Sport
Holand «MYu»ga imkon qoldirmadi, «Barselona» Yamalsiz ham «quturdi». Kun o‘yinlari
«Liverpul» so‘nggi daqiqada penaltidan gol urib, peshqadamlikka qaytdi, Manchester derbisida Husanov eng yaxshilardan biri bo‘ldi, Gvardiola uni yana maqtadi, Modrich Italiyadagi ilk golini urdi. Yakshanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.
Angliya: «Siti» qo‘shnilarni tor-mor etdi
«Manchester Siti» – «Manchester Yunayted» 3:0
Gollar: Foden (18), Holand (53, 68)
«Manchester Siti»: Donnarumma, Ruben Diash, Gvardiol, O`Rayli, Husanov, Reynders, Rodri (Gonsales, 76), Foden, Doku (Savio, 77), Bernardu Silva (Ake, 88), Holand (Bobb, 87)
«Manchester Yunayted»: Bayindir, de Liht, Shou, Yoro (Maguayr, 62), Brunu Fernandesh, Ugarte (Kazemiru, 80), Dorgu, Mazraviy (Maynu, 62), Diallo, Mbemo, Sheshko (Zirkze, 80)
Donnarummaning «Manchester Siti»dagi debyuti «Yunayted» bilan derbi o‘yiniga to‘g‘ri keldi. Shu kuni narigi jamoa safida ilk bor boshlang‘ich tarkibda tushgan Sheshko uchun esa bu yomon xabar edi. Italiyalik darvozabon shu kuni uning ikki xavfli zarbasini qaytardi.
Pep Gvardiola shu kuni boshqa pozitsiyalarda ham rokirovka qilgandi. «Brayton» bilan o‘yinda boshlang‘ich tarkibda Husanov, Stounz, Ayt-Nuri va Nunes tushgandi. Bu safar esa bu to‘rtlikdan faqat o‘zbekistonlik himoyachi qoldirildi va u odatdagi kabi markazda emas, Nunes o‘rniga o‘ng qanotda paydo bo‘ldi. Himoya to‘rtligini jarohatidan tuzalib qaytgan Gvardiol, shuningdek Diash va O’Rayli to‘ldirishdi. Jarohat tufayli Marmush va Sherki o‘ynay olishmadi, ularning o‘rniga Doku va Foden boshlang‘ich tarkibga qaytdi.
Aynan Jyeremi va Fil birinchi golni uyushtirishdi. 18-daqiqada belgiyalik vinger tashabbusni o‘z qo‘liga olib, o‘ng qanotdan jarima maydoniga kirdi va Ugarte hamda Shouni ortda qoldirib, ikkinchi urinishda to‘pni markazga uzatdi, bu yerda turgan ingliz futbolchisi esa bosh bilan darvozani ishg‘ol etdi. Bu Foden uchun APLda 25 yanvardan buyon ilk bor gol urishi bo‘ldi.
Bu vaziyatda «Manchester Yunayted» himoyachilari tomoshabinga aylanishdi. Ular bor e’tiborini Dokuga qaratishdi va Foden hamda Holandni ochiq qoldirishdi.
Norvegiyalik to‘purarda ham tezkor gol urish imkoniyati bo‘lgandi, ammo u yaqin burchakni aniq nishonga ololmadi. Doku hujumda faol o‘ynashda davom etib, yana bir hujumda Yoroni ortda qoldirdi va chap qanotdan markazga uzatma berdi — ammo Reyndersning zarbasi oddiy chiqdi va darvozabonga qiyinchilik tug‘dirmadi.
«Yunayted» ham hujumlar tashkillashtirdi va bir necha bor mezbonlar jarima maydoniga kirib bordi. Shunday vaziyatlardan birida Sheshko Mbemoning himoyachilar ortiga tashlagan uzatmasidan keyin to‘pni o‘ziga bo‘ysundirib, zarba berdi, ammo Donnarumma o‘z vaqtida oldinga chiqib, burchakni qisqartirgandi va xavfni bartaraf etdi.
Mehmonlar ikkinchi bo‘limda hujumda faollikni oshirishdi, Foden, Doku va Holand esa himoyalanishga majbur bo‘lishdi, xususan, norvegiyalik hujumchi to‘rt marta to‘pni jarima maydonidan uzoqlashtirdi. Lekin turli qanotlardan uyushtirilgan bir necha hujum samarasiz yakunlangach, «MYu» ortga qaytib, o‘yinni qaytadan qurishga harakat qildi. Shu pallada Pep shogirdlari qarshi hujumga o‘tishdi va 53-daqiqada Dokuning chiziqlar orasidan o‘tkazilgan uzatmasi Holandni yakkama-yakka vaziyatga chiqarib yubordi va oradagi farq ikkitaga oshdi.
Uch daqiqa o‘tib Holand dublni rasmiylashtirishga yaqin edi. De Ligtning qo‘pol xatosi norvegiyalik yana bir bor darvozabon qarshisida paydo bo‘lishiga olib keldi. Erling uni aldab o‘tdi va to‘pni bo‘sh darvoza tomon yumalatib yubordi, ammo to‘p ustunga bordi, uni darvoza to‘riga kiritib yuboradigan futbolchi topilmadi.
Ruben Amorim vaziyatni o‘nglash uchun Maguayr va Maynuni maydonga tashladi, ammo bu yordam bermadi. Aksincha, Harri yo‘q joydan xato qildi va hisob yiriklashishiga sabab bo‘ldi. «Yunayted» futbolchilari himoya chizig‘ini ancha yuqoriga surishdi va deyarli butun tarkib bilan maydonning ikkinchi qismida joylashib olishdi. Himoyadan to‘pni olib chiqishda Holand bosimi ostida Maguayr va Shou bir-birini tushunmadi, to‘pga ega chiqan Silva esa Erlingni bir uzatma bilan oldinga boshladi, hujumchi esa navbatdagi duelda ham ustun keldi. Ko‘p o‘tmay shunga o‘xshash vaziyat Reyndersda yuzaga kelgandi, ammo uning zarbasi xato ketdi.
«Siti»ga uchta gol ham yetarli edi. Shundan keyin mezbonlar tinchlanishdi va hisobga qarab o‘ynay boshlashdi. Qolgan daqiqalarda Mbemo, Dorgu va Kazemiroda yaxshi vaziyatlar yuzaga keldi, ammo ular Donnarummani dog‘da qoldira olishmadi. «Siti» bu g‘alabadan keyin turnir jadvalida yuqoriladi, «Yunayted» 14-o‘rinda.
O‘yindan keyin esa «shaharliklar» ustozi Pep Gvardiola o‘zbekistonlik himoyachi haqida yana maqtovli fikrlarini bildirdi:
«Kelgusi 11 oyda biz har uch kunda o‘ynaymiz. Agar Husanov barcha o‘yinlarni (o‘ng himoyachi sifatida) o‘ynaydi, deb o‘ylasangiz, bunday qilishga hech qanday inson qodir emas. Bizga boshqa variantlar ham kerak. Ammo uning jismoniy tayyorgarligi menga ma’lum: u juda yosh, o‘rganishi kerak, juda tezkor.
Bugun Husa o‘z xududini ishonchli qo‘riqladi. Toza o‘ynab, deyarli to‘p yo‘qotmadi. Ba’zida energiyasi jo‘sh urib noto‘g‘ri qarorlar chiqarishga undaydi. Biroq biz u bilan kelgandan beri bu haqda gaplashamiz, vaqt o‘tib iziga tushib ketadi. Unda ajoyib tezlik, konsentratsiya bor. Bugun juda yaxshi o‘ynadi».
