Mahalliy
Jamiyat voz kechgan bolalarni kaltaksiz “odam” qilgan o‘qituvchi
Ta’limning kuchiga va ishonch berib inson qalbini o‘zgartira olishga ishonmoqchi bo‘lsangiz, bu maqola siz uchun.
«…Sinfdan chiqishimdan oldin, o‘qituvchim mening hayotimni abadiy o‘zgartirgan bir gapni aytdi. U menga ishonishini aytdi. Men hech qachon hech kimdan… ayniqsa o‘qituvchidan bunday so‘zlarni eshitmaganman».
Hammasi «Ozodlik yozuvchilari» kinosini ko‘rganimdan keyin boshlandi. Bu real voqealarga asoslangan film ekanini va 150 o‘quvchining kundaliklari asosida shu nomdagi kitob ham borligini ancha keyinroq bildim…
Erin Gruell va uning 150 nafar o‘quvchisi qanday qilib o‘smir va o‘qituvchi stereotiplarga qarshi chiqdi? «The Freedom Writers Diary» («Ozodlik yozuvchilari kundaliklari») kitobi o‘quvchilarning insholaridan tuzilgan. Bu o‘smirlar bolaligidan hech qanday insoniy mehr-oqibatni bilmagan, oilalari tomonidan xiyonat qilingan va g‘ayriinsoniy sharoitlarda yashagan. Har bir kun omon qolish uchun kurash edi. Bir bola kundaligida yozganidek, «Agar biz 18 yoshgacha tirik qolsak, omadlimiz».
203-xona va nafrat qurshovida
Tasavvur qiling, siz o‘qituvchisiz va sinf xonasiga kirib kelasiz, qarshingizda o‘tirgan 150 nafar o‘smir sizga g‘azab va nafrat bilan tikilib turibdi. Ular shunchaki o‘quvchilar emas, ular ko‘cha qoidalari bilan yashaydigan, maktabdan tashqarisida bir-birini o‘ldirishga tayyor bo‘lgan turli irq va ko‘cha to‘dalari (bandalar) a’zolari edi. Ular uchun kitob o‘qish ahmoqlik, hayot esa faqat ertangi kungacha tirik qolish uchun kurashdan iborat.
Maktab ma’muriyati va boshqa o‘qituvchilar bu bolalarni allaqachon “o‘qitib bo‘lmaydiganlar” ro‘yxatiga qo‘shib, ulardan qo‘l siltab bo‘lishgandi. Tizim ularni kelajagi yo‘qqa chiqargan edi. Ammo yosh o‘qituvchi tizimning bu sovuq hukmiga taslim bo‘lishni xohlamadi.
Bu 1994-yilda AQShning Long-Bich shahridagi Vilson maktabida ish boshlagan 24 yoshli tajribasiz, ammo qalbi umidga to‘la ingliz tili o‘qituvchisi Erin Gruellning real hayoti edi.
Erin Gruell an’anaviy, zerikarli va bu bolalarning real hayotidan yiroq bo‘lgan dars rejalarini chetga surib qo‘ydi. O‘qituvchi bolalarning darsliklarga umuman qiziqmasligini ko‘rgach, ularning tilida gaplashishga qaror qildi. O‘z maoshi hisobidan, hatto yetishmovchiliklar sabab qo‘shimcha ikkita ishda ishlab bo‘lsa ham, har bir o‘quvchi uchun oddiy kundalik daftari sotib oldi va ularni tarqatdi. Shart bitta edi: bu daftarlarga baho qo‘yilmaydi, imlo xatolari tekshirilmaydi, u yerga faqat va faqat ichki haqiqat yoziladi.
Shu tariqa, bir vaqtlar qalbi tosh qotib ketgan, ko‘chada qurol ushlab yurgan o‘smirlar o‘zlarini ifoda etishning yangi va xavfsiz usulini kashf etdilar. Kundaliklar ular uchun qurolsizlanish va bir-birini anglash maydoniga aylandi, bitiklar maktab vazifasi emas, balki tirik qolish uchun kurashayotgan qalblarning baqirig‘i edi. O‘qituvchi bolalarga shunchaki daftar bermadi, u ularga jamiyat tortib olgan huquqni eshitilish huquqini qaytarib berdi. O‘smirlar ustozining «Men sizga ishonaman» degan birgina so‘zidan keyin ruchkalarini xuddi qurolday mahkam tutishdi.
