Connect with us

Iqtisodiyot

Kambag‘allikni qisqartirishga oid forumda qiymati 495 mln dollarlik kelishuv va memorandumlar imzolandi – IMV

Published

on


Forum doirasida imzolangan kelishuvlar qatorida A-380 “G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu” avtomobil yo‘lining 581-673 km qismini rekonstruksiya qilish, “Bir qishloq — bir mahsulot” loyihasini boshlash, maktablarda suv, sanitariya-gigiyena holatini yaxshilash va O‘zbekistonda “ESKO” bozorini rivojlantirish kabilar bor.

2025 yilning 17-18 sentabr kunlari Namangan shahrida bo‘lib o‘tgan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” O‘zbekiston kambag‘allikni qisqartirish III xalqaro forumi o‘z ishini yakunladi.


Foto: Iqtisodiyot va moliya vazirligi

Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabariga ko‘ra, forum doirasida qiymati 495 mln dollarlik 10 dan ortiq kelishuv va memorandumlar imzolandi.

Forum doirasida 12 ta panel sessiyalar tashkil etildi. Ularda O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish borasida yig‘ilgan tajribalar yuzasidan fikr almashildi hamda aholi farovonligini yanada oshirish, inklyuziv iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qaratilgan istiqboldagi rejalar va yangi tashabbuslarga e’tibor qaratildi.

“O‘zbekiston tajribasi shuni ko‘rsatadiki, kambag‘allik taqdir emas, uni dadil rahbarlik, intizomli ijro va innovatsion hamkorlik bilan yengish mumkin. Islom taraqqiyot banki nomidan O‘zbekiston va barcha a’zo davlatlarimiz bilan birga bu yo‘ldan borishga sodiqligimizni yana bir bor tasdiqlayman”, – deya ta’kidladi Islom taraqqiyot banki guruhi raisi Muhammad Al-Jasser


Foto: Iqtisodiyot va moliya vazirligi

Qanday kelishuvlarga erishildi?

Forum doirasida Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda xalqaro hamkorlar tomonidan quyidagi muhim bitimlar tasdiqlandi:


“A-380 “G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu” avtomobil yo‘lining 581-673 km (92 km) qismini rekonstruksiya qilish” loyihasi bo‘yicha bitim;
O‘zbekistonda “Bir qishloq — bir mahsulot” loyihasining dastlabki bosqichini boshlash yuzasidan bayonnoma;
Surxondaryo viloyatida aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiy faoliyatini rivojlantirish loyihasi bo‘yicha grant bayonnomasi;
“Uzbekistan Vision – 2030” Ishonch jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ta’lim sohasida “Maktablarda suv, sanitariya-gigiyena holatini yaxshilash hamda iqlim o‘zgarishiga chidamlilikni oshirish” loyihasi;
O‘zbekiston maktablari va shifoxonalarining energiya samaradorligini oshirish loyihasi yuzasidan hamkorlik bayonnomasi;
Korxonalarning energiya samaradorligini moliyalashtirish loyihasi yuzasidan hamkorlik bayonnomasi;
Demografik barqarorlik, gender tengligi, xotin-qizlar imkoniyatlarini kengaytirish yuzasidan anglashuv memorandumi;
Mahalliy rivojlanishni mustahkamlash va bandlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan anglashuv memorandumi;
Mikro, kichik va o‘rta tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish yuzasidan hamkorlik bitimi;
O‘zbekistonda “ESKO” bozorini rivojlantirish loyihasi bo‘yicha hamkorlik aloqalarini rivojlantirish yuzasidan anglashuv memorandumi.

Forumda nimalar muhokama qilindi?

Forumda bozor talablariga mos ko‘nikmalarning kambag‘allikni qisqartirishdagi o‘rni sessiyasi tashkil etildi. Unda “xarajat-daromadlar” tahlilidan kelib chiqib, zamonaviy kasblarning an’anaviy kasblarga nisbatan 2-3 barobarga ko‘proq daromad keltirishi hamda nisbatan kam investitsiya talab etilishini inobatga olib, kambag‘al oila a’zolarini mazkur kasblarga o‘qitish kambag‘allikni qisqartirish sur’atini tezlashtirishi mumkinligi aytib o‘tildi.


