Jamiyat
dori qo‘llanilmaganmi yoki tashxis og‘ir bo‘lganmi?
Shofirkon tibbiyot birlashmasi tug‘ruq bo‘limida yangi tug‘ilgan chaqaloqning vafoti atrofida jiddiy bahslar yuzaga keldi.
Videolarda shifoxonada zarur psixotrop dori vositalari litsenziya muammosi sabab qo‘llanilmagani aytilsa, Sog‘liqni saqlash boshqarmasi chaqaloq tug‘ma og‘ir ahvolda bo‘lganini va o‘limga infeksiya hamda nafas yetishmovchiligi sabab bo‘lganini bildirmoqda. Hozirda holat yuzasidan prokuratura tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
2026-yil 25-may kuni Shofirkon tumani tibbiyot birlashmasi tug‘ruq bo‘limida og‘ir ahvolda chaqaloq dunyoga kelgan. Hodisa ortidan kelib tushgan videolarda shifokorlar va tibbiyot xodimlari tomonidan shifoxonada zarur dori vositalari mavjud emasligini ochiq aytilgan. Ma’lum qilinishicha, chaqaloqda kuchli tutqanoq kuzatilgan, ammo, uni tinchlantirish va miyaga kislorod yetib borishini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan psixotrop dori vositasi qo‘llanilmagan. Oqibatda chaqaloqning hayotini saqlab qolishning iloji bo‘lmagan.
Biz bilan suhbatda bo‘lgan bo‘lim katta hamshirasining so‘ziga ko‘ra, birlashmaning yangi binosiga narkotik va psixotrop vositalarni saqlash uchun zarur litsenziya rasmiylashtirilmagan. «Bunga sabab binoning kadastr hujjatlari to‘liq bo‘lmagani»,— demoqda u.
Unga ko‘ra, shifoxona og‘ir bemorlar uchun hayotiy ahamiyatga ega bo‘lgan dorilarni qonuniy tarzda ishlata olmay qolgan.
Videotasvirdagi suhbatga ko‘ra, shifokorlardan biri agar bolani tinchlantiruvchi vosita ruxsatsiz qo‘llanilsa, ular jinoiy javobgarlikka tortilishini aytgan. Hodisa yuz bergan kuni esa shifoxonada kerakli dori mavjud bo‘lsa ham, litsenziya muammosi sabab uni ishlatishga hech kim jur’at qilmagani vaj keltirilgan.
Videolarda aytilgan yana bir jiddiy holat: tibbiyot birlashmasining moliyaviy faoliyatiga cheklov qo‘yilgani haqidagi ma’lumotlardir. Fuqarolik sudlari orqali undirilishi lozim bo‘lgan qarzlar sabab Majburiy ijro byurosi tomonidan hisob raqamlariga ta’qiq qo‘yilgani aytilmoqda.
Bundan tashqari, videotasvirda yangi shifoxona binosi obyekti uchun 66 milliard so‘m ajratilgani, ammo, hujjatlar to‘liq rasmiylashtirilmaganini iddao qilingan.
Bo‘lim katta hamshirasi Dilsora Tursunovaning aytishicha, og‘ir ahvolda tug‘ilgan chaqaloqlar 3–5 ball (tiriklik sindromi) bilan tug‘ilgan taqdirda ham o‘z vaqtida to‘g‘ri reanimatsiya va psixotrop terapiya orqali saqlab qolinishi mumkin bo‘lgan.
Videotasvirdagi ayanchli holatlar hech kimni e’tiborsiz qoldirmaydi. Shunga qaramasdan, biz masalaga oydinlik kiritish maqsadida Shofirkon tumani tibbiyot birlashmasi tug‘ruq bo‘limida chaqaloq o‘limi bilan bog‘liq holat yuzasidan Buxoro viloyat Sog‘likni saqlash boshqarmasi bosh mutaxassisi Sanjar Rabiyev bilan bog‘landik. Bosh mutaxassis voqeaga o‘z munosabatini bildirdi.
Ma’lum bo‘lishicha, homilador ayol Iroda Iskandarova tug‘ruq bo‘limiga joriy yilning 24 may kuni yolg‘on tug‘ruq faoliyati bilan kelgan. Kechki soat 20:00 da tug‘ruq faoliyati faollashgan. Ayol partogramma asosida konservativ tug‘ruqqa qo‘yilgan. Tug‘ruq ona chanog‘iga homila boshi nomutanosibligi bilan asoratlangan. Operativ tug‘ruqqa olingan. Chaqaloq 4,500 grda Apgar shkalasi bo‘yicha 3-5 ballga baholangan.
