Iqtisodiyot
Kartoshka yetishtirish davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi
«Respublikada kartoshka yetishtirishni ko‘paytirish va urug‘chiligini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, respublikada kartoshka yetishtirishni ko‘paytirish va urug‘chiligini rivojlantirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib quyidagilar belgilandi:
2028-yildan har yili unuvchanlik darajasi 85 foizdan past bo‘lmagan kamida 10 mln dona kartoshkaning mini-tuganaklarini yetkazib berish;
2030-yilga borib respublikada kartoshkaning o‘rtacha hosildorligini 16–17 tonnadan 25–30 tonnaga oshirish.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi har yili 1 dekabrgacha keyingi yilda yetishtiriladigan kartoshkaning “in-vitro” o‘simliklari, mikro va mini-tuganaklarining hajmlari bo‘yicha ilmiy muassasalar va tadbirkorlarga buyurtma beradi.
2026-yil 1-yanvardan Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan tijorat banklari orqali kartoshka yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun hosil qiymatining 50 foizigacha yillik 12 foiz stavkada 6 oylik imtiyozli davr bilan 12 oy muddatga sug‘urta polisi asosida kreditlar ajratiladi.
Shuningdek, 2026-yil 1-yanvardan kartoshka yetishtiruvchilar tomonidan quyosh panellari o‘rnatish xarajatlarining 50 foizigacha, biroq 50 mln so‘mdan ortiq bo‘lmagan qismi davlat budjetidan qoplab beriladi.
Iqtisodiyot
Qoraqalpog‘istonga Pokistondan zotdor qoramol olib kelinadi
Pokistondan Qoraqalpog‘istonga 200 bosh zotdor qoramol olib kelinadi. Mazkur kelishuvga respublika Vazirlar Kengashi raisi Farhod Ermanov va O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev hamda «Abdin International Pvt. Ltd.» kompaniyasi bosh direktori Navaz Hassan uchrashuvida erishildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» axborot agentligi.
Lahor shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Qoraqalpog‘istonda chorvachilikni rivojlantirish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Xususan, kompaniyaga zotdor yirik shoxli qoramollarni ko‘paytirish va yem-xashak yetishtirish loyihalarini amalga oshirish maqsadida yer maydonlari ajratish taklifi bildirildi. Tomonlar mazkur yo‘nalishlarda qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish har ikki tomon uchun ham manfaatli ekanini ta’kidladi.
Uchrashuv chog‘ida pilot loyiha doirasida «Nukus Delisha» kompaniyasi bilan sheriklik asosida qo‘shma korxona tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Pokistondan 200 bosh zotdor yirik shoxli qoramolni O‘zbekistonga olib kelish hamda chorvachilik tarmog‘ini rivojlantirishga qaratilgan investitsiya shartnomasi imzolandi.
«Mazkur kelishuvlar Qoraqalpog‘istonda chorvachilik sohasining raqobatbardoshligini oshirish, naslchilik ishlarini takomillashtirish va mahalliy ishlab chiqarish hajmini kengaytirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir», – deyiladi xabarda.
2001 yilda tashkil etilgan «Abdin International Pvt. Ltd.» bugungi kunda Pokistonning yetakchi go‘sht va go‘sht mahsulotlari ishlab chiqaruvchi kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Kompaniya mahsulotlari dunyoning o‘ndan ortiq mamlakatlariga eksport qilinadi.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda pensiya oluvchilar 4,4 mln nafardan oshdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil yakunlarida O‘zbekistonda pensiya oluvchilarning umumiy soni 4 million 433 ming nafarni tashkil etgan.
2024-yilga nisbatan pensiya oluvchilar soni 186,6 ming nafarga yoki 4,4 foizga oshgan.
So‘nggi besh yillik ma’lumotlar ham pensiya oluvchilar soni izchil o‘sib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Statistikaga ko‘ra, 2021-yilda mamlakatda 3 million 713,1 ming nafar pensiya oluvchi qayd etilgan bo‘lsa, 2022-yilda bu ko‘rsatkich 3 million 896,9 ming nafarga yetgan.
2023-yilda pensiya oluvchilar soni 4 million 66,2 ming nafarni tashkil etgan. 2024-yilda esa ushbu raqam 4 million 246,4 ming nafargacha oshgan.
2025-yil yakuniga kelib esa pensiya oluvchilar soni 4 million 433 ming nafarga yetib, so‘nggi yillardagi eng yuqori ko‘rsatkich qayd etildi.