Foto: Iqtisodiyot va moliya vazirligi

«Kambag‘allikni qisqartirishda islom moliyasining yangi imkoniyatlari» sessiyasida zakot, vaqf va foizsiz moliyalashtirish kabi islom moliyasi vositalari orqali mamlakatda moliyaviy inklyuzivlikni oshirish, iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni istagan kambag‘al oilalarning o‘z bizneslarini boshlashi uchun qo‘shimcha moliyaviy imkoniyatlar yaratishi haqida fikr almashildi.

O‘tish davrida ijtimoiy himoya tizimi – inklyuzivlikni oshirish bo‘yicha global tajribalar sessiyasida esa “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarida 110 turdagi yordam va xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgani, 2021–2025-yillarda qariyb 48 trillion so‘m miqdorida yordam ko‘rsatilishi rejalashtirilgani ma’lum qilindi.

Inson kapitaliga sarmoya – demografik dividend imkoniyatlaridan kambag‘allikka qarshi kurashda foydalanish sessiyasida O‘zbekistonda demografik o‘rtacha yillik o‘sish 2 foizni tashkil etgani hamda mamlakat aholisining 54,3 foizi yoshlardan iboratligi aytildi.

Bundan tashqari, forumda mamlakatning 140 ta tuman va shaharlarining iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqib, 227 ta urbanizatsiya, turizm, yo‘l bo‘yi infratuzilmasini rivojlantirish hamda hududlarni kompleks iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan master-rejalar ishlab chiqilayotgani ma’lum qilindi.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Iqtisodiyot

O‘zbekiston tashqi qarzi 2025 yilda 18 mlrd dollarga oshdi. Bu rekord ko‘rsatkich 

Published

on


2025 yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston umumiy tashqi qarzi 82,2 mlrd dollarga yetdi. Bunda davlat tashqi qarzi 40,5 mlrd dollar (+6,6 mlrd), xususiy sektor va davlat kompaniyalarining tashqi qarzlari esa 41,7 mlrd dollarga (+11,5 mlrd) teng bo‘ldi. O‘tgan yil davomida qarz 18,1 mlrd dollarga oshdi, bu esa tarixdagi eng katta o‘sishdir. O‘z navbatida umumiy tashqi qarzning yalpi ichki mahsulotga nisbatan ulushi 55,8 foizni tashkil etyapti.

2025 yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 82,2 mlrd dollarga yetdi. Bu – Markaziy bank hisobotida keltirilgan.

Umumiy tashqi qarz bir yil ichida 18,1 mlrd dollarga ko‘paygan. Tashqi qarzlarning 40,5 mlrd dollari – davlat qarzi, 41,7 mlrd dollari – korporativ tashqi qarzlardan iborat.

«Korporativ tashqi qarz tarkibida to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya kiritgan xorijiy investorlardan jalb qilingan qarz mablag‘lari qoldig‘i 6,5 mlrd dollarni, xalqaro obligatsiyalar joylashtirish orqali jalb qilingan mablag‘lar qoldig‘i esa 7,3 mlrd dollarni tashkil etdi. Qolgan qismi esa xususiy sektor, jumladan, xo‘jalik sub’yektlari va banklar tomonidan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish, aylanma mablag‘larni to‘ldirish va biznes faoliyatini kengaytirish maqsadlarida davlat kafolatisiz jalb qilingan kredit va qarzlar hisobiga shakllandi», deyiladi MB sharhida.

Tashqi qarz miqdori qanday o‘zgaryapti?

2025 yilda O‘zbekiston tarixida eng yuqori tashqi qarz o‘sishi qayd etildi – 18,1 mlrd dollar. Statistik ma’lumotlar yuritila boshlaganidan beri tashqi qarzning eng yuqori o‘sishi pandemiya davridagi 2020 yilda (9,2 mlrd dollar), 2023 yilda (9,8 mlrd dollar) hamda 2024 yilda (10,8 mlrd dollar) kuzatildi. Qonun bilan tartibga solish mexanizmlarining joriy qilinishi davlat tashqi qarzining oshishini nisbatan mo‘’tadilashtirdi. Masalan, davlat tashqi qarzining o‘sishi 2020 yilda 5,5 mlrd, 2021 yilda 2,3 mlrd, 2022 yilda 2,1 mlrd, 2023 yilda 3,9 mlrd, 2024 yilda 4,2 mlrd, 2025 yilda esa 6,6 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu davrda umumiy o‘sish qariyb 90 foiz bo‘ldi. Korporativ qarz miqdorida esa keskin o‘sish kuzatilyapti. Xususan, 2020-2025 yillar oralig‘ida bu ko‘rsatkich 3,3 barobarga yoki 12,5 mlrd dollardan 41,7 mlrd dollargacha oshdi.

