Iqtisodiyot
5,5 mlrd dollarlik oltin sotuvi, keskin oshib borayotgan gaz eksporti – O‘zbekiston tashqi savdosi sharhi
2025 yilning 4 oyida O‘zbekiston 199 mln dollarlik gaz eksport qilib, 150 mln dollarlik importni amalga oshirdi. Gaz sotish 85 foizga oshgan bo‘lsa, sotib olish 3 barobarga kamaygan. Hisobot davrida 5,5 mlrd dollarlik oltin sotildi. Bu umumiy eksportning 46 foizini tashkil etadi.
2025 yil yanvar-aprel oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 24,6 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu 2024 yilning mos davriga nisbatan 3 mlrd 443 mln dollarga yoki 16,3 foizga ko‘p.
Bunda eksport hajmi 11,88 mlrd dollar (+35,1 foiz), import hajmi esa 12,73 mlrd dollar (+2,9 foiz) bo‘lgan. Tashqi savdo salbiy saldosi esa 846 mln dollargacha qisqargan.
Hisobot davrida tashqi savdo aylanmasining salmoqli qismi Xitoy (17 foiz), Rossiya (15,1) Qozog‘iston (5,7 foiz), Turkiya (3,4 foiz) va Janubiy Koreya (2,4 foiz) bilan qayd etilgan.
MO mamlakatlari bilan savdo hajmi
Oxirgi yillarda O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan o‘zaro savdo hajmida pasayish kuzatilyapti. Xususan, 2023 yil va 2025 yillikning yanvar-aprel oylarida bu ko‘rsatkich (mln dollar hisobida) quyidagicha o‘zgargan:
Dastlabki 4 oylikda yirik hamkor davlatlardan Rossiya, Turkiya, Janubiy Koreya va Litva bilan ham savdo aylanmasi miqdori qisqargan. Xitoy, Afg‘oniston, Fransiya, Germaniya, Hindiston, BAA kabi davlatlar bilan esa umumiy savdo hajmi sezilarli miqdorda oshgan.
Eksport
Hisobot davrida 5 mlrd 481 mln dollarlik (+60,1 foiz) oltin sotilgan. Bu umumiy eksportning 46,1 foizini tashkil etadi. Shuningdek, eksport tarkibida sanoat tovarlari (10,1 foiz), oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar (5,6 foiz), kimyoviy vositalar (5,1 foiz), mineral yoqilg‘ilar (3,5 foiz) va turli xil tayyor buyumlar (3,4 foiz) ham sezilarli ulushga ega bo‘lgan.
Tashqi savdo aylanmasida tovarlar va xizmatlar eksporti bo‘yicha asosiy hamkorlar Rossiya (10,2 foiz), XXR (5,1 foiz), Afg‘oniston (3,5 foiz), Qozog‘iston (3,4 foiz), Turkiya (2,8 foiz), Fransiya (2,6 foiz), BAA (1,5 foiz), Tojikiston (1,3 foiz), Qirg‘iz Respublikasi (1,2 foiz) va Pokiston (1,1 foiz) kabi davlatlar bo‘lgan. Ularning umumiy eksportdagi ulushi 32,7 foizni tashkil etadi.
Mamlakat ichida gaz tanqisligi bilan bog‘liq vaziyat mavjudligiga qaramay eksport oshishda davom etyapti. Yanvar-aprel oylarida 199 mln dollarlik gaz sotilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 85 foizga ko‘p. Bundan tashqari, 145 mln dollarlik neft va neft mahsulotlari (-18,8 foiz), 72 mln dollarlik elektr toki (+29,6 foiz) eksporti ham amalga oshirilgan.
Hisobot davrida qariyb 90 mln dollarlik avtomobil va uning ehtiyot qismlari sotilgan. Bu 2024 yilga nisbatan 23,6 foizga kam.
