Connect with us

Sport

JCh kundaligi. Bronza uchun triller va Tuxelni tanqid qilgan Tramp

Published

on


Mbappe Messining, Olise Pelening rekordini yangiladi; Argentina va Ispaniya murabbiylari bir-birining futbolchilarini maqtamoqda, Messi Yamalning chaqaloqlikdagi mashhur suratini esladi.

Angliya va Fransiya milliy jamoalari JCh-2026 bronza medallari uchun bahsda haqiqiy shou uyushtirib berishdi. Jamoalar birgalikda 10 ta gol urishdi, bu bahsda Tomas Tuxel shogirdlari baribir g‘alabani ushlab qolishdi – 6:4.

Maydon tashqarisida ham qiziqarli voqealar davom etmoqda. Xalqaro olimpiya qo‘mitasi «Balogun ishi» bo‘yicha FIFA prezidenti Janni Infantinoni jazolamaydigan bo‘ldi, AQSh prezidenti Donald Tramp Tuxelning Argentina bilan o‘yindagi (1:2) taktikasini tanqid qildi, Ispaniya milliy jamoasi ustozi Luis de la Fuente esa finalda Lionel Messini personal qo‘riqlash yordam bermasligini tan oldi.

Hokkeycha hisob

Fransiya – Angliya 4:6

Gollar: Rays, 3 (0:1). Konsa, 18 (0:2). Saka, 37 (0:3). Saka, 45+1 (0:4). Mbappe, 48 (1:4). Barkolya, 54 (2:4). Mbappe, 66 (3:4). Saka, 87 – penalti (3:5). Dembele, 90+6 (4:5). Bellinghem, 90+8 (4:6)

Fransiya: Menyan, Konate (Din, 46), Lakrua, Ernandez (Upamekano, 46), Gyusto (Kunde, 90), Rabio, Zair-Emeri, Sherki (Dembele, 46), Due (Barkolya, 46), Olise, Mbappe

Angliya: Henderson, Konsa, Geyi (Chaloba, 90), Kuansa (Jyeyms, 83), Spens, Rays, Rodjyers, Eze (Anderson, 79), Saka, Reshford (Uotkins, 46), Toni (Bellinghem, 79)

Tashqaridan qaraganda Fransiya – Angliya to‘qnashuvi jahon chempionatining eng yorqin afishasi edi. Ammo ushbu jamoalarning o‘zi o‘zaro o‘yinga jiddiy yondashgani yo‘q. Bir necha kun oldin ular finalni orzu qilishayotgandi, endi esa atigi uchinchi o‘rin uchun kurashishga to‘g‘ri kelardi. Tuxel ham oldindan aniq qilib aytdi: bu o‘yin uning futbolchilari uchun qiziq emas. Fransuzlardagi kabi.

«Bizning ham, Fransiya milliy jamoasining ham biror futbolchisi bu o‘yinda ishtirok etishni xohlamayapti. Barcha finalda o‘ynashni xohlagandi. Ammo qoida shunday, shuning uchun biz o‘yinga professionallarcha yondashamiz», – degandi murabbiy jurnalistlarga.

Shunga qaramay, bu o‘yin JCh tarixida qoladigan bo‘ldi. Sermahsullik bo‘yicha bu o‘yin kutilmalarni ortig‘i bilan oqladi. Murabbiylar rotatsiyaga qo‘l urgan bo‘lishsa-da, ikki tomondan Mbappe, Olise, Saka va Rays kabi yulduz futbolchilar ilk daqiqalardan harakat qilishdi.

Britanlar ilk daqiqalardan hujumkor harakat qilishdi va birinchi bo‘limning o‘zida raqib darvozasini to‘rt bor ishg‘ol etishdi. Rays 3-daqiqada hisobni ochgan, keyinroq Ezri Konsaga gol urishda yordam bergan bo‘lsa, Bukayo Saka dublni rasmiylashtirdi.