21 yoshli futbolchi yuqori ball olganlardan biri bo‘ldi. U SofaScore tomonidan 7,4 va FlashScore talqini bo‘yicha 7,5 ballga loyiq ko‘rildi. Bu — har ikki jamoa a’zolari o‘rtasida to‘rtinchi ko‘rsatkich.
Husanovdan yuqori ball dublga erishgan Erling Holand (9,4/8,6), 2 ta golli uzatmani amalga oshirgan Jyeremi Doku (8,3/8,5) va hisobni ochgan Fil Fodenga (7,6/7,5) berildi.
«Byornli» – «Liverpul» 0:1
Gol: Saloh, 90+5, pen
«Byornli»: Dubravka, Estev, Ekdal, Loran, Hartman, Uoker, Ugochukvu, Kallen (Florentinu, 62), Entoni (Broyya, 89), Chauna (Mejbri, 62), Foster (Uorrall, 86)
«Liverpul»: Alisson, van Deyk, Konate (Frimpong, 87), Kerkez (Roberson, 38), Soboslai, Makallister (Bredli, 46), Gravenberh, Virs (Ngumoxa, 87), Gakpo, Saloh, Ekitike (Kiyeza, 72)
Ogohlantirishlar: Ugochukvu, 16 – Kerkez, 22. Bredli, 76
Chetlatish: Ugochukvu, 84 (ikkinchi sariq)
«Byornli» maydonida Angliya chempionlari juda akademik o‘yin ko‘rsatishdi. Mehmonlar hududlarga egalik qilishdi, hujumlar uyushtirishdi, ammo bu hujumlarni yakunlashda aniqlik yetishmadi. Arne Slot shu kuni ishonchsiz harakat qilgan Kerkezni birinchi bo‘limning o‘zida almashtirib yubordi. U tanaffusda boshqa futbolchilarni ham jiddiy koyigani aniq, ikkinchi bo‘limda futbolchilar va to‘p ham tezroq harakatlana boshladi, ammo mehmonlarning son-sanoqsiz hujumlari mezbonlar himoya devoridan o‘tolmadi. Darvozabon Dubravka ham eng kuchli o‘yinlaridan birini o‘tkazdi. Ammo baribir so‘nggi daqiqalarda «Byornli» futbolchilarining asablari dosh bermadi. Avvaliga keraksiz vaziyatda fol ishlatgan Ugochukvu ikkinchi sariq kartochkani olib, jamoasini ozchilikda qoldirib ketdi, qo‘shib berilgan beshinchi daqiqada esa Mejbri jarima maydonida to‘pni qo‘li bilan o‘ynab, penaltiga sababchi bo‘ldi. 11 metrlik nuqtadan benuqson zarba yo‘llagan Saloh gollari sonini 188 taga yetkazib, APL tarixidagi eng yaxshi to‘purarlar ro‘yxatida Endi Koulni ortda qoldirgan holda to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarildi. Undan yuqorida faqat Alan Shirer (260), Harri Keyn (213) va Ueyn Runi (208) bor. «Liverpul» esa to‘rt o‘yinda to‘rt g‘alaba bilan turnir jadvali peshqadamligiga qaytdi.
Ispaniya: mitti arenadagi shou
«Barselona» – «Valensiya» 6:0
Gollar: Fermin Lopes (29, 56), Rafinya (53, 66), Levandovski (76, 86)
«Barselona»: X. Garsiya, Kubarsi, E. Garsiya, Martin (Torrens, 74), Kunde, Pedri (Bernal, 81), Kasado, Fermin Lopes, Reshford (Olmo, 68), Bardji (Rafinya, 46), Torres (Levandovski, 68)
«Valensiya»: Agirresabala, Kopete, Diakabi (Korreya, 65), Tarrega, Xose Gayya, Fulke, Gerra (Ugrinich, 57), Santamariya, Diyego Lopes (Rioxa, 57), Gruneveld (Ramazani, 57), Duro (Beltran, 77)
Ogohlantirish: Diakabi, 41
Hans-Diter Flik boshqaruvidagi «Barselona» «Valensiya» bilan qanday o‘ynashni biladi: oldingi ikki o‘yindagi jami hisob — 12:1 bo‘lgandi. Ammo bu safargi o‘yin arafasida kataloniyaliklar tarkib borasida muammolarga uchradi: Balde, Gavi, de Yong va Yamal jarohatda, Rafinya esa mashg‘ulotga kechikkani uchun jazolanib, zaxira o‘rindig‘ida qoldirildi. Qolaversa, Levandovski ham hali formasini tiklab olmagani uchun startda tushmadi. Ammo shunday holatda ham yana bir bor yirik g‘alabaga erishildi.
Odatda uch markaziy himoyachi bilan o‘ynamaydigan Karlos Korberan «Barsa»ga qarshi aynan 5-3-2 ko‘rinishida superhimoyaviy sxema tanladi. Bunday tig‘iz himoyaga qarshi Reshford — Ferran — Runi uchligi tushgandi. Uchinchi futbolchi shu yozda Yamalga o‘rinbosar sifatida «Kopenhagen»dan olib kelingan 19 yoshli Runi Bardji.
Bu tajriba o‘zini oqladi. 22-daqiqagacha kataloniyaliklar sakkiz zarba berishga ulgurgandi. Raqibda esa birorta ham yo‘q. Kunde burchakdan to‘p oshirilishidan keyin xavfli zarba berdi, Torres qulay pozitsiyadan turib to‘pni darvozabon Axirresabalaning ustidan oshirib tashladi, Fermin jarima maydoni ichida to‘pni olib qo‘yib, o‘tkir burchakdan zarba yo‘lladi — bu vaziyatlarda yoki darvozabon qutqardi, yoki aniqlik yetishmadi. «Valensiya» qarshi hujumlarga chiqish haqida o‘ylamadi.
Vaqt o‘tgan sari valensiyaliklar raqibning yuqori tempiga moslashdi va xavfli vaziyatlarni kamaytirdi. Ammo 29-daqiqada baribir mehmonlar mudofaasi yorib o‘tildi. Kubarsi ancha orqadan chiziqlar orasidan o‘tkazib pas berdi, Ferran to‘pga kerakli pallada oyoq qo‘ydi va Fermin chap qanotda yakkama-yakka vaziyatga chiqib bordi va bu safar aniq zarba berdi.
Bu gol amalda valensiyaliklarni sindirdi. O‘yinning birinchi bo‘limi statistikasi: zarbalar bo‘yicha 11:0, to‘pga egalik qilish ko‘rsatkichi 74 foizga 26 foiz.
Tanaffusda murabbiy Rafinyani kechirdi, braziliyalik vinger Bardjining o‘rniga tushdi va 54-daqiqadayoq Reshfordning olis ustun oldiga yetkazgan uzatmasini golga aylantirdi. Uch daqiqa o‘tib Fermin dublni rasmiylashtirdi. 58-daqiqaga kelib hisob 3:0 ko‘rinishini oldi — «Valensiya» uch markaziy himoyachi bilan tushishi yordam bermadi.
66-daqiqada Rafinya ham Ferminning uzatmasidan keyin dublni rasmiylashtirdi. Uning atrofida turgan bir necha himoyachi hech narsa qila olmadi.
