Mahalliy
Jamiyat voz kechgan bolalarni kaltaksiz “odam” qilgan o‘qituvchi
Ta’limning kuchiga va ishonch berib inson qalbini o‘zgartira olishga ishonmoqchi bo‘lsangiz, bu maqola siz uchun.
«…Sinfdan chiqishimdan oldin, o‘qituvchim mening hayotimni abadiy o‘zgartirgan bir gapni aytdi. U menga ishonishini aytdi. Men hech qachon hech kimdan… ayniqsa o‘qituvchidan bunday so‘zlarni eshitmaganman».
Hammasi «Ozodlik yozuvchilari» kinosini ko‘rganimdan keyin boshlandi. Bu real voqealarga asoslangan film ekanini va 150 o‘quvchining kundaliklari asosida shu nomdagi kitob ham borligini ancha keyinroq bildim…
Erin Gruell va uning 150 nafar o‘quvchisi qanday qilib o‘smir va o‘qituvchi stereotiplarga qarshi chiqdi? «The Freedom Writers Diary» («Ozodlik yozuvchilari kundaliklari») kitobi o‘quvchilarning insholaridan tuzilgan. Bu o‘smirlar bolaligidan hech qanday insoniy mehr-oqibatni bilmagan, oilalari tomonidan xiyonat qilingan va g‘ayriinsoniy sharoitlarda yashagan. Har bir kun omon qolish uchun kurash edi. Bir bola kundaligida yozganidek, «Agar biz 18 yoshgacha tirik qolsak, omadlimiz».
203-xona va nafrat qurshovida
Tasavvur qiling, siz o‘qituvchisiz va sinf xonasiga kirib kelasiz, qarshingizda o‘tirgan 150 nafar o‘smir sizga g‘azab va nafrat bilan tikilib turibdi. Ular shunchaki o‘quvchilar emas, ular ko‘cha qoidalari bilan yashaydigan, maktabdan tashqarisida bir-birini o‘ldirishga tayyor bo‘lgan turli irq va ko‘cha to‘dalari (bandalar) a’zolari edi. Ular uchun kitob o‘qish ahmoqlik, hayot esa faqat ertangi kungacha tirik qolish uchun kurashdan iborat.
Maktab ma’muriyati va boshqa o‘qituvchilar bu bolalarni allaqachon “o‘qitib bo‘lmaydiganlar” ro‘yxatiga qo‘shib, ulardan qo‘l siltab bo‘lishgandi. Tizim ularni kelajagi yo‘qqa chiqargan edi. Ammo yosh o‘qituvchi tizimning bu sovuq hukmiga taslim bo‘lishni xohlamadi.
Bu 1994-yilda AQShning Long-Bich shahridagi Vilson maktabida ish boshlagan 24 yoshli tajribasiz, ammo qalbi umidga to‘la ingliz tili o‘qituvchisi Erin Gruellning real hayoti edi.
Erin Gruell an’anaviy, zerikarli va bu bolalarning real hayotidan yiroq bo‘lgan dars rejalarini chetga surib qo‘ydi. O‘qituvchi bolalarning darsliklarga umuman qiziqmasligini ko‘rgach, ularning tilida gaplashishga qaror qildi. O‘z maoshi hisobidan, hatto yetishmovchiliklar sabab qo‘shimcha ikkita ishda ishlab bo‘lsa ham, har bir o‘quvchi uchun oddiy kundalik daftari sotib oldi va ularni tarqatdi. Shart bitta edi: bu daftarlarga baho qo‘yilmaydi, imlo xatolari tekshirilmaydi, u yerga faqat va faqat ichki haqiqat yoziladi.
