Jamiyat
Ichki ishlar vazirligi mahkumlarni ko‘chirish tartibini o‘zgartirmoqchi
O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi mahkumlarni jazoni ijro etish muassasalariga jo‘natish va ularni bir muassasadan boshqasiga ko‘chirish tartibini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartishlar loyihasini ishlab chiqdi. Loyihada mahkumlarni ko‘chirish bo‘yicha qaror qabul qilish mexanizmini aniqlashtirish hamda mahkumlar bilan muloqot qilishning zamonaviy shakllarini joriy etish nazarda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, mahkumlarni ko‘chirish uchun asos bo‘lgan materiallar Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti (JIED) tomonidan ko‘rib chiqiladi. Ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha tegishli xulosa tayyorlanib, u JIED boshlig‘i yoki uning birinchi o‘rinbosari tomonidan tasdiqlanadi.
Shuningdek, mahkumni bir muassasadan boshqa shu turdagi muassasaga ko‘chirish JIED Maxsus hisob boshqarmasi tayyorlagan taqsimot asosida amalga oshirilishi belgilanmoqda. Bunda asos sifatida JIED rahbariyati tasdiqlagan xulosa yoki sud qarori xizmat qiladi.
Loyihada mahkumlar bilan aloqa qilish tartibiga ham o‘zgartish kiritilmoqda. Xususan, amaldagi “telefon orqali” muloqot qilish tartibi “masofaviy video-uchrashuv yoki telefon orqali” shakliga o‘zgartirilishi taklif etilgan.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, mazkur o‘zgartishlar jazoni ijro etish tizimidagi jarayonlarni yanada shaffoflashtirish, qaror qabul qilish tartibini aniqlashtirish va mahkumlarning yaqinlari bilan muloqot imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Jamiyat
Qurbon hayiti kuni Toshkentda metro va avtobuslar soat 04:00dan ish boshlaydi
27 may Qurbon hayiti munosabati bilan fuqarolarga yanada qulaylik yaratish maqsadida Toshkent shahridagi avtobus yo‘nalishlari va metropoliten soat 04:00 dan o‘z harakatini boshlaydi. Bu haqda Transport vazirligi xabar bermoqda.
Yo‘llarda tirbandliklarni oldini olish, harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida fuqarolardan Qurbon hayiti namoziga tashrif buyurishda jamoat transporti xizmatidan foydalanishni so‘ralmoqda.
Eslatib o‘tamiz, shu kuni Toshkent shahridagi jome masjidlarda Qurbon hayiti namozi ertalab soat 05:10da o‘qiladi.
Jamiyat
Erondan keltirilgan armatura mahsuloti savdodan olinadi
Eronda ishlab chiqarilgan armatura mahsulotida standart talablariga nomuvofiqlik aniqlandi.
Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasining Xorazm viloyati bo‘limi mutaxassislari tomonidan Urganch shahridagi savdo do‘konlarida nazorat xaridi o‘tkazildi.
Nazorat jarayonida Eron davlatidagi Khorasan Steel Company (KSCCO) tomonidan ishlab chiqarilgan diametri 14 mm bo‘lgan A400 rusumli armatura mahsuloti — (K.S.C. 14 CT) namunalaridan belgilangan tartibda sinovlar olindi.
O‘tkazilgan laboratoriya sinovlari natijasida mahsulotning standartda belgilangan «kimyoviy tarkibdagi uglerod (C) miqdori» ko‘rsatkichi bo‘yicha talabga javob bermasligi aniqlandi.
Mazkur holat O‘zbekiston Respublikasining «Standartlashtirish to‘g‘risida»gi Qonuni talablari buzilishiga olib kelishi qayd etildi.
Aniqlangan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish maqsadida savdo do‘koniga ushbu mahsulotni savdodan chiqarish hamda belgilangan tartibda utilizatsiya qilish bo‘yicha taqdimnoma kiritildi.
Jamiyat
Xitoy kompaniyasi Toshkentda pullik yo‘l loyihasida ishtirok etishi mumkin
Xitoyga rasmiy tashrif doirasida Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov boshchiligidagi delegatsiya «China Railway Construction Corporation» kompaniyasi rahbariyati bilan muzokara o‘tkazdi.
Uchrashuvda Toshkentni kompleks renovatsiya qilish, shahar infratuzilmasini modernizatsiyalash hamda shaharsozlik va ekologiya sohalariga zamonaviy yechimlarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Xitoy kompaniyasiga qurilish va maishiy chiqindilarni qayta ishlashga mo‘ljallangan zamonaviy poligon qurish loyihasida ishtirok etish taklif qilindi.
Muzokaralarda transport infratuzilmasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar Toshkentda qo‘shimcha pullik avtomobil yo‘llarini qurish, jumladan, taxminan 100 kilometrli halqa pullik yo‘li hamda kelgusida qurilishi rejalashtirilayotgan yangi xalqaro aeroportga olib boruvchi pullik magistral barpo etish istiqbollarini muhokama qildi.
Bundan tashqari, zamonaviy maktablar, bog‘chalar, tibbiyot muassasalari va boshqa ijtimoiy obyektlarni qurish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
«China Railway Construction Corporation» vakillari mazkur tashabbuslarni o‘rganishga qiziqish bildirib, Toshkent shahar hokimligi bilan amaliy hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanini ma’lum qildi.
