Jamiyat
Har bir viloyatda 2 tadan “Innovatsion tomorqa maktablari” ishga tushiriladi
Surxondaryo viloyatini kompleks rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilishda tomorqadan samarali foydalanish tajribasini respublika miqyosida kengaytirish bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilindi. Endi har bir viloyatda kamida 2 tadan “Innovatsion tomorqa maktablari” tashkil etiladi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Ma’lum qilinishicha, Surxondaryodagi 49 ming gektar tomorqaning 35 ming gektarida 3–4 marta hosil olinayotgani qayd etildi. Bunday ko‘rsatkich respublikada boshqa hududlarda kuzatilmayotgani ta’kidlandi.
Termiz tumanidagi “Tomorqa maktabi”da tomorqaga ilm-fan asosida yondashib, bir yilda 5 martagacha ekin ekish usullari o‘rgatilayotgani aytildi. Ushbu tajribani butun viloyatga va boshqa hududlarga tatbiq etish orqali mahsulot hajmini, eksportni va dehqonlar daromadini oshirish mumkinligi qayd etildi.
Shu munosabat bilan Angor, Uzun va Denov tumanlarida ham “Tomorqa maktablari”ni tashkil etish, ular orqali yiliga 10 ming nafar aholini o‘qitish topshirildi. Termiz tumani tajribasi asosida esa har bir viloyatda kamida 2 tadan “Innovatsion tomorqa maktablari”ni ishga tushirish belgilandi.
Bundan tashqari, Denov, Oltinsoy, Sariosiyo va Uzun tumanlarida 5 ming gektarda limonchilik plantatsiyalari tashkil etiladi. Oltinsoy tumanida 6 ming gektarda eksportbop uzum yetishtirish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqiladi.
Yig‘ilishda Uzun tumanida Yaponiya tajribasi asosida tayyorlanayotgan quritilgan xurmo va anjir mahsulotlarining milliy brendini targ‘ib qilish muhimligi ham alohida ta’kidlandi.
Jamiyat
Mehnat inspeksiyasi barcha hokimliklarga ko‘rsatma yubordi
Ko‘rsatmada anomal issiqda ochiq havoda mehnat qilayotgan obodonlashtirish xodimlarining hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish bo‘yicha talablar belgilangan.
Anomal issiq ob-havo sharoitida ochiq havoda mehnat qilayotgan obodonlashtirish xodimlarining hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish maqsadida barcha hokimliklarga tegishli ko‘rsatma yuborildi, deb xabar berdi Davlat mehnat inspeksiyasi.
Xabarda aytilishicha, ko‘rsatmada soat 10:00–17:00 oralig‘ida yuqori harorat ta’sirida xodimlar hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan ishlarni vaqtincha to‘xtatish hamda moslashuvchan ish rejimini belgilash, xodimlarni yetarli miqdorda sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash kabi talablar belgilangan.
Bundan tashqari, quyosh nurlari va yuqori harorat ta’siridan himoyalangan dam olish joylarini tashkil etish, majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan yoki tibbiy xulosaga ko‘ra ishga yaroqsiz deb topilgan shaxslarni ishga qo‘ymaslik, shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlash va mehnat hamda dam olish rejimini qayta ko‘rib chiqish lozimligi aytilgan.
“Ko‘rsatma talablarining bajarilishi Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan nazorat qilinadi”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, mehnatni muhofaza qilish talablarini buzgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
Jamiyat
Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holati fosh etildi
Kogon shahrida fuqaroning ishonchiga kirib, uni 8 000 dollar evaziga Koreya davlatiga ishga yuborishini aytib, kelishilgan puldan 1 000 dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan shaxs ushlandi.
Foto: EPA / YONHAP / TASS
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Kogon shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holati aniqlandi.
Ma’lum qilinishicha, fuqaro Z.I. fuqaro Sh.I.ning ishonchiga kirib, uni 8 000 AQSh dollari evaziga go‘yoki yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali Koreya davlatiga ishga yuborishini aytib, kelishilgan puldan 1 000 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.
Tergovga qadar tekshiruv jarayonida ushbu pullar hisobidan 200 AQSh dollarining qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirildi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq Toshkent viloyatida Koreyaga ishga jo‘natishni va’da qilib, ikki nafar fuqarodan 15 ming AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan olgan shaxsning noqonuniy harakatlari fosh etilgani xabar qilingandi.
Jamiyat
Axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt yo‘nalishlari uchun davlat grantlari ko‘paytirildi
Ma’lum qilinishicha, mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari 35 foizga oshirilib, jami 2 930 ta davlat granti ajratilgan.