«Agar men buni qila olsam, boshqalar ham qila oladi. Hammasi aslida siz hayotingizni qanchalik o‘zgartirishni xohlashingizga bog‘liq ekan. Gruell xonim bizga qarab insonni ko‘rdi. Agar siz chindan ham ishtiyoqli bo‘lsangiz va orqangizda kimdir turganini his qilsangiz, hamma narsani qila olarkansiz…».
Bu iqrorni o‘qish asnosida siz xuddi mana shu dahshatli reallikdan qochib, bularning barchasi shunchaki badiiy to‘qima bo‘lishini xohlaysiz. Ammo bu achchiq haqiqat edi. «Biz sharoitning qurboni bo‘lib, xafa va g‘azabnok yashashda davom etishimiz mumkin edi. Maktab biz uchun shunchaki vaqt o‘tkazish joyi edi. Ammo biz adolatsizlikka qarshi insoniylik bilan kurashishni va bizga zanjirdek bog‘langan salbiy fikrlar, jinoyatchilik zanjirini uzishni tanladik. Chunki ilk bor kimdir bizni eshitdi».
Bu o‘zgarishlar shunchaki chiroyli so‘zlar emas. Agar bularning real voqea ekanini bilmaganimizda, muallif hammasini bo‘rttirib yuboribdi, deb o‘ylashimiz tabiiy edi. Chunki bitta o‘qituvchining sinf hayotiga olib kirgan o‘zgarishlari haddan tashqari radikalligi bilan hayratlanarlidir. Ammo bularning barchasi haqiqat edi.
“Umidsiz” o‘smirlar bugun boshqalar uchun umidga aylandi
Masalan Mariya (kitobda o‘quvchilarning nomlari o‘zgartirilgan) Los-Anjelesning eng xavfli, qonli to‘qnashuvlar markazi bo‘lgan mahallada tug‘ilgan. Bobosi va otasi jinoiy to‘da a’zolari bo‘lgani sababli, u ham bor-yo‘g‘i 11 yoshida ko‘cha bandasiga a’zo qilingan, uchinchi avlod jinoyatchi edi! O‘smirlik yillarini qamoqxonalarda va politsiya nazoratida o‘tkazgan bu qiz oq tanlilarni o‘z dushmani deb hisoblardi.
Bugungi kunda u Kaliforniya davlat universitetini tamomlab, dunyo bo‘ylab sayohat qiladigan mahoratli spiker va ta’lim faoliga aylandi. U o‘z chiqishlarida doim bir gapni aytadi:
«Ta’lim bizni kelajakni ko‘rishga undaydigan ozodlikdir. Men siz qachonlardir ishonmagan, qo‘l siltagan o‘sha bolalarning vakiliman».
Yana bir o‘quvchi, qizaloq maktab va atrofdagilar allaqachon hukm chiqarib bo‘lgandi: o‘qituvchilar uni “aybdor, landovur va undan hech vaqo chiqmaydi”, deb hisoblashardi. U darslarni o‘zlashtira olmas, o‘qish va yozish unga azob edi.
Ammo Erin Gruell bu qizning taqdiriga befarq qaramadi. Sinchkovlik va e’tibor natijasida u qizda aslida aqliy zaiflik emas, balki disleksiya (o‘qish va yozish ko‘nikmalarini o‘zlashtirishdagi nuqson) borligini aniqladi. Ustozining yordami va to‘g‘ri davolanish dasturi tufayli qiz bu to‘siqni yengib o‘tdi. Natijada, maktab tizimi qo‘l siltagan o‘sha “umidsiz” o‘quvchi bugungi kunda oliy ma’lumotli shifokor va olim bo‘lib yetishdi.
