Iqtisodiyot
Jahon banki O‘zbekistonga 200 mln dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratadi
Kredit mablag‘lari O‘zbekistonning beshta hududida suv yo‘qotishlarini qisqartirish va sug‘orish tizimlarining energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish uchun ishlatiladi. Jahon banki prognozlariga ko‘ra, bir qator omillar kelajakda O‘zbekistondagi suv resurslari hajmini 30-40 foizga qisqartirishi va shu bilan birga irrigatsiya xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojni 25 foizga oshirishi mumkin.
Jahon banki O‘zbekistondagi irrigatsiya va drenaj infratuzilmasini modernizatsiya qilish, shuningdek, fermerlarga irrigatsiya xizmatlarini ko‘rsatish sifatini oshirish loyihasini amalga oshirish uchun 200 million dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratadi.
Loyiha mamlakatning beshta hududida suv yo‘qotishlarini qisqartirish va sug‘orish tizimlarining energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan. O‘zbekiston hukumati ham dasturni birgalikda moliyalashtirish uchun qo‘shimcha 23,2 mln dollar yo‘naltiradi.
«O‘zbekistonning qurg‘oqchil iqlimi irrigatsiyani yalpi ichki mahsulot va aholi bandligining taxminan 25 foizini tashkil etuvchi qishloq xo‘jaligi uchun hayotiy zaruratga aylantiradi. Suvning asosiy qismi Amudaryo va Sirdaryodan olinib, keng tarmoqli kanallar orqali dalalarga yetkazib beriladi. Qishloq xo‘jaligi mamlakatdagi barcha suv resurslarining qariyb 90 foizini iste’mol qilgani sabab suvdan samarali foydalanishni ta’minlash o‘ta muhim vazifaga aylanmoqda. O‘zbekistonda muzliklar oqimining kamayishi, suv bug‘lanishining ortishi, muntazam bo‘lmagan yog‘ingarchilik va qurg‘oqchilikning tezlashishi tufayli suv resurslari tanqisligi sezilarli darajada kuchayishi kutilmoqda. Prognozlarga ko‘ra, ushbu o‘zgarishlar mavjud suv resurslari hajmini 30-40 foizga qisqartirishi va shu bilan birga irrigatsiya xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojni 25 foizga oshirishi mumkin. Bu esa suv resurslariga qo‘shimcha yuklama paydo qiladi», deyiladi Jahon banki xabarida.
O‘zbekistonda irrigatsiya infratuzilmasining katta qismi eskirgan, bu esa suvning sezilarli darajada yo‘qotilishiga, resurslarning hududlar o‘rtasida notekis taqsimlanishiga va fermerlarga irrigatsiya xizmatlari ko‘rsatish sifatining pastligiga olib kelmoqda.
Bundan tashqari, 2,4 mln gektarga yaqin qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish (mamlakatning barcha sug‘oriladigan maydonining 56 foizi) nasoslar yordamida suv yetkazib berilishiga bog‘liq. Buning uchun 1 700 ga yaqin nasos stansiyalaridan foydalaniladi, ular har yili taxminan 7,2 milliard kVt/soat elektr energiyasi iste’mol qiladi. Bu mamlakat umumiy energiya iste’molining qariyb 16 foizini tashkil etadi.
«Yangi loyiha orqali Jahon banki O‘zbekiston suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasini amalga oshirishda hukumatga ko‘maklashadi. Konsepsiya irrigatsiya sohasida suv va energiya tejamkor infratuzilmani rivojlantirishni ham nazarda tutadi», – deydi Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Tatyana Proskuryakova. – «Rejalashtirilgan loyiha tadbirlari qishloq xo‘jaligi unumdorligini oshirish, suvdan foydalanuvchilarning farovonligini yaxshilash, shuningdek, irrigatsiya va agrosanoat sohalarida yangi ish o‘rinlarini yaratishga yordam beradi»
O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vazirligi loyihani Qoraqalpog‘iston Respublikasi, shuningdek, Buxoro, Qashqadaryo, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida amalga oshirish uchun mas’ul bo‘ladi. Ushbu hududlarda irrigatsiya va drenaj infratuzilmasini modernizatsiya qilish va ko‘rsatilayotgan xizmatlarni takomillashtirish orqali 2031 yilga borib suv xo‘jaligi sektori samaradorligi sezilarli darajada oshishi kutilyapti.
