Jamiyat
Katta shaharlardagi yuragi kichkina odamlar
Katta shaharlar hamisha odamlarni o‘zgartirib yuboradi. U yerda binolar hashamatli, viqorli ko‘rinadi. Insonlar ham shunga moslashadi, qudratli, salobatli bo‘lib boradi. Biroq kishining yuragi kichrayib ketadi, ruhiyatdan nimadir g‘oyib bo‘ladi. Bugun biz “5 daqiqa”da o‘zbekning katta adibi Erkin A’zam olamidan o‘sha g‘oyib bo‘lgan narsani topamiz.
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
Hikoyada ikki bolalikdagi do‘st — shaharda o‘qigan, katta hayotga moslashgan shoir yigit va qishloqning beg‘ubor havosini o‘zi bilan ko‘tarib yuradigan, sodda, beg‘am, samimiy Ramazon haqida gap boradi. Ramazon har bahor qishloqdan keladi — yelkasida pachaq chamadon. U shaharga bolalikni eslatadigan jaydari olmalari bilan keladi. Bu olmalar hikoyaning eng teran ramzlaridan biri: ular ko‘rimsiz, arzon, lekin shunday shirinki, insonning aslini yodiga soladi.
Ramazon har kelganida shahar hayoti mavj urganday bo‘ladi. U tabiatan sho‘x, ta’sirchan, beg‘ubor inson. Kim bilan uchrashsa kuldiradi, kimni ko‘rsa quchoqlaydi, begona bilan ham bir daqiqada do‘st bo‘ladi. Uning hech qanday niqobi yo‘q, qishloqning tozaligini yuragida saqlab yuradi.
U shaharga begona
Shahar esa mutlaqo boshqa olam. Insonlar bu yerda qadamini ehtiyot bo‘lib bosadi, yuzlarda hech qachon to‘liq samimiyat ko‘rinmaydi. Muvaffaqiyat, manfaat, hisob-kitob, “boshqalar nima deydi?” degan o‘y-xayollar hayotning ma’nosiga aylangan. Ramazon esa bu olamga mos emas — u qanchalik noyob odam bo‘lmasin, shaharliklarga begona.
Asarning burilish nuqtasi — Ramazonning “chayqovchi” sifatida qo‘lga olinishi. U bu aybni tushunmaydi ham. Sudda aytgan har bir gapi, har bir xatosi uning hayot qonuniyatlarini tushunmasligidan emas, balki dunyodagi makkorlikka ishonmasligidan.
Uning sud jarayoni — hayotning ayni o‘zginasi. Dunyo sodda odamlarni hamisha tushunmagan. Sudya ham Ramazondan biroz ayyorroq bo‘lishni talab qiladi, yordam bergisi keladi. Biroq o‘sha ayyorlikni u qabul qilsa, siz-u bizdan farqi qoladimi? Uning Ramazonligi qoladimi?!
“Chantrimore” – o‘tmishda qolgan ovoz
Hikoyada fojia Ramazonning boshiga tushmaydi — fojia uning jo‘rasida.
U katta shaharda katta odam bo‘lib ketgan. Manfaatni, ehtiyotkorlikni, g‘alvali joylarga burun suqmaslikni, o‘z yo‘lida jimgina yashashni o‘rganib olgan. U Ramazonni yaxshi ko‘radi, hatto o‘ziga yaqin biladi, lekin uni himoya qilishga jasorati yetmaydi.
Hikoyadagi jo‘ra — bu o‘zni yo‘qotish ramzi. U hayotda yutadi, lekin inson sifatida yutqazib boradi. Ramazon uning qalbining bir burchagida qolgan, lekin bu burchak juda tor va u yerda shamollar esmaydi.
Ramazon qamalgan joydan jo‘rasiga xat yozadi. Har safar bittagina so‘z: “Chantrimore!” Bu bolalik so‘zi. Aniq ma’nosi yo‘q. Ammo anglanuvchi ma’nosi katta: “Biz kim edik? Qaysi dunyodan edik? Meni unutma!” degan ma’nolarni beradi.
Asar yakunida jo‘ra bolalikdagi qo‘ng‘iroqlarni kutadi. Ramazon qayta kelishini istaydi. Jaydari olmalarni sog‘inadi. Jo‘rasi yana o‘sha beg‘ubor kulishlari bilan kelishini istaydi. Yo‘q. U kelmaydi.
Shahar odamni boy qiladi, lekin ba’zan eng qimmat narsadan mahrum etib qo‘yadi: poklik, samimiyat, beg‘uborlik.
Adibimiz Erkin A’zam qishloq odamidagi soddalik — uning kamchiligi emas, balki hayotning bergan ne’mati, demoqchi bo‘ladi.