Shu tariqa, bir vaqtlar qalbi tosh qotib ketgan, ko‘chada qurol ushlab yurgan o‘smirlar o‘zlarini ifoda etishning yangi va xavfsiz usulini kashf etdilar. Kundaliklar ular uchun qurolsizlanish va bir-birini anglash maydoniga aylandi, bitiklar maktab vazifasi emas, balki tirik qolish uchun kurashayotgan qalblarning baqirig‘i edi. O‘qituvchi bolalarga shunchaki daftar bermadi, u ularga jamiyat tortib olgan huquqni eshitilish huquqini qaytarib berdi. O‘smirlar ustozining «Men sizga ishonaman» degan birgina so‘zidan keyin ruchkalarini xuddi qurolday mahkam tutishdi.
«Agar men buni qila olsam, boshqalar ham qila oladi. Hammasi aslida siz hayotingizni qanchalik o‘zgartirishni xohlashingizga bog‘liq ekan. Gruell xonim bizga qarab insonni ko‘rdi. Agar siz chindan ham ishtiyoqli bo‘lsangiz va orqangizda kimdir turganini his qilsangiz, hamma narsani qila olarkansiz…».
Bu iqrorni o‘qish asnosida siz xuddi mana shu dahshatli reallikdan qochib, bularning barchasi shunchaki badiiy to‘qima bo‘lishini xohlaysiz. Ammo bu achchiq haqiqat edi. «Biz sharoitning qurboni bo‘lib, xafa va g‘azabnok yashashda davom etishimiz mumkin edi. Maktab biz uchun shunchaki vaqt o‘tkazish joyi edi. Ammo biz adolatsizlikka qarshi insoniylik bilan kurashishni va bizga zanjirdek bog‘langan salbiy fikrlar, jinoyatchilik zanjirini uzishni tanladik. Chunki ilk bor kimdir bizni eshitdi».
Bu o‘zgarishlar shunchaki chiroyli so‘zlar emas. Agar bularning real voqea ekanini bilmaganimizda, muallif hammasini bo‘rttirib yuboribdi, deb o‘ylashimiz tabiiy edi. Chunki bitta o‘qituvchining sinf hayotiga olib kirgan o‘zgarishlari haddan tashqari radikalligi bilan hayratlanarlidir. Ammo bularning barchasi haqiqat edi.
“Umidsiz” o‘smirlar bugun boshqalar uchun umidga aylandi
Masalan Mariya (kitobda o‘quvchilarning nomlari o‘zgartirilgan) Los-Anjelesning eng xavfli, qonli to‘qnashuvlar markazi bo‘lgan mahallada tug‘ilgan. Bobosi va otasi jinoiy to‘da a’zolari bo‘lgani sababli, u ham bor-yo‘g‘i 11 yoshida ko‘cha bandasiga a’zo qilingan, uchinchi avlod jinoyatchi edi! O‘smirlik yillarini qamoqxonalarda va politsiya nazoratida o‘tkazgan bu qiz oq tanlilarni o‘z dushmani deb hisoblardi.
Bugungi kunda u Kaliforniya davlat universitetini tamomlab, dunyo bo‘ylab sayohat qiladigan mahoratli spiker va ta’lim faoliga aylandi. U o‘z chiqishlarida doim bir gapni aytadi:
«Ta’lim bizni kelajakni ko‘rishga undaydigan ozodlikdir. Men siz qachonlardir ishonmagan, qo‘l siltagan o‘sha bolalarning vakiliman».
Yana bir o‘quvchi, qizaloq maktab va atrofdagilar allaqachon hukm chiqarib bo‘lgandi: o‘qituvchilar uni “aybdor, landovur va undan hech vaqo chiqmaydi”, deb hisoblashardi. U darslarni o‘zlashtira olmas, o‘qish va yozish unga azob edi.
Ammo Erin Gruell bu qizning taqdiriga befarq qaramadi. Sinchkovlik va e’tibor natijasida u qizda aslida aqliy zaiflik emas, balki disleksiya (o‘qish va yozish ko‘nikmalarini o‘zlashtirishdagi nuqson) borligini aniqladi. Ustozining yordami va to‘g‘ri davolanish dasturi tufayli qiz bu to‘siqni yengib o‘tdi. Natijada, maktab tizimi qo‘l siltagan o‘sha “umidsiz” o‘quvchi bugungi kunda oliy ma’lumotli shifokor va olim bo‘lib yetishdi.
