Mahalliy
Haydovchilik guvohnomasini onlayn olishga qiziqmang!
Ijtimoiy tarmoqlarda “avtomaktabga bormasdan, masofadan turib haydovchilik guvohnomasini olib beraman”, mazmunidagi e’lonlar tobora ko‘payib bormoqda. IIV Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bunday takliflar ortida achchiq haqiqat — firibgarlik yotganini ta’kidlab, fuqarolarni ogohlikka chaqirmoqda.
Haydovchilik guvohnomasini olish — bu shunchaki qog‘oz yoki plastik karta emas, balki yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalar majmuidir. Biroq, tezkorlikka intiluvchilar yoki o‘qishni istamagan fuqarolarni nishonga olayotgan firibgarlar “baza orqali hal qilib berish”, “o‘qimasdan imtihondan o‘tkazish” kabi va’dalar bilan odamlarni aldashda davom etmoqda.
Mutaxassislarning qayd etishicha, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, haydovchilik guvohnomasini masofadan turib, ya’ni, avtomaktabga bormasdan yoki amaliy darslarda qatnashmasdan olishning mutlaqo iloji yo‘q.
Firibgarlarning tuzog‘iga tushish nafaqat moddiy yo‘qotishlarga, balki yanada jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Masalan, xizmat haqini oldindan o‘tkazganingizdan so‘ng, firibgarlar aloqani uzishadi va pullarni o‘zlashtirib olishadi.
Pasport ma’lumotlaringiz, telefon raqamingiz va suratlaringiz noqonuniy maqsadlarda yoki boshqa jinoiy sxemalarda ishlatilishi mumkin.
Ishonchsiz havolalar (fishing) orqali ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlaringiz va bank kartalaringiz ustidan nazorat yo‘qolishi hech gap emas.
Haydovchilik guvohnomasini qo‘lga kiritishning qonuniy yo‘li bu akkreditatsiyadan o‘tgan avtomaktablarda ta’lim olish, nazariy bilimlarni o‘zlashtirish va majburiy amaliy haydovchilik darslarida ishtirok etishdir.
Unutmang, amaliy haydovchilik darslari faqat oflayn tartibda o‘tkaziladi. Hech qanday “tanish-bilish” yoki “baza” orqali imtihondan o‘tish tizimi mavjud emas.
Agar siz internetda prava olib berish haqida e’lon ko‘rsangiz yoki shunga o‘xshash takliflarga duch kelsangiz, darhol rasmiy organlarga xabar bering. Firibgarlik qurboni bo‘lmaslik uchun faqat rasmiy davlat manbalariga ishoning.
Agar siz firibgarlarning harakatlariga duch kelgan bo‘lsangiz yoki shubhali takliflarni aniqlagan bo‘lsangiz, darhol IIVning 102 raqamiga yoki tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qiling. Unutmang, ogohligingiz — xavfsizligingiz kalitidir!
Mahalliy
Oliy attestatsiya komissiyasi rahbari ishdan olindi
Oliy attestatsiya komissiyasi raisi Ahmadbek Yusupov lavozimidan ozod etildi.
Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq, Ahmadbek Todjiyevich Yusupov Oliy attestatsiya komissiyasi raisi lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
Yusupov ushbu lavozimda 2015-yil 11-noyabrdan buyon ishlab kelayotgan edi.
Aprel oyi boshida Fanlar akademiyasi prezidenti Shavkat Ayupov OAK faoliyatini tanqid qilgan, komissiya uning fikrlariga raddiya bergandi.
Yaqinda Shavkat Ayupov o‘z takliflarini davlat rahbari huzurida taqdimot qildi. Yig‘ilishda Oliy attestatsiya komissiyasini Oliy ta’lim vazirligidan Fanlar akademiyasi tizimiga o‘tkazish taklifi ham berildi.
Mahalliy
O‘zbekistonda bazaviy va tabaqalashtirilgan kontrakt mablag‘larini to‘lash muddati uzaytirildi
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining tegishli bayoni bilan quyidagi toifadagi fuqarolar uchun to‘lov-kontrakt muddatlari uzaytirildi:
bakalavriat va magistraturada bugungi kunga qadar darslarda qatnashib, yakuniy imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan abituriyentlar (birinchi bosqich);
o‘qishi ko‘chirilgan (ko‘chirib tiklangan) va qayta tiklangan talabalar.