Xulosa
To‘g‘ri, shaharlarda katta odam bo‘lamiz, vazifalar olamiz, ismlarimizga unvonlar qo‘shiladi. Biroq shu ulg‘ayish ichida biz o‘z yuragimizni kichraytirib qo‘yamiz. Qalbimizdagi bolalik, poklik, soddalik qayergadir ketadi.
Ramazon — biz yo‘qotib qo‘ygan ibtidoiy insoniylik timsoli. U kambag‘al, savodsiz, hayotning g‘irrom qoidalarini bilmaydi, lekin uning qalbida insoniylik to‘la. Shuning uchun ham u “anoyi”. Darvoqe, o‘zbek tilining izohli lug‘atida “anoyi” so‘ziga o‘z ishiga puxta bo‘lmagan, birovning so‘ziga laqqa uchadigan, sodda, deb izoh beriladi.
Bugungi g‘alvali, soxta dunyoda mana shunday asarlarni o‘qib turing, maza qilasiz.
Isomiddin Po‘latov
Jamiyat
Barakali yomg‘irlar davomli bo‘ladi
Uzoq kuzatilgan umidbaxsh yog‘inlar ortidan mintaqaning katta qismi namgarchilik oqimlari ta’sirida bo‘ladi. Kun.uz’da ob-havo prognozi bilan – iqlimshunos Erkin Abdulahatov.
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
O‘zbekistonga 70 % yog‘ingarchiliklarni asosan g‘arbiy havo oqimlari taqdim etadi. Bu yog‘inlar esa Atlantika ustida shakllangan Shimoliy Atlantika sirkulyatsiyasi bilan uzviy bog‘liq.
Shimoliy Atlantika havo aylanmasining “manfiy fazasi” shakllangudek bo‘lsa, qo‘shni Turkmaniston va Eron hududlaridan hududimizga yog‘inlar seriyasini taqdim etuvchi nam havo oqimlari kirib kelishi mumkin.
5 dekabrdan so‘ng Shimoliy Atlantika okeani manfiy fazasining rivojlanishi sabab, respublikaning aholisi zich bo‘lgan hamda qishloq xo‘jaligi yer maydonlari ko‘p bo‘lgan hududlarida juda ko‘p miqdorda yomg‘irlar yog‘adi, tog‘larda esa haddan tashqari ko‘p qor yog‘ishi kutilmoqda.
8 dekabrdan 18 dekabrga qadar tog‘larda qariyb 140 mm ga yaqin yog‘in tushishi mumkin. Ayni tog‘li hududlar uchun bu dekabrda yog‘ishi kerak bo‘lgan me’yoriy yog‘ingarchilikning 150%i, ayrim tog‘li hududlarda esa 180% ini tashkil etadi.
Kuzgi bug‘doy qishgi tinim davriga kirib olishi uchun yetarli bo‘lgan yomg‘ir suvlari tushishi prognoz qilinmoqda.
Dekabrda respublika bo‘ylab havo haroratining keskin pasayib ketishi bilan bog‘liq kutilmalar hozircha mavjud emas, oy iliq va juda sernam o‘tishi yanada aniq bo‘lmoqda.
Jamiyat
Kartalardagi pullarning g‘oyib bo‘lishi. Humans va Paylov bir-birini ayblayapti
Humans ruxsatsiz pul yechishlar Paylov xizmatidagi zaiflik tufayli sodir bo‘lganini ma’lum qildi. O‘z navbatida Paylov barcha frod operatsiyalari Humansʼga berilgan shifrlangan kalitlardan foydalanilgan holda amalga oshirilganini bildiryapti. Markaziy bank barcha shubhali tranzaksiyalar sinchiklab o‘rganilayotganini ma’lum qildi.
Kun.uz Humans mobil ilovasiga ulangan kartalardan ommaviy ravishda tasdiq SMS-kodisiz pul yechib olingani haqida xabar bergandi. Tranzaksiya PL HUMANS P2P nomi ostida amalga oshirilgan. Shundan so‘ng Markaziy bank ehtimoliy zaiflikni bartaraf etish maqsadida Humans bilan bog‘liq pul o‘tkazmalari amaliyotlari to‘xtatilgani va barcha shubhali tranzaksiyalar sinchiklab o‘rganilayotganini ma’lum qildi.
Humans nima deydi?
Tarmoqlardagi noroziliklar fonida Humans ham mavjud holat bo‘yicha rasmiy izoh berdi. Kompaniya 2025 yil 4 dekabrdan 8 dekabrgacha ilova foydalanuvchilarining bir qismi bank kartalari orqali ikki marta firibgarlikka uchraganini ma’lum qilgan holda jinoyatchilarga ruxsatsiz pul yechish imkonini bergan zaiflik Paylov to‘lov xizmatining texnik tizimida bo‘lganini bildirdi.
