Sport
Kanada JCh tarixidagi ilk ochkosini qo‘lga kiritdi
Turnirdagi ilk durang qayd etildi.
Meksika ortidan jahon chempionatining yana bir mezboni turnirdagi ilk o‘yinini o‘tkazdi. Ammo Kanadaning o‘yini u qadar muvaffaqiyatli chiqmadi – Torontoda Bosniya va Hersegovinaga qarshi o‘yin durang hisob bilan yakunlandi. Mezbonlar ikkinchi bo‘limda amallab mag‘lubiyatdan qutulib qolishdi.
Kanada – Bosniya va Hersegovina 1:1
Gollar: Lukich, 21 (0:1). Larin, 78 (1:1)
Kanada: Krepo, De Fujyerol, Kornelius, Lareya, Jonston, Eushtakiu (Osorio, 90+1), Kone, Millar (Ahmad, 61), Byukenen (Shaffelberg, 61), J. Devid (P. Devid, 61), Oluvaseyi (Larin, 76)
Bosniya va Hersegovina: Vasil, Muharemovich, Katich, Kolashinats (Burnich, 83), Dedich, Tahirovich, Bashich (Gigovich, 61), Memich (Shunich, 74), Bayraktarevich (Alaybegovich, 74), Demirovich, Lukich (Bajdar, 61)
Ogohlantirishlar: Jonston, 12. De Fujyerol, 53 – Demirovich, 44. Lukich, 45. Katich, 90
Bosniya va Hersegovina tarkibida kutilmaganda jamoa yetakchisi va ramzi – 40 yoshli Jyeko zaxira o‘rindig‘ida qoldirildi. Shu tariqa, ikki jamoa ham o‘zining asosiy yulduzlarisiz o‘ynaydigan bo‘ldi. Kanadaliklar safida «Bavariya» himoyachisi Devis ham yo‘q edi, u jarohatidan hali butunlay forig‘ bo‘lmagan.
O‘yin boshlangani haqidagi hushtak chalinishi bilan Kanada oldinga tashlandi, ammo ilk golli vaziyat Bosniya va Hersegovinada yuzaga keldi. Sergey Barbarez shogirdlari standart vaziyat orqali yo‘llangan ilk zarbasini golga aylantirishi mumkin edi. Krepo qo‘riqlayotgan darvoza qarshisida Memich to‘pga barchadan oldin ulgurdi, ammo uning zarbasi darvoza to‘sini yuqorisidan o‘tib ketdi. Umuman olganda, o‘yinning dastlabki qismi bosniyaliklar ustunligida o‘tdi. Jamoa 4-4-2 sxemasida harakatlangan bo‘lsa-da, to‘pni tezkorlik bilan oldingi chiziqqa yetkazib berdi va yevropaliklar yakkakurashlarda ham yaxshiroq harakatlanishdi. Kanadaliklar esa o‘yindagi ilk zarbasini faqat 17-daqiqaga kelib yo‘lladi, ammo Devid 12 metr masofadan turib tepgan to‘p darvozabon Vasilning qo‘liga borib tushdi.
Bosniyaliklar standart vaziyatlardan xavf tug‘dirishda davom etdi va birinchi bo‘lim o‘rtalarida navbatdagi burchak zarbasi hisob ochilishiga olib keldi. To‘p avvaliga yaqin ustun oldiga yetkazildi, u yerda turgan Kolashinats to‘pni markazga oshirdi, Lukich esa to‘p uchun kurashda himoyachidan ildamroq harakatlandi va terma jamoadagi ilk golini nishonladi.
Hisobda oldinga chiqib olgach Bosniya va Hersegovina jamoasi chuqur himoyaga yotdi. Kanada bu devorni buzib o‘tishga qiynaldi. Mezbonlar birinchi bo‘lim davomida darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan atigi bitta zarba yo‘lladi, xG bo‘yicha ko‘rsatkich 0,64 ko‘rinishini oldi. Jamoa o‘n marta burchak to‘pi ishladi, ammo bosniyaliklar ikkinchi qavatda barcha to‘plarni yutib olishdi.
Marsh shogirdlari tanaffusdan butunlay boshqacha bo‘lib qaytishdi. Jamoaning kombinatsiyalari nihoyat o‘xshay boshladi va hisob tenglashishi vaqt masalasi bo‘lib qoldi. Kanadaliklar ko‘pchilik bo‘lib raqib jarima maydoniga kirib borishdi va Larya darvozabonga hech qanday imkon qoldirmay zarba berdi, ammo Kolashinats darvoza to‘riga kirib ketayotgan to‘pni qaytarib qolib, mundialning eng yorqi seyvini amalga oshirdi.
