Jamiyat
“Kamsitishgan, keyin kaltaklashgan va oxiri zo‘rlashgan”: tahqirlangan bolalar
“10-sinf qizga maktabida jinsiy zo‘ravonlik bo‘lgan, vaqt o‘tib qiz bunga o‘rganib qolgan. Endi unda xulq-atvor buzilishi bor. Vaqtida e’tibor qilinmagani sabab oradan vaqt o‘tib muammo murakkablashib ketdi. Qiz uzatiladigan, ammo u…”. Psixoterapevt Gavhar Teshaboyeva Kun.uz bilan suhbatda zo‘ravonlikka uchrayotgan bolalar taqdiri, ularga nisbatan ota-onalarning beparvoligi oqibatlari haqida gapirdi.
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
Tadqiqotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 1-14 yoshli bolalarning deyarli 2/3 qismi jismoniy yoki ruhiy bosimga duch keladi; yosh bolalarning 1/4 qismi esa maktabda bullingga uchraydi. Har yettinchi o‘quvchi maktabda o‘zini xavfsiz his qilmaydi. Sergelidagi va Bektemirdagi maktablarda yuz bergan voqealar bu faktni isbotlamoqda.
Bulling – bir yoki bir nechta tajovuzkorlar tomonidan shaxsni muntazam, qasddan va dushmanlarcha ta’qib, haqorat qilish, tazyiq o‘tkazish. Bu jismoniy yoki og‘zaki (haqorat, tahdid), ijtimoiy (kamsitish, mish-mishni tarqatish) va kiberbulling (onlayn ta’qib) ko‘rinishida bo‘lishi mumkin.
Psixiatr va psixoterapevt Gavhar Teshaboyeva bolalar hayotida bulling oqibatlari, oramizdagi shunday ayanchli taqdirlar haqida gapirib berdi.
Bola bullingga uchrayotganini qanday bilish mumkin?
“Zo‘ravonlikka uchragan, bulling qurboni bo‘lgan bolalarda qandaydir o‘zgarishlar bo‘lishi tabiiy. Shu o‘zgarishlar 2 hafta ichida bo‘lsa, bu stressga bo‘lgan o‘tkir reaksiya deyiladi. Bunda bola jamiyatga qo‘shilmay qo‘yadi, maktabga borgisi kelmaydi. Yoki sukut saqlaydi, bu psixogen-mutizm deyiladi. Yoki aksincha, o‘zidan ojiz bo‘lgan – hayvonlarga o‘z agressiyasini ko‘rsatadi. Bitta keysda shunaqa bullingga uchragan bola uyiga kelib mushugini sovitkichning muzxonasiga solib qo‘ygan. Ya’ni unga maktabida tazyiq bo‘lgan va u kimga zo‘ravonlik qilishini bilmagan va mushugiga ko‘rsatgan. Bugun oila mushukni qidirgan va 2 kundan keyin muzlatkichdan topishgan. Keyin qarashsa, bolada shunaqa muammo.
Ba’zida ota-ona buni sezmay qolishi mumkin. Oradan o‘sha 2 haftadan uzoqroq vaqt o‘tib ketdi va endi bolada reaktiv depressiya, ya’ni o‘tkir edi, endi surunkaliga o‘tadi. U asta-sekin maktabdagilardan uzoqlasha boshlaydi, o‘zining xonasidan chiqmay qo‘yadi, ota-onasi bilan gaplashmaydi, o‘zlashtirishi pasayib ketadi. Kayfiyati doimiy tushkun yoki qabziyat bo‘lishi ham depressiyaning belgilaridan hisoblanadi. Endi bolaga psixolog yordam bera olmaydi, Bu yog‘iga psixoterapevt yoki psixiatr yordam bera oladi”.
Xo‘sh, bulling qayerdan kelib chiqadi? Axir hech kim zo‘ravon bo‘lib tug‘ilmaydi. Mutaxassisning aytishicha, bullingning asosi oilada. Ota-ona va farzand o‘rtasida bog‘lanish bo‘lmasa, unga yetarli e’tibor berilmasa, bolaning shaxsiyati, yutuqlari bilan qiziqmasa bolada agressiya kelib chiqadi. Natijada u buni boshqalarga nisbatan ko‘rsatishi yoki o‘ziga nisbatan agressiya bilan namoyon etadi.