Markaziy bank ma’lumotlari asosidagi Kun.uz infografikasi

Joriy operatsiyalar hisobi

2025 yilda joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi YaIMga nisbatan 3,9 foizni (5,8 mlrd dollar) tashkil etib, 2024 yildagi 4,7 foizga (5,7 mlrd dollar) nisbatan 0,8 foiz bandga qisqardi. Hisobot davrida eksportning importga nisbatan yuqoriroq sur’atlarda o‘sishi kuzatilgan bo‘lsa-da, import hajmining eksportga nisbatan katta bo‘lgani sabab tovar va xizmatlar savdosi balansi manfiy shakllanib, 19,9 mlrd dollarni tashkil etdi.

Ikkilamchi daromadlar bo‘yicha joriy transfertlarning sof hajmi sezilarli darajada oshishi natijasida mazkur komponent 13,7 mlrd dollar miqdorida ijobiy saldo bilan shakllanib, birlamchi daromadlar bo‘yicha sof tushumlar (371,4 mln dollar) bilan birgalikda savdo balansidagi manfiy saldoni qisman qopladi.

2025 yilda xalqaro bozorlarda xomashyo narxlarining yuqori darajada saqlanib qolishi, shuningdek, eksportbop mahsulotlarga tashqi talabning ortishi va norezidentlarga ko‘rsatilgan xizmatlar ko‘lamining kengayishi ta’sirida jami eksport hajmi 2024 yilga nisbatan 23 foizga o‘sib, 32,3 mlrd dollarni tashkil etdi (oltinsiz eksport – 22,5 mlrd dollar, o‘sish 20 foiz).

«Asosiy eksport xomashyo mahsulotlarining jahon bozoridagi narxlari tahliliga ko‘ra, 2025 yil davomida oltin narxi yil boshiga nisbatan 63 foizga, kumush narxi 2 barobarga, mis narxi 32 foizga va uran narxi 5 foizga oshgan. Shu bilan birga, to‘qimachilik sanoatining asosiy xomashyosi hisoblangan paxtaning jahon narxi 7 foizga pasaygan», deyiladi MB shahrida.

2025 yilda jami import hajmi 2024 yilga nisbatan 20 foizga ko‘payib, 52,2 mlrd dollarga yetdi. Bu mamlakatda investitsiyaviy faollik va ichki iste’mol talabi yuqori darajada saqlanib qolishi sharoitida mashina va uskunalar, kimyoviy va mineral mahsulotlar, shuningdek, maishiy va oziq-ovqat tovarlari hamda boshqa xomashyo importining davom etishi bilan izohlanadi. Shuningdek, importning eng yuqori hajmi o‘tgan yilning IV choragiga to‘g‘ri kelib, 15,3 mlrd dollarni tashkil etdi.

Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekistonga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning sof kiritilishi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 barobarga o‘sib, 4,4 mlrd dollarga teng bo‘ldi.

Portfel investitsiyalarning sof jalb qilinishi asosan xalqaro obligatsiyalar bilan bog‘liq operatsiyalar hisobiga o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 40 foizga oshib, 4,4 mlrd dollarga teng bo‘ldi.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Biznesni bezdirayotgan QQS va markirovka muammolari. Ekspertlar sharhi

Published

on


Nega ko‘p tadbirkorlar QQS to‘lovchisi bo‘lib qolishdan shunchalik qo‘rqadi? Markirovka bo‘yicha talablar biznesda bunchalik katta e’tiroz uyg‘otayotganiga sabab nima? Soliq qonunchiligi va amaliyoti qanday qilib biznesni bo‘laklarga bo‘lishga rag‘bat yaratyapti? Shu kabi savollarga Kun.uz studiyasidagi suhbatda soliq maslahatchilari Murod Muhammadjonov va Nodirbek Xo‘jabekov javob berdi.

Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Po‘latov umumiy ovqatlanish sohasida ayrim tadbirkorlar QQS to‘lamaslik uchun mijozlarga yakka tartibdagi tadbirkor sifatida chek berayotganini aytdi.

“Buni ko‘rib-bilib turibmiz. Ertaga tekshirish borsa, xafa bo‘lasizlar. Iltimos, qonuniy ishlanglar”, dedi u 21 aprel kuni tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda.

Kun.uz studiyasidagi suhbatda soliq maslahatchilari tadbirkorlarni QQSdan qochishga undayotgan omillar haqida so‘z yuritdi.

Murod Muhammadjonov: “Faqat jazoning o‘zi yechim bo‘lolmaydi”

— Jarima solish bilan natijaga erishib bo‘lmaydi. Ya’ni soliq to‘lash uchun tadbirkorlarga qulay zona yaratilmasa, jarima bilan qo‘rqitib, faqatgina yo korrupsiyani rivojlantirib yuborish mumkin, yoki tadbirkorlikni odamlar uchun diskomfort bir zonaga aylantirib qo‘yiladi. Ya’ni tadbirkorlik qilish qiyin joyga aylanib qolishi mumkin xolos. Shuning uchun, menimcha, “Qo‘shilgan qiymat solig‘iga o‘tmaslik sabablari nima?” degan savol bizni ko‘proq qiziqtirishi kerak.

Juda ko‘p holatlarda tovarlar naqd oldi-berdi qilinishi, kirim qilish imkoniyati yo‘qligi, QQSda ishlash tadbirkorlarga diskomfort bo‘layotgani asosiy sabablardan deb bilaman.

Hamma uchun emas, muayyan qatlamdagi tadbirkorlar borki, ularda QQSga o‘tish imkoniyati yo‘q. Oddiy aytganda, QQS va foyda solig‘i to‘lash sharoitida ularning biznesi yashab qololmaydi, tirikchiligi o‘tmaydi. Aylanmadan 4 foiz soliq to‘lab kelgan tadbirkor uchun soliq yuki birdaniga karrasiga oshib ketadi (12 foiz QQS + 15-20 foiz foyda solig‘i). Shuning uchun 1 milliardlik chegaraga yaqinlashganda, biznesni bo‘lib tashlashga majbur bo‘lyapti.

Faqatgina jarima degan narsa bilan qo‘rqitilsa, kimlardir QQSga o‘ta oladi, kimlardir o‘ta olmaydi. O‘ta olmaganlar yechim sifatida korrupsiyaga murojaat qiladi. Ko‘p holatlarda aylanmadan qo‘shilgan qiymat solig‘iga o‘tmaslik uchun tushumni kamaytirib ko‘rsatish kerak bo‘ladi. Kamaytirib ko‘rsatish esa, tabiiyki, kassaga urmaslikka, tushumni yashirishga olib keladi. Tushumni yashirish holatlari bu tekshiruvlarda aniqlanadi va jarima qo‘llanadi. Ya’ni agar yirik soliq to‘lovchisi, ya’ni qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi bo‘lib o‘tmasang, jazolayman, lekin o‘tsang ko‘proq soliq to‘laysan – oldiga yursang ham, orqaga yursang ham jazolayman, degani bu. Hamma joy jazo mexanizmi bo‘lib qolyapti.

Bu yerda aynan nima uchun biznesni bo‘lib ishlashyapti, degan savol muhim. Haqiqatda qorabozor yo‘q emas, bor va ko‘p tovarlarni kirim qilish imkoniyati yo‘q. Odamlar haligacha qonuniy ishlash formatlariga to‘liq moslashmagan va qonuniy ishlash qanaqa deganda umuman “perechisleniye”ga sotib olish kerakligini bilmaydi. “Perechisleniye”ga sotib olaman deydigan bo‘lsa, qimmatroqqa aylanadi va hokazo. Har bir holatda raqobat hisobiga ham maksimal darajada aylanmadan olinadigan soliqda qolishga harakat qilaveradi. Menimcha, bu narsaga jazodan ko‘ra yechimini topish kerak. Jazo bu yechim emas, jazo bu – chora.

