Sport

Holand «MYu»ga imkon qoldirmadi, «Barselona» Yamalsiz ham «quturdi». Kun o‘yinlari

Published

on


«Liverpul» so‘nggi daqiqada penaltidan gol urib, peshqadamlikka qaytdi, Manchester derbisida Husanov eng yaxshilardan biri bo‘ldi, Gvardiola uni yana maqtadi, Modrich Italiyadagi ilk golini urdi. Yakshanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.

Angliya: «Siti» qo‘shnilarni tor-mor etdi

«Manchester Siti» – «Manchester Yunayted» 3:0

Gollar: Foden (18), Holand (53, 68)

«Manchester Siti»: Donnarumma, Ruben Diash, Gvardiol, O`Rayli, Husanov, Reynders, Rodri (Gonsales, 76), Foden, Doku (Savio, 77), Bernardu Silva (Ake, 88), Holand (Bobb, 87)

«Manchester Yunayted»: Bayindir, de Liht, Shou, Yoro (Maguayr, 62), Brunu Fernandesh, Ugarte (Kazemiru, 80), Dorgu, Mazraviy (Maynu, 62), Diallo, Mbemo, Sheshko (Zirkze, 80)

Donnarummaning «Manchester Siti»dagi debyuti «Yunayted» bilan derbi o‘yiniga to‘g‘ri keldi. Shu kuni narigi jamoa safida ilk bor boshlang‘ich tarkibda tushgan Sheshko uchun esa bu yomon xabar edi. Italiyalik darvozabon shu kuni uning ikki xavfli zarbasini qaytardi.

Pep Gvardiola shu kuni boshqa pozitsiyalarda ham rokirovka qilgandi. «Brayton» bilan o‘yinda boshlang‘ich tarkibda Husanov, Stounz, Ayt-Nuri va Nunes tushgandi. Bu safar esa bu to‘rtlikdan faqat o‘zbekistonlik himoyachi qoldirildi va u odatdagi kabi markazda emas, Nunes o‘rniga o‘ng qanotda paydo bo‘ldi. Himoya to‘rtligini jarohatidan tuzalib qaytgan Gvardiol, shuningdek Diash va O’Rayli to‘ldirishdi. Jarohat tufayli Marmush va Sherki o‘ynay olishmadi, ularning o‘rniga Doku va Foden boshlang‘ich tarkibga qaytdi.

Aynan Jyeremi va Fil birinchi golni uyushtirishdi. 18-daqiqada belgiyalik vinger tashabbusni o‘z qo‘liga olib, o‘ng qanotdan jarima maydoniga kirdi va Ugarte hamda Shouni ortda qoldirib, ikkinchi urinishda to‘pni markazga uzatdi, bu yerda turgan ingliz futbolchisi esa bosh bilan darvozani ishg‘ol etdi. Bu Foden uchun APLda 25 yanvardan buyon ilk bor gol urishi bo‘ldi.

Bu vaziyatda «Manchester Yunayted» himoyachilari tomoshabinga aylanishdi. Ular bor e’tiborini Dokuga qaratishdi va Foden hamda Holandni ochiq qoldirishdi.

Norvegiyalik to‘purarda ham tezkor gol urish imkoniyati bo‘lgandi, ammo u yaqin burchakni aniq nishonga ololmadi. Doku hujumda faol o‘ynashda davom etib, yana bir hujumda Yoroni ortda qoldirdi va chap qanotdan markazga uzatma berdi — ammo Reyndersning zarbasi oddiy chiqdi va darvozabonga qiyinchilik tug‘dirmadi.

«Yunayted» ham hujumlar tashkillashtirdi va bir necha bor mezbonlar jarima maydoniga kirib bordi. Shunday vaziyatlardan birida Sheshko Mbemoning himoyachilar ortiga tashlagan uzatmasidan keyin to‘pni o‘ziga bo‘ysundirib, zarba berdi, ammo Donnarumma o‘z vaqtida oldinga chiqib, burchakni qisqartirgandi va xavfni bartaraf etdi.

