Sport
JCh anonsi. Yamal Ronalduga, AQSh butun dunyoga qarshi
Tunda va tongda jahon chempionatida chorakfinalning yana ikki ishtirokchisi aniqlanadi.
7 iyulga o‘tar kechasi va tongda futbol bo‘yicha jahon chempionatida nimchorakfinal doirasida yana ikki uchrashuv o‘tkaziladi: dastlab Lamin Yamal boshchiligidagi ispan yulduzlari Krishtianu Ronaldu boshchiligidagi portugal yulduzlariga qarshi maydonga chiqadi. Tongda esa turnir mezbonlaridan so‘nggisi AQSh chorakfinal yo‘llanmasi uchun Belgiyaga qarshi to‘p suradi.
Portugaliya – Ispaniya
6 iyul, 00:00. AT&T Stadium, Arlington
Ishonch bilan aytish mumkinki, Iberiya derbisi 1/8 finaldagi eng yorqin afisha. Ko‘pchilik futbol muxlislari bu o‘yinga o‘tmish va kelajak to‘qnashuvi sifatida qarashi mumkin: faoliyatidagi so‘nggi yirik turnirni o‘tkazayotgan Krishtianu Ronaldu (u o‘yin arafasida jahon chempionatidan keyin milliy jamoa bilan xayrlashishini rasman tasdiqladi) hali katta turnirlari oldinda turgan Lamin Yamalga qarshi maydonga chiqadi. Lekin hozircha bu ikki futbolchi turnirni kuchli o‘tkazmayapti. 41 yoshli portugaliyalik uchta gol urdi, ammo shundan ikkitasi ancha kuchsiz raqib darvozasiga, uchinchisini – penaltidan. 18 yoshli ispaniyalik esa birgina gol bilan cheklandi – u turnir arafasida jarohat olgandi va hali eng yaxshi formasiga qaytmagan.
Shuning uchun bu o‘yin ikki superyulduz qarama-qarshiligidan kattaroq o‘lchamga ega. Ispaniya 1/8 finalga juda yaxshi holatda yetib keldi – asosiy futbolchilar sog‘ (faqat Niko Uilyams istisno), hujum chizig‘i vakillari o‘yindan o‘yinga ochilmoqda, qolaversa, 1/16 finalda Avstriyaga qarshi o‘yinda kuch tejash imkoni bo‘ldi – raqib jiddiy qarshilik ko‘rsatmadi va «Qizil furiya» o‘z imkoniyatlarining taxminan 70 foizi darajasida o‘ynadi. Endi esa jamoadan to‘liq kuchini ishga solish talab etiladi.
Portugaliya esa o‘zi istamagan holda turnir boshidan buyon o‘z imkoniyatlari darajasida o‘ynay olmayapti. Roberto Martines boshqaruvidagi jamoada barqarorlik yo‘q – portugallar goh dominant o‘yin qo‘yishmoqda, goh o‘yin tizginini qo‘ldan chiqarishmoqda va raqibga ko‘p imkon berib yubormoqda. Millatlar ligasi finalida Ispaniya va Portugaliya o‘rtasida teng kurash kechgandi – bu safar kuchlar nisbati qanday bo‘lishiga yaqin soatlar ichida javob topiladi. Ikki jamoa markazi ham o‘z avlodining eng kuchli vakillaridan tarkib topgani o‘yindagi intrigani oshiradi. Hozircha Rodri va Pedri bog‘lami Nevesh – Vitinya juftligidan yaxshiroq ko‘rinmoqda, ammo alohida o‘yinda barchasi o‘zgarib ketishi mumkin.
AQSh – Belgiya
7 iyul, 05:00. Lumen Field, Sietl
Turnir mezbonlaridan biri bo‘lgan AQSh milliy jamoasi guruh bosqichida betaraf muxlislarda yaxshi taassurot qoldirgan, Paragvay (4:1) hamda Avstraliya (2:0) bilan o‘yinlarda to‘liq ustunlikka erishib, guruh bosqichi masalasini muddatidan oldin hal etgandi. Pley-offda esa Bosniya va Hersogovina to‘sig‘idan o‘tildi (2:0).
Va Belgiya bilan hal qiluvchi o‘yindan oldin aynan bosniyaliklarga qarshi o‘yindagi epizod muhokamalar markaziga chiqdi. Amerika tomoni so‘rovi bilan FIFA o‘sha o‘yinda qizil kartochka olgan va Belgiyaga qarshi o‘ynamasligi kerak bo‘lgan Folarin Balogunning diskvalifikatsiyasi kechiktirildi.
Jamoalarning shu yil bahorida bo‘lib o‘tgan o‘rtoqlik uchrashuvida Yevropa vakillari 5:2 hisobida g‘alaba qozongan, lekin bunday uchrashuvga yondashuv rasmiy o‘yinlardagidan tubdan farq qilishi hisobga olinsa, bu natija amalda hech narsani anglatmaydi.
Mundial davomida Maurisio Pochettino jamoasi o‘yinning B va S rejalarga ham o‘ta oladigan taktik hameleon ekanini namoyish etdi; Belgiya o‘yini esa De Bryuyne, Trossar, Doku yoki Lukaku kabi futbolchilarining o‘yini chiqishiga bog‘liq.
Lekin mezbonlar jamoasi atrofidagi so‘nggi voqealar ichki muhitga ta’sir qilishi, futbolchilar bosim ostida qolishi mumkin, Belgiya esa endi butun dunyo bo‘ylab muxlislar qo‘lloviga ega bo‘lishi tayin.
Bu Belgiyaning «oltin avlodi» uchun so‘nggi turnirni munosib o‘tkazish yo‘lidagi navbatdagi imkon, AQSh esa maydon tashqarida bo‘layotgan turli gaplarga maydonda munosabat bildirishi talab etiladi. Ushbu juftlik g‘olibi chorakfinalda Ispaniya va Portugaliyadan biriga ro‘baru keladi.
