Connect with us

Sport

JCh anonsi. Holand Keynga qarshi, Argentinada ilk jiddiy raqib

Published

on


Braziliyani turnirdan chiqarib yuborgan skandinavlar turnir g‘olibligi uchun favoritlardan biriga ham muammo tug‘dira oladimi? Kabo-Verde va Misr kabi kamtarona raqiblarga qarshi o‘yinlarda ham qiynalgan Argentina ustozi Yevropa jamoasiga qarshi o‘yin uchun yangi narsa o‘ylab topadimi?

Foto: Global Look Press, Getty Images

Bugun tunda jahon chempionatida chorakfinal bosqichi yakunlanadi. Dastlab Harri Keyn boshchiligidagi Angliya va turnir kashfiyotiga aylangan Norvegiyaga qarshi bahs olib boradi, tunda amaldagi chempion Argentina Shveytsariyaga qarshi o‘ynaydi. Ushbu juftlik g‘oliblari yarimfinalda o‘zaro raqib bo‘ladi.

Norvegiya – Angliya

12 iyul, 02:00. Hard Rock Stadium (Mayami)

Turnir startida ko‘pchilik Norvegiyani bir futbolchiga tayanib qolgan jamoa sifatida ko‘rayotgandi. Ammo guruh bosqichi va pley-offdagi dastlabki o‘yinlar Stole Solbakken yaxshi jamoa shakllantirganini ko‘rsatdi. Turnir davomida norveglarga munosabat o‘zgarib bordi. Braziliya ustidan qozonilgan g‘alabadan keyin esa shu qadar ishonchli chiqdiki, Erling Holand ikki gol urgan bo‘lsa-da, bu g‘alaba birgina uning dahosi mahsuli emasdi. Bu o‘yinda jamoa tarkibidagi barcha futbolchilar yaxshi taassurot qoldirishdi. Skandinavlar o‘shanda o‘yin borasida ham ustunlik qildi va nomdor raqibni faqat qarshi hujumlarga tayanishga majbur qildi, o‘z imkoniyatlaridan esa sovuqqonlik bilan foydalandi, bunga parallel ravishda brazillarning asosiy futbolchisi Vinisius to‘liq zararsizlantirildi.

Stole Solbakken o‘yin yakunlanganidan keyingi intervyusida Norvegiya avvalboshdan to‘pga egalik qilish va o‘yinni nazorat qilish uchun maydonga tushganini aytib o‘tdi. Amalda ham jamoa markaziy himoyachilar orqali hujum boshladi va uzoq vaqt bosim ostida to‘pga egalik qilishdan cho‘chimadi. Shuning uchun navbatdagi o‘yinda kim birinchi raqam ostida o‘ynashini oldindan aytib bo‘lmaydi. Qog‘ozda Angliya favorit, ammo Norvegiya amalda buni yo‘qqa chiqara olish salohiyatiga ega.

O‘yinga ko‘pchilik Holand va Keyn dueli prizmasi orqali ham qaramoqda. Ikki forvard ham turnirni yuqori darajada o‘tkazmoqda: Erling to‘rt o‘yinda 7 gol urib tashladi, Harrining hisobida 6 ta gol bor. Sayyoraning ayni vaqtdagi eng kuchli hujumchilarining to‘qnashuvini kuzatish qiziq, ammo o‘yin faqat ularning qarama-qarshiligidan iborat emas.

Angliyaning hozirgi avlodi so‘nggi ikki Yevropa chempionatida finalga chiqqan, 4 yil oldingi jahon chempionatida bo‘lajak finalchilar Fransiyaga yutqazib, turnirni tark etgandi. Bu safar Tomas Tuxel jamoasi o‘z oldiga mundialda yuqori natijalarga erishishni ko‘zlagan va chorakfinalda to‘xtamoqchi emas. Inglizlar deyarli har bir o‘yinda matonat ko‘rsatishiga to‘g‘ri kelmoqda (guruhda Xorvatiya, pley-offda Kongo DR va Meksika bilan o‘yinlar juda qiyin kechdi). Bu o‘yinlarda himoya chizig‘iga savollar tug‘ilgan bo‘lsa-da, jamoa tonusni saqlab qolmoqda.