Shundan keyin «Valensiya»ni uzil-kesil taslim qilish uchun Olmo va Levandovski maydonga tashlandi. Bu juftlik ham ishonchni oqladi: birinchisi pas berdi, ikkinchisi darvozani ishg‘ol etdi. Polyak hujumchisi keyinroq yakkama-yakka vaziyatdan ham foydalandi va hisobni tennischa ko‘rinishga keltirdi — 6:0! Uning ikkinchi goliga uzatmani og‘ir jarohat tufayli o‘tgan mavsumni o‘tkazib yuborgan va 13 oy ichida ilk bor maydonga tushgan 18 yoshli Bernal berdi. Uch futbolchida dubl! 2025 yildagi uch o‘yinning umumiy natijasi — 18:1!
Lamin Yamalning yo‘qligini sezmagan «Barsa»ni oldinda «Nyukasl» va «Xetafe»ga qarshi o‘yinlar kutmoqda.
Italiya: Gasperinida ilk mag‘lubiyat
«Roma» – «Torino» 0:1
Gol: Simeone, 59
«Roma»: Svilar, Manchini, N`Dika, Ermoso (Zeki Chelik, 79), Kristante (Pizilli, 65), El-Aynaui (Baldansi, 46), Kone, Anxelino (al-Shaaravi, 79), Uesli Vinisius, Soule, Dibala (Fergyuson, 46)
«Torino»: Israel, Maripan, Koko, Ismayli, Kazadei (Ilich, 65), Aslani (Tamez, 80), Biragi, Lazaro, Vlashich (Andjorin, 84), Ngonge (Abuxlyal, 65), Simeone (Adams, 65)
Ogohlantirishlar: Uesli Vinisius, 53. Anxelinio, 77 – Aslani, 32. Ismayli, 35. Abuhilol, 81
«Roma» Jan Piyero Gasperini boshchiligidagi dastlabki ikki o‘yinda maydonni golsiz tark etmagan va 100 foizlik natija ko‘rsatgandi. «Torino» esa aksincha, Rimga tashrif buyurishidan oldingi ikki o‘yinni golsiz o‘tkazgan va faqat bir ochko bilan kifoyalangandi. Shunga qaramay, mehmonlar «bo‘rilar»ga ko‘plab muammolar tug‘dirdi. Klassik markaziy hujumchisiz dastlabki sxema ham, oldingi chiziqqa Fergyuson qo‘yilgan kuchliroq variant ham ish bermadi. Turinliklar esa standart vaziyatda Jovanni Simeonening goli bilan hisobni ochishdi. Keyin mehmonlar himoyalandi va «Roma»ni qarshi hujumlarda jazolashga harakat qildi va bir necha bor hisobdagi farqni oshirishga yaqin kelishdi. Rimliklar esa o‘yinning so‘nggi daqiqalarini shturmda o‘tkazishdi, ammo darvozabon Israel «Torino»ning birinchi g‘alabasini saqlab qoldi.
«Milan» – «Bolonya» 1:0
Gol: Modrich, 61
«Milan»: Menyan (Terrachchano, 55), Gabbia, Pavlovich (de Vinter, 46), Tomori, Rabio, Modrich, Fofana (Richchi, 65), Estupinyan, Salemakers, Loftus-Chik (Pulishich, 65), Ximenes (Nkunku, 85)
«Bolonya»: Skorupski, Xeggem, Lukumi, Likoyannis (Miranda, 62), Zortea, Froyler, Fergyuson, Fabbian (Bernardeski, 63), Kambiyagi (Rou, 74), Orsolini (Odgor, 74), Kastro (Dallinga, 83)
Ogohlantirishlar: Estupinyan, 10. Tomori, 18. Salemakers, 45 – Miranda, 73. Skorupski, 86
Tarkibni o‘zgartirib, Massimiliano Allegri talablariga moslashayotgan «Milan» hozircha barqaror emas. Kubokdagi g‘alabadan so‘ng dastlabki turda «Kremoneze»dan sensatsion mag‘lubiyat qayd etildi. Lechchedagi muvaffaqiyatdan so‘ng, xalqaro tanaffus oldidan «Bolonya»ga qarshi o‘yin ham oson kechmadi. Shu bilan birga, ish bevosita o‘yin qiyinchiliklari bilan cheklanib qolmadi va ikkinchi bo‘lim boshida jarohat olgan darvozabon Menyanni almashtirishga to‘g‘ri keldi.
Bunday vaziyatda kim birinchi o‘ringa chiqishi kerak? Tabiiyki, eng tajribali va aqlli o‘yinchi. Ya’ni Modrich. Luka hujumni boshlab berdi va Salemakersning jarima maydoni ichiga oshirgan uzatmasiga yetib bordi va jamoasi g‘alabasini ta’minladi.
Sport
Holand dunyoning eng qimmat futbolchilari ro‘yxatida Yamalga yetib oldi
Har ikkala futbolchining transfer qiymati 200 mln yevroga baholanmoqda.
«Manchester Siti» klubining norvegiyalik hujumchisi Erling Holand Transfermarkt portali talqiniga ko‘ra dunyoning eng qimmat ikki futbolchisidan biriga aylandi.
Angliya premiyer-ligasi (APL) futbolchilari qiymati yangilanganidan so‘ng, Holand narxiga 20 mln yevro qo‘shildi va uning transfer qiymati 200 mln yevroga yetdi. Hozir «Barselona» va Ispaniya milliy jamoasi forvardi Lamin Yamal ham shunchaga baholanmoqda.
Avvalroq, ushbu marraga «Pari Sen-Jyermen»da o‘ynagan davrida Kilian Mbappe (hozir «Real Madrid» futbolchisi) va «Real Madrid» yarimhimoyachisi, braziliyalik Vinisius Junior yetib olgan edi.
APL eng qimmat 5 futbolchisi quyidagilar:
– Erling Holand (Manchester Siti) – 200 mln yevro;
– Bukayo Saka (Arsenal) – 130 mln yevro;
– Koul Palmer (Chelsi) – 120 mln yevro;
– Deklan Rays (Arsenal) – 120 mln yevro;
– Aleksander Isak (Liverpul) – 120 mln yevro.
Joriy mavsumda Holand 24 o‘yinda 23 ta gol urib, APL to‘purarlar poygasida peshqadamlik qilmoqda va yaqinda APL tarixida 100 ta gol marrasiga eng tezkor yetib olgan futbolchiga aylandi (111 o‘yinda).
25 yoshli futbolchi «Manchester Siti» tarkibida Chempionlar Ligasida g‘olib chiqqan va ikki marta Angliya chempioni bo‘lgan. Uning klub bilan shartnomasi 2034 yilgacha mo‘ljallangan.
Holandning jamoadoshi, o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanov portal tomonidan 35 million yevroga baholangan.
Sport
O‘zbekistonda «Formula-1» poygalari bosqichini o‘tkazish masalasi muhokama qilindi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 dekabr kuni Xalqaro avtomobil federatsiyasining (FIA) Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Bosh assambleyasida ishtirok etish uchun mamlakatimizda bo‘lib turgan ushbu nufuzli tashkilot prezidenti Muhammad bin Sulaym boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuvda delegatsiya tarkibida FIA Senati prezidenti Karmelo Sans de Barros hamda mobillik va turizm bo‘yicha vitse-prezidenti Tim Shirman ham ishtirok etdi.