“Ba’zi bolalar suitsidal fikrlar haqida o‘ylashni boshlaydi. Shuning uchun ham o‘smirlar orasida suitsidlar soni ko‘p. JSST oxirgi ma’lumotlariga ko‘ra, yosh kategoriyasiga ko‘ra, aynan o‘smirlar orasida suitsidlarning ko‘pligi aniqlangan.
Bullingda 3 ta ishtirokchi: agressor, qurbon va kuzatuvchi bor. Tadqiqot o‘tkazilgan va aniqlanganki, mana shu 3 komponentdan bittasi olib tashlansa ham bulling to‘xtaydi. Masalan, Sergelidagi maktabda bo‘lgan holatni ko‘rdik – kuzatuvchi ko‘p. Kuzatuvchilar ko‘p bo‘lganda agressor bolalarda o‘zini ko‘rsatib qo‘yish hissi oshadi.
Biz bolalarimizga bunaqa vaziyatda befarq bo‘lmaslik, agressorni to‘xtatish yoki qurbonga yordam berish kerakligini o‘rgatishimiz kerak. Bu holatda albatta o‘z fikringni bildirgin”, deb.
Bola birinchi tahqirlangan, keyin urishgan uni, oxiri jinsiy zo‘ravonlikka o‘tishgan…
Agar vaqtida bullingning oldi olinmasa u nafaqat ruhiy, balki jinsiy zo‘ravonlikka ham aylanishi mumkin. Ammo ayrim ota-onalarning noto‘g‘ri qarashlari sabab ularning hayoti izdan chiqadi. Masalan, o‘zi kibrga berilgan ota-onaning farzandi ko‘pincha kibrlilar ta’qibiga duch keladi. Ya’ni ular farzandini mensimasligi, bolaga shaxsiy mulk sifatida qarashi bilan qadrsizlantiradi.
“Qizga jinsiy zo‘ravonlik bo‘lgan maktabida, qiz bunga o‘rganib qolgan. Endi unda xulq-atvor buzilishi bor. Qizni davolash uchun onaning ham ruhiy muammolari aytildi. Lekin davolanishga kelmadi ayol. 2 yildan keyin – muammo murakkablashib ketgandan keyin keldi. Qizini uzatishi kerakligini, kuzda to‘y ekanligini aytib bahorda kelyapti. Kibri xalaqit berganini, ayb o‘zida ekanligini tan oldi. Ammo endi kech edi, ya’ni qiz qurbon bo‘lib bo‘ldi. Qurbonlar ba’zida bunga o‘rganib qolishiyam mumkin. Tajovuz qurboni bo‘lgan bolada 2 yo‘l bor: birida o‘zi tajovuzkorga aylanadi, birida qurbon bo‘lishda davom etadi.
Shunday holatdagi o‘g‘il bolani olib kelishgandi – bolaning shaxsiy chegaralari shu darajada buzilib ketganki, gaplashganda shu qadar yaqinlashsam ham o‘z hududini bilmayapti. Gap orasida tog‘asi yuziga bitta urdi – reaksiya yo‘q! Ya’ni o‘zini himoya qilish yo‘q. Bu bola birinchi tahqirlangan, keyin urishgan uni, oxiri jinsiy zo‘ravonlikka o‘tishgan. Qachonki bu bola boshqaga zo‘ravonlik qila boshlagandagina olib kelishyapti.
Ota-onasiga tushuntirildi terapiya olib borish kerakligi va maktabini o‘zgartirish kerakligi aytildi. Ba’zida buyam chora bo‘ladi. Bu yerda ota umuman vaziyatni tushunishni istamadi, to‘g‘ri nufuzli maktab edi. “Yo‘q, bolam shu maktabni tugatishi kerak, biror yechimi bordir? Tanishlarim nima deydi? Falonchining o‘g‘li shu maktabni bitirdi, pistonchiniki bitirdi. Nega mening o‘g‘lim bitirolmas ekan?”. Bolaning keyingi taqdiridan bexabarman.
Biz kattalar bullingga chora ko‘rmas ekanmiz, uyda ko‘rganini yoki o‘qituvchisidan ko‘rganini bola davom ettiraveradi. Qurbonlar ham, agressorlar ham ruhiy nosog‘lom oilalardan kelib chiqadi”.
