Connect with us

Sport

tashkilot amerikalik futbolchining diskvalifikatsiyasini to‘xtatdi

Published

on


Bu qaror Oq uydan bo‘lgan qo‘ng‘iroqdan keyin qabul qilingani aytilmoqda. Tramp bu qarorni olqishladi.

Foto: Getty Images/«Chempionat»

AQSh milliy jamoasi hujumchisi Folarin Balogun jahon chempionati 1/8 final bosqichida Belgiyaga qarshi o‘yinni o‘tkazib yuborishi kerak edi – u jamoasining oldingi o‘yinida qizil kartochka olgandi. Ammo FIFA ushbu futbolchining diskvalifikatsiyasini bir yillik sinov muddati bilan to‘xtatib turadigan bo‘ldi. Qo‘shma Shtatlar prezidenti Donald Tramp bu qaror uchun tashkilotni maqtadi va minnatdorchilik bildirdi.

Nimalar ma’lum?

25 yoshli hujumchi 1/16 finalda Bosniya va Hersegovina darvozasiga gol urib, hisobni ochgan, ammo ikkinchi bo‘lim davomida raqib himoyachisi Tarik Muxaremovich bilan to‘qnashgandi – amerikalik futbolchi raqib oyog‘ining to‘piq qismiga zarba berib yuborgandi. Avvaliga bosh hakam Rafael Klaus epizodni e’tiborsiz qoldirgan, ammo VAR aralashuvidan keyin Folaringa «jiddiy qoidabuzarlik» uchun qizil kartochka ko‘rsatgandi.

FIFA turniri reglamentining 10.5-moddasiga ko‘ra, to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil kartochka avtomatik ravishda bir o‘yinga diskvalifikatsiyaga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, futbolchiga qo‘shimcha sanksiyalar qo‘llanishi ham mumkin edi (masalan, shu turnirda Kanada yarimhimoyachisi Ismoil Konening oyog‘ini sindirib yuborgan qatarlik himoyachi Assim Madiboga keyinchalik 5 o‘yinlik diskvalifikatsiya qo‘llandi).

Balogun bilan bog‘liq vaziyatda esa FIFA intizomiy kodeksning 27-moddasini ishga tushirgan, unga ko‘ra «sud organi choralarni qo‘llashni to‘liq yoki qisman to‘xtatib turish to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin».

«AQSh milliy jamoasi futbolchisi Folarin Balogunning diskvalifikatsiyasi bir yillik sinov muddatiga to‘xtatiladi», – deyilgan FIFAning 5 iyul kungi bayonotida.

Nizomga ko‘ra, bir yil ichida futbolchi intizomiy qoidabuzarlik sodir etadigan bo‘lsa, diskvalifikatsiya avtomatik tarzda tiklanadi va qo‘shimcha jazo ham qo‘llanishi mumkin.

«FIFA bu moddani juda kam holatlarda qo‘llaydi. Sanksiyani to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qaror ishning aniq holatlarini hisobga olgan holda, qoidabuzarlik juda jiddiy bo‘lmasa va intizomiy qo‘mita futbolchini chetlatish zarur emas degan xulosaga kelganda qabul qilinadi. Ushbu holatda qaror yakuniy hisoblanadi», – degan «SE» nashri sport huquqshunosi Yuriy Zaytsev..

Endi Balogun rasman bugun tunda 1/8 final doirasida Belgiyaga qarshi kechadigan o‘yinda maydonga tushishi mumkin. Tabiiyki, amerikaliklarning raqibi bu qarordan norozi bo‘lishdi.

«Belgiya qirolligi futbol assotsiatsiyasi (RBFA) FIFA qaroridan hayratda […] Barcha ishtirokchi jamoalarning qonuniy huquqlarini himoya qilish va ushbu jahon chempionatida ham, kelgusidagi turnirlarda ham sportimizda halol o‘yinning asosiy tamoyillarini saqlab qolish uchun RBFA keyingi harakatlarning barcha ehtimoliy variantlarini o‘rganib chiqmoqda», – deyiladi bayonotda.

