Iqtisodiyot
Hindiston korxonalari AQSh bosimi tufayli Rossiyadan neft sotib olishni to‘xtatdi
Avvalroq, AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya neftini sotib olgani uchun jazo sifatida Hindiston tovarlariga qo‘shimcha 25 foizlik boj joriy qilgan edi.
Hindistonning davlat neftni qayta ishlash zavodlari Vashington bosimining kuchayishi va qat’iy bojlar joriy etish tahdidlari tufayli Rossiya neftini sotib olishdan bosh tortmoqda, deb yozdi Bloomberg kompaniyalarning xarid rejalari bilan bevosita tanish bo‘lgan shaxslarga tayanib.
Materialda aytilishicha, Indian Oil Corp., Bharat Petroleum Corp. va Hindustan Petroleum Corp. kabi kompaniyalar hukumatdan aniq ko‘rsatma olmaguncha, yaqin davrda neftni spot xarid qilishdan vaqtincha voz kechishni rejalashtirmoqda.
Nashr manbalari bu qaror oktyabr oyida Rossiyaning Urals eksport neft markasini sotib olishga ta’sir etishini ham ma’lum qildi.
Avvalroq, AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya neftini sotib olgani uchun jazo sifatida Hindiston tovarlariga qo‘shimcha 25 foizlik boj joriy qilgan edi. Oq uy rahbari Nyu-Dehlini Rossiya urush mashinasini moliyalashtirishda aybladi.
Qayd etilishicha, bu keskinlik ushbu haftadagi fyucherslarga ta’sir ko‘rsatgan, chunki treyderlar yetkazib berishda uzilishlar bo‘lishi ehtimolini, shuningdek, agar Hindiston neftni qayta ishlash zavodlari kamroq neft sotib olishni boshlasa, Moskvaning muqobil xaridorlarni topishi mumkinligini istisno qilmayapti. 7 avgust holatiga ko‘ra, Brent nefti narxi deyarli o‘zgarmadi va bir barrel uchun taxminan 67 dollarni tashkil etdi.
Nashrning yozishicha, rasmiy Nyu-Dehli neftni qayta ishlash zavodlariga Rossiya neftini sotib olishni to‘xtatish bo‘yicha hech qanday ko‘rsatma bermagan. Bundan tashqari, Hindiston bosh vaziri Narendra Modi hukumati Trampning bojlariga qarshi chiqdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, eng qizg‘in davrda Hindiston kuniga 2 million barreldan ortiq Rossiya neftini import qilgan, Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishidan oldin esa import deyarli nolga teng edi.