Fransuzlar esa ikkinchi bo‘limda bunday sharmandalikka rozi bo‘lishmadi va darhol javob qaytarishni boshlashdi. 66-daqiqaga kelib Dide Desham shogirdlari (bu uning jamoa boshqaruvidagi so‘nggi o‘yini edi) uchta gol urishdi: Mbappe dublni rasmiylashtirib, hozirgi turnirda ham, butun jahon chempionati tarixida ham Messini ortda qoldirdi (Kilianda endi bu turnirdagi gollar soni 10 ta, Leoda esa 8 ta, shuningdek, turnir tarixidagi barcha gollar bo‘yicha nisbat 22:21 fransuz hujumchisi foydasiga), yana bir golni uning assisti bilan Bredli Barkolya urdi.

Hisobni minimumgacha qisqatirgach, fransuzlar hisobni tenglashtirish uchun bosim qilishda davom etishdi va o‘z maqsadiga erishishi ham mumkin edi, ammo Maykl Olise qulay vaziyatdan foydalana olmadi.

Ko‘p o‘tmay Saka penaltini aniq ijro etib, het-trikni nishonladi. Ammo bu bilan o‘yindagi intrigaga barham berilmadi: o‘yin yakunigacha jamoalar yana bittadan gol urishdi. 96-daqiqada Usmon Dembele, 98-daqiqada Jud Bellinghem o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘yishdi.

Dembelening goliga uzatma bergan Olise esa birato‘la Pelening rekordini yangilab qo‘ydi: u bir turnirdagi assistlari sonini 7 taga yetkazib, braziliyalik afsonaviy hujumchining 1970 yildagi ko‘rsatkichini yaxshiladi.

Yakuniy hisob hokkeycha ko‘rinish oldi. Jami zarbalar ko‘rsatkichi ham anomal ko‘rinishda edi – 19:19 (darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan zarbalar bo‘yicha 11:9,  xG – 2,89 ga qarshi 2,77 inglizlar foydasiga).

Tuxel esa o‘yindan oldingi fikrlariga ters o‘laroq, o‘yindan keyin baxtiyor edi va maydon bo‘ylab yurib, o‘z shogirdlarini bronza bilan tabrikladi. Bu Angliya milliy jamoasi uchun 1960 yilgi mundialdan buyon ilk medal bo‘ldi.

XOQ Infantinoni jazolamaydi

Xalqaro olimpiya qo‘mitasi AQSh milliy jamoasi hujumchisi Folarin Balogunning diskvalifikatsiyasi kechiktirilgani bilan bog‘liq vaziyat uchun FIFA prezidenti Janni Infantinoga sanksiya qo‘llamoqchi emas.

Avvalroq FairSquare notijorat tashkiloti FIFA rahbarining harakatlari yuzasidan qo‘mitaga shikoyat yo‘llagani ma’lum bo‘lgandi. Ammo The Guardian manbasiga ko‘ra, XOQ xalqaro federatsiyalarning o‘z qoidalarini qo‘llash xususiyatlariga aralashishni istamaydi.

Nashrning boshqa suhbatdoshi so‘zlariga ko‘ra, XOQ va FIFA o‘rtasidagi kuchlar muvozanati so‘nggi yigirma yil ichida futbol tashkiloti foydasiga sezilarli darajada o‘zgargan – uning ta’siri tijorat daromadlari va yosh auditoriyani jalb qilish borasida ortib bormoqda.

Eslatib o‘tamiz, Balogun JCh 1/16 finalida Bosniya va Hersegovinaga qarshi o‘yinda (2:0) «jiddiy qoidabuzarlik» uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil kartochka olgandi va kamida ikkita o‘yinni o‘tkazib yuborishi kerak edi.

Ammo FIFA intizomiy qo‘mitasi diskvalifikatsiya amal qilishini bir yillik sinov muddati uchun to‘xtatdi va futbolchi 1/8 finalda Belgiyaga qarshi kechgan o‘yinda (1:4) maydonga tushdi. Keyinroq AQSh prezidenti Donald Tramp ushbu masalada Infantino bilan gaplashganini tan oldi.

Nyu Yorkdagi smog JCh finaliga xalal bermaydi

Hafta davomida Ole nashri Ispaniya va Argentina o‘rtasidagi hal qiluvchi Kanadada avj olgan o‘rmon yong‘inlari tufayli boshqa joyga ko‘chirilishi mumkinligi haqida xabar tarqatgandi. Qo‘shni mamlakatda ko‘tarilgan tutun AQSh shimoli-sharqigacha kelgan va yirik shaharlarga yaqinlashgan – payshanba kuni havo ifloslanishi tufayli Chikagoda MLS o‘yini ko‘chirilgandi.