Import
Import tarkibida eng katta ulush mashinalar va transport asbob-uskunalari (33,9 foiz), sanoat tovarlari (16,3 foiz) hamda kimyoviy vositalar va shunga o‘xshash mahsulotlar (13 foiz) hisobiga to‘g‘ri kelgan. Umumiy importning 2/3 qismi 7 ta davlatdan amalga oshirilgan:
Xitoy – 28,1 foiz;
Rossiya – 19,6 foiz;
Qozog‘iston – 7,8 foiz;
Janubiy Koreya – 4,5 foiz;
Turkiya – 3,9 foiz;
Germaniya – 3 foiz;
Hindiston – 2,7 foiz.
Gaz importi keskin qisqargan. Hisobot davrida150 mln dollarlik gaz sotib olingan, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichning atigi 34,8 foizini tashkil etadi. Shuningdek, avtomobil olib kirish ham sezilarli darajada qisqarib ketgan. Jumladan, yanvar-mart oylari davomida 964 mln dollarlik (-18,6 foiz) mashina import qilingan.
Iqtisodiyot
Soliq organlarining P2P monitoringi qanchalik qonuniy?
Yaqinda fuqarolarning shaxsiy bank kartalari bo‘yicha operatsiyalari soliq organlari tomonidan tahlil qilinayotgani ma’lum bo‘ldi. Soliq qo‘mitasi bu o‘rganishlar yuridik shaxslarning rahbar xodimlariga tegishli bank kartalariga taalluqli ekanini bildirdi. Advokat, soliq maslahatchisi Nodirbek Xudoyqulov Kun.uz uchun yozgan maqolasida bu tartibning huquqiy asoslari nega bo‘shligi haqida so‘z yuritadi.
Soliq qo‘mitasining harakatlari bir muhim savolni o‘rtaga tashlaydi: ushbu ma’lumotlar banklardan soliq organlariga qanday tartibda va qanday huquqiy asos bilan taqdim etilmoqda?
“Bank siri to‘g‘risida”gi qonunning 11-moddasiga ko‘ra, bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar soliq organlariga bank mijoziga soliq solish masalalariga taalluqli hollarda qonunchilikka muvofiq taqdim etiladi.
Kalit ibora — “qonunchilikka muvofiq”. Qaysi qonunchilik? Qaysi normativ-huquqiy hujjatga muvofiq? Qaysi tartib bo‘yicha?
Aynan shu savolni huquqiy nuqtayi nazardan tahlil qilish — mazkur maqolaning mavzusidir.
Qabul qilinmagan tartib
Soliq kodeksining 134-moddasi 5-qismida: “Soliq organi tomonidan bankka so‘rov yuborish shakli va tartibi hamda banklar tomonidan soliq organlarining so‘rovlariga ko‘ra axborot taqdim etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi” deb yozilgan.
Bu – qonun chiqaruvchi o‘zi belgilab qo‘ygan qoidadir. E’tibor bering, qonun chiqaruvchi (Oliy Majlis) bu masalada ikkita muhim qoidani o‘rnatgan:
Birinchisi: banklar tomonidan soliq organlariga ma’lumot taqdim etiladi (134-moddaning umumiy majburiyati).
Ikkinchisi: bu qanday amalga oshirilishi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan belgilanadi (134-moddaning 5-qismi).
Demak, qonun chiqaruvchi o‘zi bu masalaning muhimligini tan olgan va uni shunchaki texnik masala emas, balki alohida rasmiy tartibni talab qiladigan masala deb baholagan. Shu bois, u aniq tartibni o‘zi yozmasdan, ijro hokimiyati – Vazirlar Mahkamasiga topshirgan.
Biroq Vazirlar Mahkamasining bunday qarori hozirgi vaqtgacha qabul qilinmagan.
Holat quyidagicha shakllanadi: qonunda majburiyat bor, tartib ishlab chiqilishi shart deb yozilgan, lekin tartibning o‘zi yo‘q. Bunday sharoitda bank tomonidan fuqaroning bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlari soliq organiga taqdim etilishi qanchalik qonuniy?
Javob berishdan oldin bu tartib qanday qabul qilinishi kerak bo‘lganini va mavjud holatning huquqiy poydevorini ko‘rib chiqamiz.
Bunday tartib qanday qabul qilinishi kerak edi?
Alohida ta’kidlash zarur: Soliq kodeksining 134-moddasi 5-qismida nazarda tutilgan Vazirlar Mahkamasi qarori – oddiy idoraviy buyruq emas. “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni bunday hujjatni qabul qilishning jarayonini belgilab qo‘ygan.
Ushbu jarayon quyidagi majburiy bosqichlarni o‘z ichiga oladi.
1-bosqich — qaror loyihasini ishlab chiqish.
2-bosqich — loyihaning omma muhokamasiga qo‘yilishi. Qonunga ko‘ra, fuqaro huquqlariga daxldor loyihalar omma muhokamasiga majburiy ravishda qo‘yilishi kerak. Bank siri va shaxsga doir ma’lumotlarga tegishli loyiha aynan shunday toifaga kiradi.
3-bosqich — fuqarolar, nodavlat tijorat va notijorat tashkilotlari, ekspertlar, manfaatdor taraflar tomonidan e’tirozlar va takliflar taqdim etilishi.
4-bosqich — qabul qilingan e’tirozlarning ko‘rib chiqilishi va har biriga asosli munosabat bildirilishi (qabul qilish yoki asosli inkor etish).
5-bosqich — Adliya vazirligi va boshqa vakolatli organlar tomonidan huquqiy va korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazilishi;
6-bosqich — tartibga solish ta’sirini baholash: loyihaning tadbirkorlikka, iqtisodiyotga, fuqaro huquqlariga ta’sirini hisoblab chiqish;
7-bosqich — loyihaning manfaatdor davlat organlari bilan majburiy tartibda kelishilishi.
8-bosqich — vakolatli organ tomonidan qabul qilinishi, rasmiy e’lon qilinishi va qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasida ro‘yxatdan o‘tkazilishi.
Ushbu barcha bosqichlardan o‘tgan va qonuniy kuchga kirgan hujjat huquqiy tartib sifatida tan olinadi va amalda qo‘llanishi mumkin.
Hozirgi vaziyatda fuqaro huquqlariga jiddiy daxldor bo‘lgan ushbu masala bo‘yicha qaror loyihasi omma muhokamasiga qo‘yilmagan, e’tirozlar yig‘ilmagan, ko‘rib chiqilmagan, ekspertizalardan o‘tkazilmagan va qabul qilinmagan.
Huquqiy poydevor: klassik prinsiplar nima deydi?
Endi, huquqshunoslik nuqtayi nazaridan. Yuqorida keltirilgan holat, ya’ni davlat organining moddiy vakolati mavjud, lekin protsessual tartibi belgilanmagan – bu Rim huquqidan buyon mavjud bo‘lgan va zamonaviy huquqda to‘liq amal qiladigan klassik prinsiplar bilan tavsiflanadi.
Davlat organining vakolati ikki normativ asos bilan birgalikda amal qiladi: moddiy norma (vakolatning o‘zini belgilovchi qoida) va protsessual norma (vakolatni amalga oshirish tartibini belgilovchi qoida).
Bu ikki element bir-biridan ajratib bo‘lmaydigan birlikni tashkil qiladi.
Lex imperfecta — tugallanmagan qonun. Bajariladigan harakatni belgilaydigan, lekin uni qanday amalga oshirish mexanizmini belgilamagan qonun. Bunday qonun yuridik jihatdan amal qiladi, lekin amalda mustaqil qo‘llanishi uchun mexanizm shart.
Lex dubia non obligat — shubhali qonun majbur qilmaydi. Bajarish tartibi noma’lum bo‘lgan majburiyat ijro etilishi mumkin emas. Sub’yekt majburiyatning chegaralarini bilmasa, to‘liq ijro qilishning o‘zi mumkin emas.
