Iqtisodiyot
Ishonch bilan xarid qiling: mahsulotlarni tekshirishda nimalar o‘zgardi
Bugungi kunda oziq-ovqat qadoqlarida QR-kodga o‘xshash kvadrat kodlarni tez-tez uchratish mumkin. Aslida, bu Data Matrix kodlari – xaridorlarni qalbaki mahsulotdan himoya qilishga yordam beradigan tovarlarning zamonaviy «raqamli pasportlari»dir.
Ularni ASL BELGISI ilovasi orqali o‘qish mumkin. Birgina skanerlash orqali siz oldingizdagi mahsulot aslmi yoki qalbakimi, aniq bilishingiz mumkin.
Yangi imkoniyatlar
Ilova yaqinda yangilandi va yanada qulay bo‘ldi. Yangilangan interfeys mahsulotlarning haqiqiyligini tekshirishni tezroq va tushunarliroq qiladi. Bunda eng muhimi – ishlab chiqaruvchi va xaridor o‘rtasidagi shaffoflik va ishonch saqlab qolinadi.
Nima uchun bu muhim
O‘zbekistonda tovarlarni markirovkalash rasmiyatchilik emas. Bu iste’molchilarning haqiqiy himoyasidir. Data Matrix kodi mahsulotning zavoddan do‘kon peshtaxtasigacha bo‘lgan yo‘lini kuzatish imkonini beradi. Agar qaysidir bosqichda muammo yuzaga kelsa, ASL BELGISI darhol bu haqda xabar beradi.
Endi har bir skanerlashdan so‘ng foydalanuvchilar tushunarli ko‘rsatmalar va tushuntirishlar olishadi. Ilovani birinchi marta ochayotgan bo‘lsangiz ham, uni tushunish oson.
Ishlab chiqaruvchilar va sotuvchilar uchun ham bu afzallikdir: ular o‘z mahsulotlarini o‘zlari skanerlashlari va mijoz qanday ma’lumot olayotganini ko‘rishlari mumkin. Bu ishonchni mustahkamlashga va haqiqiyligiga shubhalarni bartaraf etishga yordam beradi.
Xaridor nimani ko‘radi
Tekshiruv paytida ilova mahsulot holati haqida turli xabarnomalarni ko‘rsatadi. Himoya qanday ishlashi haqida to‘liq tasavvurga ega bo‘lishingiz uchun biz ulardan eng keng tarqalganlarini alohida to‘pladik.
Mahsulot tekshirildi
Foydalanuvchi nimani ko‘radi:
Tegishli ma’lumotlar (ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati, partiya seriyasi va raqami, ishlab chiqaruvchi haqidagi ma’lumotlar va h.k.)
Bu biznes vakillari uchun nimani anglatadi:
Barcha statuslar to‘g‘ri, markirovka kodi «jonli», tovar aylanmada, hisobdan chiqarilmagan, sotilmagan, yaroqlilik muddati me’yorida. Jarayon aynan shunday ishlashi kerak.
Mahsulot ro‘yxatdan o‘tmagan
Foydalanuvchi nimani ko‘radi:
«Ushbu tovarning ishlab chiqarilishi va markirovkasi haqida ma’lumot yo‘q. Agar tovar sotuvga qo‘yilgan bo‘lsa – qoidabuzarlik haqida xabar bering.»
Bu biznes vakillari uchun nimani anglatadi:
Agar markirovka kodining holati (statusi) «Emissiya qilingan» lekin qo‘llash hisoboti yuborilmagan bo‘lsa, bunday xabar paydo bo‘ladi. Boshqacha aytganda, markirovka kodi yaratilgan, ammo ishlatilganligi tasdiqlanmagan.
Tavsiya:
Qo‘llash haqidagi ma’lumotlarni yuborishning to‘g‘riligini tekshiring. Bunday markirovka kodlari iste’molchida xavotir uyg‘otadi.