Agar hamma QQSga o‘tsin deydigan bo‘lsa, unda aylanmadan olinadigan soliqni to‘xtatish kerak. Aylanmadan olinadigan soliqqa sharoit yaratildimi, demak unda ishlay oladigan odamlar kategoriyasi bor. O‘zi biznesning shunaqa doirasi borki, o‘sha aylanmadan olinadigan soliqqa moslashgan. O‘sha 4 foizlik soliqda qolib yashashga ko‘nikkan. Qo‘shilgan qiymat solig‘iga o‘tsa, yashab qola olmaydi.

Keyingi holat bor: bir nechta savdo nuqtalarini qilib, brend darajasi yoki tizimli rivojlanishga qarab ketganlar bor. Ya’ni keyingi bosqichga o‘tgan, o‘z mijozlariga, obro‘siga ega bo‘lgan va keyingi bosqichga o‘tgan kategoriya haqida gapiryapman. Ularning bir nechta savdo nuqtalari bo‘lgani uchun biznesni bo‘lishdan ko‘ra, “100 so‘m emas, 50 so‘m qolsa ham, endi qonuniy o‘tganim yaxshi”, deb hisoblaydi. Lekin u darajaga bora olmaydiganlar-chi?

Qo‘shningiz aylanmadan olinadigan soliqda bitta porsiya ovqatni 30 ming so‘mga sotayotgan bo‘lsa, xuddi shu porsiya ovqatni siz 36 ming so‘m deydigan bo‘lsangiz, bo‘ldi, sizning biznesingiz to‘xtadi. O‘sha narsaga bormaslik uchun, tabiiyki, kichik korxonalar aylanmadan olinadigan soliqda qolishga maksimal darajada harakat qiladi. Shuning uchun biznesni bo‘lmasin deydigan bo‘lsak, unda QQSga o‘tish mezonini oshirib beraylik, 1 milliardni 5 milliard qilib beraylik. Chunki 1 milliardlik chegara hozirgi kunda bir tirikchilikdek narsa-da, bu biznes darajasida baholab bo‘ladigan summa emas.

Endi jarimalar masalasiga keladigan bo‘lsak, QQSga o‘tgandan keyin u davlat soliq boshqarmalari nazoratiga o‘tadi va u yerda aylanmadan olinadigan soliqlardan ko‘ra QQS to‘lovchiga nisbatan tekshiruvlar, uning nazorat tartiblari juda ko‘p. Sen uni kalkulyatsiyasini qilding-qilmadingdan boshlab, QQS bilan olding, kontragenting obnalchi ekan va hokazo – tekshiruv va nazorat juda ham ko‘p.

Hozirgi kunda obnalchi bo‘lishi ham shart emas, umuman kontragentni boshqa sabablar bilan QQS guvohnomasi nofaol holatga keltirib qo‘yadigan bo‘lsa, farqi yo‘q, shunchaki sizni boshqa bir tovaringiz uchun QQS guvohnomangiz nofaol bo‘lib qoladigan bo‘lsa, hamma kontragentingizdan sizni to‘lab qo‘ygan QQSingizni ham undiryapti.

Birinchidan, biznesga QQSda ishlashda soliq yuki 300 foizgacha oshadi. Ikkinchidan, endi nafaqat o‘zi uchun, birov uchun ham javob berishi kerak, yetmaganiga jarimasini ham to‘lash kerak va jinoyatchiga ham aylanib ketishi kerak.

Nodirbek Xo‘jabekov: “AOS o‘rniga, “zachet” imkoniyatisiz 6 foizlik QQS joriy etilishi kerak”

— Ko‘p yillardan beri tadbirkorlar aynan shu 1 milliardlik pog‘onani 3 milliardga yo 5 milliardga ko‘tarib beringlar degan so‘rovga, “1 mlrd so‘mlik pog‘ona qo‘yilganda uni keyinchalik ko‘tarish maqsad qilinmagan”, degan javobni olishadi. Bundan maqsad – tezroq hammani aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchisidan QQS to‘lovchisiga o‘tkazib yuborish bo‘lgan. Shu sababdan bu 1 milliardlik pog‘ona o‘zgarmaydi deb, doimiy ravishda aytib kelinadi.