Smog 19 iyul kuni kechqurun jahon chempionati finali o‘tkaziladigan Nyu York shahriga ham yopirilgan. Ammo Bloomberg agentligi o‘z manbalariga tayanib xabar berishicha, FIFA o‘yin vaqti va joyini ko‘chirmoqchi emas.

Materialda xabar qilinishicha, futbol federatsiyalari vakillari bu haqda Oq uyning turnirga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha ishchi guruhi rahbari Endryu Juliani bilan norasmiy suhbat o‘tkazgan. Ular o‘rtasida iqlim masalasi bo‘yicha rasmiy uchrashuvlar rejalashtirilmagan.

Ispaniya va Argentina murabbiylari Messi va Yamalni maqtamoqda

JCh hal qiluvchi o‘yini arafasida Argentina va Ispaniya milliy jamoalari ustozlari bir-birining futbolchilariga kompliment yog‘dirdi. Lionel Skaloni «Qizil furiya» vingeri Lamin Yamalga yuqori baho bergan, Luis de la Fuente – «Albiseleste» sardori Lionel Messi sha’niga maqtov yog‘dirgan.

«Yamal – futbol xazinasi, – deya Skalonining so‘zlarini keltiradi Ole. – Unga qarshi himoyalanish juda qiyin, u Ispaniyaga katta quvonch keltirishi mumkin bo‘lgan futbolchi. Umid qilamanki, yakshanba kuni bunday bo‘lmaydi. Albatta, uni mehmonxonaga qamab, maydonga chiqarmaslikni istardim».

De la Fuente esa ispanlar Messiga qarshi personal himoyalanmasligi, chunki bundan naf yo‘qligini aytdi.

«Men Leoni «Sevilya» yoshlar jamoasini shug‘ullantirib yurgan davrimdan buyon bilaman. Biz uning yoniga bir futbolchi qo‘ydik, keyin u kartochka oldi, men uni almashtirdim va Messi bizga uchta gol urdi. Uni personal qo‘riqlashni tashkil qilmaymiz, ammo diqqatli bo‘lamiz.

Messining o‘zi – alohida bir tarix. Afsona. 39 yoshda finalga chiqish – aql bovar qilmas ish! U shu yerdaligida o‘yinidan zavqlanish kerak. Diyego Maradonaning yo‘qligi bilinadi, chunki u endi biz bilan emas. Ammo Messi hamon shu yerda», – deya uning so‘zlarini keltiradi Marca.

Messi o‘zi va Yamalning chaqaloqlikdagi fotosini esladi

2007 yilda Leo Sport gazetasining YUNISEF bilan (o‘shanda «Barselona» homiylaridan edi) hamkorlikda tayyorlangan xayriya taqvimi uchun suratga tushgan. Bu loyiha doirasida klub futbolchilari bolalar bilan suratga tushardi: yosh ishtirokchilarni tanlash uchun tashkilot lotereya o‘tkazadi – va g‘oliblardan biri Yamalning ota-onasi bo‘ladi.

20 yoshli Messi plastik vannada besh oylik Laminni cho‘miltirayotgani aks etgan surat shu taxlit paydo bo‘lgan. 19 yil o‘tib futbolchilar JCh-2026 finalida bir-biriga qarshi o‘ynaydi. Turnirning hal qiluvchi o‘yini oldidan argentinalik hujumchi ushbu fakt haqida esladi va uni aql bovar qilmas hodisa deb atadi.

«To‘g‘risini aytsam, bu suratimiz juda ajoyib. Hayot shunaqa, to‘g‘rimi? Men u bilan go‘dakligida suratga tushganman, mana endi ikkimiz jahon chempionati finalida yuzma-yuz turibmiz.

Lamin – juda iste’dodli futbolchi, men uni ko‘p kuzataman, chunki u men sevgan klub – «Barselona»da o‘ynaydi va men unga doimo eng yaxshi tilaklarni tilayman. 19 yoshida u dunyoning eng yaxshi futbolchilaridan biri hisoblanadi va uning butun karerasi hali oldinda», – deya Messining so‘zlarini keltiradi The Athletic.