Mehmonlar ikkinchi bo‘limda hujumda faollikni oshirishdi, Foden, Doku va Holand esa himoyalanishga majbur bo‘lishdi, xususan, norvegiyalik hujumchi to‘rt marta to‘pni jarima maydonidan uzoqlashtirdi. Lekin turli qanotlardan uyushtirilgan bir necha hujum samarasiz yakunlangach, «MYu» ortga qaytib, o‘yinni qaytadan qurishga harakat qildi. Shu pallada Pep shogirdlari qarshi hujumga o‘tishdi va 53-daqiqada Dokuning chiziqlar orasidan o‘tkazilgan uzatmasi Holandni yakkama-yakka vaziyatga chiqarib yubordi va oradagi farq ikkitaga oshdi.

Uch daqiqa o‘tib Holand dublni rasmiylashtirishga yaqin edi. De Ligtning qo‘pol xatosi norvegiyalik yana bir bor darvozabon qarshisida paydo bo‘lishiga olib keldi. Erling uni aldab o‘tdi va to‘pni bo‘sh darvoza tomon yumalatib yubordi, ammo to‘p ustunga bordi, uni darvoza to‘riga kiritib yuboradigan futbolchi topilmadi.

Ruben Amorim vaziyatni o‘nglash uchun Maguayr va Maynuni maydonga tashladi, ammo bu yordam bermadi. Aksincha, Harri yo‘q joydan xato qildi va hisob yiriklashishiga sabab bo‘ldi. «Yunayted» futbolchilari himoya chizig‘ini ancha yuqoriga surishdi va deyarli butun tarkib bilan maydonning ikkinchi qismida joylashib olishdi. Himoyadan to‘pni olib chiqishda Holand bosimi ostida Maguayr va Shou bir-birini tushunmadi, to‘pga ega chiqan Silva esa Erlingni bir uzatma bilan oldinga boshladi, hujumchi esa navbatdagi duelda ham ustun keldi. Ko‘p o‘tmay shunga o‘xshash vaziyat Reyndersda yuzaga kelgandi, ammo uning zarbasi xato ketdi.

«Siti»ga uchta gol ham yetarli edi. Shundan keyin mezbonlar tinchlanishdi va hisobga qarab o‘ynay boshlashdi. Qolgan daqiqalarda Mbemo, Dorgu va Kazemiroda yaxshi vaziyatlar yuzaga keldi, ammo ular Donnarummani dog‘da qoldira olishmadi. «Siti» bu g‘alabadan keyin turnir jadvalida yuqoriladi, «Yunayted» 14-o‘rinda.

O‘yindan keyin esa «shaharliklar» ustozi Pep Gvardiola o‘zbekistonlik himoyachi haqida yana maqtovli fikrlarini bildirdi:

«Kelgusi 11 oyda biz har uch kunda o‘ynaymiz. Agar Husanov barcha o‘yinlarni (o‘ng himoyachi sifatida) o‘ynaydi, deb o‘ylasangiz, bunday qilishga hech qanday inson qodir emas. Bizga boshqa variantlar ham kerak. Ammo uning jismoniy tayyorgarligi menga ma’lum: u juda yosh, o‘rganishi kerak, juda tezkor.

Bugun Husa o‘z xududini ishonchli qo‘riqladi. Toza o‘ynab, deyarli to‘p yo‘qotmadi. Ba’zida energiyasi jo‘sh urib noto‘g‘ri qarorlar chiqarishga undaydi. Biroq biz u bilan kelgandan beri bu haqda gaplashamiz, vaqt o‘tib iziga tushib ketadi. Unda ajoyib tezlik, konsentratsiya bor. Bugun juda yaxshi o‘ynadi».

21 yoshli futbolchi yuqori ball olganlardan biri bo‘ldi. U SofaScore tomonidan 7,4 va FlashScore talqini bo‘yicha 7,5 ballga loyiq ko‘rildi. Bu — har ikki jamoa a’zolari o‘rtasida to‘rtinchi ko‘rsatkich.

