Jamiyat
Inson o‘zini baxtli his qilishi uchun qancha pul kerak?
Insoniyat azaldan bir savolga javob izlaydi: «Baxtni pulga sotib olsa bo‘ladimi?» Ko‘pchilik bu savolga «ha, faqat pul juda ko‘p bo‘lishi kerak!» deya dadil javob berishga odatlangan. Yillar davomida olimlar va psixologlar yuzlab tadqiqotlar o‘tkazib, inson ehtiyoji va ruhiyati o‘rtasidagi oltin muvozanatni topishga urinib keladi. Xo‘sh, chinakam xotirjamlik va baxt hissi uchun qancha mablag‘ bo‘lishi kifoya qiladi?
Daromad va baxt o‘rtasidagi bog‘liqlik
Nobel mukofoti sovrindorlari Daniyel Kahneman va Angus Deaton 2010 yilda o‘tkazgan mashhur tadqiqotida shunday xulosa chiqargandi: daromad yiliga taxminan 75 ming dollarga yetgach, insonning baxt darajasi deyarli oshmay qoladi. Bu miqdor bilan go‘yoki barcha asosiy ehtiyojlarni qondirish va orzu qilingan farovonlikka yaqinlashishlar mumkin. Ammo vaqt o‘tgan sayin pul qadrsizlana boshladi, inflatsiya o‘sdi. 2021 yilda Pensilvaniya universiteti professori Metyu Killingsvort yuqoridagi xulosaga qarshi chiqdi. U 34 ming insonning kayfiyati va hayotdan qoniqishini real vaqt rejimida o‘rgandi va umumiy 1,7 milliondan ortiq yig‘ilgan javoblarni tahlil qildi. Killingsvortning xulosasi boshqacha bo‘ldi: daromad oshgani sari baxt ham oshishda davom etadi va 75 ming dollarlik qat’iy chegara mavjud emas. Keyinchalik Kahneman va Killingsvort birgalikda ish olib borishdi va insonlarning taxminan 80 foizi uchun oddiy qoida ishlaydi degan xulosaga keldi: pul qancha ko‘p bo‘lsa, baxt ham oshib boraveradi. Biroq bu ta’sir har xil odamlar uchun turlicha namoyon bo‘ladi. Emotsional jihatdan beqaror odamlar uchun baxt hissi daromad yiliga 100 ming dollargacha tez o‘sadi, undan keyin ta’sir kamayadi. Allaqachon hayotidan qoniqadigan odamlar uchun esa baxt hissi aynan shu daromad chegarasidan keyin tezroq oshadi.
10 million dollar
Bundan 4 yil oldin Bat universiteti psixologlari guruhi ham doktor Pol Beyn rahbarligida keng ko‘lamli tadqiqot o‘tkazadi. Unda Fransiya va Saudiya Arabistonidan tortib Uganda va Vetnamgacha bo‘lgan 33 mamlakatdan qariyb 8 ming kishi qatnashadi. Ishtirokchilarga shunday savol berildi: «Lotereyadan qancha pul yutsangiz mutlaqo baxtli hayotga erishgan bo‘lardingiz?» Tanlov imkoniyati juda keng edi: 10 ming dollardan 100 milliard dollargacha. Qizig‘i shundaki, eng katta summani deyarli hech kim tanlamagan. Qatnashchilarning 86 foizi 10 million dollar yoki undan kamroq mablag‘ ham yetarli ekanini bildirgan. Ayrimlar yanada oz miqdor – 1 million dollar bilan ham o‘zlarini dunyodagi eng baxtli inson deb hisoblashga tayyorligini ma’lum qilgan.
Tadqiqotchilar xulosasiga ko‘ra, pulga nisbatan cheksiz ehtiyoj butun jamiyatga emas, balki undagi juda kichik bir guruhga xos xususiyat.