Maktab ma’muriyati va tizim rahbarlari «bu bolalarning hech biri bir semestr ham chidamaydi, baribir maktabni tashlab ketadi» deb ulardan umid uzishgandi. Biroq, birgina o‘qituvchining sa’y-harakati bilan sinfdagi barcha 150 nafar o‘quvchi maktabni muvaffaqiyatli tamomladi! Ularning katta qismi o‘z oilasida birinchi bo‘lib kollej va universitetlarga kirdi, yirik grantlarni qo‘lga kiritdi.
Bugungi kunda o‘sha “umidsiz” o‘smirlar 40 yoshdan oshgan muvaffaqiyatli shaxslardir. Ular orasidan loyihachilar, o‘qituvchilar, hamshiralar, IT mutaxassislari va tadbirkorlar yetishib chiqdi. Bolalarning kundaliklari birlashtirilib, 1999-yilda chop etilgan “The Freedom Writers Diary” kitobi millionlab nusxada sotilib, jahon bestselleriga aylandi.
O‘quvchilar o‘z ustozlari bilan birgalikda The Freedom Writers Foundation (Ozodlik yozuvchilari jamg‘armasi)ga asos solishdi. Jamg‘arma butun dunyo bo‘ylab maktabni tashlab ketish ko‘rsatkichlarini pasaytirish va o‘qituvchilarga to‘g‘ri metodologiyani o‘rgatish bilan shug‘ullanmoqda. Sobiq o‘quvchilar endi o‘zlari xalqaro spiker sifatida depressiya, bezorilik va umidsizlikka qarshi hikoya qilish (storytelling) terapiyasi orqali kurashmoqdalar.
Dahshatlar ichidan yorug‘likka chiqish yo‘li….
Ammo kitob jahon bestselleriga aylanib, millionlab insonlarni ilhomlantirgan bo‘lsa-da uzoq yillar davomida qattiq qarshiliklarga va taqiqlarga uchrab kelmoqda. Tizim hamon kitob ichidagi zo‘ravonlik tafsilotlaridan, ko‘cha haqoratlari va qotillik sahnalaridan qo‘rqadi. Ammo ular bir narsani tushunishni istashmaydi: bu voqealarni kitob emas, o‘sha tizimning o‘zi yaratgan edi! Bolalar bu dahshatlarni kitobdan o‘qishmagan, ular shu dahshatlarning ichida yashashgan.
Maqoladan maqsad kitobdagi qotilliklar yoki zo‘ravonlik tafsilotlarini targ‘ib qilish emas. Balki bu kitob shu qotilliklar va zo‘ravonlikni boshidan o‘tkazgan bolalar o‘zgara olishiga katta va yorqin misol. Agar biz bolalar o‘z kundaliklarida qotilliklarni, ko‘rgan azoblarini, zo‘ravonliklarini tasvirlashmasa, ularning qanday azobda yashaganini his qila olarmidik? Agar ular o‘z boshidan o‘tkazganlarini ochiq oydin yozmasa va yozishlarini taqiqlashganda, o‘qituvchining ushbu sa’y-harakati o‘zini oqlarmidi? Ehtimol hammasini ochiq-oydin yozgani va qog‘ozga to‘kib solgani, o‘zlarining hayotlarini chetdan kuzatganlari ularning to‘g‘ri yo‘lni topishiga turtki bo‘lgandir. Eng muhimi mana shu do‘zaxni boshidan o‘tkazgan o‘smirlarning bugun dunyodagi eng yaxshi odamlarga, shifokor, IT mutaxassisi va o‘qituvchilarga aylanganidadir!