In dubio contra fiscum — shubhalar fuqaro foydasiga. Ushbu prinsip O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 13-moddasida bevosita mustahkamlangan: “Qonunchilik hujjatlaridagi barcha bartaraf etib bo‘lmaydigan qarama-qarshiliklar va noaniqliklar soliq to‘lovchining foydasiga talqin qilinadi”.
Yuqorida keltirilgan prinsiplar biz ko‘rib chiqayotgan masalaga qay tarzda tatbiq qilinadi?
Soliq kodeksining 134-moddasi bank va soliq organi orasidagi ma’lumot almashuvi majburiyatini belgilaydi – bu moddiy norma. Biroq ushbu majburiyatning qanday amalga oshirilishi Vazirlar Mahkamasi qaroriga havola qilingan. Havola qilingan qaror qabul qilinmagan ekan, moddiy norma o‘zining protsessual ifodasini topa olmaydi. Bu – lex imperfecta holatidir.
Bunday holatda quyidagicha huquqiy xulosalarga kelish mumkin:
Lex dubia non obligat prinsipiga ko‘ra, shubhali tartib to‘liq majburiyat yuklay olmaydi.
In dubio contra fiscum prinsipiga ko‘ra, barcha noaniqliklar fuqaro foydasiga hal qilinadi.
Procedural ultra vires doktrinasiga ko‘ra, qonun belgilagan tartib bo‘lmagan holda amalga oshirilgan harakat huquqiy kuchga ega emas.
Bu yerda yana bir muhim jihatni ta’kidlash kerak. Soliq kodeksining 134-moddasi fuqaroning bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlariga tegishli. Ya’ni plastik karta operatsiyalari, to‘lovlar, qoldiqlar, kontragentlar shular jumlasidan. Bu ma’lumotlar orqali fuqaroning shaxsiy hayoti, iqtisodiy faoliyati, hatto sog‘lig‘ining holati haqida xulosa chiqarish mumkin. Shu bois ushbu ma’lumotlarni uzatish – oddiy ma’muriy harakat emas, balki konstitutsiyaviy huquqlarga – shaxsiy hayot daxlsizligiga, yozishmalar siriga tegishli amallardir. Bunday ahamiyatli sohada protsessual aniqlik – talab emas, balki shartdir.
Xulosa
Banklar tomonidan shaxsga doir ma’lumotlarni taqdim etish tartibi qabul qilinmagani sababli, banklar tomonidan fuqarolarning ushbu ma’lumotlari soliq organlariga taqdim etilmasligi lozim deb hisoblaymiz.
Sababi Soliq kodeksining 134-moddasi 5-qismi Vazirlar Mahkamasi qaroriga havola qilgan, ammo bu qaror hozirgi kungacha qabul qilinmagan. Demak, moddiy norma o‘zining protsessual ifodasini topa olmagan.
Shu bois, ushbu tartib qonun belgilagan yo‘l bilan, ya’ni ma’lumotlarni ochiqlash tartibi to‘g‘risidagi loyiha ishlab chiqilib, omma muhokamasiga qo‘yilib, e’tirozlar ko‘rib chiqilib, huquqiy va korrupsiyaga qarshi ekspertiza o‘tkazilib, ijtimoiy munosabatlarga ta’siri o‘rganilib, rasmiy e’lon qilinib, amaliyotga joriy qilingunga qadar, banklar o‘z mijozlarining shaxsiy hayotiga haqidagi ma’lumotlarni soliq organlariga taqdim etish bo‘yicha harakatdan tiyilishi lozim.
Tartib qanday talablarni qamrab olishi kerak edi?
Qonunchilikdagi “oq dog‘lar”ni aniqlash masalaning bir tarafi bo‘lsa, ushbu “oq dog‘lar”ni bartaraf etish uning ikkinchi tarafidir. Bizning fikrimizcha, banklar va soliq organlari o‘rtasida bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar almashuvini tartibga soluvchi Vazirlar Mahkamasi qarori quyidagi asosiy jihatlarni qamrab olishi lozim. Ularning har biri – texnik tafsilot emas, balki “Bank siri to‘g‘risida”gi va “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlarning o‘zi talab qiladigan huquqiy majburiy shartdir.
1. Bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar tarkibi va ularning alohida toifalari. “Bank siri to‘g‘risida”gi qonunning 3-moddasida bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar sanab o‘tilgan: mijoz operatsiyalari, hisobvaraqlari, omonatlari; bank xizmatlari ko‘rsatish munosabati bilan olingan ma’lumotlar; seyf va binolarda saqlangan mol-mulk haqidagi ma’lumotlar; banklararo operatsiyalar bo‘yicha ma’lumotlar. Tartibda ushbu toifalardan qaysi birlari va qanday hajmda so‘rov obekti bo‘la olishi aniq belgilanishi kerak.
2. Ma’lumot uzatish kanali va uning himoyasi. “Bank siri to‘g‘risida”gi qonunning 7-moddasi bank sirini muhofaza qilish majburiyatini belgilaydi. Lekin muhofazaning texnik standartlari belgilanmagan. Tartibda: maxsus himoyalangan portal yoki davlat xizmatlari yagona platformasi orqali uzatish, shifrlash standartlari, sertifikatlash talablari, ma’lumotlarning ham uzatilayotganda, ham saqlanganda himoyalanishi ko‘rsatilishi kerak.
3. Ma’lumot uzatish va qabul qilishga vakolatli shaxslar. “Bank siri to‘g‘risida”gi qonunning 6-moddasi oshkor qilishni taqiqlaydi va buning majburiyatini aniq shaxslarga yuklaydi. Tartibda: bank tomonidan va soliq organi tomonidan vakolatli shaxslarning ro‘yxati, ularning elektron raqamli imzo orqali identifikatsiyalanishi, shaxsiy javobgarlik chegaralari belgilanishi kerak.
4. So‘rovning majburiy rekvizitlari. “Bank siri to‘g‘risida”gi qonunning 11-moddasida soliq organlari ma’lumotlarni “soliq solish masalalariga taalluqli hollarda” so‘rashi mumkinligi aytilgan. Biroq “taalluqlilik” qanday tasdiqlanishi belgilanmagan. Tartibda so‘rovning majburiy rekvizitlari aniq ko‘rsatilishi kerak: soliq nazorati shakli, uning raqami, sanasi, mijozning qaysi soliq masalasiga daxldorligi, ma’lumot so‘rashning asosi, va vakolatni tasdiqlovchi xujjatlar.
5. Ma’lumot hajmining mutanosibligi. “Bank siri to‘g‘risida”gi qonunning 15-moddasi taqdim etish chegarasini belgilaydi, lekin chegaraning o‘zi aniq ko‘rsatilmagan. Tartibda: qancha davr uchun va qanday hajmda ma’lumot so‘ralishi, mutanosiblik chegarasi, maqsadga muvofiqlik prinsipining qo‘llanishi aniqlashtirilishi kerak. Bu – Konstitutsiya darajasidagi ahamiyatli masala, chunki bank siriga doir ma’lumotlar, bu fuqaroning hayoti haqidagi ma’lumotlardir. Shaxsiy hayotga taalluqli ma’lumotlardan foydalanish esa shaxsiy hayotga aralashuv demakdir.
6. Javob shakli. Javob qanday formatda (shifrlangan, arxiv) taqdim etiladi? Ma’lumotlarning yaxlitligi qanday ta’minlanadi? Uzatilgan ma’lumotlarning o‘zgartirilmagani qanday kafolatlanadi?
7. So‘rovni rad etish holatlari. “Bank siri to‘g‘risida”gi qonunning 16-moddasi bankning taqdim etishni rad qilish huquqini tan oladi. Tartibda: bank rad etish huquqiga ega bo‘lgan aniq holatlar, rad etish jarayoni, rad etilgan so‘rovning keyingi harakatlari belgilanishi kerak.