Pul odamlarni oldingidan ko‘ra baxtliroq qilyapti
AQShda o‘tkazilgan bir qator so‘rovnomalar shuni ko‘rsatadiki, daromad oshgani sari insonning baxt hissi ham ortib boradi. 1972 yildan 2016 yilgacha davom etgan kuzatuvlarda tadqiqotchilar pul va baxt o‘rtasidagi bog‘liqlik qanday o‘zgarganini o‘rganishadi. Natijada qiziq xulosa paydo bo‘ldi: vaqt o‘tgan sari baxtning moliyaviy omillarga bog‘liqligi oshib boryapti. Ya’ni bugungi kunda pul odamga oldingiga qaraganda ko‘proq baxtli yashash imkoniyatlarini berishi mumkin. Buning asosiy sababi sifatida daromadlar o‘rtasidagi tafovutning keskin oshib borayotgani keltiriladi. Tadqiqot mualliflaridan biri, San-Diyego universiteti psixologi Jan Tveng 2016 yilga kelib ayrim kompaniya rahbarlari o‘rtacha xodimga qaraganda 271 baravar ko‘p daromad olayotganini qayd etgan. Bu 1978 yildagi ko‘rsatkichdan qariyb 30 baravar ko‘p.
Baxt darajasiga ta’sir qiluvchi yana bir muhim omil — oila. Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, odatda turmush qurgan odamlar yolg‘iz yashaydiganlarga qaraganda baxtliroq bo‘ladi. 1970 yillarda turmush qurish darajasi turli ijtimoiy qatlamlarda deyarli bir xil bo‘lgan. Ammo yillar o‘tgan sayin yuqoriroq daromad va yaxshi ta’limga ega odamlar ko‘proq oila qura boshlagan. Shu sababli daromad, ta’lim va oilaviy holat insonning baxt hissiga avvalgidan ko‘ra ko‘proq ta’sir qilyapti.
Maslou nazariyasiga ko‘ra, pul asosan piramidaning pastki bosqichlaridagi ehtiyojlarni qondirishga yordam beradi. Masalan, ovqat, uy-joy, sog‘liq yoki xavfsizlik kabi ehtiyojlar uchun mablag‘ muhim. Shu sababli daromadi juda kam bo‘lgan odam uchun pul baxt hissini ancha oshirishi mumkin. Ammo insonning asosiy ehtiyojlari qondirilgach, pulning baxtga ta’siri asta-sekin kamayadi. Yuqori bosqichlarda odamlar ko‘proq o‘zaro munosabatlar, hurmat, shaxsiy qiziqishlardan ma’no izlay boshlaydi.
Davlatlar kesimida baxtli yashash narxi
AQShning Perdyu universiteti olimlari insonlar o‘zlarini baxtli his qilishlari uchun qancha mablag‘ kerakligi borasida tadqiqotlar olib borgandi va 160 mamlakat reytingini e’lon qilgandi.
2021 yilda e’lon qilingan tadqiqotga ko‘ra, o‘zbekistonliklar o‘zlarini baxtli his qilishlari uchun yiliga 21 960 dollardan ko‘proq mablag‘ topishi kerak.
Baxt uchun eng kam pul «talab qilinadigan» mamlakatlar esa Surinam (6 799 dollar), Argentina (8 788 dollar), Angola (8 921 dollar), Qirg‘iziston (8 997 dollar) va Eron (10 134 dollar) bo‘lgandi.
Bu borada eng yuqori ko‘rsatkichlar Bermud orollari (143,933 dollar), Avstraliya (135 321 dollar), Isroil (130 457 dollar), Shveytsariya (128 969 dollar) va Yangi Zelandiya (128 844 dollar) aholisiga tegishli bo‘lgan.
Jamiyat
Kam ta’minlanganlarga 161,5 mlrd so‘m ijtimoiy keshbek berilgan
2026-yilning yanvar–mart oylarida kam ta’minlangan aholiga 161,5 mlrd so‘mga yaqin ijtimoiy keshbek to‘lab berildi. Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu davrda 621,6 ming nafar fuqaro mazkur imkoniyatdan foydalangan.
Qayd etilishicha, hisobot davrida jami 2 mln 728,4 mingta chek ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Faqat mart oyining o‘zida 984,5 mingta chek qayd etilib, 65,1 mlrd so‘m keshbek to‘langan.
Ijtimoiy keshbek hajmi bo‘yicha Andijon viloyati yetakchi — 94,7 mlrd so‘m. Keyingi o‘rinlarda Samarqand (12,5 mlrd so‘m) va Toshkent shahri (11,5 mlrd so‘m) qayd etildi.
Shuningdek, Toshkent viloyatida 10,8 mlrd, Farg‘onada 7,1 mlrd, Namanganda 4,6 mlrd so‘m keshbek to‘langan.