Ular uchun bazaviy va tabaqalashtirilgan to‘lov-kontraktning bir yillik o‘qitish qiymatining 100 foizini to‘lash hamda talabalar safiga qabul qilishni rasmiylashtirishning so‘nggi muddati 2026 yil 10 iyunga qadar (shu kuni ham) uzaytirildi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, ikkinchi va undan yuqori bosqich talabalar kontraktini to‘lash muddati oliy ta’lim tashkilotlari rahbari tomonidan uzaytirilishi mumkin.
Mahalliy
Sizni maktabda aldashgan! So‘nggi qo‘ng‘iroq haqida siz bilmagan haqiqat
Butun dunyo bo‘ylab millionlab o‘quvchilar may oyining so‘nggida o‘ziga xos hissiyotlar domiga tushadi. Bir tarafdan — kelajakka bo‘lgan intilish, ikkinchi tarafdan esa jonajon maktab, o‘qituvchilar va bolalikning beg‘ubor lahzalari bilan vidolashuv og‘rig‘i.
Ammo hech o‘ylab ko‘rganmisiz, har tanaffusda jiringlab bizni voyaga yetkazgan va bugun oxirgi bor chalinayotgan «so‘nggi qo‘ng‘iroq» aslida qaydan paydo bo‘lgan va nima uchun u shunchalik sehrli kuchga ega?
Biz o‘ylagan qo‘ng‘iroq tarixi aslida qadimgi yunon faylasufi Aflotun davriga borib taqaladi. Ilgari idishdan idishga oqayotgan suv bosimi ostida naydan chiqqan tovush o‘quvchilarni darsga chaqirgan. Bu texnikaning ta’limga kirib kelishidagi ilk qadami edi.
Biroq, tizimlashtirilgan darslar va ularning boshlanish-yakunlanish tartibini XVII asrda chex pedagogi Yan Amos Komenskiy o‘rnatgan. Aynan u ta’lim jarayonini ritmga solgan inson sifatida tarixda qoldi.
1948-yilda Rossiyaning Krasnodar o‘lkasidagi 182-maktab direktori Fyodor Bryuxovetskiy tarixda birinchi marta «so‘nggi qo‘ng‘iroq»ni alohida bayram sifatida nishonlashni taklif qildi. Bryuxovetskiy nafaqat so‘nggi qo‘ng‘iroq, balki biz bugun odatiy hol deb biladigan:
«Bilimlar kuni» (1-sentyabr);
«Alifbo bayrami»;
Maktabdagi navbatchilik tizimi kabi an’analarning ham asoschichidir.
Uning maqsadi oddiy edi: maktabni shunchaki «ta’lim oladigan joy» emas, balki har bir bola o‘z o‘rnini topadigan, xotiralar shakllanadigan katta oilaga aylantirish.
Dunyo bo‘ylab bu kun turlicha nishonlanadi:
Germaniyada bitiruvchilar imtihonlaridan so‘ng o‘ziga xos «oxirgi hafta» tashkil qilishadi. Bu yerda so‘nggi qo‘ng‘iroqdan ko‘ra, o‘quvchilarning o‘qituvchilar ustidan hazil-mutoyibasi va «parad»lari mashhur.
Yaponiyada «So‘nggi qo‘ng‘iroq» — bu g‘amginlik va hurmat ramzi. O‘quvchilar formalaridan bitta tugmachani (ko‘pincha yurakka yaqin joydagi) sevgan yoki qadrlagan insoniga sovg‘a qilish an’anasi bor.
O‘zbekistonda esa bu kun milliy urf-odatlar, «Xayr, maktabim» deya aytilgan qo‘shiqlar va bitiruvchilarning ko‘zidagi yosh bilan qorishib ketgan katta tantanaga aylandi.
Psixologlarning fikricha, «so‘nggi qo‘ng‘iroq» — bu inson hayotidagi birinchi katta «marra chizig‘i». Bu yoshlikning tugab, mas’uliyatli katta hayot boshlanishini anglatuvchi psixologik signaldir.