Bu kitobdan ko‘ra yozish terapiyasi va o‘qituvchining bolalar ichidagi dardni olib chiqib, boshqalar bilan o‘rtoqlashtira olgani mo‘jiza yaratgani e’tiborga molik. Mana shu oddiy kundalik daftari ularga jinoyat ko‘chasidan chiqib, mutlaqo boshqa yorug‘ yo‘lni tanlash imkonini berdi. Kitob zo‘ravonlik haqida emas, zo‘ravonlikni mehr va ishonch bilan qanday yengish mumkinligi haqidadir. Kitobni o‘qigach yoki kinoni tomosha qilgach “ha-a demak shunaqa bezori bolalar, qotillik, jinoyat olamida yashagan o‘smirlarni ham yaxshi gap va eshitish orqali juda zo‘r insonlarga aylantirish mumkin ekan-da, biz bo‘lsa do‘pposlagan o‘qituvchini ko‘klarga ko‘tarib yotibmiz”, deb ozroq mushohada qilsangiz ajab emas.
Kitobni o‘qisangiz va filmni ko‘rsangiz zo‘ravonlik, qotillik, jinoyatni ko‘rasiz va bu fakt, ammo yana bir fakt bor, bu o‘qituvchi tufayli o‘sha zo‘ravonlik, qotillik va jinoyat zanjirini uzgan o‘quvchilarning bugun jamiyat rivojiga qo‘shayotgan hissasi. Mana bu esa haqiqiy mo‘jiza va qahramonlik.
Nima uchun bu bolalar o‘zgardi. Chunki ularning maktab soatlari tugashi bilan uyga shoshiladigan emas, balki bolaning qalbiga kira oladigan ustozi bor edi. Ho‘l sochini silkitgani uchun do‘pposlaydigan o‘qituvchi bilan bolalarni o‘zgartirib bo‘lmasligini 24 yoshli o‘qituvchi ongli ravishda anglagan edi. Nima uchun bu bolalar bugun o‘zlashtirishi qiyin va tarbiyasi og‘ir o‘smirlar bilan ishlash jamg‘armasining faol a’zolari. Chunki ular biladi: o‘smirni, o‘quvchini do‘pposlab, haqoratlab yaxshi yo‘lga boshqarib bo‘lmasligini.
Aynan shu qotilliklar va jinoyatlar olamida yashagan bolalar bugun jamiyat rivojiga hissa qo‘shayotgan foydali odamlardir. Ular aytmaydi va bu so‘zni juda yomon ko‘radi: biz ham kaltak yeganmiz, o‘lmadik, yaxshi odam bo‘ldik deb. Chunki ular o‘z tajribalarida ko‘rishdi, kaltak va zo‘ravonlik hech qachon insonni rivojlantirmasligini, “odam qilmasligini”. Ular hayotlarida duch kelgan birgina o‘qituvchi tufayli hayotlari tubdan o‘zgargan, yaxshilangan insonlarga tirik misol.
Erin Grueel nafrat bilan o‘zi qurol o‘qtalgan o‘quvchisini do‘pposlab komaga tushirmadi, balki komadan olib chiqdi. U atrofida urgan o‘qituvchini qo‘llab-quvvatlaydigan, battar bo‘lsin deydigan o‘qituvchilar, odamlar qolmasligiga, o‘smirni faqat eshitib, ishonch berib yaxshilar qatoriga qo‘shish mumkinligiga tirik misol bo‘la oldi. Va u yana nafaqat bezori, to‘polonchi balki qo‘liga qurol olib sizga o‘q otmoqchi bo‘lgan qalbi toshga aylangan o‘smirni yo‘ldan qaytarish mumkinligiga ishontira olgan, hozirgi zamon bolalarini faqat do‘pposlabgina, kaltaklabgina esini kirgizish mumkin deganlarni uyaltira olgan haqiqiy o‘qituvchi.
Ta’limning kuchiga va ishonch berib inson qalbini o‘zgartira olishga, ishonmoqchi bo‘lsangiz, ha, bu maqola aynan siz uchun.