Norvegiyaga qarshi o‘yin oldidan esa o‘ng qanot himoyasida muammolar yuzaga kelgan: bu qanot uchun asosiy nomzod hisoblangan Jyeyms jarohatlandi, uning o‘rnini egallagan Spensda ham muammo paydo bo‘ldi, uchinchi nomzod hisoblangan Kuansa esa Meksika bilan o‘yinda qizil kartochka olib, ikki o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi. Tomas Tuhel endi bu pozitsiyani tayanch yarimhimoyachilaridan biri bilan yopishgacha bo‘lgan radikal choralarga qo‘l urishga majbur bo‘lishi mumkin.

U Norvegiyaga qarshi o‘yin uchun birinchi galda Holandni jamoadoshlaridan uzib qo‘yishga qaratilgan reja tayyorlagani tayin, buning uchun birdaniga ikki yarimhimoyachi ushbu hujumchiga uzatmalar yo‘lini to‘sishga jalb etilishi kerak bo‘ladi. Ammo Erling butun o‘yin davomida payt poylab yurib, kutilmaganda portlashi va darvozani ishg‘ol qilishi mumkin. Shuning uchun inglizlar jamoasi himoyachilaridan hushyorlikni bir soniyaga bo‘lsa-da yo‘qotmaslik talab etiladi.

Argentina – Shveytsariya

12 iyul, 06:00. Arrowhead Stadium (Kanzas-Siti)

Ko‘pchilik bu turnirda Argentina uchun oson guruh va pley-offda oson yo‘lak tayyorlab berilgani haqidagi nazariyalarni tarqatish bilan band. Jamoa chindan ham guruhda Jazoir, Avstriya va Iordaniya kabi raqiblarga qarshi o‘yinlarda hech qanday muammoga uchramadi va 100 foizlik natija bilan guruhdan chiqdi.

Ammo 1/16 finalda turnir debyutanti Kabo-Verde bilan o‘yin kutilmaganda amaldagi chempionlar uchun ilk jiddiy sinovga aylandi. Vozinya boshchiligidagi orolliklar o‘yinning asosiy vaqtida nomdor raqibga turib bera oldi va faqat qo‘shimcha bo‘limlarda mag‘lub bo‘ldi (2:3).

1/8 finalda Misrga qarshi kechgan o‘yin esa allaqachon jahon chempionati va Argentina futboli tarixiga kirdi. «Albiseleste» 79-daqiqaga qadar ikki to‘p farqi bilan ortda bordi, faqat o‘yin oxirida uchta gol urib, irodali g‘alabaga erishdi.

Bir tomondan, bunday kambek Argentina futbolchilarida o‘ziga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashi mumkin. Boshqa tomondan – jamoa o‘yinidagi muammolar yana bir bor ko‘zga tashlanib qoldi. Skaloni shogirdlari bu turnirda ochiq o‘yin namoyish etib, raqiblarga ko‘p narsaga ruxsat bermoqda, yuqori joylashgan himoya chizig‘i jamoa jarima maydoni tomon xavfli reydlarga sabab bo‘lmoqda. Agar Messi yuqori sport formasini saqlab qolmaganida, bu jamoa turnir favoritlari qatorida sanalmayotgan bo‘lardi.

Shveytsariya esa, aksincha, himoyadagi tartibli o‘yin orqali chorakfinalgacha yetib keldi. 1/8 finalda yevropaliklar qariyb ikki soat mobaynida Kolumbiyani tiyib turdi va uning tezkor hujumchilariga odatiy o‘yinini ko‘rsatishga imkon bermasdan, penaltilar seriyasiga yetib bordi va 1954 yildan buyon ilk bor jahon chempionatlarida chorakfinalga yo‘l oldi.