Maktab ma’muriyati va tizim rahbarlari «bu bolalarning hech biri bir semestr ham chidamaydi, baribir maktabni tashlab ketadi» deb ulardan umid uzishgandi. Biroq, birgina o‘qituvchining sa’y-harakati bilan sinfdagi barcha 150 nafar o‘quvchi maktabni muvaffaqiyatli tamomladi! Ularning katta qismi o‘z oilasida birinchi bo‘lib kollej va universitetlarga kirdi, yirik grantlarni qo‘lga kiritdi.
Bugungi kunda o‘sha “umidsiz” o‘smirlar 40 yoshdan oshgan muvaffaqiyatli shaxslardir. Ular orasidan loyihachilar, o‘qituvchilar, hamshiralar, IT mutaxassislari va tadbirkorlar yetishib chiqdi. Bolalarning kundaliklari birlashtirilib, 1999-yilda chop etilgan “The Freedom Writers Diary” kitobi millionlab nusxada sotilib, jahon bestselleriga aylandi.
O‘quvchilar o‘z ustozlari bilan birgalikda The Freedom Writers Foundation (Ozodlik yozuvchilari jamg‘armasi)ga asos solishdi. Jamg‘arma butun dunyo bo‘ylab maktabni tashlab ketish ko‘rsatkichlarini pasaytirish va o‘qituvchilarga to‘g‘ri metodologiyani o‘rgatish bilan shug‘ullanmoqda. Sobiq o‘quvchilar endi o‘zlari xalqaro spiker sifatida depressiya, bezorilik va umidsizlikka qarshi hikoya qilish (storytelling) terapiyasi orqali kurashmoqdalar.
Dahshatlar ichidan yorug‘likka chiqish yo‘li….
Ammo kitob jahon bestselleriga aylanib, millionlab insonlarni ilhomlantirgan bo‘lsa-da uzoq yillar davomida qattiq qarshiliklarga va taqiqlarga uchrab kelmoqda. Tizim hamon kitob ichidagi zo‘ravonlik tafsilotlaridan, ko‘cha haqoratlari va qotillik sahnalaridan qo‘rqadi. Ammo ular bir narsani tushunishni istashmaydi: bu voqealarni kitob emas, o‘sha tizimning o‘zi yaratgan edi! Bolalar bu dahshatlarni kitobdan o‘qishmagan, ular shu dahshatlarning ichida yashashgan.
Maqoladan maqsad kitobdagi qotilliklar yoki zo‘ravonlik tafsilotlarini targ‘ib qilish emas. Balki bu kitob shu qotilliklar va zo‘ravonlikni boshidan o‘tkazgan bolalar o‘zgara olishiga katta va yorqin misol. Agar biz bolalar o‘z kundaliklarida qotilliklarni, ko‘rgan azoblarini, zo‘ravonliklarini tasvirlashmasa, ularning qanday azobda yashaganini his qila olarmidik? Agar ular o‘z boshidan o‘tkazganlarini ochiq oydin yozmasa va yozishlarini taqiqlashganda, o‘qituvchining ushbu sa’y-harakati o‘zini oqlarmidi? Ehtimol hammasini ochiq-oydin yozgani va qog‘ozga to‘kib solgani, o‘zlarining hayotlarini chetdan kuzatganlari ularning to‘g‘ri yo‘lni topishiga turtki bo‘lgandir. Eng muhimi mana shu do‘zaxni boshidan o‘tkazgan o‘smirlarning bugun dunyodagi eng yaxshi odamlarga, shifokor, IT mutaxassisi va o‘qituvchilarga aylanganidadir!
