Sport
Kannavaro hal bo‘ldi: bu yaxshimi yoki yomon?
O‘zbekiston milliy jamoasini Amerika mundialiga Italiya futboli afsonasi Fabio Kannavaro olib boradigan bo‘ldi. Hali rasman e’lon qilingani yo‘q, lekin Fabrisio Romano aytdimi, shunaqa bo‘ladi. Biz «Kapadze qolishi kerak», deb ko‘p aytdik, lekin O‘FA baribir xorijlik murabbiy olib keldi. Mayli, bo‘lar ish bo‘ldi, endi bu murabbiy biz uchun yaxshimi yoki yomon degan savolga javob izlasak.
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
Jahon chempionatiga jahon chempioni bilan
Avvalo Fabio Kannavaro kim ekani haqida ikki og‘iz. Chunki hozirgi yosh avlod bu afsonaviy futbolchi haqida ko‘p eshitmagan bo‘lsa kerak. Yoshlar, tasavvur qilishingiz uchun aytaman: hozir Yevropa futbolida Kannavaro darajasidagi himoyachi yo‘q hisob. Balki van Deyk, Diash, Salibaning eng yaxshi jihatlarini qo‘shsangiz, shunaqa himoyachi «paydo bo‘lar». Kannavaro o‘z davrining tengsiz himoyachisi edi.
Bo‘yi unchalik baland bo‘lmasa-da, markaziy himoyada chinakam qo‘poruvchi kabi harakatlanar, juda aqlli himoyachi edi. Fabio Italiya milliy jamoasida Alessandro Nesta bilan birga zamonasining eng zo‘r markaziy himoya juftliklaridan birini tashkil etgandi. 2006 yilgi jahon chempionati finalida Fabio Marko Materatssi bilan birga juftlik hosil qiladi.
O‘sha vaqtda Italiya milliy jamoasi yigitlari himoyalanishni san’at darajasiga olib chiqishgandi. Va mana shu himoya evaziga jahon chempioni bo‘lgan Italiyaning lideri va sardori Fabio Kannavaro edi. Oxir-oqibat Fabio 2006 yil mundialdagi super o‘yinlari evaziga «Oltin to‘p»ga munosib ko‘riladi. Undan keyin biror himoyachi futboldagi asosiy sovrinni yutgani yo‘q.
Kannavaro futbolchi sifatida avvalo 2006 yilgi jahon chempionatini yutgan. Uning 1999 yil «Parma» bilan UEFA kubogini yutgani megayulduzlik davrini boshlab bergandi. O‘sha tarkibdagi Buffon, Krespo, Veron, Tyuram kabi yigitlar ham keyinchalik jahon darajasidagi yulduzlarga aylanishadi. Kannavaro «Parma»dan «Inter»ga, keyin «Yuventus»ga, «Oltin to‘p»ni yutganidan keyin esa «Real» Madridga o‘tadi.
Aytgancha, «Parma» va «Inter»da bizning qadrdonimiz Ektor Kuper qo‘l ostida o‘ynaydi. Xullas, Fabioning futbolchilik faoliyati orzudagidek o‘tgan desak bo‘ladi: sensatsiyachi klub bilan UEFA kubogi, jahon chempionligi va «Real»da o‘ynash.
Murabbiylikda esa…
Biroq Fabio murabbiylik faoliyati bilan maqtana olmaydi. Hozircha uning hisobida «Guanjou» jamoasi bilan yutilgan Xitoy chempionligi bor xolos. U o‘zini Yevropada ham sinab ko‘rdi, lekin «Udineze» va «Dinamo Zagreb»da ishlari yurishmadi. Bilasizmi, bizni quvontirishi kerak bo‘lgan jihat ham mana shu aslida. Kannavaro har qancha katta kalibrli futbolchi bo‘lmasin, murabbiylikda ham qo‘lidan ish kelishini futbol ommasiga isbotlashni istayli.
Ha, Fabio murabbiy sifatida g‘alabaga chanqoq, u hech qachon jahon chempionati kabi jiddiy musobaqada ishlamagan. Ishoning, futbol tarixidagi eng zo‘r himoyachilardan bo‘lgan Kannavaro uchun O‘zbekiston milliy jamoasini boshqarish murabbiylik faoliyatidagi hozircha eng jiddiy ish. Biz bundan faqat xursand bo‘lishimiz kerak.
Nimalar o‘zgaradi?
Endi bizning himoyachilarda kimsan Kannavarodan o‘rganish imkoni bor. Fabio natijaga erishish uchun ham himoyachilarimizni yangi darajaga olib chiqishni istaydi. Tarkibda ham o‘zgarishlar bo‘lsa kerak. Kannavaro katta ehtimol chempionatning qolgan qismini kuzatib, Kapadze e’tibor qilmagan ba’zi futbolchilarni sinab ko‘rishi mumkin. Aytgancha, Temur Kapadze Kannavaroga yordamchi bo‘lib qoladi deyishmoqda, bu esa tarkib asosi o‘zgarmaydi degani. Biroq Kannavaro o‘ziga yoqqan yangi nomlarni chaqirib ko‘rsa kerak.
G‘alati iste’folar
Uzoq jimlikdan keyin nihoyat Temur Kapadze bosh murabbiylikdan ketishi ma’lum bo‘ldi. Hali bu haqda e’lon ham qilishmadi. Shu o‘rinda O‘zbekiston milliy jamoasida g‘alati iste’folar yuz berishini aytmasak bo‘lmaydi. Osiyo chempionati yarim finaliga olib chiqqan, tariximizdagi eng yorqin jamoani tuzgan Abramov Eronga qarshi saralashning birinchi o‘yinida yutqazishi bilan ishdan olingandi, Ektor Kuper Falastinga qarshi ko‘p narsani hal qilmaydigan, keyinchalik turli shubha-gumonlarga sabab bo‘lgan o‘yinda yutqazganidan keyin bo‘shatilgandi, Kapadze esa O‘zbekistonni jahon chempionatiga olib chiqib ketmoqda. Chindan g‘alati iste’folar, bunaqasi «Chelsi»da ham bo‘lmaydi.
Gapimiz boshida aytganimizdek, bo‘lar ish bo‘ldi. Kapadzega adotalsizlik qilindi, lekin endi oldingi qarash kerak. Kannavaro futbol olamiga murabbiy sifatida ham zo‘r ekanini isbotlashni istamoqda. Buni O‘zbekiston bilan uddalashiga umid qilamiz. Futbolimiz darajasi bunga bemalol imkon beradi.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov