Iqtisodiyot
Hindiston dekabr oyiga Rossiya nefti xaridlarini qisqartirdi
Bloomberg agentligining manbalariga tayanib yozishicha, Hindistonning besh yirik neft qayta ishlash kompaniyasi kelasi oy uchun Rossiya neftini sotib olish bo‘yicha buyurtma joylashtirmadi.
Hindiston dekabr oyida yetkazib berish uchun Rossiya nefti xaridlarini qisqartirdi, deb yozadi Bloomberg 11 noyabr kuni. Uning ma’lumoticha, bu «g‘arb sanksiyalari va AQSh bilan savdo muzokaralari xaridlar tuzilmasiga jiddiy ta’sir qilayotganidan dalolat beradi».
Manbalarga tayanib xabar qilinishicha, odatda joriy oyning 10 kuniga qadar amalga oshiriladigan jarayonga zid ravishda, bir yo‘la besh yirik NQZ kelasi oy uchun Rossiya neftini sotib olish bo‘yicha buyurtma bermagan. Qayd etilganidek, bu o‘zgarish AQSh prezidenti Donald Tramp Hindiston import tovarlariga bojlarni 50 foizgacha oshirgani va keyinchalik Kreml tomonidan Ukrainada urush to‘xtatilmagani bois «Lukoyl» hamda «Rosneft»ga nisbatan sanksiyalar joriy etganidan so‘ng ro‘y berdi.
Bloomberg’ning Kpler tahlil kompaniyasi ma’lumotlariga tayanib yozishicha, besh neftni qayta ishlash kompaniyasi — Reliance Industries Ltd., Bharat Petroleum Corp. Ltd., Hindustan Petroleum Corp. Ltd., Mangalore Refinery and Petrochemicals Ltd. va HPCL-Mittal Energy Ltd. «joriy yilda Hindistonning Rossiya nefti importi uchdan ikki qismini ta’minlagan». Shu bilan birga, aynan shu kompaniyalar dekabr oyi uchun Rossiya neftidan voz kechgan-kechmagani ko‘rsatilmagan. Dekabrga «ma’lum miqdorda Rossiya nefti»ni faqat ikki qayta ishlovchi sotib olgani aytilgan: Indian Oil Corp — sanksiyalar ro‘yxatiga kirmagan sotuvchilardan — va qisman «Rosneft»ga tegishli Nayara Energy Ltd.
2 noyabr kuni Reuters agentligi manbalariga tayanib, AQSh, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya Rossiya neft sektorini nishonga olgan sanksiyalar joriy etgandan keyin, Turkiyadagi NQZ Iroq va Qozog‘istondan ko‘proq neft xarid qila boshlaganini yozdi. Suhbatdoshlar agentlikka Turkiyaning ikki yirik NQZsiga ega Tupras kompaniyasi yaqin orada zavodlardan biri uchun Rossiya neftini import qilishni butunlay to‘xtatishi mumkinligini taxmin qilgan.
10 noyabr kuni esa AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens va davlat kotibi Marko Rubio Turkiya tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan bilan uchrashuvda Vashingtonning NATOdagi barcha ittifoqchilarini Rossiya energetika manbalarini xarid qilishni to‘xtatishga yana bir bor chaqirdi. «Qo‘shma Shtatlar, shuningdek, Ukrainada davom etayotgan urushni to‘xtatishga yordam berish maqsadida, prezident Trampning barcha NATO ittifoqchilariga Rossiya energiya manbalarini xarid qilishni to‘xtatish bo‘yicha chaqirig‘ini yana bir bor ta’kidladi», — deyilgan AQSh Davlat departamenti saytida e’lon qilingan press-relizda.
Iqtisodiyot
Ro‘yxatga olish natijasida O‘zbekiston aholisi soni 39 milliondan oshiq ekani ma’lum bo‘ldi
O‘zbekistonda mustaqillik yillarida ilk marta o‘tkazilgan aholini ro‘yxatga olish natijalariga ko‘ra, mamlakat aholisi allaqachon 39 milliondan oshiq ekani ma’lum bo‘ldi.
Ro‘yxatga olishning dastlabki natijalari O‘zbekiston aholisi soni 39 047 321 nafar ekanini ko‘rsatdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi raisi Behzod Hamroyev ma’lum qildi.