Bu kitobdan ko‘ra yozish terapiyasi va o‘qituvchining bolalar ichidagi dardni olib chiqib, boshqalar bilan o‘rtoqlashtira olgani mo‘jiza yaratgani e’tiborga molik. Mana shu oddiy kundalik daftari ularga jinoyat ko‘chasidan chiqib, mutlaqo boshqa yorug‘ yo‘lni tanlash imkonini berdi. Kitob zo‘ravonlik haqida emas, zo‘ravonlikni mehr va ishonch bilan qanday yengish mumkinligi haqidadir. Kitobni o‘qigach yoki kinoni tomosha qilgach “ha-a demak shunaqa bezori bolalar, qotillik, jinoyat olamida yashagan o‘smirlarni ham yaxshi gap va eshitish orqali juda zo‘r insonlarga aylantirish mumkin ekan-da, biz bo‘lsa do‘pposlagan o‘qituvchini ko‘klarga ko‘tarib yotibmiz”, deb ozroq mushohada qilsangiz ajab emas.
Kitobni o‘qisangiz va filmni ko‘rsangiz zo‘ravonlik, qotillik, jinoyatni ko‘rasiz va bu fakt, ammo yana bir fakt bor, bu o‘qituvchi tufayli o‘sha zo‘ravonlik, qotillik va jinoyat zanjirini uzgan o‘quvchilarning bugun jamiyat rivojiga qo‘shayotgan hissasi. Mana bu esa haqiqiy mo‘jiza va qahramonlik.
Nima uchun bu bolalar o‘zgardi. Chunki ularning maktab soatlari tugashi bilan uyga shoshiladigan emas, balki bolaning qalbiga kira oladigan ustozi bor edi. Ho‘l sochini silkitgani uchun do‘pposlaydigan o‘qituvchi bilan bolalarni o‘zgartirib bo‘lmasligini 24 yoshli o‘qituvchi ongli ravishda anglagan edi. Nima uchun bu bolalar bugun o‘zlashtirishi qiyin va tarbiyasi og‘ir o‘smirlar bilan ishlash jamg‘armasining faol a’zolari. Chunki ular biladi: o‘smirni, o‘quvchini do‘pposlab, haqoratlab yaxshi yo‘lga boshqarib bo‘lmasligini.
Aynan shu qotilliklar va jinoyatlar olamida yashagan bolalar bugun jamiyat rivojiga hissa qo‘shayotgan foydali odamlardir. Ular aytmaydi va bu so‘zni juda yomon ko‘radi: biz ham kaltak yeganmiz, o‘lmadik, yaxshi odam bo‘ldik deb. Chunki ular o‘z tajribalarida ko‘rishdi, kaltak va zo‘ravonlik hech qachon insonni rivojlantirmasligini, “odam qilmasligini”. Ular hayotlarida duch kelgan birgina o‘qituvchi tufayli hayotlari tubdan o‘zgargan, yaxshilangan insonlarga tirik misol.
Erin Grueel nafrat bilan o‘zi qurol o‘qtalgan o‘quvchisini do‘pposlab komaga tushirmadi, balki komadan olib chiqdi. U atrofida urgan o‘qituvchini qo‘llab-quvvatlaydigan, battar bo‘lsin deydigan o‘qituvchilar, odamlar qolmasligiga, o‘smirni faqat eshitib, ishonch berib yaxshilar qatoriga qo‘shish mumkinligiga tirik misol bo‘la oldi. Va u yana nafaqat bezori, to‘polonchi balki qo‘liga qurol olib sizga o‘q otmoqchi bo‘lgan qalbi toshga aylangan o‘smirni yo‘ldan qaytarish mumkinligiga ishontira olgan, hozirgi zamon bolalarini faqat do‘pposlabgina, kaltaklabgina esini kirgizish mumkin deganlarni uyaltira olgan haqiqiy o‘qituvchi.
Ta’limning kuchiga va ishonch berib inson qalbini o‘zgartira olishga, ishonmoqchi bo‘lsangiz, ha, bu maqola aynan siz uchun.
Mahalliy
O‘zbek tilini o‘qitish bo‘yicha muhim tadbir tashkil etildi
Bugungi kunda ta’lim tizimida o‘zbek tilini davlat tili sifatida o‘qitish sifatini oshirish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish hamda ta’lim jarayoniga zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu borada belgilangan vazifalar ijrosi doirasida joriy yilning 24-28-avgust kunlari Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi va Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan “Maktabgacha va maktab ta’limida o‘zbek tilini sifatli o‘qitish: zamonaviy metodika va innovatsion yondashuvlar” mavzusida respublika o‘quv-seminari tashkil etildi.