Mahsulot sotuvga chiqarilmadi
Foydalanuvchi nimani ko‘radi:
«Tovarni savdo tarmog‘iga berish to‘g‘risida ma’lumotlar yo‘q.»
Bu biznes vakillari uchun nimani anglatadi:
Bunday holat mahsulotni muomalaga kiritish yoki realizatsiyaga topshirish hisoboti bo‘lmaganda yuzaga keladi. Iste’molchi mahsulotni do‘konda ko‘radi, ammo tizim uni hali sotilmagan deb hisoblaydi.
Tavsiya:
Tovar harakati hujjatlari yuborilganini tekshiring (masalan, UTH yoki topshirish ma’lumotlari).
Tovar hisobdan chiqarildi
Foydalanuvchi nimani ko‘radi:
«Tovar ishlab chiqaruvchi tomonidan hisobdan chiqarilgan. Agar u sotuvga qo‘yilgan bo‘lsa, qoidabuzarlik haqida xabar bering.»
Bu biznes vakillari uchun nimani anglatadi:
Tovar muomaladan chiqib ketdi (masalan, yaroqsiz yoki shikastlangan), lekin jismonan do‘kon javonlariga tushib qoldi.
Tavsiya:
Hisobdan chiqarilgan mahsulotlar haqiqatan ham sotuvda emasligiga ishonch hosil qiling.
Yaroqlilik muddati tugagan
Foydalanuvchi nimani ko‘radi:
«Tovarning yaroqlilik muddati tugagan. Agar u sotilayotgan bo‘lsa, qoidabuzarlik haqida xabar bering.»
Bu biznes vakillari uchun nimani anglatadi:
Tizim joriy sanani markirovka kodini kiritishda ko‘rsatilgan yaroqlilik muddatining tugash sanasi bilan taqqoslaydi.
Tavsiya:
Qoldiqlarning dolzarbligini va bunday mahsulotlarning sotuvdan o‘z vaqtida olib tashlanishini kuzatib boring.
Kod topilmadi
Foydalanuvchi nimani ko‘radi:
«Skaner qilingan kod O‘zbekiston Respublikasining milliy markirovkalash tizimiga taalluqli emas.»
Bu biznes vakillari uchun nimani anglatadi:
Kod tizimda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan yoki norasmiy manbadan (masalan, tashqi qadoqdan) skanerlangan.
Tavsiya:
Qadoqda tizimda qayd etilgan Data Matrix to‘g‘ri qo‘llanilganligini tekshiring.
Tovar sotildi
Foydalanuvchi nimani ko‘radi:
«Tovar sotilgan deb hisoblanmoqda. Uni siz sotib oldingizmi yoki yaqinlaringiz?»
Agar foydalanuvchi mahsulotni sotib olmaganini aytsa, ilova qoidabuzarlik haqida xabar berishni taklif qiladi.
Bu siz uchun nimani anglatadi:
Tizim markirovka kodi chakana savdo orqali (masalan, kassa orqali) chiqarilgan deb hisoblaydi. Ammo tovar hali ham muomalada – yoki qaytib kelgan, yoki ma’lumotlar noto‘g‘ri yuborilgan.
Tavsiya:
Markirovka kodi muomaladan xatolik bilan chiqqanmi yo‘qmi, tekshiring. Uni boshqa mahsulotlarda takroran ishlatilishidan ehtiyot bo‘ling.
Bugungi kunda ASL BELGISI yordamida alkogol va tamaki mahsulotlari, ichimliklar va qadoqlangan suv, dori vositalari va tibbiy preparatlar, shuningdek, maishiy texnikaning aslligini osongina tekshirish mumkin.