Shveytsariya azaldan favoritlar uchun noqulay raqib bo‘lib kelgan. Bu jamoa yorqin taassurot qoldirmasligi mumkin, lekin raqibning ustunliklarini yo‘qqa chiqara oladi. Shu o‘rinda 2014 yilgi chempionatini yodga olish mumkin, o‘shanda Argentina shveysarlar to‘sig‘idan faqat Di Mariyaning 118-daqiqada urgan goli orqali o‘ta olgandi. O‘shanda ham yevropaliklar maydon markazini betonlab tashlagan va raqibni faqat individual mahoratga tayanishga majbur qilgandi.

Argentina qarama-qarshi kurslarda kechuvchi o‘yinlarda o‘zini yaxshi his qiladi, ammo to‘pni butunlay topshirib, ikkinchi raqamda harakat qilishga rozi bo‘luvchi jamoalar bilan doimo katta muammolarga duch keladi. Shveytsariya esa xuddi shunday raqiblardan biri. Argentina bu turnirda ikki marta halokat yoqasidan qaytdi: Kabo-Verde va Misrga qarshi o‘yinlarda faqat saviya borasidagi farq qo‘l keldi. Endi esa yo‘ldan favoritlarga qarshi qanday o‘ynashni biladigan raqib chiqqan.

1/8 finaldagi kambek drama nuqtayi nazaridan ajoyib chiqdi, shu bilan birga, bu o‘yin Skaloni jamoasining mustahkamlik zaxirasi unchalik katta emasligini ko‘rsatib qo‘ydi. Shveytsariya bu safar ham

o‘yinni uzoq davom etadigan pozitsion kurashga aylantirishi aniq, bunday o‘yinda birgina xato ham qimmatga tushishi mumkin. Ammo Argentinada Messi bor va bu qurol ushbu turnirda hali otmay qolmadi.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Sport

Rossiyalik shaxmatchilar O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Olimpiadada qatnashmaydi

Published

on


Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) Prezident kengashi rossiyalik shaxmatchilarni Butunjahon shaxmat Olimpiadasida ishtirok etishiga ruxsat bermadi. Bu haqda Rossiya shaxmat federatsiyasi ijrochi direktori Aleksandr Tkachyov TASS agentligiga ma’lum qildi.

«Jahon shaxmat Olimpiadasida terma jamoalarimiz qatnashmaydi. Kengash ushbu qarorni FIDE prezidenti vazifasini bajaruvchi janob Vishvanatan Anandning tashabbusi bilan qabul qildi», — dedi Tkachyov.

Butunjahon shaxmat Olimpiadasi 16–27 sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.

2025 yilning dekabrida Xalqaro shaxmat federatsiyasi Bosh assambleyasi rossiyalik sportchilarga nisbatan cheklovlarni to‘liq va qisman bekor qilish uchun ovoz bergan edi. Rossiyalik shaxmatchilarning qaytishiga 61 delegat ovoz bergan, 51 delegat qarshi chiqqan.

Biroq 2026 yil yanvarda Buyuk Britaniya, Germaniya, Norvegiya, Estoniya va Ukraina shaxmat federatsiyalari FIDEning rossiyalik shaxmatchilarga nisbatan sanksiyalarni to‘liq bekor qilish haqidagi qaroriga e’tiroz bildirish niyatida ekani xabar qilindi. Shundan so‘ng, 2026 yil iyun oyida sanksiyalar qayta joriy etildi.

Avvalroq mazkur Olimpiadani Magnus Karlsen va yana bir qator shaxmat yulduzlari ham o‘tkazib yuborishi ma’lum bo‘lgandi.



Source link

Continue Reading

Sport

Krishtianu Ronaldu mavsum nihoyasida futbol bilan xayrlashishi mumkin

Published

on


Krishtianu Ronaldu joriy mavsum nihoyasida professional futboldagi faoliyatiga yakun yasashi mumkin. Bu haqda u Vogue jurnaliga intervyusida ma’lum qildi.

«Ehtimol, bu futboldagi so‘nggi yilim bo‘lishi mumkin, o‘zimdan ulkan meros qoldirishni istayman», — dedi Ronaldu.

Besh karra «Oltin to‘p» egasi ta’kidlashicha, bo‘sh vaqtini hordiq va sayohatlarga ajratmoqchi.