Seminarga respublikamizning barcha hududlaridan jami 180 nafar pedagog, xususan, 120 nafar maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi hamda umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 60 nafar boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi jalb etildi.
Joriy yilning 24-avgust kuni Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutida respublika o‘quv-seminarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimov, Prezident Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari bo‘linmasining loyiha koordinatori Yuliya Risyukova hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov va Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktor o‘rinbosari Habibullo Nosirov ishtirok etdi.
Ochilish marosimida ta’lim rus va qardosh tillarda olib boriladigan maktablar hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘zbek tilini o‘qitish sifatini oshirish, davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Prezident Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari bo‘linmasining loyiha koordinatori Yuliya Risyukova bugungi seminar sohadagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, zamonaviy metodikalarni amaliyotga keng joriy etish va o‘zbek tilini o‘qitish sifatini yanada oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
”Mustaqillik bizga nafaqat erkin va farovon hayot qurish, balki milliy tilimiz, madaniyatimiz va qadriyatlarimizni asrab-avaylash, ularni kelgusi avlodlarga yetkazish imkonini berdi. Shu ma’noda, bugungi “Maktabgacha va maktab ta’limida o‘zbek tilini sifatli o‘qitish: zamonaviy metodika va innovatsion yondashuvlar” mavzusidagi seminar alohida ahamiyatga ega. Chunki til – bu shunchaki muloqot vositasi emas. Til – xalqning tarixi, ma’naviyati va tafakkurini o‘zida mujassam etgan bebaho qadriyatdir. Farzandlarimizga o‘zbek tilini sifatli o‘rgatish orqali biz ularning nafaqat savodxonligini, balki Vatanga daxldorlik hissini, milliy qadriyatlarga hurmatini va jamiyat bilan erkin muloqot qilish qobiliyatini ham rivojlantiramiz. Bu jarayonda, ayniqsa, pedagogning o‘rni beqiyos. Bolada tilga muhabbat uyg‘otish uchun, avvalo, unga erkin gapirish, fikr bildirish va xato qilishdan qo‘rqmaslik imkonini berish zarur. Bugungi seminarda 180 nafar pedagog ishtirok etayotgani ham ushbu yo‘nalishdagi ishlar ko‘lami tobora kengayib borayotganini ko‘rsatadi. Ishonamanki, bugungi seminar sohadagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, zamonaviy metodikalarni amaliyotga keng joriy etish va o‘zbek tilini o‘qitish sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.” – dedi Yuliya Risyukova.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimov bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar, tashkil etilayotgan seminarlar, yaratilayotgan dastur va metodikalar pedagoglarning bilim va ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
”Millatning taraqqiyoti, eng avvalo, uning tiliga bo‘lgan munosabati bilan belgilanadi. O‘z tilini qadrlagan, unda erkin fikrlay oladigan va o‘z fikrini ravon ifoda eta oladigan avlod milliy qadriyatlarni ham chuqurroq anglaydi. Shuning uchun bolalarimizga o‘zbek tilini o‘rgatish masalasi faqat ta’lim muassasalarining vazifasi bo‘lib qolmasligi kerak. Bolaning tilga bo‘lgan munosabati, avvalo, oilada shakllanadi. Ota-onalar, ayniqsa, onalar bolaning dastlabki nutqi, so‘z boyligi va fikrlash tarzining rivojlanishida katta o‘rin tutadi. Bola bilan o‘zbek tilida ko‘proq suhbatlashish, uning savollariga to‘liq va tushunarli javob berish, ertak, she’r va hikoyalar o‘qib berish juda muhim,” – dedi Sherzod Karimov.
Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov mashg‘ulotlarda egallangan bilimlar amaliyotga tatbiq etilsa, ular o‘z samarasini beradi. Olingan tajribalar ta’lim muassasalariga, pedagoglarga va eng asosiysi, bolalarimizga yetib borishi lozimligini ta’kidladi.