Muammoning ildizi – oilada
Bullingda muammoning ildizi oilaga borib taqaladi. Ammo uning bo‘y ko‘rsatishi maktabda yuz bergani uchun ko‘pincha bunday holatlarda maktabni aybdor qilishga o‘rganganmiz. Bola agressorga aylanyatimi, demak o‘sha oilada birorta agressor bor: u ota-onasi, bobo-buvisi bo‘lishi mumkin. Bola ulardan olgan agressiyani maktabda o‘zidan kuchsizroq shaxsga nisbatan chiqaradi va oqibatda yuqoridagi holatga o‘xshagan vaziyatlar yuzaga keladi.
Gulmira Toshniyozova, Kun.uz
Tasvirchilar: Ziyaddin Mammatjonov, Nizomjon Toshpo‘latov
Jamiyat
O‘zbekistonda pensiya, nafaqa, ish haqi va stipendiyalar oshiriladi
Prezidentning «Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.
Hujjatga muvofiq, 2026-yil 1-iyuldan pensiyalar, nafaqalar hamda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga to‘lanadigan bolalar nafaqasi va moddiy yordam miqdori 7 foizga oshiriladi.
Shunga ko‘ra, yoshga doir eng kam pensiya oyiga 983 ming so‘m, nogironlik pensiyasining eng kam miqdori esa 1 million 83 ming so‘m etib belgilandi.
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar uchun 3 yoshgacha bo‘lgan bir nafar farzandga har oylik nafaqa 386 ming so‘m, 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bir nafar farzand uchun 295 ming so‘mni tashkil etadi. Ikkinchi farzand uchun qo‘shimcha 177 ming so‘m, uchinchi va undan keyingi har bir farzand uchun esa qo‘shimcha 118 ming so‘m to‘lanadi.
Shuningdek, mazkur toifadagi oilalar uchun moddiy yordam miqdori oyiga 450 ming so‘m etib belgilandi.
Farmonga muvofiq, 2026-yil 1-sentyabrdan budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi hamda talabalar stipendiyalari ham 7 foizga oshiriladi.
Shu sanadan boshlab mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori oyiga 1 million 360 ming so‘m, bazaviy hisoblash miqdori esa 440 ming so‘m etib belgilanadi.
Bundan tashqari, 2026-yil 1-iyuldan pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori oyiga 504 ming so‘mni tashkil etadi.
Jamiyat
Olimlar kimlar tezroq qarishini aniqlashdi
Turli mamlakatlar olimlari inson organizmini vaqtidan oldin qaritadigan asosiy sabablarni aniqlashdi.
Kambag‘allik, past daromad va sifatli ta’lim olish imkoniyatining yo‘qligi inson tanasidagi biologik qarishni tezlashtirishi isbotlandi. Eng yomoni, bu salbiy jarayon ko‘pincha bolalikdanoq boshlanadi.
Xulosa chiqarish uchun mutaxassislar dunyoning 23 ta davlatidan 66 mingdan ortiq odam ishtirok etgan 140 ta ilmiy tadqiqot natijalarini o‘rganib chiqishdi. Unda chaqaloqlardan to 86 yoshgacha bo‘lgan odamlar ishtirok etdi. Olimlar odamlarning qarish tezligini maxsus «epigenetik soatlar» (organizmning ichki holatini ko‘rsatuvchi tizim) yordamida tekshirishdi. Bu haqda «Nature Human Behavior» nashri ma’lum qildi.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra agar biologik qarish sekinlashsa inson o‘z yoshiga nisbatan tetik, yosh va sog‘lom bo‘lib yuradi. Uning tashqi ko‘rinishi ham, ichki sog‘lig‘i ham xuddi pasportdagi yoshidek (yoki undan ham yoshroq) saqlanib qoladi.
Agar qarish jarayoni tezlashayotgan bo‘lsa odatda keksalikka xos bo‘lgan kasalliklar insonda vaqtidan ancha oldin paydo bo‘ladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ta’minoti past va kambag‘al oilalarda o‘sayotgan bolalarning ichki organizmi (biologik yoshi) o‘ziga to‘q oilalardagi tengdoshlariga qaraganda ancha katta, ya’ni ertaroq qariyotgani ma’lum bo‘ldi. Xuddi shunday holat katta yoshli insonlar orasida ham kuzatilmoqda.
Jamiyat
Yaponiyada noqonuniy yashab kelgan O‘zbekiston fuqarosi deportatsiya qilindi
U Yaponiyaga qisqa muddatli viza bilan kirib, viza muddati tugaganidan keyin ham mamlakatda noqonuniy qolib ketganligi sababli hibsga olingan.