Iqtisodiyot
BYD O‘zbekistonda tezkor quvvatlash stansiyalari tarmog‘ini quradi
Xitoyning elektromobil ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyasi BYD O‘zbekistonda tezkor quvvatlash stansiyalari tarmog‘ini rivojlantirishni rejalashtirmoqda.
Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi
8 iyul kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov hamda BYD kompaniyasining Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqalari bo‘yicha boshqaruvchi direktori Cao Shuang o‘rtasidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda tomonlar O‘zbekistonda BYD elektromobillarini ishlab chiqarish loyihasining joriy natijalarini sarhisob qildi. Shuningdek, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, mahalliylashtirish darajasini oshirish va korxonaning eksport salohiyatini yuksaltirish bo‘yicha istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.
Muloqotda ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish, eksport hajmlarini ko‘paytirish hamda respublika bo‘ylab elektromobillar uchun tezkor quvvatlash stansiyalari tarmog‘ini barpo etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar uzoq muddatli hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda O‘zbekistonda BYD loyihasining muvaffaqiyatli amalga oshirilishi va barqaror rivojlanishini ta’minlashga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi.
BYD elektromobillar va yangi energiya manbalarida harakatlanuvchi transport vositalarini ishlab chiqaruvchi dunyoning yetakchi kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Kompaniya 1995 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda dunyoning o‘nlab mamlakatlarida faoliyat yuritadi.
BYD O‘zbekistonda Jizzax viloyatidagi qo‘shma korxonada gibrid va elektromobillar ishlab chiqarmoqda.
Kompaniya ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, ehtiyot qismlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, eksportni rivojlantirish, muhandislik va servis infratuzilmasini yaratish, shuningdek, kelgusida elektromobillar uchun Blade akkumulyatorlari hamda elektr avtobuslarini ishlab chiqarish loyihalarini ham ilgari surmoqda.
Iqtisodiyot
“30 yoshdan oshgan” mashinalar egalaridan ekologik kompensatsiya undirish g‘oyasidan voz kechildi
O‘zbekistonda ishlab chiqarilganiga 30 yildan oshgan avtomobillar uchun yiliga 30 BHM (12,4 mln so‘m) miqdorida ekologik kompensatsiya joriy etish fikridan voz kechildi. Chiqindilarni boshqarish agentligiga ko‘ra, eski mashinalarni egalaridan bozor narxida sotib olish va tanlov imkoniyatini berish ko‘zda tutilyapti: ular mashinasining pulini naqd olishi yoki yangi mashina uchun boshlang‘ich to‘lovga aylantirishi mumkin.
O‘zbekistonda eski mashinalar uchun majburiy ekologik kompensatsiya joriy etish g‘oyasi qonun loyihasidan chiqarib tashlandi. Buning o‘rniga ularni rag‘batlantirish bo‘yicha yangi mexanizm taklif etilyapti. Bu haqda 8 iyul kuni Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi ma’lum qildi.
Avvalroq agentlik 2027 yil 1 yanvardan boshlab ishlab chiqarilganiga 30 yildan oshgan avtomobillar egallaridan har yili bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari (12 mln 360 ming so‘m) miqdorida ekologik kompensatsiya undirish haqidagi hujjat loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygan edi.
Agentlik boshqarma boshlig‘i Umarjon Abdullayev 8 iyul kuni jurnalistlar bilan suhbatda loyiha yuzasidan aholidan ko‘plab e’tirozlar kelib tushgani va ular inobatga olinganini ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “30 yoshdan oshgan” mashinalar uchun ekologik kompensatsiya undirish haqidagi band loyihadan butunlay chiqarib tashlangan.
Hukumat ma’murchilik va majburlash o‘rniga, aholini iqtisodiy rag‘batlantiruvchi bozor mexanizmlariga e’tibor qaratmoqda.
Taklif etilayotgan yangi tartibga ko‘ra, O‘zbekistonda ochiq va shaffof tenderlar asosida bir-biridan mustaqil bo‘lgan avtomobillarni baholash hamda qayta ishlash korxonalari tarmog‘i yaratiladi. Eski avtotransport vositalari bozor qiymatida adolatli baholanadi, hatto harakati cheklangan nosoz mashinalarni ham mutaxassislar joyiga chiqqan holda ko‘rikdan o‘tkazishadi.
Avtomobil egalariga baholangan qiymat miqdorida naqd pul to‘lanadi yoki maxsus vaucherlar taqdim etiladi. Muhim jihati, fuqarolar ushbu vaucherlardan rasmiy dilerlardan yangi avtomobil sotib olishda boshlang‘ich to‘lov sifatida foydalanishi mumkin bo‘ladi. Bunda yangi mashina narxidan vaucher qiymati chegirib tashlanib, qolgan summani 2 yildan 7 yilgacha bo‘lgan muddatga mutlaqo foizsiz, bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratilishi ko‘zda tutilmoqda.