Kompaniya Markaziy bank va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga «Paylov infratuzilmasidagi zaifliklarni tekshirish va jinoyatchilarni aniqlash uchun» texnik materiallarning to‘liq to‘plami topshirilganinini ma’lum qildi.
«Barcha firibgarlik amaliyotlari Humans ilovasining aloqasi bo‘lmagan holda, mijozlar ishtirokisiz va OTP kodlarini kiritmasdan amalga oshirilgan. Firibgarlar mashina so‘rovlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri Paylov APIʼga yuborgan va Paylov mas’ul bo‘lgan karta tokenlari hamda kalitlariga kirish orqali hisobdan yechishga muvaffaq bo‘lgan. Firibgarlikning birinchi to‘lqinidan so‘ng Paylov kirishni cheklash bo‘yicha yetarli choralar ko‘rmadi, jumladan, so‘rovlar kelgan ruxsatsiz PI-manzillarni bloklamadi. Bu esa takroriy hujumga olib keldi», — deyiladi bayonotda.
Jabrlanganlar hisobiga mablag‘larni qaytarish masalasi qonun talablariga muvofiq hal etilishi ma’lum qilinyapti. Shuningdek, Humans firibgarlik amallari nafaqat kompaniya mijozlariga ta’sir qilganini, balki ularning bir qismi boshqa to‘lov tashkilotlari foydalanuvchilarining kartalari orqali ham amalga oshirilganini keltirib o‘tgan.
Paylov nima deydi?
Humans’ning bayonotidan keyin «Ostagram» AJ (Paylov savdo belgisi) ham vaziyatga o‘z munosabatini bildirdi.
Ta’kidlanishicha, «Ostagram» AJ va «Humans Companies» AJ o‘rtasida 2025 yil 10 aprel kuni 32-sonli shartnoma imzolangan bo‘lib, unga muvofiq Humans o‘z mijozlariga to‘lov va P2P amaliyotlarini Paylov infratuzilmasi orqali taqdim etib kelgan.
«2025 yil 6 dekabr kuni «Ostagram» AJ xodimlari tomonidan «Humans Companies» AJda shubhali tranzaksiyalar kuzatilayotgani haqida ushbu kompaniyaning mas’ul xodimlari ogohlantirildi va tranzaksiyalar vaqtincha to‘xtatildi. 2025 yil 7 dekabrda, «Humans Companies» AJ «Ostagram» AJga rasmiy murojaat yo‘llab, tegishli choralar ko‘rilgani hamda firibgarlik (frod) operatsiyalarining oldi olingani haqida ma’lum qilgan. Mazkur xat asosida «Humans Companies» AJ amaliyotlarni qayta ochib berishni so‘ragan. 8 dekabr holatiga ko‘ra, «Ostagram» AJ tomonidan Humans mobil ilovasi orqali ko‘rsatilayotgan barcha to‘lov xizmatlari vaqtincha to‘xtatilgan», deyiladi Paylov bayonotida.
«Ostagram» AJ tomonidan hech qanday texnik zaiflik mavjud emasligi, barcha zarur choralar ko‘rilgani ma’lum qilinyapti.
«Firibgarlik operatsiyalari «Humans Companies» AJ tomonidan «Ostagram» AJ taqdim etgan shifrlangan kalitlar orqali amalga oshirilgan bo‘lib, ushbu kalitlarning to‘g‘ri va xavfsiz saqlanishi «Humans Companies» AJ mas’uliyati hisoblanadi. O‘z o‘rnida ta’kidlash joizki, «Ostagram» AJning texnik yechimlaridan foydalanayotgan boshqa barcha hamkorlar tizimlarida hech qanday salbiy holatlar kuzatilmagan. Ayni paytda mazkur holat yuzasidan tezkor tekshiruv ishlari boshlangan bo‘lib, «Ostagram» AJ zarur ma’lumotlarni mas’ul organlarga taqdim etmoqda», deyiladi Paylov izohida.
Jamiyat
Korrupsiyaga moyillikni aniqlash uchun xodimlar diagnostika qilinadi
«Davlat xizmatida boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident farmoniga ko‘ra, davlat organlarida xodimlarning korrupsiyaga qarshi barqarorlik darajasini diagnostikadan o‘tkazish tizimi joriy etiladi.
Unga ko‘ra, quyidagilar diagnostikadan o‘tkaziladi:
2026-yil 1-yanvardan korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarining rahbar va mas’ul xodimlari hamda ushbu lavozimlarga nomzodlar;
2026-yil 1-iyundan sohalar nazoratiga mas’ul inspeksiyalarda korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi “yuqori” va “o‘rta” bo‘lgan funksiyalar yuklatilgan lavozimlarda faoliyat yuritayotgan xodimlar hamda ushbu lavozimlarga nomzodlar;
2027-yil 1-yanvardan boshqa davlat organlarida korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi “yuqori” va “o‘rta” bo‘lgan funksiyalar yuklatilgan lavozimlarda faoliyat yuritayotgan xodimlar va ushbu lavozimlarga nomzodlar.