Vashingtondan qo‘ng‘iroq

Britaniyalik nufuzli jurnalist Ben Jyeykobsning xabar berishicha, Balogunning diskvalifikatsiyasi Oq uydan bo‘lgan qo‘ng‘iroqdan keyin to‘xtatilgan. Uning ma’lumotiga ko‘ra, AQSh ma’muriyati qaror qayta ko‘rib chiqilishini so‘rab, to‘g‘ridan to‘g‘ri FIFA prezidenti Janni Infantinoga murojaat qilgan. Ammo federatsiyadagilar Vashingtonning ishtirokini rad etishdi va mustaqil intizomiy qo‘mita shunday xulosa chiqarganini bildirishdi.

Futbolchiga nisbatan sanksiya bekor bo‘lgani haqidagi xabar ortidan AQSh prezidenti Donald Tramp ijtimoiy tarmoqda qisqacha xabar qoldirdi.

«To‘g‘ri qaror uchun FIFAga rahmat. Katta adolatsizlik tuzatildi!» – deya yozgan Qo‘shma Shtatlar rahbari.

AQSh futbol federatsiyasi ham diskvalifikatsiya to‘xtatilganini olqishlagan. «Biz intizomiy qo‘mita qarorini qabul qilamiz va Balogunning ertaga o‘ynash huquqiga ega ekanidan xursandmiz», – deya U.S. Soccer bayonotidan iqtibos keltiradi Jyeykobs.

AQShdagilar qizilga norozilik bildirgandi

Diskvalifikatsiya bekor qilinishi Qo‘shma Shtatlar jamoasi uchun katta yutuq bo‘ldi. Balogun – jamoaning asosiy yulduzlaridan biri hisoblanadi. Ushbu hujumchi jahon chempionatidagi deyarli barcha o‘yinlarda boshlang‘ich tarkibdan o‘rin olgandi (guruh bosqichining so‘nggi turida natijasi ahamiyatsiz bo‘lgan Turkiyaga qarshi o‘yin bundan mustasno), Paragvay bilan o‘yinda dubl qayd etgan, Avstraliya bilan o‘yinda golli pas bergan, Bosniya va Hersegovinaga qarshi o‘yinda chetlatilishidan oldin hisobni ochishga ulgurgandi.

Balogunning qizil kartochkasiga o‘sha vaqtdayoq Amerika tomonidan jiddiy e’tirozlar bildirilgandi. O‘yindan keyin nafaqat muxlislar va bosh murabbiy Maurisio Pochettino, balki AQSh davlat kotibi Marko Rubio ham o‘z noroziligini bildirib, amerikaliklar jamoasi o‘yinida «nohaq hakamlik» qilinganini aytgandi.

Futbolchi ham o‘z harakati qizil kartochkaga loyiq bo‘lmaganini aytib chiqqandi. «Oyog‘imni qo‘yishga joy yo‘q edi, shuning uchun bunday kontakt bo‘lishi muqarrar edi. Men ko‘plab turli xil fikrlar va nuqtayi nazarlarni ko‘rdim, lekin shaxsan men sariq kartochka bilan cheklanish to‘g‘ri qaror bo‘lardi, deb hisoblayman», – deya Balogunning so‘zlarini keltirgan ESPN.

Bundan tashqari, mahalliy nashrlar guruh bosqichida Jazoirga qarshi o‘yinda Argentina milliy jamoasi sardori Lionel Messiga xuddi shu kabi qo‘pollik uchun sariq kartochka ko‘rsatilmaganiga ham e’tibor qaratishdi. Endi ushbu futbolchilar bir xil holatda. Amerikalik futbolchining diskvalifikatsiyasi to‘xtatildi.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Sport

Tramp Infantinodan Balogunga jazoni bekor qilishni so‘raganini tan oldi

Published

on


Uning iqrori FIFA rahbarini noqulay ahvolda qoldirdi.

AQSh prezidenti Donald Tramp FIFAdan mamlakat milliy jamoasi hujumchisi Folarin Balogunning qizil kartochkasini bekor qilishni so‘raganini rasman tan oldi. Avvalroq Xalqaro futbol federatsiyasi shov-shuvli tarzda ushbu amerikalik futbolchining diskvalifikatsiyasini bir yilga kechiktirgandi va unga Belgiyaga qarshi o‘yinda qatnashish imkonini bergandi.