Hozirda butun mamlakat bo‘ylab 300 000 dan ortiq foydalanuvchilar o‘z xaridlarini xavfsiz qilish uchun ilovani yuklab olishdi. Siz ham ulardan biri bo‘lishingiz mumkin:
• Android yoki iOS uchun ASL BELGISI ilovasini yuklab oling,
• Kamerani oching va Data Matrix kodiga qarating,
• Mahsulot haqidagi barcha ma’lumotlarni bir necha soniyada oling.
ASL BELGISI – bu shunchaki skaner emas, balki sizning xavfsizlik, halol xarid va ishlab chiqaruvchiga bo‘lgan ishonchingiz kafolatidir. Ilovani o‘rnating, mahsulotlarni tekshiring va ongli tanlov qiling.
Iqtisodiyot
tadbirkor va davlat organlari o‘rtasida huquqiy bahs yuzaga keldi
Toshkent shahrida dizayn-kod kuchga kirgach, Raqamli rivojlanish departamenti ko‘p qavatli uylar tomiga o‘rnatilgan reklama konstruksiyalarini demontaj qilish bo‘yicha tadbirkorlarga talabnomalar yubora boshladi. Tadbirkor Kun.uzʼga yuborgan murojaatida reklama joylari uchun davlatga yuz millionlab so‘m to‘laganini, reklama pasportlari esa yana bir necha yil amal qilishi kerakligini aytmoqda. Biznes yangi talablar sabab bu huquqlardan muddatidan oldin mahrum bo‘lmoqda. Masala atrofida tadbirkor, Toshkent shahar hokimligi va Adliya vazirligi turlicha huquqiy talqinlarni ilgari surmoqda.
Single Media Group MChJning Kun.uzʼga ma’lum qilishicha, kompaniya 2025 yilda Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamentidan ko‘p kvartirali uylar tomiga reklama konstruksiyalarini joylashtirish bo‘yicha ikki reklama joyi pasportini olgan. Ulardan biri 2030 yilgacha, ikkinchisi esa 2034 yilgacha amal qilishi belgilangan.
Biroq 2026 yil may oyida kompaniyaga yuborilgan bildirishnomada Toshkent shahrining dizayn-kodi kuchga kirgani, unga ko‘ra ko‘p kvartirali uylar tom qismida reklama konstruksiyalarini joylashtirish taqiqlangani sabab reklama konstruksiyalarini 10 kun ichida demontaj qilish talab qilingan. Departament reklama joyi pasportlarini bekor qilish choralari ko‘rilayotganini ma’lum qilgan.
Tadbirkor: «Biz qonuniy ruxsatnoma asosida investitsiya qilganmiz»
Kompaniya vakilining aytishicha, reklama joylari uchun davlatga katta miqdorda to‘lovlar amalga oshirilgan. Xususan, Shota Rustaveli ko‘chasidagi reklama joyi uchun shu kungacha 270,4 mln so‘m, Chilonzor tumani, Olmazor dahasidagi reklama joyi uchun esa 69,4 mln so‘m to‘langan.
Tadbirkor reklama pasportlari 2030 va 2034 yilgacha amal qilishiga ishonib investitsiya kiritganini, yangi dizayn-kod esa amalda ilgari berilgan huquqlarni bekor qilayotganini ta’kidlamoqda.
Kompaniya Ombudsmanga yo‘llagan murojaatida bir nechta huquqiy asoslarni keltirgan.
Birinchidan, tadbirkor prezidentning 2026 yil 5 fevraldagi PQ-48-son qaroriga tayanmoqda. Mazkur hujjat bilan ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimi takomillashtirilgan bo‘lib, unda uylarning umumiy mol-mulkidan olinadigan daromadlar qatorida reklama joylashtirishdan tushadigan mablag‘lar ham ko‘rsatilgan. Qarorga ko‘ra, reklama, mobil aloqa antennalari va boshqa umumiy mol-mulkni ijaraga berishdan tushadigan daromadlar ko‘p kvartirali uyning bank hisobraqamiga yo‘naltiriladi hamda mulkdorlarning daromadi hisoblanadi.