Krishtianu Ronaldu professional futbolga kirib kelganiga 25 yil bo‘ldi. Birinchi katta o‘yinini 2002-yil 14-avgustda Lissabonning «Sporting» klubi safida Milanning «Inter»iga qarshi o‘tkazgan.



Source link

Continue Reading

Sport

«Arsenal» «Manchester Siti»ni yirik hisobda yengib, Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi

Published

on


Londonning «Arsenal» klubi o‘z tarixida 18-marta Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi. Jamoa Kardiffda «Manchester Siti»ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi.

O‘yinning 23-soniyasida Rikkardo Kalafiori hisobni ochdi. One Football nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, bu 1968 yildan beri superkubok o‘yinining birinchi daqiqasida urilgan birinchi va kubok tarixidagi eng tezkor gol bo‘ldi.

London jamoasi safida yana Kay Xaverts (28) va Martin Edegor (48) gol urishdi.

O‘tgan mavsumda «Arsenal» Premer ligada g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, manchesterliklar Angliya kubogini qo‘lga kiritdi. 

«Shaharliklar» safida Abduqodir Husanov to‘liq harakat qildi. 



Source link

Continue Reading

Sport

Ronaldu Messining oilasidagi yo‘qotishga munosabat bildirdi

Published

on


Portugaliyalik hujumchi Krishtianu Ronaldu otasi vafot etgan argentinalik futbolchi Lionel Messini qo‘llab-quvvatladi. U Messining Instagram sahifasidagi posti ostida izoh qoldirdi.

«Bu qiyin damlarda siz va yaqinlaringizni mahkam quchgan holda chuqur hamdardlik bildiraman, Leo. Bardoshli bo‘ling», deb yozgan Ronaldu.

Avval Messi «Inter Mayami»dagi o‘yinchilik faoliyatini to‘xtatgani e’lon qilingan edi. U oilasi va do‘stlarini qo‘llab-quvvatlash uchun Argentinada qoldi.

Xorxe Messi 8-avgust kuni 68 yoshida vafot etdi. U uzoq davom etgan og‘ir kasallikdan so‘ng olamdan o‘tdi. Ko‘p yillar davomida argentinalik futbolchining otasi o‘z o‘g‘lining faoliyatida muhim o‘rin tutardi. 



Source link

Continue Reading

Sport

Dunyoning eng boy odamlaridan biri «Liverpul»ni sotib oladi

Published

on


Amazon asoschisi Jeff Bezos professional sportga sarmoya kiritish niyatida. The Guardian nashrining xabar berishicha, tadbirkor boshqa investorlar bilan birgalikda Angliyaning «Liverpul» futbol klubining kamida 30 foiz ulushini sotib olishni ko‘rib chiqmoqda. Kelishuv 1,35 milliard funt sterling yoki taxminan 1,8 milliard dollarga teng bo‘lishi mumkin.

«Liverpul» taxminan 6 milliard dollarga baholanadi va dunyodagi eng taniqli sport brendlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Bezosning qiziqishi kengroq tendensiyaga mos keladi: badavlat amerikalik investorlar Angliya futbol klublarida faol ravishda ulushlarni sotib olmoqdalar. Amerikalik aksiyadorlar allaqachon «Chelsi», «Kristal Pelas», «Everton» va «Bornmut» kabi 20 ta Premer-liga jamoalaridan 13 tasiga egalik qilishadi.

Agar kelishuv amalga oshsa, Bezos ingliz futboliga faol ravishda sarmoya kiriyotgan amerikalik milliarderlar safiga qo‘shiladi.

Investorlar uchun ingliz futbolining jozibadorligi qisman sportning Qo‘shma Shtatlarda tobora ommalashib borayotgani bilan bog‘liq. Shu bilan birga, yetakchi Amerika sport franshizalari ko‘pincha yangi investorlar uchun juda qimmat yoki cheklangan, ingliz klubidagi ulush esa global auditoriyaga va eng tijorat jihatidan jozibador sport bozorlaridan biriga kirish imkonini beradi.

 



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.