Yaponiya immigratsiya xizmati agentligi mamlakatda noqonuniy yashab kelgan O‘zbekiston fuqarosini deportatsiya qildi.
Deportatsiya qilingan shaxs Yaponiyaga qisqa muddatli viza bilan kirib, viza muddati tugaganidan keyin ham mamlakatda noqonuniy qolib ketganligi sababli rasmiylar tomonidan hibsga olingan.
Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ma’lum qilishicha, agar mamlakatda noqonuniy yashash yoki noqonuniy ishlash holatlari aniqlansa, politsiya tomonidan hibsga olish va ushlab turish, immigratsiya muassasalarida qamoqqa olish yoki deportatsiya qilish kabi choralar ko‘riladi.
Shuningdek, bildirilishicha, Yaponiyada qochqin maqomini olish uchun ariza berilsa, “uzoq muddat qolish mumkin” yoki “ishlash mumkin” degan noto‘g‘ri ma’lumot tarqalgan bo‘lib, shu kabi maqsadlar bilan qochqin maqomini olish uchun ariza berishga ruxsat etilmaydi.
Agar qochqin maqomi rad etilsa, immigratsiya muassasasiga joylashtirish yoki deportatsiya qilish kabi choralar qo‘llanilishi mumkin. Bundan tashqari, soxta ma’lumot berish yoki noqonuniy usullar bilan qochqin maqomini olish uchun murojaat qilish jiddiy huquqiy choralarni keltirib chiqarishi mumkin.
Jamiyat
Namanganda 381 ming dollarga 50 sotix yerni rasmiylashtirib berishni va’da qilganlar ushlandi
Ikki fuqaro 5 000 AQSh dollarini, kadastrlar palatasi Pop tumani bo‘limi sobiq boshlig‘i 1 500 AQSh dollari va 6 mln so‘mni olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Pop tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tezkor tadbirda fuqarolar U.A. va M.B. kadastrlar palatasida ishlovchi tanishlari orqali 381 000 AQSh dollari evaziga fermer xo‘jaligi balansidagi 50 sotix yer maydonining hujjatlarini fuqaro A.S.ning nomiga noturar joy sifatida rasmiylashtirib berishlarini aytib, shundan 5 000 AQSh dollarini olgan vaqtida qo‘lga olindi.
Shundan so‘ng tadbir davom ettirilib, kadastrlar palatasi Pop tumani bo‘limi sobiq boshlig‘i S.A. 1 500 AQSh dollari va 6 mln so‘mni olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Jamiyat
Farg‘onada gaz to‘ldirish vaqtida avtobus tomidagi gaz balloni yorilib ketdi
Viloyat FVB xabariga ko‘ra, yorilish natijasida yong‘in sodir bo‘lmagan, hech kim tan jarohati olmagan.
27 iyun kuni soat 19:00 larda Farg‘ona shahridagi AGTKSh hududida avtobus tom qismiga o‘rnatilgan gaz ballonlariga gaz to‘ldirish vaqtida gaz ballonlaridan birida yorilish paydo bo‘lgan.
Viloyat FVBning xabariga ko‘ra, yorilish natijasida yong‘in sodir bo‘lmagan, tan jarohati olganlar yo‘q.
Voqea joyiga viloyat FVB boshlig‘i va huquqni muhofaza qilish organlari hamda tegishli xizmat vakillari chiqqan.
Yorilish sababi vakolatli tashkilotlar bilan hamkorlikda aniqlanmoqda.
-
Sport5 days ago🔴 LIVE: AQSh-Eron muzokaralari va Starmer iste’fosi
-
Sport2 days agoYaponiya futbolining buyuk sabog‘i: mag‘lubiyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarish
-
Jamiyat3 days ago«Andijon polkasi» tadbiriga ketayotgan o‘quvchilar YTHga uchradi
-
Dunyodan1 day agoQirgʻiziston va Oʻzbekiston chegarani delimitatsiya qilish doirasida hudud almashadilar
-
Jamiyat5 days agoBo‘stonliqda kanalga tushib ketgan ikkinchi bolaning jasadi ham topildi
-
Iqtisodiyot5 days ago1 iyuldan pensiya va nafaqalar, 1 sentabrdan oyliklar oshadi
-
Jamiyat2 days agoVatanparvar jurnalistlarni o‘zimga do‘st va maslakdosh deb bilaman
-
Sport4 days agoEldor Shomurodov muxlislardan uzr so‘radi