Ro‘yxatga olish natijasidagi aholi soni rasmiy statistikadan 810,6 ming nafarga farq qilmoqda.
Aholi soni 1989 yildagi ro‘yxatga olish natijalariga nisbatan 2 barobarga oshgan.
Ro‘yxatga olishda aholining 97,3 foizi qamrab olindi
Qayd etilishicha, aholini ro‘yxatga olishda umumiy aholining 97,3 foizi ro‘yxatga olingan.
Aholining 2,7 foizi esa turli sabablarga ko‘ra ro‘yxatga olish jarayonlarida ishtirok etmagan.
Ta’kidlanishicha, mazkur ko‘rsatkich xalqaro me’yorlar bo‘yicha normal holat hisoblanadi. Ayrim davlatlar tajribasida ro‘yxatga olish jarayonida qamrab olinmagan aholi ulushi 10 foiz va undan yuqori bo‘lgan holatlar ham kuzatilgan.
Eslatib o‘tamiz, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish 2026 yil yanvar-fevral oylarida bo‘lib o‘tgan edi.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonga besh oyda 203 ta davlatdan sayyohlar tashrif buyurdi
2026 yilning yanvar-may oylarida jami 5 351 868 nafar chet el fuqarolari turistik maqsadlarda O‘zbekistonga tashrif buyurgan. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.
Mazkur davrda O‘zbekistonga jami 203 ta davlatdan turistlar tashrifi qayd etilgan.
Shundan:
erkaklar – 2 974 327 nafar;
ayollar – 2 377 541 nafar.
Ularning yosh bo‘yicha taqsimoti quyidagicha:
0-18 yosh – 584 171 nafar;
19-30 yosh – 892 166 nafar;
31-55 yosh – 2 791 843 nafar;
56 yosh va undan kattalar – 1 083 688 nafar.
Iqtisodiyot
Surxondaryo viloyati soliq boshqarmasiga yangi boshliq tayinlandi
Akmal Valiyev Surxondaryo viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Akmal Hamzayevich Valiyev 1975-yilda Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida tug‘ilgan. 1998-yilda Samarqand davlat universitetini tamomlagan, mutaxassisligi — iqtisodiyot va ishlab chiqarishni boshqarish. U soliq xizmatining 2-darajali maslahatchisi maxsus unvoniga ega.
Uzoq yillar Samarqand viloyati soliq organlarida turli mas’ul lavozimlarda mehnat qilgan. Tayinlovga qadar 2024-yildan Samarqand viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritib kelgan, deyiladi xabarda.
Iqtisodiyot
«Volkswagen» 100 ming ish o‘rnini qisqartirishni rejalashtirmoqda
«Volkswagen» Germaniyadagi to‘rtta ishlab chiqarish maydonini yopish va umumiy ish o‘rinlari qisqarishini 100 ming nafargacha yetkazish masalasini muhokama qilmoqda. «Reuters» manbalariga ko‘ra, ushbu rejalar 9-iyul kuni bo‘lib o‘tadigan kuzatuv kengashi yig‘ilishida ko‘rib chiqiladi.
Manbalarning aytishicha, Gannover, Svikkau, Emden zavodlari hamda «Audi»ning Nekkarzulmdagi korxonasi yopilishi mumkin. Bu qaror 45 mingdan ortiq ish o‘rniga xavf tug‘diradi. Agar reja amalga oshsa, 2024-yil oxirida kasaba uyushmalari bilan kelishilgan 50 ming ish o‘rni qisqartirilishiga yana qo‘shimcha qisqartirishlar qo‘shiladi.
Kompaniya bosh direktori Oliver Blyume ushbu takliflarni haftaning boshida yuqori rahbariyatga taqdim etgan. Uning maqsadi boshqaruv jamoasini chuqur islohotlar atrofida birlashtirishdan iborat. Biroq rejalar kasaba uyushmalari va kompaniyaning ikkinchi yirik aksiyadori hisoblangan Quyi Saksoniya hukumati qarshiligiga uchrashi kutilmoqda.