”Bugungi kunda mamlakatimiz ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar nihoyatda katta. Prezidentimiz tashabbusi bilan yosh avlodga sifatli ta’lim va munosib tarbiya berish, ularning bilim doirasini kengaytirish hamda kelajakda yetuk inson bo‘lib shakllanishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Bugun pedagoglar uchun ham katta imkoniyatlar mavjud. Ilgari biz o‘rganmagan yoki yetarlicha foydalanmagan metodikalar, tajribalar va bilimlarni egallash imkoniga ega bo‘lyapmiz. Bunday seminar va uchrashuvlar orqali o‘qituvchilar bir-biridan o‘rganadi, o‘z qarashlarini boyitadi va mavjud muammolarga birgalikda yechim izlaydi. Oldimizda hali ko‘plab vazifalar va yechimini kutayotgan savollar mavjud. Ularni hal etish uchun bilim, tajriba, hamkorlik va mas’uliyat talab qilinadi. Eng muhimi, amalga oshirayotgan har bir ishimiz bolalarning kelajagiga xizmat qilishi kerak. Bugungi uchrashuv va mashg‘ulotlarda egallangan bilimlar amaliyotga tatbiq etilsa, ular o‘z samarasini beradi. Olingan tajribalar ta’lim muassasalariga, pedagoglarga va eng asosiysi, bolalarimizga yetib borishi lozim. Shundagina biz bilimli, ma’naviy yetuk, o‘z ona tilini, milliy madaniyati va Vatanini sevadigan yosh avlodni tarbiyalay olamiz.” – dedi Shuhrat Sirojiddinov.
Mazkur o‘quv-seminardan ko‘zlangan asosiy maqsad ta’lim rus va qardosh tillarda olib boriladigan umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari o‘zbek tili fani o‘qituvchilari hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilarining kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish, ularni zamonaviy metod va vositalardan samarali foydalanishga yo‘naltirishdan iborat.
Seminar davomida umumiy o‘rta ta’lim maktablari pedagoglari uchun o‘zbek tilini o‘qitishning zamonaviy usullari, muloqotga yo‘naltirilgan ta’lim, amaliy topshiriqlar asosida o‘qitish, darslarni rejalashtirish va baholash usullari bo‘yicha mashg‘ulotlar tashkil etildi.
Mashg‘ulotlarda pedagoglar o‘quv materiallarini tahlil qilish, o‘quvchilarning nutqiy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan topshiriqlar ishlab chiqish, amaliy mashqlar va muloqotga asoslangan yondashuvlardan foydalanish bo‘yicha tajriba almashdi.
Maktabgacha ta’lim yo‘nalishida tashkil etilgan mashg‘ulotlarda esa bolalarga o‘zbek tilini o‘rgatishda o‘yin texnologiyalaridan foydalanish, tabiiy til muhitini yaratish, talaffuz va lug‘at boyligini rivojlantirish usullariga e’tibor qaratildi.
Seminar doirasida “O‘zbek tili” interfaol ta’lim platformasi ham taqdim etildi. Mazkur platforma maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilari va pedagoglar uchun o‘zbek tilini o‘rgatish jarayonini raqamli vositalar asosida tashkil etishga xizmat qiladi.
Platformada bolalarning yosh xususiyatlari hisobga olingan holda kichik va o‘rta guruh hamda katta va tayyorlov guruhi uchun alohida o‘quv resurslari shakllantirilgan. Unda mavzuli materiallar, interfaol o‘yinlar, video mashg‘ulotlar va foydalanuvchi uchun yo‘riqnomalar joylashtirilgan.
Mazkur resurslar orqali bolalarning lug‘at boyligini oshirish, og‘zaki nutqini rivojlantirish va o‘zbek tilida muloqot qilish ko‘nikmalarini shakllantirish imkoniyati yaratilgan. Platformada kundalik hayot, oila, tabiat, fasllar, hayvonot olami, kasblar, transport, milliy qadriyatlar, o‘quv qurollari hamda alifbo kabi mavzular bo‘yicha interfaol materiallar mavjud.