Prezidentning samimiy iqrori

Tramp 6 iyul kuni Oq uyda jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida jahon chempionatidagi so‘nggi shov-shuvli voqealar yuzasidan bayonot berdi. Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, turnir 1/16 finalida Bosniya va Hersegovinaga qarshi kechgan o‘yinda (2:0) Balogunni chetlatish uchun hech qanday sabab bo‘lmagan.

«Men epizodni ko‘rdim. O‘zim yaxshi sportchi bo‘lganman, sportni yoqtiraman va uni juda yaxshi tushunaman. U yerda fol yo‘q edi. Shunchaki ikki baquvvat yigit katta tezlikda yugurayotib, o‘zaro to‘qnashib ketgan. Bu hakam esa… uning tarixini surishtiradigan bo‘lsak, savollar tug‘iladi. Bilasizmi, men mojaro keltirib chiqarishni yoqtirmayman, ammo u juda shubhali. U shunday qarorlar chiqarganki, hech kim ishonmagan. Hatto raqib jamoalar ham hayron bo‘lishgan», – dedi Tramp.

U sportdan xabardor ekanini aytganiga qaramay, futboldagi qoidalarni yaxshi tushunmasligini ko‘rsatib qo‘ydi.

«Ular bu vaziyatni sekinlashtirilgan kadrda qayta ko‘rib chiqmasligi kerak edi. Chunki u yerda barchasi boshqacha ko‘rinadi. Oddiy tezlikda qaraganda esa ikki yigit shunchaki to‘qnashib ketganini ko‘rish mumkin.

Balogun hech qanday yomon ish qilmadi. U – bizning eng yaxshi, juda muhim futbolchilarimizdan. Ular esa unga qizil kartochka ko‘rsatdi…

Men qizil kartochka nimaligini ham bilmasdim. Buni unchalik muhim emas deb o‘ylagandim. Keyin esa menga u keyingi o‘yinda qatnasha olmasligini aytishdi… Bu adolatsizlik bo‘lgan bo‘lardi. Eng yaxshi futbolchingdan o‘yin vaqtida ayrilish, kimnidir o‘yin davomida jazolash – boshqa ish. Ammo hali o‘ynalmagan o‘yin uchun jazolash – haddan tashqari adolatsizlik, bunday qilib bo‘lmaydi», – deya qayd etgan prezident.

Shundan keyin Tramp chindan ham FIFA prezidenti Janni Infantinoga qo‘ng‘iroq qilib, Balogunning diskvalifikatsiyasini bekor qilishni so‘raganini tan oldi.

«Shuning uchun, ha, men FIFAdan bu qarorni qayta ko‘rib chiqishni so‘radim. Men o‘zim juda hurmat qiladigan odam bilan gaplashdim. Darvoqe, uni endi yanada ko‘proq hurmat qila boshladim. Uni bungacha ham hurmat qilardim, endi esa o‘n karra ko‘proq hurmat qilaman. U AQShda jahon chempionatini o‘tkazish uchun juda ko‘p ish qildi.

Umuman olganda, bu yerda jahon chempionati mening sharofatim bilan o‘tkazilmoqda, Bayden tufayli emas. U vaqtda Bayden uxlayotgandi», – deya qo‘shimcha qilgan Tramp.

«Men FIFA adolatiga ishonaman»

So‘nggi kun davomida butun dunyo bo‘ylab tanqidga uchragan va iste’fosi talab qilingan Infantinoning o‘zi uchun esa Trampning iqrori yoqimsiz syurpriz bo‘ldi. Shuning uchun FIFA rahbari o‘zini oqlashga shoshilib, rasmiy murojaatini e’lon qildi. Futbol mulozimi AQSh prezidenti bilan gaplashganini tan olgan, ammo bu odatiy amaliyot ekanini va lobbizm bo‘yicha hech qanday shubha bo‘lmasligi kerakligini qayd etgan.