Husanovdan yuqori ball dublga erishgan Erling Holand (9,4/8,6), 2 ta golli uzatmani amalga oshirgan Jyeremi Doku (8,3/8,5) va hisobni ochgan Fil Fodenga (7,6/7,5) berildi.

«Byornli» – «Liverpul» 0:1

Gol: Saloh, 90+5, pen

«Byornli»: Dubravka, Estev, Ekdal, Loran, Hartman, Uoker, Ugochukvu, Kallen (Florentinu, 62), Entoni (Broyya, 89), Chauna (Mejbri, 62), Foster (Uorrall, 86)

«Liverpul»: Alisson, van Deyk, Konate (Frimpong, 87), Kerkez (Roberson, 38), Soboslai, Makallister (Bredli, 46), Gravenberh, Virs (Ngumoxa, 87), Gakpo, Saloh, Ekitike (Kiyeza, 72)

Ogohlantirishlar: Ugochukvu, 16 – Kerkez, 22. Bredli, 76

Chetlatish: Ugochukvu, 84 (ikkinchi sariq)

«Byornli» maydonida Angliya chempionlari juda akademik o‘yin ko‘rsatishdi. Mehmonlar hududlarga egalik qilishdi, hujumlar uyushtirishdi, ammo bu hujumlarni yakunlashda aniqlik yetishmadi. Arne Slot shu kuni ishonchsiz harakat qilgan Kerkezni birinchi bo‘limning o‘zida almashtirib yubordi. U tanaffusda boshqa futbolchilarni ham jiddiy koyigani aniq, ikkinchi bo‘limda futbolchilar va to‘p ham tezroq harakatlana boshladi, ammo mehmonlarning son-sanoqsiz hujumlari mezbonlar himoya devoridan o‘tolmadi. Darvozabon Dubravka ham eng kuchli o‘yinlaridan birini o‘tkazdi. Ammo baribir so‘nggi daqiqalarda «Byornli» futbolchilarining asablari dosh bermadi. Avvaliga keraksiz vaziyatda fol ishlatgan Ugochukvu ikkinchi sariq kartochkani olib, jamoasini ozchilikda qoldirib ketdi, qo‘shib berilgan beshinchi daqiqada esa Mejbri jarima maydonida to‘pni qo‘li bilan o‘ynab, penaltiga sababchi bo‘ldi. 11 metrlik nuqtadan benuqson zarba yo‘llagan Saloh gollari sonini 188 taga yetkazib, APL tarixidagi eng yaxshi to‘purarlar ro‘yxatida Endi Koulni ortda qoldirgan holda to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarildi. Undan yuqorida faqat Alan Shirer (260), Harri Keyn (213) va Ueyn Runi (208) bor. «Liverpul» esa to‘rt o‘yinda to‘rt g‘alaba bilan turnir jadvali peshqadamligiga qaytdi.

Ispaniya: mitti arenadagi shou

«Barselona» – «Valensiya» 6:0

Gollar: Fermin Lopes (29, 56), Rafinya (53, 66), Levandovski (76, 86)

«Barselona»: X. Garsiya, Kubarsi, E. Garsiya, Martin (Torrens, 74), Kunde, Pedri (Bernal, 81), Kasado, Fermin Lopes, Reshford (Olmo, 68), Bardji (Rafinya, 46), Torres (Levandovski, 68)

«Valensiya»: Agirresabala, Kopete, Diakabi (Korreya, 65), Tarrega, Xose Gayya, Fulke, Gerra (Ugrinich, 57), Santamariya, Diyego Lopes (Rioxa, 57), Gruneveld (Ramazani, 57), Duro (Beltran, 77)

Ogohlantirish: Diakabi, 41

Hans-Diter Flik boshqaruvidagi «Barselona» «Valensiya» bilan qanday o‘ynashni biladi: oldingi ikki o‘yindagi jami hisob — 12:1 bo‘lgandi. Ammo bu safargi o‘yin arafasida kataloniyaliklar tarkib borasida muammolarga uchradi: Balde, Gavi, de Yong va Yamal jarohatda, Rafinya esa mashg‘ulotga kechikkani uchun jazolanib, zaxira o‘rindig‘ida qoldirildi. Qolaversa, Levandovski ham hali formasini tiklab olmagani uchun startda tushmadi. Ammo shunday holatda ham yana bir bor yirik g‘alabaga erishildi.