Diagnostika Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining buyurtmasiga muvofiq Rahbar kadrlarni baholash markazi tomonidan o‘tkaziladi.
Diagnostika natijasiga ko‘ra xodimning korrupsiyaga barqarorlik darajasi “past” deb baholanishi mazkur lavozimda mehnat munosabatlarni davom ettirishiga monelik qiluvchi holat hisoblanadi.
Bunda xodim korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi “past” bo‘lgan boshqa lavozimga majburiy ravishda rotatsiya qilinadi.
Jamiyat
Andijonda 4 milliard so‘mga yaqin giyohvandlik vositalari aniqlandi
14 kg dan ortiq giyohvandlik vositalari hamda 9 ming 509 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari olindi.
Foto: IIB axborot xizmati
«Xavfsiz va sog‘lom yurt» keng qamrovli tezkor profilaktik tadbiri doirasida Andijon viloyati IIB, DXX Andijon viloyati boshqarmasi hamda Bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida jami 4 milliard so‘mga yaqin bo‘lgan 14 kg dan ortiq giyohvandlik vositalari hamda 9 ming 509 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari olindi.
Shu bilan birga, «Xavfsiz va sog‘lom yurt» keng qamrovli tezkor-profilaktik oyligining dastlabki 15 kunida respublika bo‘yicha uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish yo‘nalishida 1048 ta jinoyat aniqlanib, 242 kg narkotik moddalarning noqonuniy muomalasiga chek qo‘yildi.
Jamiyat
AQSh Ukrainaga kuchli bosim o‘tkazyapti
Vashington Kiyevdan Rossiya tomoni talab qilayotgan hududlarning bir qismini rasman berishga tayyorligini bildirishni so‘rayapti.
Bu haqda Axios nashriga ukrainalik ikki rasmiy ma’lum qilgan.
Manbalarning aytishicha, AQSh Ukrainaga nisbatan bosimni Rossiyaga qaraganda kuchliroq qo‘llamoqda. Ayniqsa, Zelenskiydan aniq hududiy voz kechishlarga rozilik talab qilinyapti. AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff va Donald Trampning kuyovi Jared Kushner bilan telefon orqali suhbatda Vashington Kiyevni shunday qarorga undagan.
«Turli yo‘llar bilan bizga Rossiyaning butun Donbassni egallash niyatini qabul qildirishga urinishdi. AQSh tomoni Zelenskiydan shuni suhbatdayoq qabul qilishini istagandek tuyuldi», – deydi manbalardan biri.
8 dekabr kuni ana shu bosim haqida France24 telekanali ham AFP ma’lumotlariga tayanib xabar berdi. Manbaga ko‘ra, AQSh Ukrainaga ayni masalada tezroq bir qarorga kelishni xohlab, bosimni kuchaytirgan. Biroq Ukraina «barcha shartlarni detallashtirmasdan qabul qilib bo‘lmasligini» ma’lum qilgan.
Kuzatuvchilarning fikricha, Tramp ma’muriyati uchun urushni tezda tugatish – geosiyosiy ustuvor maqsad bo‘lib turibdi. Moskva esa Donbass bo‘yicha talablaridan qaytmayapti. Shu sabab AQSh Kiyevni «muzokaraviy yumshoqlikka» chaqirayotgan bo‘lishi mumkin.
Ukraina tomoni esa yirik hududiy voz kechishlarni tayyorgarliksiz qabul qilib bo‘lmasligini ta’kidlamoqda.
-
Sport3 days agoТуркия Суперлигаси. «Башакшеҳир» – «Фенербаҳче». Шомуродов ва Файзуллаев — асосий таркибда
-
Turk dunyosi5 days agoTurkiya qimor o’yini-onaviy tergovning bir qismi sifatida futbolchilar va sheriklar hibsga olingan
-
Turk dunyosi5 days agoTurkiya Rossiya quvur liniyali gaz ta’minotini bir yil davomida kengaytirmoqda
-
Hayot tarzi5 days agoDemi Xestemanning Jessi Gatikaulaning “Me’blari” ga qanday munosabatda bo’ldi
-
Iqtisodiyot3 days agoXitoylik investorlar Jizzaxdagi volfram konini ishga tushirmoqda
-
Iqtisodiyot3 days agoBMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti bilan hamkorlikda qator loyihalar amalga oshiriladi
-
Turk dunyosi5 days agoTüriyatiye: 29 futbolchi o’yinchi janjalida hibsga olingan
-
Jamiyat4 days ago«Samarqand HET» turk kompaniyasi boshqaruviga beriladi
