Jamiyat

Inson o‘zini baxtli his qilishi uchun qancha pul kerak?

Published

on


Insoniyat azaldan bir savolga javob izlaydi: «Baxtni pulga sotib olsa bo‘ladimi?» Ko‘pchilik bu savolga «ha, faqat pul juda ko‘p bo‘lishi kerak!» deya dadil javob berishga odatlangan. Yillar davomida olimlar va psixologlar yuzlab tadqiqotlar o‘tkazib, inson ehtiyoji va ruhiyati o‘rtasidagi oltin muvozanatni topishga urinib keladi. Xo‘sh, chinakam xotirjamlik va baxt hissi uchun qancha mablag‘ bo‘lishi kifoya qiladi?

Daromad va baxt o‘rtasidagi bog‘liqlik

Nobel mukofoti sovrindorlari Daniyel Kahneman va Angus Deaton 2010 yilda o‘tkazgan mashhur tadqiqotida shunday xulosa chiqargandi: daromad yiliga taxminan 75 ming dollarga yetgach, insonning baxt darajasi deyarli oshmay qoladi. Bu miqdor bilan go‘yoki barcha asosiy ehtiyojlarni qondirish va orzu qilingan farovonlikka yaqinlashishlar mumkin. Ammo vaqt o‘tgan sayin pul qadrsizlana boshladi, inflatsiya o‘sdi. 2021 yilda Pensilvaniya universiteti professori Metyu Killingsvort yuqoridagi xulosaga qarshi chiqdi. U 34 ming insonning kayfiyati va hayotdan qoniqishini real vaqt rejimida o‘rgandi va umumiy 1,7 milliondan ortiq yig‘ilgan javoblarni tahlil qildi. Killingsvortning xulosasi boshqacha bo‘ldi: daromad oshgani sari baxt ham oshishda davom etadi va 75 ming dollarlik qat’iy chegara mavjud emas. Keyinchalik Kahneman va Killingsvort birgalikda ish olib borishdi va insonlarning taxminan 80 foizi uchun oddiy qoida ishlaydi degan xulosaga keldi: pul qancha ko‘p bo‘lsa, baxt ham oshib boraveradi. Biroq bu ta’sir har xil odamlar uchun turlicha namoyon bo‘ladi. Emotsional jihatdan beqaror odamlar uchun baxt hissi daromad yiliga 100 ming dollargacha tez o‘sadi, undan keyin ta’sir kamayadi. Allaqachon hayotidan qoniqadigan odamlar uchun esa baxt hissi aynan shu daromad chegarasidan keyin tezroq oshadi.

10 million dollar

Bundan 4 yil oldin Bat universiteti psixologlari guruhi ham doktor Pol Beyn rahbarligida keng ko‘lamli tadqiqot o‘tkazadi. Unda Fransiya va Saudiya Arabistonidan tortib Uganda va Vetnamgacha bo‘lgan 33 mamlakatdan qariyb 8 ming kishi qatnashadi. Ishtirokchilarga shunday savol berildi: «Lotereyadan qancha pul yutsangiz mutlaqo baxtli hayotga erishgan bo‘lardingiz?» Tanlov imkoniyati juda keng edi: 10 ming dollardan 100 milliard dollargacha. Qizig‘i shundaki, eng katta summani deyarli hech kim tanlamagan. Qatnashchilarning 86 foizi 10 million dollar yoki undan kamroq mablag‘ ham yetarli ekanini bildirgan. Ayrimlar yanada oz miqdor – 1 million dollar bilan ham o‘zlarini dunyodagi eng baxtli inson deb hisoblashga tayyorligini ma’lum qilgan.

Tadqiqotchilar xulosasiga ko‘ra, pulga nisbatan cheksiz ehtiyoj butun jamiyatga emas, balki undagi juda kichik bir guruhga xos xususiyat.

Pul odamlarni oldingidan ko‘ra baxtliroq qilyapti

AQShda o‘tkazilgan bir qator so‘rovnomalar shuni ko‘rsatadiki, daromad oshgani sari insonning baxt hissi ham ortib boradi. 1972 yildan 2016 yilgacha davom etgan kuzatuvlarda tadqiqotchilar pul va baxt o‘rtasidagi bog‘liqlik qanday o‘zgarganini o‘rganishadi. Natijada qiziq xulosa paydo bo‘ldi: vaqt o‘tgan sari baxtning moliyaviy omillarga bog‘liqligi oshib boryapti. Ya’ni bugungi kunda pul odamga oldingiga qaraganda ko‘proq baxtli yashash imkoniyatlarini berishi mumkin. Buning asosiy sababi sifatida daromadlar o‘rtasidagi tafovutning keskin oshib borayotgani keltiriladi. Tadqiqot mualliflaridan biri, San-Diyego universiteti psixologi Jan Tveng 2016 yilga kelib ayrim kompaniya rahbarlari o‘rtacha xodimga qaraganda 271 baravar ko‘p daromad olayotganini qayd etgan. Bu 1978 yildagi ko‘rsatkichdan qariyb 30 baravar ko‘p.

Baxt darajasiga ta’sir qiluvchi yana bir muhim omil — oila. Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, odatda turmush qurgan odamlar yolg‘iz yashaydiganlarga qaraganda baxtliroq bo‘ladi. 1970 yillarda turmush qurish darajasi turli ijtimoiy qatlamlarda deyarli bir xil bo‘lgan. Ammo yillar o‘tgan sayin yuqoriroq daromad va yaxshi ta’limga ega odamlar ko‘proq oila qura boshlagan. Shu sababli daromad, ta’lim va oilaviy holat insonning baxt hissiga avvalgidan ko‘ra ko‘proq ta’sir qilyapti.

Maslou nazariyasiga ko‘ra, pul asosan piramidaning pastki bosqichlaridagi ehtiyojlarni qondirishga yordam beradi. Masalan, ovqat, uy-joy, sog‘liq yoki xavfsizlik kabi ehtiyojlar uchun mablag‘ muhim. Shu sababli daromadi juda kam bo‘lgan odam uchun pul baxt hissini ancha oshirishi mumkin. Ammo insonning asosiy ehtiyojlari qondirilgach, pulning baxtga ta’siri asta-sekin kamayadi. Yuqori bosqichlarda odamlar ko‘proq o‘zaro munosabatlar, hurmat, shaxsiy qiziqishlardan ma’no izlay boshlaydi.

Davlatlar kesimida baxtli yashash narxi

AQShning Perdyu universiteti olimlari insonlar o‘zlarini baxtli his qilishlari uchun qancha mablag‘ kerakligi borasida tadqiqotlar olib borgandi va 160 mamlakat reytingini e’lon qilgandi.

2021 yilda e’lon qilingan tadqiqotga ko‘ra, o‘zbekistonliklar o‘zlarini baxtli his qilishlari uchun yiliga 21 960 dollardan ko‘proq mablag‘ topishi kerak.

Baxt uchun eng kam pul «talab qilinadigan» mamlakatlar esa Surinam (6 799 dollar), Argentina (8 788 dollar), Angola (8 921 dollar), Qirg‘iziston (8 997 dollar) va Eron (10 134 dollar) bo‘lgandi.

Bu borada eng yuqori ko‘rsatkichlar Bermud orollari (143,933 dollar), Avstraliya (135 321 dollar), Isroil (130 457 dollar), Shveytsariya (128 969 dollar) va Yangi Zelandiya (128 844 dollar) aholisiga tegishli bo‘lgan.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version