Tuxelni Tramp ham tanqid qildi

Inglizlar JCh yarimfinalida Argentinaga qarshi o‘yinda birinchi bo‘lib hisob ochgan, ammo shundan keyin to‘liq himoyalangan va o‘yin oxirida ikki gol o‘tkazib, yutqazib qo‘ygandi (1:2).

O‘yindan keyin faqat dangasa kishilargina «Uch sherlar» ustozi Tomas Tuxelning bu o‘xshamagan rejasini tanqid qilmadi. Bunga hatto AQSh prezidenti Donald Tramp ham qo‘shildi.

«Angliya milliy jamoasida biz birga golf o‘ynaydigan ajoyib futbolchi bor – Harri Keyn. U ajoyib. Menimcha, ular uni himoyaga o‘tkazib, xatoga yo‘l qo‘yishdi. Ammo men futbolda nimani ham bilardim? Ular hisobda oldinga chiqishdi va eng yaxshi o‘yinchisini himoyaga qo‘yishdi.

Axir biroz hujum qilish kerak edi, shunday emasmi? Bu noodatiy qaror bo‘ldi», – degan Oq uy egasi FIFA rahbari Janni Infantino bilan birgalikdagi matbuot anjumanida.

Navbatdagi o‘yin

Jahon chempionatida atigi bitta o‘yin qoldi – eng muhimi – final.

20 iyulga o‘tar kechasi, 00.00. Ispaniya – Argentina



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Sport

«Beradigan boshqa narsam qolmadi» — Messi Argentina terma jamoasidagi faoliyatini yakunladi

Published

on


Afsonaviy futbolchi Lionel Messi Argentina milliy terma jamoasidagi faoliyatini yakunlashini ma’lum qildi. Leo ijtimoiy tarmoqlarda bu haqdagi maktubni e’lon qildi.

«Finaldan keyingi voqealar va uzoq o‘ylanishlardan so‘ng barchaga milliy terma jamoadagi faoliyatimni yakunlayotganimni ma’lum qilmoqchiman. Bu og‘riqli qaror bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi. Biroq hozir buning uchun eng munosib vaqt ekanini tushunyapman.

Qasam ichaman, men nafaqat so‘nggi yillarda, barcha sovrinlarni qo‘lga kiritgan davrimizda, balki undan oldin ham doimo bor kuchimni berib keldim. Har doim kurashdim va sizlarga quvonch ulashish, futbol orqali argentinalik ekaningizdan faxrlanishingiz uchun ushbu kiyim sharafi uchun borimni berdim.

Vaqt oz qoldi. Yangi boblar ochilmoqda, ammo bu bob menga chuqur og‘riq bermoqda. Men milliy terma jamoada bo‘lishni sevdim, sevaman va har doim sevib qolaman. Bor kuchimni berdim. Endi beradigan boshqa narsam qolmadi.

Bundan tashqari, ortimdan juda iste’dodli yosh futbolchilar kelmoqda va ular terma jamoada bo‘lishga loyiq. 20 yil davomidagi mehringiz uchun rahmat», — deb yozdi Messi.

Messi Argentina terma jamoasida 2005 yildan buyon o‘ynab kelgan. U jami 207 ta uchrashuvda maydonga tushib, 125 ta gol urgan va 68 ta golli uzatmani amalga oshirgan.

Messi Argentina bilan 2022 yilgi jahon chempionati, 2021 va 2024 yillardagi Amerika kubogi, 2022 yilgi Finalissimada g‘olib bo‘lgan, shuningdek, 2008 yilgi Olimpiadada oltin medalni qo‘lga kiritgan.

Shuningdek, Leo bilan Argentina 2014 va 2026 yilgi jahon chempionatlarida finalga chiqqan. Jamoa 2007, 2015 va 2016 yillardagi Amerika kubogida ham kumush medallarni qo‘lga kiritgan.



Source link

Continue Reading

Sport

Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi

Published

on


Niderlandiyaning Amsterdam shahrida akademik eshkak eshish bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston terma jamoasi musobaqadagi tarixiy medalga sazovor bo‘ldi.

Yengil vaznli sportchilar o‘rtasidagi juftlik dasturida (LM2x) Shahzod Nurmatov va Sobir Safaraliyev dueti oltin medal sohibi bo‘ldi. Bu o‘zbekistonlik akademik eshkak eshuvchilarning kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida qo‘lga kiritgan birinchi oltin medalidir.