Jamiyat
Namanganda YPX inspektorini urib ketib, o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchi 6 yilga qamaldi
Onix mashinasini tegishli hujjatlarsiz boshqarib ketayotgan haydovchi to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan, YPX xodimi Vahobjon Mo‘minovni katta tezlikda urib ketgan. Og‘ir tan jarohati olgan xodim vafot etgan. Haydovchi Jinoyat kodeksining 3 ta moddasi bo‘yicha aybli deb topildi. Unga 6 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Namanganda YPX xodimini mashinada urib ketib, o‘limiga sabab bo‘lgan 24 yoshli haydovchi jinoiy jazoga tortildi. Bu haqda Hilqat TV telekanali xabar berdi.
YTH 2025 yil 21 noyabr kuni tungi vaqtda Davlatobod tumanida sodir bo‘lgan. YPX xodimlari tomonidan Onix mashinasiga to‘xtash ishorasi berilgan. Biroq tegishli hujjatga ega bo‘lmagan haydovchi xodimlarga bo‘ysunmasdan qochishga uringan.
Shu vaqtda ratsiya orqali oldinroqda xizmat olib borayotgan katta serjant Vahobjon Mo‘minovga mazkur mashinani to‘xtatish chorasini ko‘rish yuzasidan xabar berilgan. Vahobjon Mo‘minov haydovchiga to‘xtash ishorasini bergan vaqtda haydovchi yuqori tezlik bilan xodimni urib yuborib, unga og‘ir tan jarohati yetkazgan.
Ko‘rilgan tezkor harakatlar natijasida transport vositasining harakati cheklanib, haydovchi qo‘lga olingan. Katta serjant Vahobjon Mo‘minov shifoxonaga olib borilgan vaqtda vafot etgan.
JIB Namangan shahar sudi hukmi bilan sudlanuvchi I.B. Jinoyat kodeksining 219-moddasi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) 2-qismi, 266-moddasi 2-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘lishiga sabab bo‘lishi) va 117-moddasi 2-qismida (xavf ostida qoldirish odam o‘lishiga sabab bo‘lishi) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Unga 3 yil muddatga mashina boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda 6 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan.
Ikki qiz va bir o‘g‘ilning otasi bo‘lgan 42 yoshli Vahobjon Mo‘minov 2007 yildan ichki ishlar organlarida xizmat qilib kelgan.
Jamiyat
Buvisi muntazam tazyiq o‘tkazib kelgan 3 nafar bola Turkiyadan vatanga qaytarildi
9, 10 va 12 yoshli bolalar O‘zbekistondagi majburiy ta’lim jarayonidan ajratilib, Turkiyaga olib borilgan. Biroq u yerda biror ta’lim muassasasiga joylashtirilmagan. Bolalarning ota-onasi rasman ajrashgani, onasi Rossiyada yashashi aniqlandi.
3 nafar voyaga yetmagan bola Turkiyadan O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 9, 10 va 12 yoshli bolalarga ularning buvisi tomonidan muntazam ravishda jismoniy, ruhiy hamda ma’naviy tazyiq o‘tkazib kelingan. Shuningdek, ular O‘zbekistondagi majburiy ta’lim jarayonidan ajratilib, Turkiyaga olib borilgan. Biroq u yerda biror ta’lim muassasasiga joylashtirilmagan.
O‘rganishlar davomida bolalarning ota-onasi rasman ajrashgani, onasi Rossiyada yashashi aniqlangan.
Holat yuzasidan bolalar Bosh konsulxonaga olib kelinib, ular bilan psixolog ishtirokida suhbat o‘tkazilgan. Shuningdek, O‘zbekistonning tegishli mutasaddi idoralari o‘rtasida ishchi guruh tashkil etilib, voyaga yetmaganlarga vaqtincha vasiy tayinlash, ularni vatanga qaytarish hamda ta’lim jarayoniga qayta jalb etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilgan.
25 may kuni bolalar mas’ul xodim kuzatuvi ostida O‘zbekistonga qaytarilgan.
Qayd etilishicha, hozirda bolalarni tegishli mutasaddi tashkilotlar tomonidan kutib olish hamda ularning ijtimoiy himoyasi, ta’lim olishi va qonuniy manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha zarur ishlar olib borilmoqda.
Avvalroq murakkab vaziyatga tushib qolgan o‘zbekistonlik ayol va uning uch farzandi Rossiyadan olib kelingandi.
-
Mahalliy3 days agoSizni maktabda aldashgan! So‘nggi qo‘ng‘iroq haqida siz bilmagan haqiqat
-
Mahalliy5 days ago
Yoshlar umrini sotgan jinoyatchilar qo‘lga olindi
-
Dunyodan4 days agoPrezident Trampning Gʻazo boʻyicha 15 banddan iborat rejasi eʼlon qilindi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekistonda har 100 ta uyga nechta kompyuter to‘g‘ri kelishi ma’lum bo‘ldi
-
Mahalliy4 days ago
Prezident davlat boshqaruvidagi eng yaxshi kadrlarni e’tirof etdi
-
Mahalliy5 days ago
Toshkent shahrida xalqaro talablarga javob beruvchi zamonaviy laboratoriyalar majmuasi ish boshladi
-
Dunyodan3 days agoFarzandingizga to’g’ri javobni aytmang…
-
Mahalliy3 days agoErtaga ishga xizmat mashinasida bora ko‘rmang!