«Ha, men futbol bo‘yicha jahon chempionati bilan bog‘liq masalalarni muntazam ravishda Qo‘shma Shtatlar prezidenti bilan muhokama qilaman, chindan ham u menga qo‘ng‘iroq qildi. Menga dunyodan davlat rahbarlari, hukumat amaldorlari, futbol arboblari va biznes rahbarlaridan turli masalalar bo‘yicha shunday qo‘ng‘iroqlar bo‘lyapti. Suhbat davomida men FIFAning mustaqil sud organlari ishtirokida yuridik jarayon ketayotgani va bu masala vakolatli organlar tomonidan belgilangan tartibda hal etilishini tushuntirdim. FIFA tizimi shunday ishlaydi va bu men doimo amal qiladigan tamoyildir», – deydi Infantino.

FIFA prezidenti tashkilotning bunday masalalar bo‘yicha qarorlariga ta’sir ko‘rsata olmasligini va Balogunning qizil kartochkasi bekor qilinganidan boshqalar bilan bir vaqtda xabar topganini qo‘shimcha qilgan.

«FIFA sud organlari mustaqil. Ular mustaqil ravishda harakat qiladi, FIFA Intizom kodeksini qo‘llagan holda qoidalar va har bir ishning o‘ziga xos holatlarini inobatga olib, qaror qabul qilishadi. Ularning mustaqilligi futbolga ishonch va uning halolligi uchun juda muhimdir va bu har doim hurmat qilinishi kerak. Men FIFA intizomiy qo‘mitasi qarorlarini ular e’lon qilinganda o‘qiyman. Ba’zan ular meni ham hayratga soladi. Ba’zan ularga qo‘shilaman, ba’zan esa – yo‘q. Ammo men ularni va ularni qabul qiluvchi organlarning avtonomiyasini doimo hurmat qilaman. Bizga bu qaror yoqadimi yoki yo‘qmi – buning ahamiyati yo‘q», – degan Infantino.

Eslatib o‘tamiz, 6 iyul kuni Xalqaro futbol federatsiyasi jahon chempionati 1/16 finalida Bosniya va Hersegovinaga qarshi o‘yinda (2:0) qizil kartochka olgan Balogunning diskvalifikatsiyasini amalda bekor qildi (futbolchiga bir yil sinov muddati berildi, u shu vaqt ichida yana intizomiy qoidabuzarlik qiladigan bo‘lsa, jazo qo‘llanadi). Natijada amerikalik hujumchi 1/8 finalda Belgiyaga qarshi o‘ynaydigan bo‘ldi, holbuki reglament bo‘yicha u kamida ikki o‘yindan chetlatilishi ko‘zda tutilgandi. Tunda bo‘lib o‘tgan o‘yinda u maydonga tushdi va 90 daqiqa o‘ynadi, uch bor zarba berib, gol ura olmadi, AQSh esa yirik hisobda (1:4) yutqazdi.



Source link

Continue Reading

Sport

JCh kundaligi. Ronaldu yana yig‘ladi, AQSh 4 ta gol o‘tkazdi

Published

on


AQShga esa katta shov-shuv ko‘tarib, o‘yinga tushirilgan Balogun ham yordam bera olmadi.

Ronaldu baribir jahon chempionatini zabt etolmadi

Portugaliya – Ispaniya 0:1

Gol: Merino, 90+1 (0:1)

Portugaliya: Koshta, Ruben Diash, Veyga, Nunu Mendesh (Semedu, 56), Joau Kanselu (Dalot, 71), Joau Nevesh, Vitinya (Bernardu Silva, 83), Brunu Fernandesh, Joau Feliks (Leau, 71), Pedru Netu (Konseysau, 83), Krishtianu Ronaldu

Ispaniya: Simon, Lyaport, Kubarsi, Kukurelya, Porro, Rodri, Pedri (Merino, 85), Olmo (Ruis, 85), Baena (Torres, 75), Yamal, Oyyarsabal (Iglesias, 90)

Ogohlantirishlar: Bernardu Silva, 89. Veyga, 90 – Torres, 90

Portugaliya 1/8 finalda Ispaniyaga qarshi o‘yinning qo‘shimcha daqiqalarida gol o‘tkazib, jahon chempionatini tark etdi. Bu Krishtianu Ronaldu uchun milliy jamoa safidagi oxirgi o‘yin bo‘lib qoldi.