— Chaqaloq akusher genekolog vrach Gavhar Abdug‘afforova hamda neonatolog Xadicha To‘xtayeva tomonidan dunyoga keltirilgan. U og‘ir ahvolda bo‘lgan. Chaqaloqqa tug‘ilgan zahoti birlamchi reanimatsion choralar ko‘rsatilgan. Dinamikada qonda leykotsitoz oshib borgan (infeksiya belgisi), nafas yetishmovchiligi kuchayib borgan. Ikki bor sanaviatsiya xizmati bo‘yicha viloyatdan bosh mutaxassislar neonatolog va reanematologlar tomonidan ko‘rilgan. Shunga qaramasdan, chaqaloqning umumiy ahvoli og‘irlashib, kislorodga bo‘lgan ehtiyoji oshib borib, biologik o‘lim yuzaga kelgan. Chaqaloqda qondagi letskotsitlar soni normada 5-6 ming bo‘lishi kerak, unda esa soat sayin 32 mingdan 64 minggacha ko‘tarilgani tibbiy kartasida qayd qilingan,—deydi Sanjar Rabiyev.
Biz bilan suhbatda bo‘lgan Sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ul xodimi Feruz To‘layev esa chaqaloqning kasallik tarixi o‘rganilganda, unda psixotrop va narkotik vositalar qo‘llashga ehtiyoj bo‘lmaganini vaj keltirmoqda. Uning aytishicha, homila o‘limiga sabab bo‘lgan holat, taxminan, onadagi gestatsion qandli diabet, homila ichi infeksiyasi. Yanada aniqrog‘i, diagnozni patologo-anatomik tekshiruv xulosasiga ko‘ra, ma’lum bo‘ladi.
—To‘g‘ri, videotasvirdagi holat kuzatuvchida birlamchi xulosani keltirib chiqaradi: ya’ni, go‘yoki, chaqaloqni saqlab qolish uchun ayrim sabablarga ko‘ra, zarur dori vositasidan foydalanilmagan. Yo‘q, aslida, bunday emas. Bo‘lim katta hamshirasi bolaning umumiy ahvolini, og‘irlik darajasini davolovchi shifokor darajasida baholay olmaydi. Vaholanki, chaqaloqning biologik o‘lim holatini tahlil qilish tajribali shifokorlar hamda tibbiy ekspertlar tomonidan amalga oshiriladi. Bo‘lim bosh hamshirasi esa kasallik holatini tahlillar orqali bilmay turib, uni keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘ymoqda,—dedi bosh shifokor Aziz Nosirov.
Jurnalist: E’tibor qilgan bo‘lsangiz, videodagi tasvirlardan birida agar bolani tinchlantiruvchi vosita ruxsatsiz qo‘llanilsa, ular jinoiy javobgarlikka tortilishini ham aytib o‘tgan. Siz bevosita ularning ham munosabatlarini inkor etayapsiz…
— Aslida, bu holatni hamshiraning xulosasiga tayanib o‘rganishni to‘g‘ri, deb o‘ylamayman. To‘g‘ri, tibbiyot birlashmasining qaysidir taraf moliyaviy faoliyatiga cheklov qo‘yilgani, bor gap. Ammo, ta’qiq dori-darmonga qo‘yilmagan: shuningdek, oylik ish haqlari ham tenglashtirilgan darajada. Ya’ni, oylik va dori-darmonga ta’qiq qo‘yilmagan. Ishchi guruh xulosasiga ko‘ra, videotasvirdagi siz aytayotgan bu holatda ham chaqaloq ahvoli noto‘g‘ri baholangan. Va aynan, shifokor Homid Soliyev tomonidan noto‘g‘ri talqin qilingan. Bundan tashqari, bevosita bemorning kasallik tarixida tutqanoq sindromlarining qayd etilmagani shifokorning munosabati noto‘g‘ri ekanini isbotlaydi. Litsenziyaning esa o‘ziga yarasha kech qolishi sabablari bor,—dedi Feruz To‘layev.
Feruz To‘layevning ta’kidlashicha, bemorga sog‘likni saqlash vazirligining tegishli buyruq va standartlari asosida tibbiy xizmat ko‘rsatilgan.
Suhbatdoshlarga ko‘ra, holatni o‘rganish uchun Sog‘liqni saqlash boshqarmasiga aloqador bo‘lmagan mustaqil mutaxassislar (neoreanematologlar tomonidan ko‘rsatilgan sanaviatsiya xizmati) jalb qilingan. Ekspertlar keltirilib, chaqaloqning ahvoli va ko‘rsatilgan tibbiy yordam qayta tahlil qilingan.
Mas’ul xodim videoda bayon etilgan «psixotrop dori bo‘lmagani uchun chaqaloq vafot etdi» degan iddaolari to‘liq tasdig‘ini topmaganini bildirdi.