8. So‘rovlar hisobi va izi. Har bir so‘rov va javobning qaysi tizimda qanday qayd etilishi, saqlanish muddati, mustaqil audit o‘tkazish imkoniyati, mijozning o‘z ma’lumotlariga oid so‘rovlar jurnali (reyestr)ga kirish huquqi belgilanishi kerak. Bu – bank sirini amalda muhofaza qilishning asosiy vositasidir.
9. Ma’lumotdan foydalanish chegarasi. Soliq organi olgan ma’lumotdan foydalanish maqsadlarining chegarasi, boshqa organlarga o‘tkazish bo‘yicha cheklov, saqlash muddati, kafolatli yo‘q qilish tartibi.
10. Fuqaroning xabardor bo‘lish huquqi. Fuqaroning o‘ziga oid so‘rovlar haqida qanday yo‘l bilan bilib olish huquqi, shaxsiy kabinet orqali ma’lumot olish imkoniyati, so‘rovlar jurnaliga kirishning tartibi belgilanishi kerak.
11. Shikoyat va huquqiy himoya yo‘li. “Bank siri to‘g‘risida”gi qonunning 17-moddasi nizolarni hal qilishni umumiy tarzda qayd etadi. Tartibda: noqonuniy so‘rovga qarshi shikoyat qilish yo‘li, shikoyatni ko‘rib chiquvchi organ, muddatlar, zararni tiklash tartibi, sud tartibidagi himoya imkoniyati aniqlashtirilishi kerak.
Yuqoridagi o‘n bitta jihat – bank sirini himoya qilishning huquqiy poydevorlaridir. Ularsiz amalga oshirilayotgan ma’lumot almashuvi – texnik jihatdan mumkin bo‘lsa-da, huquqiy jihatdan mukammal asosga ega emas.
Iqtisodiyot
Endi o‘zbekistonliklar xorijdagi biznesga 10 ming dollargacha investitsiya kirita oladi
Adliya vazirligi Kapital harakati bilan bog‘liq ayrim valyuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazdi (ro‘yxat raqami 2536-3, 2026-yil 15-iyun).
Hujjatga ko‘ra:
1. Rezidentlarning chet eldagi investitsiya faoliyati uchun 1 kalendar yil davomidagi limitlar amaldagi 10 000 $ o‘rniga quyidagicha oshirilmoqda:
a) chet eldagi korxonalarining ustav kapitalini shakllantirish (ulushli ishtirok etish) va chet elda filiallar, vakolatxonalar va savdo uylari faoliyatini tashkil etishga:
– 200 000 $ gacha, davlat ulushi mavjud bo‘lmagan korxonalar uchun;
– 100 000 $ gacha, davlat ulushi mavjud bo‘lgan korxonalar uchun;
b) chet eldagi filial va vakolatxonalarini aylanma mablag‘lar bilan to‘ldirishga:
– 100 000 $ gacha, davlat ulushi mavjud bo‘lmagan korxonalar uchun;
– 50 000 $ gacha, davlat ulushi mavjud bo‘lgan korxonalar uchun;
d) chet eldagi korxonalarining ustav kapitalini shakllantirish yoki ulushli ishtirok etishga – 10 000 $ gacha, jismoniy shaxslar uchun.
2.Banklar tomonidan kapital harakati operatsiyalari bo‘yicha qog‘oz jurnal hamda hujjatlarning nusxalari tikilgan yig‘majildlar yuritish talabi bekor qilindi.
Bunda, jarayonni raqamlashtirish orqali ushbu operatsiyalarni ro‘yxatga olish Markaziy bankning «FERUz» axborot tizimi orqali amalga oshirilishi belgilandi.
3. Kapital harakati operatsiyalari hisobini yuritish raqamlashtirilgani munosabati bilan ushbu operatsiyalarni faqat asosiy hisobvaraq ochilgan bank orqali amalga oshirish talabi bekor qilinmoqda.