Odatda uch markaziy himoyachi bilan o‘ynamaydigan Karlos Korberan «Barsa»ga qarshi aynan 5-3-2 ko‘rinishida superhimoyaviy sxema tanladi. Bunday tig‘iz himoyaga qarshi Reshford — Ferran — Runi uchligi tushgandi. Uchinchi futbolchi shu yozda Yamalga o‘rinbosar sifatida «Kopenhagen»dan olib kelingan 19 yoshli Runi Bardji.

Bu tajriba o‘zini oqladi. 22-daqiqagacha kataloniyaliklar sakkiz zarba berishga ulgurgandi. Raqibda esa birorta ham yo‘q. Kunde burchakdan to‘p oshirilishidan keyin xavfli zarba berdi, Torres qulay pozitsiyadan turib to‘pni darvozabon Axirresabalaning ustidan oshirib tashladi, Fermin jarima maydoni ichida to‘pni olib qo‘yib, o‘tkir burchakdan zarba yo‘lladi — bu vaziyatlarda yoki darvozabon qutqardi, yoki aniqlik yetishmadi. «Valensiya» qarshi hujumlarga chiqish haqida o‘ylamadi.

Vaqt o‘tgan sari valensiyaliklar raqibning yuqori tempiga moslashdi va xavfli vaziyatlarni kamaytirdi. Ammo 29-daqiqada baribir mehmonlar mudofaasi yorib o‘tildi. Kubarsi ancha orqadan chiziqlar orasidan o‘tkazib pas berdi, Ferran to‘pga kerakli pallada oyoq qo‘ydi va Fermin chap qanotda yakkama-yakka vaziyatga chiqib bordi va bu safar aniq zarba berdi.

Bu gol amalda valensiyaliklarni sindirdi. O‘yinning birinchi bo‘limi statistikasi: zarbalar bo‘yicha 11:0, to‘pga egalik qilish ko‘rsatkichi 74 foizga 26 foiz.

Tanaffusda murabbiy Rafinyani kechirdi, braziliyalik vinger Bardjining o‘rniga tushdi va 54-daqiqadayoq Reshfordning olis ustun oldiga yetkazgan uzatmasini golga aylantirdi. Uch daqiqa o‘tib Fermin dublni rasmiylashtirdi. 58-daqiqaga kelib hisob 3:0 ko‘rinishini oldi — «Valensiya» uch markaziy himoyachi bilan tushishi yordam bermadi.

66-daqiqada Rafinya ham Ferminning uzatmasidan keyin dublni rasmiylashtirdi. Uning atrofida turgan bir necha himoyachi hech narsa qila olmadi.

Shundan keyin «Valensiya»ni uzil-kesil taslim qilish uchun Olmo va Levandovski maydonga tashlandi. Bu juftlik ham ishonchni oqladi: birinchisi pas berdi, ikkinchisi darvozani ishg‘ol etdi. Polyak hujumchisi keyinroq yakkama-yakka vaziyatdan ham foydalandi va hisobni tennischa ko‘rinishga keltirdi — 6:0! Uning ikkinchi goliga uzatmani og‘ir jarohat tufayli o‘tgan mavsumni o‘tkazib yuborgan va 13 oy ichida ilk bor maydonga tushgan 18 yoshli Bernal berdi. Uch futbolchida dubl! 2025 yildagi uch o‘yinning umumiy natijasi — 18:1!

