Jamiyat
Har bir viloyatda 2 tadan “Innovatsion tomorqa maktablari” ishga tushiriladi
Surxondaryo viloyatini kompleks rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilishda tomorqadan samarali foydalanish tajribasini respublika miqyosida kengaytirish bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilindi. Endi har bir viloyatda kamida 2 tadan “Innovatsion tomorqa maktablari” tashkil etiladi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Ma’lum qilinishicha, Surxondaryodagi 49 ming gektar tomorqaning 35 ming gektarida 3–4 marta hosil olinayotgani qayd etildi. Bunday ko‘rsatkich respublikada boshqa hududlarda kuzatilmayotgani ta’kidlandi.
Termiz tumanidagi “Tomorqa maktabi”da tomorqaga ilm-fan asosida yondashib, bir yilda 5 martagacha ekin ekish usullari o‘rgatilayotgani aytildi. Ushbu tajribani butun viloyatga va boshqa hududlarga tatbiq etish orqali mahsulot hajmini, eksportni va dehqonlar daromadini oshirish mumkinligi qayd etildi.
Shu munosabat bilan Angor, Uzun va Denov tumanlarida ham “Tomorqa maktablari”ni tashkil etish, ular orqali yiliga 10 ming nafar aholini o‘qitish topshirildi. Termiz tumani tajribasi asosida esa har bir viloyatda kamida 2 tadan “Innovatsion tomorqa maktablari”ni ishga tushirish belgilandi.
Bundan tashqari, Denov, Oltinsoy, Sariosiyo va Uzun tumanlarida 5 ming gektarda limonchilik plantatsiyalari tashkil etiladi. Oltinsoy tumanida 6 ming gektarda eksportbop uzum yetishtirish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqiladi.
Yig‘ilishda Uzun tumanida Yaponiya tajribasi asosida tayyorlanayotgan quritilgan xurmo va anjir mahsulotlarining milliy brendini targ‘ib qilish muhimligi ham alohida ta’kidlandi.