O‘yinning ilk daqiqalarida – maydon markazi uchun kurash kechdi. Portugaliya maydon markazini Ispaniyaga boy bermadi. Yamal o‘yin debyutida Mendesh bosimi ostida bir necha bor oddiy vaziyatlarda to‘p yo‘qotdi. Shunga qaramay, o‘yindagi ilk xavfli vaziyat aynan ispanlarda yuzaga keldi. Sakkizinchi daqiqada Olmo chiziqlar orasini kesib o‘tuvchi pasi bilan Oyarsabalni yakkama-yakka vaziyatga chiqarib yubordi, ammo hujumchi shoshib qoldi va yaqin masofadan turib, xato zarba berdi.

Ko‘p o‘tmay Roberto Martines shogirdlari Ronalduni zarbdor pozitsiyaga chiqarish yo‘llarini izlay boshlashdi. Standart vaziyatlardan biri ijro etilganida Krishtianu Rodri bilan kontaktdan keyin jarima maydonida yiqildi. Ammo angliyalik hakam Teylor bu epizod folga tortmaydi, deb hisobladi. Keyin esa Portugaliya sardori o‘ng qanotda yaxshi ochildi va uzatmani qabul qilib, yaqin burchakka zarba berdi – ispanlar darvozaboni ishonchli harakat qildi.

Keyin esa seyv qilish navbati Diogu Koshtaga keldi: u Lamin Yamalning o‘z uslubida yo‘llagan aylanma zarbasini ham, qaytgan to‘pga Baena tomonidan berilgan ikkinchi zarbani ham qaytardi.

Bo‘lim oxirlarida esa tashabbus portugallar qo‘liga o‘tdi va Simon ham ikkitalik seyv amalga oshirdi: u avvaliga Felishning boshda yo‘llagan zarbasini, keyin Ronaldu akrobatik holatda yo‘llagan zarbani bartaraf etdi. 41-daqiqada Portugaliya bu safargi mundialda yana bir marta standart vaziyatni ayyorona ijro etdi. Mendesh olis burchakka kuchli zarba berdi, ammo to‘p Porroning boshiga tegdi va yo‘nalishini o‘zgartirib, to‘singa bordi.

Tanaffusdan keyin ham o‘yin qarama-qarshi kurslarda kechdi. Mendesh Yamalni zararsizlantirishda davom etdi, ammo 50-daqiqada amalda o‘yin natijasiga ta’sir ko‘rsatgan epizod sodir bo‘ldi. Lamin navbatdagi marta portugallar jarima maydoniga yorib kirdi, uni qarshi olgan Mendesh xavfni bartaraf etdi, ammo shu vaziyatda jarohat olib, o‘yinni davom ettira olmaydigan bo‘ldi.

Shundan keyin portugallar Yamalni ikki kishi bo‘lib qo‘riqlay boshladi, bu esa boshqalarning imkoniyatini yaxshiladi.

O‘yinning so‘nggi qismida futbolchilar charchab qolishdi va  murabbiylar shaxmat o‘ynashga kirishdi. De la Fuente Pedrini, Martines esa Vitinyani maydondan olishiga to‘g‘ri keldi.

O‘yin overtaymga qarab keta boshladi. Ammo o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalar boshlanganida portugallar konsentratsiyani yo‘qotishdi. Portugallar safida zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Bernardu Silva keraksiz vaziyatda Mikel Merinoga fol ishlatdi, ispanlar to‘pni tezda o‘yinga kiritib yuborishdi va kombinatsiya yakunida «Arsenal» yarimhimoyachisi darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib borib, g‘alaba golini urdi.

Portugallar qolgan daqiqalarni to‘liq hujumda o‘tkazishdi, ammo mag‘lubiyatdan qutulib qola olishmadi.

Yevropa chempionlari jahon chempioni bo‘lish yo‘lidagi yurishini davom ettirdi. Ronaldu uchun esa jahon chempioni bo‘lish armon bo‘lib qoladigan bo‘ldi.