Shuningdek, qarorning 9-ilovasida ishchi guruhlarga ko‘p kvartirali uylarning reklama joylashtirish mumkin bo‘lgan joylarini aniqlash vazifasi yuklatilgan.
Tadbirkor aynan shu normalarga tayanib, Prezident qarorida reklama konstruksiyalarini, jumladan tom qismida reklama joylashtirishni taqiqlovchi norma mavjud emasligini, aksincha reklama joylashtirish daromad manbayi sifatida e’tirof etilganini ta’kidlamoqda.
Ikkinchidan, kompaniya “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunning 41-moddasiga murojaat qilib, normativ-huquqiy hujjatlar orqaga qaytish kuchiga ega emasligini eslatmoqda. Uning fikricha, dizayn-kod kuchga kirishidan avval qonuniy ravishda berilgan reklama pasportlariga yangi cheklovlar tatbiq etilmasligi kerak.
Yana bir e’tiroz Vazirlar Mahkamasining 104-son qaroriga taalluqli. Tadbirkor reklama joyi pasportlarini bekor qilishdan oldin maxsus ishchi guruh xulosasi bo‘lishi kerakligini, biroq bunday xulosa taqdim etilmaganini bildirgan.
Hokimlik pozitsiyasi
Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti esa aksincha fikrda.
Departament yuborgan bildirishnomada Vazirlar Mahkamasining 104 va 428-son qarorlari hamda Toshkent shahrining dizayn-kodi talablariga muvofiq barcha tashqi reklama obektlari shaharsozlik normalari va dizayn talablariga mos bo‘lishi shartligi qayd etilgan.
Bildirishnomada, shuningdek, reklama tarqatuvchi bilan tuzilgan ommaviy oferta shartnomasiga havola qilinib, qonunchilik yoki shaharsozlik vaziyati o‘zgargan taqdirda reklama konstruksiyalarini demontaj qilish tadbirkorning majburiyati ekani ko‘rsatilgan. Shu asosda reklama konstruksiyalarini 10 kun ichida olib tashlash, aks holda ular majburiy tartibda demontaj qilinishi hamda xarajatlar tadbirkordan undirilishi haqida ogohlantirilgan.
Adliya vazirligi nima deydi?
Mazkur masala yuzasidan Adliya vazirligi ham tadbirkorning murojaatini ko‘rib chiqdi.
Vazirlik javobida “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq Toshkent shahar Kengashi dizayn-kodni qabul qilish vakolatiga ega ekanini qayd etgan.
(Muharrirga: Fotogalereyada adliya vazirligining javobi va hokimiyat xatidan skrinshot bor, shuni qo’ya olmadim)
Shuningdek, vazirlik bahs markazida turgan prezidentning 2026 yil 5 fevraldagi PQ-48-son qaroriga ham izoh berib, unda ko‘p kvartirali uylar tom qismida reklama konstruksiyalarini joylashtirishga ruxsat beruvchi norma mavjud emasligini bildirgan.
Biroq vazirlik tadbirkorning huquqiy manfaatlari masalasiga ham e’tibor qaratgan. “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonunning 59-moddasiga ko‘ra, manfaatdor shaxsning ishonchi himoya qilinishi lozim bo‘lgan hollarda ma’muriy hujjatni bekor qilish yoki o‘zgartirish masalasi sud tartibida ko‘rib chiqiladi. Shu bois vazirlik tadbirkorga Toshkent shahar Kengashi qarori yuzasidan sudga murojaat qilish huquqi mavjudligini ma’lum qilgan.
Bahs nimada?
Tomonlar bir hujjatni turlicha talqin qilmoqda. Tadbirkor prezidentning PQ-48-son qarori reklama joylashtirishni ko‘p kvartirali uylarning daromad manbayi sifatida tan olganini, shu bois dizayn-kod bilan bunday reklama konstruksiyalarini to‘liq taqiqlash prezident qaroriga zid ekanini ta’kidlamoqda.