Sport
Prezident shaxmatchilar haqida kitob va filmlar yaratilishiga ishonch bildirdi
Shavkat Mirziyoyev shaxmatchilar bilan uchrashuvda Javohir Sindorov, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidovning Olimpiadadagi o‘yinlarini alohida e’tirof etdi.
Prezident Javohir Sindorovga murojaat qilib, bir necha oy avval uning Nomzodlar turniridagi tarixiy g‘alabasi nishonlanganini esladi. Olimpiadada ham Javohir Sindorov sovuqqonlik va barqarorlik ko‘rsatib, kuchli raqiblar oldida ortga chekinmagani ta’kidlandi.
«Endi oldingda yana bir ulkan marra — jahon toji uchun bellashuv turibdi. Bugun ortingda nafaqat jamoadoshlaring va ustozlaring, balki qirq millionga yaqin O‘zbekiston xalqi turibdi. Biz senga ishonamiz!» — dedi davlat rahbari.
Yirik musobaqada ilk bor ishtirok etgan Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dextyarovni qora donalarda mag‘lub etdi.
Uning g‘alabasi jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni olib keldi. Prezident uning g‘ayrati va g‘alabalari muxlislar ko‘nglidan joy olganini ta’kidladi.
Shamsiddin Vohidov ham umumiy natijaga munosib hissa qo‘shdi. U amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi qora donalarda tengma-teng kurashib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.
Prezident oltin medal jamoaning har bir a’zosi mehnati va hissasi natijasi ekanini ta’kidladi.
«Bu oltin medalda jamoaning har bir a’zosining mashaqqatli mehnati va ulkan hissasi bor», — dedi Prezident.
Davlat rahbari shaxmatchilar haqida hali kitoblar yozilishi, filmlar yaratilishi va ularning o‘yin uslubi darsliklarga kirishiga ishonch bildirdi.
Sport
Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining uchta mintaqaviy filiali ochiladi
Yosh shaxmatchilarni tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish uchun Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Farg‘onada uchta mintaqaviy filiali tashkil etiladi. Akademiyada oliy toifali murabbiylarni tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.
FIDE reytingida 1 ming 500 dan yuqori ball to‘plagan shaxmatchilarning xususiy klublarda o‘qish xarajatlarining yarmi davlat tomonidan qoplanadi. Bu yosh iste’dodlarning tayyorgarligini davom ettirishiga qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Mamlakatimizda “O‘zbekiston Grand Chess” milliy brendi ostida xalqaro turnirlar muntazam o‘tkazib boriladi. Bu shaxmatchilarimizga kuchli raqiblar bilan o‘z yurtimizda bellashish imkonini beradi.
Prezidentimiz Yangi Toshkentda 500 kishilik o‘yin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etishni taklif qildi.
Sport
O‘zbekiston Osiyo o‘yinlari turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarildi
O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyadagi Osiyo o‘yinlarining bugungi kunini oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritish bilan boshladi.
Shahriyor Mahkamov baydarkachilar o‘rtasida 500 metr masofaga kechgan yakkalik poygalarida marrani birinchi bo‘lib zabt etib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.
Terma jamoamizning yana bir a’zosi Arina Tanatmisheva esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. U 500 metr masofaga kechgan yakkalik dasturida marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi.
Shuningdek, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zolari Vladlen Denisov hamda Nilufar Zokirova juftligi kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Hozirgacha o‘tkazilgan musobaqalardan so‘ng, O‘zbekiston delegatsiyasi turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Jami 34 ta medal qo‘lga kiritildi: 8 ta — oltin, 17 ta — kumush, 9 ta — bronza.
Aichi-Nagoya-2026 musobaqalarida medallar jamg‘arish bo‘yicha Xitoy peshqadamlik qilmoqda, Yaponiya — ikkinchi, Janubiy Koreya — uchinchi o‘rinda.
Sport
O‘zbekiston U-23 yarim finalda Yaponiyaga qarshi o‘ynaydi
O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Osiyo o‘yinlari yarim finalidagi raqibi ma’lum bo‘ldi.
Chorak finalda Yaponiya terma jamoasi KXDRni 1:0 hisobida mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi.
Shu tariqa, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi final yo‘llanmasi uchun musobaqa mezboni Yaponiyaga qarshi maydonga tushadi.
Uchrashuv 30-sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:30 da “Nagai” stadionida boshlanadi.
Sport
O‘zbekiston shaxmatchilari Armanistonni mag‘lub etib, yetakchilikni saqlab qoldi
Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 10-turi O‘zbekistonning birinchi jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev va Muhiddin Madaminov ishtirok etgan O‘zbekiston-1 jamoasi Armanistonni mag‘lub etdi.
Abdusattorov, Sindarov va Madaminov o‘z raqiblaridan ustun keldi. Shu tariqa, O‘zbekiston-1 jamoasi 18 ochko bilan musobaqada yetakchilikni saqlab qoldi.
O‘zbekiston-2 jamoasi Hindistonga imkoniyatni boy berdi. O‘zbekiston-3 esa Isroilga qarshi keskin bahsda kichik hisobda mag‘lub bo‘ldi.
Xotin-qizlar o‘rtasidagi 10-turda O‘zbekiston-1 jamoasi Peru vakillarini yirik hisobda mag‘lub etdi.
27-sentyabr kuni Olimpiadaning so‘nggi — 11-tur bahslari o‘tkaziladi. Uning yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindor jamoalar aniqlanadi.
-
Iqtisodiyot4 days ago
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
-
Jamiyat3 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot16 hours ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Jamiyat12 hours ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat11 hours ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