Mazkur qo‘ng‘iroq faqat maktabni emas, balki insonning o‘tmishdagi «men»ini ham ortda qoldirib, kelajakdagi mustaqil shaxsga yo‘l ochadi. Shu bois ham, yillar o‘tsa-da, o‘sha qo‘ng‘iroq sadosi qulog‘imizda yangraganda, ichimizda nimadir titraydi.
Maktab qo‘ng‘irog‘i — bu shunchaki signal emas, u avlodlarni birlashtiruvchi, insonni ulg‘aytiruvchi va xotiralarimizni muhrlovchi tarix sadosidir. Siz o‘z maktabingizdagi «so‘nggi qo‘ng‘iroq»ni qanday eslaysiz?
Mahalliy
Ertaga ishga xizmat mashinasida bora ko‘rmang!
Ertaga, 25-may kuni davlat tashkilotlari va idoralari xodimlari uchun navbatdagi «Avtomobilsiz kun» aksiyasi o‘tkaziladi. Ushbu kunda xizmat avtotransport vositalaridan foydalanish qat’iyan taqiqlanadi.
Mazkur cheklov 2026-yil 25-martda qabul qilingan «Atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” umumilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 46-sonli farmon talablariga asoslanadi. Hujjatga muvofiq, har oyning 10 va 25-sanalarida mamlakatimizda «Avtomobilsiz kun» va «Avtomobilsiz hafta» aksiyalarini tashkil etish belgilangan.
Farmon talablariga rioya qilmagan va belgilangan kunlarda xizmat avtotransportidan foydalangan davlat xizmatchilariga nisbatan intizomiy choralar ko‘rilishi mumkin.
Agar aksiya sanasi ish kuniga to‘g‘ri keladigan bo‘lsa, xizmatda bo‘lgan haydovchilarning ish haqi to‘liq saqlab qolinadi.
Aksiyaning asosiy maqsadi — shaharlarda atmosfera havosi sifatini yaxshilash, tirbandliklarni kamaytirish hamda aholi o‘rtasida ekologik madaniyatni shakllantirishdan iborat.
Mas’ul idoralar xodimlaridan ushbu talablarga amal qilishlari hamda belgilangan kunlarda ish joyiga yetib olish uchun alternativ transport vositalaridan foydalanishlari so‘raladi.
Mahalliy
Maktabni o‘zgartirish xizmati vaqtincha to‘xtatiladi
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 1-iyundagi 295-son qarori bilan tasdiqlangan Ma’muriy reglament asosida amalga oshirilayotgan o‘quvchilarni bir maktabdan boshqasiga ko‘chirish bo‘yicha davlat xizmati vaqtincha to‘xtatiladi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur xizmat 2026-yil 26-maydan 31-iyulga qadar ishlamaydi. Bu davrda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini yangi o‘quv yiliga tayyorlash va o‘quvchilarni sinfdan sinfga o‘tkazish jarayonlari amalga oshiriladi.
Shu munosabat bilan «erp.maktab.uz» elektron platformasi orqali maktab almashtirish bo‘yicha arizalar qabul qilinmaydi.
Ma’lum qilishicha, ushbu muddat ichida elektron platformada yangi o‘quv yili uchun texnik va tashkiliy ishlar olib boriladi.
Ma’lumotga ko‘ra, o‘quvchilarni bir maktabdan boshqasiga ko‘chirish bo‘yicha davlat xizmati 2026-yil 1-avgustdan qayta ishga tushiriladi.
-
Mahalliy5 days ago
Yoshlar umrini sotgan jinoyatchilar qo‘lga olindi
-
Mahalliy3 days agoSizni maktabda aldashgan! So‘nggi qo‘ng‘iroq haqida siz bilmagan haqiqat
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekistonda har 100 ta uyga nechta kompyuter to‘g‘ri kelishi ma’lum bo‘ldi
-
Mahalliy4 days ago
Prezident davlat boshqaruvidagi eng yaxshi kadrlarni e’tirof etdi
-
Dunyodan4 days agoPrezident Trampning Gʻazo boʻyicha 15 banddan iborat rejasi eʼlon qilindi
-
Dunyodan3 days agoFarzandingizga to’g’ri javobni aytmang…
-
Mahalliy3 days agoErtaga ishga xizmat mashinasida bora ko‘rmang!
-
Jamiyat3 days agoToshkentda Tesla’ni yuqori tezlikda boshqargan haydovchiga chora ko‘rildi