Belgiya AQShni jazoladi

AQSh – Belgiya 1:4

Gollar: De Ketelare, 9 (0:1). Tillman, 31 (1:1). De Ketelare, 33 (1:2). Vanaken, 57 (1:3). Lukaku, 90+3 (1:4)

AQSh: Friz, Richards, Rim, Robinson (Arfsten, 90+2), Frimen, Adams (Pepi, 72), Tillman, Makkenni, Pulishich (Berhalter, 59), Dest (Reyna, 46), Balogun (Rayt, 90+2)

Belgiya: Kurtua, Mehele, Ngoy, De Kyuyper, Kastan, Raskin (Vitsel, 89), Onana (Vanaken, 21), Tilemans, Trossar (Salemakers, 89), Lukebakio (Lukaku, 67), De Ketelare (Doku, 67)

Ogohlantirishlar: Makkenni, 35. Tillman, 69

AQSh va Belgiya milliy jamoalari o‘zaro o‘yinda chorakfinalda Ispaniyaga kim raqib bo‘lishiga oydinlik kiritishdi. Yakunda turnir mezbonlari yirik hisobda mag‘lub bo‘lishdi.

Aytish mumkinki, o‘yin oldidan bo‘lib o‘tgan voqealar Belgiya futbolchilarini yanada jipslashtirdi (FIFA Trampning so‘rovi bilan Folarin Balogunning diskvalifikatsiyasini kechiktirgan, Belgiya tomonining e’tirozi esa qanoatlantirilmagandi).

O‘yin boshlanishi arafasida jamoa sardori Romelu Lukaku butun jamoani bitta joyga yig‘di va ehtirosli nutq so‘zladi. Va «qizil iblislar» ilk daqiqalardan raqibni yanchib tashlash uchun oldinga tashlanishdi – yevropaliklar bu turnir boshidan buyon bu qadar jahldor ko‘rinishmagandi. Amerikaliklar darvozaboni Metyu Friz birinchi daqiqadayoq qahramonlik ko‘rsatib, Timoti Kastanning yuqori burchakka yo‘llagan zarbasini qaytarishiga to‘g‘ri keldi. Ammo u uzoq dosh berolmadi va Sharl De Ketelare 9-daqiqada baribir hisob ochdi. 

Mezbonlar esa maydonda umuman yo‘qolib qolishdi. Muxlislar Jyessi Marsh shogirdlarini bu turnirda hali bu qadar ilojsiz va parokanda holda ko‘rishmagandi. Va faqat suv ichish uchun qilingan tanaffusdagina Maurisio Pochettino shogirdlarini o‘ziga keltira oldi va ko‘p o‘tmay hisob tenglashdi. Bu vaziyatda Malik Tillmanning zarbasidan keyin to‘p raqib futbolchisiga tekkan holda yo‘nalishni o‘zgartirishi amerikaliklarga qo‘l keldi.

Ammo Belgiya o‘tkazib yuborilgan golni his qilmadi. Jamoa to‘p maydon markaziga keltirilishi bilan yana oldinga yugurdi va hisobda yana oldinga chiqib oldi – De Ketelare bu safar Leandro Trossarning qanotdan uzatmasini golga aylantirdi. Birinchi bo‘lim statistikasi maydondagi vaziyatni yaqqol ifodalardi: zabalar soni – 11:3, darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan zarbalar soni – 5:1, xG – 1,90 ga 0,42. Barchasi Belgiya foydasiga.

Birinchi bo‘lim oxiri va ikkinchi bo‘lim boshini AQSh nisbatan yaxshi o‘tkazdi, ammo 57-daqiqadagi halokatli xato o‘yin taqdirini hal qildi. Darvozabon Friz himoyachilarga yordam berish uchun jarima maydonini tashlab chiqdi, ammo to‘pdan o‘z vaqtida qutulish o‘rniga sustkashlik qildi va uni Vanakenga sovg‘a qildi – belgiyaliklar yarimhimoyachisi esa osonlik bilan bo‘sh darvozani ishg‘ol etdi. Amerikaliklar sardori Tim Rim zarbani to‘sishi mumkin edi, ammo to‘p yo‘liga oyog‘ini to‘g‘ri qo‘ya olmadi.

Biroz o‘tib mezbonlar yetakchisi Kristian Pulishich jarohat olib maydonni tark etdi. Qolgan daqiqalarda amerikaliklar javob golini urishga qattiq harakat qilishdi, ammo o‘yin yirik hisobda yakunlandi. Romelu Lukaku bu safar ham zaxiradan o‘yinga qo‘shilib, o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi va jahon chempionatida to‘rtta o‘yinda joker sifatida gol urgan ilk futbolchiga aylandi.