Musobaqada kumush medal Germaniya, bronza medali esa AQSh sportchilariga nasib etdi.



Source link

Continue Reading

Sport

EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi

Published

on


UEFA Chempionlar ligasi 2026/2027-yilgi mavsumi umumiy bosqichi to‘liq taqvimni e’lon qildi.

Bu bosqichda har bir jamoa 8 ta o‘yin o‘tkazadi: 4 tasi o‘z maydonida, 4 tasi safarda.

Joriy mavsumdan e’tiboran bir jamoa bir raqib bilan ketma-ket uch mavsum davomida o‘z maydonida o‘ynashiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Umumiy bosqichning 1-turi uch kun — seshanba, chorshanba va payshanba (8-9-10-sentyabr) kunlariga taqsimlanadi. Qolgan turlar ikki kun davomida o‘tkaziladi. So‘nggi turda esa barcha uchrashuvlar bir vaqtda boshlanadi.

1-turni Abduqodir Husanov va «Manchester Siti» safarda «Portu»ga qarshi o‘tkazadi. Boshlanishi: bizning vaqt bilan 9 sentyabrga o‘tar kechasi soat 00:01 da.

Umarali Rahmonaliyev va «Sabah» esa Chempionlar ligasi umumiy bosqichidagi debyutida «Manchester Yunayted» maydonida sinovdan o‘tadi. Boshlanishi: bizning vaqt bilan 11-sentyabrga o‘tar kechasi soat 00:00 da.

Manba: UEFA



Source link

Continue Reading

Sport

Rossiyalik shaxmatchilar O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Olimpiadada qatnashmaydi

Published

on


Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) Prezident kengashi rossiyalik shaxmatchilarni Butunjahon shaxmat Olimpiadasida ishtirok etishiga ruxsat bermadi. Bu haqda Rossiya shaxmat federatsiyasi ijrochi direktori Aleksandr Tkachyov TASS agentligiga ma’lum qildi.

«Jahon shaxmat Olimpiadasida terma jamoalarimiz qatnashmaydi. Kengash ushbu qarorni FIDE prezidenti vazifasini bajaruvchi janob Vishvanatan Anandning tashabbusi bilan qabul qildi», — dedi Tkachyov.

Butunjahon shaxmat Olimpiadasi 16–27 sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.

2025 yilning dekabrida Xalqaro shaxmat federatsiyasi Bosh assambleyasi rossiyalik sportchilarga nisbatan cheklovlarni to‘liq va qisman bekor qilish uchun ovoz bergan edi. Rossiyalik shaxmatchilarning qaytishiga 61 delegat ovoz bergan, 51 delegat qarshi chiqqan.

Biroq 2026 yil yanvarda Buyuk Britaniya, Germaniya, Norvegiya, Estoniya va Ukraina shaxmat federatsiyalari FIDEning rossiyalik shaxmatchilarga nisbatan sanksiyalarni to‘liq bekor qilish haqidagi qaroriga e’tiroz bildirish niyatida ekani xabar qilindi. Shundan so‘ng, 2026 yil iyun oyida sanksiyalar qayta joriy etildi.

Avvalroq mazkur Olimpiadani Magnus Karlsen va yana bir qator shaxmat yulduzlari ham o‘tkazib yuborishi ma’lum bo‘lgandi.



Source link

Continue Reading

Sport

Krishtianu Ronaldu mavsum nihoyasida futbol bilan xayrlashishi mumkin

Published

on


Krishtianu Ronaldu joriy mavsum nihoyasida professional futboldagi faoliyatiga yakun yasashi mumkin. Bu haqda u Vogue jurnaliga intervyusida ma’lum qildi.

«Ehtimol, bu futboldagi so‘nggi yilim bo‘lishi mumkin, o‘zimdan ulkan meros qoldirishni istayman», — dedi Ronaldu.

Besh karra «Oltin to‘p» egasi ta’kidlashicha, bo‘sh vaqtini hordiq va sayohatlarga ajratmoqchi.

Krishtianu Ronaldu professional futbolga kirib kelganiga 25 yil bo‘ldi. Birinchi katta o‘yinini 2002-yil 14-avgustda Lissabonning «Sporting» klubi safida Milanning «Inter»iga qarshi o‘tkazgan.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.