Avtosportni tartibga soluvchi va yo‘l harakati xavfsizligini targ‘ib qiluvchi ushbu global tashkilot bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Mamlakatimizda avtomobil sportining kartingdan tortib, to «Formula» poygalarigacha bo‘lgan barcha yo‘nalishlarini rivojlantirishda yaqindan hamkorlik qilish muhimligi qayd etildi.
FIA universitetining imkoniyatlaridan foydalangan holda o‘zbekistonlik poygachilar, karting haydovchilari, muhandislar, konstruktor va mexaniklarni tayyorlash, O‘zbekistonda zamonaviy avtosport infratuzilmasini yaratish, piyoda va transport vositalari harakati xavfsizligini ta’minlash dasturlarini amalga oshirishga ko‘maklashish hamda mazkur xalqaro tashkilot shafeligida xalqaro musobaqalar, avvalo, «Formula-1» bosqichlarini o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida davlat rahbari FIA bilan hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekistonda avtosportni xalqaro standartlarga muvofiq ommalashtirishga qo‘shgan katta shaxsiy hissasi uchun FIA rahbariga davlatimizning yuksak mukofoti – «Do‘stlik» ordenini topshirdi.
Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston 2019 yildan buyon federatsiyaning faol a’zosi hisoblanadi. O‘tgan yili Samarqandda FIA 120 yilligiga bag‘ishlangan navbatdan tashqari Bosh assambleyasi bo‘lib o‘tgan edi. Bu yilgi tadbir doirasida 12 dekabr kuni «Humo Arena» majmuasida yuqori martabali xorijiy mehmonlar va chempion poygachilar ishtirokida eng namunali sportchilar va jamoalarni taqdirlash marosimi o‘tkaziladi.
Sport
Prezident O‘zbekistonda «Formula-1» bosqichlarini o‘tkazishni muhokama qildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-dekabr kuni Xalqaro avtomobil federatsiyasining (FIA) Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Bosh assambleyasida ishtirok etish uchun mamlakatimizda bo‘lib turgan ushbu nufuzli tashkilotning prezidenti Muhammad bin Sulaym boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuvda delegatsiya tarkibida FIA Senati prezidenti Karmelo Sans de Barros hamda mobillik va turizm bo‘yicha vitse-prezidenti Tim Shirman ham ishtirok etdilar.
Avtosportni tartibga soluvchi va yo‘l harakati xavfsizligini targ‘ib qiluvchi ushbu global tashkilot bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Muhammad bin Sulaym O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan professional va ommaviy sportni rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, aholi o‘rtasida jismoniy faollikni oshirish hamda barkamol avlodni tarbiyalashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholadi.
Mamlakatimizda avtomobil sportining kartingdan tortib, to “Formula” poygalarigacha bo‘lgan barcha yo‘nalishlarini rivojlantirishda yaqindan hamkorlik qilish muhimligi qayd etildi.
FIA universitetining imkoniyatlaridan foydalangan holda o‘zbekistonlik poygachilar, karting haydovchilari, muhandislar, konstruktor va mexaniklarni tayyorlash, O‘zbekistonda zamonaviy avtosport infratuzilmasini yaratish, piyoda va transport vositalari harakati xavfsizligini ta’minlash dasturlarini amalga oshirishga ko‘maklashish hamda mazkur xalqaro tashkilot shafeligida xalqaro musobaqalar, avvalo, “Formula-1” bosqichlarini o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida mamlakatimiz yetakchisi Xalqaro avtomobil federatsiyasi bilan hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekistonda avtosportni xalqaro standartlarga muvofiq ommalashtirishga qo‘shgan katta shaxsiy hissasi uchun FIA rahbariga davlatimizning yuksak mukofoti – “Do‘stlik” ordenini topshirdi.
Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston 2019-yildan buyon federatsiyaning faol a’zosi hisoblanadi. O‘tgan yili Samarqandda FIAning 120 yilligiga bag‘ishlangan navbatdan tashqari Bosh assambleyasi bo‘lib o‘tgan edi. Bu yilgi tadbir doirasida 12-dekabr kuni “Humo Arena” majmuasida yuqori martabali xorijiy mehmonlar va chempion poygachilar ishtirokida eng namunali sportchilar va jamoalarni taqdirlash marosimi o‘tkaziladi.
Sport
Salohning demarshi. Nega bunday bo‘ldi va buyog‘iga nima bo‘ladi?
Misrlik futbolchining chiqishi «Liverpul»dagi inqiroz yanada jiddiylashtirdi.
«Lids»ga qarshi o‘yinning so‘nggi daqiqalarida g‘alabani qo‘ldan chiqargan «Liverpul»da inqiroz davom etayotgan bo‘lsa-da, o‘yindan keyin ushbu o‘yindagi vaziyatlar, Slotning u yoki bu taktik qarorlari chetga chiqdi – barchasi klubning tirik afsonasi Muhammad Salohning intervyusi soyasida qolib ketdi. Misrlik futbolchi yetti daqiqalik nutqida murabbiy bilan hech qanday munosabat qolmaganidan tortib, klub unga nisbatan nohaqlik qilayotganigacha aytib berdi. Tabiiyki, ayni damda butun ingliz matbuoti shu haqida yozmoqda. Keling avval, mavzuga chuqurroq kirish uchun bir yil orqaga, 2024 yil oxiriga qaytamiz.
Salohning qolishi to‘g‘ri qarormidi?
«Dekabr oyi kelyapti, men esa hali ham klubdan yangi shartnoma olmadim. Ayni damda «Liverpul»da qolishimdan ko‘ra, bu yerdan ketishim ehtimoli kattaroq. Nafaqaga chiqmoqchi emasman, shunchaki bor e’tiborimni ushbu mavsumga qaratganman, maqsadim – Angliya chempioni bo‘lish, Chempionlar ligasini ham yutishga umid qilaman. Hafsalam pir bo‘ldi, ko‘ramiz, keyin nima bo‘larkin». O‘tgan yil noyabrida «Sauthempton»ga qarshi o‘yinda dubl qilib, irodali g‘alabaga (3:2) hissa qo‘shgach, uzoq tanaffusdan so‘ng jurnalistlar qarshisiga chiqqan Muhammad Saloh shu gaplarni aytgandi.
Shundan keyingi o‘yinda Chempionlar Ligasi guruh bosqichida «Real» tiz cho‘ktirildi – 2:0. APL doirasidagi keyingi turda esa «Liverpul» o‘z ta’qibchilaridan biri «Manchester Siti»ni «Enfild»da xuddi shu hisobda mag‘lub etdi. Liverpulda bayram. Kayfiyat zo‘r. Uchrashuvda bir gol va assist qayd etib, eng yaxshi o‘yinchi deb topilgan Saloh esa yana eski mavzuni ochdi: «Bu mening «Enfild»da «Manchester Siti»ga qarshi so‘nggi o‘yinim bo‘lishi mumkin. Shuning uchun to‘liq zavq olishga harakat qildim».
Hozirgi muammolar oldida hech narsa emas, ammo ko‘p bo‘lmadi, atigi bir yil oldin APLda 9 ochkolik farq bilan jadvalni boshqarib turgan, Chempionlar Ligasida esa yo‘qotishsiz borayotgan klubning yagona muammosi – Muhammad Saloh, Virjiyl van Deyk va Trent Aleksandr-Arnoldni jamoada qolishga ko‘ndirish, boshqacha aytganda, kattaroq maosh bilan yangi shartnoma imzolash edi.
Hamma g‘alabani nishonlayotgan paytda o‘z dardi bilan bosim qilish biroz xudbinlik, Jyeymi Karrager yaqinda uning aynan shu xislatini tanqid qilgan.
«Biz muvaffaqiyatsiz o‘yinlardan keyin faqat Virjiyl van Deyk muxlislar qarshisiga chiqishiga o‘rganib qoldik. Lekin qolganlar qani? Saloh qani? Uni faqat muvaffaqiyatli o‘yinidan keyin yangi shartnoma so‘rashini ko‘ramiz», – deb asabiylashgandi «Nottinghem Forest»dan uchralgan mag‘lubiyatdan keyin Jyeymi Karrager.
Tabiiyki, bir yil oldin «Liverpul» juda katta bosim ostida edi va 32 yoshli futbolchiga APLning eng katta maoshini taklif qilishdan boshqa yo‘li qolmagandi. Bu xato emasdi albatta, o‘sha davrda Muhammad Saloh nafaqat Angliyada, balki dunyoning eng yaxshisi bo‘lib turgan, «Liverpul»ning qariyb barcha gollari aynan misrlik hujumchi orqali yuzaga kelayotgandi. Kelajakni o‘ylab qandaydir strategik rejalar qilish, masalan, futbolchining zo‘r davrida u bilan xayrlashib, yangi sahifa ochish varianti butunlay yo‘qqa chiqqan – muxlislar buni hech qachon qabul qila olishmasdi. Tasavvur qiling, Muhammad Saloh talab qilayotgan maoshni yuqori deb hisoblab, u bilan xayrlashish, yozda esa 400 million yevrodan ortiq mablag‘ni yangi transferlar uchun sarflashni tushunish mumkin bo‘larmidi?
Shuning uchun yangi shartnomani qo‘lga kiritgach, Salohning ko‘rsatkichlari tushib ketishida yoki yangi mavsumda yomon formada ekanida klubning aybi yo‘q. Hozirdan turib, vaqtida u bilan xayrlashish kerakligini aytish, yulduzlar bilan vaqtida xayrlashadigan «Real»ni misol qilish mumkin, ammo bir yil oldin «Liverpul»da boshqa yo‘l qolmagandi.
Lidsdagi «bomba»
Muhammad Salohning bu safargi «bombasi» g‘alabadan keyin emas, «Lids Yunayted»ga qarshi o‘yindagi og‘riqli durangdan so‘ng portladi, yozgi transferlar oynasida katta xatolar qilgan klub va oxirgi 10 o‘yinda atigi 2 g‘alabaga erishgan Arne Slotning eng himoyasiz davri tanlandi. Dastlabki turlarda Saloh o‘ynay olmayotgani, murabbiy uni zaxirada qoldirib, Frimpongmi, Kiyezami, kimni bo‘lsa ham tushirish kerakligini aytayotganlar birdaniga Salohning armiyasiga aylandi. Bu tabiiy, chunki Salohsiz ham natijalar zo‘r bo‘lib ketmadi – bir g‘alaba va ikki durang – bu burilish emas. Zero shundoq ham «Slot aut» kampaniyasi ketayotgan paytda so‘nggi natijalarga eng kam darajada bog‘liq bo‘lgan, aslida esa klub afsonasining yonida turish eng mantiqli yo‘ldek ko‘rinadi – «Ana, axir Muhammad Salohning o‘zi ham aytyapti-ku, demak murabbiy eplay olmayapti. Biz haq ekanmiz». Zo‘r pozitsiya.
Muhammad Saloh haqlimidi va hammasi o‘zi nimadan boshlandi?
Avvalo aytish kerakki, «Liverpul»ning joriy mavsumdagi muammolari yetarlicha va Salohning formasi ulardan biri xolos. Aslida hammasi yozgi transfer oynasidan boshlandi. Ha, Virs, Isak kabi futbolchilar keyinroq o‘ynab ketishi mumkin, Slot aytganidek, ular uch oyga emas, bir necha yilga sotib olingan. Ammo shuni hisobga olgan holda tahlil qilganimizda ham klub tomonidan sarflangan pullarda mantiqsizlik borligi, zarurroq pozitsiyalar kuchaytirilmagani oydinlashadi.
Diogu Jotaning vafotidan tashqari, «Liverpul» yozda Darvin Nunez, Luiz Dias, Trent Aleksandr-Arnold, Harvi Elliot kabi futbolchilarni ham yo‘qotdi. Ularning o‘rniga kelgan futbolchilar esa usluban farq qiladi va tabiiyki, jamoaning qaytadan qurilishiga ehtiyoj paydo bo‘ladi. Frimpong Trent emas, Dias beradigan ish hajmini Virs bajara olmasligi mumkin, shuningdek, markaziy himoya chizig‘i, uzoq yillardan beri zarurat bo‘lgan tayanch zonasidagi muammolar hal qilinmadi. Buning o‘rniga bitta pozitsiyada o‘ynaydigan Isak va Ekitike juftligiga 200 million yevrodan ortiqroq pul sarflandi.
Tabiiyki, bu o‘zgarishlar nafaqat «Liverpul» o‘yiniga balki Muhammad Salohning ko‘rsatkichlariga ham, uning maydondagi o‘rniga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Saloh hujumda Darvin, Dias va Jota kabi futbolchilar bilan samarali bog‘lamlar qura olgan, uning o‘ng qanotdagi Trent bilan tandemi esa Salohga xavfli zonalarda to‘pga ega bo‘lish, ko‘proq zarba berib, gollar urishga imkoniyat yaratardi. Yangi tarkibda urg‘u o‘zgardi, Saloh o‘yindan uzilib qolgandek edi, futbolchi uchun qulay tizim yo‘q bo‘lib qoldi.
xPV deb ataladigan ko‘rsatkich bor – jamoaning har bir pasidan so‘ng maydondagi vaziyatning yaxshi va yomon tomonga o‘zgarishini aks etadi. Xuddi shaxmatda har bir yurishdan keyin pozitsiya o‘zgargandek. O‘tgan mavsumda xpV bo‘yicha eng yaxshi juftliklar beshligi jamoada mana shunday bo‘lgan ekan:
Salohdan Saboslaiga
Trentdan Salohga
Salohdan Diasga
Saboslaidan Salohga
Diasdan Salohga
Qarang, har birida Muhammad Saloh ishtirok etyapti, lekin boshqa nuqta ham bor – uning aksar sheriklari ayni paytda jamoada emas. Saboslai esa o‘tgan mavsumdagi rolda o‘ynamayapti, asosan orqadagi bo‘sh nuqtalarni yopish bilan shug‘ullanmoqda.
Saloh o‘z intervyusida eslagan Harri Keyn uzoq vaqt gol urmay yurishi mumkin, ammo u to‘purar bo‘lishi bilan birga, jamoaviy futbolchi ham – ko‘p himoyalanadi, ortda o‘yin tashkil qilishda ishtirok etadi, qaysidir ma’noda Roberto Firminoning vazifalarini ham bajaradi. Gollarsiz Saloh esa ko‘proq muammoga aylanishi bor gap.
O‘tgan mavsumda Saloh eng yaxshi davrini o‘tkazayotgan paytida o‘zi bir sirni ochgandi – u Slotdan himoyaviy vazifalardan ozod qilishni so‘ragani va evaziga juda ko‘p gollar va assistlar berishga va’da berganini aytgandi. Futbolchi o‘z va’dasida turdi – 34 gol va 23 assist amalga oshirdi. Agar jamoa Chempionlar Ligasida uzoqroqqa borganida, Saloh «Oltin to‘p» uchun asosiy da’vogarga aylangan bo‘lardi.
Tabiiyki, har qanday futbolchidan bu darajada samara kelib tursa, murabbiy ba’zi prinsiplardan voz kechadi, aynan shu futbolchining ustunliklarini namoyon qiladigan, kamchiliklarini yopadigan yechimlarga qo‘l uradi. Tarkibdagi boshqa futbolchilar ham bu holatni tushunishi, navbati bilan yulduz uchun ko‘proq qora ishlarni qilishi mumkin, axir Saloh jamoaga gollar bilan javob berayotgandi.
Joriy mavsumda esa Salohning ko‘rsatkichlari pasayib ketdi – 4 gol va 2 assist. Shundan bir gol penaltidan. Albatta, bu butun jamoa uslubini Salohga moslash uchun yetarli emas. Shu yomon mavsumida ham 4+2 yomon emas, jamoada 5-ko‘rsatkich, boshqa jamoalarda shu pozitsiyada o‘ynab yurgan va muammo bo‘lib ko‘rinmayotgan aksariyat vingerlarnikidan yaxshi. Ammo u uchun qilinayotgan qurbonliklar evaziga Saloh nafaqat eng yaxshi to‘purar, balki boshqalardan katta farq bilan oldinda bo‘lishi kerak edi. Xuddi o‘z vaqtida Ronaldu va Messi, Salohning o‘zi, hozirda Erling Holand gollar evaziga ko‘p vazifalardan ozod qilingani kabi.
Jamoa natijalari orqaga keta boshlagach, Salohning himoyaga yordam bermasligi muammosi qalqib chiqa boshladi. Ilgari Saloh bir xatoga ikki gol bilan javob bergan bo‘lsa, endi gol yo‘q, xatolar esa natijaga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qila boshladi.
«Biz Salohning ortga hadeb qaytavermasligini bilardik. Shuning uchun uning qanotiga urg‘u berdik va hal qiluvchi gol o‘sha tomondan urildi», – degandi 2:1 hisobidagi g‘alabadan so‘ng «Chelsi» himoyachisi Kukurelya.
Umuman, «Liverpul» o‘tkazib yuborgan gollarda eng ko‘p assistentlar raqiblarning chap qanot himoyachilari ekan – ya’ni Saloh qo‘riqlashi kerak bo‘lgan futbolchilar. Yana bir misol, dastlabki 12 turda «Liverpul» darvozasiga o‘yindan yaratilgan xG ko‘rsatkichi o‘rtacha 0.73 bo‘lgan ekan. Saloh zaxirada qolgan so‘nggi besh bo‘limda – 0.21. Ya’ni raqiblardan keladigan xavf qariyb 3,5 barobarga kamaygan.
Ba’zilar Gakpo yoki Konate ham yaxshi o‘ynay olmayotgan bo‘lsa-da, nega aynan Muhammad Saloh zaxirada qoldirilayotganini tushunmayotgan bo‘lishi mumkin, sabab shu yerda. Agar to‘p bilan o‘yinga qarasak, ha Gakpo ham ko‘p xato qilyapti, to‘g‘ri, lekin bu vaziyatda, ya’ni to‘p bilan har ikkisi ham yomon ekan, biz endi to‘psiz holatda qaysi biri foydaliroq ekanini o‘lchashimiz kerak. Natijani taxmin qilish oson.
Ya’ni oldingi chiziqda muammolarga uchragan «Liverpul»ning o‘ziga bo‘lgan ishonchi pasaygan, o‘tkazib yuborilgan har bir gol o‘yinga va yakuniy natijaga ta’sir qila boshlagach, Slotning o‘yinni biroz pragmatiklashtirishi, himoyaga e’tibor qaratishi mantiqan to‘g‘ri yechimga o‘xshaydi. Muhammad Salohning so‘nggi uchrashuvlarda zaxirada qolishi kimnidir aybdor qilish uchun yoki siyosiy qaror emas, g‘irt futbolcha, murabbiylik yechimlaridan biri edi.
Slotning bu qarori eng to‘g‘ri qaror emasdir. Balki qaysidir murabbiy Saloh bilan bugungidan zo‘r natijalarga erishishi mumkin edi, qo‘shilaman, shunday murabbiylar bor. Ammo ayni paytda jamoada bosh murabbiy Slot va uning yechimlari birlamchi bo‘ladi.
U holda nega Saloh bu qadar norozi bo‘ldi?
Intervyuning qaysi jihatlariga e’tibor berish kerak?
Kloppning so‘nggi mavsumini eslasangiz kerak. «Vest Hem»ga qarshi o‘yinda zaxiraga olingach, Salohning murabbiy bilan dahanaki jangi kadrlarga tushib qolgan, muhokamalarga sabab bo‘lgandi. O‘sha vaziyatni «men gapirsam hammasi yonib ketadi» deb izohlagan Saloh uchun uch o‘yinda zaxirada o‘tirishga javoban kechagidek intervyu bilan kifoyalanishini ancha bosiqlik deyish ham mumkin. Muhammad Salohni to‘liq tushunish uchun ushbu intervyuning ayrim nuqtalarini ko‘rib chiqish kerak.
E’tibor bering, Saloh «menga pand berishdi», «avtobus ostiga tashlashdi» deganda faqat Arne Slotni emas, klubni ko‘rsatmoqda. «Kimdir meni aybdor qilmoqchi» degani ham mavhum kishilar haqida.
Yuqorida yangi shartnoma haqida eslandi. Ma’lumki, bunday kelishuvlar faqat moliyaviy shartlarni o‘z ichiga olmaydi. Masalan, klub loyihani taqdim etarkan, futbolchining shartnoma muddatidagi roli ham ahamiyatga ega bo‘ladi. Menimcha, katta ehtimol bilan, Muhammad Salohga boshqacha va’da berilgan – yozda yangi katta transferlar amalga oshirilishi, Saloh yangi loyihada ham markaziy figura bo‘lib qolishi, o‘yin uning atrofida qurilishi, klub barcha musobaqalarda g‘oliblik uchun kurashishi va bilvosita futbolchining «Oltin to‘p» uchun kurashdagi imkoniyatlari oshishi haqidagi qandaydir kafolatlar bo‘lgan. Albatta, jiddiy klub hech kimga asosiy tarkibdan joy kafolatlamaydi, ammo agar futbolchi o‘z formasini saqlasa, bunday va’dalarga amal qilinadi, transfer nishonlar ham aynan o‘sha yo‘nalishda olib boriladi.
Aynan shu nuqtada kim haq ekanini aniqlash qiyin. Slot Saloh uchun barchasi muhayyo qilingani, Saloh zaxiraga olinishi formasi bilan bog‘liqligini ma’lum qildi. Saloh esa uning ko‘rsatkichlaridagi pasayish aynan klubdagi transferlar va murabbiyning taktikasi bilan bog‘liq ekanini aytgandi. Har kim o‘z xulosasini chiqarishi mumkin.