Adliya vazirligi esa boshqa yondashuvni ilgari suradi: vazirlikka ko‘ra, PQ-48 qarorida reklama joylashtirishdan daromad olish nazarda tutilgan bo‘lsa-da, unda aynan ko‘p kvartirali uylarning tom qismida reklama konstruksiyalarini joylashtirishga ruxsat beruvchi norma mavjud emas. Shu sababli dizayn-kodning mazkur taqiqi prezident qaroriga zid deb baholanmagan.
Natijada bahsning asosiy savoli ochiqligicha qolmoqda: davlat tomonidan 2030 va 2034 yilgacha amal qilishi belgilab berilgan reklama pasportlari yangi mahalliy normativ hujjat asosida muddatidan oldin bekor qilinishi mumkinmi? Agar mumkin bo‘lsa, reklama joylari uchun yuz millionlab so‘m to‘lagan tadbirkorning investitsiyalari va mulkiy manfaatlari qanday himoya qilinadi?
Kun.uz bu borada Biznes ombudsman va Savdo-sanoat palatasiga so‘rov yubordi.
Iqtisodiyot
Andijonda Belarus texnologiyasi asosida qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqariladi
Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Belarusning Grodno viloyati Lida tumanida joylashgan «LidaTexmash» MChJ korxonasi rahbari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralar davomida Andijon viloyatida qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarishni kengaytirish va yangi quvvatlarni ishga tushirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlik doirasida bog‘dorchilik va dehqon xo‘jaliklari uchun arzon va ixcham texnikalar, shuningdek, kartoshka ekish hamda hosilni terib olishga mo‘ljallangan zamonaviy agrotexnikalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muhim kelishuvga erishdi.
«Mazkur istiqbolli loyiha viloyat agrar tarmog‘ini hamyonbop va zamonaviy uskunalar bilan ta’minlash orqali qishloq xo‘jaligida ish unumdorligini yanada oshirishga xizmat qiladi», — deyiladi viloyat hokimligi xabarida.
Iqtisodiyot
«Anorbank»ka nisbatan moliyaviy jarima qo‘llanildi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan «Anorbank» jarimaga tortildi.
Qo‘mita tomonidan Toshkent viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaroning murojaati asosida «ANOR BANK» AJ tomonidan Instagram ijtimoiy tarmog‘ida joylashtirilgan reklama axboroti o‘rganildi.
Xususan, mazkur murojaatda bank tomonidan aksiya doirasida e’lon qilingan axborotlarda aksiya shartlari to‘g‘risida to‘liq ma’lumotlar berilmaganligiga e’tiroz bildirilgan.
O‘rganishlarda reklamada moliyaviy xizmatlarni ko‘rsatishda shartnomaning muhim shartlaridan biri — aksiyaning amal qilish shartlari, unga qo‘llanilgan limit hamda limitdan oshgan hollarda komissiya to‘g‘risidagi ma’lumotlar mavjud emasligi aniqlandi.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan Qo‘mita Maxsus komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining «Reklama to‘g‘risida»gi Qonunining 16, 21 va 43-moddalari talablari buzilishi alomatlari yuzasidan «ANOR BANK» AJga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, ishni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha moliyaviy jarima qo‘llanildi.
Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish hamda kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.
Iqtisodiyot
Yil boshidan beri tadbirkorlarga 97 mlrd so‘m QQS qaytarildi
Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va soliq yukini kamaytirish maqsadida budjetga to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ining (QQS) bir qismi ayrim sohalarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga qaytarilmoqda.
2026-yil 6-iyul holatiga ko‘ra, mazkur mexanizm doirasida korxonalarga jami 97 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ qaytarildi.