Qashqadaryoda 3,8 mlrd, Surxondaryoda 4,3 mlrd, Sirdaryoda 2,5 mlrd, Jizzaxda 2,9 mlrd so‘m qaytarilgan.
Qoraqalpog‘istonda 2,2 mlrd, Xorazmda 1,8 mlrd, Buxoroda 1,5 mlrd, Navoiyda 649 mln so‘m ijtimoiy keshbek ajratilgan.
Ma’lumot uchun, bu tizim 2023-yil 1-maydan joriy etilgan bo‘lib, «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga kiritilgan shaxslarga tatbiq etiladi. Ular chakana savdo obyektlarida ayrim mahsulotlarni xarid qilganda 1 foiz emas, balki 12 foiz qo‘shilgan qiymat solig‘i miqdorida keshbek oladi.
Jamiyat
Toshkentdagi ayrim ko‘chalar 11-maygacha yopildi
Toshkent shahri markazida ayrim ko‘chalarda transport harakati vaqtincha cheklandi. Shahar hokimligi ma’lum qilishicha, cheklovlar 2-maydan 11-maygacha amal qiladi.
Buning sababi Milliy kutubxona oldidagi maydonda o‘tkaziladigan «Tashkent Flowers Fest 2026» gullar festivali bilan bog‘liq. Ayniqsa, 7–9-may kunlari tadbirning asosiy qismi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Shu munosabat bilan Milliy kutubxona atrofidagi yo‘llarda transport vositalari harakati to‘liq yoki qisman to‘xtatildi.
Cheklovlar bir nechta markaziy ko‘chalarni qamrab olgan. Jumladan, Zarafshon ko‘chasining «Hyatt Regency Tashkent» mehmonxonasi oldidan Mustaqillik shoh ko‘chasigacha bo‘lgan qismi yopildi.
Shuningdek, Istiqlol ko‘chasining Amir Temur shoh va Buyuk Turon ko‘chalari oralig‘idagi qismida harakat cheklangan.
Buyuk Turon ko‘chasining Istiqlol ko‘chasidan Yoshlar ijod saroyigacha bo‘lgan qismida ham transport qatnovi vaqtincha to‘xtatildi.
Jamiyat
Toshkent metrosida yo‘lovchi poyezd yo‘liga tushib ketdi
Holat “G‘afur G‘ulom” bekatida sodir bo‘lgan. Yo‘lovchi ayol poyezd kirib kelayotganida uning yo‘liga tushib ketgan. Mashinist harakat tarkibini tezkor to‘xtatib qolgan. Ayol jiddiy jarohatlanmagan.
Foto: Toshkent metropoliteni
Toshkent metrosida yo‘lovchi ayol poyezd yo‘liga tushib ketdi. Bu haqda metropoliten matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, holat 2 may kuni soat 21:35 atrofida “G‘afur G‘ulom” bekatida sodir bo‘lgan. Bekatga 40-sonli harakat tarkibi kirib kelayotgan paytida yo‘lovchi ayol ehtiyotsizlik oqibatida yo‘lga tushib ketgan.
Mashinist tezkor va aniq harakat qilib, harakat tarkibini zudlik bilan to‘xtatgan hamda xavfsizlik choralariga to‘liq rioya etgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, fuqaro jiddiy tan jarohati olmagan. U tez tibbiy yordam xodimlari tomonidan ko‘rik uchun olib ketilgan.
Qo‘shimcha qilinishicha, hodisa metro harakati jadvaliga ta’sir ko‘rsatmagan, barcha poyezdlar belgilangan jadval asosida harakatlangan.
Jamiyat
Buxoro va Surxondaryoni bog‘lagan «narkozanjir» uzildi
DXX va bojxona xodimlari hamkorlikda yirik miqdordagi giyohvandlik moddalarini fosh qilishdi.
Voqea Kogon tumanida Surxondaryo–Buxoro yo‘nalishida harakatlanayotgan «Lacetti» avtomashinasi to‘xtatib tekshirilishidan boshlandi. Mashinani boshqarib kelayotgan buxorolik shaxs (1993-y.t) muqaddam narkojinoyat sodir etgani uchun sudlangani ma’lum bo‘ldi. Avtomashina ko‘zdan kechirilganda, uning motor qismidagi havo filtri ostiga yashirilgan 993 gramm «opiy» moddasi topildi.