Ammo Salohning intervyusidagi bir mulohaza juda noo‘rin va bu futbolchiga qarshi ishlaydi – «men jamoa uchun shuncha yil ko‘p narsa qildim, nega endi asosiy tarkibdagi o‘rnim uchun kurashashim kerak?» deyishi bugungi davrdagi sport qadriyatlarini tan olmaslik hisoblanadi. Siz Salohni har qancha qo‘llashingiz mumkin, ammo bunday fikrlash ham futbolchi imijiga, ham jamoa muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi aniq.
Misrlik hujumchining intervyusi shu qadar serqirraki, juda ko‘p mavzularni qamrab oladi. Misol uchun, Harri Keyn haqidagi fikrlar. Saloh o‘z vaqtida uzoq vaqt gol ura olmagan Keynga matbuot imkon bergani, unga esa boshqacha munosabat bo‘layotganini aytmoqda. Shu o‘rinda yaqinda Jud Bellinghem bilan terma jamoada sodir bo‘lgan voqealar yodga tushadi. Jud o‘zining almashtirishini emotsional qabul qilganda juda ko‘p tanqidlarga uchradi va o‘shanda «Arsenal»ning o‘tmishdagi yulduzi Ian Rayt qiziq fikr aytgandi.
«Ingliz matbuoti shunaqa. Kimdirlar qora tanli superyulduzga tayyor emas» – degandi u bir podkastda, – «ular qora tanlilardan boshqa narsani kutishadi. Ko‘chaga chiqdingmi, jim yurishing kerak. Masalan, Kanteni hamma yaxshi ko‘radi, chunki u kamtar yigit. Lekin qachonki, Pogba yo Bellinghem bo‘lsa, agar qora tanli futbolchi kalondimog‘ ham bo‘lsa, ular buni ko‘tara olishmaydi. Qora tanlilar o‘z fikrini bu shaklda aytishiga ko‘nikishmagan».
Harri Keynning shunaqa holatga tushib qolishini tasavvur qilsak, ko‘pchilik uni yovuzlar bilan kurashayotgan qahramonga aylantirishi mumkinligida u va Saloh xarakteri o‘rtasidagi farq ham rol o‘ynasa-da, o‘sha yerdan turib gapirayotgan va buni tanasida his qiladigan Ian Raytning fikrlarida ham jon bor – baribir ularga Muhammad Saloh yaxshi, odobli va e’tirozsiz holatda yoqadi. Inglizlar rasizmga qarshi kurash yo‘lida har o‘yinda plakat ko‘tarib chiqishi, Kavani yoki Fodenni jazolashlari mumkin, ammo qo‘lda tutib bo‘lmaydigan yashirin rasizm borligini butunlay inkor etib bo‘lmaydi. Saloh muvaffaqiyatsiz bir necha oy uchun keragidan ortiq tanqid va haqoratlarni qabul qilgan bo‘lishi mumkinligini va klub o‘z afsonasini himoyasiz qoldirganini ham e’tiborga olish kerak.
Saloh nimani ko‘zlagan?
Futbolchining intervyusi albatta oldindan tayyorlangan, yetti daqiqalik nutq mazmuni oldindan belgilangan va tayming ham yaxshi tanlangan bo‘lsa-da, avvalgi chiqishlardan farq qiladi. Salohning shartnoma haqidagi chiqishlarida aniq strategiya bor edi – shu orqali klubni harakatga undash, muxlislar yordamida bosim qilish. Ammo kechagi chiqishida motivni topish qiyin. Axir birgina mana shu e’tirozni deb klub Arne Slotdan voz kechmasa kerak, to‘g‘rimi? Bunday o‘ylaydigan darajada ahmoqmasdir futbolchi?
Buning ustiga futbolchi tushib qolgan holat uzoq davom etishi mumkin emasdi. Zaxira o‘rindig‘ida o‘tkazilgan uch o‘yin aslida bir hafta xolos – jamoa uch o‘yinni shu muddatda o‘tkazdi. Kelasi hafta esa Saloh Afrika Millatlar kubogiga jo‘nab ketadi va bir yarim oy jamoa ixtiyorida bo‘lmaydi. Bunday katta muddatda «Liverpul» o‘zini o‘nglay olmasa, «Saloh – muammo» degan tezis ham o‘z ahamiyatini yo‘qotar, hatto Slot iste’foga ketishi mumkin edi. Futbolchi Afrikadan yana afsona sifatida qaytgan bo‘lardi.
Agar «Liverpul» yaxshi o‘ynab ketsa, jamoa atrofidagi negativ kamaygan, Saloh ishtirokisiz o‘yindagi turli muammolarga yechim topilgan bo‘ladi. Bemalol kuchli va bosim kam jamoaga Salohni qayta integratsiya qilish mumkin edi. Hozirda u shoxdan bu shoxga sakrab yechim qidirayotgan Slot Salohning pozitsiyasi haqida chuqurroq o‘ylab ko‘rishi mumkin bo‘lardi. Har holda so‘nggi kuchli «Liverpul» Saloh bilan bo‘lgan, bir necha oy yomon o‘yin uchun osonlikcha voz kechib yuborilmasdi.
Ya’ni har ikki holat ham Muhammad Salohning foydasiga ishlaydigan vaziyatda ko‘priklarni yoqishdan nima naf bor?
Bundan xulosa chiqarish mumkinki, Salohning chiqishi murabbiyni ag‘darish, nimanidir o‘zgartirishga qaratilgan stretegik yurish emas, shunchaki emotsiyalarning portlashi, xolos. Bu nafaqat zaxirada o‘tkazilgan uch o‘yin, balki avgustdan beri yig‘ilib kelgan, «Saloh kerak emas» deb asosiy muammosi sifatida uni ko‘rayotgan muxlislardan tortib, televizorda tanqid qiladigan Jyeymi Karragerlarni o‘z ichiga oladi.
Yaqinda futbolchi o‘z instagram sahifasida «Liverpul» bilan bog‘liq barcha eslatmalarni o‘chirib yuborishi ham qaysidir ma’noda mana shu intervyuning boshqacha shakli edi deyish mumkin. Ya’ni Muhammad Saloh kelganidan beri «Liverpul» afsonasi, klubning barcha yutuqlaridagi asosiy shaxs faoliyatida birinchi marta tanqidiy nishonlar ostida qoldi va klub bunga jim qarab turdi. Bu ham yetmagandek, murabbiy uni zaxiraga o‘tkazib, o‘sha «antisalohchi»larni haqqa chiqarib ham qo‘ydi. U yolg‘iz qoldi. Uni endi yaxshi ko‘rishmaydi. Juda og‘ir holat. Ha, Salohning bu harakatida jamoani o‘ylamaslik, egoizm yotibdi, qo‘shilaman, lekin uning darajasidagi aksariyat futbolchilarda bunday bo‘lishi tabiiy. Uni tushunish, uning dardini anglash mumkin. Shunchaki, bu fikrlarini ommaga olib chiqish orqali u xatoga yo‘l qo‘ydi, ham o‘zini, ham klubni zarba ostida qoldirdi.
Bu bilasizmi, nimaga o‘xshaydi? Bir yigit sevgilisi uchun hamma narsani qiladi, yillab borini beradi. Ammo bir kun kelib qiz boshqasini sevib qolib, u bilan ketsa-chi? Yigitning bu holatini to‘liq tushunamiz, unga achinamiz, bu holatga tushganda har qanday emotsiya mumkin ekanini bilamiz. Ammo u agar borib qizga pichoq ursa, endi bunisi noto‘g‘ri. Hissiyotlar ko‘pincha yaxshi va yomon bo‘lmaydi, u olib boradigan harakatni baholashimiz mumkin. Ya’ni Muhammad Saloh shu intervyuni berib xato qildi deganda, aslo u butunlay nohaq deb bilmasligimiz, emotsiyalarini anglashimiz ham mumkin.