— Bolaga, umuman, psixotrop kerak bo‘lmagan, og‘riqsizlantirish ham talab etilmagan, — dedi u.
Bosh shifokor Aziz Nosirovning ta’kidlashicha, bu xulosalar ekspertlar fikri va tibbiy hujjatlar bilan asoslangan.
Sog‘liqni saqlash boshqarmasi va ekspertlar fikricha, chaqaloqqa psixotrop dori qo‘llashga ehtiyoj bo‘lmagan. Ular o‘lim sababini ehtimoliy gestatsion qandli diabet va homila ichi infeksiyasi bilan izohlamoqda.
***
Shu tariqa, Shofirkondagi chaqaloq o‘limi bo‘yicha ikki xil qarash yuzaga kelmoqda: biri – litsenziya va dori muammosi hal qiluvchi omil bo‘lganini aytsa, ikkinchisi – bolaning tug‘ma og‘ir ahvolda tug‘ilganini sabab sifatida ko‘rsatmoqda.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Shofirkon tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda. Bu haqda «Xabar.uz»ga prokuratura axborot xizmati Dilshod Safarov ma’lum qildi.
Mavzuga qaytamiz.
Jamiyat
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan 2026 yilning dastlabki sakkiz oyida o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida 73 nomdagi mahsulot sifat va xavfsizlik talablariga javob bermasligi aniqlandi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, qo‘mita hamkor tashkilotlar bilan birgalikda chakana savdo nuqtalarida sotilayotgan xalq iste’moli tovarlarining sifat va xavfsizlik talablariga muvofiqligini tekshirish uchun muntazam ravishda nazorat xaridlarini o‘tkazib kelmoqda. Xarid qilingan mahsulotlar akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalarda tekshirilib, ularning davlat standartlari hamda normativ-texnik hujjatlar talablariga mosligi baholanadi.
Xususan, 2026 yilning sakkiz oyida 60 turdagi jami 558 nomdagi mahsulot laboratoriya ekspertizasidan o‘tkazilgan. Natijada ulardan 73 nomdagisi belgilangan normativ-texnik talablarga javob bermasligi ma’lum bo‘lgan.
Ushbu mahsulotlarni savdo rastalaridan qaytarib olish va qonunchilikka muvofiq choralar ko‘rish uchun tegishli materiallar O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasiga yuborilgan.
Jamiyat
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
Qonunchilik palatasi deputatlari bugungi majlisida moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibini yengillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini uchinchi o‘qishda qabul qilib, Senatga yubordi.
Hujjatga ko‘ra, tadbirkorlar jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab bir oy ichida jarimaning 50 foizini ixtiyoriy to‘lasa, qolgan qismini to‘lashdan ozod etilishi mumkin.
Shuningdek, jarimani 6 oy davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati nazarda tutilmoqda.
Agar jarima to‘g‘risidagi qaror bekor qilinsa yoki haqiqiy emas deb topilsa, noqonuniy undirilgan mablag‘ qaytariladi. Qaytarish kechiktirilgan taqdirda, Markaziy bank asosiy stavkasining uch yuzdan biri miqdorida foiz to‘lash tartibi joriy etiladi.
Hozircha bu qoidalar qonun loyihasida nazarda tutilgan, kuchga kirmagan.
Jamiyat
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
O‘zbekistonda moda va dizayn sohasi uchun malakali mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan yangi davlat oliy ta’lim muassasasi tashkil etiladi.
Prezidentning 2026-yil 16-oktyabrdagi PQ–378-son qaroriga muvofiq, Toshkent xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi. Akademiya Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tizimida faoliyat yuritadi.
Yangi oliygoh Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti hamda Parij xalqaro moda akademiyasining qo‘shma ta’lim dasturi negizida tashkil etiladi.
Mazkur dasturda tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini yangi akademiyada davom ettiradi. Bitiruvchilarga Toshkent xalqaro moda akademiyasining diplomi beriladi.
O‘quv jarayoni 2026/2027 o‘quv yilidan boshlanadi. Akademiyada xalqaro qo‘shma dasturlar bilan bir qatorda, mustaqil ta’lim dasturlari asosida bakalavr va magistrlar tayyorlashga ham ruxsat etiladi.
2027/2028 o‘quv yilidan boshlab to‘qimachilik, tikuvchilik, trikotaj va charm-poyabzal sohalarida korxonalar buyurtmasi asosida dual ta’lim joriy qilinadi. Bunda talabalar nazariy bilim olish bilan birga ishlab chiqarish jarayonlarida ham ishtirok etadi.