Lamin Yamalning yo‘qligini sezmagan «Barsa»ni oldinda «Nyukasl» va «Xetafe»ga qarshi o‘yinlar kutmoqda.

Italiya: Gasperinida ilk mag‘lubiyat

«Roma» – «Torino» 0:1

Gol: Simeone, 59

«Roma»: Svilar, Manchini, N`Dika, Ermoso (Zeki Chelik, 79), Kristante (Pizilli, 65), El-Aynaui (Baldansi, 46), Kone, Anxelino (al-Shaaravi, 79), Uesli Vinisius, Soule, Dibala (Fergyuson, 46)

«Torino»: Israel, Maripan, Koko, Ismayli, Kazadei (Ilich, 65), Aslani (Tamez, 80), Biragi, Lazaro, Vlashich (Andjorin, 84), Ngonge (Abuxlyal, 65), Simeone (Adams, 65)

Ogohlantirishlar: Uesli Vinisius, 53. Anxelinio, 77 – Aslani, 32. Ismayli, 35. Abuhilol, 81

«Roma» Jan Piyero Gasperini boshchiligidagi dastlabki ikki o‘yinda maydonni golsiz tark etmagan va 100 foizlik natija ko‘rsatgandi. «Torino» esa aksincha, Rimga tashrif buyurishidan oldingi ikki o‘yinni golsiz o‘tkazgan va faqat bir ochko bilan kifoyalangandi. Shunga qaramay, mehmonlar «bo‘rilar»ga ko‘plab muammolar tug‘dirdi. Klassik markaziy hujumchisiz dastlabki sxema ham, oldingi chiziqqa Fergyuson qo‘yilgan kuchliroq variant ham ish bermadi. Turinliklar esa standart vaziyatda Jovanni Simeonening goli bilan hisobni ochishdi. Keyin mehmonlar himoyalandi va «Roma»ni qarshi hujumlarda jazolashga harakat qildi va bir necha bor hisobdagi farqni oshirishga yaqin kelishdi. Rimliklar esa o‘yinning so‘nggi daqiqalarini shturmda o‘tkazishdi, ammo darvozabon Israel «Torino»ning birinchi g‘alabasini saqlab qoldi.

«Milan» – «Bolonya» 1:0

Gol: Modrich, 61

«Milan»: Menyan (Terrachchano, 55), Gabbia, Pavlovich (de Vinter, 46), Tomori, Rabio, Modrich, Fofana (Richchi, 65), Estupinyan, Salemakers, Loftus-Chik (Pulishich, 65), Ximenes (Nkunku, 85)

«Bolonya»: Skorupski, Xeggem, Lukumi, Likoyannis (Miranda, 62), Zortea, Froyler, Fergyuson, Fabbian (Bernardeski, 63), Kambiyagi (Rou, 74), Orsolini (Odgor, 74), Kastro (Dallinga, 83)

Ogohlantirishlar: Estupinyan, 10. Tomori, 18. Salemakers, 45 – Miranda, 73. Skorupski, 86

Tarkibni o‘zgartirib, Massimiliano Allegri talablariga moslashayotgan «Milan» hozircha barqaror emas. Kubokdagi g‘alabadan so‘ng dastlabki turda «Kremoneze»dan sensatsion mag‘lubiyat qayd etildi. Lechchedagi muvaffaqiyatdan so‘ng, xalqaro tanaffus oldidan «Bolonya»ga qarshi o‘yin ham oson kechmadi. Shu bilan birga, ish bevosita o‘yin qiyinchiliklari bilan cheklanib qolmadi va ikkinchi bo‘lim boshida jarohat olgan darvozabon Menyanni almashtirishga to‘g‘ri keldi.

Bunday vaziyatda kim birinchi o‘ringa chiqishi kerak? Tabiiyki, eng tajribali va aqlli o‘yinchi. Ya’ni Modrich. Luka hujumni boshlab berdi va Salemakersning jarima maydoni ichiga oshirgan uzatmasiga yetib bordi va jamoasi g‘alabasini ta’minladi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version