Endi «qizil iblislar» 10 iyul kuni chorakfinal doirasida Ispaniyaga qarshi maydonga tushadi.



Source link

Continue Reading

Sport

«Portugaliyaga uchta sovrin olib keldim»

Published

on


Portugaliya terma jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronaldu milliy jamoadagi faoliyatiga baho berib, mamlakat uchun uchta yirik xalqaro sovrinni qo‘lga kiritganidan faxrlanishini ta’kidladi.

Foto: Getty Images / 2025

2026 yilgi jahon chempionatining 1/8 finalida Ispaniyaga 0:1 hisobida mag‘lub bo‘lib, musobaqani tark etgan Portugaliya terma jamoasi sardori Krishtianu Ronaldu o‘z faoliyati yuzasidan fikr bildirdi.

«Men bor kuchimni berdim. Portugaliyaga uchta sovrin olib keldim, mengacha esa mamlakatda birorta ham xalqaro sovrin yo‘q edi. Men bundan baxtliman.

Yevro–2016 — terma jamoa tarixidagi eng muhim sovrin. Men uchun uning qadri, aslida, jahon chempionligi bilan teng», — dedi Ronaldu.

Ronaldu Portugaliya safida 2016 yilgi Yevropa chempionatida g‘olib chiqqan. Shuningdek, u terma jamoa bilan ikki marta UYeFA Millatlar ligasi bosh sovrinini ham qo‘lga kiritgan.

41 yoshli hujumchi Portugaliya terma jamoasi safida 233 ta uchrashuvda maydonga tushib, 146 ta gol va 46 ta golli uzatma muallifi bo‘lgan. U milliy jamoalar tarixida eng ko‘p gol urgan futbolchi hisoblanadi.





Source link

Continue Reading

Sport

2030-yilgi Jahon chempionati ilk bor uch qit’ada o‘tkaziladi

Published

on


Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) 2030-yilda o‘tkaziladigan futbol bo‘yicha Jahon chempionati mezbonlarini rasman tasdiqladi.

Unga ko‘ra, navbatdagi Jahon chempionati tarixdagi eng noodatiy musobaqalardan biri bo‘ladi. Turnirning asosiy bahslariga Ispaniya, Portugaliya va Marokash mezbonlik qiladi.

Musobaqaning 100 yilligi munosabati bilan ilk uchrashuvlar esa Urugvay, Argentina va Paragvayda o‘tkaziladi. Bu mamlakatlar 1930-yilgi ilk Jahon chempionatiga hurmat ramzi sifatida tanlangan.

Shu tariqa, 2030-yilgi mundial ilk bor uch qit’a va olti mamlakat hududida o‘tkaziladi. Turnirda 48 ta terma jamoa ishtirok etishi rejalashtirilgan.



Source link

Continue Reading

Sport

Nodirbek Abdusattorov nufuzli shaxmat turnirida kumush medalni qo‘lga kiritdi

Published

on


O‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov Xorvatiya poytaxti Zagreb shahrida bo‘lib o‘tgan nufuzli «Grand Chess Tour 2026» musobaqasining uchinchi bosqichi – «Super Rapid and Blitz Croatia» turnirida kumush medalni qo‘lga kiritdi.

1–5 iyul kunlari o‘tkazilgan musobaqada dunyoning eng kuchli 10 nafar grossmeysteri ishtirok etdi. O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Nodirbek Abdusattorov rapid va blits bahslari yakunlariga ko‘ra 23,5 ochko to‘plab, Fransiya vakili Alireza Firuzja bilan bir xil natija qayd etdi.

G‘olibni aniqlash uchun tay-breyk o‘yinlari tashkil etildi. Ikki partiya 1:1 hisobida yakunlangach, armegeddon bahsida Alireza Firuzja g‘alaba qozonib, chempionlikni qo‘lga kiritdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra:


Alireza Firuzja (Fransiya)
Nodirbek Abdusattorov (O‘zbekiston)
Maksim Vashe-Lagrav (Fransiya)

Turnirni ikkinchi o‘rinda yakunlagan hamyurtimiz 42,5 ming AQSh dollari miqdoridagi mukofotga sazovor bo‘ldi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.