«Manager Magazin» xabariga ko‘ra, kompaniya kelasi besh yillik investitsiya dasturini taxminan 15 foizga qisqartirib, uni 130 milliard yevrodan sal ko‘proq miqdorda belgilashni ham rejalashtirmoqda.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Oliver Blyume va moliya direktori Arno Antlits «Volkswagen»ning asosiy brendi hamda ehtiyot qismlar biznesini alohida tuzilmalarga ajratish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda.
Kompaniya rasmiy vakili maxfiy hujjatlarga izoh berishdan bosh tortdi. Shu bilan birga, u «butun guruh, barcha brendlar va shuba korxonalar chuqur o‘zgarishlardan o‘tishi shart», deya ta’kidladi. «Volkswagen» ishchilar kengashi va «IG Metall» kasaba uyushmasi esa bunday rejalarga qarshi keskin kurashishini ma’lum qildi.
«Volkswagen» so‘nggi yillarda import bojlari, elektromobillarga o‘tish xarajatlari hamda xitoylik ishlab chiqaruvchilarning kuchayib borayotgan raqobati bosimi ostida qolmoqda.
«AlixPartners» ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoyda xorijiy avtomobil ishlab chiqaruvchilarning bozor ulushi 2020-yildagi 57 foizdan 2025-yilda 32 foizgacha qisqargan. «Volkswagen» esa 2024-yilda mamlakatdagi yetakchilikni «BYD»ga boy bergan va 2025-yilda uchinchi o‘ringa tushib qolgan.
Iqtisodiyot
Jahon banki bilan uzoq muddatli Mamlakat dasturi ishlab chiqiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 iyun kuni Jahon banki ta’sischi davlatlarining “Shveytsariya guruhi” yig‘ilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizda bo‘lib turgan bankning Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti Antonella Bassani boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Jahon banki guruhi bilan strategik hamkorlikni O‘zbekistonda olib borilayotgan tarkibiy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha keng miqyosda rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
So‘nggi yillarda ushbu nufuzli xalqaro moliyaviy institut bilan ikki tomonlama aloqalar va konstruktiv sheriklik misli ko‘rilmagan darajaga ko‘tarilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
O‘tgan yil sentabr oyida Nyu-York shahrida Jahon banki prezidenti bilan erishilgan oliy darajadagi kelishuvlar izchil amalga oshirilmoqda.
Qo‘shma loyihalar portfeli 15 milliard dollardan oshdi. Toshkent shahrida Jahon bankining mintaqaviy ofisi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Moliyalashtirishning yangi mexanizmlari samarali joriy etilmoqda.
Joriy yilda bo‘lib o‘tadigan Jahon banki oliy rahbariyatining tashriflari va qo‘shma tadbirlarga puxta tayyorgarlik ko‘rish muhimligi ta’kidlandi.
Ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning eng asosiy yo‘nalishlarini qamrab oluvchi yangi uzoq muddatli Mamlakat dasturini ishlab chiqish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.
Kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlarini amalga oshirish, davlat korxonalarini xususiylashtirish bo‘yicha qo‘shma dasturlarni ilgari surish hamda iqtisodiyot tarmoqlariga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishda Jahon banki guruhining moliyaviy vositalaridan foydalanishni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Suv xo‘jaligi sohasini moliyalashtirish, inson kapitalini rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilashga ko‘maklashish masalalarida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ham ustuvor vazifalardan biri sifatida qayd etildi.
-
Jamiyat5 days ago«Andijon polkasi» tadbiriga ketayotgan o‘quvchilar YTHga uchradi
-
Sport4 days agoYaponiya futbolining buyuk sabog‘i: mag‘lubiyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarish
-
Dunyodan3 days agoQirgʻiziston va Oʻzbekiston chegarani delimitatsiya qilish doirasida hudud almashadilar
-
Dunyodan5 days agoQirg‘izistonda navbatdagi prezidentlik saylovlari qachon o‘tkazilishi ma’lum qilindi.
-
Siyosat4 days agoPrezident Shavkat Mirziyoyev AQSh Savdo vakili Jeymison Grini qabul qildi
-
Iqtisodiyot2 days ago“Xohlagan ekinni ekish mumkin” – Yangi tartib fermerga nima beradi?
-
Sport4 days agoDo‘stlar sharafiga Lamin Yamal deb nomlangan bola – jahon futbol yulduzi haqida
-
Jamiyat5 days agoMehnat inspeksiyasi Adiz Boboyevga ogohlantirish yubordi