Shuningdek, mashg‘ulotlarda raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt vositalari va zamonaviy o‘quv resurslaridan foydalanish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Ishtirokchilar guruhli ishlar, amaliy topshiriqlar va muhokamalar orqali o‘z metodik yondashuvlarini boyitdi.
Mazkur seminar ta’lim rus va qardosh tillarda olib boriladigan maktablar hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘zbek tilini o‘qitish sifatini oshirish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish va davlat tilini o‘qitish samaradorligini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Seminarni muvaffaqiyatli tamomlagan pedagoglarga tegishli sertifikatlar topshiriladi. Ular “Milliy mentor” sifatida o‘z hududlariga qaytgach, seminar davomida egallagan bilim va ko‘nikmalari hamda o‘zlashtirgan zamonaviy metodikalarni kaskad-kombinatsiyalashgan yondashuv asosida hududdagi boshqa pedagoglarga yetkazish va amaliyotga joriy etish ishlarini davom ettiradi.
Mahalliy
Texnikum bitiruvchisini ishga olgan tashkilotlarga kredit beriladi
Hukumat qarori bilan «Texnikumlar bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan hamda bitiruvchilar bandligini ta’minlagan tashkilotlarga kredit ajratish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.
Ushbu Nizom davlat texnikumlari bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan hamda bitiruvchilar bandligini ta’minlagan tashkilotlarga kredit ajratish tartibini belgilaydi.
Quyidagi talablarga javob bergan tashkilotlar kredit olish huquqiga ega:
– texnikum bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan hamda dual ta’lim bo‘yicha texnikum bilan amal qiluvchi shartnoma mavjud bo‘lishi;
– dual ta’lim doirasida o‘quvchilar uchun ish joylari va ishlab chiqarish amaliyoti tashkil etilgan bo‘lishi;
– dual ta’lim doirasida o‘quvchilarga tashkilotning malakali mutaxassislarini “ustoz” sifatida biriktirgan bo‘lishi;
– dual ta’lim shaklida tahsil olayotgan o‘quvchilar bilan muddatli mehnat shartnomalari tuzilgan bo‘lishi hamda ish haqi to‘lashi;
– joriy yilda texnikum bitiruvchisini tashkilotdagi vakant ish o‘rniga mehnat shartnomasi asosida ishga qabul qilgan bo‘lishi.
Tashkilotlar dual ta’lim dasturi doirasida kredit olish uchun tijorat banklariga quyidagi hujjatlarni qog‘oz shaklida taqdim etadi:
kreditni olish to‘g‘risidagi ariza;
ariza beruvchi (tashkilot)larning amalda bo‘lgan tasdiqlovchi hujjatlari;
texnikum va tashkilot o‘rtasidagi hamda tashkilot va o‘quvchi o‘rtasidagi dual ta’lim bo‘yicha shartnoma nusxalari;
dual ta’lim dasturi va dual ta’limda tahsil olayotgan o‘quvchilar ro‘yxati;
tashkilot tomonidan kreditdan foydalanish rejasi;
tashkilotning soliq qarzdorligi mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumot.
Tashkilotning kredit ajratish bo‘yicha taqdim etgan barcha hujjatlari kreditga layoqatlilik ko‘rsatkichiga muvofiq kelgan taqdirda, tijorat banki 3 ish kunida bu haqda tashkilotga xabar beradi, shartnoma tuzadi hamda uning hisobvarag‘iga kreditni o‘tkazadi.
Mahalliy
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilariga o‘qishini texnikumlarga ko‘chirish imkoniyatini beruvchi yangi tartib belgilandi. Bu Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan.
Qarorga ko‘ra, kasbiy ta’lim tashkilotlari o‘quvchilarining o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklash, shuningdek, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 10-sinf o‘quvchilarini texnikumlarga ko‘chirish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning yagona tartibi joriy etiladi.
Mazkur xizmatlardan foydalanish uchun arizalar Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali elektron shaklda topshiriladi.