4.Endilikda tadbirkorlik subyektlari kapital harakati operatsiyalarini ikkilamchi hisobvaraqlar orqali ham amalga oshirishlari mumkin.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston 4 oyda 26 ming tonnadan ziyod piyoz eksport qildi
2026-yilning yanvar–aprel oylarida O‘zbekiston 11 ta xorijiy davlatga 5,8 million AQSh dollariga teng 26,2 ming tonna piyoz eksport qildi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, eksport hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18,4 ming tonnaga qisqargan. Natijada tashqi bozorlarga piyoz yetkazib berish ko‘rsatkichi 41,2 foizga kamaygan.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston piyozining eng yirik xaridori Turkmaniston bo‘ldi. Ushbu mamlakatga 8,7 ming tonna mahsulot yetkazib berilgan.
Ikkinchi o‘rinda Rossiya qayd etildi. Bu davlatga eksport hajmi 8,4 ming tonnani tashkil qildi. Shuningdek, Iroq bozoriga 5,3 ming tonna piyoz yuborilgan.
Eksport qilingan mahsulotning yana bir qismi Eron va Qirg‘iz Respublikasi hissasiga to‘g‘ri keladi. Xususan, Eronga 2,2 ming tonna, Qirg‘iz Respublikasiga esa 1,4 ming tonna piyoz eksport qilingan. Boshqa davlatlarga jami 260,4 tonna mahsulot yetkazib berilgan.
Iqtisodiyot
Mijozlar bilan eng yomon ishlayotgan banklar ro‘yxati e’lon qilib boriladi
Markaziy bank mijozlarning shikoyatlari asosida eng yomon ishlayotgan banklar ro‘yxatini e’lon qilib borishni rejalashtiryapti. «Biz birinchi marta banklarning fuqarolar murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha indeksini ishlab chiqdik. Kelasi hafta eng yomon ko‘rsatkichlarga ega banklarni e’lon qilishni boshlaymiz», – dedi regulyator raisi Timur Ishmetov.
Markaziy bank mijozlarning shikoyatlari asosida eng yomon ishlayotgan banklar ro‘yxatini e’lon qilib boradi. Bu haqda 13 iyun kungi Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida regulyator rahbari Timur Ishmetov ma’lum qildi.
«Biz birinchi marta banklarning fuqarolar murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha indeksini ishlab chiqdik. Kelasi hafta eng yomon ko‘rsatkichlarga ega banklarni e’lon qilishni boshlaymiz», — dedi MB raisi.
Timur Ishmetovning so‘zlariga ko‘ra, bir oydan keyin Markaziy bank o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida fuqarolarning bank xizmatlari bo‘yicha murojaatlari uchun ikkita kanal ochadi. Bunda fuqarolar murojaat bilan chiqishi mumkin bo‘ladi, banklar esa bir soat ichida javob berishi va masalalarni hal qilishi kerak.
Regulyator rahbari Markaziy bankning o‘zida ham kommunikatsiya borasida muammolar bo‘lganligini tan olgan holda, o‘tgan oyda koll-markaz yangilanib, aloqa markaziga aylantirilgani va hozirda test rejimida ishlayotganini aytib o‘tdi.
«Shuning hisobiga bizda murojaatlar soni olti baravar oshdi. Avvallari bizga ham yetarlicha qo‘ng‘iroq qila olmagan odamlar. Buni hozir sinovdan o‘tkazyapmiz, bir-ikki oydan keyin e’lon qilib, ishlashni kengaytiramiz», — dedi Ishmetov.
Iqtisodiyot
ekspertlarning inflyasiya bo‘yicha kutilmalari ijobiy
2026-yil may oyida o‘tkazilgan so‘rov natijalari moliya sohasi ekspertlarining inflyasiya va iqtisodiy barqarorlik bo‘yicha qarashlari ijobiy tomonga o‘zgarayotganini ko‘rsatdi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.
