Jamiyat
Kapalakdek ozodmisiz yoxud falajlangan tana, bir ko‘z bilan yozilgan kitob (esse)
Qo‘lim harakatlanadi — yoza olaman.
Oyoqlarim bilan yuraman.
Ko‘zlarim bilan dunyoni ko‘raman, quloqlarim bilan inson hikoyalarini tinglay olaman, boshimni qimirlatib suhbatdoshimni tasdiqlayman. Gapira olaman, nafas olishim ham yengil.
Miyam ishlayapti — fikrlay olaman.
Ammo men har doim yozishga ruhlanmayman. «Charchadim», «ilhom yo‘q», «ertaga yozaman» deb bahonalar topaman. Ba’zan kompyuter yoqilmagani, qahva yetishmayotgani yoki havo yoqmagani uchun maqolalarim, yozadigan narsalarim kechikadi… O‘zimni o‘zim ovutishga bahonalar minglab topiladi: ijodkorda shunday holatlar bo‘lib turadi, ruh charchaydi, ruhda bo‘shliq bo‘ladi va bu tabiiy… Dangasalikni romantiklashtirishga ustaman — go‘yoki men uchun vaqt tugamaydigan abadiy boylikdek…
Jan-Dominik Bobi farzandlari bilan
Uzoq yillar «Elle» jurnali bosh muharriri bo‘lib ishlagan fransiyalik Jan-Dominik Bobi 43 yoshida insult tufayli qulflangan tana — «locked-in syndrome» holatiga tushib qoladi. Tanasi harakatsiz. Qo‘l, oyoq, hatto til harakatlanmaydi. Oradan 20 kun o‘tib ongi tiklandi va faqat chap ko‘zi harakatlandi.
Shifokorlar u bilan muloqot qilishning o‘ziga xos usulini topishdi: ular harflarni sekin o‘qishar, Jan-Dominik to‘g‘ri harf aytilganda bir marta ko‘zini yumar, agar u noto‘g‘ri bo‘lsa ikki marta yumar edi.
Har kuni u ma’lum soat davomida yordamchisiga ko‘z «pirpiratib» kitobni «yozdirardi». 137 betlik kitob tayyor bo‘lishi uchun ikki yuz ming marta qovog‘ini pirpiratishga to‘g‘ri kelgan.
Skafandr va kapalak — qulflangan tana ichidagi parvoz
«Skafandr va kapalak» kitobi jahon adabiyotidagi eng g‘ayrioddiy asarlardan biri. Unda qahramon o‘z hayotini, xotiralarini va umidlarini hikoya qiladi.
U harflarni assistent yordamida ko‘z bilan tanlarkan, har bir so‘zga soatlar sarflanardi. Har bir jumla uchun jang qilish kerak edi. Bir harfdan, bir so‘zdan, bir jumladan… bir kitob yaratildi.
1997-yilda kitob chop etilganda, butun dunyo larzaga keldi. Bu shunchaki avtobiografiya emasdi, bu inson irodasining ramzi edi.
Hamkasblari uning asarini «ovozsiz qichqiriq» deb atashdi, chunki u jim holda butun insoniyatga o‘zini tinglashlariga erishgan edi.
Uning bu qahramonligi yosh jurnalistlarga namuna sifatida ko‘rsatildi. Uning asari shifokorlar va ruhshunoslar uchun ham ilhom manbaiga aylandi — chunki u «hayotdan voz kechmaslik»ning tirik isboti edi. Uning nomi bemorlar uchun umid ramziga aylandi.
U haqda nima deyishgan?
Jurnalist do‘stlari Bobining kitobini «so‘zlar bilan qayta tirilgan odam» deb ta’riflagan. Tanqidchilar uning uslubini «shaffof, og‘riqli va shu bilan birga jonbaxsh» deb atagan.
Ko‘plab o‘quvchilar unga minnatdorchilik xatlari yozgan: «Siz menga yashashni qayta o‘rgatdingiz. Mening muammolarim sizning holatingiz oldida mayda bo‘lib qoldi.»
Shundan so‘ng dunyoda falaj bemorlar bilan muloqot qilishning yangi usullari ishlab chiqildi. Uning tajribasi tibbiyot va psixologiya sohasida yangi usullarga zamin yaratdi. Bobi hech kimga yashashni o‘rgatmadi, u motivatsiyadan ma’ruza o‘qiydigan spiker bo‘lmadi. U faqat yashirin kuchni ko‘rsatdi, inson tanasi shikastlanishi mumkin, lekin ruhni hech kim qamay olmaydi. «Skafandr va kapalak» kitobi nutq hamda harakatga qodir bo‘lmagan odam tomonidan yozilgan kurash kitobidir.
U shunday yozadi: «Mening skafandrim tobora yengillasha boshlaydi, ongim esa kapalakdek parvoz qiladi. Men nafas olishga muhtojman, sevishga va zavqlanishga. Onging kapalakdek ozod bo‘lsa sevgan ayolingni ko‘rishing, Ispaniyada qal’alar qurishing, Atlantidani topishing mumkin. Qancha ishlar qilish mumkin. Faqat ko‘zingni yumsang xohlagan joyga borishing mumkin.»
Uning kitobini o‘qib, ko‘plab odamlar o‘z hayotiga boshqacha qaray boshladi. U shunday kuchli ruhiy motivatsiya berdiki, hatto sog‘lom odamlar ham hayot nima ekanini, qanday yashash kerakligini qayta his qildi.
Chunki Bobi skafandrda, qobiq ichida ham uchish imkoni borligini isbotlagan edi.
O‘zi haqida nima deydi?