Muhammad Saloh o‘z chiqishi orqali, kimdir bilan kurashmoqda emas, shunchaki, so‘nggi oylardagi hissiyotlarini chiqarib yubordi, qaysidir ma’noda shaxsiy imiji, piari uchun ham harakat qildi. Bu «Liverpul»ning o‘ng qanoti uchun emas, muhabbatni qaytarish uchun bo‘lgan kurash.
Endi nima bo‘ladi?
Eng muhimi, bosh murabbiy va futbolchi o‘rtasidagi har qanday ziddiyat «kim haq, kim nohaq» degan savol ostida ko‘rib chiqilshi to‘g‘ri emas. Klub, jamoa juda ko‘p insonlardan, manfaatlardan tashkil topadi. O‘rtada juda ko‘p shaxsiy manfaatlarning to‘qnashuvi bor – kimdir zaxirada qolishni istamaydi, kimdir o‘zi uchun yaxshiroq pozitsiya xohlaydi, kimdir agentining ko‘rsatmasi bilan harakat qiladi, kimdir jamoa boshqacha o‘ynashi kerak deb hisoblaydi va hokazo. Juda ko‘p va farqli fikrlar.
Va doim murabbiyning yoni olinishi – ular doim haq bo‘lgani uchun emas. Albatta, bu ziddiyatlar ichida futbolchining fikri to‘g‘ri bo‘lgan holatlar ham bor. Muhammad Saloh ham Arne Slotdan ko‘ra haqroq bo‘lishi ham mumkin, buni inkor etib bo‘lmaydi. Lekin bu yerda masala «kim haqligi» emas, muammolarning qay tariqa yechilishida. Toki ishlab turgan ekan, tarkibni murabbiy tanlashi, uning aytgani bo‘lishi, jamoa futbolchisi esa uning qarorlarini ommaviy muhokama qilmasligi kerak. Murabbiyning xatolari ko‘paysa, natija yomonlashsa, u iste’foga chiqadi, keyin yangi murabbiyning aytgani bo‘ladi. Hammasi oddiy.
Klub tomonidan qo‘yilgan dastlabki qadam, futbolchining «Inter»ga qarshi o‘yin uchun ro‘yxatdan chiqarib tashlanishi bo‘ldi. Katta ehtimol bilan, APLning keyingi turida «Brayton»ga qarshi o‘yinda ham bu takrorlanadi. Keyin esa futbolchi Misr bilan Afrika kubogiga jo‘nab ketadi.
VVS manbalari yozishicha, Muhammad Saloh endi «Liverpul»da boshqa o‘ynamaydi. Munosabatlar butunlay buzilgan. Ammo masalan Athletic boshqacharoq yozmoqda – klub rahbariyati muammolarni vaqtincha deb hisoblaydi va Arne Slotga to‘liq ishonadi va shu bilan birga Saloh shartnoma muddati tugaguncha (2027 yil yozi) jamoada qolishini xohlashmoqda. Ammo masala qanday yechiladi, bu hozircha noma’lum.
Aslida yo‘llar juda ko‘p. Esingizda bo‘lsa Lautaro Martines va Konte o‘rtasida o‘yinning o‘zida ziddiyat chiqqanda, keyingi mashg‘ulotda maxsus ring qurib murabbiy va futbolchi o‘rtasida jang tashkil qilishgan. Shu tariqa, hazilomuz tarzda klub ziddiyat barham topganini namoyish qilgan. Salohdan ko‘ra qattiqroq chiqish qilib, Erik ten Hagni yolg‘onchilikda ayblagan Jyeydon Sancho ham hatto, ma’lum vaqt o‘tib uzr so‘rab tarkibga qaytgandi. Yaqinda Xabi Alonso va Vinisius o‘rtasidagi ziddiyatga ham shunday yechim topildi. Muhammad Salohning klubdagi o‘rni va muammoning hajmi yuqoridagi misollardan kattaroq bo‘lsa-da, bir shartni ko‘rish mumkin – har qanday holatda Muhammad Saloh birinchi bo‘lib qadam tashlashi lozim bo‘ladi. Ommaviy uzr so‘raydimi yoki klubning ichida bu ish hal bo‘lib, keyin rasmiy bayonot qilinadimi, har qanday holatda futbolchidan qadam kerak.
Muhammad Salohning ortga chekinishisiz muammo barham topishi, futbolchining tarkibga qaytishi, hech narsa bo‘lmagandek davom etishi mutlaqo imkonsiz. Bu klubning imijiga, jamoa ichidagi munosabatlarga jiddiy zarba bo‘ladi. Hammasi o‘sha intervyuga Salohning keyingi munosabatiga bog‘liq. Aks holda, agar u o‘z pozitsiyasida qat’iy turib olsa, xuddi bir yil oldin bo‘lgani kabi klub qarshisida yana yagona yo‘l qoldiradi.
Qahramon Aslanov
Sport
O‘zbekistonlik tennischi Kamilla Rahimova WTA 125 chempioniga aylandi
O‘zbekiston terma jamoasi vakili Kamilla Rahimova Fransiyaning Anje shahrida yakunlangan WTA 125 Open Angers Arena Loire turnirida chempionlikni qo‘lga kiritdi. Kamilla hal qiluvchi final uchrashuvida germaniyalik Tatyana Korpachni 6–3, 7–6(4) hisobida mag‘lub etdi.
Finalning ilk daqiqalaridanoq Rahimova kortda barqarorlik va tajovuzkor o‘yin namoyish qildi. Birinchi setda u tezda ustunlikni qo‘lga olib, 6–3 hisobida g‘alabaga erishdi. Ikkinchi setda teng kurash kuzatildi, ammo Kamilla asosiy vaziyatlarda sovuqqonlikni saqlab, tay-brekda 7–6(4) hisobida ustun keldi.
Anjedagi g‘alaba Rahimovaning WTA 125 darajasidagi joriy mavsumdagi ilk chempionligi bo‘lib, uning O‘zbekiston bayrog‘i ostida o‘tkazgan muvaffaqiyatli startining muhim bosqichiga aylandi.
-
Sport4 days agoТуркия Суперлигаси. «Башакшеҳир» – «Фенербаҳче». Шомуродов ва Файзуллаев — асосий таркибда
-
Jamiyat2 days agoTo‘qqiz qizli Jasur – to‘rt egiz tug‘ilgan xonadondan reportaj
-
Iqtisodiyot4 days agoXitoylik investorlar Jizzaxdagi volfram konini ishga tushirmoqda
-
Iqtisodiyot4 days agoBMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti bilan hamkorlikda qator loyihalar amalga oshiriladi
-
Jamiyat5 days ago«Samarqand HET» turk kompaniyasi boshqaruviga beriladi
-
Dunyodan5 days agoKorruptsiya da’volari dunyoning birinchi raqamli vaziriga qarshi paydo bo’ldi. “ChatGPT-4O” advokat sifatida yollangan
-
Jamiyat2 days agoToshkentda qidiruvdagi shaxs YPX reydi davomida aniqlandi
-
Sport2 days agoO‘zbekiston fuqaroligini qabul qilgan rossiyalik tennischi WTA 125 turniri g‘olibi bo‘ldi