Bunga javoban o‘tkazilgan qarshi hujumda Demirovich yakkama-yakka vaziyatga chiqib bordi, ammo vaziyatni ko‘kka sovurdi. Forvard to‘pni o‘zidan biroz uzoqlashtirib yubordi va oldinga chiqib kelgan Krepo xavfni bartaraf etishga ulgurdi.
O‘yinning bir soati ortda qolayotganida Marsh hujum chizig‘ini to‘liq almashtirib, «Yuventus» hujumchisi Devid, «Vilyarreal» vingeri Byukenen va «Hall Siti» vingeri Millarni zaxiraga oldi. Biroz o‘tib u jamoaning yana bir forvardi, «Vilyarreal» hujumchisi Oluvaseyini ham almashtirib tashladi.
Marsh uning o‘rniga maydonga tajribali hujumchisi Larinni tashladi – «Sauthempton» a’zosi darhol gol urdi. Bu hujumni qanotdan markazga ko‘chib harakatlangan Kone boshlab berdi, Promisning nozik uzatmasi esa ushbu hujumning bezagiga aylandi. Larin bosniyaliklarning tajribali himoyachisi Muxaremovichni dog‘da qoldirdi, qolaversa unga rikoshet yordam berdi.
O‘yin oxirida kanadaliklar o‘z muxlislari qarshisida g‘alabani ilib ketishga harakat qilishdi, ammo bosniyaliklar barcha hujumlarni qaytarishdi va strategik durangni saqlab qolishdi. O‘yinning yakuniy statistikasi Kanadaning kichik ustunligini ko‘rsatdi: zarbalar – 13:8 (darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan zarbalar – 4:3), xG – 1,24 ga qarshi 0,94.
Bu kanadaliklarning mundialda qo‘lga kiritgan ilk ochkosi bo‘ldi. Kanada bunga qadar 1986 va 2022 yilgi mundiallarda qatnashgan, ammo guruh bosqichidagi barcha 6 o‘yinida yutqazgandi.
Endi 2-turda Bosniya va Hersegovina Shveytsariya bilan (18 iyun), Kanada – Qatar bilan (19 iyunga o‘tar kechasi) o‘ynaydi.
Sport
Rossiyalik shaxmatchilar O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Olimpiadada qatnashmaydi
Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) Prezident kengashi rossiyalik shaxmatchilarni Butunjahon shaxmat Olimpiadasida ishtirok etishiga ruxsat bermadi. Bu haqda Rossiya shaxmat federatsiyasi ijrochi direktori Aleksandr Tkachyov TASS agentligiga ma’lum qildi.
«Jahon shaxmat Olimpiadasida terma jamoalarimiz qatnashmaydi. Kengash ushbu qarorni FIDE prezidenti vazifasini bajaruvchi janob Vishvanatan Anandning tashabbusi bilan qabul qildi», — dedi Tkachyov.
Butunjahon shaxmat Olimpiadasi 16–27 sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.
2025 yilning dekabrida Xalqaro shaxmat federatsiyasi Bosh assambleyasi rossiyalik sportchilarga nisbatan cheklovlarni to‘liq va qisman bekor qilish uchun ovoz bergan edi. Rossiyalik shaxmatchilarning qaytishiga 61 delegat ovoz bergan, 51 delegat qarshi chiqqan.
Biroq 2026 yil yanvarda Buyuk Britaniya, Germaniya, Norvegiya, Estoniya va Ukraina shaxmat federatsiyalari FIDEning rossiyalik shaxmatchilarga nisbatan sanksiyalarni to‘liq bekor qilish haqidagi qaroriga e’tiroz bildirish niyatida ekani xabar qilindi. Shundan so‘ng, 2026 yil iyun oyida sanksiyalar qayta joriy etildi.
Avvalroq mazkur Olimpiadani Magnus Karlsen va yana bir qator shaxmat yulduzlari ham o‘tkazib yuborishi ma’lum bo‘lgandi.
Sport
Krishtianu Ronaldu mavsum nihoyasida futbol bilan xayrlashishi mumkin
Krishtianu Ronaldu joriy mavsum nihoyasida professional futboldagi faoliyatiga yakun yasashi mumkin. Bu haqda u Vogue jurnaliga intervyusida ma’lum qildi.
«Ehtimol, bu futboldagi so‘nggi yilim bo‘lishi mumkin, o‘zimdan ulkan meros qoldirishni istayman», — dedi Ronaldu.
Besh karra «Oltin to‘p» egasi ta’kidlashicha, bo‘sh vaqtini hordiq va sayohatlarga ajratmoqchi.