Jan-Dominik Bobi o‘z tanasining qamog‘ida ham ijod qilishdan to‘xtamadi. Natijada qayg‘ular, sinovlar va mashaqqatlar, hatto ba’zan quvonchlari haqida ajoyib o‘lmas hikoyani yaratdi. Masalan, Bobi ba’zan mashg‘ulotlaridan noligan holda shunday deb yozadi: «Agar men og‘zimni doimiy ravishda to‘ldirib turgan tupukni yuta olsam, dunyodagi eng baxtli odam bo‘lardim».
Axir shu paytgacha hech qachon tupukni yutish ham baxtga aylanishi mumkinligi xayolimizga ham kelmagan edi-da.
Bobi qamalib qolgan tana azob-uqubati va tushkunlik haqida ta’sirli tarzda yozadi. U «og‘riqli» ko‘rpa-to‘shaklarni tasvirlaydi va yuzi bo‘ylab jazosiz yurgan chivinlarni ham. U kitob orqali 93 yoshli otasining qo‘ng‘iroqlari haqida gapirib beradi. Bobi yaqinlari uning mehrini boshqa hech qachon his etmasligini anglagan paytlar esa eng alamlisi. «Otalar kuni» munosabati bilan farzandlarining tashrifi chog‘ida u o‘zining ahvoliga achinib, chidab bo‘lmas tuyg‘u haqida gapirib beradi: «O‘g‘lim Teofil u yerda xotirjam o‘tiribdi, uning yuzi yaqinginamda. Men, o‘g‘limning qalin sochlariga teginishga, uning issiq tanasini mahkam quchoqlashga shunchaki haqqim yo‘q… To‘satdan, bu haqiqat meni o‘ldira boshladi».
U «Otalar kuni»da ota shunday holatda ko‘rinishi qanchalik qayg‘uli ekanini tasvirlaydi.
Ammo Bobi «Skafandr va kapalak» asari orqali insoniyatni qulflangan sindrom to‘liq g‘alaba etolmasligini isbotladi. Uning ahvoli achinarli bo‘lishi mumkin, lekin u g‘alaba qozondi. Bitta kitobga «ko‘z qisib qo‘yish» bilan kifoyalanmay, o‘limidan oldin boshqa kitob loyihalarini taklif qildi, qulflangan sindrom qurbonlari va ularning oilalari uchun uyushma tuzdi. «U hayotni yaxshi ko‘rardi va u baxtsiz hodisadan oldin ham, undan keyin ham kuchli va shijoatli inson bo‘lib yashadi, — deydi Bobi bilan ishlagan hamkasbi Syuzanna Li. — U o‘zidan unutilmaydigan meros qoldirdi.»
Keyinroq kitob asosida juda ta’sirli film ham suratga olingan. Film nafaqat inson irodasi haqidagi hikoyani vizual shaklda qayta jonlantirdi, balki tomoshabinni ham, tanqidchini ham larzaga soldi. Bu shunchaki film emas — inson ruhiyatining yengilmasligini, og‘riq ortidagi go‘zallikni ko‘rsata olgan asar edi.
«Skafandr va kapalak» filmidan
U ketdi…
Jan-Dominik Bobi o‘zi yashagandek vafot etdi: qadr-qimmat bilan, o‘z shartlari va o‘z so‘zlari bilan: «Bu narsalar go‘yo o‘zga sayyoraliklar yerni o‘rganish uchun kelayotganda o‘zi bilan oladigan eng kerakli buyumlarga o‘xshar edi. Bu holat meni chuqur o‘yga soldi. Qiziq, samoda mening skafandrimning qulfini ochadigan kalit bormikan? To‘xtash joyi mavjud bo‘lmagan, ya’ni cheksiz bo‘lgan metro liniyasi bormikan? Mening ozodligimni sotib olish uchun yetarlicha bo‘lgan mablag‘-chi? Qidirish kerak. Yaxshisi, o‘sha yerga boraman».
Bobi oxir-oqibat o‘z xotiralarini yakunlaydi. Kitob nashr etilganidan o‘n kun o‘tgach, pnevmoniyadan vafot etadi…
***
Bugun men harakatlana olaman. Yura olaman. Klavishlarni barmoqlarim bilan bosa olaman, gapira olaman, eshitaman. Odamlarni tinglashim va tasdiq ma’nosida boshimni qimirlata olaman. Nafas olishim yengil, og‘zimda to‘plangan tupukni osongina yutaman va men uni baxt deb o‘ylamayman. Farzandlarimni bag‘rimga bosishim mumkin, so‘zlarni ko‘z ochib yumguncha istaganimcha yozishim, o‘chirishim va yana qaytadan yozishim mumkin… Mening tanam qobiq ichida emas, tanam qulflanmagan. Lekin men kapalakdek ozodmanmi? Siz-chi, siz ozodmisiz?
Barno Sultonova
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
Jamiyat
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.
Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.
Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.
Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.
Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.
Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.
Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.
Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.
Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.
-
Siyosat4 days ago
Илҳом Алиев Тошкентда тантанали кутиб олинди
-
Siyosat5 days ago
To‘qayev prezidentlikka qayta nomzod qo‘yishi haqidagi savolga javob berdi
-
Siyosat5 days ago
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida Abadiy do‘stlik shartnomasi imzolandi
-
Siyosat5 days ago
Shavkat Mirziyoyev «Haydar Aliyev» ordeni bilan taqdirlandi
-
Siyosat3 days ago
Ўзбекистон ва Озарбайжон раҳбарлари Бухоронинг машҳур обидаларини зиёрат қилдилар (фото)
-
Siyosat3 days ago
«Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas» — Sherzod Asadov
-
Siyosat4 days ago
Shavkat Mirziyoyev AQSh kongressmenlari delegatsiyasini qabul qildi
-
Jamiyat5 days ago
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