2026/2027-o‘quv yili uchun axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt sohasiga oid ta’lim yo‘nalishlari hamda mutaxassisliklari bo‘yicha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari 35 foizga oshirildi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining ma’lum qilishicha, mazkur yo‘nalishlar uchun jami 2 930 ta davlat granti ajratildi.
Qayd etilishicha, bunda bakalavriat uchun 2 309 ta, magistratura uchun 621 ta davlat granti ajratilgan.
Jamiyat
Samarqandda daryoda cho‘kayotgan fuqaro qutqarib qolindi
Ma’lum bo‘lishicha, cho‘milish vaqtida birdan uning sog‘lig‘i yomonlashib, mustaqil ravishda harakat qila olmay qolgan va sheriklari darhol FVBga xabar berishgan.
17 iyul kuni soat 17:53 da Samarqand viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga Samarqand tumanidagi Qoradaryo daryosida fuqaro cho‘kayotgani haqida xabar kelib tushgan.
Ma’lum bo‘lishicha, cho‘milish vaqtida birdan uning sog‘lig‘i yomonlashib, mustaqil ravishda harakat qila olmay qolgan va sheriklari darhol FVBga xabar berishgan.
Qutqaruvchilar voqea joyiga tezkorlik bilan yetib borib, fuqaroni maxsus narvon yordamida daryo qirg‘og‘idan xavfsiz hududga olib chiqishgan hamda u tibbiyot xodimlariga topshirilgan.
Xabarda aytilishicha, hozirda fuqaroning ahvoli yaxshi.
Jamiyat
Bir necha viloyatda sotilayotgan un mahsulotlari talabga javob bermasligi aniqlandi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan nazorat xaridlarida bir qator un mahsulotlarining sifati amaldagi sanitariya-gigiyenik hamda xavfsizlik talablariga javob bermasligi aniqlandi.
Xususan, Samarqand viloyatida o‘tkazilgan laboratoriya tekshiruviga ko‘ra, Qozog‘istonda ishlab chiqarilgan “555 MUKA” un mahsuloti sanitariya talablariga javob bermasligi va iste’molga yaroqsiz ekani ma’lum bo‘ldi.
Buxoro viloyatida laboratoriyaga topshirilgan “Sulaymon Nafosat Fayz” MChJ tomonidan ishlab chiqarilgan “Sulaymon Fayz” birinchi navli bug‘doy uni sanitariya-gigiyenik me’yorlarga mos emasligi aniqlandi. Un mahsuloti sotuvidan tushgan 5,7 mln so‘m mablag‘ni iste’molchilarga qaytarish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Jizzax viloyatida nazorat xaridi uchun “Javhar Flour Trade” MChJ tomonidan ishlab chiqarilgan “Ardus” un mahsuloti namunalari laboratoriyaga topshirilganda unda temir va rux miqdori belgilangan me’yorlarga javob bermasligi ma’lum bo‘ldi.
Farg‘ona viloyatida “Troyka” nomli bug‘doy uni namunasi laboratoriya tekshiruvlarida me’yoriy talablarga nomuvofiq deb topildi.
Sifatsiz mahsulotlarni muomalaga chiqarish orqali qonunbuzilishga yo‘l qo‘ygan shaxslarga, shuningdek saqlash tartiblariga rioya etmagan sotuvchilarga nisbatan tegishli ta’sir choralari belgilanib, mahsulotlarni savdodan olib tashlash bo‘yicha tadbirkorlarga majburiy ko‘rsatmalar berildi.
-
Dunyodan5 days agoMahmud Ahmadinejod atrofidagi sirli o’yin: “Mossad bilan hamkorlik”
-
Iqtisodiyot4 days agoMarkaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etildi
-
Dunyodan4 days ago
Prezident Tramp uning o‘ldirilishi masalasiga oydinlik kiritmoqda
-
Sport4 days agoAngliya va Argentina nega bir-birini yomon ko‘radi? Ashaddiy dushmanlik tarixi
-
Dunyodan3 days agoMalayziya Isroil fuqarolarini deportatsiya qilmoqda
-
Jamiyat4 days agoChimyonda tog‘ sayri qutqaruv operatsiyasi bilan yakunlandi
-
Sport4 days agoArgentina kambek evaziga Angliyani mag‘lub etib, JCh–2026 finaliga chiqdi
-
Jamiyat4 days agoToshkentda bekatlar yana almashmoqda: odamlar rozimi?