10-sinf o‘quvchilarining o‘qishini texnikumlarga ko‘chirish tartibi alohida belgilanadi. Bu o‘quvchilarga kasbiy ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shuningdek, kasbiy ta’lim tashkilotlariga o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash bo‘yicha xulosa berishning yagona tartibi joriy etiladi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda ikki oy muddatda mazkur davlat xizmatlarini YaIDXP orqali ko‘rsatish imkoniyatini yo‘lga qo‘yish belgilangan.
Bundan tashqari, davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun zarur ma’lumotlarni tegishli davlat organlaridan elektron shaklda olish imkoniyati yaratiladi.
Mahalliy
O‘zbekistonda xorijiy oliygohlar soni 10 yilda 4,3 barobar oshdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yili boshida O‘zbekistonda 30 ta xorijiy oliy ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan.
Bu 2015/2016-o‘quv yilidagi 7 taga nisbatan 4,3 barobar ko‘p. Shu tariqa, o‘n yil ichida mamlakatda faoliyat yuritayotgan xorijiy OTMlar soni 23 taga oshgan.
Xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari soni 2005/2006-o‘quv yilida 2 ta bo‘lgan. 2010/2011-o‘quv yiliga kelib bu ko‘rsatkich 6 taga yetgan.
2015/2016-o‘quv yilida mamlakatda 7 ta xorijiy oliy ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan bo‘lsa, keyingi besh yilda ular soni yana sezilarli ko‘paygan.
2020/2021-o‘quv yili boshida xorijiy OTMlar soni 18 taga yetgan. Bu 2015/2016-o‘quv yiliga nisbatan 11 taga ko‘pdir.
Shuningdek, 2020/2021-yildan 2025/2026-o‘quv yiligacha xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari soni yana 12 taga oshgan. Natijada besh yillik davrda ular soni 18 tadan 30 taga yetdi.
Mahalliy
35 yilda O‘zbekistonda maktablar soni 1,3 barobar oshdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yili boshida O‘zbekistonda 11 118 ta umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan.
Bu ko‘rsatkich 1991/1992-o‘quv yilidagi 8 557 ta maktabga nisbatan 1,3 barobar ko‘p. Shu tariqa, mustaqillikdan keyingi davrda mamlakatdagi umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari soni 2 561 taga oshgan.
Dinamikaga ko‘ra, maktablar soni ayrim davrlarda sekin o‘sgan yoki qisqargan bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda barqaror ko‘payish kuzatilgan. 2020/2021-o‘quv yilida ular soni 10 181 tani tashkil etgan.
1995/1996-o‘quv yilida mamlakatda 9 289 ta, 2000/2001 o‘quv yilida 9 726 ta umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan.
2005/2006-o‘quv yiliga kelib bu ko‘rsatkich 9 803 taga yetgan. 2010/2011-o‘quv yilida esa 9 806 ta maktab qayd etilgan. Keyingi besh yilda ko‘rsatkich biroz pasayib, 2015/2016-o‘quv yilida 9 720 tani tashkil qilgan.
2020/2021-o‘quv yilidan boshlab o‘sish yana tezlashgan. 2021/2022-yilda 10 289 ta, 2022/2023-yilda 10 522 ta, 2023/2024-yilda 10 750 ta maktab faoliyat yuritgan.
2024/2025-o‘quv yili boshida umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari soni 10 943 tani tashkil etgan. Bir yil o‘tib, bu ko‘rsatkich yana 175 taga oshib, 11 118 taga yetgan.
Shunday qilib, 2020/2021-o‘quv yilidan 2025/2026-o‘quv yiligacha mamlakatdagi maktablar soni 937 taga ko‘paygan.
-
Siyosat4 days ago
«Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas» — Sherzod Asadov
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekiston kartoshkani asosan qaysi davlatlardan sotib oldi?
-
Iqtisodiyot4 days ago
Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?
-
Iqtisodiyot4 days agoPrezident ishtirokida umumiy qiymati 50 trln so‘mlik loyihalar ishga tushirildi
-
Siyosat13 hours ago
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