Agarda fuqaro berilgan vaucherdan foydalanmaslikka qaror qilsa, uning qiymatini bir oy ichida naqd pul shaklida qaytarib olish huquqiga ega bo‘ladi.
“Ushbu tizimning afzalligini oddiy hayotiy misolda yaqqol ko‘rish mumkin. Hozirgi amaliyotda rasmiy dilerlardan yangi avtomobil sotib qilish uchun xaridor kamida 30-50 foiz oldindan to‘lov qilishi, qolgan summaning esa 3-5 yil davomida ustama foizlari bilan to‘lanishi talab etiladi.
Masalan, bugungi kunda 165 million so‘mlik Cobalt mashinasini xarid qilish uchun fuqaro dastlab kamida 50 million so‘m naqd pul topishi kerak. Taklif etilayotgan yangi tizim esa aynan shu muammoni hal qiladi. Aytaylik, fuqaroning eski “Gaz-24”, “Moskvich” yoki birinchi avlod Nexia rusumli avtomobili bor. Ushbu mashinalarning bugungi bozor bahosi holatiga ko‘ra o‘rtacha 5 milliondan 70 million so‘mgacha baholanishi mumkin.
Agar fuqaroning eski mashinasi eng minimal qiymatda – 5 million so‘mga baholangan taqdirda ham, u 165 millionlik yangi Cobalt uchun boshlang‘ich to‘lov to‘lamaydi va qolgan 160 million so‘mni 7 yil davomida har oyda 1,9 million so‘mdan mutlaqo foizsiz to‘lab borish sharti bilan mashina egasiga aylanishi mumkin.
Bordi-yu, eski avtomobil yaxshiroq saqlangan bo‘lib, 70 million so‘mga baholansa, yangi Cobalt’ning qolgan qismi uchun 7 yil davomida oylik to‘lov 1,13 million so‘mni tashkil etadi”, – deyiladi agentlik bayonotida.
Taklif etilayotgan mexanizmda baholovchi va avtomobil utilizatsiyasi bilan shug‘ullanuvchi operatorlarning xizmat ko‘rsatish xarajatlarining bir qismi belgilangan hisob-kitoblar asosida utilizatsiya yig‘imi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.
Ta’kidlanishicha, bu tartib eskirgan yoki nosoz avtomobillardan atrof-muhitga yetishi mumkin bo‘lgan zararlarni kamaytirishga hamda avtotransport parkining tizimli yangilanib borishiga xizmat qiladi
Shu bilan birga, ushbu loyihani ishlab chiqish va qayta ishlash jarayoni hali yakuniga yetmagan. Chiqindilarni boshqarish agentligi jamoatchilikdan taklif, fikr va mulohazalarni kutishini bildirdi.
Ma’lumot uchun, agentlik keltirgan raqamlarga ko‘ra, O‘zbekiston bo‘yicha qariyb 5 millionga yaqin avtotransport vositalarining 100 mingtasi nosoz holatda bo‘lib, ular shaharlardagi jami zararli tashlamalarning 63 foiziga sabab bo‘lmoqda.
Shuningdek, bitta eski avtomobil utilizatsiya qilinganda uning vazniga qarab tonnalab metall va plastikdan tashqari 50 kilogrammgacha xavfli qattiq chiqindilar ham ajralib chiqadi.
Iqtisodiyot
Dollarning bir necha kunlik ko‘tarilishi to‘xtadi
Dollarning bir necha kunlik ko‘tarilishi to‘xtadi
Source link
-
Iqtisodiyot2 days agoNeft mahsulotlari zaxiramiz 2−3 oy uchun yetarli – Energetika vazirligi
-
Sport5 days ago
Ikki nafar futbolchimiz Portugaliyaning “Braga” klubiga o‘tdi
-
Sport4 days agoRonaldu JCh-2026 faoliyatidagi so‘nggi jahon chempionati ekanligini aytdi
-
Jamiyat3 days agoShayxontohurda ikki qavatli do‘konda yong‘in sodir bo‘ldi
-
Jamiyat2 days ago«Tashabbusli budjet»ning 11-mavsumi 15 iyuldan start oladi
-
Dunyodan2 days ago
Rossiya Kiyevga urush boshlanganidan beri eng yirik hujumni boshladi
-
Sport3 days ago«Portugaliyaga uchta sovrin olib keldim»
-
Iqtisodiyot1 day ago
O‘zbekiston eng ko‘p giloslarni Rossiyaga eksport qilmoqda