Shuningdek, yengil sanoat yo‘nalishidagi texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan, o‘rtacha bahosi akademiya belgilagan talabga javob beradigan bitiruvchilarga bakalavriatning uchinchi bosqichidan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishni davom ettirish imkoniyati yaratiladi.
Akademiya bazasida davlat buyurtmasi asosida turli tashkilotlar uchun kiyim-bosh dizaynini ishlab chiqish va milliy brendlarni shakllantirish ham yo‘lga qo‘yiladi.
Qarorda xorijiy mutaxassislar va talabalarni jalb qilish uchun ko‘p martalik vizalar rasmiylashtirish tartibi ham nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, 2028-yil yakuniga qadar davlat-xususiy sheriklik asosida 400 o‘rinli talabalar turar joyi quriladi. Ungacha akademiyaga o‘tkazilgan talabalar Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti yotoqxonasidan belgilangan tartibda foydalanishi mumkin.
Jamiyat
Xorijda o‘zbek restorani ochgan tadbirkorga xarajatlari bir qismi qoplab beriladi
Xorijda o‘zbek milliy taomlariga ixtisoslashgan restoran yoki oshxona tashkil etgan mahalliy tadbirkorlar ayrim xarajatlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismini subsidiya sifatida qaytarib olishi mumkin.
Ushbu xizmat Turizm qo‘mitasi tomonidan my.gov.uz Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bepul ko‘rsatiladi.
Subsidiya O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tgan va xorijda milliy restoran tashkil etgan tadbirkorlik subyektlariga ajratiladi.
Ariza topshirishda restoranning xorijiy davlatda ro‘yxatdan o‘tganini va binodan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar, sanitariya va yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqlik bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etilishi kerak.
Shuningdek, restoranni tashkil etish bilan bog‘liq amalga oshirilgan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar, zaruratga qarab O‘zbekistondan mahsulot yetkazib berilganini tasdiqlovchi ma’lumotlar va ularning rasmiy tarjimasi so‘ralishi mumkin.
Restoranning ichki va tashqi ko‘rinishini aks ettiruvchi fotosuratlar ham arizaga ilova qilinadi.
Ariza my.gov.uz portali orqali elektron shaklda yuboriladi va 18 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Ijobiy qaror qabul qilinsa, subsidiya mablag‘lari 7 ish kuni ichida tadbirkorning bank hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
Arizada kamchiliklar aniqlangan taqdirda, tadbirkorga ularni bartaraf etib, hujjatlarni qayta taqdim qilish imkoniyati beriladi.
Jamiyat
Ustyurtda sayg‘oqlar uchun beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi «Sayg‘ochiy» kompleks landshaft buyurtma qo‘riqxonasida yovvoyi hayvonlarni suv bilan ta’minlash maqsadida beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi.
Tashabbus Ekologiya qo‘mitasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) va Global ekologik jamg‘arma (GEF) bilan hamkorlikda «Aral Sea Wetlands» loyihasi doirasida amalga oshirildi.
Suv resurslari cheklangan Ustyurt cho‘li sharoitida qo‘shimcha suv manbalarining mavjudligi sayg‘oqlar va mahalliy faunaning boshqa vakillarini saqlab qolishda muhim ahamiyatga ega.
Avtonom tizimlar quyosh energiyasida ishlaydi va to‘liq avtomatlashtirilgan. Ularning har biri 3 kub metr sig‘imga ega suv havzalari, nasoslar, datchiklar va hisoblagichlar bilan jihozlangan. Bu markazlashgan elektr energiyasi va suv ta’minoti manbalariga doimiy ulanish zaruratisiz suvni barqaror yetkazib berish imkonini beradi.
Suv ichish tizimlari bilan bir qatorda hududga 10 ta kamera va 10 ta fototuzoq ham o‘rnatildi. Ular hayvonlarni sutka davomida kuzatish, harakatlanishi va suv ichish joylaridan foydalanishini qayd etish, shuningdek, populyasiyalar holatini keyingi monitoring qilish uchun ma’lumot to‘plash imkonini beradi.
Ustyurtning og‘ir tabiiy sharoitida yashaydigan sayg‘oqlar uchun qo‘shimcha suv manbalarining yaratilishi yovvoyi hayvonlar populyasiyalarini saqlash va tiklashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Avtonom suv ichish tizimlarining o‘rnatilishi Ustyurtda bioxilma-xillikni asrash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan biri bo‘lib, zamonaviy kuzatuv vositalari orqali hayvonlar holatini monitoring qilish va zarur ma’lumotlarni to‘plash imkonini ham beradi.
-
Jamiyat5 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot2 days ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Iqtisodiyot13 hours ago
Shavkat Mirziyoyev Shinjon usulida yetishtirilgan paxta dalasini ko‘zdan kechirdi
-
Jamiyat2 days ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat2 days ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