O‘tgan yilgi majlisda men o‘zim shunaqa taklif bergan edim: agar 1 milliardlik pog‘ona o‘zgartirilmasa, hammani birato‘la qo‘shilgan qiymat solig‘iga o‘tkazish maqsad bo‘ladigan bo‘lsa, unda kelinglar, QQSni 6 foiz deylik va hamma o‘sha 6 foizlik QQSga o‘tsin. Ya’ni nomi qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘lsin, imtiyozli 6 foiz stavka qo‘llansin va 6 foizlik imtiyozli stavkani qo‘llaydiganlarda kiruvchi qo‘shilgan qiymat solig‘ini “zachet”ga olish imkoni bo‘lmasin. Bu o‘sha aylanmadan olinadigan 4 foiz bilan qo‘shilgan qiymat solig‘i 6 foiz o‘rtasida deyarli o‘zgarish yo‘q. Bu – soliq to‘lovchilarga ko‘nikma hosil qiladi, QQSga o‘tdim degan tushuncha bo‘ladi.

Ya’ni tadbirkorga bugungi to‘lab turgan solig‘i qulay bo‘ladigan bo‘lsa, unga birdaniga sezilarli farq bo‘lgan boshqa soliq turini belgilab berib hammani shunga o‘tishga majburlasak, tadbirkor osonroq yo‘lini qidirishni boshlaydi. Agar soliq to‘lash soliq to‘lovchiga qiyinlik qilsa, u, albatta, kamaytirib to‘lash yo‘llarini qidirishni boshlaydi

4 foizlik aylanmadan soliq o‘rniga 6 foizlik QQSga o‘tsak, o‘z-o‘zidan 1 milliardlik pog‘ona unutiladi. 10 milliard bo‘lsa ham, 100 milliard bo‘lsa ham o‘sha imtiyozli stavkada 6 foiz to‘layveradi. Uni hisobga olish imkoni bo‘lmaydi, lekin men 6 foiz stavkadan kimgadir realizatsiya qiladigan bo‘lsam, mendan xarid qilib olgan o‘sha 6 foizlik QQSning o‘zini hisobga olaveradi. Uyog‘i zanjir uzilmasdan ketaveradi. Sababi, menga kelib tushgan pul yoki men realizatsiya qilgan yoki chekimda ko‘rsatilgan summaning 6 foizini budjetga to‘lab yuboraman, bo‘ldi. Misol uchun menda 94 foiz qoladi, uni hech kim hisob-kitob qilmaydi.

Hozirgi holatda qanaqa? Men QQS to‘laganimda budjetga to‘lamayman-da, men xarid qilayotganda kontragentga to‘lab beraman. Endi men kontragentim u QQSni budjetga to‘lab beradimi-yo‘qmi, men nazorat qilishim kerak.

Bundan tashqari, QQSdan tashqari o‘sha sotib olgan xarajatimning endi foyda solig‘i bor. Bizda foyda solig‘ini hisoblaganda tushum bilan xarajat o‘rtasidagi farq – foyda solig‘i bazasini tashkil etadi. Men o‘sha qilgan xarajatim iqtisodiy oqlanganmi-yo‘qligini ham o‘zim nazorat qilishim kerak. Ya’ni ertaga foyda solig‘ini to‘layotganda hisobotda ko‘rsatgan xarajatimni iqtisodiy tarafdan oqlanganini isbotlab berishim kerak. Bu bir qator noqulayliklarni yuzaga keltiradi.

To‘liq suhbatni Kun.uz’ning YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Tadbirkorlik imtiyozlarini qo‘llamagan mansabdor shaxslar javobgarlikka tortildi

Published

on


Namangan viloyatida to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sohasi tadbirkorlariga berilgan imtiyozlarning qo‘llanilishi yuzasidan Biznes-ombudsman devoni tomonidan o‘rganish o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-yanvardagi PF-2-sonli Farmoniga muvofiq, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj yo‘nalishida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar uchun elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha bir oylik oldindan to‘lov talabi bekor qilinganligi va bu tartib qo‘llanilishi Namangan viloyati misolida tahlil qilinganda 140 ta korxonaga nisbatan mazkur imtiyoz qo‘llanilmasdan, ulardan elektr energiyasi uchun oldindan to‘lov undirib kelinganligini ko‘rsatdi.