Rejalashtirilgan loyiha tadbirlar:
Amudaryo va Sirdaryo bilan bog‘langan va yuqorida qayd etilgan hududlardan o‘tgan sakkizta yirik magistral kanalning 259 kilometrini betonlash. Buning uchun suvni tejaydigan zamonaviy materiallar, jumladan, geomembranalardan foydalaniladi;
O‘zi oqar suv yetkazib berishni ta’minlash va iloji boricha nasoslardan foydalanish zaruratini kamaytirish uchun kanal o‘zanlarini qayta profillash va ularning sathini ko‘tarish;
Ko‘rsatilgan kanallar bo‘ylab suv taqsimotini nazorat qilish darajasini oshirish uchun 470 ga yaqin gidrotexnik inshootlar qurish;
Suv sarfini o‘lchagich o‘rnatilgan boshqariladigan suv chiqargichlarni o‘rnatish, shuningdek, suv ta’minoti jarayonlarini boshqarish uchun dispetcherlik boshqaruvi va ma’lumotlarni yig‘ish tizimini (SCADA) joriy etish.
Loyihadan kutilayotgan natijalar:
232 000 gektar maydonda irrigatsiya xizmati sifatini yaxshilash. Bu ushbu yerlarda qishloq xo‘jaligi unumdorligini oshirish imkonini beradi;
180 000 nafar suv foydalanuvchilari, shu jumladan 80 000 nafar ayollarning sug‘orish xizmatlaridan yanada ishonchli foydalanishini ta’minlash;
Yillik suv yo‘qotishlarini taxminan 540 million kub metrga qisqartirish;
Yiliga 165 million kVt/soatdan ortiq elektr energiyasini tejash, bu esa irrigatsiya sohasida energiya samaradorligini oshiradi va ekspluatatsiya xarajatlarini kamaytiradi.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston shokolad importining qariyb 70 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelmoqda
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonga 46 davlatdan qariyb 28,5 ming tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan.
Import qilingan mahsulotlarning umumiy qiymati 123,7 mln AQSh dollarini tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 ming tonnaga yoki 6 foizga ko‘p.
Import hajmi bo‘yicha Rossiya keskin ustunlik qilgan. Yilning dastlabki yetti oyida Rossiyadan O‘zbekistonga 19,5 ming tonna shokolad mahsulotlari yetkazib berilgan.
Rossiyadan kelgan shokolad mahsulotlari umumiy importning qariyb 70 foizini tashkil etgan. Keyingi o‘rinda Ukraina bo‘lib, undan 2,2 ming tonna mahsulot import qilingan.
Qozog‘istondan 914 tonna, Belarusdan 805,2 tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan. Litvadan import 746,2 tonnani tashkil etgan.
Turkmaniston 715,2 tonna, Turkiya esa 569,5 tonna ko‘rsatkich bilan keyingi o‘rinlarda qayd etilgan. Qolgan davlatlar hisobiga 3 ming tonna mahsulot to‘g‘ri kelgan.
Iqtisodiyot
Andijonda Shavkat Mirziyoyev raisligida yig‘ilish boshlandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida viloyat iqtisodiyoti 8,8 foiz, sanoat 9,2 foiz, xizmatlar 16,1 foiz, investitsiyalar 8,9 foizga o‘sgani qayd etildi.
– Bizga o‘sishdagi raqamlar emas, balki har bir ko‘rsatkich har bir oilaning kundalik hayotiga qanday o‘zgarish olib kirgani muhim,– dedi davlatimiz rahbari.
Andijonda yer va tabiiy boyliklar cheklangan bo‘lsa-da, harakatchan aholi, kuchli tadbirkorlik ruhi, ko‘p sonli yoshlar, sanoat maktabi va katta bozor kabi imkoniyatlar borligi ta’kidlandi.
So‘nggi o‘n yilda viloyatga respublika budjetidan 20 trillion so‘m, banklar tomonidan tadbirkorlik uchun 90 trillion so‘m yo‘naltirildi. Birgina joriy yilda aholi farovonligini oshirishga 6 trillion so‘m ajratildi.
Hokimlarga berilgan vakolatlar va yaratilgan moliyaviy imkoniyatlar shunga munosib natijaga aylanishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