QQS qaytarish tartibi turoperatorlar, mehmonxonalar, umumiy ovqatlanish korxonalari, chorvachilik va parrandachilik xo‘jaliklari hamda zargarlik korxonalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Ma’lumotga ko‘ra, eng katta mablag‘ 828 ta umumiy ovqatlanish korxonasiga qaytarilgan bo‘lib, ular 63,8 mlrd so‘m QQS kompensatsiyasini olgan.
Shuningdek, 323 ta zargarlik korxonasiga 26,2 mlrd so‘m, 145 ta mehmonxonaga 4,7 mlrd so‘m mablag‘ qaytarildi.
Bundan tashqari, 23 ta turoperatorga 1,1 mlrd so‘m, 28 ta chorvachilik va parrandachilik xo‘jaligiga ham 1,1 mlrd so‘m QQSning bir qismi qaytarilgan.
Iqtisodiyot
Hududlarda katta miqdordagi kreditlarni o‘zlashtirgan bankirlar qo‘lga olindi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona, Andijon va Buxoro viloyatlarida kredit mablag‘larini o‘zlashtirgan “bankir”lar fosh etildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Beruniy tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tijorat bankining 3 nafar BXM xodimlari o‘zaro til biriktirib, 5 nafar fuqaroning nomiga imtiyozli kredit mablag‘i ajratib, 146 mln so‘mlik kredit mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Departamentning Farg‘ona viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tijorat banklaridan birining Rishton filiali mas’ul shaxslari va boshqalar o‘zaro til biriktirib, 21 nafar fuqaroning nomiga “Har bir oila-tadbirkor” dasturi doirasida hunarmandchilik va tikuv dastgohlari sotib olish hamda issiqxona qurish uchun yillik 14 foiz ustama bilan va chorvachilik uchun yillik 25 foiz ustama bilan 747 mln so‘m imtiyozli kredit mablag‘larini ajratib, ularga bu haqida xabar bermasdan, ushbu ajratilgan kredit mablag‘larini ta’minotchi korxonalarga o‘tkazib, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Departamentning Xo‘jaobod tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tijorat bankning BXM boshqaruvchisi sobiq o‘rinbosari (muqaddam JKning 167-moddasi bilan sudlangan) va boshqalar o‘zaro til biriktirib, fuqaro E.X.ning nomiga yakka tartibdagi tadbirkorlik subyektini tashkil qilib, soxta ma’lumotlar orqali 500 mln so‘m kredit mablag‘i ajratib, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Departamentning Jondor tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tijorat bankining sobiq rahbari va sobiq mutaxassisi o‘zaro til biriktirib, fuqarolarning xabarisiz ularning nomiga 110 mln so‘m kredit mablag‘larini ajratib, firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganliklari aniqlangan.
Departamentning Qo‘shtepa tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tijorat bankining sobiq bo‘lim boshlig‘i fuqaro M.D.ning ishonchiga kirib, unga uy-joy sotib olishiga 240,5 mln so‘m ipoteka krediti ajratib berishini aytib, qalbaki kredit shartnomasi evaziga ajratilgan kredit mablag‘laridan 90 mln so‘mini o‘z ehtiyoji uchun ishlatib yuborganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekistonda pensiya oluvchilar 4,4 mln nafardan oshdi
-
Jamiyat5 days agoSaida Mirziyoyeva yetakchi fransuz kompaniyalari vakillari bilan uchrashdi
-
Dunyodan5 days ago
Fransiya jangovar robot qo‘shinlarini sinovdan o‘tkazishni boshladi
-
Iqtisodiyot4 days agoO‘zbekistonning eng yirik savdo hamkorlari ma’lum bo‘ldi
-
Siyosat5 days agoSaida Mirziyoyeva Fransiyaning yirik kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashdi
-
Sport3 days agoAngliya-Norvegiya bahsi boshlanish vaqti kechiktirilishi mumkin
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekiston Quvaytga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini qayta tikladi
-
Sport5 days agoFransiya Marokashni turnirdan chiqarib yubordi