Surishtiruv davomida ushbu modda Termiz tumanida yashovchi, xalqaro yuk tashish bilan shug‘ullanuvchi 46 yoshli shaxsdan olingani aniqlandi. Tezkor tadbir davom ettirilib, termizlik ham qo‘lga olindi. Uning yonidan Afg‘onistondan kontrabanda yo‘li bilan keltirilgan 5 kg, yashash xonadonidan esa 7 kg «opiy» ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirildi.
Mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
2026 yilda energiya samaradorligiga yangi talablar joriy etiladi
O‘zbekistonda energiya resurslaridan samarali foydalanishni kuchaytirishga qaratilgan yangi chora-tadbirlar belgilandi. Bu Prezidentning 2026-yil 29-aprelda qabul qilingan «2026-yilda energiya samaradorligini yanada oshirish, energiya resurslarini tejash va ulardan oqilona foydalanishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF–70-sonli Farmonida o‘z aksini topgan.
Farmonga muvofiq, 2026-yil 1-iyuldan boshlab davlat tashkilotlari, ijtimoiy soha muassasalari hamda davlat ishtirokidagi korxonalarning yangi quriladigan, rekonstruksiya qilinadigan yoki mukammal ta’mirlanadigan bino va inshootlari energiya samaradorligining kamida «S» toifasiga javob berishi shart bo‘ladi. Bu talab binolarni loyihalash va qurish jarayonida energiya tejamkor yechimlarni joriy etishni rag‘batlantirishga qaratilgan.
Shu bilan birga, energiyani tejash iste’molchilarni elektr energiyasi yoki tabiiy gaz tarmoqlaridan uzib qo‘yish orqali emas, balki samaradorlikni oshirish orqali ta’minlanishi belgilandi. Bu yondashuv energiya ta’minotida barqarorlikni saqlash bilan birga, resurslardan oqilona foydalanishni ta’minlashga xizmat qiladi.
Hujjatga ko‘ra, Energiya samaradorligi milliy agentligiga Energiya samaradorligini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi orqali energiya servis kompaniyalari (ESKO) tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun kafolatlangan to‘lovlarni amalga oshirish huquqi berildi. Bu mexanizm sohada xususiy sektor ishtirokini kengaytirish va yangi loyihalarni jalb qilish imkonini oshiradi.
2026 yildan boshlab energiya sarfi belgilangan me’yorlardan keskin oshib ketgan davlat obyektlarida har yili xalqaro standartlar asosida energiya samaradorligini yaxshilashga qaratilgan dasturlar amalga oshiriladi. Bu orqali ortiqcha energiya sarfini kamaytirish va tizimli nazoratni kuchaytirish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, 2026-yil 1-oktyabrga qadar energiya iste’molini tahlil qilishda zamonaviy raqamli yechimlar joriy etiladi. Xususan, Big Data, Business Intelligence va sun’iy intellekt texnologiyalari orqali energiya sarfi va samaradorlik ko‘rsatkichlarini doimiy monitoring qilish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
-
Siyosat4 days agoOʻzbekiston Davlat investitsiya jamgʻarmasi Toshkent va Londonda ikki tomonlama IPO oʻtkazdi
-
Siyosat4 days agoOʻzbekistonda yashirin forumda davlat xizmatchilariga oid maʼlumotlarning sizib chiqib ketishini tekshirmoqda
-
Jamiyat4 days agoMashina olib berish va’dasida yuzlab odamni chuv tushirgan “Umid avto”chilarga hukm o‘qildi
-
Siyosat3 days agoPrezident Mirziyoyev energiya tejash vositasi sifatida kommunal xizmatlarni oʻchirishni taqiqlovchi farmonni imzoladi
-
Dunyodan4 days ago
Jarrohlar Apple Vision Pro foydasiga monitorlardan voz kechishmoqda
-
Iqtisodiyot4 days ago«Kursga sun’iy ta’sir o‘tkazish tarafdori emasmiz»
-
Iqtisodiyot5 days agoAQSh logistikasini O‘zbekistonda turib «zabt etgan» Sarvarjon Narimonov hikoyasi
-
Dunyodan4 days ago
Ukraina va Yevropa Ittifoqi Isroilga qarshi sanksiyalar kiritmoqchi