Ko‘rilgan choralar natijasida 140 ta tadbirkorlik sub’yektiga nisbatan imtiyoz qo‘llanilishi ta’minlandi. Oldindan to‘lov undirish amaliyoti to‘liq to‘xtatildi.

Shu bilan birga, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj yo‘nalishida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar sub’yektlariga qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan imtiyozlarni qo‘llamagan 5 nafar mansabdor shaxs Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 241-6-moddasiga asosan ma’muriy javobgarlikka tortildi.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

O‘zbekiston tashqi savdosi o‘sdi. Qaysi davlatlar asosiy hamkorlar?

Published

on


2026-yilning yanvar–mart oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 18 mlrd AQSh dollariga yetdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 471 mln dollarga yoki 2,7 foizga ko‘pdir.

Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, eksport hajmi 5,8 mlrd dollarga tushib, 29,3 foizga qisqargan. Import esa aksincha, 12,2 mlrd dollarga yetib, 30,8 foizga oshgan. Natijada tashqi savdo balansi 6,4 mlrd dollar manfiy saldo bilan shakllangan.

Maxsus eksport hisobga olinmaganda, tovarlar eksporti 26,2 foizga o‘sib, 3,48 mlrd dollarga yetgan.

O‘zbekiston hozirda jahonning 170 dan ortiq mamlakati bilan savdo aloqalarini olib bormoqda. Tashqi savdoda asosiy ulush Xitoy hissasiga to‘g‘ri keldi — 25,6 foiz. 2026 yilning uch oyida bu mamlakat bilan savdo hajmi 4,6 mlrd dollarga yetdi.

Rossiya Federatsiyasi bilan savdo 3,28 mlrd dollar, Qozog‘iston bilan 1,3 mlrd dollar, Turkiya bilan 653 mln dollar va Afg‘oniston bilan 508 mln dollarga yetgan.

Shuningdek, Fransiya (488,9 mln), Koreya Respublikasi (463,6 mln), BAA (458,7 mln) kabi davlatlar bilan ham savdo hajmi o‘sgan. Turkmaniston bilan savdo 357,5 mln, Germaniya bilan 304,8 mln dollarga yetgan.

Hindiston (299,8 mln), Belarus (259,7 mln), AQSh (258,4 mln), Qirg‘iziston (221,7 mln) va Tojikiston (188,8 mln) bilan ham faol aloqalar saqlanib qolmoqda. Gonkong bilan savdo 155,7 mln, Eron — 151,4 mln, Italiya — 116,5 mln, Irlandiya — 102,7 mln va Ukraina — 94,4 mln dollarga yetgan.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Mart oyida qaysi hududlarda iste’molchilar eng ko‘p keshbek olgan?

Published

on


2026-yil mart oyida O‘zbekistonda iste’molchilarga 216,8 mln chek uchun 168 mlrd so‘mdan ortiq keshbek to‘langan. Bu Soliq qo‘mitasi ma’lumotlarida qayd etilgan.

Umuman olganda, 2026-yilning yanvar–mart oylarida 611,7 mln chek rasmiylashtirilib, ular bo‘yicha 447,3 mlrd so‘m keshbek qaytarilgan. Mart oyining o‘zida esa 6,1 mln nafardan ortiq foydalanuvchi ushbu tizimdan foydalangan.

Qayd etilishicha, mart oyida eng katta keshbek Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keldi — 49,7 mlrd so‘m. Keyingi o‘rinlarda Farg‘ona (22,9 mlrd so‘m), Andijon (20,2 mlrd so‘m) va Toshkent viloyati (17,1 mlrd so‘m) qayd etildi.

Shuningdek, Samarqand viloyatida 9,3 mlrd so‘m keshbek qaytarilgan. Qoraqalpog‘istonda bu ko‘rsatkich 8,5 mlrd, Xorazmda 8,9 mlrd so‘mni tashkil etdi.

Navoiyda 3,5 mlrd, Jizzaxda 2,4 mlrd, Sirdaryoda 2,2 mlrd so‘m keshbek to‘langan. Qashqadaryoda 6,0 mlrd, Buxoroda 5,5 mlrd, Surxondaryoda 4,3 mlrd so‘m qaytarilgan. Namanganda 6,9 mlrd so‘mlik keshbek qayd etilgan.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.