So‘rovda jami 41 nafar ekspert ishtirok etgan bo‘lib, ularning 71 foizini tijorat banklari, 22 foizini mikromoliya tashkilotlari va 7 foizini boshqa moliya institutlari vakillari tashkil qildi.
Natijalarga ko‘ra, kelgusi 12 oy uchun yillik inflyasiya bo‘yicha kutilmalar 7,5 foizdan 7,2 foizgacha pasaygan. Kelgusi uch yil uchun inflyasiya prognozi ham 5,7 foizdan 5,4 foizga tushgan. Bu ko‘rsatkichlar inflyasiyaning Markaziy bank belgilagan 5 foizlik maqsadli darajasiga yaqinlashayotganini anglatadi.
Ta’kidlanishicha, 2025-yil dekabrida kelgusi 12 oy uchun inflyasiya 7,8 foiz deb baholangan bo‘lsa, may oyiga kelib bu ko‘rsatkich 7,2 foizgacha kamaygan.
Ekspertlarning inflyasiyaning 5 foizlik maqsadli ko‘rsatkichiga erishish bo‘yicha ishonchi ham ortib bormoqda. May oyida ishtirokchilarning 51,2 foizi ushbu maqsadga 2027–2028-yillarda erishilishini kutmoqda. Bu aprel oyidagi 48 foizlik ko‘rsatkichdan yuqori.
Markaziy bankning asosiy stavkasini o‘zgartirmaslik bo‘yicha qarashlar ham ustuvor bo‘lib qolmoqda. Ekspertlarning 80,5 foizi navbatdagi boshqaruv yig‘ilishidan keyin stavka 14 foiz darajasida saqlanishini prognoz qilgan. Kelgusi 12 oy uchun asosiy stavka bo‘yicha kutilmalar esa 13 foiz atrofida shakllangan.
Shuningdek, banklararo pul bozoridagi resurslar qiymati bo‘yicha kutilmalar yuqori saqlanmoqda. Bir yillik resurslar bo‘yicha stavkalar kelgusi 30 kunda 15,8 foiz, kelgusi 12 oyda esa 15 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
Iqtisodiy o‘sish bo‘yicha baholar ham ijobiy saqlanmoqda. Ekspertlar joriy va kelgusi yilda real yalpi ichki mahsulot o‘sishi 6,4 foiz darajasida bo‘lishini prognoz qilmoqda.
Shu bilan birga, nominal ish haqi o‘sishi joriy yilda 13,3 foiz, kelgusi yilda esa 12,8 foiz bo‘lishi kutilmoqda. Umuman, so‘rov natijalari moliya bozori ishtirokchilari inflyasiyaning bosqichma-bosqich pasayishi, pul-kredit siyosati barqarorligi va iqtisodiy o‘sish sur’atlarining saqlanishiga ishonayotganini ko‘rsatmoqda.
-
Iqtisodiyot4 days agoSpaceX tarixdagi eng yirik IPOʻni amalga oshirdi
-
Dunyodan5 days agoYevropa Ittifoqi Oʻrta Yer dengizidagi “soya flotlari”ga qarshi reydlarni kuchaytirdi
-
Jamiyat4 days agoIchki kiyimga yashirilgan giyohvandlik moddasi saqlovchi kapsulalar aniqlandi
-
Iqtisodiyot4 days agoMevalar nega qimmat?
-
Siyosat21 hours ago
«Ushbu masalani shaxsan nazoratimga oldim» — Saida Mirziyoyeva giyohvandlikka qarshi kurash haqida
-
Iqtisodiyot5 days ago
Qaysi hududlar aholisi eng ko‘p keshbekka ega bo‘ldi?
-
Jamiyat4 days agoToshkentda 34 kilogrammdan ziyod narkotik moddalar musodara qilindi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Fond birjasi va birjadan tashqari savdo tashkilotchilari uchun litsenziyalash tartibi belgilandi
