsatilgan manzil, sana va smenada test topshiradi. Boshqa hudud, kun yoki smenada test sinovlarida ishtirok etishga ruxsat berilmaydi.

Agentlik abituriyentlar test sinoviga pasport yoki ID-karta hamda ruxsatnoma bilan kelishi shartligini eslatdi. Pasport nusxasi yoki boshqa hujjatlar bilan kelgan, shuningdek, kechikkan abituriyentlar test sinovlariga kiritilmaydi.



Source link

Continue Reading

Mahalliy

O‘zbekistonda 13 mingga yaqin abituriyent test sinovlaridan ozod qilindi

Published

on


2026/2027-o‘quv yili uchun oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga kirish jarayonida 13 mingga yaqin nafar abituriyent test sinovlaridan ozod qilindi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, joriy yilda barcha fanlar bo‘yicha milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan 12 997 nafar abituriyent test topshirmasdan, bevosita tanlov bosqichiga o‘tkazilgan. Mazkur toifadagi abituriyentlar uchun testga kirish ruxsatnomasi shakllantirilmagan. Taqqoslash uchun, 2025 yilda bunday imkoniyatdan 678 nafar abituriyent foydalangan.

2026/2027-o‘quv yili uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tish 5–25 iyun kunlari davom etdi. Bu davrda 677 907 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan. Ularning 451 744 nafari joriy yil bitiruvchilari, 226 163 nafari esa avvalgi yillarda ta’lim muassasasini tamomlagan fuqarolardir.

Ro‘yxatdan o‘tganlarning 365 196 nafari ayollar, 312 711 nafari erkaklarni tashkil etgan. Test sinovlarida esa 664 609 nafar abituriyent ishtirok etadi.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tish jarayonida yuklangan 24 526 ta milliy va xalqaro sertifikat tasdiqlangan. Shuningdek, umumta’lim fanlari bo‘yicha 193 186 nafar, chet tillari bo‘yicha esa 125 354 nafar sertifikatga ega abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan.

Test sinovlarini o‘tkazish uchun respublika bo‘yicha 64 ta yirik sig‘imli bino tayyorlangan. Ularda bir smenada 35 490 nafar, bir kunda esa 70 980 nafar abituriyent test topshirishi mumkin. Test sinovlari 10 kun davomida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

 



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.