Krishtianu Ronaldu professional futbolga kirib kelganiga 25 yil bo‘ldi. Birinchi katta o‘yinini 2002-yil 14-avgustda Lissabonning «Sporting» klubi safida Milanning «Inter»iga qarshi o‘tkazgan.
Sport
«Arsenal» «Manchester Siti»ni yirik hisobda yengib, Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi
Londonning «Arsenal» klubi o‘z tarixida 18-marta Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi. Jamoa Kardiffda «Manchester Siti»ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi.
O‘yinning 23-soniyasida Rikkardo Kalafiori hisobni ochdi. One Football nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, bu 1968 yildan beri superkubok o‘yinining birinchi daqiqasida urilgan birinchi va kubok tarixidagi eng tezkor gol bo‘ldi.
London jamoasi safida yana Kay Xaverts (28) va Martin Edegor (48) gol urishdi.
O‘tgan mavsumda «Arsenal» Premer ligada g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, manchesterliklar Angliya kubogini qo‘lga kiritdi.
«Shaharliklar» safida Abduqodir Husanov to‘liq harakat qildi.
Sport
Ronaldu Messining oilasidagi yo‘qotishga munosabat bildirdi
Portugaliyalik hujumchi Krishtianu Ronaldu otasi vafot etgan argentinalik futbolchi Lionel Messini qo‘llab-quvvatladi. U Messining Instagram sahifasidagi posti ostida izoh qoldirdi.
«Bu qiyin damlarda siz va yaqinlaringizni mahkam quchgan holda chuqur hamdardlik bildiraman, Leo. Bardoshli bo‘ling», deb yozgan Ronaldu.
Avval Messi «Inter Mayami»dagi o‘yinchilik faoliyatini to‘xtatgani e’lon qilingan edi. U oilasi va do‘stlarini qo‘llab-quvvatlash uchun Argentinada qoldi.
Xorxe Messi 8-avgust kuni 68 yoshida vafot etdi. U uzoq davom etgan og‘ir kasallikdan so‘ng olamdan o‘tdi. Ko‘p yillar davomida argentinalik futbolchining otasi o‘z o‘g‘lining faoliyatida muhim o‘rin tutardi.
Sport
Dunyoning eng boy odamlaridan biri «Liverpul»ni sotib oladi
Amazon asoschisi Jeff Bezos professional sportga sarmoya kiritish niyatida. The Guardian nashrining xabar berishicha, tadbirkor boshqa investorlar bilan birgalikda Angliyaning «Liverpul» futbol klubining kamida 30 foiz ulushini sotib olishni ko‘rib chiqmoqda. Kelishuv 1,35 milliard funt sterling yoki taxminan 1,8 milliard dollarga teng bo‘lishi mumkin.
«Liverpul» taxminan 6 milliard dollarga baholanadi va dunyodagi eng taniqli sport brendlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Bezosning qiziqishi kengroq tendensiyaga mos keladi: badavlat amerikalik investorlar Angliya futbol klublarida faol ravishda ulushlarni sotib olmoqdalar. Amerikalik aksiyadorlar allaqachon «Chelsi», «Kristal Pelas», «Everton» va «Bornmut» kabi 20 ta Premer-liga jamoalaridan 13 tasiga egalik qilishadi.
Agar kelishuv amalga oshsa, Bezos ingliz futboliga faol ravishda sarmoya kiriyotgan amerikalik milliarderlar safiga qo‘shiladi.
Investorlar uchun ingliz futbolining jozibadorligi qisman sportning Qo‘shma Shtatlarda tobora ommalashib borayotgani bilan bog‘liq. Shu bilan birga, yetakchi Amerika sport franshizalari ko‘pincha yangi investorlar uchun juda qimmat yoki cheklangan, ingliz klubidagi ulush esa global auditoriyaga va eng tijorat jihatidan jozibador sport bozorlaridan biriga kirish imkonini beradi.
-
Siyosat4 days ago
Илҳом Алиев Тошкентда тантанали кутиб олинди
-
Siyosat5 days ago
To‘qayev prezidentlikka qayta nomzod qo‘yishi haqidagi savolga javob berdi
-
Siyosat3 days ago
Ўзбекистон ва Озарбайжон раҳбарлари Бухоронинг машҳур обидаларини зиёрат қилдилар (фото)
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekistonda kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha qaysi hududlar yetakchi?
-
Siyosat4 days ago
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida Abadiy do‘stlik shartnomasi imzolandi
-
Siyosat4 days ago
Shavkat Mirziyoyev «Haydar Aliyev» ordeni bilan taqdirlandi
-
Siyosat2 days ago
«Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas» — Sherzod Asadov
-
Siyosat3 days ago
Shavkat Mirziyoyev AQSh kongressmenlari delegatsiyasini qabul qildi
